OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGʻafur Shermuhammad
Asar nomiBarakasini bersin (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Gʻafur Shermuhammad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm104KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/11/30
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
«Ёшлик» журнали, 12-сон, 2010 йил


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Barakasini bersin (qissa)
Gʻafur Shermuhammad

Tuni bilan diqqinafas katakda begʻam yalpayib yotgan bir gala makiyonning orasida toqati toq boʻlgan baboq xoʻroz nihoyat, choʻzib-choʻzib qichqirdi. Uning gʻazabidan qoʻrqib, bir chekkada qunishibgina tong ottirgan joʻjaxoʻroz ham uzuq-yuluq tovushda unga joʻr boʻldi. Ammo baboqning adovatli qanot qoqqancha oʻziga yaqinlashib kelayotganini koʻrib darrov uni oʻchdi. Zumda atrofni xoʻrozlarning qichqirigʻi tutib ketdi.

Tuyaning oʻrkachini eslatuvchi baland qir-adirlar etagidagi doʻppidekkina Chorbogʻ qishlogʻi uzra tong yorisha boshladi. Kechqurun shirin tushlar koʻrib, xalimdekkina kayfiyatda uygʻongan Oʻtagan buva bomdod namoziga tahorat ushatmoq niyatida oftoba koʻtarib tashqariladi...

Esimizning borida bir gapni aytib qoʻyganimiz ma’qul. Bu dunyoda har bir banda nimagadir ishqiboz boʻladi. Oʻtagan buva ham ayni kuch-quvvatga toʻlgan, navqiron paytlarida xotiniga oshufta edi. Oʻziyam Chuchuk momo yoshligida gajak zulflari oyning oʻrogʻini eslatadigan, ikki oʻrim sochlari taqimini oʻpgan, xumor koʻzlari yurakni kuydirguvchi, oppoq quyruqdekkina juvon edi. Lekin vaqt oʻtishi bilan uning ana shu latofatidan ham putur ketdi. Qarigani sari Chuchuk momoning uzun sochlari koʻkish tusli echkining dumidek kalta tortib, sarvdek qomati goʻyo soʻroq alomatiga aylanib qoldi. Tan olish kerak, bu paytda Oʻtagan buvaning ham ahvoli maqtangulik darajada emas edi.

Kampiridan hafsalasi pir boʻlgan Oʻtagan buva oʻziga yangi ermak topdi − erta-yu kech tomorqadan chiqmaydigan odat chiqardi. Garchi beli boʻshashib, yuragi choʻgʻi oʻchgan tandirdek sovub qolgan boʻlsa-da, hartugul bilagida quvvati bor ekan, bir-ikki yilda keng-moʻl hovlisini naq Eram bogʻiga aylantirib yubordi. Hozir koʻrgan odamning havasi keladi.

Oʻtagan buva hosilining zalvoridan shoxlariga xachcha tirab qoʻyilgan olma daraxti roʻparasida bir lahza oyoq ildi. Har biri chaqaloqning kallasiday keladigan olmalardan birini avaylab ushlab, azza-bazza hidlab koʻrdi-da, mamnun bosh chayqadi. Tong nurlariga gʻarq boʻlib yotgan bogʻni koʻzdan kechirarkan, chuvak yuzidagi tabassum yanayam quyuqlashdi. Yomgʻirdan bebahra qolgan lalmi maysa kabi siyrak oʻsgan qoshlari tagida koʻndalangiga qiyib ochilgandek zoʻrgʻa bilinib turgan “xitoyi” koʻzlari battar qisilib, bir juft chiziqqa aylanib qoldi.

− Bay-bay-bay! Chimildiqdagi kelinchakday noz¬la¬nadi-ya...

Kutilmaganda Oʻtagan buvaning dami ichiga tushib ketib, joyida toshdek qotib qoldi. Chumagidan hovur koʻtarilayotgan iliq suv toʻla oftoba qoʻlidan sirgʻalib yerga tushdi. Chunki bu paytda Shoymirzaning egiz uloqli kal echkisi oldingi oyoqlarini ishkomga osiltirgancha miriqib barg kavshamoqda edi.

Oʻtagan buvaning xush kayfiyatidan asar ham qolmadi. Gʻazabning zoʻridan yupqa lablari pir-pir uchib, iyagida osilib turgan bir tutamgina soqoligacha titrab ketdi. Qiyiq koʻzlari shishasi artilgan moychiroqdek charaqlab ochildi. Najot kutgandek tevarakka umidvor alangladi. Tandir boshida yotgan uzun temir kosovni qoʻliga olib, echki tomon pusib bora boshladi.

Dunyoda echkiday bemaza va hushyor maxluq boshqa topilmasa kerak. Buning ustiga, Shoymirzaning kal echkisi bot-bot Oʻtagan buvaning gʻazabiga duchor boʻlaverib yurak oldirib qoʻygan edi. U barg yeyishdan tiyilib, quloqlarini dikraytirgancha chol tomonga qaradi. Soʻng zorlanib ma’ragancha egiz uloqlarini ergashtirib qochishga tushdi.

Oʻtagan buva bor kuchini bilagiga jamlab, echkiga kosov uloqtirdi. Shoshganidan muvozanatini yoʻqotib oʻzi ham loyi selgib ulgurmagan ariqqa chalqancha yiqildi. Echki qolib, ishkomga borib tekkan kosov uch-toʻrt bosh uzumni yulib tushdi. Kal echki esa egiz uloqlari bilan hovli devori tagidagi ariqdan sirilib chiqib ketdi.

− Voy belim-ey... Oʻldim-a! – deya ingradi Oʻtagan buva ogʻriq va alamning zoʻridan kemshik tishlarini gʻijirlatib. Soʻng loy ariqda u yoqdan-bu yoqqa agʻdarilgan kuyi bir muddat uyalab yotdi. Amal-taqal qilib oʻrnidan turdi-yu, shu zahoti belini changallagancha egilib qoldi.

− Ha, tishing toʻkilgur, shumtuyoq, kasofat! – deya Oʻtagan buva bisotidagi “tesha tegmagan” qargʻishlarni ipga tizilgan marjondek birma-bir qalashtirib tashladi. – Shuncha ziroatni sening goʻmmik qorningni qappaytirish uchun parvarishlab oʻtiribmanmi, tomogʻingga doʻqqi chiqqur!.. Bu shaytondan oʻrchigan qoʻtir maxluq qachon yorilib oʻladi-yu, men qutulaman?! Oʻzining shumshukligi yetmaganday endi bolalariniyam ergashtirib kelibdi! Mushtdayligidan oʻgʻirlikka oʻrgangan bu uloqlardan ertaga nima kutasan!

Oʻtagan buva soʻkina-soʻkina bogʻ oraladi. Bu yerdagi manzara juda ayanchli edi. Bahorda ekilgan nimjongina yoʻngʻichqa maysalari ustidan bir uyur yilqi galasi oʻtgandek yer bilan bitta boʻlib yotibdi. Kechagina sugʻorilgan sabzi egati echki-uloqlarning tuyoqlari tagida beayov toptalgani yetmaganday, ularning qumalogʻiga toʻlib ketgan. Aftidan, Shoymirzaning shumshuk echkisi bolalari bilan bu yerda tun boʻyi «bazm qurgan» koʻrinadi.

− Bu zararkunanda meni butkul xonavayron qiladi! – deya zorlandi Oʻtagan buva nadomat bilan bosh chayqab. Tokning tagida tuproqqa qorishib yotgan husayni gʻujumlariga koʻzi tushgach, sabr kosasi toʻlib ketdi. − Toʻqol yalmogʻizni shu qoʻllarim bilan chavaqlab, ichak-chavagʻini kal kallasiga salla qilib oʻramasam, odam emasman!

* * *

Allaqachon tong otib, oftobning qizgʻish nurlari dov-daraxtlarning uchini yorita boshlagan boʻlsa-da, Shoymirzaning hovlisi hamon suv quygandek jim-jit edi. Qoʻshni hovlidan qornini qappaytirib chiqqan kal echki ogʻilxona oldida egiz uloqlari bilan bahuzur kavsh qaytarib yotardi.

Suvoqlari koʻchib tushgan pastak devorga qordek qalashtirib qurilgan yogʻoch darvoza malol kelgandek gʻijirlab ochildi-da, Oʻtagan buvaning qahrli chehrasi namoyon boʻldi. U yakkam-dukkam daraxtlar betartib oʻsgan, ekin-tikinsiz qaqrab yotgan hayhotday hovlini olazarak koʻzdan kechirdi. Ogʻilxona oldidagi kal echkiga nigohi tushib, bir lahza qotib qoldi. Oʻljasiga tashlanishga hozirlik koʻrayotgan arslon kabi uni diqqat bilan kuzata boshladi. Soʻng vajohatli qiyofada pichoq oʻqtalgancha ichkariga bostirib kirdi.

− Oʻldiraman sen shumgʻiyani! Tuxumingni quri¬taman!

Echkigayam jon shirin. Jonivor egiz uloqlarini ortidan ergashtirib boyagidan qolishmaydigan chaq¬qonlik bilan hovli aylanib qochishga tushdi. Shoymirzaning sokin hovlisi bir zumda toʻs-toʻpolon boʻlib ketdi.

Oshxonada xamir mushtlayotgan Bibisora shovqinni eshitib derazadan tashqariga moʻraladi-yu, bir muddat anqayib qoldi. Hartugul u hozir bu gʻaroyib quvlashmachoqni tomosha qilib oʻtirishning mavridi emasligini darhol tushundi. Xamir yuqi qoʻllarini etagiga ishqalagancha uy tomon yoʻrgʻaladi.

Odatda, ertalab Shoymirzaning uyqusi avj pardaga chiqardi. Bibisora erining oromi buzilishidan hadiksirab, tong yorishishi bilan deraza pardasini tushirib qoʻyardi. Shoymirza nimqorongʻi xona toʻridagi qavat-qavat toʻshakda chalqancha yotgancha bahuzur xurrak otar, uch-toʻrtta koʻzi oʻtkirroq pashsha ertalabki namak ilinjida uning karrakdek ochilib qolgan ogʻzi atrofida uymalashardi.

Bibisora shoshib ichkariga kirdi-da, baxmal pardani lang ochib yubordi. Eshik-tuynugi berk boʻlganidan havosi ancha buzilib, dimiqib qolgan xona zumda yorishib ketdi. Sopol hushtakning manqa jarangini eslatuvchi xurrak tovushi daf’atan uzilib qoldi. Shoymirza yumuq koʻzlarini battar qisib, doʻrdoq lab¬larini choʻchchaytirdi. Oʻtakasi yorilgan xirapashshalar gʻungʻillab har tarafga uchib ketdi. Haytovur shu zahotiyoq hammasi joyiga tushdi − Shoymirzaning xurragi yana oʻz maromida davom etdi.

Bibisora qosh chimirib, erini turtkilashga tushdi:

− Hoy, tursin oʻrnidan! Tezroq tashqariga qarasin.

Shoymirza koʻzlarini arang yirib, unga ma’nosiz tikilgancha:

− A?.. Nima deysan? Tong otdimi? – deya gʻoʻldiradi.

− Hovlida Hamsoya buva echkimizni quvib yuribdi. Oqshom yana tomorqasiga oshganga oʻxshaydi.

− Ha... Oʻtagan buva keldimi?

Goʻyo zulmat qoʻynida “yilt” etgan chaqmoq shu zahoti soʻngandek, Shoymirzaning yoshli koʻzlari doʻmbiradek qovoqlari orasida gʻoyib boʻldi. U yon tomoniga agʻdarilib, uyqusini qolgan joyidan davom ettirdi.

− Voy tavba! Bu kishi bir uxlasa, quyrugʻini kesib ketsayam bilmaydi-ya! – Bibisora erining toʻshakka suzma xaltadek osilib tushgan qornini qoʻsh qoʻllab qitiqlashga tushdi. – Koʻzini ochsin deyman!

Shoymirza gavdasiga yarashmagan chaqqonlik bilan sapchib oʻrnidan turdi.

− Tentak-pentak boʻlganing yoʻqmi mobodo! – dedi u koʻzlarini vahimali olaytirib. – Bu nima qiliq?!

− Hovlida Hamsoya buva echkimizni quvlab yuribdi! Ana, eshitmayaptimi?

Shoymirza garangsigan qiyofada tashqaridan kelayotgan baqir-chaqirga quloq tutdi. Soʻng noiloj oʻrnidan qoʻzgʻalib, kiyina boshladi.

− Tezroq bora qolsin, − deya shoshirdi Bibisora uni. – Hamsoya buvaning ajinasi qoʻziganga oʻxshaydi. Qoʻlida oyboltaday pichoq! Tutib olsa, echkiniyam, bolalariniyam boʻgʻizlashdan toymaydi.

− Bu cholning dastidan uyingdayam tinch yotolmaysan! – pishqirdi Shoymirza alam bilan. – Qariganda fe’li aynab qoldi. Boshqa ish qurib qolganday, qachon qarasang bizning echkini dikonglatib quvib yuradi.

Shoymirza koʻzlarini uqalagancha tashqariladi. Echkining ketidan besamar yuguraverib oʻpkasi halqumiga qadalgan Oʻtagan buva unga koʻzi tushishi hamon tappa yerga oʻtirib oldi-da, hansirab nafas ola boshladi. Shoymirza hech narsaga tushunolmayotgandek ma’sum qiyofada bir echkiga, bir Oʻtagan buvaga qaradi.

− Assalomu alaykum, Hamsoya buva, − dedi u xir¬qiroq tovushda.

Har nafas olganda butun gavdasi koʻtarilib-tushayotgan Oʻtagan buva alikni nasiya qilib, unga adovatli qarash qildi.

− Iya, biz bemahal qichqirgan xoʻrozga oʻxshab bu kishimning shiringina uyqusini buzibmiz-da! – dedi u kinoyadan ham koʻra koʻproq qahr-gʻazab ufurib turgan ohangda.

− Roʻzgʻor tashvishlari bilan boʻlib oqshom kechroq yotgan edim, − dedi Shoymirza quyuq jun qoplagan xandalakdek qornini silab. – Shunga...

− Qorningni yop-e, betamiz! – Oʻtagan buva peshonasini tirishtirdi. – Roʻzgʻor tashvishlari emish! Bilamiz, har oqshom nima ish bilan shugʻullanishingni!

Shoymirza xijolatli iljayib, shosha-pisha koʻyla¬gining tugmalarini qadadi.

− Bu kishimlar choshgohgacha koʻrpani sasitib yotsinlar. Biz shumshuk echkisini bogʻimizda oʻtlatib beraylik. Choʻrisimiz-da bu echkili boyning!

− Echkimizni oqshom bogʻlab qoʻyamiz, − dedi Shoymirza beparvo ohangda. – Bogʻingizga boshqa birovning moli oshgan chiqar-ey...

− Ay, Rayim kalning sagʻiri! Indamasa, sen meni yolgʻonchiga chiqarishdan ham toymaysan! – deb pichoq tutgan qoʻllarini paxsa qilgancha oʻshqirdi Oʻtagan buva. – Hozirgina bu egangni yegurni oʻzim tomorqadan quvib chiqardim-ku?

Oʻtagan buvaning soʻzlarini ma’qullagandek bosh irgʻab eshitgan Shoymirza bir chekkada bolalari bilan qunishib turgan kal echkiga xoʻmrayib qarab qoʻydi.

− Endi, bu bir beaql hayvon-da, Hamsoya buva, − dedi salmoqli ohangda gapirishga tirishib. − Sizning bogʻingiz oʻziga begona ekanini qayerdan bilsin...

Shoymirzaning bu gapi Oʻtagan buvaga chayon chaq¬qan¬dek ta’sir qildi.

− Sen bola, gap uqmaydigan merov ekansan. Endi oʻzingdan koʻr!

Bir muddat nafas rostlab oʻziga kelib olgan Oʻtagan buva yana echki quvishga tushib ketdi. Tayinli yemish yemasdan bolalarini emizaverib, shoʻrlik kal echkining ham tinkasi qurigan edi. Shu bois u ham charchab qolib, oyoqlari mayishib-mayishib keta boshladi. Nihoyat, Oʻtagan buva mushukdek chaqqon sakrab, uni ushlab oldi. Pichogʻini tishiga qistirib, jon achchigʻida bagʻillab tipirchilayotgan kal echkining oyoqlarini belbogʻi bilan juftlab bogʻlay boshladi.

− Hozir echkimizni soʻyib qoʻyadi! – chinqirdi derazadan moʻralab turgan Bibisora yigʻlagudek boʻlib. – Tezroq ajratib olsin!

− Qoʻying endi, Hamsoya buva, shu maxluq bilan teng boʻlmang, − deya shoshib qolgan Shoymirza unga yopishdi.

− Yaqinlashma! – oʻshqirdi Oʻtagan buva ilkis unga pichoq oʻqtalib. – Yoʻqsa, tirriq echkingga qoʻshib oʻzingniyam chavaqlayman!

Koʻkragiga tiralgan oʻtkir tigʻli pichoqni koʻrib, Shoymirzaning esxonasi chiqib ketdi. Jon holatda ortiga tisarildi.

− Esingizni yeb qoʻyibsiz! – dedi rangi boʻzday oqarib. – Shu qoqsuyak echkinining qoniga tashna boʻl¬sangiz, ana, bilganingizni qiling!

Oʻtagan buva shu topda gap uqadigan ahvolda emasdi. U azza-bazza yenglarini shimarib, echkining boʻgʻziga pichoq tiradi. Shoymirza bunday ayanchli manzarani kuzatishga ortiq toqat qilolmay koʻzlarini chirt yumdi. Kal echkining zorlanib ma’rashidan quloqlari qizib ketdi. Daf’atan yurakni ezuvchi bu mungli tovush uzilib qolib, oʻrnini allaqanday boʻgʻiq pixillash egalladi. Shoymirzaning ichida bir narsa uzilib tushgandek, qorni boʻm-boʻsh boʻlib qoldi. Yumuq koʻzlari oldida mitti-mitti rangli halqachalar oʻynay boshladi. Beixtiyor xayolidan “kal echki necha kilo goʻsht qilarkin” degan fikr “yilt” etib oʻtdi.

Birdan shovqin-suron tinib, hovliga suv quygandek jimlik choʻkdi. Shoymirza qoʻrqa-poʻsa koʻzlarini ochganida Oʻtagan buva dami chiqqan pufakdek yerda yalpayib oʻtirar, oyoqlari chirmab bogʻlangan kal echki uning yonida uzala tushib yotardi.

− Soʻyishga qoʻlim bormadi, − dedi Oʻtagan buva qaygʻuli qiyofada. − Uloqlariga rahmim keldi...

Shoymirza Oʻtagan buvaning qoʻlidagi pichoqdan koʻz uzmay shosha-pisha echkining oyogʻini yechdi. Ammo kal echki joni omon qolganiga ishonmagandek hamon sulayib yotardi. Shoymirza shoxsiz kallasiga oʻxshatib shapaloq tushirgandan keyingina oʻziga kelib, mayshaygancha qochib qoldi. Bir chekkada qunishib turgan egiz uloqlar tumshugʻi bilan onasining yelinini sermab-sermab ema boshladi.

− Echkingning qiliqlariga chidab boʻlmay qoldi, guppivoy, − dedi bu manzarani loqayd kuzatib oʻtirgan Oʻtagan buva nochor qiyofada.

Shoymirza unga nima deb javob qilishni bilmay, oshxona tomonga qaradi. Echkining ajal changalidan qutulib qolganini koʻrib koʻngli joyiga tushgan Bibisora tandirga oʻtin qalash harakatiga tushgan edi.

Oʻtagan buva bilan Shoymirza ancha vaqt mum tishlagandek bir-biriga termulib oʻtirishdi.

− Kallamga bir fikr kelib qoldi, Hamsoya buva, − dedi Shoymirza birdan jonlanib. Oʻtagan buva “sening qovoq kallangga qachon durustroq fikr kelgan oʻzi?” degandek unga kinoyali nigoh tashladi. – Echkini bozorga chiqarib sotsak, qanday boʻlarkin?

Bu gapni eshitib, Oʻtagan buvaning qoʻlidan pichogʻi tushib ketay dedi. Shoymirzaning es-hushi joyidaligiga ishonch hosil qilmoqchidek, unga boshdan-oyoq sinchik¬lab razm soldi.

− Hazillashmayapsanmi? − deb soʻradi u quloqlariga ishonmay.

− Asli shumshuklik bu jonivorning qonida bor, − dedi Shoymirza oʻzining topqirligidan quvonib. – Uni bogʻlab boqib ham, qamab qoʻyib ham shashtidan qaytarolmaymiz. Birdan-bir chorasi – sotib qutulish!

− Ana endi kallang ishladi, guppivoy, – dedi Oʻtagan buva daf’atan ipakdek muloyim tortib. – Chindanam bunday qadami egri echkining bahridan oʻtganing ma’qul. Buning puliga bir sidra roʻzgʻoringning kam-koʻstini butlab olasan.

− Yoʻq, Hamsoya buva, − e’tiroz bildirdi Shoymirza. – Bu oʻzi zotdor echki, har yili egiz tugʻadi. Sotsak, puliga uch-toʻrtta xashaki echki beradi...

− Bittasini eplolmagan banda, uch-toʻrttasini biting bilan boqasanmi? Yoki qoʻshaloq echkilaringni ham biz tomorqamizda oʻtlatib beramizmi?

− Shumshuklik qilmaydigan, insofliroq echkilardan tanlab olamiz-da.

− Bularning bari bir goʻr!

− Shundaymi-a? – Shoymirza oʻylanib qoldi. – Unda bir chorasini toparmiz...

− Boʻladigan ishning tezroq boʻlgani yaxshi, − dedi Oʻtagan buva nasihatomuz ohangda. – Xoʻp desang, echkingni ertangi bozorda oʻzim sotib beraman.

Oʻtagan buvaning dallollikdan ham xabari bor. Lekin, bu kasbning ortidan uch-toʻrt tanga ishlash ilinjida ertadan-kechgacha mol bozorida changga botib yurmaydi. Dallollik uning uchun shunchaki bir havasak. Tanish-bilishlarga jonliq oldi-sotdisida koʻmaklashishni yaxshi koʻradi. Buning ustiga, shu choqqacha bozorda Oʻtagan buva aralashgan ish chala qolmagan. Koʻpchilik uni qoʻli yengil dallol deb ta’riflasa, ilkini tutqazib, narx talashgan kishi: “qoʻli temirdanam qattiq ekan” deydi aftini burishtirib...

− Shunday qilganingiz ma’qul, − dedi Shoymirza. − Jonliq savdosiga bizning tishimiz oʻtmaydi...

Shoymirza xotinining nigohi oʻziga nashtardek qadalib turganini koʻrib, tilini tishladi. Unga qarashga botinolmay, koʻzlarini olib qochdi.

− Oqshom bu jonivorlarning qornini yaxshilab toʻydir, − dedi er-xotin oʻrtasidagi achchiq karashmalardan bexabar Oʻtagan buva kal echki bilan bolalariga mehr bilan tikilib. − Bozorda boʻsh qopday shalvirab tursa, savdosi yurishmaydi.

− Oʻtdan koʻproq beramiz-da, − dedi Shoymirza boʻshashib.

− Quruq oʻtning oʻzi yemish boʻlarmidi? – dedi Oʻtagan buva zarda bilan. − Kechga yaqin bolalaringni biznikiga chiqar, ozroq arpa berdirib yuboraman.

− Mayli-mayli...

Oʻtagan buva ogʻir jangda gʻolib chiqqan askardek shaxdam odimlab uyiga yoʻl oldi. Boyadan beri bazoʻr tilini tiyib turgan Bibisora shu zahoti diydiyosini boshlab yubordi.

− Qaynotam rahmatlidan tomday-tomday keladigan toʻrtta sigir qoluvdi, quyruqlari yer iskaydigan bir qoʻra qoʻy qoluvdi, – dedi tandirdagi oʻtning taftidan qoshiqdekkina chehrasi qirmizi tusga kirgan Bibisora kuyinib. − Bu kishimlar hammasini birma-bir sotib yedi! Endi bitta tirriq echkiniyam quritsa, keyin ogʻzini shamolga ochib yotadi.

− Shuncha mol-holni sotgan boʻlsam, pulini kundoshingga berib kelibmanmi?! – dedi Shoymirza ham boʻsh kelmaslikka tirishib. – Shu roʻzgʻorning yirtiq-yamogʻiga ishlatgandirman!

− Bir joyda yolchitib ishlamagandan keyin ahvol shu-da! – dedi Bibisora kinoya bilan. – Tagʻin shu amaliga bozorda bir jonliq sotsa, yarim pulini kimlargadir yedirib-ichirmasa, koʻngli joyiga tushmaydi!

− Ming dod-voy qilganing bilan baribir echkini sotaman, – dedi Shoymirza e’tirozga oʻrin qoldirmaydigan ohangda. – Bitta qari echkining dastidan otaqadrdon qoʻshnim bilan arra-tesha boʻlib yotishni istamayman!

Shoymirzaga odamlar bekorga «guppi» deb laqab qoʻyishmagan. U shu choqqacha biron marta lafzidan qaytmagan. Bibisora ham erining fe’lini yaxshi biladi, shuning uchun u bilan ortiqcha tortishib oʻtirishni oʻziga ep koʻrmadi.

− Echkimiz shumshuk boʻlgani bilan suti moʻl edi, − dedi u tandirda boʻrqsiyotgan tutunning achchigʻidanmi yoki boshqa sabab tufaylimi koʻzlarida yosh halqalanib. – Uloqlaridan ortganini sogʻib, bolalarga ichirib turuvdim...

− Ayb oʻzingda, − dedi Shoymirza ham ungʻay¬sizlanib. – Oqshom yaxshilab bogʻlab qoʻyganingda hech gap yoʻq edi.

Bibisora indamay oshxonaga kirib ketdi.

* * *

Shoymirza kal echkini sotishga jazm qilgan boʻlsa-da, undan koʻngil uzishi qiyin kechishini bilmagan ekan. Oʻtagan buva ketgach, bundoq doʻppini boshdan olib oʻylab koʻrdi-yu, ogʻzidan chiqib ketgan gapiga pushaymon boʻldi. Sirtida xotiniga sir boy bermasa-da, kechgacha ichidan ichqirindi oʻtib yurdi. Rahmatli otasi bir paytlar buning onasining onasining onasinimi-ey, ishqilib, mushtday uloqligida Qoʻziboy choʻpondan bir arava yantoqning puliga sotib olgan edi. Oʻshandan beri ular oʻzidan urchib-koʻpayib kelar, bu xonadondan kal echkining urugʻi arigani yoʻq edi. Oʻziyam jonivorlar nuqul egiz tugʻardi. Xullas, Oʻtagan buvaning kasriga u otameros echkisidan ajraladigan boʻldi.

Shoymirza gʻamgin oʻy-xayollarga berilib, ancha vaqt kal echki bilan bolalarining beda kavshashini tomosha qilib oʻtirdi.

− Shunday qilib, ertaga seniyam bozorga chiqaramiz, jonivor, − dedi u echkining koʻziga qarashdan uyalayotgandek oxurdagi yemishga tikilib. − Mendan domongir boʻlma. Noilojman. Oʻtagan cholning dastidan oʻz uyingdayam echki asrab boʻlmay qoldi! Senam boshqa joy qurib qolganday, hadeb shuning tomorqasiga oshaverding. Bu xasis chol boshqalardan bitta quruq choʻpniyam qizgʻanadi!..

Shu payt Bibisora qoʻraga togʻorada arpa koʻtarib kirdi.

− Hamsoya buva berdirib yuboribdi, − dedi u erining oldiga togʻorani toʻqqillatib qoʻya turib.

Shoymirza togʻoradagi arpani chamalab, norozi qiyofada bosh chayqadi.

− Shuniyam kam beribdi-ya, noinsof... Shu bir hovuchgina arpani yegani bilan buning kallasiga shox bitib qolarmidi? Ichkariga kiritib qoʻy, kerak boʻlib qolar.

* * *

Oqshom Oʻtagan buva shosha-pisha xufton namoziga “yumalab” oldi-da, yumshoqqina toʻshakka choʻzildi.

− Senam ivirsib oʻtirmay, tezroq yot, − dedi urchuq yigirish taraddudiga tushgan kampiriga. – Hali yarim oqshom meni uygʻotishing kerak.

− Bu kishi oʻzi qushuyqu odam boʻlsa, tonggacha tenkayib qotib qolmas, − dedi Chuchuk momo bilagidagi tuynaklangan echki qilini urchuq bilan chiyrata turib.

− Aytib boʻladimi? Mobodo, ikkovimiz ham uxlab qolsak, Guppining kal boshli ajinasidan qutulolmaymiz. Hali unisi qurgʻur xotinining gapiga kirib, ertalabgacha aynab qolmasa deb qoʻrqib turibman.

Odatda, Oʻtagan buva bir narsaga alagʻda boʻlsa, ming vaqtli yotgani bilan koʻziga uyqu kelmasdi. Bu gal ham allamahalgacha burga talagandek toʻshakda bedor toʻlgʻonib yotdi. Goʻyo kimdir miyasiga qoʻrgʻoshindan quyib qoʻygandek, kal echkining turqi-tarovati sira koʻz oʻngidan ketmasdi.

Nihoyat, tun yarmidan oqqanda uning koʻzi ilindi. Biroq uyqusida ham tinch yotolmadi...

Oʻtagan buva bundoq koʻzini ochsa, allaqachon tong yorishib ketibdi. Gʻaflat bosib, bozorga kech qolibmiz-ku, deya shosha-pisha kiyinib, tashqariga oshiqdi. Ammo yomgʻirdan keyin bodrab chiqqan qoʻziqoridek hovlisini bosib ketgan echki-uloqlarga duch kelib, yuragi tovoniga tushib ketdi. Barg kemirayotgan ipak qurti singari ekin-tikinlarga chirmashgan ochkoʻz maxluqlar qoʻlda yasab qoʻygandek Shoymirzaning echki-uloqlariga oʻxshardi. Kechagina boʻyi yetgan qizdek istigʻno qilib turgan tomorqasi allaqachon taqir sahroga aylangan edi.

– Voy-dod!..

Oʻtagan buva oʻz faryodidan oʻzi choʻchib uygʻondi. Karaxt ahvolda oʻngu-soʻlga alangladi, goʻyoki kal echki bilan bolalarini qidirdi. Hali tong otmabdi. Piligi pasaytirib qoʻyilgan chiroq uy ichini gʻira-shira yoritar, derazadan zim-ziyo qorongʻilik moʻralab turardi. Oʻtagan buva shunchaki tush koʻrganligini anglagach, yelkasidan togʻ agʻdarilganday yengil tin oldi. Gʻoʻldiragancha kalima qaytarib, koʻksiga tufladi.

− Nima gap? – dedi poygakdagi oʻrinda mushtdaygina boʻlib yotgan Chuchuk momo yostiqdan bosh koʻtarib. – Uyqusida bosinqiradimi?

− Yomon tush koʻrdim, kampir, – dedi Oʻtagan buva bosh chayqab. – Tushimda tomorqamizga shayton oralagan emish!

− Qanaqa shayton? – dedi Chuchuk momo angrayib.

− Shoymirzaning kal boshli shaytoni!

− E, vahimasi qursin. Uyqusidayam shu echkini oʻylab yotibdimi? Oʻng yelkasini bosib yotsin, toshday qotib uxlaydi. Xoʻroz chaqirishi bilan oʻzim uygʻotaman.

− Bunday tushdan soʻng uyqu kelarmidi? – deya Oʻtagan buva oʻrnidan turib kiyina boshladi. – Shu qoʻtir echkidan qutulmaguncha koʻnglim tinchimaydi.

* * *

Shu kuni doʻngqishloqlik Shodiqul ham tuni bilan mijja qoqmay chiqdi. Ammo Shodiqul birodarimizni xayrli tashvishlar bezovta qilmoqda edi. U peshona teri evaziga jamgʻargan ozgina puliga bozordan jonliq sotib olmoqqa qasd etgan edi.

Shodiqul esini taniganidan beri daladan beri kelmaydi. Shu bois dehqonchilikning obdon hadisini olgan. Lekin kuymas kosovdek egat oralab yuraverib, zamonaning zayli oʻzgarganini sezmay qolibdi. Bundoq atrofiga qarasa, avvalgi birgatlar tugab, yerlar fermerlar oʻrtasida boʻlinib ketibdi. Ajabki, fermer deganlarining koʻpchiligi ilgari dehqonchilikning koʻchasidan ham oʻtmagan sersavlat, serdavlat kimsalar ekan. Ularning oʻzi ishlamaydi, oʻzgalarni ishlatadi, degan gapni eshitgach, Shodiqul mushkul jumboqning magʻzini chaqqan donishmand kabi xotirjam tortdi.

Shundan soʻng Shodiqul xoʻjalik garajidagi sotuvga qoʻyilgan traktor kabi fermerlar orasida talash boʻlib ketdi. Kunda-kunora birovi “mening qoʻlimda ishla”, deb eshik qoqib keladi. Lekin ish haqiga kelganda hech biridan tayinli gap chiqmaydi. Qaysi biri “egatdan chiqqan oʻt seniki” desa, yana biri kuzda bir-ikki telejka gʻoʻzapoya berishni va’da qiladi. Ma’lumki, egatdan chiqqan oʻt-oʻlan molga yemish boʻladi, odamga emas. Qolaversa, qishda qorning och boʻlsa, gʻoʻzapoyaning choʻgʻi bozillab turgan sandalda oʻtirib ham sovqotishing mumkin. Shodiqul buni yaxshi bilardi, shuning uchun ham ularga “qani, bir oʻylashib koʻraylik-chi” deya mujmal javob qilishdan nari oʻtmadi. Biroq Salim rais vallomat ekan, u dalasining adogʻidagi partov suv toʻplanadigan soylikdan bir-ikki tanob yer ajratib berish sharti bilan Shodiqulni oʻzining fermer xoʻjaligida ishlashga koʻndirdi.

Shodiqul qish chiqib ulgurmasdan Salim raisning dalasida ariq tozalashga tushib ketdi. Kunlar isiy boshlagach, ishdan boʻsh paytlarida chekiga tushgan joyga ertachi piyoz ekdi. U gʻoʻza sugʻorilib, soylik oqova suvga toʻlguncha hosilini yigʻishtirib olishni moʻljallagan edi. Lekin necha yillardan beri suv yigʻilaverib, sopolday qotib ketgan maydonni epaqaga keltirguncha oʻziyam ona suti ogʻzidan keldi. Nima boʻlganda ham boʻsh kelmadi. Qattiq yerni choʻkich bilan yumshatayotib, bir paytlar otasi rahmatli aytib bergan koʻhna rivoyatni esga oldi.

Qadimda qaysidir qishloqning adoq tarafida bir parcha unumdor maydon boʻlgan ekan. U yerda bahor tugul, saratonning chillasida ham oʻt-oʻlanlar tizza boʻyi oʻsib yotarkan. Shu qishloqda yashaydigan avliyosifat eshon boboning toʻy-ma’rakalarga minib yuradigan oti doim arqonini uzib, oʻsha yerga qochib borib oʻtlarkan. Bunday ovoragarchiliklardan bezor boʻlgan eshon bobo bir kuni achchiq ustida unumdor yerni duoibad qilibdilar:

− Iloyo, shu bir parcha yer giyoh bitmaydigan qaqroq biyobonga aylansinu, men bechorayam otimning orqasidan quvib yurish azobidan xalos boʻlay!

Karomatgoʻy odamlarning dami toshni yorarmish. Tez orada hosildor zamindagi oʻt-oʻlanlar qurib-qovjirab, metindek qotib yotgan taqir sahroga aylanibdi. Shundan soʻng eshon bobo ham otini qochirib yurish zahmatidan xalos boʻlibdilar. Qargʻish tekkan yer esa ancha vaqtgacha kimsasiz huvillab yotibdi.

Ittifoqo, kunlardan birida u yerda ketmon koʻtargan dehqon yigit paydo boʻlibdi. U qargʻish tekkan yerni obdon koʻzdan kechiribdi-da, soʻng shaxt bilan yerga ketmon uribdi. Shu payt xudoning qudrati bilan unumsiz zamin tilga kiribdi:

− Men falon eshonning qargʻishiga uchraganman, ming uringaning bilan bagʻrimda giyoh koʻkartirolmaysan.

Dehqon yigit kulib qoʻyib, ishini davom ettiribdi. U dastlab qotib ketgan yerni obdon yumshatib, oʻgʻit solibdi. Daryodan ariq tortib kelib, sugʻoribdi. Keyin joʻyak tortib, yerga urugʻ qadabdi. Moʻ’jizani qarangki, qargʻish tekkan yerga qaytadan jon kirib, moʻl-maroq hosil berganini oʻzi ham sezmay qolibdi. Dehqon yigit koʻchat ekib, koʻrkamgina bogʻ ham yaratibdi.

Kunlardan birida shu tomonlarga yoʻli tushgan eshon bobomiz bu manzarani koʻrib, hayratdan lol boʻlib qolibdilar. Shunda yerga qaytadan zabon bitib, eshon boboga boʻlgan voqeani soʻzlab beribdi.

− Dehqonning mehnati oldida bizning duoibadimiz nima boʻpti? – deb eshon bobo bosh chayqagancha yoʻlida davom etibdilar...

Shodiqul ham boʻsh kelishni istamadi. Choʻkichu ketmon bilan yer qirtishlab, sal-pal epaqaga keltirdi. Hosili ham shunga yarasha boʻldi. Oʻtgan kuni soylikdan besh-oʻn qop piyoz kovlab oldi. Shuncha boʻldi – xoʻja boʻldi deb boriga shukr qildi. Biroq piyozning daragini eshitib, dalaning boshiga yetib borgan Ochil savdogar har biri tovuqning tuxumidek keladigan piyozlarni koʻzdan kechirib, taassuf bilan bosh chayqadi.

− Buni bozorga chiqarishgayam uyaladi odam, − dedi u. – Maslahatim, bundan keyin qoʻlingdan keladigan ishni qil, oshna.

Shodiqul yalina-yalina Ochil savdogarga piyozni arzon-garovga berib yubordi. Oyogʻini zoʻrgʻa sudrab uyiga kirib keldi-da, bir siqimgina pulni xotini Musallamga uzatdi.

− Shuncha oʻlib-tirilib ishlab, topganim shu boʻldi! – dedi u ayb ish qilib qoʻygandek xotinining koʻziga qarashga botinolmay. – Piyozning pulidan umidim katta edi...

Musallam mungʻayib turgan eriga zimdan razm solib, unga rahmi keldi.

− Shungayam xafa boʻladimi? – dedi jilmayib. – Oz boʻlsayam, barakasini bersin. Bu pulga bozordan bir-ikkita jonliq sotib olsa, oʻzidan koʻpayib, bir-ikki yilda bir suruv mol boʻladi.

Shodiqul bu gapdan yosh boladay quvonib ketdi.

− Gaping chin, xotin, − dedi saraton oftobida qoraygan chehrasi yorishib. – Shu narsa xayolimga kelmaganini qara-ya!

Shodiqul oqshom oʻzicha har xil rejalar tuzib chiqdi. Eng avval hovlining chekkasidan kattagina qoʻra tiklaydi. Soʻng bitta jonliqni ikkita, ikkitasini toʻrtta qiladi. Qarabsizki, tez orada qishloqda undan boy odam boʻlmaydi! Axir, barakaning hammasi chorvada...

Bunday shirin oʻy-xayollardan soʻng koʻzga uyqu kelarmidi? Shodiqul tong boʻzarishini ham kutib oʻtirmay, bozorga otlandi.

− Jonliq olayotganda yaxshilab qarasin, − dedi Musallam belbogʻning orasiga joylangan pulni unga uzata turib. – Tagʻin adashib, qari yoki kasal molni yetaklab kelmasin.

− Oldi-sotdiga yoʻqroqmiz-da, − dedi pul solingan belbogʻni beliga bogʻlayotgan Shodiqul xijolatli jilmayib. – Lekin puxtaroq boʻlishga harakat qilamiz.

− Bitta-yarim tanish dallol uchrab qolsa, iltimos qilsin.

− Mayli-mayli. Aytganday, bozordan nima olay?

− Sigir olsa yaxshimi, deyman...

− Pulimiz sigirga yetmas-ov, – dedi Shodiqul umidsizlanib.

− Unda bozorning qosh-qovogʻiga qarab ish tuta qolsin.

− Ha, mayli, bizgayam nasib qilgani bordir.

Shodiqul qanot bogʻlab uchgudek bozorga joʻnadi.

* * *

Tor katakda dimiqib ketgan baboq choʻzib-choʻzib qichqira boshlagan mahalda Shoymirza egiz uloqlardan birini hovli aylantirib quvib yurardi. Kal echkining boʻynidan oʻtkazilgan arqonni mahkam changallagancha eshak ustida qoʻqqayib oʻtirgan Oʻtagan buva bu manzarani betoqat kuzatardi. Xurjunning bir koʻzidan boshi chiqib turgan ikkinchi uloqchaning jon achchigʻida zorlanib ma’rashi hovlini tutib ketgan.

− Ha, tuyogʻing koʻchgur, − dedi harsillab nafas olayotgan Shoymirza alam bilan. – Ortidan boʻri quvlaganday buncha dikonglab qochmasa! Chigi-chigi...

− Mushtday uloqni tutolmasang, battar boʻl!

− Menam nima qilay? Tutqich bermayapti-da, oʻz boshingni yegur, − deya zorlandi Shoymirza.

− Shunday choʻmalanib oʻtiraversang, bozordan kech qolamiz, − dedi Oʻtagan buva yulduzlar charaqlab turgan osmonga xavotir bilan tikilib. – Hademay tong otadi!

Nihoyat, Shoymirza bir amallab uloqchani tutib oldi.

− Ushladim! – dedi u yosh boladay quvonib. – Uloqning qochgani – xurjungacha!

Shoymirza uloqchaning quloqlariga beozor shapatilab, uni xurjunning narigi koʻziga joyladi. Shu payt Bibisora oshxonadan chelak koʻtarib chiqdi.

− Shoshmay tursin, echkimizni oxirgi marta sogʻib qolay.

− Sogʻa qol, − dedi Shoymirza kal echkining arqonidan tutib. − Ertalab bolalarga pishirib berarsan.

Oʻtagan buva bu gapni eshitib, achchiq qalampir chaynab olganday aftini burishtirdi.

− Obbo! Shu tirriq echkining bir qoshiq sutini ichgan bilan bolalaringga jir bitib qolarmidi!

− Qisilmang, Hamsoya buva, bozorga bemalol ulguramiz, − dedi Shoymirza pinagini buzmay. – Jonivor bolalaridan orttirib, har kuni chorak satil sut beradi.

Bibisora chaqqonlik bilan echki sogʻishga tushdi.

− Bu shoʻrtumshuqning uloqlari nimaga igna yutgan toziday hech oʻzgarmaydi desam, gap bu yoqda ekan-da, − dedi Oʻtagan buva taassuf bilan bosh chayqab

− Echkining qatigʻi juda porimli boʻladi, − dedi Shoymirza Oʻtagan buvaning kinoyasiga e’tibor bermay. – Ertalab bir kosaginasini simirib olsangiz, kun boʻyi toʻq tutadi.

Bibisora echkini sogʻib boʻlib, oʻrnidan turdi.

− Satil yarim ham boʻlmabdi-ku? – dedi Shoymirza chelakni koʻzdan kechirib.

− Uloqlarigayam qolsin dedim-da. Bu bechoralarga bozorda birov yemish tayyorlab qoʻyibdimi?

− Haqing qolib ketayotgan boʻlsa, echkingni oʻzing emib qoʻyaqol! – dedi Oʻtagan buva istehzo bilan. Soʻng shosha-pisha eshagiga xala bosdi. Kal echki xurjunning ikki koʻzida tinimsiz zorlanib ma’rayotgan egiz uloqlari ketidan ergashdi.

− Echkini sotsa, oʻrniga bironta tuzukroq qoʻy olsin...

Shoymirza daf’atan xotiniga oʻshqirib berdi:

− Echkining puliga qoʻy emas, buzoqli sigir olaman! Endi koʻngling joyiga tushdimi?

Bibisora indamay ortiga burilib ketdi.

Oʻtagan buva bilan Shoymirza tong gʻira-shirasida bozorga yetib borishdi. Xolisroqda joylashgan mol bozorining pastak darvozasi oldida mol-qoʻy, echki-uloq, ot-eshak yetaklagan odamlar qator tizilib turishar, egnidagi beoʻxshov choponining belini chilvir bilan bogʻlab olgan baqaloq va gavdasiga yarashmagan tarzda ancha poʻrim kiyingan qiltiriq kishi ulardan patta puli undirishmoqda edi.

Oʻtagan buva shu atrofda yotgan mushtday tosh bilan eshagining qozigʻini yerga qoqib, Shoymirzadan echkining arqonini oldi.

− Sen xurjunni yelkangga teskari koʻtarib ol, − dedi u pattachilarga qarab. − Ichida uloq borligi bilinmasin.

− Nimaga? – deya soʻradi hech narsaga tushunmagan Shoymirza ham pattachilar tomonga xavotirli tikilib.

− Anavilarning koʻzini shamgʻalat qilmasak, shu marra uloqlargayam patta puli olishadi.

− Xoʻp-xoʻp, − deb Shoymirza ikki koʻziga egiz uloqlar joylangan xurjunni yelkasiga teskari koʻtarib oldi. Bezovtalangan uloqchalar boʻgʻiq tovushda ma’rashga tushdi. Shoymirza xurjunning ustidan uloqchalarni silab-siypalay boshladi. – Ozgina chidanglar, takavoylar. Bozorga eson-omon kirib olaylik, keyin tomogʻingiz yirtilguncha ma’rasangiz ham mayli.

− Harom qotgurlarning tezroq chakagini oʻchir! – dedi kal echkini sudrab ketayotgan Oʻtagan buva asabiylashib.

− Bular bir hayvon boʻlsa, qanday gap uqtiraman? − dedi Shoymirza chorasiz qiyofada.

Ma’rayverib ovozi boʻgʻilib qolgan uloqchalar birozdan soʻng tinchib qoldi. Bu orada ular pattachilarga roʻpara kelib qolishgan edi.

− Yuz soʻm!

Qiltiriq kal echkiga jirkangandek koʻz qiri bilan qarab qoʻyib, Oʻtagan buvaning qoʻliga patta tutqazdi.

− Insofing bormi?! – dedi Oʻtagan buva jigʻibiyron boʻlib. – Koʻzingni kattaroq ochib qara, men bozorga novvos emas, qari echki solayapman! Shunga yuz soʻm olasanmi?

− Ekologiya soligʻiyam ichida, − deya toʻngʻilladi Qiltiriq ham boʻsh kelmay. – Yoqmasa, ana, katta koʻcha!

− Shular bilan tortishib, martabaga minarmidingiz? – dedi Shoymirzaning orqasidagi eshak yetaklagan kishi. – Bular qadalgan joyidan qon olmay qoʻymaydi. Aytganini bering-da, tezroq qimirlang!

− Senlarga xudo bas kelmasa, bandasining bas kelishi qiyin, − Oʻtagan buva zarda bilan qiltiriq pattachining qoʻliga pul tutqazdi-da, oʻzicha mingʻirladi: – Teshib chiqsin, iloyim...

Qiltiriq pattachi sha’niga aytiladigan bu kabi nordongina gap-soʻzlarga oʻrganib ketgan edi. Shu bois pinagini ham buzmay, Oʻtagan buva uzatgan pulni choʻntagiga joyladi-da, yoʻlni boʻshatdi. Uning ortidan xurjun orqalab kelayotgan Shoymirza goʻyoki qil koʻprikdan oʻtayotgandek, qoʻrquv va hayajondan terlab ketgan edi. Shu topda bozorning gʻala-gʻovuri ham uning qulogʻiga kirmas, koʻksida allanarsa tuzoqqa tushib qolgan kaptar kabi tinimsiz potirlardi.

Qiltiriq pattachi unga qarashni ham oʻziga ep koʻrmay, orqadagi eshak yetaklagan odamga yuzlandi. Shoymirza endigina darvozadan ichkariga kiray deganida baqaloq pattachi muloyim jilmaygancha uning yoʻlini toʻsdi.

− Assalomu alaykum, akajon, − dedi egnidagi yagʻir choponidan tezak hidi anqib turgan baqaloq ayollarnikidek muloyim ohangda. − Xurjuningizda nima bor?

Bunday kutilmagan harakatdan oʻtakasi yorilgan Shoymirza jon holatda ortiga tisarilib, eshak yetak¬lagan kishiga taqalib qoldi. Bezovtalangan uloqlar yana gʻayrat bilan ma’rashga tushib ketdi. Yoqimli jilmayib turgan baqaloq ilkis uning yelkasidan xurjunni tortib oldi.

− Voy, manavi uloqcha buncha chiroyli, – dedi u xurjunni ochib koʻrayotib. – Iye, egiz ekan!

Shoymirzaning qulogʻi tagida Qiltiriqning guldirak ovozi yangradi:

− Yuz soʻm!

Shoymirza garangsigan qiyofada, pattachi qoʻliga tutqazgan shapaloqdek chiptaga tikilib qoldi.

* * *

Shodiqul dastlab bozordagi narx-navoni oʻrga¬nishga qaror qildi. Shu niyatda qoʻllarini orqasiga chalishtirib, ming qoʻyli boylar kabi viqorli qiyofada mol bozoriga kirib bordi. U oʻngu soʻlga shox sermab, tuyogʻi bilan yer kovlayotgan bahaybat novvoslarning daf’atan suzib qolishidan qoʻrqib, yurak hovuchlagancha ehtiyotkorlik bilan ilgarilardi. Bir chekkada buzoqli sigir ushlab turgan bolakayga koʻzi tushib, oʻsha tomonga yurdi. Erinchoqlik bilan kavsh qaytarayotgan ola sigirning tevaragida parvona boʻlib, uni sinchiklab koʻzdan kechirdi. Tumshugʻini yirib, tishini ham koʻrmoqchi edi-yu, ammo jonivor sira kuch bermadi. Shodiqul noiloj uning qovurgʻalarini siladi. Hatto, tirsillab turgan yelinini kaftiga bir-ikki marta sogʻib, sutini yalab koʻrdi. Suti serqaymoq ekan, degan oʻy kechdi xayolidan. Sigirdan koʻngli toʻlib, mamnun qiyofada bosh chayqadi. Soʻng oʻzining harakatlarini qiziqish bilan kuzatib turgan bolakayga yuzlandi.

− Sigirning narxi qancha boʻldi, jiyan?

− Arzi bozor, togʻajon, − deya javob berdi bolakay ham biyron tilda.

− Iya, koʻzingdan-ey, − deya zavqlanib kuldi Shodiqul. – Arzi bozor, degin... Xoʻsh, didingdagi narxni ayt-chi?

− Ikki yuz ming!

Shodiqul qarshisida paydo boʻlib qolgan qop-qora davangirday kishini koʻrib, suvga tushgan mushukdek shalvirab qoldi. Ortiq bir soʻz deyishga holi kelmay, yelkasini qisgancha bu yerdan joʻnab qoldi.

Sigir sotib olishga qurbi yetmasligiga ishonch hosil qilgan Shodiqul noiloj ushoq mollar bozoriga oʻtdi. Son-sanoqsiz qoʻy-echkilar bir-biriga matashtirib bogʻlab qoʻyilgan, oluvchilar bilan sotuvchilar oʻzaro talashib-tortishib savdolashayotgan bozorda turtinib-surtinib ancha vaqt bemaqsad oralab yurdi. Tasodifan chogʻroq buqaday keladigan shoxdor qoʻchqor savdosi ustidan chiqib qolib, uni qiziqish bilan kuzata boshladi.

− Ellik ming!.. Yomon narx boʻlmadi, uka. Barakasini ber endi! – derdi shoxdor qoʻchqor egasining qoʻlini zoʻr berib siltayotgan dallol chol kuyib-pishib.

Qoʻchqor egasi qosh chimirgancha moʻm tishlab turardi.

Shodiqul quloqlariga ishonmagandek, bir dallol cholga, bir sotuvchiga qaradi. Shoxdor qoʻchqorni obdon kuzatdi. Soʻng soʻljaygan kuyi bu yerdan ham uzoqlashdi.

Boʻron qoʻpgan dengizdek behalovat guvillab yotgan mol bozorining xoliroq chekkasida egiz uloqli echki ushlagan pachaqqina yigit oʻtgan-ketganga umidvor termulardi. Aksiga olib, hech kim uning jonligʻiga qiyo boqmasdi. Yigit oʻzi tomon kelayotgan Shodiqulga umid bilan koʻz tikdi. Ammo u ham kal echkini nazariga ilmaganday, yonidan beparvo oʻtib ketdi.

* * *

«Bozorda savdo soqol siypaguncha» deb bekorga aytishmagan. Tong yorishib, quyosh koʻkka oʻrlagani sari mol bozori ham asta siyraklasha boshladi. Ammo Shoymirzaning kal echkisiga tayinli xaridor chiqmadi.

− Nimaga bizning echkiga birov burilib qara¬maydi? − dedi toqati toq boʻlgan Shoymirza umidsizlanib. – Yoki echkimizning biron aybi bormi?..

− Sabr qil, guppivoy, − dedi uning yonida gʻuddayib turgan Oʻtagan buva pinagini buzmay. − Zotdor maxluqingning ham egasi chiqib qolar.

− Buni birov olishiga koʻzim yetmayapti. Yoki uyga qaytarib ketsakmikin? – Shoymirza Oʻtagan buvaning oʻziga oʻqrayib qarab turganini koʻrib, zorlanishga tushdi. − Sotsangiz, tezroq soting-da! Qachongacha bu yerda koʻzga chiqqan soʻgalday qaqqayib oʻtiramiz?..

Shoymirzaning gapi chala qoldi. Chunki bu paytda Shodiqul uning kal echkisini koʻzdan kechira boshlagan edi. Shoymirza hushyor tortib, Oʻtagan buvaga qaradi. U esa bir hatlab Shodiqulning qarshisida paydo boʻldi.

− Keling, uka, shu zotdor echkini olib keting, − dedi Oʻtagan buva ipakdek muloyim tortib. – Oʻzim oʻrtaga tushib, narxini kelishtirib beraman.

− Iya, bu jonivor echkimi? – deya soʻradi cholning gap ohangidan dadillashgan Shodiqul soxta ajablanish bilan. – Boyadan beri nimaligini bilolmay boshim qotib turuvdi. Gijinglab turishiga qarab, tulpor deyin desam, yoli yoʻq, hoʻkiz desam, shoxi yoʻq... Demak, echki ekan-da?

− Echki-echki, − Oʻtagan buva ham uning haziliga ragʻbat bildirib iljaydi. – Lekin uncha-muncha qoʻydan ziyod.

Shodiqul koʻzi oʻtkir sinchi kabi kal echkining goh u yogʻidan oʻtib qaradi, goh bu yogʻidan oʻtib qaradi, azza-bazza shalpang quloqlarini tortib ham koʻrdi.

− Men yoshi yetmishdan oshib, besh vaqt namozni kanda qilmaydigan kayvoni odamman, bolam, − dedi Oʻtagan buva kal echkiga tikilgancha ikkilanib turib qolgan Shodiqulning ilkidan tutib. − Sizga toʻgʻrisini aytaman. Bunisi qurgʻur juda aqlli jonivor. Boshqa echkilarga oʻxshab birovlarning tomorqasiga oshmaydi. Bergan yemishingizga qanoat qilib, mayda kavshab yotaveradi. Ishonmasangiz, qoʻshningizning tomorqasiga qoʻyib yuboring, tumshugʻini yerga choʻzsa, oldimga kelasiz!

− Yoʻgʻ-ey!..

− Qush uyasida koʻrganini qiladi deganlaridek, buning uloqlariyam shunga oʻrgangan. Qoʻni-qoʻshnilar ham bu jonliqning fahm-farosatiga tan berishgan. Asli, sotmoqchi emasdig-u, lekin noiloj...

− Yaxshi-yaxshi, − dedi Shodiqul cholning uzuq-yuluq maqtovlaridan bezor boʻlib. – Bu odobli echkingiz birorta baxti chopgan odamga nasib etib qolar. Lekin bizning didimizga oʻtirmadi. Qoʻlimni qoʻying.

− Shunday echkining nimasi yoqmaydi?! – dedi Oʻtagan buva asabiylashib. – Bozorni kunduzi chiroq yoqib axtarsangiz ham bundan yaxshisini topolmaysiz.

− Yaxshisini topolmasak, yana oldingizga kelarmiz, − dedi Shodiqul qoʻlini Oʻtagan buvaning changalidan tortib olishga oʻrinib.

− Siz kelguningizcha qarab oʻtiramizmi? Sotamiz-qoʻyamiz-da!

− Sotsangiz, barakasini bersin! Qoʻlimni boʻshating.

− Tavba, shunday echkining nimasi yoqmaydi bu odamga, − dedi Oʻtagan buva uning qoʻlini qoʻyib yuborishni xayoliga ham keltirmay.

− Echkingiz kal ekan! – dedi Shodiqul bahona topganidan quvonib. – Menga shoxdor echki kerak.

− Obbo, siz molning farqiga bormas ekansiz. Axir, kal echki aqlli keladi...

− Echkining aqlini pishirib yeymanmi?!. Bu donishmand maxluqingiz oʻzingizga buyursin. Boyadan beri qoʻlimni siqaverib, ezib yuboray deyapsiz. Bas qiling!

− Bu bola ota-onasiz, gʻirt yetimcha, − dedi Oʻtagan buva Shoymirzaga imo qilib. – Shuning jonligʻini oling, savobga qolasiz. Sagʻirning moli barakali boʻladi, ukajon.

− Men bozorga savob sotib olish uchun kelganim yoʻq, − dedi Shodiqul aftini burishtirib. – Qoʻlimni boʻshating...

− Xoʻp, didingizdagi narxingizni ayting, − dedi Oʻtagan buva. – Savdomiz bitmasa, yoʻlingizda ketaverasiz.

Bu mashmashalar joniga tekkan Shodiqul nima qilishni bilmay, bir zum oʻylanib qoldi. Echkini yana bir bor koʻzdan kechirdi. Soʻng mugʻombirona iljaygancha Oʻtagan buvaga koʻrsatkich va oʻrta barmogʻini yozib koʻrsatdi.

− Ikkita?.. Boʻlmaydi! – dedi Shoymirza xuddi birov tortib oladigandek echkining arqonini mahkam tutamlab.

− Ana, ana! Savdomiz bitmadi! – dedi Shodiqul quvonib. – Endi qoʻlimni qoʻyib yuboring.

Ammo Oʻtagan buva bunday qulay fursatni boy beradigan anoyilardan emasdi.

− E, qiziq odam ekansiz. − deb u bor kuchi bilan Shodiqulning qoʻlini siltashga tushdi. – Bu pulga echkining bitta bolasiniyam bermaydi-ku? Soʻrasangiz, insof bilan soʻrang-da.

− Nima, shu qoʻtir echkingizni menga zoʻrlab sotasizmi?! Olmayman dedimmi, olmayman...

− Koʻrinishingizdan yaxshi odamga oʻxshaysiz. Mayli, sizga oʻn qogʻozga beraman, − dedi Oʻtagan buva. − Bor baraka...

Shodiqul bu gapdan soʻng ikkilanib qoldi. U sahar-mardondan beri bozor oralayverib, bu yerning narx-navosini besh qoʻldek bilib olgan edi. Jonliq deganlari juda qimmat ekan. Hoʻkiz tugul, qoʻy-qoʻzining ham yaqiniga yoʻlab boʻlmaydi. Chamalab koʻrsa, kissasidagi puliga shu echkidan boshqa jonliq bermas ekan. Qolaversa, dallol ham insof bilan soʻrayapti. Biroz savdolashsa, echkining narxini yanayam tushirish mumkin. Shunda piyozning pulidan uch-toʻrt tanga orttirib ham qoladi...

− Ha, ketsa bizning haqimiz ketar, toʻqqiz yarimtaga beraman, − dedi Oʻtagan buva ham uning fikrini uqqandek, echkining narxini yanayam arzonlashtirib. − Rozi boʻldingizmi?

− Qimmat!.. – dedi Shodiqul Oʻtagan buvaning qoqsuyak panjalari orasida qisirlay boshlagan qoʻlini tortib olishga behuda urinib.

− Toʻqqizta! Bundan bir chaqayam kami yoʻq! Xoʻp deng endi!

− Roziman, roziman! – deb shosha-pisha bosh irgʻadi ogʻriqning zoʻridan koʻzlarida yosh xalqalangan Shodiqul zoʻrma-zoʻraki iljayib. – Shu qoʻtir echkini olmasam, sizning changalingizdan sogʻ qutulmaydiganga oʻxshayman.

Oʻtagan buva Shodiqul uzatgan pulni hafsala bilan bittalab sanadi. Hammasi joyidaligiga ishonch hosil qilgach, pulni Shoymirzaga tutqazdi.

− Shoymirzavoy, bu akangga echkining barakasini ber.

− Oʻzi zotdor echki, har yili egiz tugʻadi, − dedi Shoymirza Shodiqulning qoʻlini qisib. − Barakasini berdim, aka..

− Menam bergan pulimga roziman, – deb Shodiqul xavotirli qiyofada uning kaftlari orasidan qoʻlini tortib oldi.

− Echkining arqonini tashlab keting, aka, – dedi mol sotuvchilar amal qiladigan irim yodiga tushib qolgan Shoymirza.

− Nimaga?

Shoymirzaning oʻzi ham bu odatning asl sababini bilmas edi. Shu bois najot kutgandek Oʻtagan buvaga qaradi.

− Odam sotgan molining arqonini yechib olmasa, qoʻrasidan baraka koʻtariladi deyishadi, − dedi Oʻtagan buva.

− Lekin menda boshqa arqon yoʻq edi-da, − dedi Shodiqul oʻylanib.

− Siz buguncha echkini yetaklab ketavering, − dedi Oʻtagan buva. − Yanagi bozor kuni arqonini mana shu yerga keltirib berasiz, ma’qulmi?

− Ma’qul.

Oʻtagan buva echkining barakasini tilab uzundan-uzoq duo qilgach, ular xayrlashishdi. Egiz uloqchalar Shodiqulning yetovidagi onasining orqasidan ergashdi.

− Ana, zotdor echkingniyam eson-omon egasiga topshirdik, − dedi Oʻtagan buva mamnun qiyofada.

− Norozi boʻlib olgani durust boʻlmadi-da.

− Joʻrtaga shunday qilayapti. Bozor koʻrgan, quv yigitga oʻxshaydi.

− Endi bu pulga birorta qoʻzimi, uloqmi olib berasiz, Hamsoya buva, − dedi Shoymirza echkining pulini siqimlab. − Uyga quruq qaytsam, keliningizdan qutulolmas baloga qolaman.

− Bozorda tuzukroq ushoq mol qolmadi, − dedi Oʻtagan buva ancha sanjoblashib qolgan mol bozorini koʻzdan kechirib. − Yaxshisi, kelasi hafta olamiz.

− Siz nima desangiz shu.

− Endi borib, bozor-oʻchar qilaylik.

− Menam uyga quruq borsam, boʻlmas. Bolalarga ul-bul olay. Keliningiz ham anchadan beri tosh kalishga intiq boʻlib yuruvdi...

− Sotganing bitta toʻqol echki boʻlsa, kalishga balo bormi? – deya jerkib berdi Oʻtagan buva uni. – Pulni teja!

− Kalishi yirtilib qolgan-da...

− Xotin degani yalangoyoq yursayam kuni oʻtaveradi. Ketdik!

Shu payt olomon orasidan Koʻchar jarchining manqa ovozi eshitildi:

− Ayuhannos-ayuhannos! Xaloyiq, gapimga quloq soling!.. Kecha Sortepaning ustida katta koʻpkari boʻlgan. Shunda shoʻrquduqlik Jobi polvon qashqa bedovini qochirgan. U otini topib bergan yoki daragini bildirgan kishi uchun suyunchiga qoʻchqor atagan!

Koʻchar jarchining ovozi tufayli bir zum sukutga choʻmgan bozor qayta jonlandi.

Bu xabarni diqqat bilan tinglagan Shoymirza Koʻchar jarchining ortidan angrayib qarab qoldi.

− Shu otni biz topib berganimizda qoʻchqorli boʻlib qolardik-da, Hamsoya buva, − dedi Shoymirza ogʻzining tanobi qochib.

− Boʻlmasa, ikkovimiz dala-dashtga chiqib, ot axtaramiz, − deya oldinda ketayotgan Oʻtagan buva unga kinoyali qarab qoʻydi. Shoymirza yosh boladek yelkasini qisib unga ergashdi. – Endi ikkovimiz ham oʻz maylimizcha bozorlaymiz. Biron soatlardan keyin bizning eshakning yonida uchrashamiz.

− Ma’qul, Hamsoya buva.

Oʻtagan buva odamlar orasida koʻzdan gʻoyib boʻlgach, Shoymirza ham gerdayib bozor oraladi.

* * *

“Otang – bozor, onang − bozor” degan maqolning turgan-bitgani hikmat. Zotan, attorning ham, baqqolning ham, oluvchining ham, sotuvchining ham, toʻgʻrining ham, oʻgʻrining ham... tirikchiligi bozor bilan. Biz bu oʻrinda “oʻgʻri” degan zangʻarning otini tilga ola turib, bekorga bir qur nafas rostlamadik. Chunki har bozorning oʻz oʻgʻrisi boʻladi. Juma bozori ham bundan mustasno emas. Bu yerning ham Xushmurod otligʻ bitta-yu bitta shoʻrtumshuq oʻgʻrisi bor. U bozorda otning qashqasidek barchaga birday tanish. Uning sharofati bilan sotuvchilar navbatma-navbat mayda-chuyda narsalarini oʻgʻirlatib turishadi. Lekin ular Xushmurodning uncha-muncha qiliqlariga koʻz yumishadi. Bozorda kimdir nimadir yoʻqotsa, “Xushmurod halolladi” deb qoʻya qoladi. Xushmurod ham bozorning oʻziga tegishli boʻlgan bir qancha yozilmagan qonunlariga amal qilishi kerakligini yaxshi biladi. Ya’ni, u koʻpam nafsiga erk bermasligi, bir oʻgʻirlik qilgan joyiga ikki-uch oysiz qadam bosmasligi shart. Mobodo bilib-bilmay bu qoidani buzsa, shu zahoti unga eslatib qoʻyishadi. Yanayam qizigʻi, Xushmurod oʻmargan molini hech qachon uyiga koʻtarib ketmaydi. Uni bozor choyxonalaridan birida yegulik-ichkilikka ayirboshlab, obdon maishat qilgach, oʻz puliga bozor-oʻchar qiladi.

Juma bozoriga tashrif buyurgan har qanday odam dastavval mol bozoriga birrovgina bosh suqmasa koʻngli joyiga tushmaydi. Xushmurod ham eskidan qolgan ana shu odatni sira kanda qilmaydi. Bugun ham u xoʻroz qichqirmasdan bozorga yetib kelib, chorva savdosini koʻzdan kechirdi. Quyosh koʻkka boʻy choʻzib, savdo rastalari birin-ketin ochila boshlagan mahalda u ham asta ishga kirishdi.

Xushmurod bu gal qassoblarning hushyorligini sinamoqqa qaror qilgan edi. Shu bois shundoqqina yerga yoyib qoʻyilgan kalish-maxsilarga chalgʻimay, oldinga yurdi. Bir pasda bozor oʻrtasidagi ulkan timga yetib keldi. Bu yerdagi torgina yoʻlakning ikki tarafida tigʻiz qilib qurilgan rastalarda savdo-sotiq ayni avjiga chiqqan, qassoblar qoʻli-qoʻliga tegmay goʻsht nimtalashardi.

Xushmurod payt poylab turib, chekkaroqdagi rastadan bir boʻlak goʻshtni olib qochdi.

− Toʻxta! Goʻshtni joyiga qoʻy!

Kundada et nimatalayotgan qassobning yonida xaridorlar uzatgan pulni sanab olayotgan yoshgina yigit uning ortidan quvishga chogʻlandi. Moshguruch soqoliga charvi yopishgan qassob uning qoʻlidan tutib qoldi.

− Qoʻyaver, bolam. Bu oʻzimizning Xushmurod-ku.

Qassoblar “Oʻgʻri ketdi!”, “Xushmurodni ushlang¬lar!” deya joʻrtaga vahima koʻtarishdi. Xushmurod esa goʻshtni bagʻriga bosgancha, sichqon tutib olgan mushuk kabi oldi-ortiga qaramay yugurib borardi. Atrofni kulgi, qah-qaha tutib ketdi.

Xushmurod bozor chekkasidagi choyxonaga yetgach, ortidan hech kim quvlamayotganiga ishonch hosil qilib, yugurishdan toʻxtadi. Xoliroqdagi usti yigʻish¬tirilmagan stol qarshisida oʻtirib, chuqur soʻlish oldi. Shu zahoti yoniga yetib kelgan Sarman sariqqa qoʻlidagi qoni silqib turgan boʻyin goʻshtini uzatdi.

− Kun sayin bozordan baraka koʻtarilayapti, − dedi u hansirab. − Bugun topganim shu bir parcha chandir boʻldi.

− Noshukr boʻlma, Xushmurod, − dedi Sarman sariq goʻshtni chamalab koʻrarkan. − Hozir shu chandir ham koʻchada yotmaydi.

− Buning chumchuqning koʻzidekkina joyini serpiyoz qilib qovuring, − dedi Xushmurod stolga joylashib oʻtirarkan. − Keyin bitta anavi “boʻyni uzun boyoʻgʻli”dan berasiz.

Sarman sariq kulimsirab bosh chayqagancha nari ketdi.

* * *

Oʻtagan buva bozordan xurjun yelkalab chiqqanida Shoymirza eshak yonida uyga qaytishga hoziru nozir boʻlib turardi. U ikkita kattagina yelim xaltani toʻldirib bozor-oʻchar qilgan, ularning biridan yap-yangi tosh kovushning yaltiroq tumshugʻi koʻrinib turardi.

− Dov-daskang zoʻr-ku, guppi, − dedi Oʻtagan buva istehzo bilan. – Shu turishingda echki emas, novvos sotgan boyvachchaga oʻxshaysan!.. Iye, Hoshim kaltaning qizi ham tosh kalish kiyib, martabaga minar ekan-da?

− Anchadan beri bozor oralamovdik... Roʻzgʻorga zarur narsalarni xarj qildik.

Shoymirza xijolatli jilmayib, tosh kovushni yelim xaltaning ichiga yashirishga urindi.

− Echkining pulidan qoldimi, ishqilib?

− Ha, qoldi...

Oʻtagan buva afsuslangandek bosh chayqadi.

− Nimaga serrayasan? Bozorligʻingni xurjunga sol! Ketamiz.

Shoymirza peshin vaqtida toʻlib-toshib uyiga kirib bordi. Hovlida oʻynab oʻtirgan kenjatoyi shodon qichqirib, u tomon yugurdi:

− Otam bozordan keldi!

Sim dorga kir ilayotgan Bibisora “yalt” etib darvoza tomonga qaradi. Shoymirzaning qoʻshaloq xalta koʻtargancha iljayib kirib kelayotganini koʻrib, daf’atan qovoq-tumshugʻi osildi. Alamini qoʻlidagi erining koʻylagidan olmoqchidek, uni havoda qattiq-qattiq silkiy boshladi.

− Avval bitta xoʻrozqand bering-chi, − dedi Shoymirza oʻgʻilchasining sochi qaychi bilan qiyib olingan ola-quroq boshini silab. Bolakay xaltalardan koʻz uzmay, qoʻlini ishtoniga tiqib, soʻng otasiga uzatdi. Shoymirza azza-bazza uning jajji barmoqlarini oʻpib, koʻzlarini suzgancha bosh chayqadi.

− Bay-bay-bay. Buncha shirin. Asal-e, asal! − Shoymirza xaltalarning biridan xoʻrozcha shaklidagi sopol hushtak olib, bir-ikki marta churillatib pufladi. – Qalay, zoʻrmi?

Erkatoy mamnun qiyofada bosh irgʻab, hovlini boshiga koʻtargancha hushtak chalishga tushib ketdi.

− Xaltalarning ichida yana koʻp narsa bor, − dedi Shoymirza sirli ohangda. – Akalaringniyam chaqirib kelsang, birga ochamiz.

Bolakay choʻzib-choʻzib hushtak chalgancha koʻchaga yugurdi.

Shoymirza yelim xaltadan yaltiroq tosh kovushni olib, Bibisora tomon yurdi.

− Bu yoqqa qara, xotin...

Bibisora qoshlarini chimirgancha eriga yovqarash qildi.

− Echki qani?!

Xotinining vajohatini koʻrib, Shoymirzaning tarvuzi qoʻltigʻidan tushdi.

− Echkini sotdim, − dedi u koʻzlarini pirpiratib.

− Sotgan boʻlsa, nimaga oʻrniga-oʻrin olib kelmadi?!

− Kelasi bozor olarman...

− Echkining pulini boyad-shoyad xarjlab kelgan boʻlsa, kelasi bozor jonliqni bitiga oladimi? – dedi Bibisora nariroqdagi bozorliq toʻla yelim xaltalarga adovatli qarab qoʻyib.

− Arzonrogʻi uchrab qolar. Qara, men senga tosh kovush olib keldim.

− Tosh kovush kiyguncha, oyogʻim sinsin! – deya koʻzlarida yosh halqalangan Bibisora eri uzatgan yap-yangi kovushni siltab tashlab nari ketdi. Shoymirza nima qilishni bilmay dovdirab qoldi.

− Unday dema, xotin, − dedi u qoʻlidan uchib ketgan kovushlarni yerdan olib, changini artarkan. – Senam anchadan beri yirtiq kovushni sudrab yuribsan. Qoʻlimga pul tushsa, xotinimga yangi kovush olib beraman deb niyat qilib yuruvdim...

− Odamlar suruv-suruv qoʻy qiladi, yoʻlini qilib, uyida borini koʻpaytiradi. Bu kishi yoʻq qilishga usta! – dedi suv isitilayotgan qozon yoniga borib oʻtirgan Bibisora quyilib kelayotgan koʻz yoshlarini yengi bilan artib. – Roʻzgʻor tashvishi xayoligayam kirib-chiqmaydi.

− Roʻzgʻor tashvishini oʻylamasam, shuncha narsani uyga koʻtarib kelarmidim? − dedi Shoymirza ham ovozini bir parda koʻtarib.

− Bu kishini yoʻlga solaman deb sochim oqardi, − dedi Bibisora uning gaplarini eshitmagandek. − Buncha peshonam shoʻr boʻlmasa!..

Bibisora izillab yigʻlagancha uyga kirib ketdi. Shoymirza hovli oʻrtasida qaqqayib turib qoldi. Jahl bilan qoʻlidagi kovushni chetga uloqtirmoqchi boʻldi, ammo shu zahoti fikridan qaytdi.

Bu paytda Oʻtagan buva besaranjom qiyofada hovli boʻylab uyoqdan-buyoqqa borib kelardi. Hatto, sabri chidamay, bir-ikki marta devor osha Shoymirzanikiga oʻgʻrincha moʻraladi. Ammo shu zahoti oʻzini panaga olib, u tomondan eshitilayotgan gap-soʻzlarga quloq sola boshladi.

− Hoy, chol, u yerda nima qilayapti? – deb soʻradi supada kalava yigirib oʻtirgan Chuchuk momo ajablanib.

− Aytmovdimmi! − dedi Oʻtagan buva. – Hoshim kaltaning qizi baqir-chaqir qilib, hovlini boshiga koʻtarayapti.

− Er-xotinning urishi – doka roʻmolning qurishi, − dedi Chuchuk momo beparvo ohangda. – Bugun urishsa, ertaga yarashadi.

− Oʻtagan buva Shoymirzaning echkisini sottirib, er-xotinni urishtirib qoʻyibdi, degan malomatga qolishdan qoʻrqaman, kampir! – dedi u devordan uzoqlashayotib.

* * *

− Shu echkidan boshqasiga kuchim yetmadi, xotin. Bozorda qimmatchilik, − dedi kal echki bilan bolalarini uyiga yetaklab kirgan Shodiqul xotinining koʻzlariga qarashga botinolmay.

Musallam noayon kayfiyatda kal echki bilan bolalariga tikilib qoldi. Shodiqul shu topda goʻyo hayot-mamoti hal boʻladigandek, yurak hovuchlaganicha uning ogʻzini poylardi.

− Men nima degan edim? – dedi daf’atan Musallam chehrasi yorishib. – Peshona teri bilan topilgan pulning barakasi boʻladi, demaganmidim? Shugina pulga bir emas, uchta jonliq yetaklab kelibdi!

Shodiqul yosh boladay quvonib ketdi.

− Oʻziyam zotdor echki ekan, har yili egiz tugʻarmish.

− Uloqchalari buncha chiroyli boʻlmasa. Bir qoshiq suv bilan yutib yuborging keladi-ya.

Musallam kal echkining bolalariga qoʻl choʻzdi. Biroq uloqchalar hurkib, onasini aylanib qocha boshladi.

− Oʻzim senga uloqchalarni ushlab beraman.

Shodiqul kal echkining arqonini xotiniga tutqazib, lapanglagancha uloqchalarning ortidan yugurdi. Musallam erining beoʻxshov harakatlaridan zavqlanib, jarangdor ovozda kulib yubordi.

* * *

Oqshom Shoymirza uyida yonboshlagan koʻyi televizorda allaqanday hindcha kinoni tomosha qilib oʻtirardi. Eski televizorning ekrani xiraligidan qaysi kino berilayotganini ham aniqlash mushkul, ammo yigit bilan qizning joʻr boʻlib kuylayotgan ehtirosli xonishi aniq-tiniq eshitilardi. Narigi xonada bolalarning biri olib biri qoʻyib hushtak chalardi. Hamon arazi tarqamagan Bibisora hech narsaga e’tibor bermay, bir chekkada tumtayib oʻtirardi. Shoymirza bot-bot koʻz qiri bilan unga qarab qoʻyardi.

Nogahon televizor oʻchib qoldi.

− Qarasang-chi! − dedi Shoymirza xotiniga norozi qarab qoʻyib.

Bibisora oʻrnidan turib, televizorga bir-ikki musht tushirdi. Shu zahoti ekran yorishdi.

− Yanagi bozor echki olib kelaman dedim-ku? – dedi toqati toq boʻlgan Shoymirza achchiqlanib. – Bundoq chiroyingni ochib oʻtirsang-chi?

− Qachon echki olib kelsa, oʻshanda chiroyim ochiladi! − boʻsh kelmadi Bibisora ham.

Shoymirza jahl bilan oʻrnidan turib, tashqariga chiqdi. Hovlida echkining boʻshab qolgan oʻrniga koʻzi tushib, xoʻrsindi.

* * *

Shodiqul kechgacha ogʻilxona yonidan kal echki bilan bolalariga joy tayyorladi. Ancha yillardan beri qarovsiz yotgan bir parcha yerni supurib-sidirib tozaladi-da, atrofini eski sim toʻr bilan oʻradi. Xullas, tez orada hovlida nochorgina qoʻra paydo boʻldi. Shodiqul kal echkini ana shu qoʻraning oʻrtasida qoqilgan yogʻoch qoziqqa bogʻlab, oldiga xashak soldi. Ancha vaqt echki bilan bolalarining kurt-kurt beda kavshashini zavq bilan tomosha qilib oʻtirdi. Oʻchoq boshida kuymalanayotgan Musallam chaqirgach, noiloj oʻrnidan turib uyga yoʻl oldi.

− Kelasi yil yerga ertachi kartoshka ekaman, − deya xotininga gurung berardi yogʻliqqina palovga toʻyib olgan Shodiqul bosib-bosib achchiq koʻk choy simirarkan. − Xudo beraman desa, chumchuqning koʻzidekkina joydan ham olamjahon hosil olsa boʻladi. Sotsak, puliga yana besh-oltita echki olamiz...

Bu paytda qoʻradagi kal echki xuddi ostidan ilon chiqqandek bezovtalanib, oʻzini u yoqdan-bu yoqqa urardi. Kutilmaganda uning boʻyniga bogʻlangan arqon boshidan sirgʻalib chiqib ketdi. Kal echki qoʻraning omonatligini sezgandek, uning burchagidagi yogʻoch ustunni shoxsiz boshi bilan itara boshladi. Nomigagina yerga qadab qoʻyilgan ustun qiyshayib, yerga qapishib qoldi. Sim toʻrning ustidan hatlab oʻtgan jonivor goʻyo boʻrining changalidan xalos boʻlgandek, egiz uloqlarini ergashtirib jon holatda tashqariga yugurdi.

Hech narsadan bexabar Shodiqul bu paytda Musallam bilan echkilarni koʻpaytirish haqida kengashmoqda edi.

* * *

Subhidam chogʻi Oʻtagan buva odatdagidek oftoba koʻtargancha vazmin qadamlar bilan uyidan chiqib keldi. Tongning kumushrang nurlariga gʻarq boʻlib yotgan tomorqasiga zavq bilan termuldi.

Kutilmaganda uning chehrasi oʻzgarib, rangi-quti uchdi. Gʻazabdan qiyiq koʻzlari qonga toʻlib, lablari pir-pir ucha boshladi. Chunki bu paytda uning tomorqasida Shoymirzaning kecha bozorda sotilgan kal echkisi egiz uloqlari bilan oʻtlab yurardi.

* * *

Chuchuk momo bilib aytgan ekan. Bibisora kun boʻyi eridan tumshuq burib yurgan boʻlsa-da, baribir shashtidan tushdi. Oqshom bolalar uxlab qolgach, qavatidan kirib olgan erining beoʻxshov xushomadlaridan moʻmday erib ketganini oʻzi ham bilmay qoldi. “Bitta echki ketsa sadqai sar, ishqilib, baxtimizga bu kishi omon boʻlsin” degan oʻy kechdi erining quchogʻida erkalanib yotgan Bibisoraning xayolidan.

Bibisora saharmardonda oʻrnidan turib, non yopish taraddudiga tushdi. Mehri iyib ketgan Shoymirza ham tong uyqusining bahridan kechib, unga ergashdi.

− Kosovni menga ber, xotin, − dedi u terlab-pishib tandirda olov yoqayotgan Bibisoraning atrofida parvona boʻlib. − Sen nonlaringni olib chiqquningcha tandirga oʻzim qarab turaman.

Bibisora eriga ajablanib tikildi.

− Qoʻying-ey, uyat boʻladi, − dedi soʻngra yoqimli jilmayib. – Oʻzim eplayman.

− Bilaman, sengayam qiyin, − dedi Shoymirza kalovlanib. – Katta roʻzgʻor. Tashvishiyam koʻp.

− Oʻrganib ketganman, − dedi Bibisora erining mehribonchiligidan ta’sirlanib. – Xudoga shukr, Shoiraning ham boʻyi choʻzilib qoldi. Hademay qatorimga kiradi.

− Endi menam dalaga chiqib ishlayman. Bir-ikki tanga orttirsak, yana echki-mechki olamiz. Oʻzi, hozirgi zamonda mol-holdan foyda...

Shu payt devor ortidan Oʻtagan buvaning baqir-chaqiri eshitilib, er-xotin oʻsha tomonga yuzlanishdi.

− Ha, uyginang kuygur, shumoyoq, kasofat! – deya shangʻillardi Oʻtagan buva. − Qarigan chogʻimda belim bukchayib, shuncha ekin-tikinni sening goʻmmik qorningni toʻydirish uchun koʻkartirib oʻtiribmanmi?!.

− Hamsoya buva nimaga ertalabdan kekirdagiga zoʻr berib qoldiykin? Yo...

Devor tagidan “lop” etib kal echki bilan bolalari chiqib keldi-yu, Shoymirzaning gapi boʻgʻzida qoldi. Er-xotin bir-biriga baqraygancha haykaldek qotib qolishdi.

Birozdan soʻng darvoza gʻijirlab ochilib, Oʻtagan buva hovliga bostirib kirdi.

− Bu shumgʻiyani sottirib ham qutulmaymanmi?! – deb baqirdi u yigʻlamoqdan beri boʻlib. − Oʻldiraman uni!

− Menga nima deysiz? – dedi allaqachon es-xushini yigʻib olgan Shoymirza ham boʻsh kelmay. – Echkini allaqachon sotganman! Qancha dardingiz boʻlsa, borib egasiga ayting.

Oʻtagan buva daf’atan boʻshashib qoldi. Uning boyagi vajohati tumandek tarqab, qisiq koʻzlaridagi gʻazab oʻrnini allanechuk umidsizlik egalladi.

− Egasini qayerdan topaman bu kasofatning, − dedi u tushkun kayfiyatda. − Esimni echki yesin mening! Bu la’natini sotishga-sotibman-u, bir ogʻiz uning kimligini, qaysi qishloqda yashashiniyam soʻrab qolmabman.

− Gapingiz toʻgʻri, − dedi Shoymirza ham oʻylanib. – U bechorayam terisi yupqaroq koʻringandi. Ertalabdan zor qaqshab echkisini axtarib yurgan chiqar.

Shu payt Bibisora oshxonadan chelak koʻtarib chiqdi.

− Echkini ushlab tursin, − deya shivirladi u Shoymirzaga yaqinlashib. – Bir-ikki qoshiq sogʻib olay, bolalarga pishirib beraman.

− E, yoʻq, − deya bosh chayqadi Shoymirza. − Endi bu echkida bizning haqimiz qolmadi. Birovlarning rizqiga sherik boʻlib oʻtirsak, insofdan boʻlmas.

Bibisora noiloj ortiga qaytdi.

− Boʻldi-boʻldi! Chorasini topdim, − dedi oʻyga tolib oʻtirgan Oʻtagan buva kutilmaganda jonlanib. – Koʻngling toʻq boʻlsin, guppivoy, qochoq maxluqingni eson-omon egasining qoʻliga qoʻsh-qoʻllab topshiramiz.

− Xoʻsh?

− Echkingni yana bozorga solamiz.

Shoymirza Oʻtagan buvaning niyatini uqib olmoqchidek uning koʻzlariga tikildi.

* * *

Ertalab kal echkining joyida yoʻqligidan xabar topgach, Shodiqulning koʻziga dunyo qorongʻi koʻrinib ketdi. Qishloq boʻylab zir yugurib echkini axtarishga tushdi. Uyma-uy kirib, odamlardan surishtirdi. Ammo hech qayerda echkining daragi chiqmadi. Jonivor egiz uloqlari bilan yerga kirib ketgandek, izsiz gʻoyib boʻlgan edi.

Shundan soʻng Shodiqul qishloqda “mol oʻgʻrisi” deya nom chiqargan, bu “hunari”ning sharofati bilan bir muddat qamalib ham chiqqan Omon tirriqqa doxil boʻldi. Uning ukkinikidek sovuq boquvchi qontalash koʻzlariga qarashga yuragi betlamay, oʻzining qoʻl uchida kun koʻrishi-yu, amal-taqal qilib olgan egiz uloqli kal echkisi oqshom yoʻqolib qolganini aytib hasrat qildi. Mobodo kimdir uning jonligʻini koʻrgan boʻlsa yoki qayerdaligini bilsa, qaytarib bersa, suyunchisini berar edi...

− Koʻpam chaynalavermang, Shodiqul aka, − dedi ensasi qotgan Omon tirriq uning diydiyosini shartta boʻlib. – Oʻgʻirlayman desam, boyvachchalarning qoʻrasida semizlikdan quyrugʻini koʻtarolmay yotgan qoʻchqorlar ozmi? Sizning tirriq echkingizga kunim qolgani yoʻq. Bu gapni bir gapirdingiz, boshqa tilingizga olmang. Endi tezroq bu yerdan tuyogʻingizni shiqillating!

Shodiqul tushga yaqin horib-charchab uyiga qaytdi.

− Kambagʻalni tuyaning ustida ham it qopdi, xotin! – deya hasrat qildi qarshisidan chiqqan Musallamga. − Endi ogʻzimiz oshga yetdi deganda bitta echkidan ham ajralib oʻtiribmiz...

− Yaxshilab izlashtirsa, daragi chiqib qolar?..

Shodiqul halimdekkina fe’l-atvoriga yarashmagan bir tarzda xotiniga oʻqrayib qaradi-da, indamay uyga kirib ketdi.

“Mol achchigʻi – jon achchigʻi” deb bekorga aytishmagan ekan. Shodiqul yoʻqolgan echkisiga qattiq qaygʻurdi. Koʻp asabiylashganidan hatto, qishin-yozin dalada yuraverib bir necha yil burun orttirgan bod kasali qoʻzib, uyida gum-gurs yotib qoldi.

Kechga yaqin togʻasi Boygʻozi oqsoqol undan hol soʻrab keldi.

− Noumid boʻlma, jiyan, − dedi u Shodiqulga tasalli berib. – Echki degan jonivor poʻstakka tushgan burga emaski, dom-daraksiz ketsa. Moling topiladi. Kim oʻgʻirlagan boʻlsayam, erta-bir kun uni bozorga solishi aniq. Yaxshisi, sen echkingni bozordan qidir.

Bu gapdan soʻng Shodiqulning koʻnglida umid uchquni paydo boʻldi. U sabrsizlik bilan kelasi bozor kunini poylay boshladi.

* * *

Oʻtagan buva bilan Shoymirza yakshanba kuni ertalab qochoq echkini yetaklagancha mol bozoriga yetib borishdi.

Darvoza oldida mol sotuvchilardan pul terayotgan tanish chiptachilarga koʻzi tushib, Shoymirzaning kayfi uchdi.

− Birovning echkisigayam men badal toʻlaymanmi?

− Bu gal echkiga men chek olaman, − dedi Oʻtagan buva xotirjam qiyofada.

− Hazillashmayapsizmi?

Oʻtagan buva uning gapiga javob bermay, kal echkini yetaklagancha chiptachilarga yaqinlashdi.

− Voy, manavi uloqchalar buncha shirin! – dedi ikki beti sirtiga tuxum sarigʻi surtib pishirilgan somsadek yaltirab turgan baqaloq tanglayini takillatib. − Ushlab olib, yeb qoʻyging keladi-ya!

− Uch yuz soʻm! − Qiltiriqning amirona ovozi yangradi.

− Oʻtgan hafta shu echki bilan bolalariga ikki yuz soʻm olgan edingiz-ku? − dedi Shoymirza quloqlariga ishonmay. − Hisobda adashdingizmi deyman...

− Chekning narxi oshdi!

− Koʻpga kelgan toʻy-da bu, ukajon, − deb Oʻtagan buva erinmasdan echkining arqonini darvoza ustuniga bogʻladi-da, choponining etagini koʻtarib, azza-baza ishtonbogʻini yechishga tushdi. − Chek pulini bermasak, bozorga kirolmaymiz.

− Bu nima qiliq? – dedi Oʻtagan buvaning harakatini ajablanib kuzatib turgan qiltiriq peshonasini tirishtirib.

− Uch-toʻrt tangani kampirdan yashirib, ishtonning lippasiga tugib qoʻyuvdim, − dedi Oʻtagan buva pinagini buzmay. − Mogʻorlab ketmagan boʻlsin, ishqilib.

Oʻtagan buva yoʻlni toʻsib qoʻygani bois mol bozorining torgina darvozasi bir zumda tirband boʻlib ketdi. Orqada mol-hol yetaklagan odamlarning “Nima gap?”, “Tezroq yurmaysizmi?”, “Echkingni ol!” degan norozi gap-soʻzlari eshitila boshladi. Bunday boʻlishini kutmagan qiltiriq nima qilishni bilmay, shoshib qoldi.

− Sassiq pulingiz oʻzingizga siylov, − dedi u jahl bilan aftini burishtirib. – Tezroq yoʻlni boʻshating!

Oʻtagan buva ham shuni kutib turgandek chaqqonlik bilan kal echkining arqonini yechib olib, uni ichkariga sudradi. Shoymirza tayoq sermagancha uloqlarning ortidan haydadi.

− Uloqchalardan zoʻr dimlama pishirsa boʻlardi, – dedi hamon egiz uloqchalardan koʻz uzolmay turgan baqaloq tamshanib.

− Besh yuz soʻm!

U sherigining ovozidan oʻziga kelib, shu zahoti patta yirtdi.

Oʻtagan buva bilan Shoymirza eshak bozori yonida oyoq ilishdi.

− Bachchagʻarlarni bopladingiz, Hamsoya buva...

− Sen qochoq echkingni shu yerda ushlab tur, − dedi Oʻtagan buva uning maqtoviga e’tibor bermay. − Men tezroq Koʻchar jarchini topay.

− Mobodo, echkining egasi kelib qolsa, nima qilay?

Oʻtagan buva, “shuniyam bilmaysanmi” degandek unga oʻqraydi.

− Nima qilarding? Qoʻliga qoʻsh qoʻllab topshirasan-da!

− Xoʻp-xoʻp, − dedi Shoymirza otasidan dakki eshitgan goʻdakdek koʻzlarini pirpiratib.

Oʻtagan buva koʻzdan gʻoyib boʻlgach, Shoymirza qiziqish bilan tevarakni kuzata boshladi. Sal narida qizgʻin davom etayotgan eshak savdosiga koʻzi tushib, kal echkini sudragancha oʻsha tomonga yurdi.

Miqti gavdali dallol chol qora eshak ushlagan kishining qoʻlini zoʻr berib siltalar, bir gala tomoshatalablar bu manzarani diqqat bilan kuzatib turishardi. Eshak esa bu mashmashalarning oʻziga zarracha aloqasi yoʻqdek, quloqlarini osiltirgancha mudrardi.

− Yaxshi narx boʻldi! – dedi dallol chol hansirab. – Bundan ortigʻini bozor koʻtarmaydi. Barakasini ber endi!

− Bozor koʻtarmasa, qaytarib ketaveraman, − dedi sotuvchi pinagini buzmay. − Siz aytgan narxga xangi tugul, mingi boʻlmagan kurra ham bermaydi.

− Gapini qaranglar buning! – deya dallol chol atrofida davra qurgan odamlarga asabiy tarzda koʻz yugurtirib oldi. – Bu kishim yagʻir eshagini gijinglagan tulporning puliga sotmoqchimi deyman?

Davradagilar cholning gapini ma’qullab bosh irgʻashdi.

− Qora hangining narxi qancha boʻldi? – soʻradi Shoymirza yagʻir telpagini koʻzigacha bostirib kiygan kishidan.

− Dallol ellik mingga tilayapti.

− Ellik ming?! − Shoymirza quloqlariga ishonmagandek yagʻir telpakliga angrayib qaradi. – Bitta harom eshakning bahosi shuncha ekanmi?

− Shungayam koʻnmay, taysallab turibdi.

− Ellik mingga bizning echkidan bir suruvini beradi-ku? − dedi Shoymirza zarda bilan. − “Zamonaning toʻzgani − otdan eshak oʻzgani” deb shuni aytishadi-da!

Shoymirza asabiy tarzda echkisini sudrab nari ketdi. Yagʻir telpakli kishi uning ortidan hayron qarab qoldi.

* * *

Bu gal Xushmurodning hadeganda omadi chopavermadi. Oxiri oʻylab ham oʻtirmay rang-barang matolar yoyib qoʻyilgan gazmol rastasi tomonga yurdi. Xaridorlar orasidan oʻgʻri mushukdek suqilib kirib, bir boʻlak matoga qoʻl choʻzdi. Kutilmaganda gazmol oʻlchagich tayoq qoʻliga sharaqlab tushib, oʻtakasi yorilayozdi.

− Besh gazlik atlasni oʻgʻirlaganingga bir oy ham boʻlgani yoʻq! − dedi baqbaqalari osilgan sotuvchi ayol qovoq uyub. – Oʻgʻri boʻl, insof bilan boʻl-da, Xushmurod!

− Xotinim atlas buyuruvdi! − deya toʻngʻilladi ogʻ¬riq¬dan afti burishib ketgan Xushmurod tayoq izi qolgan qoʻlini silab. − Yoqsa, sotib olmoqchiydim.

− Topgan bahonasini qaranglar buning. Joʻna bu yerdan! Biron oysiz koʻzimga koʻrinma!

− Boʻpti-boʻpti! Koʻpam shangʻillayverma, − deb Xushmurod rastadan uzoqlashdi. − Bir parcha lattaniyam koʻzi qiymaydi bu qurumsoq. Latofat bulka!..

Birozdan soʻng Xushmurod oldi-sotdi qizgʻin davom etayotgan quruq mevalar rastasini oralab borardi. Shu payt odamlar orasidan turtinib-surtinib oʻtib kelgan Qoʻchar jarchi bilan Oʻtagan buva sal narida toʻxtashdi. Koʻchar jarchi qattiq-qattiq yoʻtalib olib, qoʻllarini ogʻziga karnay qilgancha jar solishga tushdi:

− Ayuhannos-ayuhannos! Xaloyiq, bir muddat nafas rostlab, Koʻchar jarchining nidosiga quloq tuting!.. − Bozordagi gʻala-gʻovur biroz pasayib, sotuvchi-yu xaridorlar qiziqish bilan u tomonga yuzlanishdi. – Oʻtgan hafta uymovutlik Shoymirza polvon bozorda zotdor kal echki sotgan! Oʻrta boʻyli, qoracha rang-roʻyli bir yigit egiz uloqli echkiga ega chiqqan! Lekigin echkisi qurgʻur shu oqshom boʻshalib, Shoymirza polvonnikiga qochib borgan! Iymon-insofli Shoymirza polvon jonliqni egasiga qaytaray desa, uning na otini biladi, na zotini! – Koʻchar jarchining ortida gʻoʻddayib turgan Oʻtagan buva uning gaplarini ma’qullab bosh irgʻadi. – Oʻylay-oʻylay Shoymirza polvon, kal echkini yana bozorga solgan! Egasi chiqsa, olib ketar degan xayolga borgan! Shu jigitni koʻrgan-bilganlar boʻlsa, xabar bersin, u borib, eshak bozordan echkisini olib ketsin!.. Ayuhannos-ayuhannos!..

Koʻchar jarchi bilan Oʻtagan buva boshlashib gilam rastalari tomonga yurishdi. Xushmurod ularning ortidan qarab qoldi.

Mayiz sotayotgan oppoq soqolli chol qoʻlini qulogʻiga tutib, Koʻchar jarchining soʻzlariga diqqat bilan quloq tutdi, ammo uning ovozasini yaxshi anglay olmadi.

− Bozorning mullatoʻrgʻayi nima deb boʻzlayapti, Moʻ¬min? – deb soʻradi u yonidagi turshakfurush yigitdan.

− Bitta echkining egasi yoʻqolib qolibdi, − deya kuldi yigit. – Shuning daragini surishtirib yuribdi.

− Echkining egasi yoʻqolib qolibdi?.. U qanday echki ekan?

− Egiz uloqli, zotdor echki emish!

Yigitga qarab yana ogʻiz juftlayotgan chol tepasida qaqqayib turgan Xushmurodni payqab qoldi.

− Keling, bolam, Shahrisabzning soyaki mayizi, − dedi uni xaridor deb gumon qilgan chol yoshiga yarashmagan chaqqonlik bilan qoʻlbola tarozining pallasiga mayiz solayotib. – Necha kilo tortay?

Xushmurod es-xushini yigʻib olib, mayizfurush cholga ajablanib tikildi. Soʻng ortidan yov quvgandek, mol bozori tomon zippillab joʻnadi.

Rastalar orasidagi torgina yoʻlakda chumolidek uymalashib yotgan odamlar orasidan zoʻrgʻa ilgarilab borayotgan Oʻtagan buva nimadir esiga tushgandek sergak tortib, sherigiga yuzlandi:

− Aytganday, anavi shoʻrquduqlik chopagʻonning qashqa bedovi topildimi?

− Topildi, − dedi Koʻchar jarchi beparvo ohangda. – Uchkapalik bir yigit jonivorni ushlab, egasi chiqib qolar deb qoʻrasiga bogʻlab qoʻygan ekan. Shu kuni oʻzi bozorga kelolmay, bir-ikkitasidan tayinlab yuborgan ekan.

− Suyunchisi nima boʻldi?

− Kechga yaqin Jobi polvonning moshinasiga jaydari qoʻchqorni ortib Uchkapaga joʻnadik, − dedi Koʻchar jarchi jilmayib. – Lekin uchkapalik shovvoz ham nazari toʻq yigit ekan, suyunchi-muyunchi kerak emas deb turib oldi. Jobi polvon esa “menam lafzidan qaytadigan nomard emasman” deb tixirlik qilayapti. Oʻrtada hirsday qoʻchqor ovorai-sarson. Oxiri oʻzim oraga tushib, bu muammoni ham hal qilib berdim.

− Nima qildingiz? – soʻradi Oʻtagan buva qiziqib.

− Jaydari qoʻchqorni oʻsha yerdayoq soʻydirdim, − dedi Koʻchar jarchi mugʻombirona iljayib. – Uchkapadagi ziyofat yarim oqshomgacha davom etdi. Mezbon ham topgan-tutganini dasturxonga toʻkib tashladi. “Qoʻynidan toʻkilsa, qoʻnjiga” deganlariday, oʻzimiz olib borgan jonliqni oʻzimiz yeb-ichib keldik. Xullas, quyruq-bovur yeb, bizning ham ichaklarimiz moylanib qoldi.

− Juda qiziq ish boʻpti-ku, − dedi Oʻtagan buva ham kulib. – Haliyam shunday vallomat yigitlar bor ekan-da!

Bu orada ular gilam rastalariga yetib kelishdi.

* * *

Rang-roʻyi soʻlib, koʻzlari kirtayib qolgan Shodiqul tevarakka olazarak koʻz yugurtirib, mol bozorini oralab yurardi. U roʻparasidan chiqqan har bir echkiga diqqat bilan tikilar, oʻziniki emasligiga ishonch hosil qilgach, hafsalasi pir boʻlib yana yoʻlida davom etardi. Daf’atan bir chekkada pachoqqina yigit ushlab turgan kal echki unga tanish tuyuldi. Koʻzlariga ishonmagandek unga zingil solib qaradi. Oppoqqina kal echki! Egiz uloqchalariyam bor...

Shodiqul hayajondan qalt-qalt titragancha oʻsha tomonga yurdi. Oʻzgalar savdosini xomush kuzatib turgan yigit jonlanib, unga yaqinlashdi.

− Shugina echkini oling, aka, baraka topasiz, − dedi yigit yalinchoq ovozda. – Oʻzi zotdor echki, har yili egiz tugʻadi...

Shodiqul shartta uning bilagidan ushladi.

− Echking kal ekan-ku, oshna! – dedi kinoya aralash gʻazab bilan. – Kal echkining xaridori kam boʻladi!

− Oʻzi kal boʻlsayam, bolalarining shoxi bor, – dedi yigit Shodiqulning oʻzini tutishidan ajablanib. – Ishonmasangiz, ana, koʻring...

Shodiqul yigit imo qilgan tomonga qaradi. Darhaqiqat, kal echkining pinjiga suqilib olgan uloqchalarning boshida boshmoldoqdek-boshmoldoqdek muguzchalari boʻrtib turardi. Shodiqul koʻzlariga ishonmagandek dam echkiga, dam uloqchalarga termuldi.

− Kal echkining shoxdor uloq tuqqanini endi koʻri¬shim, − dedi u tarvuzi qoʻltigʻidan tushib. – Bu dun¬yo¬¬ning ishlari qiziq ekan-da...

Shodiqul gʻamgin qiyofada yigitdan uzoqlashdi.

− Echkimiz yoqmadimi, aka?

− Buning uloqlariyam kal boʻlganida olardim... Bizning ishqimiz kal jonliqlarga tushgan.

Yigit alamini echkidan olmoqchidek, uning shalpang quloqlariga shapatiladi.

− Sen bedavo maxluqqa duo ketganmi, nima balo! Uch haftadan beri birov burilib qaramaydi...

* * *

Dallol bilan sotuvchi murosaga kelishib, eshak savdosi nihoyaladi. Chol yonidagi xaridordan bir das¬ta pul olib, uning qoʻliga tutqazdi. U shoshilmasdan pulni sanagach, xaridor bilan qoʻl olishib, eshakning barakasini berdi. Davra qurgan odamlar ham asta tarqalishdi.

− Qora hangi qanchaga sotildi? – deya soʻradi Shoymirza yagʻir telpakli kishidan.

− Ellik besh mingga!

− Oʻ, bachchagʻar-ey! – deya bosh chayqadi Shoymirza. − Oʻzi bu zamonda eshak pul boʻlibdi-da, a?

− Nima deyapsiz, uka? − dedi dedi yagʻir telpakli kishi kulib. − Haliyam Eshonqul dallol eshakning egasini ilonday avrab, ancha arzonga koʻndirdi.

− Yoʻgʻ-ey?!

− Ana, qarang, jonivor oʻziyam naq boylovdan chiqarilgan tulporday tayranglaydi!

− Ha, Eshonqul dallol xohlasa otni eshakning narxida olib, eshakni otning bahosiga sotadi, − deya bosh chayqadi uning sherigi.

Shoymirza qora hangiga ajablanib tikildi.

Bu paytda halloslagancha eshak bozoriga yetib kelgan Xushmurod sal narida toʻxtab, Shoymirzani sinchkovlik bilan kuzata boshladi. Nihoyat, bir qarorga kelib, shahd bilan kelib uning yoqasiga yopishdi.

− Muttaham, oʻgʻri! Qoʻlga tushding-ku!

Shoymirza bunday favqulodda harakatdan butunlay shoshib qoldi.

− Ebi-ebi... Men oʻgʻri emasman, aka!

− Qoʻlingdagi echki oʻgʻirlik mol boʻlmay, katta buvangdan qolgan merosmi?! – deya oʻshqirdi Xushmurod Shoymirzaning kekirdagini uzib olmoqchidek uning boʻyniga qoʻl choʻzib. − Bu echkini oʻtgan hafta ukam bozordan sotib oluvdi. Sen uni oʻgʻirlagansan!..

− E, siz oʻsha yigitning akasi boʻlasizmi? – dedi Shodiqul bu gapdan yosh boladay quvonib. – Xudoga shukr-ey! Oʻzimiz ham sizlarni izlab yurgan edik.

− Echkimizni oʻmarib, yana oʻzimizni izlab yurgan emish! – deya Xushmurod kutilmaganda Shoymirzaning chap yuziga shapaloq tortib yubordi. – Meni shu gapingga ishonadigan ahmoq deb oʻylayapsanmi?

− Bu nima qilganingiz?! – dedi qoʻrquvdan koʻzlari ola-kula boʻlib ketgan Shoymirza tarsaki izi bilinib qolgan yuzini silab. − Oʻtgan hafta bu echkini ukangizga men sotgan edim...

− Oʻzing sotib, oʻzing oʻgʻirlabsan-da!

Xushmurod uning narigi yuziga ham shapaloq tushirdi.

− Urmang-ey! – deb Shoymirza jon holatda Xushmurodning qoʻliga yopishdi. – Siz meni Xushmurodga teng¬lashtirmang...

Xushmurod oʻz ismini eshitib, daf’atan besaranjomlanib qoldi. Nimadir esiga tushgandek tevarakka xavotirli qarab qoʻydi. Ammo yaqin orada hech kim yoʻq edi.

− Xullas, bu echkini oʻtgan bozorda ukangizga biz sotgan edik, − deya tushuntira boshladi Shoymirza uning biroz boʻshashganidan ruhlanib. − Biroq echkisi qurgʻur oʻsha oqshom uyga qochib boribdi. Tuzukroq bogʻlanmagan boʻlsa, boʻshalib ketgan-da! Aksiga olib, bizam ukangizga echkini sotibmiz-u, uning kimligi, qaysi qishloqda yashashiniyam soʻrash esimizga kelmabdi. Oʻylab-oʻylab, egasi chiqib qolar deya bozorga yetaklab kelaverdik.

− Iya, shundaymi?!

− Koʻchar buvayam echkining egasini daraklatib, bozorda jar solib yuribdi. Eshitmadingizmi?

− Yoʻq, eshitmadim, − Xushmurod kal echki bilan egiz uloqlariga qarab yutinib oldi. – Xoʻp, gaplaringga ishondim. Endi echkini menga beraqol! Oʻzim uyga yetak¬lab ketaman.

Shoymirza echki egasining toʻsatdan bezovtalanib, taraddudga tushib qolganidan ajablandi.

− Aytganday, ukangizning oʻzi koʻrinmaydi?

− Ey, soʻrama! – dedi allaqachon Shoymirzaning qoʻlidagi arqonni tutamlab ushlashga ulgurgan Xushmurod bosh chayqab. − Ukam kambagʻal, echkisidan ayrilganiga chidolmay, kasal boʻlib qoldi! Oʻrniga oʻzim kelaverdim.

− Omonatini egasining oʻziga topshirganimda yaxshi boʻlardi-da, − dedi Shoymirza echkining arqonini unga berishni-da, bermaslikni-da bilmay.

− Kasal yotgan odamni yelkamda opichlab kelishim kerakmidi?! – dedi Xushmurod Shoymirzani tappa bosib urgudek vajohat bilan. – Nima, menga ishonmayapsanmi?

− Unday deyayotganim yoʻq, − dedi koʻngliga allanechuk shubha oralagan Shoymirza kalovlanib. − Soʻraganning aybi yoʻq, ukangiz qanday odam?

− Ay, ogʻayni-ya, sen meni kim deb oʻylayapsan? − dedi Xushmurod xafa boʻlib. − Bitta qoʻtir echkini deb odamni shunchalik qilish yaxshimi?.. Mayli, sen soʻrading, men aytaman, ukam past boʻyli, qoracha rang-roʻyli odam! Toʻgʻrimi?

− Toʻgʻri, − dedi Shoymirza ogʻir soʻlish olib. – Echkingizni beraman. Lekin biroz shoshmang. Hademay Oʻtagan buva bilan Koʻchar jarchi ham kelib qolishadi...

− E, oʻsha sassiq chollaringni boshimga uramanmi? − Xushmurod bir siltab Shoymirzaning qoʻlidan echkining arqonini yulib oldi. − Tezroq borib, ukamni xursand qilay. Bechora haligacha koʻkragini zaxga berib yotgandir.

Xushmurod kal echkini dikonglatib sudrab ketdi. Egiz uloqchalar ham onasiga ergashdi. Shoymirza ilon avragan baqa kabi bir muddat serrayib turib qoldi. Soʻng ilkis esiga tushib, Xushmurodning ortidan ovoz berdi:

− Aytganday, ukangizga tayinlang, bundan keyin echkining boʻynidan bogʻlamasin. Chunki kallasida shoxi yoʻq, arqon sirgʻalib chiqib ketishi mumkin. Noʻxtalab qoʻygani tuzuk...

* * *

Subhi sodiqdan mol bozorini besamar kezaverib obdon toliqqan Shodiqul xolisroqda toʻrva soqolli shoxdor taka ushlagan kishining yonida oʻtirib, unga dardini dasturxon qilardi:

− Zotdorgina echki edi, aka. Munchoqning koʻzidekkina egiz bolalariyam bor edi. Koʻpaysa, roʻzgʻorga baraka keltirar deb umid qiluvdim... Bir kechada oʻgʻirlab ketishdi!

− Oʻgʻri degan zangʻar echkingni bozorga chiqarib oʻtirarmidi? – dedi takaning egasi shangʻi tovushda. – Bir haftadan beri uloqlarigacha soʻyib, jigʻildoniga joylab yuborgan chiqar.

− Bilmasam, − dedi Shodiqul bu gapdan battar umidsizlanib. – Eti ustixoniga yopishgan qari echkining goʻshti kimning joniga dori ekan...

Uzun soqolini selkillatgancha kavsh qaytarayotgan shoxdor taka goʻyo Shodiqulga ichi achiyotgandek, unga qarab ma’rab qoʻydi. Shodiqul ham jonivorga oʻychan tikilib qoldi.

Shu payt shovqin-suronga qorishib yotgan mol bozori uzra Koʻchar jarchining boʻgʻiq nidosi yangradi:

− Oʻtgan hafta uymovutlik Shoymirza polvon, bozorda egiz uloqli kal echki sotgan! Oʻrta boʻyli, qoracha rang-roʻyli bir jigit shu jonliqlarga ega chiqqan!.. Lekigin echkisi qurgʻur oqshom boʻshalib, Shoymirza polvonnikiga qochib borgan! Iymon-insofli bu odam echkini egasiga qaytaray desa, na otini biladi, na zotini!..

− Kal echki deydimi? − dedi takaning egasi ajab¬lanib. − Egiz uloqlariyam bor emishmi?

Shodiqul unga javob ham qaytarmasdan oyogʻini qoʻliga olib oʻsha tarafga yugurdi...

Birozdan soʻng Koʻchar jarchi, Oʻtagan buva va Shodiqul shodon kayfiyatda eshak bozoriga yoʻl olishdi.

− Echkidan umidimni uzib qoʻygan edim, − dedi Shodiqul xursandchilikdan terisiga sigʻmay. – Bu yaxshiligingiz hech esimdan chiqmaydi, amakilar. Mendan qaytmasa, xudodan qaytsin.

− Zotdor maxluqingni oʻzingga qaytarmasam, mening ham koʻnglim joyiga tushmasdi, − dedi Oʻtagan buva mugʻombirona iljayib. – Dunyoning narigi chekkasidan boʻlsa ham topardim seni.

− Menam ertalabdan beri kekirdakka zoʻr beraverib, ovozimda ovoz qolmadi, − deb Koʻchar jarchi qirinib-qirinib yoʻtalib oldi.

− Assalomu alaykum!

Qarshisida iljayib turgan Shoymirzani koʻrib Oʻtagan buvaning qiyiq koʻzlari battar qisilib ketdi.

− Bu yerda nimaga kuydirgan kalladay tirjayib turibsan?

− Sizlarni axtarib yurgan edim, − deya kuldi Shoymirza. Shodiqulga koʻzi tushib, beozor koʻzlarini pirpiratdi. − Iya, siz ham kasal holingizga bozorga chiqdingizmi?

− Men kasal emasman, – dedi Shodiqul xavotirlanib. – Mening echkim qani?

− Zotdor jonligʻingiz egiz uloqlarini ergashtirib uyingizga ketdi, − Shoymirza oʻz hazilidan oʻzi zavqlanib kuldi.

Koʻngliga hadik oralagan Shodiqul madad kutgandek Oʻtagan buvaga moʻltiradi.

− Es-hushing joyidami, guppi! − dedi Oʻtagan buva. − Nimalar deb aljirayapsan?

− Echkini bu kishining akasining qoʻliga topshirdim...

− Nima?.. Mening hech qanday akam yoʻq!

− E... nega akangiz yoʻq boʻlarkan? – dedi Shoymirza dovdirab. − Oʻzingiz echkining dardida uzlikib qolib, bozorga akangizni yuborgan ekansiz-ku?

− Shoʻrim qurib qoldi!

Shodiqul boshini changallagancha oʻtirib qoldi.

− Laqma boʻlmay oʻl, Halman goʻdak!

− Echkini Xushmurod halollab ketganga oʻxshaydi, − dedi Koʻchar jarchi boʻgʻiq tovushda.

− Oʻsha odam qaysi tomonga ketdi?

− Anavi yoqqa! − dovdirab qolgan Shoymirza darvoza tomonga imo qildi.

− Yiroqlab ketmagan boʻlsa, yetib olamiz.

Shodiqul gavdasiga yarashmagan vajohat bilan dik etib oʻrnidan turdi.

− Qoʻlimga tushsa, sogʻ qoʻymayman! Bachchagʻarning boʻyniga arqon solib yetaklayman!

− Tezroq yuringlar! – Oʻtagan buva unga gʻalati qarab qoʻydi-da, tashqariga yoʻrgʻaladi. Boshqalar ham uning ketidan ergashdi.

Qahramonlarimiz bozor tashqarisida uzun-qisqa boʻlib yugurib borishar, ot-eshak mingan, piyoda uylariga qaytayotgan bozorchilar ularni xayron kuzatib qolishardi. Shu payt serqatnov yoʻl chekkasida egiz uloqli kal echki yetaklab ketayotgan kishining qorasi koʻrindi.

− Ushlanglar oʻgʻrini!

Oʻtagan buva jadallab borib, unga chirmovuqdek yopishdi. Echki egasi ajablanib orqasiga oʻgirildi. Ammo u Xushmurod emas, bu gal ham kal echkisini sotolmay uyiga qaytayotgan boyagi yigit edi. Burgutning changaliga tushgan quyon kabi dagʻ-dagʻ qaltirayotgan yigit kamzulining yoqasidan tutib, oʻzini poʻstakdek siltab yotgan Oʻtagan buvaga gap-soʻzsiz baqrayib qarab turardi.

− Oʻgʻri oʻmmoq – bozordagi choʻmmoq! Qoʻlga tushding-ku!

Boshqalar ham birin-ketin yetib kelishdi.

− Echkini boshqa odam olib ketuvdi, − dedi Shoymirza ajablanib. − Birpasda bu yigitning qoʻliga qanday tushib qoldi?

− Yoqamni qoʻyib yuboring, − dedi yigit nihoyat oʻziga kelib. − Echki oʻzimniki! Bozorda sotolmay, uyga qaytarib ketayapman!

− Bu bola Xushmurod emas, − dedi Koʻchar jarchi harsillab.

− Echkiyam meniki emas, − dedi Shodiqul hafsalasi pir boʻlib. − Buning uloqlarining kallasida shoxi bor. Ana, qarang!

Oʻtagan buva egiz uloqlarning kallasida boshmoldoqdek-boshmoldoqdek muguzchalari boʻrtib turganini koʻrib, koʻzlariga ishonolmay qoldi.

− Bir pasda bu uloqlarga shox qayerdan bitib qoldi? − dedi u kalovlanib.

− Bolalarining shoxini aytmasa, bu jonivor biz oʻgʻirlatgan echkiga ikki tomchi suvday oʻxshaydi, − dedi Shoymirza yelka qisib. − Yana bilmasam...

− Bu dunyoda odam-odamga oʻxshaganiday, echkilar ham bir-biriga oʻxshaydi-da, − dedi biroz nafas rostlab olgan Koʻchar jarchi peshonasidagi terni chakmonining yengi bilan sidirib.

− Boya manavi kishi bozorda “nimaga echking kal, uloqlarining shoxi bor” deb dagʻdagʻa qiluvdi, − dedi Shodiqulga koʻzi tushgan yigit alamli qiyofada. − Endi siz meni oʻgʻriga chiqarayapsiz. Qanaqa odamsizlar oʻzi?!

Oʻtagan buva uning yoqasini boʻshatib, kemshik tishlarini koʻrsatib kuldi.

− Xafa boʻlma, bolam, sen bilan bir hazillashdik. Yanagi bozor kelsang, oʻzim echkingni sotib beraman... Qani, ketdik. Tezroq Xushmurodni topaylik.

Toʻrtovlon yana olgʻa intilishdi. Koʻz ochib-yumguncha yuz bergan bu voqeadan hamon oʻziga kelolmagan yigit garangsigan qiyofada ularning ortidan qarab qoldi. Soʻng echkining arqonini siltadi:

− Tezroq yur, harom qotgur! Sening kasringga sal boʻlmasa, oʻgʻriga chiqib, elning orasida sazoyi boʻlayozdim.

* * *

Izlarsan, toparsan, deb bekorga aytishganmi, sadagʻang ketay mashoyixlar! Nihoyat, Shodiqulning oʻgʻirlangan kal echkisi ham topildi. Ammo ne koʻz bilan koʻrishsinki, jonivorni uchkapalik Begʻali qassob yetaklab, egiz uloqchalarini eshakning ustidagi taroqi xurjunning ikki koʻziga joylab olgan edi. Ma’lum boʻldiki, Xushmurod qurgʻur allaqachon jonivorni unga sotib, juftakni rostlab qolgan ekan.

− Asli, echki olish niyatimiz yoʻq edi, − dedi bor gapdan xabar topgan Begʻali qassob pinagini buzmay. − Bozordan chiqishda bittasi, pul judayam zaril edi, shu echkini sotib oling, deb yelimday yopishib oldi. Shugina bandaning murodini hosil qilsak savob boʻlar, degan xayolda yoʻq deyolmadik.

− Nahotki, Xushmurodni tanimagan boʻlsangiz? – deb soʻradi Oʻtagan buva ishonqiramay.

− Men unday odamni tanimaymanam-bilmaymanam, − dedi Begʻali qassob koʻzlarini osmonga qadab.

− Shundaymi, − Oʻtagan buva unga sinovchan tikildi. − Oʻsha shovvoz qaysi tomonga ketdi?

− Yana qaytib bozorga kirganday boʻluvdi.

− Xushmurod qoʻliga ilingan narsani koʻtarib Sarman sariqning choyxonasiga yuguradi, − dedi Koʻchar jarchi. – Hozir ham oʻsha yerda echkining puliga bazmi-jamshid qilayotgan boʻlsa kerak.

− Chiqmagan jondan umid, − dedi Oʻtagan buva bir qarorga kelib. − Ikkovimiz Sarman sariqning choyxonasiga boramiz. Sizlar shu yerda kutib turinglar.

− Mening vaqtim ziq, − dedi Begʻali qassob qovoq uyib. − Uyda kampirim kasal...

− Bu masala bir yoqli boʻlmaguncha hech qayoqqa ketmaysiz! − deya uning gapini kesdi Oʻtagan buva. − Biroz hayallasangiz, kampiringiz oʻlib qolmas.

Koʻchar jarchi bilib aytgan ekan. Xushmurod Sarman sariqning choyxonasida eskirib, mayshayib qolgan yogʻoch stolga bagʻrini bergancha kayf-safo qilib oʻtirardi. Uning qarshisida deyarli boʻshab qolgan shisha turar, unniqib ketgan dasturxon ustida kabobdan boʻshagan sixlar betartib sochilib yotardi.

− Echkining puli qani, uying kuygur? – deb Oʻtagan buva Xushmurodning yoqasidan bugʻib oʻrnidan turgʻazdi-da, qirq yamoq kamzuli kissalarini titkilashga tushdi. Uning yon choʻntagidan kattakon nosqovoqqa qoʻshilib bir dasta pul chiqdi. Oʻzicha nimalarnidir mingʻirlab oʻtirgan Xushmurod qontalash koʻzlarini zoʻrgʻa yirib, unga tikildi. Kutilmaganda Oʻtagan buvani mahkam quchoqladi-da, uning terga botgan ajinli yuzlaridan choʻlp-choʻlp oʻpa boshladi.

− Otaginam!..

− Iya-iya!.. Qoʻyib yubor-a, padaringga la’nat!

Xushmurodning ogʻzidan kelayotgan koʻlansa hiddan Oʻtagan buvaning dami qaytib ketdi. Bir amallab uning quchogʻidan xalos boʻlgach, koʻngli aynab, ketma-ket oʻqchidi.

− Mening qoʻlimdan bir piyolagina oling, − deya Xushmurod labi uchgan sopol piyolaga toʻkib-sochib aroq quya boshladi. − Sizni koʻrib, rahmatli otam esimga tushib ketdi...

− He, otang bilan qoʻshmozor boʻl! – dedi Oʻtagan buva qalt-qalt titrab. – Ogʻzidan mosliq isi keladi-ya!..

− Pulning choʻgʻi kamaymabdimi, ishqilib?

− Kamaymaganga oʻxshaydi, − dedi Oʻtagan buva qoʻlidagi pulni chamalab koʻrib. − Hartugul Sarman sariq hali buning karmonini qoqlab ulgurmagan ekan.

Chollar shu zahoti orqaga qaytishdi. Terlab-pishib koʻrada kabob pishirayotgan Sarman sariq ularning ortidan hay-hayladi6:

− Hoy, shoshmanglar... Hechqursa, bu shoʻrtumshuqning yegan-ichganiga toʻlab ketinglar!

* * *

− Oʻgʻri-poʻgʻri bilan ishim yoʻq! − dedi Begʻali qassob asabiy qiyofada qoʻlidagi xalachoʻpni havoga sermab. − Men bu echkini happa-halollab sotib olganman.

− Kap-katta odam, birovning moliga ega chiqishdan uyalmaysizmi? − deb zorlandi Shodiqul yigʻlagudek ahvolda. − Echkimni qaytarib bering!

− Sen bola bir-ikki zamon menga echki berib qoʻyuvdingmi? Qoch, yoʻlimni toʻsma!

− Kimsan − Begʻali qassob degan nomingiz bor, − dedi Koʻchar jarchi nasihatomuz ohangda. − Kuningiz bir kambagʻalning tirriq echkisiga qoldimi?

− Nima, endi bir kambagʻalni deb shuncha aqchani koʻchaga sochib ketishim kerakmi?

− Mana aqchangiz, − Oʻtagan buva kissasidan gʻijimlangan pulni chiqaridi.

Begʻali qassob nima deyishni bilmay bir muddat oʻylanib qoldi.

− Qoʻl-qoʻlni taniydi, Oʻtagan aka, − dedi u nihoyat bir qarorga kelib. − Men echkini faqat sotgan odamga qaytarishim mumkin...

− Uyat-puyatingiz yoʻq ekan! – dedi Oʻtagan buva afsus bilan bosh chayqab.

− Bu jonivorga shunchalik havasmand boʻlsangiz, ana, sotib olaqoling, − dedi Begʻali qassob mugʻombirona iljayib. Bu gapni eshitib Shodiqulning jon-poni chiqib ketdi.

− Nimaga oʻzimning echkimni oʻzim sotib olarkanman?!

− Shundaymi? − Oʻtagan buva Begʻali qassobga zingil solib tikildi. − Echkini sotib olaylikmi?

− Bundan boshqasiga rozi emasman! − dedi Begʻali qassob oʻzining topqirligidan gerdayib.

− Mayli-mayli, − dedi Oʻtagan buva ham murosaga kelib. – Boʻlmasa, eshakdan tushing, Begʻaliboy. Ikkovimiz bir savdolashaylik.

− Bu nima degan gap?..

− Hovliqma, bolam, − deb Koʻchar jarchi Shodiqulning yelkasidan bosdi. – Oʻtagan buva nima qilishni yaxshi biladi.

− Savdolashsak-savdolashaveramiz, − deb Begʻali qassob eshakdan tushdi. – Lekin bu jonivorlarning narxiga boʻylashaman deb belingiz mertiladimi, deyman-da, Oʻtagan aka.

− Kuchimiz yetmasa, echki oʻzingizniki, uyingizga yetak¬lab ketaverasiz, − dedi Oʻtagan buva ham boʻsh kelmay. − Xoʻp, didingizdagi narxni ayting-chi.

− Didimizdagini aytsak... – Begʻali qassob bir muddat oʻylanib qoldi. − Ellik ming soʻraymiz-da!

− Ellik ming?! – Shodiqulning koʻzlari olayib ketdi.

− Haliyam siz ancha arzon tiladingiz, − dedi Oʻtagan buva Begʻali qassobning qoʻlini siqa turib. – Bu jonivorlarga yuz ming bersak ham oz, lekin bir soʻm ham koʻplik qiladi... Ha, ketsa-bizdan ketar. Zotdor jonligʻingizni besh ming soʻmga tiladim. Barakasini bering!

− Qirq ming! – dedi Begʻali qassob yana osmonga tikilib. − Bundan kamiga sotsam, otam urishadi!

− Olti ming! Xoʻp dedingizmi?

− Qoʻlimni qismang-ey! − dedi Begʻali qassob ogʻrinib. − Boʻladigani oʻttiz ming!

Uyiga qaytayotgan otliq, eshakli, piyoda bozorchilar toʻplanishib, yoʻl chekkasidagi sayyor savdoni qiziqish bilan kuzata boshlashdi. Egiz uloqli kal echkisini yetak¬lagan boyagi yigit ham ularning qatoriga qoʻshildi.

− Yana yuz soʻm qoʻshdim. Koʻndingizmi?

− Endi Begʻali qassobning ahvoli chatoq, − deb Shodiqulning qulogʻiga shivirladi Koʻchar jarchi soqolini tutamlab. − Echkini sotmasa, Oʻtagan buvaning changalidan sogʻ qutulmaydi.

− Toʻgʻri-toʻgʻri, − deb iljaydi Oʻtagan buvaning maqsadini tushunib yetgan Shodiqul. − Biz ham bu qoʻllarning mazasini tatib koʻrganmiz.

− Hovliqma, bolam, − deb Koʻchar jarchi Shodiqulning yelkasidan bosdi. – Oʻtagan buva nima qilishni yaxshi biladi.

− Savdolashsak-savdolashaveramiz, − deb Begʻali qassob eshakdan tushdi. – Lekin bu jonivorlarning narxiga boʻylashaman deb belingiz mertiladimi, deyman-da, Oʻtagan aka.

− Kuchimiz yetmasa, echki oʻzingizniki, uyingizga yetak¬lab ketaverasiz, − dedi Oʻtagan buva ham boʻsh kelmay. − Xoʻp, didingizdagi narxni ayting-chi.

− Didimizdagini aytsak... – Begʻali qassob bir muddat oʻylanib qoldi. − Ellik ming soʻraymiz-da!

− Ellik ming?! – Shodiqulning koʻzlari olayib ketdi.

− Haliyam siz ancha arzon tiladingiz, − dedi Oʻtagan buva Begʻali qassobning qoʻlini siqa turib. – Bu jonivorlarga yuz ming bersak ham oz, lekin bir soʻm ham koʻplik qiladi... Ha, ketsa-bizdan ketar. Zotdor jonligʻingizni besh ming soʻmga tiladim. Barakasini bering!

− Qirq ming! – dedi Begʻali qassob yana osmonga tikilib. − Bundan kamiga sotsam, otam urishadi!

− Olti ming! Xoʻp dedingizmi?

− Qoʻlimni qismang-ey! − dedi Begʻali qassob ogʻrinib. − Boʻladigani oʻttiz ming!

Uyiga qaytayotgan otliq, eshakli, piyoda bozorchilar toʻplanishib, yoʻl chekkasidagi sayyor savdoni qiziqish bilan kuzata boshlashdi. Egiz uloqli kal echkisini yetak¬lagan boyagi yigit ham ularning qatoriga qoʻshildi.

− Yana yuz soʻm qoʻshdim. Koʻndingizmi?

− Endi Begʻali qassobning ahvoli chatoq, − deb Shodiqulning qulogʻiga shivirladi Koʻchar jarchi soqolini tutamlab. − Echkini sotmasa, Oʻtagan buvaning changalidan sogʻ qutulmaydi.

− Toʻgʻri-toʻgʻri, − deb iljaydi Oʻtagan buvaning maqsadini tushunib yetgan Shodiqul. − Biz ham bu qoʻllarning mazasini tatib koʻrganmiz.

− Sal arzon ketdimi deyman...

Ammo echki yetaklagan yigit ketishni ham, ketmaslikni ham bilmayotgandek hamon ularning yonida qaqqayib turardi.

− Qiziq ishlar boʻldi-da, Koʻchar buva, − dedi Oʻtagan buva jilmayib. − Aytsang, birov ishonmaydi.

− Nimasini aytasiz, − dedi Koʻchar jarchi uning gapini ma’qullab. − Shuncha yil bozorda jarchilik qilib, bunaqa hangomani koʻrmagan edim.

Oʻtagan buva daf’atan qiyiq koʻzlarini battar qisib, yigitning echkisiga tikildi. Soʻng Shodiqulning echkisiga yuzlandi.

− Qurgʻur bu maxluqlar xuddi bir qorindan talashib tushgan opa-singillarga oʻxshaydi-ya, − dedi ajab¬lanib. − Urugʻingga oʻt tushgurlar-ey...

Boshqalar ham echkilarga yuzlanishdi. Chindanam, jonivorlar ikki tomchi suvdek bir-biriga oʻxshar, uloqlarini aytmasa, ularni bir-biridan ajratish mushkul edi.

Oʻtagan buva beixtiyor kemshik tishlarini koʻrsatib kuldi. Echki yetaklagan yigit ham jilmaydi. Boshqalarning ham chehrasiga tabassum indi. Kutilmaganda Shoymirzaning momoqaldiroq gumburiga monand qah-qahasi yangradi. Yigitning kal echkisi hurkib oʻzini chetga oldi.

* * *

Kimsasiz dasht oralab oʻtgan tuproq yoʻlda qoʻshaloq echki yetaklagan Oʻtagan buva eshagiga xala bosib borar, Shoymirza bilan Shodiqul uning ortidan shoxli-shoxsiz uloqchalarni haydab ketishardi. Tuproq yoʻl oʻngu soʻlga boʻlingan joyda ular bir zum oyoq ilishdi.

− Qochoq echkingning shuncha hunar koʻrsatgani yetar, − dedi Oʻtagan buva Shodiqulga oʻgirilib. − Buyogʻiga hushyor boʻl. Bu la’nati tagʻin bir baloni boshlamasin.

− Koʻnglingiz toʻq boʻlsin, amaki, − dedi Shodiqul oʻziga tegishli echkining arqonini uning qoʻlidan ola turib. − Kerak boʻlsa, oyogʻiga zanjirdan tushov solib qoʻyaman.

− Tumshugʻidan noʻxtalab qoʻysangiz ham boʻladi, − deb maslahat berdi Shoymirza.

− Sizlarning bu yaxshiligingizni oʻla-oʻlgunimcha esdan chiqarmayman, − dedi Shodiqul mutaassir boʻlib. − Rahmat, amakilar.

Shundan soʻng u echkisini yetaklab chap tarafga burildi.

− Oʻzi zotdor echki edi, har yili egiz tugʻardi...

− Zotiga qirgʻin kelsin bularning! − norozi ohangda toʻngʻilladi Oʻtagan buva. − Biridan qutulib, boshqasiga tutildik... Hayda, orqasidan!

Oʻtagan buva yetovidagi kal echkining arqonini zarda bilan siltab, eshagiga xala bosdi. Kallasida boshmoldoqdek-boshmoldoqdek muguzchalari boʻrtib turgan egiz uloqchalar zorlanib ma’ragancha onasiga ergashdi. Shoymirza ancha uzoqlashib ketgan sobiq echkisiga soʻnggi bor qarab oldi-da, Oʻtagan buvaning ketidan loʻkillab joʻnadi.