OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifFyodor Dostoyevskiy
Asar nomiMa’suma (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Rus adabiyoti
Boʻlimlar
   - Realizm
Mualliflar
   - Fyodor Dostoyevskiy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonTohir Malik
Hajm96KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ma’suma (hikoya)
Fyodor Dostoyevskiy

O, bu yorugʻ olamdagi haqiqat naqadar dahshatli! Bu malak, bu ma’suma, bu osmon – mustabid edi, qalbimning chidab boʻlmas darajadagi shafqatsiz mustabidi, sitamgiri edi! Agar bularni aytmasam, oʻzimga-oʻzim tuhmat qilgan boʻlaman! Siz mening sevgimga ishonmayapsizmi? Shunday deb kim ayta oladi? O, bu shoʻri-gʻavgʻo, taqdir va tabiatning istehzoga toʻla shoʻri-gʻavgʻosi edi! Bizga qargʻish tekkan, odamzotning hayoti (jumladan meniki ham) qargʻish ostida qolgan.

Yozuvchidan

Odatdagi «Kundalik»[1] oʻrniga bu safar qissa havola etayotganim uchun oʻquvchilardan uzr soʻrayman. O’tgan oy chindan ham asosan shu qissa bilan band boʻlganim sababli oʻquvchilar aybsitmay iltifot qilarlar degan umiddaman.

Endi hikoya haqida. Xayoliy deb ataganim bilan oʻzim uni oliy darajadagi hayotiy hikoya deb hisoblamayman. Ammo shu oʻrinda, ayniqsa, hikoya shaklida mavhumlik borki, buni avvaldan izohlashni lozim deb topdim.

Gap shundaki, bu hikoya ham, kundalik ham emas. Bundan bir necha soat ilgari oʻzini derazadan tashlab, joniga qasd qilgan juvonning eri qanday xolatdaligini tasavvur qilib koʻring: stol ustida xotinining jasadi. Esankiragan er hali xayolini yigʻib ololmagan. U «xayolini bir nuqtaga jamlash», sodir boʻlgan voqeaning ma’nosiga yetish uchun u xonadan bu xonaga sarsari yuradi. Qolaversa, vahima kasali, oʻzi bilan oʻzi gaplashish xastaligi hukm oʻtkaza boshlagan. Oʻzi bilan oʻzi gaplashib, goʻyo sodir boʻlgan hodisani bayon qilyapti, aslida esa voqeani oʻzi uchun oydinlashtiryapti. Gaplari, dastlab izchilday tuyulsa-da, bir necha yerda ham mantiq, ham tuygʻu jihatdan qarama-qarshi fikrlarni aytadi. Oʻzini oqlab, uni ayblaydi, aloqasiz bahonalarni roʻkach qilib, tushuntirishga kirishib ketganda yurak va fikr toʻmtoqligi, ayni choqda, bunga zid oʻlaroq tuygʻu chuqurligi ayon boʻladi. Asta-sekin voqeani oʻzi uchun «oydinlashtiradi» va «xayolini bir nuqtaga toʻplaydi. Uygʻongan bir qator xotiralari uni oxir-oqibatda haqiqatga olib keladi: bu haqiqat uning ongi va qalbini shubhasiz yuksaklikka koʻtaradi. Hatto oxiriga borib hikoya ohangi boshlanishidagi betartiblikka nisbatan ancha oʻzgaradi. Haqiqat, hech boʻlmaganda shu bezorining oʻzi uchun yetarli darajada ravshan va aniq yuz ochadi.

Mavzu mana shu. Albatta, bir necha soat davom etadigan hikoya jarayonida uzuq-yuluqlik ham, oralatish ham, poyma-poylik ham uchraydi: dam u oʻziga-oʻzi gapiradi, dam goʻyo koʻrinmas tinglovchiga, qandaydir hakamga murojaat qiladi. Umuman hayotda hamisha shunday boʻladi. Agar uning gaplarini stenograf yashirincha eshitib, yozib olganda edi, men tavsiya etayotgan hikoyaga nisbatan toʻmtoqroq, gʻadir-budurroq bayon yuzaga kelib, ruhiy tartib esa oʻsha-oʻsha qolishi mumkin edi. Stenograf yozib olgan (men esam qayta sayqal bergan) degan farazim hikoyaning mavhumligini, hayotiyligini tashkil etadi. Zero, bu hol san’atda ilgari ham uchragan: masalan Viktor Gyugo «Oʻlimga mahkum etilganning soʻnggi kuni» degan durdonasida qariyb shu usulni qoʻllagan, garchi stenografni nazarda tutmagan boʻlsa-da, undan ham battarroq taxminga - oʻlimga mahkum etilgan odam faqat soʻnggi kunida emas, hatto soʻnggi soati, daqiqasida ham kundalik yoza oladi (va bunga vaqti yetarli) degan aql bovar qilmas farazga asoslangan. Agar bu mavhumlikka yoʻl bermaganda edi, bu asar ham, u yozib qoldirgan asarlar ichidagi eng hayotiy, eng haqgoʻy asarning oʻzi ham dunyoga kelmagan boʻlardi.

Men Kimu U Kim Edi

…Hozircha u shu yerda, menga birmuncha osonroq, dam-badam kelib termulaman: ertaga olib ketishadi - yolgʻiz qolaman – unda holim nima kechadi? U hozir katta xonada: ustiga movut qoplangan qarta oʻynaluvchi ikki stol birlashtirilib qoʻyilgan – u shu stol ustida yotibdi, ertaga tobut keladi, oppoq yogʻochdan ishlangan, oppoq tobut: darvoqe gap bu haqda emas… Men u xonadan – bu xonaga yura-yura voqeani oydinlashtirmoqchiman. Olti soatdan beri oydinlashtiraman deyman-u, xayolimni bir nuqtaga toʻplay olmayman. Faqat yuraman, yuraman, yuraman… Voqea bunday boʻlgan. Men bir boshdan, tartib bilan (tartib!) aytib beray. Janoblar, men adabiyotchi emasman, buni oʻzingiz sezib turgandirsiz, shunday boʻlsa ham, fahmim yetganini aytib beraman. Meni iskanjaga olib turgan dahshat ham shunda – hamma narsaga fahmim yetadi!

Agar bilishni istasangiz, aniqrogʻi, boshidan boshlaydigan boʻlsak, bu shunday gapki: ya’nikim, u «murabbiya uyga qatnab ham, boshqa yerga koʻchib borib ham dars bera oladi...» hokazo, hokazo mazmundagi xabarni «Golos»da e’lon qilish uchun yetarli mablagʻga muhtoj boʻlib, buyumlarini garovga qoʻygani kelgan edi. Bu – voqeaning muqaddimasi: men uni avvaliga boshqalardan farqlamadim ham: boshqalar qatori keladi, ketadi. Keyinroq, farqlaydigan boʻldim. U oʻrtadan xiyol tikroq, oq-malla sochli, xipchagina edi: mening oldimda oʻngʻaysizlanganidanmi, sal beoʻxshov harakat qilardi (nazarimda u begonaga roʻpara kelganda hamisha shu holga tushardi: chunki agar garovchi emas, oddiy odam sifatida qaralsa u uchun, mening boshqalardan farqim yoʻq edi). Pulni olardi-yu, shu zahotiyoq orqasiga oʻgirilib, joʻnab qolardi. Churq etib ogʻiz ochmasdi. Boshqalar koʻproq berishni talab qilib, talashadi, tortishadi, yalinadi… bu esa… yoʻq, ovoz chiqarmaydi. Berganni oladi… Men chalgʻib ketyapman shekilli… Ha, meni eng avvalo uning buyumlari hayratga soldi: tilla suvi yugurtirilgan kumush zirak, taqib yurishga nomus qiladigan, almisoqdan qolgan medalon, xullas, bir chaqaga qimmat buyumlar. Garovga qoʻyayotgan narsalarini yarim tangadan oshiqqa baholamasligimni oʻzi ham biladi, ammo men koʻzlariga qarab, buyumlar u uchun bebaho ekanini sezardim. Zirak, medalonlar ota-onasidan qolgan yodgorligini keyinroq bildim. Bir marta uni masxaralaganday boʻldim. Buni oʻzim ham kutmagan edim. Chunki, odatim boʻyicha, men mijozlarim oldida oʻzimni sipo tutaman: muloyimlik bilan, kam gapiraman, ammo jiddiylikni, qat’iyatni yoʻqotmayman: «Qat’iyat, qat’iyat, qat’iyat!» - mening ish uslubim shunga asoslangan. Bir kuni toʻsatdan u quyon terisining yulib-yulqilgan eski qoldigʻini (ha, ha, aynan qoldigʻini) keltirishga jur’at qilganda oʻzimni tutolmay qandaydir achchiq gap aytvordim. Voh, otaginam! Oʻsha zahoti lov etib yonib ketdi. Koʻzlaridan – katta-katta oʻychan, koʻm-koʻk koʻzlaridan uchqunlar sachraganday boʻldi. Shunda ham bir ogʻiz soʻz aytmadi, «qoldigʻi»ni oldi-yu, chiqdi-ketdi. Ana shunda men ilk bor boshqa mijozlarimdan farqlab, alohida kashf etdim va u haqda boshqacharoq, ha, aynan boshqacharoq fikrga keldim. Hatto ma’lum taassurot ham uygʻondi menda – uning yoshligi, juda ham yoshligi, xuddi oʻn toʻrt yoshli qizaloqday ekani (holbuki, oʻsha damda u uch oyi kam oʻn oltida edi), taassurotim yaxlitligini tashkil etdi. Darvoqe, men bu haqda gapirmoqchi emasdim, taassurotim butunligi ham bundan emasdi. U ertasiga yana keldi. Keyin bilishimcha, u mana shu bir parcha teri bilan Dobronravovga ham, Mozerga ham yoʻliqqan ekan: ular tilladan boshqa narsani garovga olishmaydi, shuning uchun bu qiz bilan gaplashib ham oʻtirishmabdi. Men esa undan hatto naqshin chigʻanoq ham olib qolgan edim. Olishga olib qolib, keyin oʻzim hayratga tushgan edim: men – tilla va kumushdan boʻlak hech narsani garovga qabul qilmaydigan odam, uning almisoqdan qolgan naqshin chigʻanogʻiga pul beribman-a! Qiz haqidagi ikkinchi fikrim oʻshanda uygʻongan, aniq esimda.

Bu safar u Mozernikida ishini bitirolmay, yana menga bosh egib kelgan edi. Havasga ishlangan mundshtugining koʻrinishi chakki boʻlmasa-da, tilla bilan muomala qiladigan bizday odamlarning oʻlchovida hech narsaga arzimasdi. Kechagi isyondan keyin yana kelgani uchun uni jiddiy qiyofada qarshiladim. Jiddiyligim – quruq niqob. Unga ikki soʻm uzatayotib, bir oz hayajon bilan gapirishdan oʻzimni tutolmadim: «Men faqat siz uchun shunday qilyapman. Mozer bunaqa narsani sira olmaydi». «Siz uchun» degan soʻz ma’lum ma’no anglatsin degan maqsadda alohida urgʻu berdim. Shu gapdan keyin bir chimdim kulga aylandim. U esa… «siz uchun»ni men istagan ma’noda tushunib, yana lov etib yondi, lekin indamadi, kambagʻallik nimalarga majbur qilmaydi - pulni qaytarib tashlamadi, oldi. Uning lov-lov yonishi!.. Men bir soʻz bilan igna sanchib olganimni sezdim. U chiqqach, toʻsatdan oʻzimni oʻzim savolga tutdim: nahot uning ustidan gʻolib chiqishning bahosi ikki soʻmgina tursa? He-he-he! Aniq eslayman: bu savolni ikki qayta takrorladim: «Ikki soʻmmi? Ikki soʻmmi?» keyin kulimsirab savolga oʻzim istagan, koʻnglimni iyitadigan javob topdim. Juda yayrab ketgan edim oʻshanda. Ammo qabih niyatim yoʻq edi: oʻylab bir maqsad bilan qarmoq tashlagandim: uni sinamoqchiydim, chunki xayolimda shu qizga tegishli ayrim fikrlar bexos oʻralashib yurardi. Bu u haqdagi uchinchi alohida fikrim edi.

…Xullas, hammasi oʻshandan boshlandi. Tabiiyki, men har tomonlama oʻylab, soʻrab-surishtirib, uning kelishini juda betoqatlik bilan kuta boshladim. Uning tez orada kelishini koʻnglim sezgan edi. U kelgach, beqiyos bir iltifot bilan baodob suhbatga berildim. Menga durustgina tarbiya berishgan, kerak mahalda muomalam bilan hamsuhbatimni rom qila olaman. Hm… ana shunda men uning nihoyatda mehribon va moʻ’min ekanini angladim. Mehribon va moʻ’min qizlar koʻp qarshilik koʻrsatolmaydilar, mayllarini butkul berib qoʻymasalar-da, suhbatga chap berib ketolmaydilar: gapga xasis boʻlganlari bilan savolingizga qisqa-qisqa javob beradilar. Savol qancha koʻp boʻlsa, oʻzingizning shoʻringiz – javob borgan sari qisqaraveradi. Shubhasizki, u oʻshanda menga bor gapni tushuntirmadi. «Golos» haqida ham boshqa masalalar haqida ham men keyinroq bildim. U soʻnggi umidda bor bud-shudini garovga qoʻyib, gazetalarda qayta-qayta e’lon berardi, dastlab, tabiiyki, bir oz takabburlik bilan boshlagan edi: ya’niki, «murabbiya, boshqa yerga ketishi ham mumkin, shartlar xat orqali ma’lum qilinsin» keyin: «hamma narsaga roziman: oʻqitishga ham, nadimalikka ham, uy-roʻzgʻorga qarashga ham, xastalarni boqishga ham koʻnaman, tikishni bilaman...» hokazo, hokazo. Bu yogʻi ma’lum… Bu gaplar e’lonlarga birin-sirin qoʻshilib, oxiri, pichoq suyakka taqalganda hatto «maoshsiz, faqat nom evaziga» ishlashga ham koʻndi. Shunda ham joy topolmadi! Shunda men uni soʻnggi marta sinamoqchi boʻldim: bugungi «Golos»ni olib e’lonni koʻrsatdim: «Hech kimi yoʻq juvon, yosh bolali oilada murabbiyalik qilishi mumkin, keksaroq beva erkaknikida boʻlsa yana yaxshi. Roʻzgʻor ishlarini yengillatishi mumkin».
- Mana koʻrdingizmi, e’lon ertalab chiqdi, kechgacha joy topadi. E’lonni shunaqa yozish kerak!

U yana lov etib yondi, koʻzlarida uchqun chaqnadi, shart oʻgirildi-da, chiqib ketdi. Bu ishi menga juda-juda yoqdi. Qolaversa, men endi qoʻrqmasdim, niyatimga yetishimga amin edim: mundshtugi qoʻldan ketgan. Uchinchi kuni rangi oqargan, sarosimaga tushgan holda keldi – uyida bir gap boʻlganini tushundim, darhaqiqat, boʻlgan ekan. Nima gapligini hozir aytaman, avval bashangligim bilan koʻzi oldida qanday qad rostlaganimni eslatay. Ha, birdan menda shunaqa niyat paydo boʻldi. Gap shundaki, u ikona olib keldi (jur’atni qarang!). Ha, eshiting! Eshiting! Oʻshanda boshlandi hammasi, men esa boyatdan beri chalgʻiyapman. Garangsishimning boisi, men har bir mayda-chuydani, har bir chiziqchani eslamoqchiman. Xayolimni bir nuqtaga toʻplamoqchiman – eplolmayapman, bu chiziqchalar, chiziqchalar…

Bibi Maryam ikonasi. Goʻdak koʻtargan Bibi Maryam – uy toʻriga qoʻyiladigan, qadimiy, naqshlari tilla suvi yugurtirilgan kumushdan ishlangan ikona – narxini olti soʻm atrofida baholash mumkin. Ikonaning qadrli ekanini bilib turibman, u Bibi Maryam tasvirini zarhal naqshidan chiqarmay uzatdi. «Naqshinkor qoplamani chiqarib, Bibi Maryam tasvirini olib ketavering, har holda ikona ikona-da…» - dedim.
- Ikonani olish mumkin emasmi?
- Gap mumkin yo mumkin emasligidamas, balki u oʻzingizga…
- Mayli, chiqaraqoling.
- Bilasizmi, men chiqarmayman. Hov anavi yerga, sanam qutisi yoniga qoʻyib qoʻyaman, - dedim bir oz oʻylagach, - boshqa ikonalar bilan jinchiroq yonida (doʻkonni ochishim bilan jinchiroqni yoqib qoʻyish odatim bor) turadi. Ikonaning shu turishiga oʻn soʻm olasiz.
- Oʻn soʻm kerak emas. Besh soʻm yetadi. Men pulingizni toʻlab, albatta qaytarib olaman uni.
- Oʻn soʻm kerakmasmi? Ikona shunchaga arziydi, - dedim.

Bu gapdan keyin qizning yonganini sezdim. U gapirmadi. Men ichkariga kirib besh soʻm olib chiqdim.
- Siz hech kimdan nafratlanmang, men ham bu iskanjani tatib koʻrganman, ahvolim battarroq edi. Garovchi boʻlib qolishim… oʻsha azoblardan keyin…
- Albatta, hamma yerda yaxshilik qilish mumkin, - dedi u menga yashin tezligida nigohini tashlab. – Aynan hamma yerda, - deb yana ta’kidlab qoʻydi.
- Oʻchingizni jamiyatdan olyapsizmi? A? – degan achchiq kesatiq bilan gapimni boʻldi. Istehzosida ham ma’sumalik bor edi (u meni boshqalardan farqlay olmas edi, shu sababli aytgan gapi zarracha aybli emasdi). «Ha! – deb oʻyladim, - yangicha yoʻnalishdagi fe’ling bor ekan-ku, oxiri fosh qilding-ku!».
- Bilasizmi, - dedim oʻsha zahoti unga javoban yarim xazil, yarim sirli ohangda, - «Men yovuzlik maqsadida urugʻ sochib, yaxshilik mevalarini yetishtiruvchilar boʻlagining bir zarrasiman».

U zoʻr qiziqish bilan, hatto bolalarcha qiziqish bilan yalt etib menga qaradi.
- Toʻxtang… bu kimning fikri! Qayerdadir eshitganman.
- Boshingizni qotirmang. Mana shu gaplar bilan Mefistofel Faustga oʻzini tanishtiradi. Faustni oʻqiganmisiz?
- Oʻqi… oʻqiganmanu, sal bee’tiborroq….
- Aniqrogʻi, umuman oʻqimagansiz. Albatta oʻqish kerak. Lablaringizda yana istehzo koʻryapman. Sizdan iltimos, meni juda didsiz deb oʻylamang, garovchiligimni yashirish uchun oʻzimni Mefistofelday koʻrsatmoqchi emasman. Garovchi garovchiligicha qoladi. Bilamiz…
- Qiziq ekansiz… Bu gap xayolimga ham kelgani yoʻq.

U «bilimdon ekaningizni kutmagan edim», demoqchi edi, lekin aytmadi, aytmasa ham xayolidagini oʻqidim: men uning koʻnglini topgan edim.
- Har sohada ham, - ta’kidladim men, - yaxshilik qilish mumkin. Men oʻzimni nazarda tutayotganim yoʻq, mening qoʻlimdan ahmoqlikdan boʻlak ish kelmaydi, lekin…

O, esimda, har bir daqiqa esimda! Yana bir narsani qistirib ketishim kerak: bu yoshlar, bu dilbar yoshlar qanaqadir aqlli, gʻalati fikr bilan sugʻorilgan gapni aytmoqchi boʻlishsa birdaniga chehralari haddan tashqari samimiyat va soddalik nuriga toʻladi: «mana, men sizga aqlli va nodir fikrga toʻla gap aytdim» - yoʻq, boshqalar kabi manmanlikdan paydo boʻlmaydi bu nur (aslo!), u aytganlarini behad qadrlaydi va unga ishonadi, avaylaydi, siz ham xuddi shunday avaylaysiz deb oʻylaydi. O, samimiylik! Mana shu bilan gʻolib chiqishadi-da! Qizdagi samimiylik esa gʻoyat yoqimli edi.

Yodimda, hech nimani unutganim yoʻq! U chiqib ketgach, uzil-kesil hal qildim. Oʻsha kuniyoq u haqdagi qolgan ma’lumotlarni miridan-sirigacha bilishga kirishdim. Bilib oldim ham. Avvalgi ma’lumotlarni ularnikida xizmat qilgan, bir necha kun burun arzimas pulga sotib olganim Lukeryadan eshitgan edim. Yangi ma’lum boʻlgan sirlar shu qadar dahshatli ediki, bu ahvolda qanday qilib kulish mumkinligiga, oʻzi dahshatli bir ahvolda boʻlaturib qanday qilib Mefistofel soʻzlariga qiziqishi mumkinligiga hali-hali aqlim bovar qilmaydi. Yoshlikning qudratimi bu! Men u haqda aynan shularni ham gʻurur, ham shodlik bilan oʻyladim, chunki bu yerda yana olijanoblik ham bor-da: oʻzi halokat chohida turgani holda, Gyotening buyuk soʻzlaridan koʻzlarida nur porlayapti. Yoshlikda bir tomchi boʻlsa-da, bizdan teskari tomonga ogʻib tursa-da, olijanoblik bor. Men uni, faqat uni nazarda tutyapman. Eng muhimi oʻshanda qudratimga mutlaqo ishonib, unga oʻzimniki, sifatida qaradim. Mutlaqo ishongan onlaringizda bu fikr shahvoniy ma’no kasb etarkan.

Menga nima boʻlyapti? Shunaqa ezmalik qilsam, fikrimni qachon bir nuqtaga toʻplayman? Tezroq, tezroq, e, xudoyim, axir gap boshqa yerda-ku!

Sovchilik

Uning sir-asrorini bir soʻz bilan aytadigan boʻlsam: ota-onasi uch yil avval oʻlib ketib, betayin xolalari qoʻlida qolgan ekan. Toʻgʻrirogʻi, ularni betayin deyish ozlik qiladi. Bir xolasi beva, biri-biridan kichik olti bolasi bilan qolgan, yana bir xolasi - qariqiz, qurumsoq, rasvo xotin. Ikkala xolasi ham rasvo. Qizning otasi chinovnik oʻtgan, mirzalardan boʻlgan, dvoryanlikka oʻzi erishgan odam ekan. Xullas, hammasi mening foydamga. Har holda men - yuqori tabaqa vakiliman, ajoyib polkning iste’fodagi shtabs-kapitaniman. Nasl-nasabim toza dvoryanlardan, birovga muhtojlik yerim yoʻq, hokazo, hokazo... qilayotgan ishimga xolalari faqat e’tibor bilan qarashlari turgan gap. Xolalariga uch yil choʻrilik qilgan. Shunda ham imtihondan oʻta olgan, kundalik mehnat azobidan yulqinib chiqib, imtihondan oʻta olish - uning olijanoblikka, yuksaklikka intilishidan dalolat edi. Axir men nima uchun uylanmoqchi edim? E, oʻzim haqimdagi gaplarga tupuraman, bu haqda keyin.. gap bu yerda emas! Xolalarining bolalarini oʻqitgan, tikadiganlarini tikkan, oxir-oqibatda kirgina emas, shu nimjongina gavdasi bilan egilib, pol ham yuvgan. Shu azobi evaziga... xolalarining kaltagidan boshi chiqmagan. Kaltak bilan qanoatlanmagan marazlar uni sotishgacha borib yetishgan. Tfu! Iflos tafsilotlarni tushirib qoldiraman. Bularning hammasini keyinroq oʻzi menga aytib bergan. Uning ahvolini yil davomida qoʻshni semiz baqqol, oddiy emas, ikki doʻkoni bor baqqol obdan kuzatgan. U avvalgi ikki xotinini ura-ura oʻldirib, endi uchinchisining ilinjida edi. Iflos koʻngli shu qizni tusabdi: «moʻmingina, kambagʻallikda oʻsdi, yetimlarimning gʻamini yeb uylanaman»... Chindan ham yetimchalari bor edi. Ellikni urib qoʻygan bu baqqol qizga sovchi qoʻyib, xolalari bilan til biriktira boshlagan. Qiz - dahshatda! Xuddi shu vaqtda «Golos»ga e’lon berish maqsadida menga yoʻliqqan. Xolalariga yalinib-yolvorib, oʻylab koʻrish uchun jichcha vaqt berishni soʻradi. Jichcha vaqt berishdi, boshqa bir daqiqa ham qoʻshishmadi. Quloq-miyasini yeb yuborishdi: «Oʻzimizga yegulik narsa yoʻq, tekintamoqlardan bezormiz...» Men bularni bilardim. Oʻsha kuni ertalab qiz kelib-ketgandan keyin bir qarorda toʻxtadim. Kechqurun baqqol yarim soʻmlik shirinlik olib ularnikiga kirdi: qiz u bilan birga oʻtirardi. Oshxonadan Lukeryani chaqirtirib, qizning qulogʻiga shipshit, zarur gapim bor, darvoza oldida kutaman, dedim. Qilgan ishimdan koʻnglim toʻldi. Umuman oʻsha kuni oʻzimdan -oʻzim behad mamnun edim.

Darvoza yonidayoq unga, Lukerya orqali chaqirtirganimdan hayratga tushgan qizga maqsadimni tushuntirdim: uning rizoligi men uchun baxt ekanini aytdim. Ikkinchidan: bu harakatimdan, darvoza yonida turgan «hamma gapdan boxabar» odamning dangal taklif qilishidan hayron boʻlmasligini soʻradim. Aldamayotgan edim chindan ham dangalchi edim. He, tupurdim! Men faqat tarbiya koʻrgan odamning sipoligi bilan emas, eng muhimi - yangicha ohangda gapirdim. Nima, buni tan olish gunohmi? Men oʻzimni-oʻzim ayblamoqchiman, ayblayapman ham. Men barchasiga pro va contra[2] aytishim kerak, aytaman ham. Men bu damni, keyinchalik ham rohat bilan eslar edim, garchi tentaklik boʻlsa ham, birinchidan, aytarli iqtidorga ega emasligimni, hatto, xushfe’llikdan uzoqligimni, bir chaqaga qimmat xudbin (Bu ibora aniq esimda: kela-kelguncha oʻylab topib, koʻnglim xotirjam boʻlgan edi), ekanimni va boshqa masalalarda anchagina koʻngilsizliklarga sabab boʻlishim mumkinligini hech qanday hijolatsiz, taraddudsiz, dangaliga aytdim. Bularning bari oʻzingizga ma’lum alfozda – alohida bir magʻrurlik bilan aytildi. Albatta, kamchiliklarimni olijanoblik ila ma’lum qilgach, «bularning oʻrniga mana bu, mana bu yaxshiliklar ham bor», deb fazilatlarimni bayon qilishga tushmadim – bunga farosatim yetardi. U damda men uning nihoyatda qoʻrqayotganini koʻrib turardim. Koʻrib-bilib turib, hech nimani yumshatmadim, aksincha, battar kuchaytirdim: qorni toʻq boʻlishini, xilma-xil liboslar, teatr ziyofatlarga esa yoʻl yoʻqligi, oradan vaqt oʻtib maqsadimga erishgach, balki bular ham amalga oshishi mumkinligini ochiq aytdim. Gaplarimdagi qat’iy ohang meni oʻziga maftun etardi. Shu ishga qoʻl urgan ekanman, ya’ni garovchilikni boʻynimga olgan ekanman, bir maqsadim borligini, bir sharoit majbur qilayotganini soʻz orasida qistirib oʻtdim. Shunday deyishga haqqim bor edi: chindanam bir maqsad, ma’lum bir sharoit tufayli edi bu yumushim. Toʻxtang, janoblar, men umrim boʻyi bu yumushdan nafratlanganman, nafsilamrini aytganda, oʻz-oʻziga sirli iboralar bilan bayon qilish kulgili tuyulsa-da, «jamiyatdan oʻch olishim» chin edi, chin edi, chin edi! Shu bois uning ertalabki «oʻch olish»im haqidagi qochirimi oʻrinsiz edi. Ya’ni, bilasizmi, agar men unga toʻgʻridan-toʻgʻri «Ha, jamiyatdan oʻch olyapman» desam, xaxolab yuborardi, umuman bu javobim kulgili chiqardi. Boshqa yoqqa ishora qilib, sirli ibora bilan tasavvurni oʻgʻirlash mumkin ekan. Undan tashqari, bu paytda men hech nimadan qoʻrqmas edim: semiz baqqolga nisbatan oʻlsam oʻligim ortiqligini, darvoza oldiga xaloskor sifatida kelganimni yaxshi bilardim. Buni tushunardim. O, qabihlikni odam a’lo darajada tushunadi! Bu qabihlik edimi? Qanday hukm chiqarish kerak? Axir oʻsha paytdayoq uni sevmas edimmi?

Toʻxtang: himmat haqida shubhasiz yarim ogʻiz ham gap aytmovdim: aksincha, o, aksincha: «Marhamat nuriga siz emas, men yoʻgʻrilaman» - oʻzimni tutolmay, bularni soʻz bilan ifodalagan edim, yuzining bir uchib tushganiga qaraganda, gapim telbanamo chiqqan edi. Xullas kalom, uzil-kesil gʻalaba qozondim. Toʻxtang, bu iflosliklarni eslayotgan ekanman, soʻnggi toʻngʻizligimni ham yodga olay: men uning roʻparasida turardim, boshimda esa xayollar gʻuvillaydi: boʻying baland, kelishgan erkaksan, odoblisan va nihoyat, maqtanishdan tashqari, bib-binoyisan. Kallam shu gaplar bilan band edi. Lekin… lekin xoʻp deyishdan oldin, shu yerda, darvoza yonida uzoq oʻyga tolganini unutmasligim kerak. Shu qadar koʻp, shu qadar koʻp oʻyladiki, toqatim toq boʻlib «Xoʻsh?» deb yuborishdan oʻzimni tutolmadim. Shunchaki, «xoʻsh!» emas, kiborlarcha «Xo-osh, nima deysiz?» deb soʻradim.
- Shoshirmang, oʻylab olay...

Chehrasi shu qadar jiddiy edi-ki, oʻylarini oʻqib olishim hech gap emasdi! Ammo men unday qilmadim – koʻnglim ranjidi: «Nahotki men bilan baqqolni solishtirib, tanlasa», deb oʻyladim. O, men unda tushunmas edim! Hech narsani, hech narsani tushunmasdim! Yodimda, ketayotganimda Lukerya meni yoʻlda toʻxtatdi. «Oyimtillaga uylanayotganingiz uchun xudo sizdan marhamatini ayamaydi, janob, faqat unga himmat qilayotganingizni ayta koʻrmang, u judayam magʻrur qiz» dedi shosha-pisha.

Magʻrur emish! Oʻzim ham magʻrurlarni yoqtiraman. Magʻrurlik qachon yarashadi?.. boshqalarga nisbatan qudratliroq ekaningni bilib turganing-da toʻgʻrimi? O, pastkash, besoʻnaqay odam! O, men qanday mamnun edim. Oʻsha darvoza yonida meni hayron qoldirib, uzoq oʻyga botib turganda, xayoliga mana bu fikr kelishi mumkinmidi: «Hamonki baxtsizlik u yerda ham, bu yerda ham bor ekan, eng yomonini tanlaganim ma’qul emasmi? Semiz baqqolni tanlasam, mast holda tezroq urib oʻldirib, meni bu azoblardan biratoʻla qutqargani durust emasmi!» Xoʻsh? Nima deb oʻylaysiz, shu fikr xayoliga kelishi mumkinmidi?

Ha, hozir ham tushunmayman, hech nimani tushunmayman. Hozirgina ikki baxtsizlikdan eng yomonini, ya’ni baqqolni tanlashi haqidagi xayolga borishi mumkinligini aytdim. Oʻsha paytda u uchun yomonrogʻi kim edi – menmi yo baqqol? Savdogarlarmi yo Gyotedan misol keltirib gapiradigan garovchimi? Shu ham savolmish! Savolga balo bormi? Nimaga tushunmaysan: javob stol ustida yotibdi-ku! Savoling nimasi? Tupurish kerak menga! Hozirgi gap mutlaqo menda emas. Darvoqe, gap mendami, mendamasmi, nima ahamiyati bor endi. Mana shuni fahmlab ololmayapman. Undan koʻra uxlaganim ma’qul. Boshim ogʻriyapti.

Odamlar Orasidagi Oʻzim Ham Ishonmaydigan Olijanob

Uxlolmadim. Uxlash qayoqda, boshim loʻqillaydi. Bularning hammasini, iflosliklarning barchasini anglab yetgim keladi. O, nopoklik! O, men uni qanday botqoqdan chiqarib oldim! Axir buni tushunishi, iltifotimni qadrlashi lozim edi-ku! Menga turli xayollar, aytaylik, oʻzimning qirq birda ekanim, uning endi oʻn oltiga toʻlgani haqidagi xayol juda yoqardi. Mana shunga maftun edim, tengsizlik hissi shirin edi, oh, juda shirin edi.

Men, misol uchun toʻyni à l'anglaise[3] faqat ikkalamiz va yana ikki guvoh ishtirokida (guvohlarning biri shubhasiz Lukerya boʻlardi) qilib, oʻsha zahoti vagonga oʻtirib Moskvagami (aytmoqchi, voqea oʻsha yerda boʻlgan), biron mehmonxonagami joʻnash niyatida edim. U qarshilik bildirdi, ruxsat bermadi va men xolalari huzuriga qiz uzatuvchi qarindoshlar huzuriga borganday iltifot bilan bordim. Yon bosdim unga, xolalarining izzatini ham joyiga qoʻydim. Men yana bu mahluqlarga yuz soʻmdan pul berdim, ustiga yana va’da qildim, shubhasiz, bu pastkashlikdan ozor chekmasin deb, unga lom-mim demadim. Pulni olgach, xolalari ipakdek eshilib qolishdi. Sep haqida tortishuv boʻldi: uning hech vaqosi yoʻq edi, oʻzi ham hech nimani xohlamasdi. Men unga hech nimang kerakmas, deb ishontirdim, sepni ham boʻynimga oldim, mendan boshqa yana kim sep qilardi? Keling, oʻzim haqimdagi gaplarga tupuraylik. Ba’zi gʻoyalarim bilan uni oʻsha damning oʻzida tanishtirishga ulgurdim, hech boʻlmaganda umumiy jihatlaridan boxabar boʻlsin, dedim. Balki shoshqaloqlik qilgandirman? Eng muhimi, oʻzini tutishga qanchalik urinmasin, u avval boshidanoq, bagʻrimga muhabbat bilan otilib kirdi, kechalari qaytganimda kutib olib, hayajon bilan, shivirlab (ajib, bokira shivir bilan) goʻdakligini, bolaligini, uylarini, ota-onasini gapirib berardi. Ammo men bu zavq otashini sovuq suv qoʻyib sovutardim. Mening gʻoyam shundan iborat edi. Uning hayajonlariga men sukut bilan javob qaytarardim, albatta, bu onda xayrixohligimni yashirmasdim… shunga qaramay, u ikkimizning tamoman boshqa-boshqa ekanimizni, mening turgan-bitganim jumboq ekanini tez fahmlab yetdi. Men eng muhimi, shu jumboqqa zoʻr berdim. Balki shu jumboqni yechish uchun ham men bu tentaklikni kashf qilgan edim! Dastavval qattiqqoʻllik – ostona hatlash bilan shu qattiqqoʻllikni tatidi. Xullas, oʻshanda mamnun yurgan holda oʻzimga xos tartib turlarini yaratdim. O, bu tartib hech bir zoʻriqishsiz, oʻz-oʻzidan yaraldi. Boshqacha boʻlishi mumkin emasdi, men bu tartib toʻrini shafqatsiz sharoit talabiga koʻra yaratdim, axir oʻzimni choʻqitib qoʻyolmasdim-ku. Tartib haqiqatga zid emasmi. Yoʻq, siz oxirigacha eshiting, odamga gunoh ortishdan oldin, sababini bilish kerak… Eshiting!

Nima deb boshlasam ekan, tushuntirish juda ogʻir. Oʻzingni oqlashni boshlasang – tushuntirish ogʻir kechadi. Bilasizmi, yoshlar koʻp narsadan, masalan puldan ham nafratlanadi, men esa, pulga mukkamdan ketgan edim. Pul ustiga oʻligimni tashlaganim sayin – u nafasini ichiga yutaverdi. Katta koʻzlarini jovdiratib qarab, tinglab, oqibatda jim qolaverdi. Yoshlar olijanoblar, aniqrogʻi yaxshi yoshlar ham olijanob, ham shiddatkor, shundanmi, sabr-toqatsiz, sal narsaga lov etib yonishadi-yu, nafratlarini yashirisholmaydi. Men esa kenglikni istardim, kenglik urugʻini uning yuragiga sepmoqchi edim, ta’bir joiz boʻlsa, yurak koʻzi bilan kengroq qarashga oʻrgatmoqchiydim. Tuban bir misol keltiray: xoʻsh, men qanday qilib bunday fe’l-atvorli odamga garov xazinamni tushuntira olardim? Shubhasizki, agar toʻgʻridan-toʻgʻri bu haqda gap boshlasam, shugʻullanayotgan yumushim uchun uzr soʻraganday boʻlardim. Shuning uchun oʻzimni magʻrur tutdim, qariyb sukut bilan gapirdim. Sukut bilan gapirishga suyagim yoʻq mening, butun umrim sukut bilan gapirishda oʻtdi, boshimga tushgan mudhish savdolarni ham sukut bilan yengdim. O, axir men qanday baxtsizliklarni boshimdan kechirmadim! Meni koʻkragimdan itarib, xuddi keraksiz matohday itqitib tashlashgan edi, unutib yuborishgan edi, buni hech kim, hech kim bilmaydi! Kutilmaganda bu oʻn olti yoshli «oyimtilla» razil odamlar tilidan men haqimdagi yaramas gaplarni eshitib, hamma narsadan xabar topdim, deb oʻylabdi, ezguliklar odamning faqat koʻkragidagina qolganini esa fahmlamabdi. Men esa sukutni saqlayverdim, ayniqsa, u bilan birga boʻlganimda tilim tish hatlamasdi. Kechagi kunga qadar shunday davom etdi. Nima uchun «Ichimdagini top», deb sukut saqladim? Magʻrurligim tufayli. Men bu odam toʻgʻrisidagi bor haqiqatni, uning koʻnglidagi yashirin ezguliklarni oʻzi, tuban odamlar hikoyasi orqali emas, balki oʻzi anglab yetishini istardim. Uyimga boshlab kelar ekanman, men undan toʻla hurmat, e’tibor kutgan edim. Men uning boshimdan kechirgan azoblarim evaziga tiz choʻkib ibodat qilishini xohlagan edim – shunga arzirdim. O, men hamisha magʻrur boʻlganman, hech qachon oʻrtamiyonaga toqat qilmaganman, yo hammasiga erishishni yo hammasidan biratoʻla voz kechishni istaganman. Yarimta baxtga toqat qilolmaganim, yaxlit, butuniga intilganim sababli ham «oʻzing bilib ol va qadrimga yet» qabilida ish tutishga majbur edim. Axir, oʻzingiz oʻylab koʻring, agar men unga tushuntirishni, aytib turishni boshlasam, yaltoqlansam, hurmat qilishini soʻrasam – gadodan nima farqim qoladi?.. Darvoqe… darvoqe… nima uchun men bularni gapirayotibman?

Tentaklik, tentaklik, tentaklik va yana tentaklik! Oʻshanda men unga yoshlarning olijanobligi juda goʻzal, ammo bir chaqaga arzimasligini ikki ogʻiz soʻz bilan ochiq va shafqatsizlarcha (shafqatsizligimni ta’kidlagim keladi) tushuntirdim. Nima uchun bir chaqaga qimmat? Shuning uchunki, yoshlarga hammasi osonday tuyuladi, olijanobliklari, yengil qoʻlga kiritilgan, ya’ni xali achchiq-chuchugini tatimay turib, hayotdan olgan dastlabki taassurotlari asosida yuzaga kelgan; vaqti kelib, mehnat iskanjasiga tushishgach, ahvollarini bir koʻramiz. Arzon olijanoblik hamisha yengiltak boʻladi. Hatto hayotini ham arzon-garovga berishi mumkin – chunki qoni qaynab, kuchi oshib-toshib yotibdi, koʻngli goʻzallikka jon-jahdi bilan intiladi. Qani, ogʻir va sokin, jarangsiz, hashamsiz, gʻiybatlarga toʻla, zarracha shuhrat keltirmaydigan, ammo qurbonlik talab etuvchi olijanoblik jasoratini olaylik-chi. Xoʻsh, bu jasoratni tatib koʻring-chi, yoʻq-yoʻq, rad etasiz . «Yer yuzidagi barchadan nomusliroq boʻlganingiz holda jamoatga ablah sifatida koʻrsatilgan yorugʻ yuzli odam, qayerdasiz?» - deyishga haqlimanmi? Ha! Chunki men bu jasoratni bir umr koʻtarib oʻtyapman. U avvaliga men bilan astoydil bahslashdi, keyin jim boʻla boshladi, oxiri nafasini yutdi, koʻzlarini dahshat bilan ochib tingladi. Koʻzlari katta-katta edi… Shu asnoda men… men uning koʻzlarida sokin, yoqimsiz, ishonchsiz bir kulgini koʻrdim. Ana shu kulgisi bilan men uni uyga olib kirdim. Toʻgʻrirogʻi, uning boshqa boradigan joyi yoʻq edi…

Nuqul Rejalar, Rejalar

Oʻshanda kim birinchi boʻlib boshladi?

Hech kim. Birinchi qadamdanoq oʻzi boshlandi. Men uni qattiqqoʻllik bilan uyga yetaklab kirdim, devdim, ammo qattiqqoʻllikni ilk odimdayoq oʻzim yumshatdim, qalliqlik chogʻidayoq, garovga buyum olib qolib, pul berish bilan shugʻullanishi tushuntirilgan, u esa indamagan edi (Buni eslab qoling). Eng qizigʻi, bu ishga astoydil kirishuvdi. Albatta, uy, jihozlar oʻsha-oʻsha edi. Uyim ikki xonali: biri katta zal, ozgina qisminigina kassa egallagan: ikkinchisi ham keng-moʻl, yotar-turar joyimiz shu yerda. Jihozlarimning mazasi yoʻq, hatto xolalarinikidan ham xarobroq. Shamchiroqli ikonam zalda, kassa yonida: xonamdagi javonda (kaliti menda turadi) bir necha kitob va garovlarning shartlari: yana toʻshak, stol, stullar… Yemoq-ichmogʻimiz uchun Lukerya uchovimizga, men uni ogʻdirib olgan edim, kunda koʻpi bilan bir soʻm ajratajagimni aytib, «Uch yilda oʻttiz ming jamgʻarishim kerak, tejab-tergashga majburman», deb tushuntirgandim. U qarshilik bildirmagan edi, shunda ham men kunlik harajatni koʻpaytirib, bir soʻmu oʻttiz tiyin deb belgiladim. Buning yoniga teatr koʻshildi. Qalliqlik davrida teatr degan gap yoʻq degan edim, biroq qarorimni oʻzgartirib, oyda bir marta boradigan, borganda ham yumshoq oʻrindiqlardan joy oladigan boʻldim. Uch marta birga bordik, «Muhabbat izidan quvish», nazarimda yana – «Sayroqi qushlar»ni koʻrdik shekilli (o, tupurish kerak bunga, tupurish!) jimgina borib, jimgina qaytardik. Nima uchun, nima uchun ilk qadamimizdayoq sukutni ravo koʻrdik. Axir dastlab oramizda nizo boʻlmagandi-ku? Sukut nimasi edi! Esimda, u menga tez-tez koʻz qiri bilan qarab qoʻyardi, men uni sezardim, seza turib battar sukutga berilardim. Toʻgʻri, sukutga u emas, men jon-jahdim bilan yopishdim. U bir-ikki marta oʻzini tutolmay quchoqlashga tashlanganda ham sovuq muomalamni oʻzgartirmadim. Chunki unda uygʻongan toʻlqin dardchil, jazavali edi: menga esa uning astoydil e’zozidan kelib chiqadigan chinakam baxt lozim edi. Men haq edim: har bir toʻlqindan keyin ertasigayoq orada nizo chiqardi.

Toʻgʻrirogʻi buni nizo deyish ham qiyin. Chunki janjalimiz ham sukutda oʻtardi – uning qarashlarida borgan sayin «Isyon va mustaqillik»ka moyillik kuchayardi, ammo qarashlarini amalga oshirishga ojiz edi. Ha, bu ma’suma chehra kundan-kunga dagʻallashardi. Ishonsangiz, ishonmasangiz, u mendan jirkana boshlardi – men buni yaqqol his qilib turardim. Ba’zan ichki toʻlqinlarini jilovlay olmay oʻzidan ketishiga shubha yoʻq edi. Misol uchun aytsam, kechagina pol yuvishdan boshi chiqmagan oyimtilla nochorlik botqogʻidan qutulib, bugun kambagʻalligimdan burnini jiyiradigan boʻlib qoldi! Turish-turmushimiz pokiza, kerak joyda hashamga ham oʻrin bor, aytmoqchimanki, mening uyimda qashshoqlik emas, tejamkorlik xukmron edi. Men ilgarilari ham erning sarishtaligi xotinning koʻnglini band etadi deb hisoblar edim. U qashshoqligimni la’natlamas, balki tejamkorligimni baxillik hisoblab, «aniq maqsadi borligini, qat’iy irodasini koʻrsatmoqchi», deb mendan nafratlanardi. Teatrdan kutilmaganda oʻzi voz kechdi. Mazaxli chimirilishlari beshbattar koʻpaydi… Men esa sukutni kuchaytirdim, sukutga zoʻr berdim.

Axir oʻzimni oqlamayman-ku! Bu yerda eng muhimi qarz kassasi. Iltifot qiling: men ayolning, ayniqsa oʻn olti yoshida, erkakka butunlay boʻysunmasligi mumkin emasligini bilardim. Ayollarda originallik yoʻq – bu isbot talab etmaydigan haqiqat, hatto hozir ham bu men uchun isbotsiz haqiqat! Zalda yotgan boʻlsa nima qilibdi: haqiqatni haqiqat deyish kerak, bu yerda Mill[4] ham ojiz. Sevuchi ayol esa, o, sevuchi ayol esa, koʻngli maylini olgan kimsaning barcha kamchiliklarini, hatto yovuzliklarini ilohiylashtiradi.

Oʻsha kimsa yovuzliklarini yuvish uchun arzirli bahona topa olmaydi. Ammo sevuchi ayol unga fatvo topib beradi. Bu oliyhimmatlik, ammo originallik emas. Ayolni faqat nooriginallik badnom etadi. Qaytarsam nima boʻlibdi, stol ustini nimaga imlab koʻrsatyapsiz? Stol ustidagi original demoqchimisiz? O-o?..

Bilib qoʻying: uning muhabbatiga oʻshanda amin edim. Axir boʻynimga osilib olgan edi-ku. Demak, sevardi, aniqrogʻi sevishni istardi. Ha, shunday edi: sevishni istardi, muhabbatini izlardi. Eng muhimi shundaki, bu yerda u fatvo topib berishi lozim boʻlgan yovuzlikning oʻzi yoʻq edi. Garovchiligimni aytyapsizmi? Buni hamma gapiradi. Garovchi boʻlsam nima! Olijanoblarning olijanobi shu ishni oʻziga lozim koʻrgan ekan, demak sababi bor. Bilasizmi, janoblar, gʻoyalar bor… Ya’ni bilasizmi, agar oʻzga gʻoya aytilsa, soʻz bilan ifoda qilinsa juda ahmoqona chiqadi. Oʻzimdan-oʻzim uyalib ketaman. Nimaga? Hech nimaga. Chunki biz yaramas odamlarmiz, haqiqatga chidolmaymiz, agar gapimni yolgʻon desangiz, bilmadim, qanday odam ekanmiz. Men hozir «olijanoblarning olijanobi» dedim. Kulgilimi, lekin gapning chini shu! Axir bu haqiqat, ya’ni hakiqatlar ichra eng oliy haqiqat-ku! Men bu kassani ochish, oʻzimni-oʻzim ta’minlash istagiga toʻla haqli edim: «Siz meni chetga surib chiqardingiz, siz odamlar, ha, siz meni jirkanch sukutingiz bilan oralaringizdan haydadingiz. Siz tomonga ehtiros va shiddat bilan intilishimga javoban bir umrga ranj-alam qaytardingiz. Shunday ekan, endi men qalin devordan toʻsiq qilib olishga, oʻsha oʻttiz mingni toʻplab, Qrimdanmi, janubiy sohildanmi yer-mulk sotib olib, umrimning qolgan qismini togʻlarda, uzumzorlarda, eng muhimi – sizlardan uzoqroqda, ammo sizlarga kek saqlamasdan, koʻnglimdagi oliy maqsadim bilan, yurakdan sevuchi ayolim bilan, xudo bersa oilam bilan, yon qoʻshnilardan yordamimni ayamasdan yashashga toʻla haqqim bor». Yaxshi hamki bu gaplarni endi ovoz chiqarib oʻzimga-oʻzim aytyapman, agar ilgariroq uning qulogʻiga quyganimdami, bundan bema’niroq ish boʻlmasdi. Mening magʻrurona sukutim ham, jimgina oʻtirishlarimiz ham aynan shundan. Axir u tushuna olarmidi? Oʻn olti yosh – yoshlikning birinchi pogʻonasi – u mening vaj-karsonlarimni, azob-uqubatlarimni anglashga qodir emasdi. Toʻgʻrilik, hayotni bilmaslik, bolalarcha arzon imon, «goʻzal qalblar» xususidagi koʻr-koʻrona tushuncha, eng muhimi garov kassasi (Holbuki mijozlarimga nisbatan yovuzlik qilmas edim! Me’yoridan oshiqcha olib qolmasligimni oʻzi yaxshi bilardi, koʻrgan edi!) uni haqiqatga olib boruvchi yoʻllarni taqa-taq berkitib tashlagan edi. O, bu yorugʻ olamdagi haqiqat naqadar dahshatli! Bu malak, bu ma’suma, bu osmon – mustabid edi, qalbimning chidab boʻlmas darajadagi shafqatsiz mustabidi, sitamgiri edi! Agar bularni aytmasam, oʻzimga-oʻzim tuhmat qilgan boʻlaman! Siz mening sevgimga ishonmayapsizmi? Shunday deb kim ayta oladi? O, bu shoʻri-gʻavgʻo, taqdir va tabiatning istehzoga toʻla shoʻri-gʻavgʻosi edi! Bizga qargʻish tekkan, odamzotning hayoti (jumladan meniki ham) qargʻish ostida qolgan. Men qayerdadir yanglishganimni tushunib turibman-ku! Qayerdadir moʻljalni toʻgʻri ololmadim. Hammasi aniq-ravshan edi, rejalarim ham osmon kabi pokiza edi: «Qattiqqoʻl va magʻrur, birovning ruhiy taskiniga muhtojlik yoʻq, sukut bilan azob chekish». Shunday edi, aldamadim, sira aldamadim! Bunga keyinroq oʻzi guvoh boʻladi, buning olijanoblikdan ekanini oʻzi koʻradi (ammo, sezolmadi), qachondir bilsa, olijanobligimni oʻn chandon oshirib baholaydi va qoʻllarini koʻksiga qoʻyib xudoning zorini qiladi». Rejam shu edi. Lekin men bu yerda nimanidir unutdim yoki nimanidir tushirib qoldirdim. Nimanidir amalga oshirolmadim. Bas, yetar bas! Endi kimdan uzr soʻrayman? Tamom boʻldi, tamom boʻldi – tan olish kerak. E, odam, qaddingni tut, yerparchin boʻlma! Aybdor sen emassan.
- Xoʻp, yaxshi, men rost gapni aytaman. Haqiqat bilan yuzma-yuz boʻlishdan choʻchimayman: U aybdor edi, aybdor U edi!..

Ma’sumaning Gʻalayoni

Oramizdagi nizo bunday boshlandi: hech kutilmaganda u pulni oʻz xohishiga koʻra beradigan, buyumlarni me’yoridan ortiq baholaydigan boʻldi, bu ham yetmagandek, men bilan ikki marta bahslashdi. Yon bosmadim. Shu paytda oyogʻimiz ostidan kapitanning bevasi chiqib qoldi.

Beva kampir medalonni, ya’ni marhum erining sovgʻasi, demak, qadrli yodgorlikni olib keldi. Oʻttiz soʻm berdim. Mingʻirlab, arz-dod qilib, buyumni asrashimizni iltimos qildi – asramay nima qilardik. Xullas, besh kundan keyin yana paydo boʻlib, sakkiz soʻmga ham arzimaydigan bilakuzukka almashtirib berishni soʻradi. Men shubhasiz, rad etdim. Oʻshanda bu ayyor kampir xotinimning koʻzida mehr koʻrganmi, harholda men yoʻgʻimda kelib, muddaosiga yetdi – u medalonni bilakuzukka almashtirib beribdi.

Bundan xabar topishim bilan qisqa, ammo qat’iy, joʻyali gapimni aytdim. U toʻshak ustida yerga tikilgancha oʻtirar, oʻng oyogʻining uchini likillatib, gilamchani urib-urib qoʻyardi (bu uning ma’nodor ishorasi) lablarida istehzo qotgan edi. Shunda men, ovozimni mutlaqo koʻtarmasdan, pul meniki ekanini, hayotga oʻz koʻzlarim bilan boqishga haqqim borligini, uni uyga taklif qilganimda, hech narsani yashirmaganimni xotirjam bir alfozda eslatdim.

U esa birdan sapchib turdi, a’zoyi badani titradi, keyin – nima deb oʻylaysiz – depsina boshladi: shu turishi vahshiylikning oʻzi edi, tutqanoq edi, tutqanogʻi tutgan vahshiy edi. Men hayratdan muz qotdim: bu qiliqni sira kutmagandim. Ammo oʻzimni yoʻqotmadim, hatto qimirlamadim, oʻsha xotirjam ovozda bundan buyon yumushlarimga aralashish huquqidan mahrum etajagimni ma’lum qildim. U basharamga qarab turib xaxoladi-da, uydan chiqib ketdi.

Gap shundaki, mensiz uydan chiqishga uning haqi yoʻq edi. Toʻydan oldinoq shunga kelishgan edik. Kun boʻyi qaylardadir sanqib, kechqurun qaytdi – churq etmadim.

Ertasiga ertalabdan yana gʻoyib boʻldi, indiniga ham. Kassani berkitib, xolalarinikiga bordim. Toʻydan keyin ular bilan bordi-keldini yigʻishtirib qoʻygan edim. Ostonalarini hatlashga majbur boʻldim: bu yerga qadam bosmabdi. Xolalari gaplarimni diqqat bilan eshitib, «Sizga hali bu ham kam», deb mazax qilishdan toyishmadi. Kulgi boʻlishimni bilardim. Oʻsha zahoti kichik xolasiga – qariqizga yuz soʻm va’da qilib, ogʻdirib oldim, yigirma beshini naqd sanab berdim. Ikki kundan keyin u uyimga xunuk xabar bilan keldi: «Poruchik Yefimovich degan odam, siz bilan bir polkda xizmat qilgan ofitser suvni loyqalatib yuribdi». Hayratda qoldim. Bu Yefimovich deganlari polkda menga nisbatan razillik qilgani yetmaganday, bir oy muqaddam garovga narsa qoʻyish bahonasida ketma-ket ikki marta uyimga behayolarcha kelib, xotinimga shilqimlik qilgan edi. Oʻshanda unga yaqinlashib, munosabatlarimizni unutmay, uyimga qadam bosishga jur’at etmasligini aytgandim: ish bu darajaga borib yetishi xayolimga ham kelmagandi, shunchaki sulloh deb oʻylovdim. Mana endi xolasi xotinimning oʻsha sulloh bilan uchrashuv tayin qilganini, bu ish ularning eski tanishlari, polkovnikning bevasi Yuliya Semenovna rahnamoligida amalga oshganini ma’lum qilib turibdi: «Xotiningiz oʻshanikiga qatnayapti».

Bu tafsilotlarni qisqartiraman. Bu ish oxir-oqibatda menga uch yuz soʻmga tushdi. Ammo ikki kun ichida maqsadga erishdim: qoʻshni xonada turib, qiya ochiq eshikdan xotinimning Yefimovich bilan birinchi render – Vous[5] guvoh boʻlish, gaplarni eshitish imkoniyatini qoʻlga kiritdim. Bu voqeaga tayyorgarlik koʻrayotgan paytimda, bir kun avval, juda qisqa davom etgan, ammo men uchun nihoyatda muhim hodisa yuz berdi.

Kechqurun u yoqdan-bu yoqqa yurdi, toʻshakka oʻtirdi, menga tikilib, masxaralab tirjaydi, oyoq uchlarini qimirlatib gilamchaga tap-tap urdi. Unga qarab turib, daf’atan kallamga bir fikr urildi: oʻtgan oy davomida, toʻgʻrirogʻi oʻtgan ikki hafta mobaynida fe’l-atvori juda oʻzgarib ketdi: qandaydir asovlik, hujumkorlik behayo deya olmayman, ammo betartiblik, iztirobga moyillik paydo boʻldi. Bularni sirtiga chiqarmaslikka yuvoshligi sabab edi. Iztiroblari chegaradan chiqqan boʻlsa-da, oʻzini zoʻrlab ushlab turgani, bu uchun oʻzidan-oʻzi hazar qilayotganini sezmasligim mumkin emasdi. Bunaqalar bir quturmasin, qutursa jilovlab boʻlmaydi. Shunaqa paytda ular aytadigan, quyushqondan chiqib ketadigan gaplarni eshitib, quloqlaringga ishonmaysan. Qalban buzuqlikka odatlanganlar esa, aksincha yumshatadilar, qabihliklarini ham batartib, iltifot bilan yuzaga chiqaradilar, ana shu razilliklarida ustunlik qilish da’vosi boʻladi.

Oʻsha kuni u asovlik bilan arqonni uzdi:
- Duelga chiqishga qoʻrqqaningiz tufayli polkdan haydab yuborganlari rostmi? - deb soʻradi u kutilmaganda, koʻzlarida esa oʻt chaqnadi.
- Rost, ofitserlarning qarori bilan polkni tashlab ketishimni soʻrashdi, unga qadar oʻzim iste’foga chiqaman deb ariza bergan edim.
- Qoʻrqoq sifatida haydashganmi?
- Ha, ular shunday ayb qoʻyishdi menga. Lekin dueldan bosh tortishimga sabab qoʻrqoqlik emas. Mening shaxsimni haqorat qilishmagan holda duelga chaqirsam bema’nilik boʻlardi. Men ularning mustabidona qarorlariga boʻysunmadim.

Bilib qoʻying, shu yerga kelganda oʻzimni tutolmadim, oʻz hatti-harakati bilan bunday mustabidlikka, oqibatlarini bila turib qarshi borish, har qancha duelga chiqishdan koʻproq jasorat, mardlik talab qiladi.

Men oʻzimni tuta olmadim, shu gaplarim bilan goʻyo oʻzimni oqlashga urindim: unga esa xuddi shu - yanada tiz choʻkib, xoʻrlanishim kerak edi. U gʻazab bilan kuldi.
- Uch yil Peterburgda daydilarga oʻxshab tilamchilik qilib, billiard stollarining tagida yotib qolganlaringiz, rostmi?
- Men Sennada, Vizemskiyning uyida ham yotib qolardim. Polkdan keyin juda koʻp haqoratli tushkun onlar boʻldi, ammo ruhan choʻkmadim, chunki qilgʻiligʻimni oʻshanda birinchi boʻlib oʻzim ayblagan edim. Tushkunligim boisi, oʻshandagi ahvolimdan umidsizlikka berilish oqibatida aqlim va irodamning ojizlanib qolganidan edi. Bularning bari ortda qoldi...
- O, siz endilikda koʻzga koʻringan odamsiz - puldorsiz!

Ya’ni, bu garov kassasiga qilingan istehzoli ishora edi. Men oʻzimni qoʻlga olishga ulgurdim. Uning meni yanada haqoratlashga olib boruvchi tushuntirishlarimga chanqoq ekanini sezdim - bunga erishishiga yoʻl bermadim. Chorlovchining qoʻngʻirogʻi ayni muddao boʻlib, zalga chiqdim. Oradan bir soat oʻtgach, u toʻsatdan kiyindi-da, uydan chiqayotib roʻparamda toʻxtab, shunday dedi:
- Har holda siz bular haqida toʻydan oldin ogʻiz ochmagan edingiz?

Men javob bermadim. U chiqib ketdi.

Xullas, ertasiga choʻntagimda toʻpponcha bilan qiya ochiq eshik ortida turib taqdirimning qanday hal etilayotganiga diqqat bilan quloq tutib turardim. U yasan-tusanda oʻtirardi, Yefimovich esa uning roʻparasida qiyshanglardi. Xoʻsh, nima boʻldi, oʻzim sezmagan holda, nimani oʻylagan boʻlsam (nomusim haqqi gapiraman buni), nimani koʻnglim sezgan boʻlsa, kutgan boʻlsam oʻsha yuz berdi. Bilmadim, tushunarli qilib soʻzlayapmanmi?

Boʻlgan voqea mana bunday: eshik ortida turib, ularning suhbatiga bir soat quloq tutdim, bir soat mobaynida olijanob yuksak his-tuygʻu egasi boʻlgan ayolning oqsuyak mazhabidan chiqqan buzuq, qalbi nopok, berahm hayvon bilan olishuviga guvoh boʻldim. Bu ma’suma, bu kamgap, bu sodda juvon shuncha gapni qayerdan biladi, deb hayratga tushdim. Oqsuyaklarning sevimli komediyalarini toʻquvchi zukko muallif ham buzuq ishlarga himmat kamarini bogʻlovchilarga nisbatan oliy nafrat va doʻlvor kulgu uygʻotuvchi bunday masxarali sahnani oʻylab topolmagan boʻlardi. Uning gaplarida, soʻzlarida qanchalar shukuh, tezkor javoblarida qanchalar oʻtkirlik, mulohazalarida qanchalar haqiqat, ayni choqda qizlarga xos soddalik bor edi! Mal’un Yefimovchining sevgi izhoriga, qiliqlariga, gaplariga javoban koʻzlariga qarab mazax qilib kulardi. Muddaoga osonlik bilan, bir xurujdayoq erishish niyatida kelgan Yefimovich uning qarshilik qilishini kutmagan ekan, darrov choʻkdi. Men dastlab uning hatti-harakatini «Buzuq, ammo oqila mavjudotning narxini oshirish maqsadidagi noz-firogʻi», deb oddiy noz-karashmaga yoʻyishim mumkin edi. O, yoʻq, haqiqat quyosh yangligʻ porlab, shubhalarga oʻrin bermadi. Menga nisbatan boʻlgan gʻayritabiiy va shiddatli nafrati tufayli, tajribasiz bu juvon mana shunday uchrashuvga jur’at qilishi mumkin edi, ammo erkakning pinhona muddaosi suv yuzasiga qalqib chiqqach, uning koʻzi ochildi. Bu mavjudot qanday qilib boʻlmasin meni haqoratlash qasdida betoqat toʻlgʻonib, hatto bu balchiqdan ham hazar qilmadi, ammo betartiblikka chidam berolmadi. Aynan uni, koʻkrak sutiday pokiza, bokira, oliy maqsadi bor juvonni Yefimovich yoki unga oʻxshash biror boshqa oqsuyak maxluq yoʻldan ozdira olarmidi? Aksincha, u faqat masxara boʻldi. Xotinimning qalbida bor haqiqat uygʻondi va gʻazab yuragidagi achchiq istehzoni yuzaga chiqardi. Qaytaraman, bu masxaraboz oxir-oqibat butunlay choʻkdi, tumtayib oldi, savollarga ham behush javob qaytara boshladi, hatto tubanlik bilan oʻch olish qasdida xotinimni haqorat qilib qoʻymasin, degan qoʻrquv badanimga tarqadi. Yana takrorlayman, bu sahnani qariyb hayratsiz tingladim. Men goʻyo tanish voqeaga duch kelganday edim. Men goʻyo u bilan uchrashish niyatida yoʻlga chiqqandim. Toʻpponcha olvolganimga qaramay, men hech nimaga ishonmay, hatto aybnomalarga parvo qilmay keldim - bu ayni haqiqat. Shunday ekan, men uni boshqacha tasavvur etishim mumkinmidi? Xoʻsh, men nima uchun sevdim, nima uchun e’zozladim, nima uchun uylandim unga? O, menga nisbatan nafratining naqadar ulugʻligiga, ayni paytda, oʻzining qanchalar bokiraligiga oʻsha onda amin boʻldim. Shartta eshikni ochib, bu masxarabozlikka chek qoʻydim. Yefimovich sapchib tushdi. Xotinimning qoʻlidan olib, men bilan yurishni soʻradim. Yefimovich darhol oʻziga keldi, jaranglab, yayrab kuldi.
- O, ilohiy er-xotinlik huquqiga monelik qilolmayman, olib keting, olib keting! Ammo bilib qoʻying, - dedi u izimdan, - olijanob odamlarning siz bilan olishuvi bema’nilik boʻlsa ham, ayolingiz haqqi hurmati xizmatingizga tayyorman... Agar jur’at qilolsangiz albatta...
- Eshityapsizmi, - dedim unga, ostonada bir nafas toʻxtatib.

Uyga yetguncha, yoʻl boʻyi churq etilmadi. Men uni qoʻltiqlab olgan edim, bunga qarshilik bildirmadi. Aksincha, u behad hayratda edi, ammo hayrat pardasi uyga yetgach koʻtarildi. Uyga kirib stulga oʻtirdi-yu, menga baqrayib tikildi. Uning rangida-rang qolmagan edi: lablari shu damda istehzoga moyillik bilan chimirilsa-da, koʻzlarida olishuvga da’vat etuvchi qat’iylik, ulugʻvorlik bor edi: nazarimda dastlabki daqiqalarda toʻpponchadan otib oʻldirishimga qattiq ishongan edi. Ammo men indamay toʻpponchani choʻntakdan chiqarib, stol ustiga qoʻydim. U bir menga, bir toʻpponchaga qarab qoʻydi (Toʻpponchaning unga tanish ekaniga diqqatingizni tortaman. Shu doʻkonni ochganimdan beri oʻqlogʻlik turadi. Kassani ochar chogʻimda katta itlarni ham, Mozerga oʻxshab baquvvat malaylarni ham ushlamaslikka qaror qildim. Mijozlarimga eshikni oshpaz xotin ochadi. Biroq bu hunar bilan shugʻullanuvchi odam har ehtimolga qarshi himoya choralarini oʻylab qoʻymasa boʻlmaydi. Shu sabab toʻpponcham hamisha oʻqlogʻliq turadi. U uyimga kelgan dastlabki kunlardayoq, toʻpponchaga qiziqib qoldi, soʻrab-surishtirdi, men hatto toʻpponchaning tuzilishiyu qurilishini tushuntirib berdim, hatto oʻzi ham otib koʻrib, moʻljalni bexato urishiga ishondi. Buni unutmang). Uning qarashidagi qoʻrquvga e’tibor bermay, yarim yechingan holda toʻshakka choʻzildim. Soat oʻn birdan oshgan. Men oʻlarday holdan toygan edim. U joyida yana bir soatcha qimirlamay oʻtirdi, keyin shamni oʻchirib, kiyimlarini yechmay devor tomondagi divanga yotdi. Birinchi marta boshqa yotdi – buni ham eslab qoling.

Mudhish Xotira

Endi bu mudhish bir xotira…

Barvaqt uygʻondim, harholda xona yorugʻ, chamamda soat sakkizlar bor edi. Fikrim tiniqlashib, birdan uygʻondimu koʻzlarimni katta ochdim. U stol yonida toʻpponcha ushlagan holda turardi. Uygʻonib, qarab yotganimni u sezmadi. Bir mahal toʻpponchaning ogʻzini menga toʻgʻriladi. Koʻzimni yumib, oʻzimni uxlaganga soldim.

U toʻshagimga yaqinlashib, tepamda turib oldi. Men hamma narsani eshitib, sezib yotardim: xonada oʻlik sukunat hukmron, men sukunatni ham eshitardim. Shu payt titroq bir harakat sezildi -oʻzimni tutolmay koʻzlarimni ochdim. U toʻgʻri menga, koʻzlarimga tikilib turar, toʻpponcha esa qariyb chakkamga tiralgandi. Koʻzlarimiz toʻqnashdi. Nigohlar toʻqnashuvi bir nafasdan oshmadi. Oʻzimni majburlab koʻzimni yumdim, endi nima boʻlsa ham, qimir etmayman, deb bor quvvatim bilan oʻzimni majburladim.

Umuman ba’zan shunaqa boʻlib turadi, qattiq uxlagan odam birdan koʻzini ochadi, yostiqdan boshini koʻtaradi, atrofga alanglaydi-da, bir soniya oʻtmay hushidan ketganday boshini yostiqqa tashlab, yana qattiq uyquga ketadi, uygʻongandan keyin soʻrasangiz, hech nimani eslamaydi. Nigohlarimiz toʻqnashib, chakkamdagi toʻpponchani his qilib, birdan koʻzimni chirt yumib, qattiq uyqudagi odamday qimir etmay qolganimda u uxlayotganimga, hech nimani koʻrmayotganimga aniq ishonishi mumkin edi, chunki uygʻoq odamning men koʻrganni koʻrib, bu daqiqada yana xotirjam koʻzlarini yumib yotishiga aql bovar qilmasdi.

Ha, aql bovar qilmasdi. Ammo u haqiqatni bilishi ham mumkin edi – bu fikr xayolimga oʻsha zahoti urildi. O, inson ongining samoviy qudratiga ming-ming ofarin – yarim lahzada boshimni qancha xayollar, qancha hislar toʻlqini kezib chiqdi. Demak, bu holda, haqiqatni bilib, ayyorona koʻz yumib yotganimni bilgan boʻlsa (buni sezardim), unda men oʻlimga tayyor ekanim bilan uni yengib tashladim, endi qoʻli qaltirashi turgan gap. Avvalgi qat’iyligi endigi taassuroti bilan toʻqnashib parchalanishi tayin. Choʻqqidagilarni qandaydir kuch pastga, tubsiz jarga tortib turadi, deydilar. Nazarimda toʻpponchani qoʻlga olishga ulgurish – juda koʻp qotilliklar yoki oʻz-oʻzining joniga qasd qilishlarga sabab boʻladi. Bu ham tubsiz jarlik, qiyaligi qirq besh gradus, sirgʻanmaslik mumkin emas, nimadir sizni muqarrar tepkini bosishga undaydi. Ammo hamma narsani koʻrganim, uning qoʻlidan oʻlim topishga rizo ekanimni bilish uni bu qiyalikda tutib qola olardi…

Sukunat davom etardi, birdan chakkamga, sochlarimga sovuq temir tegdi. «Jon saqlashingga imoning komil edimi?» - deb soʻrashingiz mumkin. Xudo oldida javob berganday sizga ham toʻgʻrisini aytay: hech qanday umidim yoʻq edi, yuzdan bir imkoniyat bilan tirik qolishimnigina bilardim. Unda oʻlimga nima uchun shay eding, deysizmi? U holda siz ham bir soʻrogʻimga javob bering: suyukli mahbubam chakkamga toʻpponcha tiragandan keyin menga yashashning nima qizigʻi qolar edi? Bundan tashqari men butun vujudim bilan bir narsani aniq his qilib yotardim: ayni choqda oramizda, kechagi qoʻrqoq bilan, qoʻrqoqligi uchun oʻrtoqlari tomonidan haydalgan oʻsha qoʻrqoq bilan uning orasida kurash, hayot-mamot jangi borardi. Men buni bilardim, agar uxlamayotganimni fahmlagan boʻlsa, u ham bilardi.

Balki bunday boʻlmagandir, balki oʻsha onda bularni oʻylamagandirman, ammo bular fikrdan oʻtmasa ham yuz berishi lozim edi, chunki shundan keyin hayotimning har bir soati shu xayollar bilan band boʻldi.

Endi siz «nima uchun uni yovuzlikdan asrab qolmading?»- degan savolni berishingiz mumkin. O, keyinchalik men bu lahzani har eslaganimda, etim muzlab, bu savolni oʻzimga-oʻzim ming martalab berganman. Unda qalbim mavhum bir umidsizlik chohida edi: oʻzim jon taslim qilardim, shu ahvolda kimni qutqara olardim? Qolaversa, birovni qutqarish istagi boʻlganmi yoʻqmi, siz qayerdan bilasiz? Nimalarni his qilganimni kim bilib oʻtiribdi.

Sezgilarimning jizgʻanagi chiqardi... lahzalar oʻtdi, sukunat oʻlikligicha qoldi: u esa tepamda hamon tik turibdi – birdan yalt etgan umiddan seskandim! Shoshib koʻzimni ochdim. U xonada yoʻq edi. Oʻrnimdan turdim: men gʻalaba qozondim – u umrbod magʻlub boʻldi!

Samovarning oldiga bordim. Qaynoq samovar odatda birinchi xonaga keltirilib, choyni har safar u quyib berardi. Men joyimga jimgina oʻtirib, u uzatgan choyni oldim. Besh daqiqalardan soʻng unga qaradim. U ham menga tikilib turar, rangi kechagidan beshbattar oqarib ketgan edi. Birdan qarashimni ilgʻab, rangsiz lablarida rangsiz istehzo, koʻzlarida jur’atsiz savol nazari paydo boʻldi. «Aftidan, biladimi yo bilmaydimi, qoʻrqdimi yo qoʻrqmadimi deb hali ham ikkilanyapti». Men xotirjamlik bilan undan nigohimni oldim. Choydan soʻng kassani berkitib bozorga tushdim-da, temir karavot bilan parda sotib oldim. Uyga qaytgach, karavotni zalga qoʻyib, parda bilan toʻsib qoʻyishni buyurdim. Bu karavot unga atalgan edi, ammo oʻziga bu haqda ogʻiz ochmadim. Shu karavotni koʻriboq «hammasini koʻrganimni, hammasini bilishimni» soʻzsiz anglaganiga shubham yoʻq. Tunda toʻpponchani odatdagiday yana stol ustida qoldirdim. U oʻzining yangi toʻshagiga yotdi: nikoh buzildi, u «magʻlub etilgan, ammo kechirilmagan edi». Tunda alahsiray boshladi, ertalab esa isitmasi koʻtarildi. U olti hafta oʻrnidan turmay yotdi.

Magʻrurlik Uyqusi

Lukerya uyimda boʻlak yashamasligini, boyvuchchani dafn etgach, chiqib ketajagini hozirgina ma’lum qildi. Tiz choʻkib, bir soat ibodat qilmoqchi edim, besh daqiqadan nariga oʻtolmadim, oʻylab oʻyimga yetolmayman, fikrlarim xasta, boshim xasta – tavbaning nima foydasi bor, ibodat qilding nima – qilmading nima, baribir gunohkor bandasan! Yana ajablanarlisi shuki, sira uyqum kelmayapti, holbuki, ogʻir, behad ogʻir gʻam-sitamlardan soʻng, dastlabki ruhiy portlashlardan keyin odamning uyqusi keladi. Aytishlaricha, oʻlimga mahkum etilganlar soʻnggi tunda qattiq uxlar ekanlar. Tabiatan shunday boʻlishi kerak, yoʻqsa odamning irodasi dosh berolmay sinishi mumkin. Divanga yotdim, baribir uxlolmadim.

Men, Lukerya, kasalxonadan yollaganim hamshira – uch kishi boʻlib olti hafta mobaynida tunu kun kasalini boqdik. Pulni ayamadim, aksincha unga sarf qilgim kelaverdi. Doktor Shrederni chaqirib, har kelishiga oʻn soʻmdan toʻladim. U hushiga kelgach, koʻziga kamroq koʻrinishga intildim. Bularni bayon etishimning nima hojati bor! U oyoqqa turgach, xonamdagi alohida stol yoniga ohistagina yaqinlashib, jimgina oʻtirdi. Bu stolni kasal yotganida unga maxsus sotib olgan edim. Chindan ham ikkovimiz sukut saqladik. Toʻgʻri, keyinroq gaplasha boshladik, lekin oddiy mavzudan chetlashmadik. Men, albatta atayin ezmalikdan, yoyilib gaplashishdan qochardim, uning ortiqcha gap aytib yubormayotganimdan xursand ekanini ham sezib turardim. Bu qiligʻi menga tabiiydek tuyulardi. «Uzil-kesil magʻlub boʻlganidan benihoya iztirobda, - deb oʻyladim, - demak, oʻtganlarni unutish, koʻnikish uchun imkon berish zarur». Shu asnoda sukut saqlardik, ammo men har daqiqa oʻzimni kelajakka tayyorlardim. Nazarimda u ham shaylanardi, oʻzi haqida endi nimalarni oʻylayotganini bilish meni gʻoyat qiziqtira boshladi.

Yana bir gapni aytmasam, yuragim toshib ketadi: kasal yotganida uning tepasida turib qancha figʻon chekkanimni, qancha azoblarga toqat qilganimni birov bilmaydi. Figʻonlarim faqat oʻzimga ma’lum, hatto Lukeryaning nolalarini ham qalbimga yashirganman. Men uning hech narsani bilmay oʻlib ketishi mumkinligini taxmin qilish u yoqda tursin, tasavvur ham etolmasdim. Aniq yodimda, ahvoli bir oz yaxshilanib, xavf chekinib, sihati tiklana boshlagach, tez va qat’iy xotirjam boʻldim. Ustiga-ustak kelajagimizni qoʻya turishga, ma’lum muddat orqaga surishga, hozirgi ahvol haqida qaygʻurishga ahd qildim. Ha, oʻshanda gʻalati, ajib bir holga tushdim, buni oʻzgacha ifoda etishim mushkul: men gʻalaba nashidasini surayotgan edim, shu haqda oʻylashimning oʻziyoq, meni noma’lum hislarga chirmab tashlardi. Qish shu zaylda oʻtdi. O, men behad xursand edim, umrimda hech vaqt koʻnglim bu qishdagi kabi xush boʻlmagan.

Bilasizmi, oʻsha voqeaga qadar, ya’ni xotinim bilan oramizda halokat yuz bergungacha har kun, har soat meni ezib kelgan hayotimning obroʻsizlanishim va polkdan ketishimga bogʻliq mudhish bir tashqi jihati mavjud edi. Ikki ogʻiz soʻz bilan aytsam: menga nisbatan mustabidlarcha nohaqlik qilingan. Toʻgʻri, oʻrtoqlarim ogʻir, balki, kulgili fe’limni hazm qilisholmasdi, meni yomon koʻrishardi, holbuki, koʻp hollarda siz uchun buyuk, sizga ilohiy tuyulgan, siz sigʻinadigan narsa ayni chogʻda atrofingizdagi oʻrtoqlaringiz toʻdasini kuldiradi. O, meni hech qachon, hatto maktabda ham yaxshi koʻrishmagan. Meni hammavaqt, har joyda yomon koʻrishgan. Meni Lukerya ham yoqtirmaydi. Polkdagi voqea, garchi meni yaxshi koʻrmasliklarining oqibati esa-da, tasodifan sodir boʻlgan edi. Bularni eslashimga sabab: yoningdan bulut kabi suzib oʻtib ketishi mumkin boʻlgan turli sabablarning bema’ni yiriklashuvi, yuz bermasligi mumkin boʻlgan tasodif tufayli oʻlib ketishdan battarroq ranj-alam yoʻqdir. Har holda ziyoli odam uchun bundan oʻtadigan xoʻrlik mavjud emas. Voqeaning magʻzi mana bu:

Teatrda, tanaffus paytida yemakxonaga chiqdim. Gusar A-v ikki gusar orasida, ovozini baralla qoʻyib – bu yerda ofitserlar ham koʻp edi – polkimiz kapitani Bezumsev dahlizda janjal koʻtarganini gapira boshladi. Gap orasida «aftidan kapitan gʻirt mast edi», deb qistirib oʻtdi. Ularning bu mavzudagi gaplari uzoqqa choʻzilmadi, chunki Bezumsevning mastligi yolgʻon, dahlizdagi «janjal» janjal deyishga arzimas ham edi. Gusarlar boshqa gaplarga oʻtib, tinchishdi, ammo bu latifa ertasigayoq polkimizga yetib borib, shivir-shivir boshlandi. Ya’nikim, gusar A-v, kapitan Bezumsev nomini bulgʻayotganda yemakxonada polkimizdan faqat men bor ekanman, men unga tanbeh berib toʻxtatmabman. Xoʻsh, nima uchun men tanbeh berishim kerak? Bezumsevda alami boʻlsa – bu ularning shaxsiy ishlari, men aralashib nima qildim? Ofitserlar esa bu shaxsiy masala emas, polkka bevosita aloqador edi, deb topishdi. Nima emish, yemakxonada polkimiz ofitserlaridan birgina men boʻlganim uchun ham yemakxonadagi jamoaga, jumladan, barcha ofitserlarga polkimiz sha’niga va oʻz gʻururimga dogʻ tegishidan uncha gʻashim kelmasligini isbotlaganmishman. Bu xulosa bilan kelishishim mumkin emasdi. Shunga qaramay, vaqt oʻtgan boʻlsa ham, hali kech emasligiga, xatoimni toʻgʻrilashga, A-v bilan munosabatimni oydinlashtirib olishimga imkoniyat borligiga sha’ma qilishdi. Men buni xohlamadim, qattiq gʻazablanganim tufayli, magʻrurlik bilan rad etdim. Soʻng oʻsha zahoti iste’foga chiqdim – bor gap shu. Men polkni magʻrurona, ammo ruhiy chilparchin boʻlgan xolda tashlab chiqdim. Irodam zaiflashib, aqlan tubanlikka shoʻngʻidim. Xuddi oʻchakishganday oʻsha paytda singlimning eri Moskvadagi shinamgina mulkimizni, jumladan, undagi mening ozgina ulushimni ham butkul sovurib yubordi: men bir chaqasiz, koʻchada qoldim. Men xususiy xizmatga yollanishim mumkin edi, xohlamadim, ofitserlar libosini yechib qandaydir temir yoʻlga borishni oʻzimga or bildim. Uyat boʻlsa – uyat, sharmandalik boʻlsa – sharmandalik, tushkunlik boʻlsa – tushkunlik-da, qancha battar boʻlsa, shuncha yaxshi dedim. Mana shu battarini tanlaganimdan keyingi uch yildan faqat qaygʻuli xotiralar qolgan, buning ichida Vyazemskiyning uyi xam bor edi. Bir yarim yil muqaddam Moskvada badavlat kampir – choʻqintirgan onam vafot etishidan oldin, sira kutilmaganda boshqa merosxoʻrlar qatorida menga ham uch ming soʻm vasiyat qildi. Men tanamga oʻylab koʻrib, oʻshandayoq yozugʻimni belgiladim. Odamlardan tilanchilik qilib yurmay, garov kassasi ochishga ahd qildim. Pul boʻlsa bor, rejam – bir burchakni ijaraga olib – eski xotiralardan yiroqda yangi hayot boshlash edi. Qolaversa, qaygʻuli oʻtmishim butunlay barbod boʻlgan nomus-orim meni har daqiqa har soat iskanjaga olib turardi. Shunday ahvolda uylandim. Bu tasodifmi, yoʻqmi bilmayman. Ammo uni uyga boshlab kirayotganimda, doʻstni olib kiryapman deb oʻylovdim. Chunki chin doʻstga juda-juda zor edim. Biroq men bu doʻstni hali ma’nan tayyorlash, shakllantirish, hali magʻlub etish lozimligini aniq-ravshan bilgan edim. Oʻn olti yoshli qizga, notoʻgʻri fikrlarga koʻmilib yotgan goʻdakka bularning hammasini birdaniga tushuntirish mumkinmidi? Yoʻq! Aytaylik, toʻpponcha bilan bogʻliq oʻsha halokatli, tasodifiy voqea boʻlmaganda oʻzimning qoʻrqoq emasligimga, polkdoshlarim qoʻrqoq, deb nohaq ayblashganiga qanday ishontira olardim. Baxtimga oʻsha halokat aynan vaqtida yuz berdi. Toʻpponchaga chakkamni xotirjam tutib, butkul zulmat oʻtmishimdan qasos oldim. Bundan hech kim xabar topmasa-da, u bildi, menga shunisi kerak edi, chunki u mening borligʻim, orzuimdagi kelajagimning bor umidi edi. Menga undan boshqaning keragi yoʻq, zero, u kelajagim uchun tayyorlanayotgan yagona odam edi. Uning bor haqiqatdan xabar topishi, hech boʻlmaganda gʻanimlar safiga barvaqt, nohaq oʻtganini bilishi men uchun katta gap edi. Bu fikrdan faxrim toshardi. Endi uning koʻziga ablah boʻlib emas, balki gʻalati odam boʻlib koʻrinaman: endi yuz bergan voqeadan keyin bu fikr meni avvalgiday gʻashimga tegadi: har holda gʻalatilik ayb emas, aksincha, vaqti kelsa, ayolning fe’liga oʻtiradi. Xullasi kalom, yechimni atayin orqaga surdim. Boʻlib oʻtgan voqea xotirjamligim uchun yetib ortardi. Orzularim uchun ranglar toʻlib toshgandi. Orzularimga rang yetarli dedim, u esa kutib turadi dedim: rasvolik ham xuddi shunda – xayolparastligimda!

Butun qish nimanidir kutish bilan oʻtdi. Oʻzining stolchasiga tirsaklarini tirab oʻtirgan chogʻida uni oʻgʻrincha kuzatishni xush koʻrardim. U uydagi mayda-chuyda ishlar bilan oʻzini ovutardi, kechalari javonimdagi kitoblardan olib oʻqirdi. Javondagi kitoblarning saraligi ham, nazarimda mening foydamga xizmat qilardi. U deyarli hech qayerga chiqmasdi. Har kuni ovqatlanib olgach, qosh qoraymay turib uni sayrga boshlardim, toza havoda yurardik, avvalgidek ogʻzimizga talqon solib olmasdik. Men oʻzimni jim emasday, bir-birimizga ma’qul ohangda gaplashayotganday qilib koʻrsatishga urinardim. Ammo aytganimday, zohiriy koʻrinishimiz bilangina «shirin suhbat» qurardik. Men oʻzimni atayin shunday tutardim, unga vaqt berish kerak derdim, qiziq, men-ku unga zimdan qarashni xush koʻraman, nima uchun u menga qaramaydi, degan oʻy bir marta ham xayolimga kelmabdi. Men buni hadiksirashdan deb bildim. Qolaversa, kasallikdan keyin uning koʻrinishida quvvatsizlik, jur’atsiz bir ma’sumalik aniq zohir edi. Yoʻq, kutgin, dedim oʻzimga-oʻzim, «uning oʻzi daf’atan oldingga keladi…»

Bu fikr mening koʻnglimni gʻoyat chogʻ qildi. Ochigʻini aytsam, ba’zan oʻzimni-oʻzim atayin ruhan ezardim, qovurardim, goʻyo undan xafa ekanimga oʻzimni-oʻzim ishontirmoqchi boʻlardim. Bu ma’lum muddat davom etdi. Mening nafratim qalbimga ildiz otib, mustahkamlanishi mumkin emasdi. Buning shunchaki oʻyinligini sezib turardim. Oʻshanda karavot va parda-toʻsiq olib kelib, nikohni oʻzimcha buzganim bilan, uni hech qachon jinoyatchi sifatida tasavvur qilolmasdim. Uning aybi boʻyicha yengiltaklik bilan hukm chiqarganim bunga sabab boʻlolmasdi. Yoʻq, men shunchaki, oʻsha dastlabki kuniyoq, hali karavot olmayoq uning gunohidan oʻtishni lozim deb topgan edim. Bir soʻz bilan aytilsa, bu mening gʻayrioddiyligim, toʻgʻri, ammo xulqiy qoidalarga qattiq edim. Koʻzim oldida u shunchalar magʻlub etilgan, yengiltak edi-ki, ba’zan beixtiyor rahmim kelardi, ayni choqda xoʻrlash gʻoyasi dilimni yayratardi. Oramizdagi tengsizlik yoqardi menga…

Shu qish mobaynida bir necha marta atayin yaxshilik qildim. Ikkita qarzdan butkul kechdim, bir bechora ayolga garovsiz pul berib yubordim. Bu ishlarni xotinim bilsin uchun qilmadim, bu haqda unga mutlaqo ogʻiz ochmadim: ammo ayolning oʻzi deyarli tiz choʻkib minnatdorchilik bildirgani kelib, mehribonligimni oshkor qildi. Nazarimda, ayolga yaxshilik qilganimdan u mamnun boʻldi.

Aprel yarimlab, bahorning nafasi kelib qolgan edi. Qoʻshtabaqa derazalarning koʻcha tomonini olib tashlagach, sokin xonalarimiz quyoshning yorqin shu’lalariga yoʻgʻrildi. Ammo qarshimda qalin bulut qatlami turganidan, aqlimni qorongʻilik pardasiga oʻrayotganidan bexabar edi. Mudhish va mash’um qatlam edi bu! Qatlam qanday yoʻqoldi koʻzim qanday ochildi, aqlim qanday peshlanib, voqealarni qanday fahm eta boshladim? Tasodif yuz berdimi, hal qiluvchi kunning kelishi birdan tezlashdimi, quyosh nurlari oʻtmaslashib qolgan aqlimda fikr va idrokimni uygʻotdimi? Yoʻq, fikr ham, idrok ham mutlaqo aloqasiz bu yerda. Yuragimda oʻla boshlagan tomirchalardan biri toʻsatdan tirildi, bir titradi-yu, hayotga qaytdi va qalbimdagi zim-ziyolikni, zim-ziyoda yashirinib yotgan meni yoʻldan urayotgan magʻrurlik shaytonini yoritdi. Bu kutilmaganda, toʻsatdan, oqshom arafasida, ovqatdan keyin, soat beshlarda sodir boʻldi… oʻrnimdan sapchib turdim…

Qora Qatlam Toʻsatdan Yoʻqoldi

Maqsadga oʻtishdan avval e’tiboringizni boshqa narsaga tortaman. Bir oy muqaddam unda gʻalati oʻychanlik paydo boʻlganini, ha, ha, sukut saqlash emas, aynan oʻychanlikni toʻsatdan sezdim. U tikish bilan mashgʻul boʻlib, boshini egib oʻtirar, tikilib turganimni bilmasdi. Ana shu damda uning behad ozib, choʻp boʻlib qolgani, rangida rang qolmagani, lablaridan qon qochgani – bularning bari oʻychanligiga qoʻshilib meni favqulodda sarosimaga soldi. Avval e’tibor bermaganim, ayniqsa, tunlari yengil yoʻtalib qoʻyishi endi koʻnglimda gʻulgʻula uygʻotdi. Unga hech nima demay, doktor Shrederni chaqirgani ketdim.

Shreder ertasiga keldi. U doktorni koʻrib, bir menga bir Shrederga hayron boʻlib qaradi.
- Men soppa-sogʻman, - dedi jilmayishga harakat qilib.

Shreder uni durustroq ham koʻrmadi (umuman bu doktor zoti ba’zan haddan tashqari bee’tibor boʻladi), qoʻshni xonaga chiqqanimizda bularning hammasi kasallik oqibati ekani, bahorda imkon tugʻilsa dengiz tomonga borilsa, yoʻqsa, chorboqqa chiqilsa durust boʻlajagini aytdi. Xullas, hali bemadorlikdan qutulmaganini aytgani deyilmasa, dori-darmon tugul tayinli maslahat bermadi. Shreder ketgach, u menga qattiq tikilib turib, oʻsha gapini yana takrorladi:
- Men soppa-sogʻman.

Shunday dedi-yu, uyatdanmi, qizarib ketdi. O, buni endi fahm etyapman: u hali ham eri ekanimdan, haqiqiy eri kabi parvona boʻlayotganimdan uyalgan. Men galvars oʻshanda buni tushunmaganman, royishga yoʻyganman. (Qora qatlam!)

Nihoyat, oradan oy oʻtgach, aprelning quyoshli kunlarida, soat beshlarda, hisob-kitob bilan oʻtirgan chogʻimda, qoʻshni xonadan uning ovozi keldi… U… shikasta ovozda xirgoyi qilardi. Bu yangilik meni larzaga soldi – hali-hali oʻzimga kelolmayman. Shu paytgacha, uyga yangi boshlab kelgan kunlarim, toʻpponcha otib shoʻxlik qilgan damlarimizni hisobga olmaganda, uning ashula aytganini eshitmaganman. Unda ovozi asabiyroq tuyulsa ham, juda yoqimli, sogʻlom, qattiq jarangdor edi. Endigi qoʻshiq jonsiz edi, o, yoʻq, buni mungli qoʻshiq deb boʻlmasdi qandaydir romans edi u, ammo uning ovozi allanechuk darz ketgan, singan, goʻyo u emas, balki ashulaning oʻzi xasta-yu, ovozi unga jon kiritishga ojiz edi. U xirgoyi qilardi, birdan ovozi koʻtarildi-yu, uzildi – xasta ovozi – achinarli tarzda uzildi, yoʻtalib olib, yana sekin-sekin, asta-asta xirgoyisini boshladi.

Hayajonimdan kuladilar, baribir hech qachon, hech kim hayajonlanishim boisini tushuna olmaydi. Yoʻq, hali unga achinmas edim. Mendagi tuygʻu mutlaqo boʻlakcha edi. Dastlab, aniqrogʻi, dastlabki daqiqalarda dahshatli va gʻalati, ogʻriqli va hatto qasosga moyil tuygʻu, taajjub va hayratda qotdim: Nima bu: «Mening borligimni unutdimi? Menga e’tiborsiz kuylashi nimasi!».

Vujudimni iztirob iskanjasiga topshirib, joyimdan jilmay oʻtirdim, keyin birdan oʻrnimdan turib, nima qilayotganimni oʻzim ham bilmagan holda, shlyapamni olib tashqariga yoʻnaldim. Qayoqqa, nima uchun otlanganim oʻzimga ham noma’lum edi. Lukerya paltomni uzatdi.
- Ashula aytyaptimi? – soʻradim Lukeryadan beixtiyor. Lukerya tushunmadi, ajablanib qaradi: shu tobda menga tushunish chindan ham mushkul edi.
- Birinchi marta ashula aytyaptimi?
- Birinchi emas, siz yoʻqligingizda ba’zan aytardi, - deb javob berdi Lukerya.

Hammasi aniq esimda. Zinadan pastga tushdim, koʻchaga chiqdim, keyin boshim oqqan tomonga yurdim. Muyulishgacha borib, toʻxtadim, atrofga alangladim. Odamlar oqimi orasida qolgan edim, turtib oʻtsalar ham sezmasdim. Izvoshchini chaqirib, Politsiya koʻprigiga hayda, dedim. Soʻng, birdan fikrimdan qaytib uning qoʻliga bir tanga tutqazdim.
- Seni bezovta qilganim uchun, - dedim izvoshchiga ma’nosiz kulib. Biroq yuragimda toʻsatdan qandaydir zavq uygʻondi.

Qadamimni tezlatib, uyga qaytdim. Qalbimdagi darz ketgan, uzilay-uzilay deb turgan bechora torlar birdan sozlanib, jarangladi. Entikib, ketdim: koʻz oldimdagi qora qatlam yoʻqolardi, yoʻqolardi! Men borimda meni unutib kuylabdimi – eng qoʻrqinchli va aniq-ravshan haqiqat shu edi. Buni yuragim sezib turardi. Qalbimdagi shavq tobora oʻt olib, qoʻrqinchni siqib chiqarardi.

O, taqdirning shoʻri-gʻavgʻosi! Axir butun qish boʻyi vujudimda shu shavqdan oʻzga hech nima yoʻq edi, boʻlishi ham mumkin emasdi-ku, men qayerda edim? Mana shu qalbim bilan yashar edim-mi? Zinalardan shoshilib, yugurib chiqdim, biroq ichkariga jur’at bilan kirdim-mi, bilmayman. Oyoqlarim osti toʻlqin urgani, oʻzimni goʻyo daryo uzra yengil suzib yurganimnigina eslayman. Xonaga kirdim: u oʻsha joyida bir nimani tikib oʻtirardi, qoʻshiq aytmasdi. Men tomon qiziqishsiz yuguruk qarab oldi, buni hatto qarash deb ham boʻlmaydi, odatda xonaga biror kimsa kirsa mana shunday odatiy, e’tiborsiz harakat qilinadi.

Men miyasi aynigan odamday toʻgʻri kelib uning yoniga oʻtirdim. U qoʻrqib ketganday menga tezgina qaradi: men esa uning qoʻlini olib nimadir dedim, nimaligi esimda yoʻq, toʻgʻrirogʻi nimadir demoqchi edim, ammo oʻsha ahvolda bir soʻzni eplab aytishga qurbim yetmasdi. Ovozim oʻzimga boʻysunmay, soʻzlar chala yarim otilib chiqardi. Ha, nima deyishni bilmas edim, nuqul entikardim.
- Gaplashib… olaylik… bilasanmi… nimadir degin… - toʻsatdan otilib chiqqan bu soʻzlar tentaknamo edi, tan olaman, biroq oʻsha topda aqlli gap aytadigan ahvolda emasdim.

U yuzimga qaradi, seskandi, kuchli bir qoʻrqinch bilan oʻzini chetga oldi koʻzlarida qat’iy ajablanish zohir boʻldi. Ha, ajablanishida qat’iylik bor edi, u menga katta-katta koʻzlari bilan boqardi. Bu qat’iylik, bu qat’iy ajablanish meni bir hamladayoq butkul majaqlab tashladi. U indamagan boʻlsa-da, bu ajablanishida «Hali sen muhabbat istayapsanmi? Muhabbat kerakmi senga?» degan savol jaranglardi. Yoʻq, men bu soʻzlarni oʻqib oldim, hammasini oʻqidim. A’zoyi badanimga titroq yugurdi, oʻzimni tutolmay oyoqlari ostiga shilq etib tushdim. Ha, men oyoqlari ostiga quladim. U oʻsha zahoti sapchib tushdi, ammo men bor kuchim bilan qoʻllaridan ushlab qoldim.

Ruhiy tushkunligimni men yaxshi anglab turardim, juda yaxshi anglardim. Xoh ishoning, xoh ishonmang, yuragimdagi shavq shu qadar qaynardiki, hatto oʻlib qolamanmi deb ham oʻylardim. Men – baxtdan mast boʻlgan, lazzatdan hushini yoʻqotgan odam uning oyoqlarini oʻpdim. Ha, ha, bu behisob: behudud baxt edi, ruhiy tushkunligimni anglagan holda baxtga yoʻgʻrilgan edim. Men yigʻlardim, nimalardir derdim, ammo gapira olmasdim. Undagi qoʻrquv va hayronlik oʻrnini birdan qandaydir tashvishli fikr, favqulodda savol egalladi: endi menga gʻalati, hatto yovvoyi qarash qildi, u nimanidir tezroq tushunib yetish istagida kulimsiradi. Oyoqlarini oʻpayotganimdan haddan tashqari uyalardi, oyoqlarini tortib olardi, ammo men hozirgina oyogʻi turgan yerni oʻpardim. Ahvolimni koʻrib uyatdan kula boshladi. (Uyatdan qanday kulishlarini koʻrganmisiz?) Asabdan qoʻllari titradi. Buni koʻrdim. Ammo mulohazaga chogʻim kelmadi, dovdirab, nuqul sevishimni, oʻrnimdan turmay «bir umr tiz choʻkib uning haqiga ibodat qilishimni» aytardim… «kel, koʻylaklaringdan bir oʻpay…» Bilmadim, esimda yoʻq… birdan u titrab ketdi, uvvos tortib yigʻlay boshladi; men uni qoʻrqitib yuborgan edim, tutqanogʻi tutdi.

Uni koʻtarib toʻshakka oldim. Xuruj qoʻyib yuborgach, qaddini koʻtarib ezgin bir ahvolda toʻshakka oʻtirdi-da, qoʻllarimni ushlab, tinchlanishimni soʻradi: «Oʻzingizni qiynamang, bas, yetar, tinchlaning» - menga «tinchlaning» deb, oʻzi yigʻini boshladi. Kechasi bilan yonidan jilmadim. Ovozi xasta ekanini, buni yaqinginada oʻzim eshitganimni ikki haftadan soʻng Bulonga, dengiz sohiliga olib ketajagimni, kassani yopib, Dobronravovga sotajagimni, hammasi yangitdan boshlanajagini, eng muhimi Bulon, Bulonga ketajagimizni gapirib chiqdim. U indamay, ammo hadik bilan eshitib yotdi. Gapirganim sari hadigi ostida yotish, oyoqlarini oʻpish, oyoqlari turgan yerni oʻpish, uning qarshisida tiz choʻkib, ibodat qilish istagi butun qudrati bilan vujudimga hukm oʻtkazardi. «Sendan boshqa hech nimani, hech nimani soʻramayman, menga javob berma, bor-yoʻqligimni bilmasang ham mayli, faqat burchakdan oʻgʻrincha qarashimga izn ber, meni biron bir buyumingga, mayli, kuchukchangga aylantirib ol»… bu gapni necha qayta takrorladim. U esa yigʻi bilan javob qaytardi.
-Meni shu holda tashlab qoʻyasiz deb oʻylabman, - bu gap uning boʻgʻzidan birdaniga va beixtiyor otilib chiqdi. Hatto qanday aytib yuborganini oʻzi ham sezmay qoldi. O, uning bu soʻzlari – men uchun hal qiluvchi, eng muhim, oʻsha tun aytilgan soʻzlar ichra eng tushunarlisi – yuragimni pichoq yangligʻ tilib yubordi. U hammasini tushuntirib berdi, oʻshanda yonimda, koʻz oldimda edi, bundan umidim ufqi yorishib turardi, baxtim ham behad edi. O, oʻsha kech uni juda toliqtirdim, buni bilib tursam-da, hammasini qayta qurishni betoʻxtov oʻylardim. Tun oqqanda butunlay holdan toydi, uxlashga koʻndirdim, u tezda, qattiq uyquga ketdi. Alahsirarmikin deb kutdim, yengilgina alahsiradi. Tun boʻyi dam-badam turib, unga qarash uchun shippakda ovoz chiqarmay yurib kelardim. Oʻshanda uch soʻmga sotib olgan temir karavotga, undagi toʻshakka, toʻshakdagi bu bechora, xasta zotga qarab yuzlarimni yulish darajasida afsus-nadomat chekardim. Tiz choʻkardim, ammo (uning ruxsatisiz!) uxlab yotgan chogʻida oyoqlarini oʻpishga jur’at etolmasdim. Xudoga ibodat qilgali tiz choʻkardim, ammo tez orada turib ketardim. Lukerya oshxonadan chiqib, mendan tez-tez xabar olardi, men unga kirib yotaverishi mumkinligini, ertaga butunlay oʻzga hayot boshlanishini aytdim.

Men shunday boʻlishiga koʻr-koʻrona, telbalarcha, ashaddiy ishonar edim. O, shavq, faqat shavq bodasidan lazzatlanardim men! Men faqat ertangi kunni kutardim. Eng muhimi, ba’zi bir belgilarga qaramay, falokatga ishonmas edim. Koʻz oldimdagi qora qatlam yoʻqolgan boʻlsa-da, idrokim tiniqlashmagan. Idrokim uzoq vaqt, juda uzoq, to bugungi kungacha tiniqlashmadi. Qanday tiniqlashsin, axir unda u tirik edi, u mening roʻparamda, men esam uning qarshisida edim. «Ertalab uygʻonganda hammasini aytaman, u hammasiga oʻzi shohid boʻladi». Mening oʻsha topdagi fikr-oʻylarim shu – oddiy va ravshan edi, shavqim ham shundan oʻt olardi! Muhimi – Bulon, nimagadir, Bulon bor-yoʻgʻimizni hal qiladi, Bulonda taqdirimiz oʻzgacha chiroy ochadi, deb oʻylardim. «Bulonga, Bulonga», yuragim shunday tepardi. Men tongni telbalarcha orziqib kutardim.

Haddan Ziyod Tushunaman

Axir bu bir necha kun, besh kun, atigi besh kun avval, oldingi seshanbada boʻlgan edi! – Yana ozgina vaqt, yana zarracha chidaganda men atrofimizdagi qorongʻilikni tarqatib yuborardim! Nahotki tinchlana olmasdi? Axir ertasigayoq, bir oz sarosimaga qaramay, gaplarimni kulib eshitgan edi-ku… Muhimi, bu vaqt davomida, besh kun mobaynida parokandalik yo uyatdan siqilardi. Qoʻrqardi ham, juda-juda qoʻrqardi. Bahslashib oʻtirmayman, tentaklarga oʻxshab oʻz gapimga oʻzim qarshi ham bormayman: qoʻrquv bor edi, axir shu vaziyatda qanday qilib qoʻrqmasin? Axir juda uzoq vaqt badalida bir-birimizga begonalashib qoluvdik-ku, bir-birimizdan bu qadar uzoqlashib, kutilmaganda… Ammo men undagi qoʻrquvga qaramadim, chunki yangilik barq urib kelmoqda edi!.. Xatoga yoʻl qoʻyganim toʻgʻri, ming-ming marotaba toʻgʻri. Balki bir emas koʻplab xatoga yoʻl qoʻygandirman. Bundan ham boʻyin tovlamayman. Ertasiga (ya’ni chorshanba kuni) uygʻonishimiz bilan xatoga yoʻl quydim: uni birdaniga oʻzimga doʻst deb bildim. Men shoshildim, behad shoshildim, biroq tavbam zarur edi, istigʻfor keltirish har narsadan zarurroq edi. Men hatto bir umr oʻzimdan yashirgan sirlarimni ham oshkor etdim. Butun qish boʻyi uning muhabbatiga umid bogʻlaganim ochildi. Garov kassasi riyozat chekish oqibatida irodam zaiflashuvi, ongim tushkunligi tufayli tugʻilgan xudbinlarcha shaxsiy gʻoyam ekanini tushuntirdim. Oʻshanda teatr yemakxonasida chindan qoʻrqqanimni, ammo dueldan emas, oʻz fe’limdan, oʻz badgumonligimdan qoʻrqqanimni, aniqrogʻi, yemakxonadan, vaziyatdan lol qolganimni, gusarni duelga chaqirishim boshqalarga bema’ni boʻlib tuyulmasmikin, degan xayolda gumonsiraganimdan, dueldan emas, aynan shu gumondan choʻchiganimni, soʻng bu qoʻrqoqligimni boʻynimga olmay hammani, hatto uni azobga qoʻyganimni, uni azobga qoʻyish uchun ham uylanganimni aytdim. Umuman gaplarimda tartib yoʻq edi, goʻyo isitma aralash valaqlardim. Uning oʻzi qoʻllarimdan ushlab, bas qilishimni soʻrardi: «Siz oshirib yuboryapsiz, siz oʻzingizni qiynayapsiz» - shunday derdi, keyin koʻz yoshi boshlanardi, tutqanogʻi tutishga oz qolardi! U xotiralarimga nuqta qoʻyib, gapirmasligimni iltijo bilan soʻrardi.

Uning iltimoslariga qaramasdim, yoki kam e’tibor berardim. Axir oldinda – bahor, quyoshli Bulon! U yerda bizni yangi quyoshimiz kutyapti – bularni gapirmay boʻladimi! Kassani yopib, ishni Dobronravovga oshirdim. Choʻqintirgan onamdan qolgan uch mingdan tashqari bor budimizni muhtojlarga ulashib, oʻsha uch mingga Bulonga borib kelgach, yangi hayot boshlab, peshona teri bilan tirikchilik qilishni taklif etdim. Shunga kelishdik, chunki u taklifimni javobsiz qoldirdi, faqat jilmayib qoʻydi. Nazarimda, meni xafa qilmaslik niyatida, koʻngil uchun jilmaydi. Unga ogʻirligim tushayotganini koʻrdim. Meni buni koʻrmaydigan darajada tentak va xudbin deb oʻylamang. Men hammasini, soʻnggi chiziqchasigacha koʻrdim, koʻrganda ham boshqalardan aniqroq koʻrdim: mening barcha iztiroblarim shunday kaft ustida edi.

Men unga oʻzim haqimda, u haqda va Lukerya toʻgʻrisidagi hamma gapni aytdim. Yigʻlaganimni aytdim… O, ba’zan gapni chalgʻitdim, ba’zi narsalarni eslatmaslikka harakat qildim, hatto u bir-ikki jonlandi, esimda, aniq esimda! Nima uchun qarab turib hech nimani koʻrmagansan, deyapsiz? Axir bu sodir boʻlmaganda hammasi qayta tirilardi. Axir uchinchi kuni suhbatimiz chogʻida, qish boʻyi oʻqigan kitoblari haqida gap ketganda Jil-Blaz bilan arxiyepiskop Grenadskiy orasidagi mojaroni eslab, kula-kula aytib bergan edi-ku! Kulgisi xuddi qalliqlik davridagidek (o, u onlar!) naqadar munis, muloyim edi, bunda mening quvonchim chekini chamalab boʻlmasdi. Arxiyepiskop mojarosini eshitib, hayratga tushdim: qarang, oʻsha qishda oʻtirgan chogʻida durdona asardan lazzatlanishga, kulishga ruhiy xotirjamlik va baxtli onlar topa bilibdi-da! Demak, u shu holda tashlab qoʻyishimga ishonch hosil qilib, ovuna boshlagan ekan. «Meni shu holda tashlab qoʻyasizmi, deb oʻylabman» - oʻsha kuni, seshanbada shunday dedi! O, axir bu oʻn yoshli qizaloqlarning oʻyi-ku! Demak, u hamma narsa shu holda qolishiga ishongan, toʻla ishongan: ya’ni u oʻz stolida, men oʻzimnikida oʻtiraman, shu zaylda oltmish yoshimizga qadar ayrimiz… Birdaniga, hech kutilmaganda men tiz choʻkaman, men – er, muhabbatga muhtojman! O, bu mening xatoim, bu mening ojizligim edi!

Unga shavq bilan qarashim ham xato edi; oʻzimni tutishim lozim edi, chunki shavqim uni qoʻrquvga solardi. Axir men oʻzimni tutib ham oldim, oyoqlarini boshqa oʻpmadim. Hatto biror marta boʻlsin unga.. er ekanligimni shama qilmadim, bu hatto xayolimga ham kelmadi. Men faqat ibodat qildim, ha, ibodatdan boshqasini oʻylamasdim. Axir butunlay gapirmaslik, sukut saqlash ham mumkin emasdi! Gaplaridan lazzat olishimni, uning oʻzimga nisbatan cheksiz, ha, cheksiz bilimdon va yetuk ekanini ham yashirmadim. U qizarib ketdi, noqulay ahvolga tushib, «oshirib yuboryapsiz» dedi. Ana shunda, men ahmoq kalla, oʻzimni tutolmay, eshik ortida pisib uning olishuvini, bokiralik bilan mahluq orasidagi olishuvni tinglaganimni, bolalarcha oqkoʻngil boʻlgan holda aqli, zarofati shu’lasi, menga behad lazzat bagʻishlaganini aytib yubordim. U seskanib, butun vujudi titrab ketdi, yana oshirib yuboryapsiz demoqchi boʻldi-yu, birdan chehrasiga qaygʻu yugurdi, yuzini qoʻllari bilan toʻsib hoʻngrab yubordi… Men yana oʻzimni tutolmadim, yana yiqilib oyoqlarini oʻpa ketdim. Oʻtgan seshanbadagi kabi tutqanoq bilan yakunlangan bu voqea kecha kechqurun sodir boʻldi. Ertalab esa…

Ertalab!? Tentak, ertalab bugun edi, bugun ertaga edi, yaqinda, yaqinda edi…

Yaxshilab tinglab, uqib oling: yaqinda (kechagi jazavadan keyin) choyga oʻtirganimizda u oʻzining xotirjamligi bilan meni lol qoldirdi. Ha, shunday boʻldi. Men esam tuni boʻyi kechagi voqea tufayli qoʻrquvdan tipirchilab chiqqan edim. Birdan u menga yaqinlashdi, tiz choʻkdi, qoʻllarini qovushtirib (yaqinda, yaqinda-ya!) oʻzining jinoyatchi ekanini, buni yaxshi bilishini, jinoyati qish boʻyi azob berganini, azob iskanjasidan hali ham qutulmaganini… olijanobligimni cheksiz qadrlashini aytdi: «vafodor xotiningiz boʻlaman, sizni e’zozlayman..» Shunda men sapchib turib uni telbalarcha quchoqlab oldim! Uni oʻpa ketdim, yuzlaridan, lablaridan oʻpdim, uzoq ayriliqdan keyin qaytgan er misol oʻpdim. Shundan keyin nimaga ketdim-a, ikki soatgagina… xorijiy pasportlar orqasidan… E, xudo, besh daqiqagina, besh daqiqa oldin qaytsam boʻlmasmidi? Darvozamiz oldidagi olomon, ularning nigohlari… E, xudo!

Lukeryaning aytishicha (o, men endi Lukeryani sira qoʻyib yubormayman. U hammasini biladi, butun qish boʻyi u bilan birga boʻlgan, endi menga hikoya qilib beradi!), men uydan chiqqach, qaytishimga bor-yoʻgʻi yigirma daqiqa qolganda xonamizga kirgan, boyvuchchadan nimanidir soʻramoqchi boʻlgan, nimaligi esimda yoʻq, kirib qarasa-ki, uning ikonasi (hov oʻsha, garovga keltirgan, Bibi Maryam ikonasi) naqshindor qoplamadan chiqarilgan, stol ustida turibdi, boyvuchcha xuddi hozirgina sajda qilganday... «Sizga nima boʻldi, boyvuchcha?» – «Hech nima, Lukerya boraver.. Toʻxta Lukerya». Yaqinlashib oʻpibdi.
-Baxtlimisiz, boyvuchcha? – deb soʻrabdi. «Ha, Lukerya». – Allaqachonlar sizdan uzr soʻrashlari kerak edi… Xudoga shukr, yarashib oldinglar. – «Yaxshi, Lukerya, bor, boraver Lukerya» - shunday deb jilmayibdi, juda gʻalati jilmayibdi. Shu darajada gʻalati jilmayibdiki, Lukerya oʻn daqiqadan soʻng xabar olish uchun yana iziga qaytibdi. «U shunday deraza oldida, tirsagi bilan devorga suyanib, boshini qoʻliga qoʻyib, oʻylanib turibdi. Juda qattiq oʻyga tolganidan qoʻshni xonaga kirganimni, tikilib qolganimni sezmadi. Qarasam, jilmayayotganga oʻxshadi, turgan holicha oʻylab jilmayganday boʻldi. Unga qarab turib-turib, orqamga oʻgirilib, sekin chiqdim. Endi oʻzimcha oʻyga tolgandim, deraza ochilgani eshitildi. «Boyvuchcha, hali havoning zahri bor, shamollab qolmang» degani kirib, qarasam – u derazada turibdi. Ochiq derazada butun boʻyi-basti bilan menga orqasini oʻgirib turibdi. Qoʻlida Bibi Maryam. Yuragim uzilib tushdi. Jon holatda «Boyvuchcha, boyvuchcha!» deb qichqirdim. U ovozimni eshitdi, oʻgirilmoqchi edi, oʻgirilolmadi, tashqariga qarab qadam qoʻydi, Bibi Maryamni koʻkragiga bosib, oʻzini derazadan tashladi».

Men faqat bir narsani yaxshi eslayman: darvozadan hatlab oʻtganimda u hali sovub ulgurmagan edi. Muhimi – hammaning koʻzi menda. Avvaliga baqirayotgan edilar, keyin birdan jimib qoldilar. Olomon ikki tomonga surilib yoʻl ochildi va… uni Bibi Maryamni quchoqlagan holda koʻrdim. G’ira-shira eslayman, unga jimgina yaqinlashdim, uzoq tikildim, chekinayotgan olomon ichidan menga nimalardir deyishdi. Lukerya shu yerda ekan. Men bilan gaplashganmish. Faqat meshchan yodimda, u nuqul toshdagi qonni koʻrsatib: «ogʻzidan bir hovuch qon chiqdi, bir hovuch! Bir hovuch!» deb baqirardi. Men, aftidan, qonga barmogʻimni tekkizdim, qonga bulangan barmogʻimga qaradim (bu esimda), meshchan esa nuqul «bir hovuch, bir hovuch!» deb baqirdi.
-Bir hovuching nimasi! – deb qaynab ketibman, bor kuchim bilan unga tashlanibman.

O, vahshiylik, vahshiylik! Anglashilmovchilik bu! Nojoizlik, aqlga toʻgʻri kelmaydigan hol bu!

Atigi Besh Daqiqagina Kechikdim

Notoʻgʻrimi? Haqiqatga toʻgʻri kelmaydimi? Joiz deyish mumkin emasmi? Bu ayol nimani deb, nimaga oʻldi?

O, ishoning. Tushunaman, ammo uning nima uchun oʻlgani muhim muammo. U mening muhabbatimdan qoʻrqdi, qabul qilsammi, qilmasammi, deb oʻzidan-oʻzi jiddiy soʻradi, oxir savoliga javob topolmay, oʻlimni ravo koʻrdi. Bilaman, bilaman, bosh qotirishning hojati yoʻq va’dalarni keragidan ortiqcha berib yubordi, va’daga vafo qilolmasligini bilib qoʻrqdi – bu ravshan narsa. Bu yerda nihoyatda mudhish boʻlgan bir necha vaziyat bor. Harholda «u nima uchun oʻldi?» - degan savolga oʻrin bor. Bu savol betinim tiqillayapti, aynan mening miyamda tiqillayapti. Agar u shu holda qolishni istaganda, men uni shu holda qoldirardim. U esa bunga ishonmadi, mana gap qayerda! Yoʻq, yoʻq aldayapman, gap bu yerda emas. Masala oddiyroq, men bilan halol munosabatda boʻlishi kerak edi; sevadigan boʻlsa butun jonu tani bilan sevishi lozim, baqqolga in’om etishi mumkin boʻlgan sevgi menga mutlaqo kerak emasdi. U baqqolga lozim boʻlgani uchun ham meni aldab yurishni istamadi. U sevgi niqobi ostida yarim sevgi yoki chorak sevgi bilan meni laqillatishni xohlamasdi. Haddan tashqari bokira edi, mana gap qayerda! Qalb kengligini joriy etmoqchi edi, esingizdami? G’alati fikr…

U meni hurmat qilarmidi? Buni oʻlarday bilgim kelyapti. Mendan nafratlanarmidi yoki yoʻqmi? Oʻylashimcha, nafratlanmasdi. G’oyat taajjublanarlisi shundaki, mendan nafratlanarmidi, degan savol butun qish boʻyi kallamga kelmabdi. Men uning nafratidan xoli ekanimga soʻnggi daqiqagacha, menga qat’iy ajablanish bilan, aynan qat’iy qaragunga qadar oliy darajada ishonardim. Ana shunda men uning nafratlanishini tushundim. Abadulabad, umrbod angladim! Oh, mayli edi, bir umr nafratlansa ham mayli edi, men uchun tirik boʻlsa, tirik yursa bas edi! Yaqindagina yuruvdi, gapiryatuvdi. Qanday qilib derazadan tashladi, sira aqlim bovar qilmayapti. Hatto besh daqiqa oldin ham buni tasavvur eta olmasdim. Lukeryani chaqirdim. Endi uni sira qoʻyib yubormayman, sira! O, biz hali til topishishimiz mumkin edi. Biz faqat qish boʻyi dahshatli ravishda begonalashib qoldik, axir yana yaqinlashuvimiz mumkin edi-ku? Yana mehr nuqtasida uchrashib, yangi hayot boshlashimiz nahot, nahot mumkin emasdi? Men olijanobman, u ham – uchrashuv nuqtamiz shundan iborat! Yana ikki kungina, koʻp emas, chidasa, yana bir necha soʻz bilan hammasiga tushunib yetardi.

Muhimi, bu hodisa – oddiy, yovvoyi, johil hodisa ana shunisi alam qiladi. Shundan dilim ogʻriydi! Besh daqiqa, bor yoʻgʻi, bor yoʻgʻi, besh daqiqa kechikdim! Besh daqiqa oldin kelganimda hammasi bulut kabi suzib oʻtib ketardi, bu ish keyin xayolidan koʻtarilardi. Hammasi uning tushunib yetishi bilan yakunlanardi. Endi esa yana boʻsh xonalar, yana yolgʻizligim… Ana soat kapgiri tiqillayapti, unga nima, rahm, shafqat degan narsani bilmaydi. Endi hech kim yoʻq – ranju alamim ham shu!

U xonadan bu xonaga sarsari kezaman. Bilaman, bilaman, aytmay qoʻyaqoling, tasodifdan, besh daqiqa kechikkanimdan zorlanishim sizga kulgili tuyulyapti. Ammo ayon haqiqatni tan olgingiz kelmayapti. Oʻzingiz oʻylab koʻring: u boshqalar kabi hatto «oʻlimimda hech kimni ayblamang», degan ikki enlik xatcha ham qoldirmabdi. «U bilan sen yolgʻiz qolgan eding, derazadan itarib yuborgansan», deb hatto Lukeryani sarson qilishlarini nahot oʻylab koʻrmagan boʻlsa! Agar hovlidagi toʻrt kishi uning derazada Bibi Maryamni quchoqlab turganini, soʻng oʻzini tashlaganini koʻrishmaganda, aybsiz boʻlishimizga qaramay, toza sargardon qilishardi. Axir odamlarning turishi, hodisaga guvoh boʻlgani ham tasodif-ku! Yoʻq, bularning barchasi – lahza, gʻayrishuuriy lahza. Nogahoniylik va bejilov xayol! Xoʻsh, ikona qarshisida ibodat qilgan boʻlsa nima? Bu oʻlim oldida tavba qildi, degan gap emas-ku! Hammasi bir lahzagina davom etgan. Balki qandaydir oʻn daqiqa ichida – devorga suyanib, boshini qoʻliga qoʻyganicha jilmaygan paytida bir qarorga kelgandir. Kallasiga shu xayol urilganu boshi aylanib, bu qaror qarshisida oʻzini tuta olmaganmi?

Xoh istang, xoh istamang, bu yerda qandaydir tushunmovchilik bor. Men bilan yashashi mumkin edi. Kamqonlik boʻlsa nima qipti? Kamqonlikdan, sillasi qurib hayotiy quvvatning tugaganidan deysizmi? Yoʻq, u qishi bilan charchadi, mana gap qayerda…

Kechikdim!!!

Tobutda yotganda bunchalar xipcha, burni bunchalar soʻppayib qolmasa! Kipriklari kamon oʻqlari kabi yotibdi. Yiqilishi ham beozorgina boʻlgan – hech yeri sinmagan, yorilmagan. Faqat shu «bir hovuch qon». Ya’ni bir qoshiq degani. Ich-ichidan qalqqan. Ajib fikr: koʻmmaslik mumkin boʻlganda edi? Uni olib ketishgach, unda… o, yoʻq, olib ketish mumkin emas! O, axir men olib ketishlari lozimligini bilaman, men telba emasman, alahsirayotganim ham yoʻq, aksincha, aqlim hech mahal hozirgiday oydinlashmagan. Men bir narsani hazm qila olmayapman: yana uyda hech kim qolmaydimi, yana hayhotday bu xonalarda garovga qoʻyilgan buyumlar bilan yolgʻiz yashaymanmi? Alahsirash, alahsirash, mana alahsirash qayerda! Men uning sillasini quritdim mana gap qayerda!

Endi qonunlaringizni boshimga uramanmi? Endi odatlaringiz, taomilingiz, hayotingiz, davlatingiz, diningizni sariq chaqaga olmayman. Mayli, meni sizning hakamingiz soʻroq qilsin, mayli meni oʻsha sudga, ochiq sudingizga boshlab boring, hech nimani tan olmasligimni oʻsha yerda ham aytaman. Hakamingiz «Jim boʻling, ofitser!» deb qichqiradi. Men esam unga: «Meni quloq osishga majbur etuvchi qudrating qani? Nima uchun bu zim-ziyo jaholat men uchun hamma narsadan qadrli boʻlgan narsani majaqladi? Qonunlaringiz menga nimaga kerak? Menga endi begona bular!» deb baqiraman. O, endi menga bari bir!

Ojiz, ojiz! Jonsiz u, eshitmaydi! Senga qanday jannat yaratib berardim, bilmayman. Jannat qalbimda edi, chor atrofingni jannat bilan oʻrardim. Sen meni bari bir sevmas eding, xoʻsh, nima qipti? Hammasi oʻsha holda boʻlardi, oʻsha holda qolardi. Doʻstga gapirib berganday gapirarding menga – bir-birimizning koʻzimizga tikilib quvonardik, kulardik. Shunday yashardik. Boshqani sevib qolsangmi? Mayli, rozi edim! Sen u bilan yurib kularding, men boʻlsam koʻchaning bu betida turib kuzatardim… O, faqat bir martagina koʻzini ochsa, hammasiga rozi edim! Bir lahza, faqat bir lahza (!) menga qarasa edi, xuddi yaqinginada oldimga kelib vafodor xotin boʻlaman, deb qasam ichayotganday bir qarasa edi! O, bir qarashdayoq hammasini anglar edi!

Jaholat! O, tabiat! Yer yuzidagi odamlar yolgʻizlar – alam qiladigani shu! «Maydonda tirik jon bormi?»- deb qichqiradi, rus pahlavoni. Pahlavon boʻlmasam-da, men ham qichqiraman – hech kim javob bermaydi. Quyosh odamga jon beradi, deydilar. Quyosh chiqqanda unga bir qaranglar – axir u oʻlik emasmi? Hamma narsa oʻlik, hamma yerda jonsiz murdalar. Faqat odamlar, atroflarini sukut oʻrab olgan – Yer shundan iborat. «Odamlar, bir-biringizni seving!» Buni kim aytgan!? Kimning oʻgiti? Soat kapgiri unsiz, nafratni qoʻzgʻatadigan darajada tiqillaydi. Tun ogʻdi – soat ikki. Botinkachalari karavoti oldida turibdi, goʻyo bekasini kutyapti. Yoʻq, jiddiy aytyapman, ertaga uni olib ketishgach, men nima qilaman?

1876

  1. «Yozuvchi kundaligi» nazarda tutilayotgan boʻlsa kerak. F.M.Dostoyevskiy 1873-74 yillarda «Grajdanin» jurnaliga muharrirlik qilib, har oyda «kundalik»larini e’lon qila boshlagan. 1876-77 yillarda davom ettirgan. «Ma’suma»ning yozilish vaqti xuddi shu davrga toʻgʻri keladi. (Tarj.)
  2. Ham oqlashim, ham qoralashim ma’nosida (lotincha)
  3. Inglizchasiga (frans.)
  4. XIX asr ingliz faylasufi, utilitarizm tarafdori nazarda tutilgan boʻlsa kerak. (Tarj.)
  5. Ishqiy uchrashuvga (frans.)