OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Gʻaffor Hotamov. Ota (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGʻaffor Hotamov
Asar nomiOta (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Gʻaffor Hotamov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/17
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ota (hikoya)
Gʻaffor Hotamov

Aslida men moddiyunchiman. Alloh taologa shak keltirgan joyim yoʻq, ammo... Bilasizmi, esimni tanigach, kechgan umrim Rusiyada oʻtgan. Shu bepoyon mamlakatda avval nomzodlik, keyin doktorlik ishimni himoya qildim. Ilmiy rahbarim koʻp ma’rifatli olim edi, qatagʻon zulmining borki sitamini boshidan kechirgan, bu ham yetmaganday aksilirsiyatchi Litsenkoga qarshi chiqqan va yana qamalgan, xullas, turma ikkinchi uyiga aylangan...

Koʻrguliklar koʻngliga gʻubor solmagan shu kishining hasratlarini tinglab oʻtirib, goho «Ey, qodir egam, agar sen bor boʻlsang, bir devonai mashrabning boshiga shuncha kulfat solarmiding?!», degan paytlarim boʻlgan. Ammo bu — boshqa masala. O’sha kuni — sizga qanday tushuntirsam ekan — bir hujjat toʻgʻrilash kerak edi, kun boʻyi boʻzchining mokisiday idorama-idora yugurib, sillam qurib uyga qaytdim. Koʻnglim gʻash, ham buning ustiga yomgʻir sevalab oʻtgan boʻlsa-da, havo tund, irkit bulutlar qalashib yotar, xullas, yurakni ezib yuboradigan qandaydir alamangiz shom edi.

Uyga kirib chiroqni yokdim, lekin koʻnglim yorishmadi. O’zimni juda yolgʻiz ham notavon his etdim, goʻyo hozir bir kori hol sodir boʻladigandek, odatda uncha e’tibor qilmaydigan qizchamga koʻzim tushib qolsa, yuragim toʻlib ketadi deng.

Ora-sira kishida shunday holat boʻlib turadi, shekilli?

Axir, olim degan nomim bor. Ilm, irsiyat deb boʻgʻiq laboratoriyalarda umrni oʻtkazdim, ammo oyoq ostidan bir «tashvish» chiqib qolsa, bolalarimning kuniga yaraydigan hech vaqo orttira olmadim. Nima, men yashashga noqobilmanmi? Topganim nega tirikchiliqdan ortmaydi? Odamlar qayoqdan topadi? Orttiradi? Qoʻsha-qoʻsha uylar soladi? Buning uchun olchoq boʻlish kerakmi? Qanday qilib yoʻqni yoʻndirsa boʻladi? Bolalar boʻy yetib qoldi, birini uzatish, boshqa birini uylantirish, uyli-joyli qilish kerak. Ammo qanday qilib?..

Boʻgʻiq ovoz meni seskantirib yubordi. Savilqolgur telefon shundoq biqinimda turgan ekan, faryod solgan kabi shunday zorlandiki...

...Vahmidan yuragim uvishib ketdi.
— Allo-o?
— Aka, yaxshimisiz? Uydagilar tinchmi? Yangam, singillar...

Ukamning tovushi qandaydir shikasta, hayajon shunday silqib turar edi. Yuragim battar hapqirdi. U yoʻtaldi. Otam anchadan buyon dardga chalinib yurgan edi, shu mening xayolimdan oʻtdi, har xil oʻylarga borib, hayajondan boʻgʻilgancha:
— Tinchlikmi? — deya soʻradim.

U boʻlsa tagʻin yoʻtaldi, soʻng atay shunday qilayotgani sezilib turgan ohangda:
— Tinchlik, tinchlik, — dedi vazminlik bilan choʻzib. — Shu-u... — yana uning nafasi ichiga tushib ketdi.
— Nima gap? Tinchlikmi oʻzi?
— Otam sizni soʻrayotgan edilar.

«Aytgan edim-a!» Muqarrar boshimga tushadigan yuk butun salobati bilan bosib kela boshladi. Boyagi charchogʻu tashvishlar unut boʻla boshlagan edi, garchi takdirga tan bergan boʻlsam-da:
— Tuzukmi oʻzlari? — deya soʻradim. Va shu lahzaning oʻzida bunga hojat yoʻqligini his etdim.
— Tuzuk, tuzuk. Kasalxonada. Shu-u...
— Men hozir yoʻlga chiqaman.
— Uydagilar yaxshimi, ishqilib?

Noxush xabarni yetkazgan odam oʻzini aybdorday his qiladi. Shunday holatga tushganligi uchun ham u nima deyarini bilmay koʻngil soʻrayotgani kunday ravshan edi.

Indamay goʻshakni joyiga qoʻydim.

O’zimni taqdir suroniga topshirib boʻlgan edim, uning oqimiga itoatan oʻrnimdan turdim-da, shosha-pisha soatga qaradim. Sakkiz. Poezd joʻnashiga yana bir soatcha vaqt bor.

Hayotda shunday damlar boʻladiki, oʻzing bilan oʻzing boʻlib, na yurgan yoʻling, na koʻrgan-bilganing yodda qoladi. Poezdda ketyapman-u, qani endi oʻzimni qoʻlga olishga kuchim yetsa. Borib, qanday koʻrgulikning ustidan chiqar ekanman? Chindan ham otam kasalxonadami yoki?.. Har qalay, tuzuk boʻlmadi. Ogʻir yotganligini bila turib, bir koʻngil soʻray olmadim. Qishloqdagilar-ku, mayli, hatto otamning oʻzi ham meni badavlat, agar qoʻlini uzatsa, istagan joyiga yetadi, deb oʻylaydi. Kim qachonlardan buyon poytaxtga olib kelishimni, shu sohaning piri boʻlgan mutaxassislarga koʻrsatishimni kutib yotibdi. Lekin men hatto til uchida shunday qilay deya olmadim, royish bildirib, «xoʻp» deb qolsa agar, uyalib qolaman deb choʻchidim. Sizga yolgʻon, oʻzimga chin: shu tashvishni koʻtara oladigan holim yoʻq edi. Mana, endi, xudo koʻrsatmasin, biron gap boʻlsa, el-yurtning malomatiga qolishim aniq. Garchi yuzimga aytishmasa-da, «oʻrgildim sening olimligingdan!..» deya ichida ta’na qiladiganlar yoʻq emas.

Mendan oyim ham xafa boʻlsa kerak. E, tavba! Qanday qilib ularga «nomim ulugʻ boʻlsayam, qoʻlim kalta» deya olaman? Shu gapga birov ishonadi deb oʻylaysizmi?!

Hali qaytib kelgach, taomilga koʻra ma’rakasini oʻtkazish — dasturxon yozib yurtga bildirish kerak. Uyda esa sariq chaqa yoʻq. E, xudo!..

Kimga borib dod deysan, axir, Qayoqqa borasan oʻzingdan qochib?!.

Shunday ahvolga tushib qolmay deb odamzod oʻzini oʻtga, suvga, toʻrt tomonga urar ekan-da?!

Bilmayman — qachon koʻzim ilingan, bir mahal allakim turtganday boʻldi, koʻzimni ochdim, qarasam, diplomatni tizzamga qoʻyib, kupe burchagida omonatgina oʻtiribman.
— Yetib keddingiz,— dedi vagonogʻa horgʻin tovushda.

Temir zinalarni bir-bir bosib perronga tushdim. Havo muzday ekan, uyqum tamomi oʻchib ketdi.

Osmonning kunchiqar tarafi xiyol yorishgan, koʻk yuzida uvada bulutlar suzib yurar, unda-bunda esa oyna sinigʻiday yalt-yult etib yulduzlar koʻzga tashlanar edi.

Kechagiga nisbatan havo picha yumshagan, namxush yoʻlaklar, yomgʻirda chayilgan yaprokdar koʻngilga taskin bagʻishlar edi.

Vokzalda biron-bir tanishni uchratmagach, sekin koʻchaga chikdim. Taqdirga tan bergan kishigina shunday xotirjamlik tuyishi mumkin. Favqulodda sokin koʻchani bir-bir bosib oʻtdim-da, shifoxonaga eltuvchi yoʻlga burildim. Har holda, shu yerda deyishgan edi-ku menga. Biron kori hol roʻy bergan boʻlsa, kutib olish uchun, albatta, kimdir chiqqan boʻlar edi.

Shifoxona darvozasining rangi oʻchgan, mayishgan bir tavaqasi qiya ochiq edi. Ichkari kirdim, devoru imoratlar xiyla choʻkib qolganday boʻlib tuyuldi menga.

Xiyobon oralab ketgan torgina yoʻlak boʻylab yurilsa, dov-daraxt orasidan oqarib koʻrinayotgan pastqam binoga. olib borar edi. Otam chindan ham shu yerda, yurak kasalliklari boʻlimida yotgan ekan, ukamning aytishicha, infarkka duchor boʻlibdi u.

Qishloqqa oʻtmay, toʻgʻri shu yerga kelishimni oldindan bilganday ukam dahlizga chiqib turgan ekan. Meni koʻrib, horgʻin chehrasida achinishmi, har qalay, koʻngli boʻshab ketganligini oshkor etuvchi bir ifoda aks etdi.
— Keling, aka, sizga sezdirmay qoʻya qolaylik, degan edim, boʻlmadi. Yetti kundan buyon na koʻzini ochadi, na tuz totadi. Ogʻziga suv tomizib oʻtiribmiz...
— Nima, kecha xiyla ogʻirlashdimi? — deya soʻradim jonsaraklik bilan.
— Ha. Shu...

Shosha-pisha u qoʻl uchida ishora qilgan eshikni ochib, ichkari kirdim. Bir oʻrindiq arang sigʻadigan torgina boʻlma. Shoʻrlik otam oʻng biqiniga yonboshla-gancha bulk etmay yotar, bir siqimgina boʻlib qolgan edi u.

Ukam odob yuzasidan: «Siz yoʻl yurib kelgansiz, hozir uyga boring, picha dam oling, ertalab gaplasharmiz, aka», dedi. Biroq men unamadim, «Yaxshisi, sen bor, damingni ol, axir, men ham bir farzandman-ku, otamning bosh uchida picha oʻtiray», dedim. U ketgach, oqish kursini oldim-da, oʻtirdim.

Goʻyo tegirmon toshi yelkamdan bosib turar edi.

Mana, otam — dunyoga kelishimga sababchi boʻlgan, oq yuvib, oq taragan, papalab oʻstirgan otam...

Tuygʻularning tabiatiga tushunish qiyin, garchi volidai muhtaramang, padari buzrukvoring seni deb jonidan kechsa-da, koʻzlari yoʻlingda nigoron boʻlsa-da, farzandingchalik joning achishmaydi ularga. Ehtimol, hayotning abadiyligini ta’minlovchi sinoat shundadir. Mana, otam, u haqda jiddiyroq oʻylab koʻrsin debmi, hayot nihoyat meni unga roʻbaroʻ qildi: u bir siqimgina boʻlib shundoq mening qarshimda, toʻshakda mixlanib yotibdi, lablaridan qon qochgan, za’faron yuzlarida ogʻriq izimi yoxud bir nimadan norozilikmi... toshday qotgan.

Men endi esimni tanigan paytlarda u kishi «Ij-yupiter» mototsiklini minib, tong boʻzarmay ishga ketar edi. Qay mahal ishdan qaytishini bilmasdik ham. Faqat bozor kunlarigina toklarning tagini yumshatayotganida, beda gʻaramlayotganida koʻrib qolar edik. Keyin — men picha ulgʻaygach, shirin uyqumni buzib salqin saharda uygʻotishlari yodimda qolgan. Ota-bola junjikib yotgan dalani kesib oʻtib, tutzorga borib ipak qurti uchun barg kesar edik. Maktabga joʻnash vaqti boʻlgunga qadar otam bir-ikki tutni kallaklar, men esa uzun-uzun shoxlarni oldimga oʻngarib, eshakda uyga tashir edim. Eshakda mulgib kelar ekanman, maktabga oʻtib ketayotgan begʻam, betashvish bolalarga shunday havasim kelar ediki, shunday havasim kelar ediki...

Hayot bir marta imkon bergan menga, u ham boʻlsa— Oʻqish. Shunda qanday boʻlmasin, albatta, institutga kiraman, tirikchilik tashvishi bosh ustingda tegirmon toshiday aylanadigan bu muhitdan sitilib chiqib ketaman, deb koʻnglimga tukkanman. Shaharga kelgach, kirish imtihonlaridan oʻtdim, ammo mandatda ilinishga koʻzim yetmadi. Shunda bir imdod tilab, otamga telegramma joʻnatdim. Yodimda, oʻshanda u biz ijarada turadigan xilvat kulbani topib kelgan, tagʻin sigirni sotib, pulini belboqqa tutib olibdi. Egasiga topib beraman shuni, nima boʻlsa ham sen oʻqishga kir, deb rosa sarson boʻlgan. Axiyri, soʻrib tashlangan uzumday shalvirab qishloqqa qaytgan. O’shanda kuzatib qoʻyay deb vokzalga chiqib borgan edim, otam shoʻrlik perronda turibdi-yu, xuddi hozirgidek bir hovuchgina boʻlib qolgan, bir ayb ish qilib qoʻygan kabi sira koʻzimga qaray olmaydi, nihoyat, poezdning joʻnashi ma’lum qilindi, shunda u ters burilib nari ketdi. Otamning boshqa birovlar kabi uddaburon emasligidan yozgʻirib turganimda gʻijim dastroʻmolini chiqarib, koʻz yoshini artganini ilgʻab qolganman...

Keyin — nomzodlik ishimni himoya qilgan kunim garchi qarzga botib boʻlsa-da, qoʻy yetaklab, ikki yashik ichimlik olib ukam bilan kirib kelgan: kelin tushirganida boʻsagʻaga dovur sochqi sochib borgan... soʻng bor shaharga tushganida «dahlizing yalangʻoch ekan-ku, bolam», deya chiqib, toʻshangʻich olib kelgan, shular bir-bir xayolimdan kechdi.

Men esa u kishiga hatto gugurt choʻpi olib berishga ham jazm qilmaganman, loaqal koʻngli uchun...

Shu tobda dil-dildan iqror edimki, gap pulda emas. Shuncha ma’raka-mavrid oʻtayapti. Biznikida oʻtmasdan qolmas. Xudoga shukr, beshta ukam bor, ular bir tomonini koʻtaradi, qarindosh-urugʻ, ovul-hamsoya deganday, ammo... nega biz bunchalar quntsizmiz? Diydamiz qotib ketgan? Nega?

E, xudo, nechun bandalaringni bunchalar turfa yaratgansan? Dunyoga kelib, shu odam nima yorugʻlik koʻrdi oʻzi? Bizning tashvishlardan ortib, qishloqdan ikki qadam nariga chiqdimi sira? Istirohat qildimi, axir? Boyoqishning qoʻlini nega buncha kalta yaratding va yana nega meni bu tang koʻyibadga giriftor etding? «Axir, katta oʻgʻlim shunday olim boʻlsa, birovdan kam joyi boʻlmasa, meni — Oʻz otasini poytaxtga eltib, doʻxtirlarga koʻrsatmadi-ya, loaqal bir marta davolatmadi-ya!» degan armonda ketmaydimi endi, ey, xudo?!

Munchalar tangu tor etmasang?! Sendan nima ketdi, axir, tagʻin toʻrt kunlik umr bersang-chi shu ban-dangga, jinday halovat tuysin, nabiralarining huzurini koʻrsin, ey, qodir egam!..

Otam daf’atan chap koʻzini ochdi, soʻng oʻng kipriklari ham sekin ajraldilar va, u nihoyat, koʻzlarini ochib, hayron boʻlgan, tanishga qiynalayotgan kabi chi-mirilib menga termuldi.
— Abduxoliq?! O’gʻlim, keldingmi?!

Noqulay ahvolda uzoq yotib qolgan kishiday imh-imhlab sekin oʻrnidan qoʻzgʻaldi, «siz qimir etmang, ota, men hozir...» deya qilgan iltijoyimga ham qaramay toʻshakdan turdi-da, meni bagʻriga oldi.

Bir-birimizga suyanishib dahlizga chiqdik.
— «Ey, qodir egam, oʻzingga shukr»— deya hamd aytar, koʻz yoshlarim yuzimni kuydirib yuvib tushar edi.
— Ota, — dedim men nihoyat boʻgʻzimga tiqilgan yigʻini yutib. — Atay sizni olib ketgani keldim.

Toshkentda kuchli doʻxtirlar bor, agar, xoʻp desangiz sizni olib borib ularga koʻrsataman, oʻzlari davolashadi.

Niyatimni anglab yetmaganday otam menga picha hayron qarab turdi, soʻng:
— E, bolam! — dedi horgʻin va holsiz ovozda. — Nimaniyam bilar eding sen? Doʻxtiring u deydi, bu deydi, nina sanchadi. Ular jonimni qiynab sanchgan ninasi sening bir diydoringchalik boʻlarmidi, axir?!

Daf’atan nima deyarimni bilmay qoldim. Tagʻin har xil oʻyu andisha xayolimni band etdi.
— Qishloqdagilar aytmaydimi, axir, «Otasini munday doʻxtirlarga koʻrsatmadi ham», deb?..

«Qoʻyaver» degan kabi otam behol qoʻl siltadi. Keyin juda past, juda xasta ovozda:
— Endi obkirib meni yotqiz, — dedi, — charchadim. O’zing qishloqqa bor, bir ulov top, keyin kelib meni bu yerdan olib ket. Doʻxtirxonada nima bor, bolam? Kunim bitgan boʻlsa, uyimda — nevaralarimning oldida — odamga oʻxshab munda-ay oyogʻimni uzati-ib oʻlay...

Juda gʻalati holatga tushib qolgan edim. Bir doʻstimning deputatlikka nomzodi qoʻyilganidagi mojarolar xayolimdan kechdi, oʻshanda u rost gap aytib, hech kimning ishonchiga kira olmagan, keyin qarsillatib katta-katta va’dalar bergan, «shunda odamlarning hovliqishini koʻrsang, — degan edi u. — Aslida ularga shu kerak!» Otam-ku boʻladigan gapni aytdi, lekin men shu tobda odamlarning koʻzicha, «poytaxtga olib ketaman!» deb ancha-muncha tixirlik qilsam boʻlar edi, ammo bunga jur’at sezmadim...