OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Fridrix Dyurrenmatt. It (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifFridrix Dyurrenmatt
Asar nomiIt (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Shvetsariya adabiyoti
Boʻlimlar
   - Avangard
Mualliflar
   - Fridrix Dyurrenmatt
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonNe’mat Arslon (Rus tilidan)
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/25
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





It (hikoya)
Fridrix Dyurrenmatt

Bu shaharga kelgan dastlabki kunimdayoq Bibliyadan baland ovozda qiroat qilib turgan abgor qiyofadagi kishi va uning atrofida toʻplangan kichik bir toʻda e’tiborimni tortdi. Uning oyoqlari yonida yotgan itni – juda xunuk va mumday qop-qora, terdan yunglari namiqib va silliqlanib turgan mahluqni – daf’atan koʻrmaganimga ajablandim. Itning koʻzlari xuddi oltingugurtdek sapsariq, dahshatli ogʻzini ocharkan, ikkita boʻritishi ham shu rangdaligini koʻrib titrab ketdim, uning butun koʻrinishi shunday ediki, dunyodagi boshqa birorta jonzotga taqqoslashdan ojiz edim. Bu dahshatli maxluqqa uzoqroq qarab turolmadim va undan koʻz uzib, yana itning egasiga qaradim. U yirtiq libosli norgʻul bir kishi edi. Shunga qaramay uning kiyimlari yirtigʻidan koʻrinib turgan badani toza edi, kambagʻalmonand liboslari ham odatdan tashqari tozaligi bilan ajralib turardi. Qoʻlidagi Bibliya esa haqiqiy xazina; muqovasida oltin va brilliantlar jilolanardi. Voizning ovozi keskin va xotirjam, soʻzlari odatdan tashqari aniq boʻlib, nutqida oddiylik va ishonch hukmron. Yana shuni ham payqadimki, uning nutqida mutlaqo kinoya yoʻq. Bu Bibliyaning xotirjam tarzdagi qiroati boʻlib, har qanday fanatizmdan xoli, mabodo qanday etib soʻzlarida ishonchsizlik sezilsa, bu oyoqlari ostida yotib, sap-sariq koʻzlarini tinglovchilardan uzmay qarab turgan itning ta’siri edi. It va uning xoʻjayini bilan bogʻliq gʻalati uygʻunlik meni oʻziga rom etib qoʻydi va butun e’tiborimni shu odamning shaxsiyatini bilib olishga undadi. U shaharda har kuni va’zxonlik qilardi. Biroq oʻz ishi bilan kechgacha shugʻullansa-da, uning kimligini bilib olish oson kechmadi. Shahar reja asosida aniq va oddiy qurilganiga qaramay, unda adashib qolish hech gap emasdi. Buning ustiga voiz oʻz qarorgohidan ma’lum bir vaqtda chiqmas va umuman, uning xatti-harakatidan nima qilmoqchi ekanligini aytish qiyin edi. Ba’zida u kun boʻyi bir joyda turib olib betinim suxandonlik qilar, ba’zida esa har chorak soatda joyini oʻzgartirardi. Ulkan qora it hamisha uning yonida yurib, koʻcha boʻylab kuzatib borar va va’zxonlik boshlanishi hamon ogʻir gavdasi bilan yerga oʻmganlardi. Uning va’zlarini tinglovchilar unchalik koʻp boʻlmas, gohida yolgʻiz oʻzi turganini koʻrish mumkin edi. Lekin mening bilishimcha, bunday holdan xijolat tortmasdi ham. Turgan joyidan jilmay qiroatini davom ettiraverardi. Nogoh chogʻroqqina koʻcha oʻrtasida turib olib, baland ovozda ibodat qila boshlaganini koʻp marta koʻrganman. Vaholanki, yaqinginasida uning va’zlaridan bexabar odamlar oʻtib-qaytishayotgan katta koʻcha bor edi. Uning ortidan sezdirmay kuzatish imkoni boʻlmagani sababli har doim tasodifiy uchrashuvga umid bogʻladim va bu odamning qarorgohini izlab topishga harakat qildim, biroq hech kim voizning manzilini koʻrsatib bera olmadi. Shu bois, bir safar kun boʻyi uning ortidan yurdim. Bir necha kun shunday oʻtdi. Har doim oqshomga yaqin u izsiz yoʻqolib qolardi, men esa maqsadimni sezdirib qoʻymaslik uchun uning ortidan bildirmay borishga urinardim. Mana, nihoyat, bir kuni oqshom pallasi uning shahar koʻchalaridan biriga, bilishimcha, shaharning eng badavlat kishilari yashaydigan uyga kirib ketayotganini koʻrib taajjubim oshdi. Shu lahzadan e’tiboran men odatimni oʻzgartirib, endi uning ortidan yashirin ravishda kuzatishni toʻxtatdim. Meni koʻrsin uchun ataylab uning roʻparasida turadigan boʻldim, bu bilan unga hech ham xalaqit bermasdim, ammo it meni koʻrishi bilan irillay boshlardi. Shu tarzda bir necha hafta oʻtdi. Nihoyat, yozning oxirlarida Ioann Injili toʻgʻrisidagi sharhini tamomlagan voiz mening oldimga kelib, uyiga kuzatib qoʻyishimni soʻradi. Yoʻl davomida ogʻiz ochmadi. Uyga yetganimizda borliqqa qorongʻulik choʻkkan edi. Biz kirgan katta xonada chiroq yonib turardi. Xona yoʻl sathidan quyida boʻlgani sababli eshikdan kirarkanmiz, zina boʻylab bir necha pogʻona pastga tushishga toʻgʻri keldi. Xonada kitob-lar shu qadar koʻp ediki, devorlar ham koʻrinmasdi. Osmachiroq ostida archa yogʻochidan ishlangan katta va oddiy stol boʻlib, uning yonida toʻq moviyrang koʻylakli bir qiz kitob mutolaasi bilan mashgʻul edi. U bizga e’tibor qilmadi. Xonaning ikkita derazasi boʻlib, ularga qalin matohdan parda tutilgan, derazalardan birining tagiga odmigina toʻshama tashlab qoʻyilgan, derazaga qarama-qarshi tomondagi devor tagida karavot, stol yonida esa ikkita stul turardi. Eshik yonida pechka. Yaqinlashib borarkanmiz, qiz biz tomonga qaradi va shunda men uning yuzini koʻrdim. Qiz men bilan qoʻl berib koʻrishdi-da, stullardan biriga taklif etdi. Bu paytda uy sohibi toʻshagiga uzala tushgan, it esa uning oyoqlari yonidan joy olgandi.
– Bu mening otam, – bayon etdi qiz, – uxlayapti, bizni eshitmaydi. Itning nomi yoʻq. Bir kun oqshom otam ibodat qilayotganda paydo boʻlib qoldi. Eshik qulflanmagandi. U panjalari bilan tutqichni bosib, eshikni oʻzi ochdi-da, xonaga kirib keldi.

Men qizning roʻparasida lol boʻlib turardim, keyin pastroq ovozda otasining kim boʻlganligini soʻradim.
– U juda badavlat kishi edi. Koʻplab fabrikalari boʻlgan, – dedi qiz koʻzlarini yerga tikib. – Lekin u onamni va akalarimni tashlab chiqib ketgan. Haqiqatni xalqqa yetkazish uchun shunday qilgan.
– Otang qilayotgan va’z-nasihatlar haqiqat deb oʻylaysanmi? – deb soʻradim.
– Ha, haqiqat, – javob qildi qiz, – buning haqiqat ekanligini avvaldan bilardim. Shu sababli otam bilan mana shu tagxonada yashayapman. Lekin u haqiqatni bayon eta boshlashi bilan itning paydo boʻlib qolishi sira aqlimga sigʻmaydi.

Qiz jimib qoldi va menga shunday qaradiki, goʻyo mendan nimanidir soʻramoqchi-yu, buni ovoz chiqarib aytishga jur’ati yetmayotganga oʻxshardi.
– Sen bu itni haydab yubor, – degandim, qiz bunga javoban bosh tebratib qoʻydi.
– Uning nomi yoʻq va shuning uchun ham hech qayoqqa ketmaydi, – dedi qiz shivirlashga yaqin ovozda. Soʻng mening oʻngʻaysizlanib turganimni payqab, stullardan biriga oʻtirdi, men ham shunday qildim.
–Nima, sen undan qoʻrqasanmi?–deb soʻradim.
–Undan hamisha qoʻrqardim, – javob qildi qiz, – bir yil avval meni va otamni uyga qaytarish uchun onam advokat va ukalarim bilan kelishgan edi, ular ham bu nomsiz itdan juda qoʻrqib ketishdi, it boʻlsa otamning oldida turib olib, ularga qarab irillardi. Men, hatto toʻshakda yotganimda ham undan qoʻrqardim, lekin endi hammasi oʻzgardi, chunki sen kelding va endi men hech narsadan qoʻrqmayman. Sening kelishingni bilardim. Albatta, qiyofangni tasavvur qilolmaganman, ammo kunlardan bir kun otam bilan birga, oqshom choʻkib chiroqlar yonganda va koʻchalar tinchib qolganda shunday boʻlishini va bu oqshom payti roʻy berishini tasavvur qilardim. Bilardimki, sen kelasan. Mana shu yarmi yer ostida turgan xonada, mening toʻshagimda, mana shu kitoblar oldida meni nikoh tuni bilan siylash uchun kelishingni bilardim. Biz - ayol va erkak shundaygina yonma-yon yotamiz, anavi yerda, oʻz toʻshagi ustida esa otam. U qorongʻuda bir goʻdak yangligʻ uxlaydi, ulkan qora it esa bizning baxtsiz sevgimizga posbonlik qiladi.

Bu muhabbatni qanday unutay! Deraza, torgina toʻrtburchakday boʻlib, goʻyo bizning yalangʻoch tanlarimiz uzra kengliklarda uchib yurardi. Biz bir-birimizga chirmashib, bir-birimizga qoʻshilib ketgancha yotar, arava sudrab oʻtayotgan ot tuyoqlarining jarangdor tovushi, koʻcha shovqinlari ehtiroslarga qorishiq ovozimizga qoʻshilib ketgan edi. Ba’zida uyiga qaytayotgan mast odamning qat’iyatsiz qadam tashlashi, ba’zan buzuq ayollarning bedana yurishi, gohida kolonna boʻlib oʻtayotgan askarlar etigining ogʻir va bir maromdagi gursillashi eshitilardi. Biz tagxonada iliqqina qorongʻulikka burkanib, boshqa hech narsadan hadiksiramay yotardik, burchakda – xuddi oʻlikdek sas chiqarmay oʻz toʻshamasi uzra uxlayotgan uy sohibi yonida – sap-sariq xuddi ikkita sariq oy doirasidek koʻzlarini bizga qadagancha it yotar, uning koʻzlari bizning sevgimizni qoʻriqlardi.

Oltinday alangalanib va yallugʻlanib kuz keldi. Keyin avvalgi yillardagi afsonaviy sovuqli qishdan farqli oʻlaroq, kechikkan va yumshoqqina qish boshlandi. Doʻstlarim bilan tanishtirish uchun qizni tagxonadan chiqarishga koʻndirish, teatrga olib borish (ulugʻvor ishlar pishib yetilayotgan joyga) yoki tepalik boʻylab toʻlqinsimon koʻrinish olgan va shahar ostonasiga qadar bostirib kelgan nimqorongʻu oʻrmonga birga sayr qilishga koʻndirishning uddasidan chiqmadim – u uydan chiqmas va toki otasi oʻsha bahaybat it bilan qaytmaguncha, archadan yasalgan stol oldidan jilmas va faqat shundan keyingina sargʻish nur sochib turgan derazalar ostidagi toʻshagi tomon meni yetaklardi.

Hali shahardan shilta va kirrati qor arimagan, soya joylarda bir metr qalinlikda qor uyumlari saqlanib turgan erta bahorda, kutilmaganda, qiz xonamga kirib keldi. Derazadan quyoshning nurlari qiyalab tushib turardi. Vaqt kechga tomon ogʻgan va men pechkaga tarasha oʻtin qalayotgandim. Xuddi shu lahzada u eshik oldida paydo boʻldi; rangi quv uchgan, qaltirab turar, paltosiz, egnidagi oʻzining oʻsha toʻq koʻk koʻylagida sovqotayotganday koʻrinardi. Faqat oyogʻida men avval koʻrmagan qizil moʻynali boshmoqchasi bor edi.
– Itni oʻldir, – dedi qiz eshikdan koʻrinishi bilan, – hali nafasini ham rostlamay turib. Uning sochlari yoyilgan, koʻzlari katta-katta ochilgan holatda edi. Qizning butun qiyofasi shu qadar xayoliy ediki, unga qoʻlimni tegdirishga ham botinmadim. Javon oldiga borib, revolverimni oldim.
– Qachon boʻlmasin mendan shunday qilishimni soʻrashingni bilardim. Shuning uchun qurol sotib olgandim. Buni qachon bajarishim kerak?
– Hozir, paysalga solmay, – javob berdi u. – Otam ham undan qoʻrqadi. U itdan azaldan qoʻrqarkan, buni endi angladim.

Men revolverimni koʻzdan kechirdim-da, paltomni kiydim.
–Ular tagxonada, – ma’lum qildi qiz nigohini yerga tikkanicha. – Otam oʻzining toʻshagida qimirlashga jur’at qilolmay yotibdi. Chunki itdan qoʻrqadi. Hatto ibodat ham qilolmaydi, it boʻlsa eshik oldida yotib olgan.

Biz daryo tomonga endik, tosh koʻprikdan oʻtdik. Osmon xuddi yongʻin paytidagiday qoʻngʻir-qizil rangda. Quyosh endigina bota boshlagan. Shahar odatdagidan gavjum, koʻchalarda odamlar va mashinalar. Ular goʻyoki qandaydir qonli dengiz qobigʻi boʻylab borayotganday, chunki devorlar va derazalarda botayotgan quyosh shafaqlari hali-hamon akslanib turardi. Biz olomon ichiga oʻzimizni urdik. Harakat borgan sari kuchayardi. Qator boʻlib oʻtayotgan mashinalar, silkinib turgan, zulmkor sutrang shisha koʻzli bahaybat mahluqlarga oʻxshash omnibuslar, qoʻllari bilan ishorat qilib turgan kulrang shlyomli politsiyachilar oldidan yugurgilagancha oʻtib borardik. Men shunchalik qat’iyat bilan olgʻa intilardimki, qiz ancha uzoqda qolib ketdi. Nihoyat, paltoning tugmalari yechib qoʻyilganiga qaramay, quyuqlashib borayotgan siyohrang oqshom chogʻida hansiragancha yuqoriga, kerakli koʻcha tomonga oʻtib olgandim. Lekin juda kechikkan edim. Oʻsha lahzada revolverni mahkam ushlab, eshikni oyogʻim bilan bir tepib ochgancha, chaqqonlik bilan yertoʻlaga tusharkanman, oʻzini derazaga otib uni sindirgancha koʻchaga sakrayotgan mahluqning bahaybat soyasini koʻrib qoldim.

Yerda esa it tanib boʻlmas darajada burdalab tashlagan uy sohibining oppoq gavdasi qon halqobida yotardi.

* * *

Men butun vujudim bilan titrab, kitoblarga koʻmilgancha devorga suyanib turarkanman, mashina signali eshitildi. Zambil koʻtargan odamlar kirib kelishdi. Marhumning jasadi oldida turgan vrach menga gʻira-shira koʻrinardi. Rangi uchgan, tish-tirnogʻigacha qurollangan politsiyachilar ham jasad oldida turishardi. Atrof toʻla odam. Baralla ovoz bilan qizni chorlagancha oʻzimni shahar bagʻriga otdim. Koʻprikdan oʻtib uyimga yetib oldim. Lekin qiz u yerda yoʻq edi. Men jon achchigʻida, uyqusiz, yeyish-ichishni, dam olishni unutib, uni izladim. Politsiya ham oyoqqa turgan edi. Bahaybat maxluqsimon it hammaning yuragini vahimaga toʻldirgan. Qizni qidirayotganlarga yordam sifatida safarbar etilgan mahalliy garnizon askarlari zanjir halqalariday tizilishib, atrofdagi oʻrmonning titi-pitisini chiqarishdi. Sargʻish iflos suvli daryoda qayiqlar suzar, qoʻlida uzun xoda tutgan kishilar daryo tubini titkilashardi. Shahar va uning atrofida bahorning iliq yomgʻiri toʻxtovsiz yogʻib turgani sababli qidiruv ishini toshkonlarning gʻorlarida olib borishardi. Ular yonib turgan mash’alalarni bosh uzra koʻtarib, qizning nomini aytib baland ovozda chaqirishardi. Uni kanalizatsiya tunellaridan, hatto mahalliy kafedral cherkov tomlaridan ham izlashdi. Lekin u suv ostiga choʻkkanday dom-daraksiz ketgan, it ham gʻoyib boʻlgandi.

Oradan uch kun oʻtib, tunda uyimga qaytdim-da, horigan, boʻshashgan bir holatda kiyimlarimni ham yechmasdan oʻzimni karavotga tashlarkanman, xuddi shu lahzada pastda, koʻcha tomonda, qadam tovushlari eshitildi. Yugurgancha deraza oldiga bordim, uni ochib yubordim va derazadan boshimni chiqarib qaradim. Yarim tungacha quygan yomgʻirdan hoʻl boʻlgan yoʻl qora tasmaga oʻxshardi. Hoʻl asfaltda koʻcha chiroqlarining nuri notekis bir tarzda oltin rangda jimirlardi, koʻchadan qator daraxtlar boʻylab, egnida qora koʻylak, oyogʻida qizil boshmoqchasi, uzun sochining tolalari koʻkimtir ranglarga yoʻgʻrilib odimlardi qiz. Uning yonida esa tunday qop-qora, sariq dumaloq, yaltiroq koʻzli oʻsha it goʻyo begunoh qoʻzichoqdek yengil va sharpasiz yugurgilab kelardi.