OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Fridesh Karinti. Sirk (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifFridesh Karinti
Asar nomiSirk (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Venger adabiyoti
Boʻlimlar
   - Ilmiy taxayyulot
Mualliflar
   - Fridesh Karinti
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonManzura Shams (Rus tilidan)
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/16
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Sharq yulduzi» jurnalining 2011-yil, 6-sonidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sirk (hikoya)
Fridesh Karinti

Men tsirk va skripkani butun vujudim bilan yaxshi koʻrar edim. Qiziqishlarim evaziga menga skripka olib berishdi. Ammo tsirkka yaqin yoʻlatishmadi. Shu sababli boʻlsa kerak tushlarimga faqat tsirk kira boshladi. Bir safar uni tepalik ortida koʻrdim. Kimdir meni u yoqqa yetaklab ketayotgandek tuyuldi. Boshqa safar shaharning markaziy maydonidagi tsirk yoniga, uning ikki tarafi vestibyulli kirish eshigi oldiga kelib qoldim. Menda bilet ham bor edi. Biroq hamma narsa avvalgi tushlarimdagi kabi chalkashib ketdi va men ichkariga kira olmadim.

Kunlarning birida tushimni oxirigacha koʻrdim. Men kirish eshigi yonida turardim. Yonimda soqolli, oqsoq bir odam kuymalanib yurardi. Aftidan u direktor edi. U bir qoʻli bilan pardani ushlab olgan holda «Sirkka keb qoling, hozir boshlaymiz, marhamat, marhamat, kiring!..» deb takrorlar edi. Askarlar, xizmatkorlar, shlyapa kiyib olgan xonimlar, poʻrim janoblar, xullas, turli xildagi odamlar oʻzaro kulib, gaplashgan va bir-birlarini turtgan holda ichkariga oqib kirmoqda edilar. O’ylaganimdek, direktor qoʻlimdan ushlab oldi va norozi ohangda «Marhamat, marhamat... qani chipta bormi? Bor boʻlsa marhamat, yoʻq boʻlsa, qani marsh!» dedi. Qoʻrqinchdan yuragim shuvullab, gaplarim chalkashib ketdi. «Men tomoshaga kirmoqchi emasman, men xohlaymanki... mana, mening skripkam». O’zimni butunlay yoʻqotib qoʻygan holda, qoʻltigʻimga qistirib olgan skripkamni koʻrsatdim. Direktor egilib ogʻzimga termilgancha chiptam yoʻqligi haqidagi gʻudranishlarim qachon tugashini kutib turdi. Men ichkariga kirib, oʻzim yaratgan kuyni mana shu skripkamda tomoshabinlar oldida chalib berishni xohlayotganimni amallab tushuntirdim. Buni eshitgan direktor ogʻzini karnaydek ochib, tomogʻining toʻrini koʻrsatib xoxolab kuldi: «Ey esi yoʻq bola! Sen bilan pachakilashib oʻtirishga vaqtim bor deb oʻylaysanmi?!». Men ushbu kichkinagina musiqamni favqulodda ajoyib musiqa deb hisoblab, zavqlanib gapirishim direktorning koʻngliga oʻtirganini darrov sezdim. U bir oz yumshab dedi: «Mayli, sen bolakay, bir oz kutib tur, balki biror narsa oʻylab toparmiz... Ketib qolma, hali gaplashib olamiz».

Bir ozdan soʻng u meni qoldirib ketgan qorongʻi yoʻlakka keldi. Titrogʻim hali bosilmagan edi. U quvnoqlik va ochiqkoʻngillik bilan: «Skripkada kuy chalish bu silliqqina bir ish», dedi. Gaplaridan skripkada biror yaxshi natijaga erishishimga unda ishonch yoʻqligini angladim. Men esa xudoni oʻrtaga qoʻyib qasam icha boshladim. Shundan soʻnggina u jilmayishdan toʻxtadi. «Unda sinab koʻrish mumkin, biroq avval harbiy qoʻmondonlikka xabar berish kerak, ular imperatorlik yoki qirollik kagali a’zoligi toʻgʻrisida nishon berishadi», dedi. Bu ishlar bitguncha tsirk nimaligi va tomoshabinlarga nima kerakligi haqida fikrga ega boʻlishim uchun tsirkning hamma joyini – aktyorlarni, yirtqichlarni koʻrsatadigan boʻldi.

Sirkka kirish imkoniyati paydo boʻlganidan va ayni paytda qoʻrqayotganimdan yuragim qinidan chiqayozdi. Men skripkamni qoʻltigʻimga qisgan holda besaranjom boʻlib bor kuchim bilan oʻzim toʻqigan musqani unutib qoʻymaslikka harakat qila boshladim. U meni turli-tuman rasmlar chizib tashlangan son-sanoqsiz pardalar orasidan olib oʻtdi. Men artistlarni yoki chavandozlarni koʻraman deb oʻylagan edim. Biroq tepada ishlab yurgan qizil kiyimli kishilardan boshqa hech kimni koʻrmadim. Biz toʻsatdan juda ham uzun zinapoya oldidan chiqib qoldik. Direktor zinadan yelib keta boshladi. Men unga zoʻrgʻa yetishib yurardim. Keyin biz hamma joyiga baxmal qoplangan xonadan oʻtdik. Men tasodifan bir eshikni turtib yubordim. Ichkaridan kuchli shovqin chiqardi, chayqalib turgan juda koʻp boshlar koʻrindi. Direktor menga qoʻpollik bilan baqirdi: «Hoziroq yop, tomoshabinlarning koʻzlari bu yoqqa tushmasligi kerak!»

Keyin u uncha katta boʻlmagan temir eshikni ochdi: pastda yarim doira shaklidagi katta zal koʻzga tashlandi. Bu ajoyib zalning oʻrtasida qaddu qomati kelishgan bir erkak tishlarini gʻijirlatib, koʻzlarini olaytirib bir ayolni boʻgʻmoqda edi. Ayol esa ogʻir xirillab figʻon qilmoqda, xullas, qoʻrqinchli tomoshaga ortiq toqat qila olmadim. Men bor kuchim bilan baqirib, hammani la’natlagan koʻyi ayolni hoziroq ozod qilishlarini talab qilishga tushdim. Biroq direktor qoʻlimdan mahkam ushlab olib pishqirdi: «Ahmoq, bu mening aktyorlarim-ku, bularning hammasi bir oʻyin, buning ustiga ular haqiqiy emas, mumdan yasalgan qoʻgʻirchoqday gap». Men yaxshilab qarab, ayolning yuzi gʻayritabiiyligi va koʻzlari shishadan ekanligini payqadim.

Xijolatga koʻmilganimdan gapni boshqa tomonga burishga harakat qilsam ham yuragimning bezovta urishi bosilmadi. Direktor meni xuddi maktabdagi kabi partalarga oʻtirib olgan, olachipor kiyimdagi, yuzlari boʻyalgan oʻgʻil va qiz bolalarga toʻla besaranjom bir xonaga olib kirib, ular qatoriga oʻtqizib qoʻydi. Soʻng hammani navbatma-navbat minbarga chiqara boshladi. Bolalardan biri qoʻli bilan yurib koʻrsatdi. U harakati davomida bir necha marta boshini yerga urib olgani bois direktor uni mashqni qayta bajarishga majbur qildi. Keyin bir katta yoshli kishini chaqirishdi. U pichoq bilan oʻz koʻkragini yorib tashladi. Yaradan qon otildi. Koʻkrak qafasida oʻpka ochilib qoldi. U qattiq ingranib yerga yiqildi. Direktor boshini mamnun silkidi.

– Ma’qul, – dedi u, – bu hammaga yoqadi.

U kishi oʻrnidan turib joyiga oʻtirdi. Partadan igna va ip olib ogʻriqdan yuzlarini burishtirib, jarohatni tika boshladi. Men uning koʻkragi shunday tikilgan chandiqlarga toʻlib ketganini koʻrdim.

Sahnaga boshqalar ham chiqishib oʻz tomoshalarini koʻrsatishdi. Ular orasida lablarini qimirlatmagan holda odamlar va hayvonlar tovushlarini chiqaruvchilar ham boʻldi. Ularning tovushlari shunchalik ishonarli ediki, men hatto quloqlarimga ishonolmay qoldim. Ulardan biri ogʻzini ochmasdan, lablarini qimirlatmasdan jon berayotgan chaqaloq ovozini shunday ishonarli va ta’sirchan chiqardiki, bu tovushni eshitib koʻzlarim yoshlandi. Yana biri la’natlar yogʻdirib boʻzlayotgan ayol tovushini, boshqalari ayollarning turli xil tovushlarini chiqarib berishdi.

Direktor oldida turgan kitobga bir qarab olib mening ismimni aytdi. Men oʻrnimdan turdim. U menga qarab tezda soʻradi:

– Sening qoʻlingdan nima keladi?

Men skripkamni oldinga uzatgan holda tilim tutilib yana oʻzim toʻqigan kuy haqida gʻudrana boshladim. Xonada kulgi tovushi eshitildi. Direktor norozi holda stolni mushtladi:

– Yana skripkangni oʻrtaga tiqayapsanmi! – jahl bilan baqirdi u. – Buning bir pulga qimmat!

Men kuyim oʻziga xos ekanligini, chalib berishga ruxsat berishlarini iltimos qilmoqchi boʻldim. Biroq direktor qandaydir bir bolani chaqirib, u bilan borishimni, menga har xil asboblar koʻrsatishini aytdi.

Meni boshqa xonaga olib oʻtishdi. Bu yer turli xil mashina va mexanizmlar bilan toʻla ekan. Hammasi musiqa asboblari edi. Bu yerda bosqon yordamida puflanadigan, puflanganda momaqaldiroqdek tovush chiqaradigan, koʻz koʻrib quloq eshitmagan darajada ulkan karnaylar bor edi.

Bundan tashqari kattaligi xonadek keladigan uchburchak moslama mavjud boʻlib, uning bugʻda ishlaydigan bolgʻasi ham bor edi. Qulochga sigʻmaydigan baraban ustida qoʻlda yasalgan fillar harakatlanib oyoqlari bilan uni dupurlatar, boshqa bir elektr toki bilan ishlaydigan gʻayritabiiy moslama bir vaqtning oʻzida oʻttizta klavish va mingta karnayni ishga tushirar edi. Karnaylardan eng kattasi zavodning trubasicha kelar edi.

Dirijyor baland minbarga chiqib olib, qoʻlini silkishi bilan orkestr bor ovozda gumburladi. Kitobdan koʻzlarini uzmay turgan koʻzoynakli musiqachilar oldidagi klavishlar harf teradigan mashina kabi tez ishlay boshladi. Zalda girdob paydo boʻlgandek tuyuldi. Bunday musiqa asboblari-yu, bunday gʻaroyibotlarni koʻrib meni bu yerdan uloqtirib tashlashlariga gumonim qolmadi.

Direktor oʻtirgan xonaga qayta boshlaganimizda boshim aylanib qulogʻim shangʻillab qolgan edi. Men bu asboblarni avval koʻrmaganim va ularni chalishni bilmasligimni aytdim. U esa yelkasini qisib afsusdaligini va mening ishlarim pachava ekanligini aytdi. Bu paytda men arenaga olib chiquvchi parda bilan toʻsilgan ikki eshik yonida turgan edim. Turlicha grimmdagi artistlar shu eshiklar orqali shoshilib kirib ketishar, har safar parda surilganda ichkaridagi turli rangdagi lampalar yogʻdulari koʻzimni qamashtirar edi. Men ham ular ortidan bormoqchi boʻldim, biroq direktor hech narsa qoʻlingdan kelmasa boshlanishiga oʻlikxonani koʻrganing ma’qul dedi.

Biz boshqa eshikka kirdik. Eshik ortidagi qorongʻi yoʻlak yertoʻlaga olib tushar ekan. Yoʻlakning ikki tarafida har-har joyda eshiklar boʻlib, ulardan koʻkimtir yorugʻlik tushib turar, bu yorugʻlikda u yoqdan bu yoqqa oʻtib turgan, oq xalat kiyib olgan, biroq yuzlari kir xizmatchilar koʻzga tashlanar edi. Qoʻrquvning zoʻridan ichkariga kirishga oʻzimda kuch topa olmadim. Yoʻlakning oxiriga yetganimizda direktor toʻxtab kim bilandir gaplasha boshladi. Men yashirincha u yoqqa qarab, devor boʻylab terib qoʻyilgan temir bilan qoplangan uzun stollarni, ularga yotqizib qoʻyilgan har xil odamlar – bolalar, qariyalarning tanalarini, ba’zi joylarda esa tana qismlarini koʻrdim. Nafasni boʻgʻuvchi formalin hidiga toʻlib ketgan bu joydan pastga qarab yana ham qorongʻi boshqa bir yoʻlak boshlangan edi.

Direktor men haqimda gapirmoqda – meni shu yerda qoldirishni masla­hat­lashmoqda edi.

Doktor qorongʻi yoʻlak tomon ishora qildi.

Shunda men bu yerda qolmaslik chorasini koʻrishga kirishdim, arenaga chiqish uchun zarur boʻlgan har qanday narsani oʻrganishga tayyor ekanimni aytdim. Ular boshlarini silkitishdi. Doktor tomoshabinlar akrobatikaga intiqligi va bu yaxshi mashgʻulot ekanligini uqtirdi.

Meni tomi baland bir xonaga olib kirishdi. Kichik bir teshikka koʻzim tushib, undan shaharni koʻrdim. U ancha pastda edi. Xonada arqon, espander va toʻrlar sochilib yotar, devorlariga suyab qoʻyilgan ingichka va uzun narvonlarda qizil triko ki­yib olgan bolalar mashq qilishmoqda edi. Narvonlardan birini roʻparamga qoʻyishdi. Men unga chiqishim kerak edi, asta tepasiga koʻtarilar ekanman, ilkis pastki uchini koʻchaning narigi tarafiga uloqtirishdi. Men bor kuchim bilan unga yopishib pastga qaradim. Pastda butun shahar, koʻchalarda yurgan chumolidek mayda odamlar koʻrindi. Men sekin ingranib hushimdan ketdim.

Biroq men shu zahotiyoq yana tsirkda paydo boʻlib qoldim va uzoq vaqt haftalar, oylar davomida narvonga chiqishu tushishni mashq qildim va bu mashgʻulotga ancha oʻrganib qoldim. Asta-sekin narvon tepasida muvozanatimni ushlab turishni, keyinchalik esa narvonga ikki va uch stulni qoʻyib uning ustiga chiqishni oʻrgandim. Uzundan-uzoq kunlar shu tarzda oʻtdi.

Nihoyat kutilgan vaqt keldi. Men arenaga chiqdim. Faqat bu paytda tsirkning barcha burchaklari yaxshi tanish boʻlib qolgandi, yuzim men birinchi marta koʻrgan bolalarnikidek, boʻyalganidan tashqari, ajin bosib qiyshayib ketgan, yoshim ulgʻayib qolgan edi. Endi men qizgʻish triko kiyib olgan holda xira tortgan dekoratsiyalar oldida beparvo yuraman. Oldimdan gilam koʻtarib oʻtib qoladigan maxsus kiyim kiygan tsirk xodimlari va boshqalarga ham e’tibor bermayman. Agar nimadir zerikarli va boʻgʻiq ovoz chiqarib qolsa u bilan qiziqishga ham oʻzimda kuch topa olmayman. Toʻsatdan roʻparamdagi baxmal parda ochilib chidab boʻlmaydigan darajada tiniq yorugʻlik taraldi. Parda ortida koʻplab boshlar koʻrindi. Bir muddat qarsak chalindi va keyin pashsha uchsa eshitiladigan sukunat choʻkdi.

Men arenada: gilam ustida, yorqin nurda suzmoqchidek oldinga harakatlanaman, nur menga ergashadi, ilondek har ikki tarafga – lojega ta’zim qilaman. Keyin narvonni ushlab, yengillik bilan oʻz ogʻirligimni ham sezmagan holda tepaga – besh qavatli bino darajasidagi balandlikka koʻtarilaman. Narvonning oxirgi zinasiga chiqib, bir soniya muvozanatimni ushlab turaman. Menga uzun tayoqda temir oyoqli stul uzatishadi. Men stulni olib uning ikki oyogʻini narvonning oxirgi yogʻochiga qoʻydim. Bu oson kechmadi. Keyin bir sakrab stulning ustiga chiqdim. Muvozanatimni saqlagan holda tik turdim. Shunday tarzda ikkinchi stulni, keyin oyogʻini osmonga qilib uchinchi stulni oʻrnatdim. Uning bir oyogʻiga katta kubni joylashtirdim. Tagimdagi butun «inshoot» tirik jonzot kabi qaltirar, tomir urishim bu inshootning yerdagi uchigacha yetib borayotgandek tuyular edi. Keyin menga langarchoʻp uzatishdi. Men uni kubning yuqori burchagiga oʻrnatgunimcha bir necha daqiqa vaqt oʻtdi. Men sekin uning ustiga chiqa boshladim. Va nihoyat langarchoʻpning ustiga chiqib qaddimni rostladim. Tanamdagi har bir muskulim zoʻriqib tortilgan kamon ipidek qaltirar, yuzimdan shovullab ter oqmoqda edi. Men koʻz koʻrib, quloq eshitmagan ushbu qurilma qachon qaltirashdan toʻxtashini kutib turib qaddimni rostladim va trikomga qistirib qoʻyilgan skripkamni oldim...

Qaltirayotgan qoʻllarim bilan skripka tayogʻini oldim va ohista langarchoʻpdan qoʻlimni boʻshatdim. Shu koʻyi oldinga intildim. Bir necha daqiqa chayqalib turgandan soʻng... ommaviy qoʻrquvdan va choʻkkan jimlikdan foydalanib, bir paytlar jaranglagan, qalbimni larzaga solgan oʻsha qadrdon kuyimni ehtiros bilan chala boshladim...