OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Frans Kafka. Tush (hikoya)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifFrans Kafka
Asar nomiTush (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Avstriya adabiyoti
Boʻlimlar
   - Absurdizm
Mualliflar
   - Frans Kafka
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonVahobjon Kenjayev (Olmon tilidan)
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tush (hikoya)
Frans Kafka

Yozef K. tush koʻrdi.

Ajoyib kun edi, u koʻnglining chigilini yozish maqsadida biroz sayr qilmoqchi boʻldi. Ammo ikki qadam tashlashi bilanoq, oʻzini qabristonda koʻrdi. Atrofda sargʻaygan oʻt-oʻlanlar bosgan, notabiiy soʻqmoqlar. Yozef ulardan biriga qadam qoʻydi va oʻzini xuddi kuchli oqimga tushganday his qildi. Biroz uzoqroqdan hali tuprogʻi qurib ulgurmagan, yangi, doʻppayib turgan qabr uning e’tiborini tortdi va Yozef oʻsha tarafga borishga qaror qildi. Doʻmpaygan tuproq uyumi uni oʻziga ohanraboday tortardi. Gohida qabr koʻzdan yoʻqolar, shamolda hilpirayotgan qandaydir harir mato goh samoga koʻtarilib, yana suron solib zaminga urilib, uni bekitardi. Matoni tutib turgan koʻrinmas, biroq oʻsha tomondan quvnoq tovush baralla eshitilib turibdi.

Yozef olis-olislarga nazar soldi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, ortida, yoʻli ustida, yonida oʻralar paydo boʻlibdi. U shoshib oʻzini chetga, maysalar ustiga otmoqchi boʻldi, oyoqlari ostidagi yer chayqalib ketdi va u bir doʻmpaygan qabr poyiga tizzalab yiqildi. Qabr ortida ikki kishi kattakon silliq tarashlangan qabrtoshni dast koʻtarib turishardi. K.ni koʻrishlari bilanoq, ular toshni yerga sanchishdi. Yozef joyida qotdi. Jimlikni buzib, koʻp oʻtmay butalar orasidan uchinchi kishi ham chiqib keldi. K. bu kimsani musavvir sifatida yaxshi tanirdi. Musavvirning egnida uniqqan shim, ohori toʻkilgan, tugmalari yaxshi qadalmagan koʻylak, boshida barqut qalpoq, qoʻlida oddiy qalam ushlab olgan va u yurib kelayotib havoda qandaydir tushunarsiz shakllar chizardi. Musavvir shu qalami bilan qabr tepasidagi tekis marmarga yozmoqchi boʻldi, lekin buning uddasidan chiqa olmadi. Tosh juda balandda edi, oʻziga tortib, pastlatmoqchi boʻldi, ammo harakatlari besamar ketdi. Toshning ustiga chiqishni ep koʻrmadi shekilli, biroz yuqoriga choʻzildi, oyoq uchida turib, chap qoʻli bilan toshga suyandi. U shunday deb yozdi: «Bunda orom olayotir...». Har bir harf aniq-tiniq koʻrinib turar, oltinday tovlanar edi. Dastlabki uch soʻzni yozib, u K.ga qarab qoʻydi, biroq K. yozilayotgan soʻzlarga yutoqib tikilib turardi; u musavvirni butkul unutgan, koʻzini marmardan uzmasdi.

Kutilganiday musavvir tagʻin yozishga kirishdi, biroq qancha urinmasin yoza olmas, unga nimadir xalal berardi; qandaydir bosh adogʻi yoʻq soʻqmoq paydo boʻldi. Musavvir qalamini sermadi va yana qayrilib Yozefga qaradi. Ular bir-birlariga tikilib qolishdi, musavvir allaqanday sababi noayon sarosimalik bilan javdirab boqardi. K.dan boshqalar buni payqashgani yoʻq, yolgʻiz ugina bezovtalandi, atrofga najotsiz alangladi. Qaysidir baxtiqaroga qazilgan qabr boshida marhumni yodga olib, uch daqiqali sukutga oʻxshash jimlik hukm surdi. Sukutni buzishga biror-bir jonzot jur’at qila olmasdi. Shu payt qabriston butxonasining moʻ‘jaz qoʻngʻirogʻi bemavrid nola qila boshlaydi; musavvir qoʻlini silkitdi va qoʻngʻiroqning uni oʻchdi. Biroq biroz jimlikdan soʻng yana chala boshladi, endi sekinroq, goʻyo tovushini sozlab olmoqchidek toʻxtab-toʻxtab jarangladi. Musavvirning yuzlari dahshatdan koʻkarib ketdi. Uning tushuniksiz holatidan K.ning hislari junbushga kelib, yigʻlay boshladi, qoʻllari asabiy titradi. Musavvir K.ning oʻziga kelishini sabr bilan kutdi va boshqa imkon yoʻqligi bois yana yozishga kirishdi. Marmarga chiziq tortdi, xunuk, beoʻxshov harf yozildi. Toshda bitta «Y» harfi turardi. Musavvir jazavaga tushib, oyogʻi bilan goʻrning ichiga kirib ketdi. Atrofga tuproq toʻzgʻidi. Nihoyat, K. hammasini anglab yetdi. Uni ortiga qaytarishga, bu xomsut emgan bandani afv etishini soʻrab tavallo qilishga vaqt yoʻq! Qabr yana mato bilan qoplandi. Yozef barmoqlari bilan doʻmpaygan qabrni kavladi, ammo bu ishidan biron natija chiqmadi. Birdan zamindan harir, bulutday mato koʻtarildi. Devor qulab, tuynuk paydo boʻldi. U mayin nur oqimiga choʻmdi. Boshini pastga egib, yer qa’riga parvoz qildi. Yuqorida, qabrtoshda uning zarhal harflar bilan mohirona bitilgan ismi turardi.

Bu manzaradan hayajoni ortgan Yozef K. uygʻonib ketdi.