OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifFred Makmorrou
Asar nomiMenga himoya kerak emas (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Fred Makmorrou
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonAhmad A’zam
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Menga himoya kerak emas (hikoya)
Fred Makmorrou

Bert toʻqqiz yarimda barga kirgan payti Jorjiya u yerda yoʻq edi. Bert hech narsa gapirmadi, faqat peshtaxta yoniga oʻtib, bir finjon qahva bilan brendi buyurdi.

U chorakta kam oʻnda belgilangan oʻn besh daqiqa oʻtirib turish uchun pianino yonidan joy oldi. Jorjiya hamishagidek, roppa-raso oʻnda, soat oxirgi zang urishi bilan chiqib kelishi kerak edi.

Bar egasi Jo Palermo Bertga xavotir bilan qaradi, keyin peshtaxta tepasidagi soatga, keyin yana Bertga tikildi. Lekin Bert unga qarab ham qoʻymadi.

Hali erta edi, lekin Bert hoziroq bugun qanaqa mijozlar toʻplanganini aytib bera olardi. Ularga chidasa boʻladi, har qalay, «Ruxsat bering, Charli pianinongizni chalsin», degan ahmoqona iltimoslar bilan xiralik qilmaydilar. Ular ovqatlanish yoki gap sotishga emas, Jorjiya va Bert uchun keladilar. Bularning hammasi, albatta, Joning badiga urib ketgan. Bert bilan Jorjiya ish soʻrab kelganlarida, bu yerning kuni bitib qolayozgan edi, lekin, mana, uch oyki, endi ularni Vinchell, Layons, Nyu-Parkerga ham taklif qilishyapti.

Sakkiz daqiqa qoldi. Bert «Men eslayman»ning naqarotini chalayotganda Jo uning yoniga keldi. Bert maromni sekinlatib, Joning nima deganini eshitish uchun yumshoq pedalni bosdi.
— Nima gap? – deb soʻradi Jo.
— Nima gapligini men qaydan bilaman, - dedi Bert. Bunaqa emas – nima boʻlganini u yaxshi tasavvur qilayotgan edi.
— Xoʻp, u bugun keladimi, yoʻqmi? – deb soʻradi Jo.
— Tashvishlanma, oshna, - dedi Bert.
— Urinib koʻraman, - dedi Jo va nari ketdi.

Toʻrt daqiqa qoldi.

Bert uch naqarotli blyuzni, Jorjiyaning chiqishiga peshvoz oʻynaladigan maxsus blyuzni ijro qildi. U blyuzni chalgan payti Jorjiya zalga qoʻshiq aytib kirar, stollar oralab oʻtib, fortepyano yonidan odatdagi joyini egnallar edi

Jorjiya si-bemoldan boshlashi kerak edi. Bert notani oldi, lekin hech narsa boʻlmadi. Elektrotexnik reostatlarni uladi. Bu shunaqa sezilarsiz boʻlardiki, Jorjiyadan boshqa hech kim e’tibor ham qilmas edi Yana hech gap boʻlmadi. Bert tezda «Shoʻx yigitlar»ga oʻtdi, zaldagi lampochkalar yana toʻla yorishib ketdi.

U mijozlarning hayajonga tushganini payqadi. Zalga qarab oldi. Eshik oldida chorpaxil bir yigit, politsiya agenti boʻlsa bordir, Jo bilan gaplashayotgan edi. Jo uni stolga boshlab bordi-da, keyin Bertning yoniga keldi. Bert nomerni tez yakunlab, joyidan turdi. Mijozlar uni xushfe’l chapak bilan olqishladilar, lekin olqishlarida salgina zarda ham bilinib turar edi.
— Bert, - dedi boʻshashgan ovoz bilan Jo. – borib anavi yigit bilan gaplash.
— Nima kerak unga? – deb soʻradi Bert.
— Bilmadim, - dedi Jo. – Menga aytmadi. Lekin bilaman, yomon bir narsa boʻlgan, juda yomon. Bilasanmi, Bert, men bunaqa narsalarni sezaman.
— quloq sol, Jo, - dedi Bert. – Yaxshilab eshit. Sening sezishingga tupurdim. Lekin sir boy bermaslikka urin. Jo, agar oʻzingga, menga, Jorjiyaga zarari tegmasin desang. Hozir qoʻlingdan keladigani shu. Ularning qanaqa mijoz ekanini bilasan-ku.

Joning rangi murdaga aylandi.
— qanaqa mijoz? Kimni gapiryapsan? – deb biljiradi u.
— Nima, rasmini chizib koʻrsataymi senga? – dedi Berg. – Ha, keyin, eshit, oʻrnimiza odam topishing kerak. Bir juftni bilaman – Endi bilan Elis. Ayni ish izlab yurishibdi. Men bilaman, yoʻq deyishmaydi.
— Hozir? Shu payti-ya?
— Hoziroq, - deb Bert hamyonidan yon daftarchasini oldi. – Mana, manzili. Sim qoqishing mumkin. Ular uyida boʻlishi kerak.
— Lekin, koʻryapsan-ku, bunaqa kutilmaganda, - deb chaynaldi Jo.
— E, sen xavotir olma. Eplaydi ular, - dedi Bert. – Oʻn besh ddaqiqada yetib keladi. Hozir qoʻlingdan keladigan joʻyali ish ham shu.
— E xudoyim, sezyapman, bu meni oʻldiradi, - deb hiqilladi Jo.
— Ularga sim qoq, - dedi yana Bert. – Xavotir qilma. Eplaydi ular.

Bert yoniga borganida stol yonida oʻtirgan novcha yigit u bilan koʻrishishga oʻrnidan turmadi.
— Siz Bert Xeybermi?
— Boʻlishi mumkindir. Siz kimsiz?
— Jek Berton, qidiruv politsiyasi vakili, Manxetten-Istdan. Siz tanishmisiz...
— Avval nishoningizni koʻrsating, boshliq. Yoʻq, bunaqa emas. Menga bering-chi, yaqindan koʻray.

Lekin Bert endi nishonga qaramasa ham boʻladi. Uning boʻrtma shaklga, qidiruv politsiyasining xos tamgʻasiga qoʻl tegizishi kifoya edi. U nishonni egasiga qaytardi.
— Boʻpti, - dedi u. – Men Bert Xayber.
— Siz tanishmisiz... – Politsiyachi koʻkrak choʻntagidan qogʻozga oʻralgan fotografiyani chiqardi. – Mana shu ayol bilan?

Bert fotografiyaga qaradi, koʻzlarini qisib, xuddi jirkanch bir narsani koʻrgandek, uni otib yubordi.
— Ha, - dedi nihoyat. – Lekin ayni shu fotografiyani koʻrsatishning sizga nima keragi bor?
— Bizda boshqasi yoʻq, - deb tushuntirdi vakil. - Shaxsini aniq belgilashimiz kerak, hozircha qoʻlimizdan kelgani shu – oʻlikni jinoyat joyida fotoga tushirdik.
— qaerda? – deb soʻradi Bert. - qaerda?
— Ikkita turarjoy tutash joyda, Ellik beshinchi koʻcha, toʻqqinchi bilan oʻninchi avenyu oʻrtasida. Oʻsha atrofda turarmidi?
— Yoʻq, - dedi Bert. - qachon topdingiz uni?
— Bu juda qiziq savol boʻldi, - dedi vakil.
— «qiziq» deganingiz nimasi? Nima demoqchisiz?
— Aytdim, qoʻydim-da, - dedi vakil ma’nisiz bir ovozda. – Balki nima demoqchiligimni siz bilarsiz, mister Xayber?
— A, bunaqami, - dedi Bert. – Tushunaman. Shunday boʻlishini oldindan bilgandek gapirishim sizga gʻalati tuyulyapti. Xoʻsh, nima boʻpti, balki rostdan shundaydir. Faqat qachon, qaerda, qanday boʻlishini bilmasdim.
— Aytolmaysizmi, kecha kechqurundan boshlab, bugungacha qaerda boʻlganingizni?
— Albatta, aytaman. Hammasi tugagandan keyin, Jorjiyani uyiga kuzatdim....
— Har kuni uni kuzatar edingizmi? U qaerda turgan? Aniq qaysi vaqtda u bilan xayrlashdingiz?
— Keyingi ikki hafta boʻyi uni kuzatishimga toʻgʻri keldi. Kimdir kuzatishi kerak-ku. U oltmish birinchi koʻchada turardi. Bu yerdan ikki mahalla nari, agar shimolga toʻgʻri yurilsa. U bilan xayrlashganimda toʻrtdan bir daqiqa oʻtgan edi. Aniq esimda, chunki vestibyuldagi soatga qaragan edim.
— Barvaqt emasmi, nima dedingiz? Aytmoqchi edimki, ish joyingiz toʻrtda yopiladi, u yoqqa borish uchun bir daqiqa emas, koʻproq, demak...
— Ha, hali barvaqt edi, - dedi Bert. – Gap shundaki, oʻzimni qay bir ma’noda u uchun javobgarman deb bilardim. Keyingi ikki haftadan beri Joning barni bekitishidan ancha oldin olib ketar edim, bizni bilib qolishmasin deb. Yopilish oldidan odatda toʻs-toʻpolon boʻlib qoladi, bildirmay chiqib ketish mumkin.

Vakil qoʻlini qovushtirib oʻtirar, bosh irgʻagancha eshitar edi. Jo stol tepasiga keldi.
— Hammasi joyida. – yedi u. –Uyida ekan ular. Shu daqiqada yetib boramiz deyishdi. Senga rahmat deb qoʻyishimni soʻrashdi.
— Arzimaydi, - dedi Bert. U endi oʻrniga oʻrin topilganidan keyin Joning uncha bebaxt toʻtmayotgani, Jorjiyaning boshiga tushgan voqeaga ham tupurgandek koʻrinayotganini payqab, zardasi qaynadi. Lekin hali uning hech narsadan xzbari yoʻq. Nima qilibdi, gazetadan oʻqib oladi.
— Balki janoblari ichib olar, - deb soʻradi Jo.

Vakil rad qildi.
— Billga ayt, menga ikki hissa kokteyl bersin, - dedi Bert. Jorjiya yaxshi koʻrgan kokteyl. U doim Jorjiya uchun chaladigan kuyni esladi. Bunaqa kokteylni qanday tayyorlashadi, a? Apelsinni siqib, gilos suvini qoʻshadilar... – Yoʻq, - dedi u, - mayli, viski bersin, muz solib.
— Xoʻp. Albatta, Bert, albatta, - dedi Jo va peshtaxtaga oshiqdi.
— Xoʻsh, shunday qilib, - dedi Bert. – Uni kuzatib qoʻyganimdan keyin, uyga bordim. Uyda yotdim, kechqurun oltigacha uxlabman. Uygʻonganimdan keyin Jorjiyaga sim qoqdim. Hech kim javob bermadi.
— Ha, bu oltida boʻlgan edimi? – deb soʻradi vakil yon daftarchasiga belgi qoʻyib.
— Kerak emas, - deb soʻradi Bert.
— Nima kerak emas?

Bert barvasta vakilga egilib, uning qoʻliga qoʻl tegizdi.
— Ular biladi-yu nima boʻlganini, oʻzlari qilgan ish-ku. Axir, hozir bizni kuzatib turgan boʻlishlari mumkin, mening nimani bilishimni bilish uchun.

Vakil unga diqqat bilan tikilib, yon daftarchasini chetga surdi.
— Mayli. koʻryapmanki, sizning daxlingiz yoʻq, - dedi u. – Menga, haligi, nima edi, javobgarlik hissimi, shuni aytib bering. qachondan boshlandi sizda?
— Xoʻp, bilasizmi, men ishda umuman sherigim uchun oʻzimni javobgar deb bilaman, sherik ayniqsa qiz boʻlsa, - dedi Bert. – Siz chalayotgan paytingizda yigitlarning uch qadah viski ichgandan keyin qanday surbetlashib ketishini tasavvur ham qilolmaysiz. Ular, bilasizmi, bizga hamma narsa mumkin, hammasining pulini toʻlayapmiz, albatta, qiz ham shunga kiradi, deb oʻylaydilar.
— Siz menga bir narsa aytmoqchi edingiz, - deb eslatdi Berton. – U ayol bilan qanaqa munosabatda edingiz?

Bert jilmaydi.
— Juda boshqacha, - dedi u. – U kuylagan payti, men u uchun chalardim, mijozlar jim boʻlib eshitardi, shunda bir-birimizga qarab qoʻysak bas, shu kifoya, oʻrtamizda qanaqadir koʻrinmas rishtalar borligini sezib turar edik. Mana, bor-yoʻgʻi shu, xolos. Faqat u kuylaganda. Fikrimni uncha aniq aytolmayapman shekilli?
— Soʻramoqchi edim: u bilan yotganmisiz?
— Yoʻq.
— A biron marta istaganmisiz?
— Bema’ni savol. Kim istamaydi?
— Lekin urinib ham koʻrmaganmisiz?
— Yoʻq.
— Nega – yoʻq?
— Bilasizmi, bunaqa narsalarga oʻzimcha qarayman. Men Ezopning bittayu bitta masalini bilaman, bu - tilla tuxum qoʻygan gʻoz toʻgʻrisida. Yo tuxum qoʻymaganmi?
— Mister Xayber, - dedi Berton. –Bu ishda Semmi qoʻqilning qoʻli bor deb aytishga bizda asoslar bor.
— Nega bunday deb oʻylaysiz?
— Uni qanday ahvolda topganimizga qarab aytyapman. Shuning ishi bu.
— Ha. Suratini koʻrdim-ku. Dahshat!
— U Semmi qoʻqilni bilar edimi?
— Uni bilmagan odam bormi!
— E yoʻq, men aytmoqchimanki, u bilan...
— A, bu ma’nodami! Yoʻq.

Dastyor viski olib keldi, Bert tomogʻiga tiqilgan narsani yutish uchun qadahning yarmini hoʻpladi. U qoʻlidagi naychani aylantirib, «Bechora Bill, - deb oʻyladi. – Bufetchilik qilsa boʻlar ekan. Muzli viskiga naycha solsa-ya! Bechora Bill».
— U Semmi qoʻqilni biron marta koʻrganmi?
— Ha.
— Shuni menga aytib berolmaysizmi?
— Yoʻq. Lekin, nima, aytib berishim kerakmi?
— Shunday.
— Xoʻp, mayli. Sizga oldin ham aytdim-ku, bunga ikki hafta boʻldi. Bu yerga endigina jon kirgizayotgan edik. Uning qoʻshigʻini eshitganmisiz biron marta?
— Yoʻq. U Semmi qoʻqilni birinchi marta qachon koʻrgan?
— Oʻn birinchi sanada. Men uyga borayotib gazeta olganimni eslayman, keyin, kelganimizdan beri birinchi marta edi. Oʻsha dahshatli kun bir umr esimdan chiqmaydi.
— Nimasi buncha dahshatli?
— Semmi kechquruni bilan shu yerda boʻldi. Men uning oʻzini, yugurdaklarini pianinoga oʻtirishim bilan koʻrdim. Blyuzning uchta bandini oʻynadim, bu uning chiqish blyuzi, ya’ni uning chiqib kelishiga blyuz edi. Jorjiya zalga kirdi, uning esa soʻlagi oqib ketdi.
— Unga shilqimlik qildimi?
— E yoʻq. Birdan emas, har qalay, - dedi Bert. – boshda moʻmingitna edi. Kechquruni bilan bizga vino yoʻlladi, ertasi kuni Jorjiya bir katta savat gul oldi. U qaerdan manzilini bilgan, aqlim yetmaydi.
— Oʻz usullari bor, kerak narsani shunday bilib olishadiki, - dedi vakil.
— Kechqurun yana oʻsha yerda edi, lekin endi surbetroq boʻlib harakat qildi.
— Siz esa qiz uchun oʻzingizni javobgar his qildingiz?
— Ha-da, - dedi Bert. – Bilasizmi, bu yigit yoqqanda ham, bari bir, uni undan tashvish qilardim, lekin gap shundaki, uni koʻrgani koʻzi yoʻq edi. Biznikiga oʻxshagan kasbda shilqim xushtorlardan qutulish uchun koʻp narsani oʻrganishga toʻgʻri keladi. Lekin buni eplab boʻlmadi. Oxir-oqibat uni odamlar oʻrtasida bir-ikki marta izza ham qildi. Keyin shu oxirgi kechada ham.
— Nima boʻldi oʻzi?
— Hammasi shunda boʻldi-da, - dedi Bert. – Jorjiya kiyimini almashtirish uchun xonasiga borayotgan edi. Semmining stoli oldidan oʻtayotganda, u qoʻlidan ushlab oldi, xuddi ushlayverishga haqqi bordek. Shunda Jorjiya Semmining stolidan stakanni oldi-da, uning koʻylagiga sepib yubordi.
— Ha, bunaqa ekan-da, - dedi vakil. – unda nega qoni qaynab ketgani tushunarli. Bunaqa bashang kam topiladi.
— Keyin men ham qarab turganim yoʻq, - dedi Bert. – Bilasizmi, nima qildim? «Sharshara boʻyida»ni chaldim. E xudoyim, zalda shunaqa vah-ha-ha koʻtarildiki! Axir, nima boʻlganini hamma koʻrib turgan edi-da. Hatto Bert Lar ham butun san’ati bilan tomoshabinlarni bunday kuldirmagandir. Shunda Semmi oʻrnidan turdi-da, toʻdasini ergashtirib chiqib ketdi, lekin mijozlar kulgidan toʻxtamagan edi.
— Ha, unda tushunarli, - deb gap qoʻshdi vakil. - Semmi kechirishi mumkin, lekin ustidan kulganni – hech qachon. Keyin uni darrov uyiga olib bordingizmi?
— Darrov emas, - dedi Bert. – Bilasizmi, oʻzimdan juda rozi edim. Yana ikkovimiz uchun faxr. Peshtaxta yoniga borib, ichdim. U yerda yana anavi yigit bor ekan. Yonimda oʻtirgan edi, xuddi bu gaplarning unga mutlaqo aloqasi yoʻqdek. Shunaqa xushsurat bir yigit, sugʻurta vakilimi, ishqilb, koʻrinishi shunaqaroq. Menga gap tashladi.

«Juda xursand koʻrinasan», dedi.

«Ha, juda xursandman»,deb javob berdim.

« Xoʻsh. Seni xursand koʻrganimdan mamnunman, - dedi sugʻurta vakili. – Seni bunaqa kayfiyatda ekaning menga juda yoqadi.»

«Sen uchun baxtliman, - dedim men. – Sen bilan nimani gaplashamiz?»

«Uzoq gaplashishimiz shart emas, - dedi sugʻurta vakili. – Bir-birimizni yaxshi bilgandan keyin gapning oʻzi ortiqcha.»

«Falati ekansan-u, - dedim men. – Seni bilmayman, toʻgʻrisini aytsam, hozir sen bilan gaplashishga tariqcha xohishim ham yoʻq.»

«Lekin men seni bilaman, - dedi u. – Sen Bert Xeyber.»

«Xoʻsh, nima qipti?», deb soʻradi u.

«Sen ellik toʻrtinchi uyda, toʻrtinchi qavatda turasan, uyingda lift yoʻq, sen faqat kunduz kunlari boʻlasan», dedi u savdoyi.

«Nega menga bularni aytyapsan? Bu yil hayotimni sugʻurta qildirish niyatim yoʻq, oshna», - dedim.

«Niyating yoʻq? – deb soʻradi u. – Sening oʻrningda boʻlsam, sugʻurta qildirardim. - Keyin u menga egildi-da, birdan qoʻlimni siqdi, men tortib ulgurmadim ham. – Meningcha, bir-birimizni yaxshi tushundik, toʻgʻrimi, mister Xeyber?», dedi-da, shu zahoti ketdi. Oʻshalarning gʻirt oʻzi, a?
— Ha, - deb qoʻshildi agent.
— Ular senga oldindan aytib qoʻymaydilar, doʻq qilmaydilar, shunday qilishadiki, nima boʻlganini ham bilmay qolasan.
— E-, buni oʻylab ham oʻtirmaydi ular, - dedi vakil.

Bert Billga yana viski keltirishga ishora qildi.
— Men uni uyiga kuzatib ketdim, - deb davom ettirdi Bert. – Unga uyda bir oʻzi qolishing mumkin emas, men ham senikida yotib qolay, yo sen yur, biznikida yot, yo hech boʻlmasa, politsiyani chaqirish kerak, dedim. Lekin u menga xayrli tun tilab, oʻpib qoʻydi, e xudoyim, toza, aybsiz bir oʻpich! – yana «Tashvish qilma, kichkintoy. Onasi katta boʻlib qolgan», dedi.

Vakil ketishga hozirlvanib, tugmalarini oʻtkazdi.
— Xoʻp, nima endi, bizga yaxshi ma’lumotlar berdingiz, mister Xeyber. – dedi u. – Oʻylashimcha, bu ishni endi tez tugatamiz. Ha, aytgancha, sizga biron narsadan foydamiz tegmaydimi?
— Menga nimadan ham foydangiz tegadi?
— Balki, sizga himoya kerakdir?
— E yoʻq, kerak emas.
— Uni hibsga olganimizda siz guvoh sifatida bizga kerak boʻlasiz.
— Xoʻp, meni istagan paytingiz topasiz.
— Bilasizmi. Bizda kafolat boʻlishi kerak. Axir, sizni topolmay qolsak, butun ishimiz chappasiga ketadi.
— Xavotir qilmang, doim joyimda boʻlaman, - dedi Bert. Dastyor yana viski keltirdi, Bert shu zatohi oxirigacha ichib yubordi.
— Mister Xeyber, - dedi vakil. – Siz, yaxshisi biz bilan yuring. Oʻzingiz bilasiz, aytib boʻladimi nima boʻlishini? Yordamingiz esa bizga shunday kerakki.
— Koʻpga choʻziladimi? – deb soʻradi Bert.
— Ertalabgacha tugatamiz deb oʻylayman,
— Shuncha tezmi? – deb soʻradi Bert. – Unda, mayli.

Zaldan chiqayotib Endi bilan Elisga duch keldilar. Ularning ish uchun Bergga minnatdorlik bildirib boʻlishlarini Berton odob bilan kutdi. Berg ularga nima yuz berganini aytmadi. Ular ham gazetadan oʻqib olar.

Ular yopiq kulrang avtomobil yoniga keldilar.
— Oʻtiring, yordamchimning yoniga, - dedi Berton.

Bert oʻrindiqqa choʻkib, yonidagi odamga hatto qaramadi ham. Berton rulga oʻtirdi va ular Ist-River tomonga uchdilar. Bert yonida oʻtirgan odamga qarash uchun nihoyati oʻgirildi.

— Xayrli kech, oshnam, - dedi sugʻurta vakili.