OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

4 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGʻafur Gʻulom
Asar nomiKoʻngilsizning «qiligʻi» (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Gʻafur Gʻulom
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Koʻngilsizning «qiligʻi» (hikoya)
Gʻafur Gʻulom

Bir tancha boʻlib gurunglashib, gʻoʻza chuvib oʻltirgan qiz-juvonlar qoʻyarda-qoʻymay Sarvar xoladan oʻtgan gaplardan hikoya soʻylatmoqchi boʻldilar. Sarvar xola qoʻlidagi koʻsakning ogʻzini yorar ekan, javob kutib tikilgan juvonlarga qaradi-da:
— Qurib ketsin oʻsha bema’ni gaplar, ishlaringizni qilsalaring-chi, aylanaylar,— dedi. Bunga Mukambaroy unamay:
— Ular, xola, nima qilarmish, biz ham oʻsha, sizning boshingizdan oʻtgan gaplardan eshitib qoʻysak,— dedi.

Xonposhsho Mukambaroyga qoʻshilib:
— Ayta qoling, shuncha odamning sazasini bekorga oʻldirmang, — dedi.

Sarvar xola oʻltirgan xotin-qizlarga bir tikilib oldi-da:
— Xayr, qani aytsam aytay, — dedi, lekin quloqlaringni solib, jim oʻltirasizlar, birontalaring qilt etib ogʻiz ochsalaring, hikoya oʻsha yerda adoyi tamom. Mendan gina qilmanglar, xoʻpmi?
— Xoʻp, qani boshlang.

Sarvar xola hikoyasini boshladi:
— Dadam oʻroqchilikda mixchagarlik qilar edi. O’zi kambagʻal, yolgʻiz qoʻl odam edi. Yoniga bironta shogird yoki xalfa solib ishlatishga qurbi yetmas edi. Onam koʻpincha qoʻni-qoʻshnilarimizning toʻy, ma’raka, uy-roʻzgʻorlaridagi yumushlariga qarashib, ulardan non, osh olib kelib tirikchilikka qarashar edi, men boʻlsam endi oʻn yettidan oʻn sakkizga qadam qoʻygan navqiron qiz edim. Bizning uy ichimizda mendan kichik ikkitagina oʻgʻil ukalarim boʻlsa ham, ularning qoʻlidan hali hech ish kelmas edi. Mahallamizda bizdan uch qoʻshni nari Qosimboy degan katta poykoʻpchi boʻlib, uning toʻrt-besh joyda katta-katta juvozlari, guruchbozorda besh-oltita doʻkonlari boʻlar edi. Bular har haftada vagon-vagon guruchlarni Buxoro tomonga joʻnatib turar edilar. Qosimboyning qoʻl ostida kami elliklab gumashtalari, xizmatkorlari, shahardan shaharga qatnovchi odamlari bor edi. Bularning hamma hisob-kitoblarini toʻgʻrilaydigan boyning oʻttiz beshlar chamasidagi G’aniboyvachcha degan oʻgʻli bor edi.

Men kundan-kun oʻsdim. O’gʻil ukalarim ham ulgʻayib, boʻylari choʻzila boshladi. Dadam bechoraning boshida yangi umidlar, meni erga berish, ukalarimni sunnat qilish kabi orzu-havaslar uygʻona boshladi.

Qiz ma’no birovning xasmi, qachon boʻlsa ham oʻz tengi chiqsa, oʻrab-chirmab olib ketadi. Lekin oʻgʻil bolaning ishi qiyin. Uni sunnat qilish, uylantirish — hammasiga ham ota-ona javobgar. Dadamning miyasida ham meni erga berishdan ilgari ukalarimning qoʻllarini «halollab» olish tashvishi kattaroq edi. Chunki katta ukam oʻn ikkiga, kichigi oʻnga kirib qolganlaridan mahalla-koʻydagi kishilar ham dadamni koʻrganda, nuqul shu toʻgʻrida soʻz ochib, uyaltirar ekanlar. Ba’zilari:
— Rahmatqul aka, toʻyni qachon qilamiz? Qachon sabzi toʻgʻraymiz?— desalar, ba’zilari bironta sotiladigan narsani dadamga roʻkach qilib:
— Rahmatqul aka, siz shuni olib qoʻying, mana, yaqinda, xudo xohlasa, boshingizda toʻyingiz bor. Biror egilingizga yarab qoladi, — deyar ekanlar.

Hatto bir kuni mahallaning soʻfisi:
— Rahmatqul, domlamizning yelkalari ham qichib qolgan emish. «Qachon toʻy boʻladi?» deb soʻramoqdalar. Bu yil kuzdan qolmas, inshoollo, — deb dadamni mulzam qilar ekanlar.

Dadam xalqning ta’na-tavbasidan zerikib, bir kun onam bilan maslahat qildilar. Qanday boʻlsa ham bir oʻnqovini topib, kishi koʻrganday orzu-havasli toʻy oʻtkazish niyatida edilar.

Otam bilan onam oʻylab-oʻylab, oxiri Qosimboyvachchadan biror yuz ellik soʻm qarz olishni ma’qul koʻrdilar.

Shu bilan dadam ertasiga bomdoddan chiqqandan soʻng toʻgʻri Qosimboyvachchaning hovlisiga borib qarz soʻramoqchi boʻlibdi.

Qosimboyvachcha avvaliga: «Qoʻlimda naqd oqcham yoʻq, berganim bilan vaqtida uzolmasdan uyaladigan boʻlmang. Siz bilan biz yonma-yon qoʻshni, tagʻin oʻrtamizga sovuqchilik tushib, nari-beri gapga qolmaylik», deb turli shartlar bilan vekselga qoʻl qoʻydirib, yuz ellik soʻm bermoqchi boʻlibdi. Bu pulning yuz soʻmi naqd oqcha, qolganiga oʻz juvozidan guruch berar ekan, dadam yuz ellik soʻmga har oyga besh soʻm ijara toʻlashi lozim ekan.

Shu bilan uyimizda xursandchilik paydo boʻldi, Hammaning ogʻzida «toʻy-toʻy», qavm-qarindoshlarimiz «muborak boʻlsin»ga kela boshladilar. O’n besh kunga qolmay dadam oʻgʻillarining qoʻlini «halollab» oldi.

Sarvar xola soʻzini shu yerga yetkazganida qiz-juvonlarga qarab:
— Boʻldi, qoqindiqlar, mening boshimdan oʻtgani shu,— dedi.

Qiz-juvonlar chuvillashib:
— Ular, dadangizning toʻyi qursin, bizga uning nima qizigʻi bor. Qolganini ayting. Gapning moyligi kelganda toʻxtatmang-da, xolajon,— deyishdi. Sarvar xola jilmayib turib soʻzga boshladi:
— Oradan bir necha kun oʻtdi. Bir kun boyning uyida xizmat kilib yuradigan Shafoat amma degan oqsoch onamdan: «Ishlarimga ozroq boqishib yuborsin», deb meni soʻrab olib chiqib ketdi. Men chiqdim. Dadamning boydan qarzlari boʻlganidan, boyning uyida boʻladigan butun movliyatlarda chiqib, xizmat qiladigan boʻlib qoldim. Bora-bora: «Kimsan, boybuvangdan qochasanmi!» deyishib Qosimboydan qochmaydigan qilishdi. Men boyning uy yumushlarini qilishga koʻp chiqar edim. Bir kun boyning katta xotini mendan koyib:
— Sarvar, agar bizning uydagilarning hammasidan ham qocha beradigan boʻlsang, bizning uyga chiqma, nahotki bittayu bitta G’aniboyvachchadan qochsang, xudoga shukur, u kichkina odam emas. Sendaylarga zor ham emas,— dedi.

Men boyning oʻgli G’aniboyvachchaga salom berib koʻrindim. Uyalganimdan qora terga tushib, yerga termilar edim. G’aniboyvachcha menga juda qattiq tikilib kuldi-da:
— Ha, Sarvarxon, omonmisiz, barakalla-barakalla, katta qiz,— deb chiqib ketdi. G’aniboyvachchaning xotini Zumrad kelin oyi mashhur boylardan Inoyathojixonning qizi boʻlib, uncha aytaturgan chiroyli emas edi. G’aniboyvachcha unga koʻp ham iqi suyub qaramas edi. Shu vajhdan G’aniboyvachcha kim koʻringan kishilarning xotin-qizlariga olayib yurar edi. Men G’aniboyvachchaga koʻringanimni onamga aytganimda, onam koyib:
— G’aniboyvachchaning koshki niyati sogʻ boʻlsa, dadasi topganini koʻcha-koʻyda sovurib yuradi, chakki qilibsan, qizim,— dedi.

Xayr, bir kun yana Qosimboyning uyiga mehmonlar keladigan boʻlganidan, oqsoch meni chaqirib ketdi. Men ularning keldi-ketdisining koʻpligidan zerikib, chiqmay degan edim ham-ku, biroq dadam bechoraning yuz-xotirini qilib chiqishga majbur boʻldim. Men chiqqanimda, boyning uyiga hech qanday mehmon kelishining asari boʻlmay, uyda hatto boyning xotinlari ham, kelinlari ham yoʻq edilar. Oqsoch meni aldab olib chiqqan ekan. Shafoat amma menga iljayib:
— Oppoq oyimlar bilan kelinlari nax koʻch-koʻronlari bilan qudalarining uyiga ziyofatga ketishdi. Abdufattoh G’uljadan qaytgan ekan, bu kun u yerga hamma yigʻilgan. Boybobong ham oʻsha yerda. Bugun sen bilan men yolgʻiz uyning bekasimiz, he-he-he.

Men mayda-chuydani surishtirib oʻltirmay, hovli yuzalarini supurish-sidirishga boshladim. Qozon-tovoqlarni yuvdim, Shafoat amma bu paytlarda uy ichlarini yigʻishtirib yurar edi. Men ariq labida samovarning kulini toʻkar edim. Shafoat amma boyning kichik xotinining uyidan:
— Sarvar, hay Sarvar, opang aylansin, borib kelin oyingning uyini sen yigʻishtirib qoʻya qol, koshki u oyimxonim oʻlgurlar birovga oʻz yuklarini ortmoqchilab yurmasalar,— dedi.

Men «xoʻp» dedim-da, supurgini koʻtarib, G’aniboyvachchaning xotinining uyiga kirdim. Toʻgʻridan ham, uy yigʻishtirilmagan, kelinning butun pardoz-andoz buyumlari, yechgan kiyim-kechaklari yer bilan bitta boʻlib, uy yuzasida chochilib yotar edi. Hatto oʻrinlari ham yigʻilmagan edi. Mening yoshligim, nodonligim qursin, koʻnglimga shu paytda bir pardoz qilish kelib qolib, kelinning oynasining yoniga kelib qolib, upa-elik, surmalari bilan qosh-koʻzlarimni pardoz qilmoqqa boshladim. Shafoat amma uyning eshigini ochib, kelib menga qaradi-da, kemshik tishlarini irjaytirib:
— Ha, qiz oʻlmagur, hech kim yoʻgʻida pardoz-andozingni qilib qol, tagʻin er olib qochib ketmasin,— deb eshikni yopib chiqib ketdi.

Men uning orqasidan kulib qoldim. Shu tobda birdan uy ichidan:
— Sarvar,— degan tovush eshitdim. Yuragim urmoqqa boshladi. Atrofga koʻz yugurtirib, hech kimni topa olmadim. Tagʻin:
— Sarvar, pardoz qilmasang ham chiroylisan,— dedi haligi ovoz. Yalt etib qarasam, G’aniboyvachcha taxmondan zardivolni qayirib, menga jilmayib turar edi. Men, «voydod» deb eshik tomonga yugurdim. Qarasam, eshik orqasidan zanjirlangan edi.

Shafoat amma bilan G’aniboyvachcha birikib, meni shunday qoʻlga tushirmoqchi boʻlganlarini payqadim. Qochib qutulishga birorta eshik qidirar edim. G’aniboyvachcha taxmondan tusha kelib, qoʻlimni mahkam ushladi.
— Sarvar, bari bir, qochib qutula olmaysan. O’zing yaxshi bilasanki, men xotinimga koʻngilsizman. Men seni oʻzimga xotin qilib olaman,— dedi.

Bu choqda, u oʻz soʻzlarini boʻgʻilib-boʻgʻilib, yutoqib soʻzlar edi. Men yigʻladim. Hech ilojim qolmadi.

Sarvar xola oʻz soʻzini shu yerga kyoltirganda bir uh tortib qoʻydi va koʻziga yosh olib:
— Yuzimga sovuq suv sepib, Shafoat amma oʻzimga keltirganda, G’aniboyvachcha yoʻq, men bir pullik odam boʻlgan edim,— dedi.

Butun bir tancha xotinlar bir-birlariga qarashib oldilar-da:
— Keling, xola, sadagʻayi koʻz yoshingiz ketsin, oʻtgan ishdan tush yaxshi, qolganini gapiring, keyin nima boʻldi,— dedilar.
—Qoqindiqlar, keyin nima boʻlar edi, — dedi Sarvar xola,— dadamning boydan oqcha olganiga bir yilcha boʻlgan boʻlsa ham bir tiyin toʻlay olgani yoʻq edi. Boy notariusdan odam bilan kelib, uyimizni hatlatdi. Mahalla-koʻyning narxi bilan hovlimizni boy oʻziga bir yuz yetmish besh soʻmga qoldirdi. Boyning dadamdagi haqi ijarasi bilan ikki yuz oʻttiz besh soʻm boʻlar ekan. Qolgan oltmish soʻm pulni dadamga zakotga ushatdi. Biz oʻz uyimizni boyga topshirib, koʻchlarimizni ortmoqlab, mana shu yerga kelib qoldik. Dadam meni bir qoshiq obi yovgʻon bilan hozirgi erim Sa’di xalfaga erga berdi. Shundan soʻng, kuyov, qayin ota chorikorlik qilib, bizni boqmoqqa boshladilar. Biz ham qoʻni-qoʻshnining xizmatini qilib, ularga qarashar edik.

Mana hozir boʻlsa, otam-onam oʻlib ketdilar. Sa’di akangiz yer islohotida Qosimboyning yerini egallab, mol-mulkli boʻldi. Ukalarim pochchasining yonida yordamchi. Qosimboy oʻlib, G’aniboyvachcha shaharda oyoq choʻtkalar emish, yeri hukumat tomonidan boʻlashib berilgan, deb eshitgan boʻlsam ham, allazamonlardan buyon koʻrganim yoʻq,— deb Sarvar xola soʻzini tugatdi.

Butun xotinlar Sarvar xolaning hikoyasi ustida gapira-gapira bir qancha gʻoʻzani chuvib qoʻyganlarini bilmay qoldilar.

Men ayamning yonboshiga suyanib, pish-pish uyquga ketgan edim.

1928