OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifFranchesko Petrarka
Asar nomiAvlodlarga maktub
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Italiyan adabiyoti
Boʻlimlar
   - Gumanizm
Mualliflar
   - Franchesko Petrarka
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maktublar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonMahkam Andijoniy (Rus tilidan)
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/25
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2012, 7-son


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Avlodlarga maktub
Franchesko Petrarka

Mabodo mening arzimas, faqirul-haqir nomam zamonlar va makonlararo kelgusi avlodlarga yetib borsa, mabodo ey, kelajakdagi oʻquvchim, mening kimligim va nimalarni yozganim seni sal-pal qiziqtirib qolsa (aslida oʻsha zamonlarga ismim va ijodim yetib borishiga unchalik umid boʻlmasa-da), men haqimda chala-chulpa qandaydir zaif xabarlar va mish-mishlar quloqqa chalinsa, odamlar mening haqimda yo haddan ziyod maqtovlar aytsa, yo haddan ziyod yerga urib gapirsa, bu soʻzlarga shubha bilan qarasangiz, sizlarga oydinroq boʻlsin deb, shul maktubni yozmoqdaman. Rostini aytsam, men ham sizlarga oʻxshagan oddiy bir odam edim, nasl-nasabim baland ham, juda past ham emasdi. Rim qaysari Avgust aytganiday, urugʻ-avlodim ancha qadimiy edi. Tabiatimda rostgoʻylik ham, kamtarinlik ham yoʻq emasdi, faqat ayrim yomon odatlarim bu fazilatlarimga putur yetkazardi.

Yoshligim[1] — gʻoʻrligim meni aldadi, yigitligimda oʻzimga bino qoʻyib yanglishdim. Qarilik avvalgi hayotimdagi adashuvlarni tushu- nishimga yordam berdi. Barcha yoshdagilar va barcha zamonlar ahlining koʻnglidagini bilgich Tangrim menga anglatdiki, yoshligimizda biz bandalar kibru havoga berilib, yoʻldan adashgan ekanmiz, qarilikda kech boʻlsa ham, gunohlarimizga tavba qilib, oʻzimizni anglashimizga imkoniyat berilar ekan. Kamina yoshligimda baquvvat boʻlmasam-da, ammo xiyol chaqqon, sergʻayrat edim, chiroyda ham kam emasdim, olov yigitligimda (qizlarga) yoqar edim, ikki yanogʻim oq-qizilu koʻzim oʻynoqi, birovga uzoq qarab qoluvchi edi, ammo yoshim oltmishdan oʻtganida nigohim biroz xiralashib, koʻzoynakka muhtojlik sezildi. Hamisha durkun boʻlgan jismim qarilikda zaiflashdi, qarilik lashkari — turli kasalliklar badanim qal’asiga hujum boshladilar.

Kamina umrimda boylik, mol-dunyoga hirs qoʻymadim, uni yomon koʻrganim uchun emas, balki mol-dunyo topish uchun oʻzimni oʻtga-choʻqqa urgim kelmasdi. Katta bazm, ziyofatlar qilish uchun boylik topishga ham qiziqmasdim. Dasturxonim el qatori, kamtarona edi. Mehmondorchiliklarga (aslida mast-alastlar bazmiga) hushim yoʻq edi. Shuning uchun turli bazmlarga bormasdim, mehmon kutib olishga vaqtim ham yoʻq edi. Ammo doʻstlar davrasida oʻtirish, begʻubor shoʻxliklar menga ham yoqardi, ulfatlarim yoʻqlab kelsa, sevinib kutib olardim. Taomni iloji boricha, koʻpchilik bilan baham koʻrardim. Dabdaba, hashamatni xushlamas va ortiqcha dahmaza deb oʻylab, yomon koʻrardim. Turli koʻngilxushliklardan oʻzimni tiyardim, ularni tinchlik, xotirjamlikning dushmani deb bilardim.

Ilk yoshligimda Xudoi taolo menga pokiza va munosib bir goʻzal ishqini ato etdi. Bu sevgi iztiroblari uzoq davom etishi mumkin edi, ammo Tangri u goʻzalni yoshligida, niholligida rahmatiga olib, bu oʻlim meni sevgi olovida yonishlardan xalos etdi. Rosti, men u qizga ehtirosli vujudim bilan ham intilardim, ammo koʻnglimning bir chekkasida bu hirs, ehtirosni la’natlar edim. Avji kuch-gʻayratga toʻlgan qirchillama yoshlarimda ham men manfurt u ban vujudiy ehtiroslarimni jilovlab ola bilgan edim. Endi boshqa mavzuga oʻtaman. Men koʻproq boshqalarni qadrlar, oʻzimni hammadan past tutar edim. Jahl-gʻazabimni ham boshqalarga emas, oʻzimga sochardim. Tabiatan jizzaki, jahldor boʻlsam-da, tez oʻzimni bosib olardim, gina-kudurat va kek saqlamasdim, yomonlik qilganlarni unutib, yaxshilik qilganlarni yodda tutardim. Olijanob doʻstlikni, doʻstlikka sadoqatni qadrlar edim. Ammo, afsuski, inson qariganida koʻpchilik doʻstlaridan ayrilib, yolgʻiz qolar ekan.

Umrim davomida knyazlar va qirollar kaminaga shunchalar izzat- hurmat koʻrsatdilarki, bu ba’zilarning hasadini keltirdi. Shu sabab- li meni izzat-hurmat qilgan qudratli zotlardan uzoqroq yurishni, hech kimga bogʻlanmay, erkin yashashni xush koʻrar edim. Ozodligimni boʻgʻishi mumkin boʻlgan odamlarga nafratim cheksiz edi. Eng buyuk tojdorlar (qirollar) menga izzat-hurmat koʻrgazishda goʻyo musobaqa qilar edilar, sababini men ham bilmasdim, oʻzlari ham bilmasalar kerak[2]. Faqat shuni bildimki, buyuk qirollarning menga marhamat koʻrsatishlari kaminaga (ijodda) qulay imkoniyatlar tugʻdirdi.

Kamina aqlu zakovatim juda oʻtkir emas, oʻzimga yarasha boʻlib, ezgu va najotkor bilimlarni tez oʻrganishga, ma’naviy-falsafiy bilim- larga, she’riyatga koʻproq qiziqardim. Keyingi vaqtlarda she’riyatdan sal uzoqlashib, falsafiy, diniy, muqaddas, sirli ilmlarga ragʻbatim ortdi. She’riyat endi men uchun hayot bezagi boʻlib qoldi. Qadimgi zamonlar meni koʻproq qiziqtira boshladi. Bu tashvishli zamondan koʻra (ulugʻvorliklarga boy) oʻtmish zamonlarda tugʻilganimda yaxshi boʻlardi, deb oʻylayman. Shu bois tarixchilarning asarlarini oʻqishni yaxshi koʻrardim, zero, oʻtmish zamonlarda ham adovat, dushmanlik (qirgʻin urushlar) meni xafa qilsa-da, har holda bor haqiqatlarga, ularni yozgan mutafakkirlarga ishonar edim.

Yozishda tilim ancha ravon, jonli, fasohatli boʻlib qoldi, imperator Avgust fasohat san’atini oʻrganishga koʻp vaqt va kuch sarfla- ganligi meni ajablantiradi. Va’zlarim tinglovchilarga xush kelar edi. Ammo, oʻrni va tinglovchilarning saviyasiga qarab, nutqimni sal oʻzgartirardim. Fikrimcha, notiqning qanday gapirishi emas, qanday umr kechirishi muhimroqdir. Faqat til fasohati bilan shuhrat qozonish men uchun ahamiyatsiz edi.

Xullas, kamina Florentsiyada yashab, keyin Aretstsoga quvgʻin qilingan, oʻrtahol, deyarli kambagʻal oilada tugʻilib oʻsdim (Shu yerda muallif oʻzining milodiy 1304 yilning 20 iyulida, dushanba kuni tugʻilganligini eslatadi — M.M.).

Qisman taqdir, qisman irodam (fe’l-atvorim) taqozosi bilan shu kunlarga yetib keldim. Tugʻilgan joyim Aretstsoda bir yil ham boʻlmay, oilamiz Florentsiyadan 14 ming qadam (deyarli 14 km.) naridagi, Antsizga koʻchib oʻtdi. Bu yerda otamning mulki bor edi, shu yerda olti yil yashadim. Sakkiz yoshimda onam quvgʻindan qaytib kelgach, Pizoda bir yil yashadik. Shundan soʻng Alp togʻlari ortida, Galliyada, Rona daryosining chap sohilida, Avinon shahrida turdik. Bu yerda Rim ruhoniy rahbari (Rim papasi) masihiylik dinidagi uchlikni uzoq yillar taqiqlab qoʻygan edi. Bundan sal avval papa Urban V Iso Masihning muqaddasligini qayta tikladi, soʻng bu ishidan afsuslandi (Katoliklar Isoni Xudoning oʻgʻli demaydilar – Tarj).

Bolaligim va yoshligimning koʻp yillarini Rona daryosi boʻylarida oʻtkazdim. Albatta, boshqa joylarga ham borib-kelib turardim. Toʻrt yil nariroqdagi Karpantra shaharchasida yashab, oʻqidim. Maktabda grammatika (sarf, nahv), dialektika (jadal) va ritorika ilmlari- ni aqlim yetganicha oʻrgandim. Soʻng toʻrt yil Monpele shahrida qonun va huquq ilmini oʻrgandim, soʻng Bolonyada uch yil fuqarolik huquqi kursini tugatdim. Koʻpchilikning fikricha, men shu sohani davom ettirganimda yosh boʻlsam-da, koʻp narsalarga erishgan boʻlardim [3]. Ammo men bu ilmlarni otam va onamning istagi bilan oʻrgandim. Aslida bu ilmlar jamiyatda adolat oʻrnatishga xizmat qilishi zarur edi, ammo hokimiyat vakillari bu qonunlarni nopoklik bilan tinimsiz buzganlari sababli xalq uchun foydasiz boʻlib qolgan edi. Bu qonunlardan nopok ishlarda foydalanish mening koʻnglimga begona edi, ulardan haq ish uchun foydalanganlarni tinch qoʻyishmas, qonunlarni bilmaslikda ayblar edilar.

Xullas, 22 yoshimda Avinonga qaytib keldim va ijod qilishga kirishdim. Shu yerda she’rlarim bilan tanilib, shon-shuhrat qozona boshladim. Koʻpchilik odamlar men bilan tanishuvga intilar edilar, sababini bilmadim.[4] Ammo yoshlik gʻururi bilan bunday shon-shuhratga oʻzimni munosib deb bilardim. Xususan, Rim kuriyasi (hokimiyati) majlislarini (oqilona nutqlari bilan) bezovchi davlat arboblari Jakomo va Jovanni Kolomna janoblari meni hurmatlab, homiylik qila boshladilar. Hozir bu izzat-hurmatlarni eslab, xijolat boʻlaman. Mashhur va beqiyos Jakomo men bilan sal tanishgach, Pireney togʻlari etagidagi Gaskon mulkiga (dam olishga) taklif etib, oʻzi bilan olib ketdi. Jannatmakon mulk sohibi va yaqinlari mana shu yoz faslida nafis suhbatlari bilan meni shunday erkalatib ardoqladilarki, hamon u kunlarni eslasam, yuragim orziqadi. Shundan soʻng bu safardan qaytib, ul hazratning sevimli birodari (ukasi) Jovanni Kolomnaning chorbogʻida yashadim. Ular meni juda e’zozladilar.[5]

Ammo koʻnglimda Frantsiya va Germaniyaga sayohat qilish ishtiyoqi bor edi. Homiylarimga turli bahona-sabablarni koʻrsatdim, aslida asosiy sabab — jahon kezish (xalq hayotini oʻrganish) edi. Shu sayohatimda avvalo Parijga bordim, odamlarning bu goʻzal shahar haqida aytganlari toʻgʻrimi, xatomi ekanligini bilmoqchi edim.

Parijdan qaytib, bolalikdan buyon koʻrishni orzu qilganim — Rimga bordim. U yerda meni aziz xonadon sohibi (Jakomo va Jovannilarning otasi) Stefano Kolomna meni oʻz farzandiday kutib oldi va behad mehribonliklar koʻrsatdi. Bu zot umrining oxirigacha mendan mehr-oqibatini ayamadi. Mening ham u kishiga mehr va hurmatim cheksizdir.

Rimdan qaytgach, (oilamiz uchun quvgʻin joyi boʻlgan) Avinonda bir kun ham turgim kelmay qoldi. Izlab-izlab, oxiri, Avinondan 12 chaqirim olisda, tevarak-atrofdagi barcha buloqlarning manbai boʻlgan Sorga bulogʻi boʻyida Toʻgʻon deb ataluvchi shiringina bir vodiyni topib, 34 yoshimda sevimli barcha kitoblarim bilan oʻsha yerga koʻchib oʻtdim.

Shu buloq boshida men koʻp yillar yashab, nima ishlar qilganimni yozsam, hikoyam juda choʻzilib ketadi. Xullas, shu soʻlim ma’voda men koʻp yillar yashab, deyarli barcha asarlarimni yozganman, oʻsha vaqtdan boshlab qoʻygan ba’zi ijodiy gʻoyalarimni hozir ham oʻylayman. Goʻzal manzaralarning oʻzi meni «Bukolika» (Choʻpon qoʻshiqlari) turkumidagi she’rlarimni yozishga ilhomlantirdi. Buni va yana ikki kitobni men oʻsha vaqtda Kavalyonda kichik yepiskop boʻlib turgan doʻstim Filippga bagʻishladim. U hozir Sabinada kardinal-episkoplik xizmatida. Mening yoshlikdagi eski doʻstlarimdan shu kishi qoldi.

Bir kuni oʻsha atrofdagi togʻlarni kezib, Afrikali Stsipion (Karfagenlik buyuk lashkarboshi Xannibalni yenggan Rim sarkardasi M.M) haqida qahramonlik ruhida bir poema yozishni oʻylab qoldim. Poemani zavq va ilhom bilan yoza boshladim, ammo mavzu qiyinligidan uni tugatolmadim. Yozilgan qismlarini doʻstlarimga oʻqishga bergan edim, shu sababli «Afrika» deb atalgan bu poema hali yozilib tugamay turib, mashhur boʻlib ketdi. Oʻsha xilvat, ovloq joyda yashayotganimda (poemani oʻqib) sevingan hokimiyat vakillaridan bir kunda ikki joydan, Rim kuriyasidan va Parij universitetidan menga gʻoliblik gulchambarini berish taklifini yuborishibdi. Bu ikkala xushxabardan men yoshlik gʻururi bilan juda sevindim. Axir kazo-kazo muhtaram zotlar meni shu oliy mukofotga munosib koʻrishibdi[6]. U vaqtda oʻzimni bu sharaflarga munosib koʻrardim. Faqat bu ikki taklifdan qay birini tanlashga qiynalib qoldim. Maslahat soʻrab, yuqorida zikr etilgan kardinal Jovanni Kolomnaga maktub yubordim, chunki u men turgan joydan eng yaqin masofada edi, shu qadar yaqinki, kechqurun yozib yuborgan maktubimga ertasiga choshgohda, soat uchlarda javobini oldim. U menga Rimni tanlashni maslahat berdi. Avvalgi maktubim va bu maslahatni qabul qilganim haqida javob maktubim hozirgacha saqlanib qolgan. Yoshligimga borib, bu mukofotga oʻzimni munosib koʻrsam-da, boshqa nozikta’blar nima derkin, deb shu mazmunda maslahat olish uchun avval Neapolga, buyuk qirol va faylasuf Robert huzuriga bordim. Qirol Robert olim, dono va odil podshoh edi, bu haqda, oʻquvchim, sen ham bilsang kerak. Men qanday yaxshi niyat bilan kelganimni bilib, qirol Robert sevinib ketdi. Ehtimol, bu yosh shoirning ishonchini qozongani va shoirning shon-shuhratiga sherik boʻlish (tarixda qolish) shodligi boʻlsa kerak. Xullas, qirol bilan bir necha kun suhbat qurdik. U «Afrika» poemasini oʻqib, boshi osmonga yetgach, bu asarni unga bagʻishlashimni oʻzi iltimos qilib qoldi. Men, albatta, nozikta’b qirol, faylasufning bu iltimosiga yoʻq deyishim mumkin emas edi. Xullas, gulchambarni kimdan qabul qilish masalasini qirol va kamina bir necha kunlarda, ma’lum vaqtlarda qizgʻin muhokama qildik. Qirol Robert uchinchi taklifni — dafna gulchambarini oʻzining Neapol qirolligidan olishni aytdi. Men bunday marhamatga koʻpdan-koʻp minnatdorligimni, ammo Rim shon- shuhrati muhimroq, oliyroq ekanligini tushuntirganimdan soʻng qirol Rim senatiga tavsiyanoma va minnatdorchilik tuygʻulari ifodalangan maktub yozib, menga yoʻlboshlovchi-etakchilar qoʻshib berdi. Qirolning bu shohona bahosiga oʻsha vaqtda oʻzim ham ishonardim. Ammo hozir buni yoshlik gʻururi va gʻoʻrligi deb bilaman.

Xullas, kamina Rimga yoʻl oldim. Minglab rimliklar (senatorlar, olimlar, shoirlar) qatnashgan tantanali buyuk shodiyona marosimida dafna gulchambari boshimga qoʻyildi. Bu voqealar haqida mening xatlarim, nazm va nasrda yozgan asarlarim saqlanib qolgan.

Dafna gulchambari menga hech qanday bilim bermadi, faqat hasadgoʻylarni koʻpaytirdi. Lekin bu haqda ham gapni choʻzib oʻtirmayman, hozir buning oʻrni ham emas. Xullas, shundan soʻng men Parmaga bor- dim, u yerning hukmdorlari, Korredjo xonadoni sinorlari bir-biri bilan chiqisha olmasa-da, barchasi menga oliy darajada izzat-hurmat koʻrsatdilar. Bu zotlar hukmdorlik qilgan yillarda boshqaruv shu qadar adolatli, xalqqa gʻamxoʻrlik shu qadar havas qilarli boʻlganki, bu haqda hozirgacha hamma gapiradi, oʻylashimcha, bizning zamonada endi bu kabi adolatli boshqaruv topilmaydi. Menga oʻsha vaqtda koʻrsatilgan gʻamxoʻrliklarni eslasam, bunga munosib emas edim deb, hozirgacha xijolat chekaman.

Kunlardan birida togʻda (Pireney togʻida) sayr qilib yurganimda, Entsa soyidan kechib oʻtib, Reja vodiysida shu qadar xushmanzara joy- larni koʻrdimki, zavq-shavqqa toʻlib, «Afrika» poemasining davomini yoza boshladim. Avval soʻnib qolgan ilhomim qayta avj oldi, ammo oʻsha kuni va keyingi kunlarda ham oz-ozdan yozib, toʻldira boshladim. Ijodga qiziqib ketib, Parmaga qaytdim va chekkaroq, xilvatroq bir joyda tinchgina bir hovli-joyda (avval ijarada yashab), soʻng uni sotib olib, oʻsha hovlida poemani oxiriga yetkazdim. Asarni juda qisqa vaqtda tugatganimga hozir ham ajablanaman.

Shundan soʻng yana Alp togʻlari ortidagi Sorga bulogʻi boʻyiga qaytdim. Yozganlarim yana shuhrat qozongani sabablimi, har holda oʻsha zamondagi eng buyuk, fozil, odil hukmdorlardan biri kenja Jakomo Karrari (Paduya qiroli) nazariga tushibman. U, kaminaga Alp togʻlari ortiga ham maktublar va odamlarini yuborib, meni mehmonga chaqirib, qayta- qayta iltimos qilaverdi. Men endi jahon podshohlaridan olisroqda, tinch hayot kechirishni istardim, ulardan hech narsani umid ham qilmas edim. Oxiri bu qirolga hurmatsizlik boʻlmasin, ehtimol u ajoyib insondir, deb, Parmaga hamda Veronaga borib, bir necha kun turgach, soʻng Paduyaga yoʻl oldim. Paduya qiroli meni samoviy mehmonni koʻrganday, benihoya izzat-hurmat bilan kutib oldiki, buni soʻz bilan ifodalash qiyinligini bilib, pinhon saqlashga ahd qildim.

Paduya qiroli mening yoshlik chogʻlarimda diniy mansabga tayyorlanganimni bilar ekan, shu sababli u menga Paduya bosh ruhoniysi (kanonik) vazifasini taklif qildi. Ammo qirolga umri vafo qilmadi. Ikki yildan soʻng samo farishtalari uni chaqirib oldilar. Bu baqosiz dunyoda barcha shodliklar, goʻzalliklar oʻtkinchi ekan. Agar shu qirolga Tangri koʻproq umr berganida mening sarson-sargardonligimga ham chek qoʻyilgan boʻlur edi. Keyinchalik oʻylasam, u kabi olijanob insonga bu dunyo munosib emas ekan.

Qirol Jakomo Karrari oʻrnini oʻzi kabi oqil va fazilatli oʻgʻli egalladi. U ham, otasi kabi, menga koʻp izzat-hurmat koʻrsatdi. Ammo otasi mening tengdoshim va doʻstim, betakror inson edi, uning oʻrnini hech kim bosolmasdi. Shu qaygʻuli oʻylar bilan (qirolning oʻgʻliga minnatdorchilik bildirib), Paduyani tark etdim va bemorlarga havoni almashtirish zarur boʻlganiday, yana Frantsiyaga qaytdim, bu yerda avval ming martalab koʻrgan odamlarni koʻrdim, ammo qaygʻum tarqalmadi.


  1. Franchesko Petrarka zamonida atoqli din arboblari, yepiskoplar farzandlari birovlarga zarar yetkazmasligi uchun uylanmas, oila qurmas edilar
  2. Sababi — shoirlik shon-shuhrati, iste’dodni qadrlash boʻlgan.
  3. Parijliklar hayoti shoirga yoqmagan boʻlsa kerak, shu bois bu shahar haqida soʻz ochmay qoʻya qolgan.
  4. Shoir kamtarlik qilmoqda. Shon-shuhratining sababi — sevgi haqidagi sonetlarining jozibasida edi.
  5. Qadimgi Rim imperiyasi parchalanib ketgan, Vizantiya-Sharqiy Rim imperiyasi ham saljuq turklariga qaram boʻlib qolgandi. Italiya oʻsha vaqtlarda Genuya, Neapol, Venetsiya, Paduya, Verona, Parma, Florentsiya kabi kichik mustaqil qirolliklardan iborat edi.
  6. Qadimgi Olimpiya musobaqalari davridan qolgan dafna gulchambari oltindan yasalgan. Bunday mukofotni Rim shoiri Vergiliy ham olgan.