OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGʻafur Shermuhammad
Asar nomiSaman toy (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Gʻafur Shermuhammad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm98KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Saman toy (qissa)
Gʻafur Shermuhammad

Yashil maysa bilan qoplangan keng dala. Uzoqda qorli togʻlar koʻzga tashlanadi.

Toshmurod polvon chiroyli saman toy yetaklab kelyapti. Yurishlari viqorli. Saman toyning peshonasidagi oppoq qashqasi goʻyo yulduzdek charaqlaydi, mayin yoliyu uzun dumlarini shamol hilpiratib oʻynaydi.

Toshmurod polvonning chehrasida quvonch, gʻurur aks etgan. Qarshisida onasi Roʻzixol momo, xotini Saodat va beshala qizlari unga jilmayib tikilib turishibdi. Toshmurod polvon bir Saman toyga, bir ularga qarab, allanechuk xijolatli iljayadi. Qaerdandir paydo boʻlgan Qorakoʻz yoʻrtib kelib, Saman toyga tumshugʻini choʻzgancha, uni iskalaydi. Saman toy yoldor boʻynini gajak qilib kishnaydi...

Toshmurod polvon uygʻonib ketdi. Bir muddat karaxt holda oʻtirdi. Koʻrganlari shunchaki tush ekanligini payqagach, yelkasiga choponini tashlab tashqariga chiqdi.

Tong boʻzarib kelmoqda edi. Olis-yaqindan xoʻrozlarning qichqirigʻi eshitilardi.

Xojasining qorasini payqagan Qorakoʻz sayisxonada betoqatlanib pishqirdi. Toshmurod polvon oʻsha tomon yurdi. Otining yonga ogʻib qolgan jabdugʻini toʻgʻrilab, ayilini tortdi. Uning yolini ohista siladi.
— Bugun bir tush koʻribman, Qorakoʻz. Tushimda Saman toy yetaklab yurgan emishman... Tongda koʻrilgan tush xosiyatli boʻladi, deyishadi...

* * *

Oqshomlari yerga qirov qoʻnib, osmonda mezonlar ucha boshlagan kuz kunlaridan biri. Baland qirlar poyidagi keng-moʻl, tekis maydonda koʻpkari davom etayapti. Oʻrtaga tashlangan uloq ustida yuzlab chavandozlar va otlardan iborat izdihom ulkan toʻlqindek chayqaladi.

Chavandozlar tinimsiz davra oʻrtasiga niqtayotgan uloqchi otlar betoqat pishqirgancha, oʻmrovi bilan boshqa otlarni chetga surib, oldinga intildi. Lekin orasidan qil ham oʻtmaydigan zich jonli xalqani yorib oʻtish oson emas edi.

Egniga janda chopon kiyib, boshiga gʻozi uchgan qorakoʻl telpak bostirib olgan yoshgina chavandoz terga botgan saman otining jilovini siltab uloq tomonga intildi. Ammo saman oʻziga yoʻl ocholmay, ortga tisarildi. Yigit otni beayov qamchilagancha, yana jilovni izdihom sari burdi. Saman tulpor koʻkka sapchib, jon holatda davra oʻrtasiga yoʻl oldi.

Barvasta qomatli, qorachadan kelgan Beshim chavandoz ta’rifi tillarda doston boʻlgan Toʻriq qashqasi bilan uloqni davradan ayirib chiqdi. Payt poylab turgan chapdast chetgirlardan biri uloqqa yopishdi. Qirning ustida qaldirgʻochdek tizilishgan tomosha¬binlar orasida baqir-chaqir, qiyqiriqlar avjiga chiqdi.

Beshim chavandoz hayqirgancha bor kuchi bilan uloqni siltab oʻziga tortdi. Chetgir chavandoz bunday kuchga dosh berolmadi, uloq uning qoʻlidan sirgʻalib chiqib ketdi. Bedov ham goʻyo shuni kutib turgandek, yeldek uchib, ilgarilab ketdi.
— Halol! Beshim polvonning zoti halol! — deya qichqirdi uning ortidan ot qoʻyib borayotgan Qoʻchqor bakovul.

Beshim chavandoz uloqni yerga tashlab, Toʻriq qashqa bilan davrani bir bor aylanib chiqdi. Tomoshabinlarning olqishi atrofni tutib ketdi.
— Ay, ogʻaynilar, yuragida oʻti bor chavandozlar, Beshim polvon uloqni halollab ayirdi! — deya xitob qildi Qoʻchqor bakovul atrofini oʻrab olgan chavandozlarga. — Siz ham undan ibrat oling. Koʻpkari — mardlarning ermagi. Gʻirrom aralashtirib, oʻzingizni el oldida beobroʻ qilmang. Bilib qoʻying, uloq sovrin uchun chopilmaydi, oriyat uchun chopiladi... — Qoʻchqor bakovul uloqni taqimiga bosib oldinga yurdi. — Rahimboyning koʻpkariga atagani hammangizga yetib-ortadi! — Egniga hashamdor toʻn kiyib, boshiga choʻgʻdek doʻppini qoʻndirib olgan Rahimboy ot ustida viqor bilan oʻngu-soʻlga ta’zim qildi. — Kep qoling, zoʻrlaringiz op qoling!

Beshim chavandoz qirda oʻtirgan tomoshabinlar yoniga Toʻriq qashqani yoʻrttirib bordi. Oʻzining sha’niga yangrayotgan olqishlarga javoban odamlarga ta’zim qilib, ikki kishi yetaklab kelgan qoʻchqorni dast koʻtarib, oldiga oʻngaradi-da, otiga qamchi bosdi.

Odamlar orasida gʻala-gʻovur koʻtarildi.
—Toʻriq qashqaning oldida har qanday tulpor yoshiga yetmagan toychoqning holiga tushib qoladi, — dedi ulardan biri. — Jonivor koʻpkari uchun yaralgan-da.
— Aytishlaricha, Beshim chavandoz uloqni taqimiga bostirsa, oti qanot chiqarib ucharmish! — dedi boshqa bir tomoshabin.
— Qanot bitsa, shunday jonivorga bitadi-da — dedi boyagi kishi sherigining gapini ma’qullab.

Qirning betkay tarafida Rahmat qassob Qashqa doʻnonini qichab, Beshim chavandozga peshvoz chiqdi. Beshim chavandoz gap-soʻzsiz oldiga oʻngarilgan qoʻchqorni Rahmat qassobga uzatdi.
— Boshlanishi yomon emas, — deb kuldi Rahmat qassob jon holatda tipirchilayotgan xisori qoʻchqorning quyrugʻiga shapatilab qoʻyarkan. — Bu yogʻigayam omadingizni bersin, quda.

Beshim polvon davra sari intilayotgan Toʻriq qashqaning jilovini boʻshatib, sagʻrisiga qamchi bosdi. Shuni kutib turgan jonivor oldinga oʻqdek uchdi. Rahmat qassob Toʻriq qashqaning ortidan otilgan Qashqa doʻnonining jilovini qoʻsh-qoʻllab tortib, zoʻrgʻa toʻxtatib qoldi.
— Shoshma, jonivor. Yana biron yil sabr qilsang, boʻz yigitdek kuchga toʻlasan. Ana unda sen bilan Alpomishning Boychiboriyu, Goʻroʻgʻlining Gʻiroti ham boʻylasha olmaydi.

Beshim chavandoz junbushga kelgan boʻron yangligʻ shitob bilan davraga yorib kirdi-da, koʻz ochib-yumguncha uloqni taqimiga bostirib ajralib chiqdi. Ulkan izdihom «gurr» etib qoʻzgʻaldi. Toʻriq qashqa goʻyo chindan ham qanot bogʻlab uchardi. Beshim chavandozni ta’qib qilayotgan chetgirlar ham uloqdan umid uzib, otlarining jilovini tortishdi.

Qoʻchqor bakovulning xirqiroq tovushi yangradi:
— Hal-o-l!..

* * *

Tepalikning odamlardan xoli chekkasida Toshmurod polvon Qorakoʻz laqabli otini sovutmoqda edi. Rangi tim qora, selkillab osilib tushgan chiroyli yoli oʻziga yarashgan Qorakoʻz arqonidan ushlab turgan xoʻjasining atrofida boʻynini gajak qilgancha doira qurib bir maromda aylanardi.

Toshmurod polvon Qorakoʻzning badanini obdon qizdirib olgach, egar-jabdugʻini bostirib, ayilini tortdi. Uzangiga oyoq qoʻyish oldidan odaticha Qorakoʻzning yolini silab, mudom yoshlanib turadigan tim qora koʻzlariga tikildi.
— Sen shu paytgacha yuzimni yerga qaratmading... Bugun ham meni uyaltirib qoʻyma, Qorakoʻz!

Shundan soʻng Toshmurod polvon chaqqonlik bilan otga minib, pastga endi.

Qirda oʻtirgan odamlar orasida yana gʻala-gʻovur boshlandi.
— Qaranglar, mangʻitqishloqlik Toshmurod polvon kelayapti! — dedi pista chaqib oʻtirgan oʻspirin hayajonini yashirolmay.
— Ha, chindanam, Toshmurod polvon ekan, — deb uning gapini ma’qulladi qoʻlini qoshiga soyabon qilib oʻsha tomonga tikilib turgan yigit. — Qorakoʻzni minib olgan.
— Beshim chavandozning kushandasi ana endi topildi, — dedi maysa ustida yonboshlab yotgan oliftanamo kiyingan, shopmuylovli kishi.
— Sovrin ikkalasidan birida ketishi aniq, — dedi tizzasini quchoqlagan kuyi davraga termulib oʻtirgan keksa chol salmoqlab.

Nuroniy chol choʻntagidan nosqovogʻini olib, nos otdi.

* * *

Hozirgina uloq ayirgan Beshim chavandoz xoliroqqa chiqib, terga botgan Toʻriq qashqaning jilovini Rahmat qassobga tutqazdi.
— Yaxshilab sovuting, — dedi peshonasining terini arta turib. Soʻng gijinglagan saman ot ustida gʻoʻdayib turgan qoramagʻizdan kelgan, oʻttiz yoshlar atrofidagi yigitga yuzlandi. — Hoy, Nuraliboy, samaningni olib kel!

Nuraliboy shoshib otdan tushdi-da, tavoze bilan jilovni Beshim chavandozga tutqazdi. Beshim chavandoz chagʻir koʻzlarini qisib, samanga sinchiklab razm soldi.

Nuraliboy goʻyo shu topda hayot-mamoti hal boʻladigandek besaranjomlanib qoldi.
— Boylovdan yaxshi chiqaribsan, — dedi otning holatidan koʻngli toʻlgan Beshim chavandoz loqayd ohangda. Nuraliboyning yuzida gʻolibona tabassum paydo boʻldi.
— Bizning samanni koʻpkarining oxirgi sovriniga chopsangiz degandim, — dedi u kerilib.

Beshim chavandoz chapdastlik bilan otga mindi.
— Koʻngling toʻq boʻlsin. Bugun Rahimning sovrinini sening samaning bilan ayiraman! — dedi u ishonch bilan. Otning jilovini koʻpkari tomon burdi.

Beshim chavandoz davra yaqinida Toshmurod polvonga duch keldi.
— E, Toshmurodboy, siz ham shu yerdamidingiz? — dedi u kinoyali iljayib. — Boyadan beri uloqda koʻrinmaganingizga, polvon oshnamiz bugun ot chopish oʻrniga uyida qizlariga enagalik qilib oʻtiribdimi, deb oʻylovdim-a.

Ularni qiziqish bilan kuzatib turgan besh-olti chogʻli otliqlar zimdan oʻzaro ma’noli koʻz urishtirib olishdi.
— Ha, biz ham keluvdik, — dedi Toshmurod polvon Beshim chavandozning qochirimini sezmaslikka olib. — Shunday koʻpkari turganda uyda oʻtiramizmi?
— Ma’qul. Emasa, kuchingizni davrada koʻrsatasiz-da.

Beshim chavandoz samanni davra sari yeldirib ketdi. Toshmurod polvon ham noiloj uning ketidan yurdi...

* * *

Quyosh ufqqa oqqanda Qoʻchqor bakovul uloqni taqimiga bostirib oldinga chiqdi.
— Rahimboy oxirgi sovringa hoʻkiz atagan. Kimda-kim uloqni davradan ayirib, «qora»ga olib borsa, sovrin shunga nasib etadi, — deb u ikki chaqirimcha narida boshi uzra oq yalov hilpiratib turgan otliqqa ishora qildi.

Toshmurod polvon bilan Beshim chavandoz beixtiyor koʻz urishtirib olishdi.

Koʻpkarida ming zot ayirgan bilan oxirgi sovrinning yoʻrigʻi boshqa. Oxirgi sovrinni yakkash chiqarib, «qora»ga eltgan chopagʻonning nomi ancha vaqtgacha tillardan tushmaydi. Oxirgi sovrin koʻpkarilarda zotning saylamasini terib yurgan nomdor chavandozlar uchun ham, davralarda yiqilib-surinib, asta-sekin toblanib kelayotgan yosh yigitlar uchun ham bir sinov edi. Shu bois ba’zi chopagʻonlar mayda-chuyda zotlarga koʻpam chalgʻimasdan, koʻpkarining yakunigacha sabr qilishardi. Bu gal ham sovringa koʻz tikib, otini sovutib oʻtirganlar oz emasdi.

Qoʻchqor bakovul taqimidagi uloqni yerga tashlab, chetlandi. Shu damni intiq kutib turgan chopagʻonlar uloqning ustiga ot haydashdi. Bir muddat shashti pasaygan dasht shamoli qayta qoʻzgʻolgani singari davrada yana shovqin-suron qoʻpdi. Chavandozlarning asabiy hayqirigʻi, suvliq chaynagan otlarning pishqirigʻi, qamchilarning qarsillashiyu bir-biriga urilayotgan mis uzangilarning boʻgʻiq jarangi oʻzaro qorishib ketdi.

Bir payt Toshmurod polvon bilan Beshim chavandoz uloq talashib davradan ajralib chiqdi. Yuzlab otliqlar gurillab ularning ortidan ergashdi. Bir-biriga payvand qilingandek, yonma-yon shamoldek yelib borayotgan saman bilan Qorakoʻz yakkam-dukkam ta’qibchilarni ortda qoldirib, tobora ilgarilab keta boshladi. Ularni biroz ta’qib qilib borgan uch-toʻrt chogʻli chetgirlar ham bundan bir ish chiqishiga koʻzlari yetmay, otlarining jilovini tortishdi.

Toshmurod polvon bilan Beshim chavandoz ancha joygacha uloqni qoʻlma-qoʻl talashib ketishdi. Kutilmaganda Beshim chavandoz chapdastlik bilan uloqni taqimiga bostirib, bor kuchi bilan uzangini pastga bosdi. Qorakoʻz muvozanatini yoʻqotib, munkib ketdi. Toshmurod polvon egardan uchib ketmaslik uchun uloqni qoʻyib yuborib, otning boʻyniga yopishdi.

Qorakoʻz bir lahzada oʻzini oʻnglab oldi. Ammo bu paytda Beshim chavandoz biroz ilgarilab ketgan, boshi uzra roʻmol hilpiratib turgan suvoriy ancha ravshanroq koʻzga tashlanmoqda edi.

Toshmurod polvon qaddini rostlab, yana oldinga intildi. Qorakoʻz quloqlarini chimirib samanning orqasidan shamoldek uchib borardi. Oradagi masofa qisqara boshladi. Quyunday bostirib kelib, uloqqa tashlangan Toshmurod polvonni koʻrgach, Beshim chavandozning gʻazabdan koʻzlari olayib ketdi.
— Ay, itdan tarqagan shoʻrmanglay, men bilan oʻynashma! — deb baqirdi u tishlarini gʻijirlatib. — Yoʻlimdan qoch!

Toshmurod polvon uning gapiga e’tibor bermay, uloqni kuch bilan oʻzi tomon tortdi. Beshim chavandoz bunday shiddatga dosh berolmadi — uloq qoʻlidan sirgʻalib chiqib ketdi. Ammo u Toshmurod polvon ortda qolganida ta’qiqlangan usulni qoʻllagan, ya’ni takaning poychasini chilvir bilan egarning boshiga tugib olishga ulgurgan edi. Shu usul jonga oro kirdi.
— Qoʻlingdan kelsa, tortib ol, qizmijoz! — deya xunuk ohangda xiringladi Beshim chavandoz.

Toshmurod polvonga raqibining bunaqa qiliqlarini koʻraverib oʻrganib ketgan edi. Shunday boʻlishini oldindan bilgandek, xotirjam va sovuqqon edi. U uloqni oʻngu soʻlga tortqilab, oʻzicha chilvirning mustahkamligini chamalab koʻrdi. Beshim chavandoz battar asabiylasha boshladi.
— Shuncha zot olib ham oʻpqoning toʻlmadimi, enagʻar! — deya oʻshqirdi u. — Kerak boʻlsa, sovringa tikilgan hoʻkizni senga beraman. Faqat shu gal indama! Meni sharmanda qilma!
— Men zot uchun uloq chopmayman! Sovrinniyam nasib qilgan oladi...

Toshmurod polvon qoʻllari igna sanchgandek jazillab achishayotganini sezib qoldi. Beshim chavandoz uning uloq siqimlagan panjalariga ayamay qamchi tushirmoqda edi. Toshmurod polvon «hayt!« deya uloqni siltab tortdi. Qorakoʻz ham shuni kutib turgandek shiddat bilan yonga burildi. Saman qalqib ketdi. Bunday boʻlishini kutmagan Beshim chavandoz jon holatda otining jiloviga yopishdi. Uloq bir lahza havoda muallaq osilib qoldiyu chilvir »chirs» etib uzildi.

Beshim chavandoz marra sari quyunday uchib borayotgan raqibini gʻazab, alam aralash hasratli nigoh bilan kuzatib qoldi. Ana, u «qora»ga yetib, taqimidagi uloqni yerga tashladi. Suvoriy bosh uzra hilpiratib turgan oq yalovni pastga tushirdi.
— Halol! — deya hayqirdi marra sari ot qoʻyib kelayotgan Qoʻchqor bakovul. — Sovrinni mangʻitqishloqlik Toshmurod polvon ona sutiday happa-halollab ayirdi! Qandingni ur, shovvoz!..

Beshim chavandozning koʻz oldini qop-qora tuman qopladi. Miyasida paydo boʻlgan laxcha choʻgʻ butun borligʻini alangai otash qilib kuydira boshladi. U najot axtargandek tevarakka mastona koʻz tashladi. Tinimsiz pishqirib, betoqat suvliq chaynayotgan samanga tikilib qoldi. Kutilmaganda u jiqqa terga botgan, badani kumushrang tusda tovlanayotgan samanni bosh-koʻzi aralash ayovsiz savalashga tushdi. Qamchi zarbi suyak-suyagigacha oʻtib ketgan jonivor jon achchigʻida kishnab oʻzini uyoqdan-buyoqqa urar, ammo egarga quyilgan qoʻrgʻoshindek «qilt» etmay oʻtirgan chavandozning izmidan xalos boʻlishga qurbi kelmasdi.

Beshim chavandoz yakkajilov qilib tortib otning boʻynini qayirdi-da, bor kuchi bilan qoq manglayiga qamchi tushirdi. Nuraliboyning samani boʻgʻziga pichoq tortilgan novvosdek ixrab yuborib, choʻkkalab qoldi. Beshim chavandoz egardan tushib, shartta ortiga burilib ketdi. Yetib kelgan otliqlardan biri salt qolgan otning jilovidan tutdi...

Toshmurod polvon Qorakoʻzni chetga olib chiqib, sovutayotganida Rahmat qassob Qashqa doʻnonini yoʻrttirib kelib qoldi.
— Bizning qudadan uloqni ololmassiz deb oʻylovdim. Qoyilman, uka, — dedi u ochiq chehra bilan. — Sizning sharofatingiz bilan bugun Mangʻitqishloqda katta toʻy boʻlib ketadi-yov.

Toshmurod polvon kulib qoʻyib, Rahmat qassobning tagida gijinglab turgan Qashqa doʻnonga zimdan razm soldi. Baquvvat oʻmroviga uzun shokilali baxmal tumor osilib, qizgʻish yoli hafsala bilan kuzalgan jonivor kalta quloqlarini chimirgancha Korakoʻzga sergak tikilib turardi. Shu turishida u oʻljasiga chang solishga shaylangan qirgʻiyga oʻxshardi.

Toshmurod polvon tabiatan sinchi edi. Savqi tabiiy sezgi yordamida bir qarashdayoq asl otni boshqalaridan ajratib olardi. Chigʻanoq tabiat izmiga buysunib, kosasida dur hosil qilgani kabi, Rahmat qassob ham bilib-bilmay toʻrt oyoqli marvaridni voyaga yetkazayotganini angladi. Qashqa doʻnonning qomatiga mahliyo boʻlib, bir muddat undan koʻzini uzolmay qoldi. Rahmat qassob buni payqadi.
— Qalay, bizning toychoq? — deya soʻradi u xursand qiyofada.
— Yaxshi, — deya bosh irgʻadi Toshmurod polvon. — Biroz yetilsa, zoʻr ot boʻladi.

Bu gapdan Rahmat qassob yosh boladay quvonib ketdi.
— Beshimboyning Toʻriq qashqasidan oʻrchigan, — dedi Qashqa doʻnonning sagʻrisiga beozor shapatilab qoʻyib. — Nasib etsa, bu bilan ham bir sovrin olib berasiz-da...

Toshmurod polvon unga javob bermay, Qorakoʻzni yetaklagancha nari ketdi.

* * *

Namozgar payti Toshmurod polvonning hovlisida hamma kechki yumushlar bilan andarmon edi. Yurish-turishida boʻy qizlarga xos alomatlar sezilib qolgan toʻngʻich qiz Ziyoda oʻchoq boshida ovqat pishirar, Jamila chaqqon harakatlar bilan hovli supurardi. Sakkiz yashar Oʻgʻiloy katak oldida tovuqlarga don sochish bilan ovora edi. Kenja qizchalar Umida va Oysuluv ayvonda oʻynab oʻtirishardi.

Saodat oshxonadan chelak koʻtarib chiqdi. U homilador — oy-kuni yaqinlashib, yurish-turishi ancha vazminlashib qolgan. Roʻzixol momo keliniga koʻzi tushib, hay-hayladi.
— Hoy, Saodat, ogʻir narsa koʻtarmagin, bolam... Ziyoda, chop, onangning qoʻlidan chelakni ol!

Ziyoda qoʻlidagi kapgirni oʻchoq boshiga qoʻyib, onasi tomon yugurdi.
— Hech narsa qilmaydi, momo, — dedi chelakni qiziga uzatgan Saodat belini ushlab.
— Hademay bachcha topasan, qizim, oʻzingni ayagin, — dedi Roʻzixol momo. — Qozonga ham unnab oʻtirma. Men shomni oʻqib olay. Ziyoda ikkovimiz ovqatniyam bir amallab pishirib-kuydirib olarmiz.
— Xoʻp, momo.

Roʻzixol momo shoshib ichkariga kirib ketdi.

Shu payt Toshmurod polvon koʻpkaridan qaytib keldi. U bostirma yonida otdan tushib, sovringa olingan novvosni ustunga bogʻladi.

Ayvonda oʻynab oʻtirgan Umida dik etib oʻrnidan turdi-da, u tomon yugurdi.
— Otam keldi!

Endigina atak-chechak yura boshlagan Oysuluv ham «dadda-dadda» degancha otasiga talpindi. Jamila bilan Oʻgʻiloy-da yumushlarini tashlab, oʻsha yoqqa chopishdi. Bir zumda hovli qizlarning shodon qiyqirigʻiga toʻlib ketdi.

Toshmurod polvon qiy-choʻv qilib tevaragida uymalashayotgan qizlari orasidan Umidani dast koʻtarib, egarga oʻtqazdi.
— Oysuluvniyam mindiring, otajon, — dedi Umida erkalanib.
— Mayli, qizim, Oysuluvniyam mindiramiz, — deya Toshmurod polvon kenja qizini ham otga mindirdi. Qizcha shodon qiqirladi.
— Otajon, bizlarga xoʻrozqand olib keldingizmi? — deb soʻradi Qorakoʻzning ustida oʻtirgan Umida.
— Olib keldim, qizim, — deb Toshmurod polvon ularni otdan tushirdi-da, xurjundan shirinliklar olib, Jamilaga uzatdi. — Jamila opang sizlarga boʻlib beradi.

Qizchalar chuvillashib Jamilaning qoʻlidagi xaltaga yopishdi.

Toshmurod polvon Qorakoʻzni yetaklab sayisxona tarafga yurdi. Uy oldida oʻziga tanish, sirli tabassum bilan tikilib turgan Saodatga koʻzi tushib, xijolatli jilmaydi...

Kechqurun hammalari odatdagidek, dasturxon atrofida jamul-jam boʻlib ovqatlanishdi.
— Shu kunlarni otang rahmatli koʻrganida, qaniydi, — dedi Roʻzixol momo Saodat uzatgan piyolani qoʻliga ola turib. — Ilohim, boshing toshdan boʻlsin, bolam. U kishining ham umrini senga qoʻshib bergan boʻlsin... Ie, qoʻlingga nima qildi?
— Ha, hech narsa... Koʻpkarida sal shilinib ketdi, — dedi oʻychan tarzda oʻtirgan Toshmurod polvon qoʻlidagi Beshim chavandozning qamchisi qoldirgan jarohat izlarini ohista silab.
— Oʻzingni ehtiyot qil, Toshmurodjon, — dedi Roʻzixol momo tashvishli qiyofada. — Zot ayiraman deb oʻzingni oʻtgayam-choʻqqayam urib yotmagin. Sen koʻpkariga ketsang, bolajonimga biror kori hol boʻlmasin, deb Xudodan tilab oʻtiraman.
— Siz duo qilib tursangiz, menga hech narsa qilmaydi, ona...
— Ishqilib, Yaratganning oʻzi seni panohida asrasin. Uloq chopganingda chavandozlarning pirlari madadkor boʻsin.

Roʻzixol momo choydan boʻshagan piyolani dasturxonga qoʻyib, qoʻllarini duoga ochdi.
— Koʻp bersin-koʻl bersin, tani-sihatlik, tinchlik-xotirjamlik bersin. Toshmurodjon ham koʻpkarida katta-katta sovrinlarni halollab, yuzi yorugʻ boʻlib yursin. Oysuluvgayam onasi qoʻchqorday oʻgʻil uka olib kelsin, omin.

Hamma baravariga yuziga fotiha tortishdi. Toshmurod polvon oʻtirgan joyida qimirlab qoʻydi. Saodat asta yerga qaradi. Ziyoda taomdan boʻshagan kosalarni olib, tashqariga chiqib ketdi. Jamila dasturxonni yigʻishtirishga tushdi.
— Onam oʻgʻil ukani qaerdan olib keladi, momo? — deya soʻradi Umida bolalarcha soddalik bilan.
— Uzoq joylardan. U yoqlarda oʻgʻil ukalar oʻynab yuradi. Onang shulardan birini olib keladi.
— Oʻgʻil uka olib kelish uchun men ham onam bilan birga boraman, — dedi Umida.
— Mayli, enajonim, sen ham borasan, — dedi Roʻzixol momo uning jamalak sochlarini silab. — Endi Oʻgʻiloy ikkovimiz uyimizga borib uxlaymiz. Otangiz koʻpkaridan charchab kelgan. Sizlar ham ertaroq yotinglar, qizlarim.

Roʻzixol momo Jamilani yetaklab chiqib ketdi. Toshmurod polvon Saodatga qaradi. U tizzasida mudray boshlagan Oysuluvning sochlarini silab oʻtirardi.
— Ahvoling yaxshimi, xotin? — deya soʻradi choy icha turib.
— Yaxshi... Charchagan boʻlsa, oʻrnini solib beray...
— Sen qoʻyaver. Ziyoda kelsa, oʻzi joy soladi.

Saodat erining boʻshagan piyolasiga choy quyib uzatdi.

* * *

Ertasi kuni choshgohga yaqin Saodat bir tandir nonni yopib, uyga olib kirib ketdi-yu, qaytib tashqariga chiqmadi. Birozdan soʻng Roʻzixol momo besaranjom qiyofada ichkaridan shoshib chiqib keldi.
— Ziyoda, singillaringni Nazira yangangnikiga olib borib qoʻyib, oʻzing Irisgul momonikiga chop, — dedi u. — Tez yurarkansiz, deb oldingga solib kel.
— Xoʻp, — deb Ziyoda Oysuluvni koʻtarib oldi. — Yuringlar, Nazira yangamnikiga boramiz.

Singillari ham itoatkorlik bilan unga ergashdi. Roʻzixol momo sayisxonada Qorakoʻzning atrofida uymalashayotgan oʻgʻli tomonga qarab qoʻyib, yana ichkariladi. Birozdan soʻng uy ichidan ayol kishining zaifgina ingragan ovozi eshitila boshladi. Saodatni toʻlgʻoq tuta boshlagan edi.

Toshmurod polvon ot qashlashdan tiyilib, yerga choʻnqayib oʻtirdi. Qorakoʻzning yoshlanib turgan koʻzlariga oʻychan tikilib qoldi.

Qishloq oralab kelgan suvoriy yigit Toshmurod polvondan besh-oʻn qadam narida otining jilovini tortdi. Qorakoʻz quloqlarini chimirgan kuyi betoqat kishnab, oʻsha tomonga intildi. Xayoli boʻlingan Toshmurod polvon otliqqa yuzlandi.
— Assalomu alaykum, Toshmurod aka, — deya salom berdi yigit otining jilovini qantarib.
— Vaalaykum assalom, — deb Toshmurod polvon unga peshvoz yurdi. — Keling, mehmon.
— Men jarchilik qilib yuribman, — dedi yigit kattalardek vazmin ohangda gapirishga tirishib. — Kelasi juma kuni dashtobodlik Chorshanbi aka katta koʻpkari berayapti. Shunga sizni ham ayttirib yuborishuvdi.
— Xoʻp, uka. Nasib etsa, boramiz.
— Chorshanbi aka koʻpkarining sovriniga tuya aytmoqchi, — dedi yigit Qorakoʻzni qiziqish bilan koʻzdan kechira turib. — Hali bu yerdan chiqib, Beshquduqqa, Beshim chavandoznikiga ham borishim kerak.

Shu payt uy ichidan Saodatning ingragan ovozi eshitildi. Jarchi yigit ajablanib oʻsha tomonga koʻz qirini tashladi. Roʻzixol momo ayttirib yuborgan Irisgul momo shoshib ichkariga kirib ketdi.

Jarchi yigit otining jilovini ortga burdi.
— Boʻlmasa, men boray.
— Choylashib keting, — deya mulozamat qildi Toshmurod polvon unga.
— Rahmat, Toshmurod aka, — dedi yigit. — Shoshib turuvdim.

Toshmurod polvon jarchi yigitni kuzatgach, buyogʻiga nima qilishni bilmay bir muddat darvoza oldida qaqqayib turib qoldi. U sirtdan xotirjam koʻringani bilan ich-ichidan qattiq hayajonlanmoqda edi. Ayniqsa, uy ichidan toʻlgʻoq azobini boshidan kechirayotgan Saodatning ingragan tovushi eshitilganida ogʻir hissiyotlar zalvoridan yuragi orziqib ketar, alp qomati tobora kichrayib qolayotgandek tuyulardi. Yangi dunyoga kelgan chaqaloqning chinqirigʻi yangraganida esa Toshmurod polvonning butun vujudi muzlab qolgandek boʻldi...

Birozdan soʻng Roʻzixol momo ichkaridan chiqib keldi. Toshmurod polvon allanechuk hadik, umidvorlik bilan onasiga termuldi. Ammo har gal Saodatning koʻzi yoriganida takrorlanaverib, toshga oʻyib ishlangan suratdek shuuriga singib qolgan tanish, iztirobli holat bu gal ham takrorlandi; Roʻzixol momo oʻgʻliga ruhsiz nigoh tashlab, oshxona tomonga oʻtib ketdi.

Toshmurod polvonning chehrasida hazin bir tabassum akslandi. Buyogʻiga nima qilishni bilolmay, atrofga umidvor koʻz yugurtirdi. Qorakoʻzga nigohi tushib, oʻsha tomonga yurdi. Sayisxona devoridagi qoziqdan egar-jabduqni olib, uning ustiga bosdi. Otga sakrab mindi-da, sagʻrisiga qamchi tushirdi. Bunday muomalaga oʻrganmagan Qorakoʻz jon achchigʻida pishqirib, oldinga tashlandi. Oxurda somon kovshayotgan novvos hurkib oʻzini chetga oldi.

Toshmurod polvonning xonadonida dunyoga kelgan oltinchi qizga ham doyalik qilgan Irisgul momo chaqaloqning kindigini kesib boʻlib, shoshilmasdan uni yoʻrgaklamoqda edi. Toʻshakda majolsiz choʻzilib yotgan Saodat esa achchiq-achchiq yigʻlardi. Uning ich-ichiga botib ketgan koʻzlaridan oqqan yosh yostiqni hoʻl qilib yuborgandi.
— Yigʻlama, qizim, — dedi oftoba koʻtarib kirgan Roʻzixol momoning ham koʻngli buzilib. — Hozirgina darddan qutulding. Oʻzingni qiynama.
— Yana qiz tuqqandan koʻra, oʻlib qoʻya qolsam boʻlmasmidi, momojon! — dedi Saodat izillab. — Oʻgʻlingiz ham ne umidlar bilan yuruvdi. Endi uning yuziga qanday qarayman?!
— Noumid boʻlma, bolam, — dedi Roʻzixol momo xam kuziga yosh olib. — Shuncha qizni bergan Xudo, erta-bir kun oʻgʻil ham berib qolar.
— Hah, momojon-a! Xudo oʻgʻil berar, deb yilda-yil osha qiz tugʻaman. Asli men shoʻrtumshuqning peshonamga oʻgʻil tugʻish bitilmagan ekan-da...
— Bas qil-e! — deya uni jerkib berdi shu choqqacha jimgina chaqaloq yoʻrgaklayotgan Irisgul momoning toqati toq boʻlib. — Kap-katta xotinning gapini qaranglar! Koʻnglingga qarayversa, yana nimalar demaysan sen? Oʻgʻil farzand-da, qiz bola farzand emasmi? Bir xillar bitta qizning ham tirnogʻiga zor! Noshukr boʻlma! Koʻzingning selini oqizavermasdan, tezroq chaqalogʻingni qoʻlingga ol!

Irisgul momoning gapi ta’sir qilib, Saodat yigʻidan tiyildi. Qaynonasining koʻmagida xiyol qaddini rostlab, Irisgul momo uzatgan chaqaloqqa koʻkrak tutdi.

* * *

Toshmurod polvon qishloqdan chiqib, Ogʻzikeng tomonga ot yeldirib ketdi.

Biyday dashtda oʻz erkiga qoʻyib berilgan Qorakoʻz ancha vaqt qir-soy oralab bemaqsad yugurib yurdi. Qadamini sekinlatgan chogʻda Toshmurod polvon ketma-ket sagʻrisiga qamchi tushirar, u yana jon-jahdi bilan olgʻa tashlanardi. Baribir charchoq ustun keldi. Jonivor qamchi zarbiga ham e’tibor bermasdan yoʻrtishga tushdi.

Ogʻzikengning adoq tarafida savlat toʻkib turgan Boʻkirtepaga chiqqach, Toshmurod polvon oʻzini yerga tashladi. Obdon toliqib, badani jiqqa terga botgan Qorakoʻz pishqira-pishqira xoʻjasidan uzoqlashdi.

Toshmurod polvon dustaman tushgancha ancha vaqt «qilt» etmay yotdi. U juda toliqqan edi. Shuncha yil uloq chopib, charchash nimaligini bilmagan odam, goʻyo bir lahzada qarib qolgandek, oʻrnidan qoʻzgʻolishga ham holi kelmasdi. Shu topda u koʻp narsalar haqida obdon oʻylab olishga tirishar, ammo hadeb oʻy-xayollari chuvalashib ketaverardi.

Kutilmaganda zim-ziyo shuurida chaqin chaqnagandek, yuragida bir iliqlik paydo boʻldi. Toshmurod polvon anchadan boʻyon izlayotgan narsasini topganday, yengil tortdi. Xayolida yoshligida Saodat bilan kechgan sururli xotiralar jonlangandi...

Saodatga koʻngil qoʻyib, dala-dashtda uning ketidan soyadek ergashib yurgan kezlari edi... Yaqindagina boylovdan chiqarilgan otini sovutib yurib, qishloqqa eltuvchi soʻqmoqda ketmon koʻtargan bir gala qizlarga duch keldi. Ular orasida Saodat bir parcha olovdek koʻzga tashlanib turar, har holda, unga shunday tuyulardi.

Toshmurod beixtiyor otining jilovini oʻsha tomonga burdi. Qizlar ham gijinglagan tulpor ustida viqor bilan oʻtirgan norgʻul, xushbichim yigit bilan goʻzal Saodatning oʻzaro koʻngil qoʻyganliklaridan xabardor edilar. Bundan hech biri ajablanmasdi. Chunki ularning yakdillik bilan e’tirof etishlaricha, yigit bilan qiz aynan bir-biri uchun yaratilgan edi.

Mangʻitqishloqning boʻy qizlari oʻzlaricha Toshmurod va Saodatni sevgi-muhabbat timsoliga aylantirib ulgurishgan edi. Ularning uch-toʻrttasi bir joyda jam boʻlsa, yigit va qizning sirli muhabbati haqida toʻqib-bichilgan ajabtovur ertaklarni zavq va entikish bilan shivirlab soʻzlashardi. Uzukka koʻz qoʻygandek mos tushajak bu juftlikka dugonalar va joʻralar havas va andak hasad bilan qarashardi...
— Toshmurod akam bu yerda nima qilib yuribdi? — dedi alvon roʻmoli tagida qop-qora zulflari oʻynab turgan bodomqovoq qiz dugonalariga mugʻombirona jilmayib.
— Bu kishi mening ishqimda kuyib yuribdilar, — dedi qorachadan kelgan, barvasta qomatli boshqa bir qiz. — Hozir meni shartta otiga oʻngarib, olib qochib ketadi.

Qizlarning chinni jarangiga monand kulgisi yangradi. Toshmurod ham beixtiyor iljaydi. Bu qochirimlar oʻziga qaratilganini yaxshi bilgan Saodat uyalganidan shahlo koʻzlarini qaerga olib qochishni bilmasdi.
— Ehtiyot boʻling, Oysanam, tagʻin Toshmurodjon sizni taqimiga bostirib, uloq qilib sudrab ketmasin, — dedi yuzini dogʻ bosib, qadam olishlari ancha vazminlashib qolgan kelinchak. Yana kulgi yangradi.
— Shunday boʻlsa, qaniydi! — boʻsh kelmadi Oysanam. — Toshmurod akamning qoʻlida uloq boʻlishga ham rozi edim.
— Sizlar Toshmurodjondan umid qilmay qoʻya qolinglar, qirilgurlar, — dedi boshqa bir kelinchak joʻrttaga qovoq uyub. — U allaqachon Saodatning qulogʻidan tishlab qoʻygan.

Qizlar norozi chuvillashdi.
— Shu gap rostmi, Saodat? — deya uning biqinidan chimchiladi bodomqovoq qiz yonidagilarga ma’noli koʻz qisib. — Nimaga indamaysan, pismiq?
— Jim boʻl, sharmanda! — dedi Saodat hayajondan titrab. — Uyalmaysanmi?..
— Oʻzi jon deb turibdi-ku, yana noz qilganiga oʻlasanmi? — dedi bodomqovoq qiz.
— E, bor-e! — deb Saodat chapga burilib, olmazor oralab yugurib ketdi.
— Voy, mugʻombir-ey! — dedi bodomqovoq bosh chayqab. — Toshmurod akam bilan yolgʻiz qolish uchun oʻylab topgan bahonasini qaranglar!

Qizlar qotib-qotib kulishdi.
— Hoy, polvon, anqayib turmay, tezroq harakatingizni qiling, — dedi haligi kelinchak jilmayib. — Beshquduqlik chopagʻon oshnangiz ham qizginaning ishqida kuyib, bosgan qadamini poylab yuribdi. Tagʻin ogʻzingizdagi oshni oldirib, lallayib qolmang.

Toshmurod iymana-iymana otining jilovini olmazor tomon burdi. Qishloqning boʻy qizlari uning ortidan pinhona havas va hasrat bilan termulib qolishdi.

Oʻsha kuni Toshmurod hosilini koʻtarolmay, shoxlari yerga egilib yotgan olmazorda Saodatga ilk bor koʻngil izhor qildi. Qiz hech narsa demagan boʻlsa-da, yigit uning bir lahzagina oʻziga qadalgan nigohida allanechuk masrurlik, baxtiyorlik hissini sezdi.

Ikkalasi olmazor oralab ancha vaqt yonma-yon ketishdi. Bogʻ tugab, oldinda qishloq uylari koʻrina boshlaganda Toshmurod otning jilovini tortdi.
— Koʻngling toʻq boʻlsin, Saodat, seni hech kimga bermayman! — dedi u ishonch bilan. — Erta-indin uylaringga sovchi yuboraman.

Toshmurod daraxtlardan biridan qip-qizarib pishgan olmani uzib olib, qizga tutqazdi-da, ortiga burilib ketdi. Totli hissiyotlar zalvoridan hamon oʻziga kelolmagan Saodat qoʻlidagi olmani bagʻriga bosib, ma’sum jilmaydi...

Yigit bilan qizning baxtiga monelik kiladigan hech bir sabab yoʻq edi. Xolboy mirob garchi bu gap-soʻzlardan bexabar boʻlsa-da, Qodir choʻponning xonadonidan kelgan sovchilarning izzatini joyiga qoʻydi. Bizga munosib oila, qizimizni bersak, shunday odamlarning bolasiga beramiz-da, deb oʻyladi oʻzicha. Xullas, oʻsha kuniyoq sovchilar Saodatning boshini bogʻlab kelishdi.

Aytganday, unashtiruv marosimidan sal avval qoʻshni Beshquduqdan Beshim Toshmurodni izlab kelgan edi. Ikkalasi tengdosh boʻlib, bir-ikki yildan beri uzoq-yaqindagi koʻpkarilarga birga borib yurishar, shu bois ancha sinashta boʻlib qolishgandi. Beshim ba’zida «ikkovimiz ham uylanish toʻyimizda toʻn yopishib oshna boʻlsak, keyin koʻpkaridayam bir-birimizni suyashib yursak» deya orzuga berilardi.

Taqdir oʻyinini qarangki, Beshim Mangʻitqishloqdan uylanayotgan tengqur hamqishloqlaridan biriga kuyovjoʻra boʻlib kelganida Saodatga koʻzi tushib, unga oshiqi beqaror boʻlib qolibdi. Yantoqlidan koʻpkaridan qaytishayotganida Toshmurodga dardini yordi. Xolboy mirobning qizi jigardan urib qoldi, oshna, erta-bir kun Mangʻitqishloqqa kuyov boʻladiganga oʻxshayman, deb kuldi. Toshmurod polvon bu gapni eshitib ong-tong qoldi...

Oʻsha kuni ikkovining yoʻllari ayri tushdi. Endi ular toʻy-toʻychiqda, koʻcha-koʻyda duch kelishsayam bir-biriga ters qarab oʻtishar, Beshimning yuragida Toshmurodga nisbatan paydo boʻlgan adovat kun sayin ulgʻayib borardi...

Ot ustida xoʻmrayib turgan Beshimni koʻrgach, bunda or yoʻq ekan, degan oʻy kechdi Toshmurodning xayolidan, ish bitganini bilsayam, betining suvini besh toʻkib kelibdi.
— Sen bilan gaplashib olishimiz kerak, — deb Beshim otining jilovini burdi-da, Ogʻzikeng tomonga joʻnadi. Toshmurod ham hayallamay uning ortidan yetib bordi. Beshim mana shu Boʻkirtepaning ustida zingrayib turardi.
— Men seni qiyomatli oshnam deganman, Toshmurod, — dedi u da’fatan yigʻlamoqdan beri boʻlib. — Doʻstligimiz haqqi, Saodatga indama! Men uchun bir tantilik qil!
— Biz bir-birimizni yaxshi koʻramiz, — dedi Toshmurod polvon Beshim sari sapchiyotgan otining jilovidan tortib. — Senam meni toʻgʻri tushun.
— Bir qizni deb oshnachiligimizga tupurasanmi, Toshmurod!

Beshim asabiy oʻynoqlayotgan otining sagʻrisiga ustma-ust qamchi tushirdi.
— Agar u ham meni demaganida qarshiligim yoʻq edi. Saodat, «oshnangizga ayting, meni tinch qoʻysin», deyapti. Oʻzingdan qolar gap yoʻq, joʻra...
— Odam emas ekansan! — deya uning gapini boʻldi Beshim gʻazabdan afti burishib. — Agar Saodatga uylanadigan boʻlsang, meni oʻzingga doʻst emas, dushman deb bilaver! Keyin mendan sogʻ qutulishing gumon! Bilib qoʻy, Beshim tentak bilan dovlashganning holiga voy!
— Senam yaxshi gapga tushunmas ekansan, — dedi Toshmurod ham boʻsh kelmay. — Yana bir marta dala-dashtda Saodatning yoʻlini toʻsadigan boʻlsang, oʻzingdan koʻr!

Qahr-gʻazabdan es-xushini yoʻqotib qoʻygan Beshim kutilmaganda Toshmurodning ustiga ot qoʻyib, yuzing-koʻzing demay qamchilay boshladi. Toshmurodning ham boʻsh kelgisi yoʻq edi. Bir zumda ikkalasining ham yuz-qoʻli shilinib, aft-angori qonga boʻyaldi. Qoʻlidan qamchisi uchib ketgan Beshim jon holatda raqibining yoqasiga chang soldi. Ikkalasi baravar otdan yiqilib, yerda yoqa boʻgʻishga tushishdi. Salt qolgan otlar ham qasir-qusur tepishib, tishlasha boshladi...

Boʻkirtepada dustaman tushib yotgan Toshmurod polvon xotinini qanchalik yaxshi koʻrishiga yana bir bor iqror boʻldi. Saodat uning borligʻi, joni-jahoni edi. Toʻydan soʻng birin-ketin tugʻilgan beshala qizlarini ham yeru koʻkka ishonmasdi. Bugun dunyoga kelgan goʻdakni ham yomon koʻrmasligi aniq. Ammo uning oʻgʻil koʻrish orzusi borgan sari ushalmas armonga aylanayapti...

Toshmurod polvon asta oʻrnidan turib, oti tomon yurdi. Qorakoʻz ham goʻyo uning holatini tushungandek, qarshisida sassiz-sadosiz bosh egib turardi.
— Tushlarimda toychoq yetaklab yurar edim, Qorakoʻz, — dedi Toshmurod polvon otning mayin yoliga yuzini bosib iztirob bilan. — Shunisi oʻgʻil boʻladi deb umid qilgan edim... Busiz mening chavandozligim bekor!

* * *

Juma kuni Toshmurod polvon koʻngli tusamasa-da, qoʻshnisi Suyunboy akaning qistovi bilan dashtobod¬lik Chorshanbiboyning koʻpkarisiga yoʻl oldi. Ikkalasi ancha vaqtgacha jim ketishdi. Suyunboy Qorakoʻzning jilovini boʻsh qoʻyib, xayol surib ketayotgan hamrohiga tez-tez qarab qoʻyardi. U Toshmurod polvonning parishonxotirligi sababini yaxshi bilar, qanday qilib boʻlsa ham koʻpkari oldidan uning koʻnglini koʻtarishni istardi. Aksiga olib, shu topda hadeganda xayoliga tuzukroq gap kelmasdi.
— Aytganday, bugungi koʻpkariga Surxondaryo tomonlardan ham chavandozlar kelgan emish, — dedi nihoyat gurung uchun arzirli mavzu topgan Suyunboy jonlanib.
— Surxondaryoda nomi chiqqan uloqchilar koʻp, — dedi Toshmurod polvon. — Ba’zilarini taniyman. Otlariyam zoʻr.
— Ayniqsa, Toʻychi qora degan bir chetgirlari bor emish. Menman degan chavandozdan ham bir zarb bilan uloqni olib qoʻyarmish.
— Bultur Dehqonobodda u bilan uloq tortishib koʻruvdim, — dedi Toshmurod polvon bosh irgʻab. — Chindanam, chetgirlikning juda hadisini olgan.
— Oʻshanda uloq kimda ketuvdi? — deya soʻradi Suyunboy qiziqish bilan.
— Uloq menda qolgani bilan u bir poychasini yulib oluvdi.
— Ha, bugun zoʻr koʻpkari boʻlishi tayin, — deya Suyunboy Qorakoʻzga ser solib qaradi. — Ishqilib, Chorshanbining tuyasiniyam surxonliklar ilib ketmasa boʻlgani. Sen oʻzingniyam, otingniyam koʻp urintirmay, sovringacha sabr qil.
— Ma’qul...
— Beshim ham qarab turmasa kerak, — deb gapida davom etdi Suyunboy. — Uning fe’lida gʻayirlik bor. Rahimboyning koʻpkarisida ogʻzidagi oshini tortib olganing uchun senga tish qayrab yurgandir. Harqalay, undan xazir boʻlganing ma’qul.
— Aytganday, siz Beshim chavandozning qudasi Rahmat qassobni taniysizmi? — deya soʻradi Toshmurod polvon unga yuzlanib.
— Taniyman. Nimaydi?
— Shu odamning yaxshi bir doʻnoni bor ekan. Oʻzining aytishicha, Beshim chavandozning Toʻriq qashqasi naslidan emish.
— Toʻgʻri, — deya yoyilib kuldi Suyunboy. — Rahmat qassobning doʻnoni chindanam Beshimning Toʻriq qashqasidan oʻrchigan.
— Beshim chavandoz kuchi qirqilmasin, deb Toʻriq qashqasini baytalning yaqinigayam yoʻlatmaydi, deyishardi-ku?
— E, buning tarixi juda qiziq boʻlgan, — deb Suyunboy egarga yaxshilab joylashib oʻtirib oldi. — Aytishlaricha, menman degan ishqibozlar oʻrtaga katta pul tikib ham Toʻriq qashqadan nasl olishga Beshimni koʻndirisholmagan ekan. Ammo besh-olti yil burun Beshimning maktabni bitirayotgan kenja ukasi Rahmat qassobning qiziga oshiq boʻlib qoladi. Suyagi qotib, uncha-muncha solimlardan uloq ayirib yurgan shu boladan Beshimning umidi katta ekan. Erka ukasining ra’yini qaytarolmay, qassobning qiziga sovchi qoʻyibdi. Qurgʻur Rahmat sovchilarga, nima debdi, de?
— Nima debdi? — deya Toshmurod polvon hamrohiga qiziqish bilan qaradi.
— Rahmat qassob oʻylab ham oʻtirmasdan sovchilarga: «Beshim Toʻriq qashqasidan bizning baytalga nasl olishga koʻnsa, ukasiga qizimni berganim boʻlsin», deb javob beribdi, — deb zavq bilan kuldi Suyunboy.
— Koʻzingdan Rahmat qassob-ey, shunday deptimi? — dedi Toshmurod polvon ham jilmayib.
— Bunday shartni eshitib, Beshim oʻylanib qolibdi, — deya hangomani qolgan joyidan davom ettirdi Suyunboy. — Bu yoqda erka uka «shu qizni olmasam, oʻzimni unday qilaman-bunday qilaman«, deb xarxasha qilib yotganmish! Oxiri Beshim Rahmat qassobning shartiga koʻnibdi. Sovchilarga: »Bu enagʻar qassobning choʻbirini Alpomishning Boychiboriga qoʻysayam, tuzukroq qulun bermaydi. Shunday niyati bor ekan, avval bozordan yaxshi bir baytal olsin», debdi. Rahmatvoy ham erinmasdan Boysun tomonlarga borib, tuya kelbatli yoshgina biya topib kelibdi... Shunday qilib, Rahmat qassob Qashqa doʻnonni qizining qaliniga olgan-da.
— Rahmat qassob ham balo ekan-ku, — dedi Toshmurod polvon kulgidan yoshlangan koʻzlarini arta turib. — Lekin Beshim chavandozning ukasini men tanimas ekanman. U haliyam uloq chopadimi?
— Uylanganidan keyin bu bolaning shashti qaytdi, — deya qoʻl siltadi Suyunboy. — Bir yilcha yurib, solimlardayam qoʻliga uloq tegmagach, Beshim uni urib-soʻkib, Toshkentga joʻnatibdi. Hozir oʻsha yoqda oʻqiyotgan emish.

* * *

Sortepa etagidagi uloq chopiladigan keng-moʻl maydon chor tarafdan oqib kelayotgan otliq, piyoda odamlar bilan tobora gavjumlashib bormoqda. Qirda tomoshabinlar chordona qurib, koʻpkari boshlanishini sabrsizlik bilan kutishmoqda. Pastda bir toʻda yosh chopagʻonlar qiy-chuv qilib solim chopishyapti. Aksariyat chavandozlar esa chet-chaqada otini koʻpkariga hozirlashyapti.

Toshmurod polvon bir chekkada toʻplanib, oʻzaro gaplashib turgan surxondaryolik chopagʻonlarga koʻzi tushib, ular tomon yurdi.
— Assalomu alaykum, mehmonlar, — deb qoʻlini koʻksiga qoʻyib ular bilan salomlashdi. — Xush kelibsizlar. Bu tomonlarga qanday shamol uchirdi?
— Iya-iya... Vaalaykum assalom, Toshmurodboy. Omonmisiz, birodar, — dedi betoqat boʻlib oʻynoqlayotgan otining jilovini dam-badam tortib qoʻyayotgan Toʻychi qora ochiq chehra bilan. — Ozib-yozib yurtingizga bir kelsagu, sizni koʻrolmay ketamizmi, deb qoʻrqib turuvdik.
— Mehmonning kelishi oʻzidan, ketishi mezbondan. Bu oqshom biznikida qolib, bir choylashib ketasizlar.
— Biz kecha kelgan edik, — dedi Toʻychi qora. — Toʻyning egasi Beshim chavandoznikiga qoʻnoqqa buyurdi.
— E, shundaymi, — dedi Toshmurod polvon. — Bilganimizda oqshom gurungga borar edik.
— Oqshom Beshimga, Toshmurodboyni ham ayttirib keling, desam, «yaqinda polvonning ayoli qoʻzilagan, shunga uyida chilla saqlab yotibdi», dedi, — deya kuldi Toʻychi qora. — Beshimboy sizni bugun koʻpkariga ham kelmasa kerak, degan edi.

Toshmurod polvon chor-nochor iljaydi. Beshim chavandozning Toʻriq qashqasini gijinglatib shu tomon kelayotganiga koʻzi tushib, oʻzini chetga oldi.
— Toshmurodboy, yana qizli boʻlibsiz, deb eshitdik, — dedi ancha yaqin kelib qolgan Beshim chavandoz baralla ovozda. — Holva muborak boʻlsin!
— Rahmat, — dedi Toshmurod polvon istar-istamas.
— Aytganday, bu nechanchisi?

Toshmurod polvon uning ilmoqli savolini eshitmaganga olib, bu yerdan uzoqlashdi.

Nihoyat, Qoʻchqor bakovul uloqni taqimiga bostirib, oldinga yurdi. Yuzlab otliqlar toʻgʻonini buzgan toshqindek gurillab uning ortidan ergashdi.
— Xaloyiq! Bugun dashtobodlik Chorshanbiboy yaxshi niyatlar bilan koʻpkari berayapti, — deya salmoqlab gap boshladi Qoʻchqor bakovul. Uning qavatida gijinglagan samanning egarida kerilib oʻtirgan Chorshanbiboy bakovulning gaplarini ma’qullagandek bosh irgʻab qoʻydi. — Koʻpkari — tanti polvonlar oʻyini. Uning qoidalariga amal qilib, zotni halollab ayiring. Uloqni ipga tugmaysiz, gʻirromlik qilib, bir-biringizga ziyon-zahmat yetkazmaysiz. Surxon taraflardan kelgan mehmonlarning izzatini joyiga qoʻying, tarafkashlik qilib, ularni yakkalamang! Xudo hammangizga halolidan bersin, omin!

Davradagilar baravariga «omin!» deya yuzlariga fotiha tortishdi.
— Kep qoling, op qoling, birinchi zotiga bir uloq aytdim! Halollab olasan!

Qoʻchqor bakovul taqimidagi uloqni yerga tashlab, izdihomdan chetlandi. Shu lahzalarni intiq kutib turgan chavandozlar guvillab uloq ustiga yurishdi.

Ancha davom etgan tortishuvdan soʻng nihoyat, Salim chavandoz uloq bilan davradan ajralib chiqdi. Chekkada payt poylab turgan Toʻychi qora uning oldini oʻrab chiqib, uloqqa chang soldi. Ikkalasi bir muddat tortishib borishdi. Toʻychi qora zarb bilan undan uloqni tortib oldi-da, otini chapga burdi.
— Halol! — deya xayqirdi orqadan ot qoʻyib kelayotgan Qoʻchqor bakovul. — Surxondaryolik Toʻychi polvonning zoti halol!

Toʻychi qoraning kimsan — Salim polvondan uloqni tortib olishi odamlarda turlicha kayfiyat uygʻotgan edi. Davrada yengilgina gʻala-gʻovur koʻtarildi. Ba’zilar uning sha’niga olqish yogʻdirishsa, aksariyat tomoshabinlar norozi ohangda oʻzaro bahslashishardi.
— Birinchi zotni surxondaryoliklar olgani yomon boʻldi-da, Qorjov buva, — dedi koʻk baytal mingan chol hamrohiga. — Oʻzimizning polvonlar bugun ikki qoʻlini burniga tiqib qolishmasa edi.
— Ana shu chetgirning vajohati yomon ekan, — dedi Qorjov buva bosh chayqab. — Uncha-munchasining undan qutulishi qiyin-ov.

Toʻychi qora esa uloqni yerga tashladi-da, unda-bunda qulogʻiga chalinayotgan gap-soʻzlarning oʻziga aloqasi yoʻqday, xotirjam qiyofada hamrohlari tomon yoʻl oldi.

Toshmurod polvon otini sovutib olish uchun davradan xoliroqqa chiqqanida chavandozlarga xos kiyingan oʻn yetti-oʻn sakkiz yoshlardagi yigit ot oʻynatib, unga yaqinlashdi.
— Assalomu alaykum, Toshmurod aka.
— Valaykum assalom...

Toshmurod polvon bu istarali yigitning boya solimdan chapdastlik bilan uloq ayirib chiqqaniga e’tibor bergan edi. Kelbati ham ancha tanish. Qaerdadir koʻrganday... Biroq aniq eslolmadi. Shuning uchun buyogʻiga nima deyishni bilmay jim qoldi.
— Siz meni tanimadingiz-a, polvon aka? — dedi yigit uning holatini tushungandek, xijolatli qiyofada.
— Ochigʻi, tanimayroq turibman.
— Beshquduqlik Qilich choʻponning oʻgʻli boʻlaman. Ismim Safarmurod.

Toshmurod polvon kalavaning uchini topganday yengil tortdi. Chindanam yigit ancha yillar Toshmurod polvonning otasi bilan sheriklikda kolxozning otarini boqqan rahmatli Qilich choʻponga ikki tomchi suvdek oʻxshar edi.
— E, shundaymi? Ikkalamiz otaqadrdon ekanmiz-da, — deb Toshmurod polvon uning gijinglab turgan otiga ser solib qaradi. — Boya solimda sen uloq ayirganmiding?
— Ha, — dedi Safarmurod quvonchini yashirolmay. — Bugun solimda ikki marta taqim qildim.
— Yaxshi-yaxshi...
— Shu... koʻpkaridayam bir urinib koʻrsammikin deb turibman, — dedi Safarmurod allanechuk oʻngʻaysizlanib. — Siz nima deb maslahat berasiz, Toshmurod aka?
— Ma’qul, — dedi Toshmurod polvon. — Faqat ehtiyot boʻl. Davrada iloji boricha menga yaqinroq yur. Nima qilishingni oʻzim aytaman.
— Xoʻp, Toshmurod aka, — dedi Safarmurod yosh boladek quvonib.

Toshmurod polvon otini davra sari niqtadi. Ancha tortishuvlardan soʻng nihoyat, uloqni davradan ayirib chiqdi. Oldini kesib chiqqan besh-olti otliqni chetlab oʻtishga ulgurdi-yu, kutilmaganda Beshim chavandozga duch keldi. Oʻqlangan qoʻshotardek sovuq yiltirayotgan koʻzlarida adoqsiz gʻazab va nafrat uchqunlanib turgan Beshim chavandoz uloqqa chovut soldi.

Ikkalasi ancha joygacha uloq talashib borishdi. Gavdasi yon tomonga ogʻib qolgan Toshmurod polvon oʻzini oʻnglab olish uchun bir lahza boʻshashdi. Yer tagida ilon qimirlasa sezadigan Beshim chavandoz shu zahotiyoq bir zarb bilan uloqni undan yulib oldi. Biroq uloqni taqimiga solib ulgurmadi. Ortidan quyunday bostirib kelgan Toʻychi qora koʻz ochib-yumguncha uning oʻzini ham dogʻda qoldirib ketdi.
— Halol! Toʻychi chavandozning zoti halol!..

Tomoshabinlar orasida yana norozi ohangdagi xitoblar yangradi.
— Mana, ishongan polvonlarimizning ahvoli! Surxonlik chetgir ikkoviniyam yosh boladay ahmoq qilib ketdi.
— Bular otasining molini boʻlisholmagan noqobil aka-ukalarday buncha talashmasa. Bir-birini otgani koʻzida oʻqi yoʻgʻ-a!
— Boʻlinganni boʻri yeydi, deb shuni aytadi-da!..

Toshmurod polvon bu ta’na-malomatlarni eshitmagan kishi boʻlib yana davra oraladi. Birozdan soʻng u taqir boshida qamchi zarbidan qontalash chiziqlar hosil boʻlgan Quvvat barlos bilan uloq talashib, izdihomdan ajralib chiqdi. U raqibidan istagan paytda uloqni tortib olishiga koʻzi yetsa-da, bunga shoshilmas, koʻz qiri bilan kimnidir qidirardi. Sal narida ot choptirib kelayotgan Safarmurodga nigohi tushib, «yaqinroq kel» degandek imo qildi. Soʻngra bir siltov bilan Quvvat barlosdan uloqni tortib oldi-da, otining boʻynidan narigi tomonga oshirdi. Ogʻzidagi oshini oldirgan Quvvat barlos taqdirga tan bergandek noiloj otining jilovini tortdi. Xuddi shu payt Safarmurod Toshmurod polvonga taqalib kelib, uloqqa chang soldi.
— Uloqni taqimingga bos! — deya buyurdi Toshmurod polvon. Safarmurod koʻz ochib-yumguncha uning amrini bekamu-koʻst bajarib, bedovning jilovini chapga burdi. Toshmurod polvon uloqning poychasida changakdek qotib qolgan panjalarini sekin boʻshatdi...

Safarmurod navqiron tovushda hayqirgancha, yeldek uchib ketdi. Orqadan yetib kelgan Toʻychi qora Toshmurod polvonning yonida toʻxtadi.
— Bu bola sizga kim boʻladi?
— Hech kim...
— Unda nimaga uloqni berib yubordingiz? — dedi u Toshmurod polvonga sinovchan tikilib.
— Boʻladigan bola ekan, oʻzi tortib oldi.
— Tantiligingizga qoyilman, polvon, — dedi Toʻychi qora peshonasidan quyilayotgan terni qamchisining dastasi bilan sidirib. Hamon Safarmurodning ortidan qarab turgan Toshmurod polvon indamay otining jilovini burdi...
— Halo-ol! — deya ovoz berdi Qoʻchqor bakovul. Soʻng ajablangancha hamrohlariga yuzlandi. — Toshmurod polvondan uloqni tortib olgan yigit kim boʻldi?

Ular ham yelka qisishdi. Shu payt Rahmat qassob Qashqa doʻnonini yoʻrttirib orqadan yetib keldi.
— Men taniyman, — dedi u. — Bu yigit bizning Beshquduqdan... Rahmatli Qilich choʻponning oʻgʻli boʻladi. Ismi Safarmurod!
— Beshquduqlik Safarmurod polvonning zotini beringlar! — deya ovoza qildi Qoʻchqor bakovul.

* * *

Toshmurod polvon koʻpkaridan bir-ikki taqim qilgach, Qorakoʻzni sovutib olish uchun chekkaroqqa chiqdi. Boyadan beri u bilan xoliroqda gaplashib olish ilinjida payt poylab yurgan Beshim chavandoz shu zahotiyoq qarshisida paydo boʻldi.
— Ha, Toshmurodboy, sovringa tayyorgarlik koʻrayapsizmi? — dedi ikki-uch qadam narida oyoq ilgan Beshim chavandoz oʻziga yarashmagan bir samimiylik bilan.

Shuncha yildan beri Toshmurod polvonga nisbatan yuragida gʻaraz saqlab yurgan Beshim chavandozning bu qiligʻi chindan ham gʻalati edi. Toshmurod polvon uning maqsadini uqib olmoqchidek, oʻziga nashtardek qadalib turgan chagʻir koʻzlariga tik boqdi. Beshim chavandoz ham shu topda tilyogʻlamalik qilib oʻtirish befoyda ekanligini angladi.
— Buguncha eski ginalarni qoʻya turaylik, Toshmurod, — deya muddaoga koʻchdi u. — Ikkovimiz bir-birimizga boʻriqarash qilaversak, sovringa atalgan tuyaniyam surxondaryoliklarga oldirib qoʻyamiz. Oʻzi, shundogʻam zotning saylamasini Toʻychi qora terib yotibdi...

Toshmurod polvon umidvorlik bilan ogʻzini poylab turgan Beshim chavandozni endi koʻrayotgandek, unga tikilib qoldi. Nahotki shu koʻyga tushib qolgan boʻlsang, Beshim, degan nadomatli oʻy kechdi xayolidan. Qachondan beri sovrin uchun, bir lahzalik olqishu maqtovlar uchun gʻururingni yerga uradigan boʻlib qolding, Beshim! Yo sen ham qaridingmi, birodar...
— Nimaga indamaysan? — dedi Beshim chavandoz Toshmurod polvonning oʻziga bu tarzda qarab turishidan gʻashi kelib. — Tilingga terskan chiqqanmi?
— Toʻychi qora zoʻr chiqib, sovrinniyam olsa, haloli boʻlsin... Meni tinch qoʻy.

Toshmurod polvonning bu soʻzlari Beshim chavandozning yuragiga oʻqday qadaldi. Gʻazabdan basharasi burishib ketdi.
— Sen bola gʻirt ahmoq ekansan, — deya oʻshqirdi ogʻzidan tupuk sochib. — Beshquduqning sut tishi toʻkilmagan bir tirranchasiga uloq olib berib, meni oʻsal qilmoqchi boʻldingmi? Bu qishloqda Beshimdan ham zoʻrroq chopagʻonlar chiqayapti, deya gap tarqatging kelib qolibdi-da... Bu choʻpchagingni bir etak qizlaringga ayt!

Toshmurod polvon boshiga gurzi kelib tushgandek qalqib ketdi. Beixtiyor egarga sakrab minib, otning jilovini u tomon burdi.
— Qizlarimni tinch qoʻy, kuchuk!

Beshim chavandoz Toshmurod polvonning vajohatidan hayiqib, ortga chekindi. Besh-oʻn qadam uzoqlashgach, yana ortiga oʻgirildi.
— Sen bir umr yoʻlimda gʻov boʻlib kelding, — dedi u tishlarini gʻijirlatib. — Doʻstingman deb koʻngil qoʻygan qizimni tortib olding! Endi koʻpkaridayam yuzimni shuvit qilmoqchimisan, nomard?!
— Sen bilan gap talashishgayam or qilaman.
— Vajohatingdan katta ishni qoyillatib qoʻygan odamga oʻxshaysan, — deya zaharxanda kuldi Beshim chavandoz. — Aslida, Saodatning etagini qizga toʻldirib tashlab, bechoraga azob berishdan boshqasiga yaramading! U menga tekkanida bunchalik xor boʻlmas edi...

Beshim chavandoz otiga qamchi bosib, bu yerdan uzoqlashdi. Shuncha gaplardan soʻng ham uning hovuri bosilmagan edi, yana bir bor ortiga burildi-da, qamchisini havolatgancha xunuk ohangda oʻshqirdi:
— Sen bolaning koʻzingni oʻymasam, yurgan ekanman!

Beshim chavandoz Toʻriq qashqaning sagʻrisiga qamchi bosib, behalovat toʻlgʻonib yotgan davraga singib ketdi.

* * *

Qoʻchqor bakovul uloqni taqimiga bosib, oldinga chiqdi.
— Chorshanbiboy koʻpkarining sovriniga lorsillagan tuya tikadi! Kimda-kim uloqni yakka ayirib, «qora»ga olib borsa, sovrin shuniki, — deb u kun botish tomonda boshi uzra oq mato hilpiratib turgan otliqqa imo qildi. — Aytib qoʻyay, hech kim bir tuyani deb chavandoz nomiga isnod keltirmasin. Mol-dunyo topiladi, obroʻ topilmaydi... Halollab olasan!

Sovringa koʻz tikkanlar koʻp edi. Koʻpkari oxirlagan sari chopagʻonlarning ayrimlari otlarini sovutib, ba’zilari esa almashtirib olishgan, shu bahona oʻzlari ham nafas rostlashga ulgurishgan edi. Ular jon-jahdi bilan uloqqa tashlanishdi.

Bir maromda qaynab yotgan ulkan doshqozonni eslatuvchi behalovat davrani halqa shaklida zich oʻrab olgan otliqlar chopagʻonlarning harakatini jimgina kuzatishardi. Chopagʻonlarning baqiriq-chaqirigʻi va otlarning pishqirigʻi qamchilarning qarsillashi, suvliq-yuganlarning jarangi bilan qorishib, boʻgʻiq ohang hosil qilgandi. Oʻrtadan yengilgina hovur koʻtarilardi. Chetdan qaraganda bu manzara sokin dengiz qa’rida gʻalayonga kelgan vulqonni eslatardi...

Nihoyat, Toshmurod polvon uloq sudragancha davradan ajralib chiqdi. Qudratli izdihom toʻgʻonini buzgan toshqin misoli jonli halqani yorib oʻtib, guvillagancha uning orqasidan ergashdi. Oʻlja hidini olgan yoʻlbars kabi davrani betoqat aylanib yurgan Toʻychi qora bir zumda Toshmurod polvonni quvib yetib, chapdastlik bilan uloqqa chang soldi.
— Dehqonobodda bizga uloqning bir poychasini berib qutulgan edingiz, — dedi u xirqiroq ovozda. — Bugun bu hunaringiz oʻtmaydi. Biz bu yerga uloqning bir poychasi uchun kelganimiz yoʻq!..
— Oʻshanda sizga bir poychani berib qoʻyganimdan haligacha pushaymonman, — deya boʻsh kelmadi Toshmurod polvon ham. — Menga uloq butunicha kerak.

Toʻychi qora kulgidan ham koʻra koʻproq boʻrining irillashiga oʻxshab ketadigan tovushda hiringladi.

Toshmurod polvon nogahon surxonlik dongdor chetgir mingan otning ayili salqi tortib, egari qiyshaya boshlaganini payqab qoldi. Bunday boʻlishini kutmagan Toʻychi qora muvozanatini saqlash uchun gavdasini oʻnglashga majbur boʻldi. U oq bayroqli suvoriyga olazarak qarab qoʻydi. Uloqdan koʻngil uzolmayotgandek, soʻnggi bor uni oʻziga tortdi, ammo shu zahotiyoq qoʻyib yuborib, jon holatda otining boʻyniga yopishdi...

Davrada qamalib qolgan Beshim chavandoz bir amallab oldinga oʻtdi. Toshmurod polvonning ancha ilgarilab ketganini koʻrib, peshonasini sovuq ter qopladi. Toʻriq qashqani beayov qamchilab, uning ortidan ot qoʻydi. Asta-sekin oradagi masofa qisqara boshladi.

Toshmurod polvon Beshim chavandoz soʻl tarafidan yaqinlashib kelayotganini koʻrib, uloqni chapdastlik bilan oʻng tomoniga oshirdi. Beshim chavandoz bir amallab oʻsha tomonga oʻtganida esa yana chapga oldi. Toshmurod polvonning bu qiligʻi Beshim chavandozni battar qutirtirib yubordi.
— Qoʻrqayapsanmi, enagʻar! — deya baqirdi u chorasizlikdan koʻzlari qonga toʻlib.
— Sen bilan uloq tortishishgayam hazar qilaman!..

Beshim chavandoz nima uchundir darrov shashtidan tushdi. Uloqqa hamla qilishga shoshilmay, yonma-yon ot choptirib boraverdi. Toshmurod polvon raqibining maqsadini tushunolmay hayron boʻldi. Marraga esa juda oz qolgan edi. Salgina gʻayrat qilsa, bas...

Kutilmaganda Beshim chavandoz yonlamasiga taqalib kelib, shamoldek yelib borayotgan Qorakoʻzni oʻngga siqib bora boshladi. Toshmurod polvon uloqni taqimiga mahkamroq bosa turib, oʻsha tomonga koʻz qirini tashladi. Shundagina u raqibining niyatini anglab qoldi. Qorakoʻz bahor jilgʻalaridan hosil boʻlgan chuqur jarlik yoqalab chopib borardi.

Toshmurod polvon jon holatda Qorakoʻzning jilovini chapga burdi. Ammo kech boʻlgan edi. Bir lahza chetlangan Beshim chavandoz otini shitob bilan uning ustiga haydadi. Toʻriq qashqa oʻmrovi bilan Qorakoʻzga kelib urildi. Qorakoʻzning suyaklarigacha qisirlab ketdi. Goʻyo faryod chekayotgandek, quloqni qomatga keltirgudek qattiq kishnab yubordi. Shu zahoti muvozanatini yoʻqotib, jarga quladi.

Toshmurod polvon havodayoq egardan uchib ketdi.

* * *

Jarlikka yuztuban yiqilgan Toshmurod polvon bir muddat karaxt holda yerda choʻzilib yotdi. Yaqindagina yogʻib oʻtgan kuzak yomgʻiridan namiqqan tuproqning yoqimli hidi dimogʻiga urildi. Vujudida allaqanday huzurbaxsh charchoq tuydi. Bir amallab oʻrnidan turib, oʻtirdi. Quloqlari chippa bitib qolgan, boshi tinimsiz gʻuvillardi.

Lablari orasidan sizib chiqayotgan qonni yengi bilan artib, nima voqea sodir boʻlganini anglab olmoqchidek, atrofga alangladi. Sal narida uloq yerparchin boʻlib yotar, uning yonida boshi gavdasining tagida qolib, boʻyni qiyshayib qolgan Qorakoʻz jon holatda tipirchilar edi.

Toshmurod polvon ixtiyorsiz ravishda oʻsha tomonga intildi. Bir amallab otning boshini oʻnglab, unga termulib qoldi. Qorakoʻzning suvliq chiqib ketgan ogʻzidan oppoq koʻpik oqar, mudom yoshlanib turuvchi ma’noli koʻzlari esa allanechuk kattalashib ketgandek edi.

Toshmurod polvonning miyasida chaqin chaqnagandek, koʻz oldi ravshanlashib, quloqlari ham ochilib ketdi. Qorakoʻz xuddi bugʻilib qolgandek tinimsiz xirillardi.
— Senga nima boʻldi, Qorakoʻz, — deb Toshmurod polvon vujudi dir-dir titrayotgan otining boʻynini jon-jahdi bilan uqalashga tushdi. — Tur, jonivor. Chux!..

Xojasining amriga itoat etishga odatlangan Qorakoʻz shu zahotiyoq harakatga keldi. Zoʻriqish bilan oʻzini oʻnglab oldi-da, yangi tugʻilgan toychoqdek alpong-talpong oʻrnidan turib, oyoqlarini kerdi.

Toshmurod polvon oʻziga mutelik bilan qarab turgan qadrdon otining koʻpiklanib yotgan tumshugʻini kafti bilan artarkan, vaqti-soati yetgan vulqon yangligʻ ich-ichidan koʻtarilib kelayotgan ogʻir bir hissiyotni jilovlash uchun tishini-tishiga bosdi. Butun vujudi zoʻriqib, chakka tomirlari oʻqlogʻdek boʻrtib chiqdi...

Kutilmaganda Qorakoʻzning boshi yon tomonga ogʻa boshladi. Toshmurod polvon goʻyo suyab qolmoqchidek, otning boʻynidan mahkam quchoqladi. Biroq oʻzi ham Qorakoʻz bilan yerga quladi... Jar labiga yetib kelgan besh-oʻn chogʻli otliqlar ne hodisa yuz berganini anglolmay oʻzaro shivir-shivir qilishgancha, unga hayron qarab turishardi.

Qorakoʻzni turgʻazishga behuda urinib yotgan Toshmurod polvon kimdir yelkasiga qoʻl tashlaganini sezib, ortiga oʻgirildi. Tepasida Safarmurod turardi.
— Oʻzingizga hech narsa qilmadimi, Toshmurod aka, — dedi yigit xavotirli ohangda.

Toshmurod polvon indamay otiga yuzlandi. Uzala tushib yotgan Qorakoʻz jon uzolmay qiynalardi. Shu payt jar labida toʻplangan odamlar orasidan Suyunboy sugʻurilib chiqib, pastga sakradi.
— Nima boʻldi, Toshmurod? — dedi u koʻzlarida yosh halqalanib. — Tani-joning sogʻmi, ukajon?! Yomon yiqilmadingmi?

Soʻng shosha-pisha Toshmurod polvonning oyoq-qoʻllarini, belini silab chiqdi.
— Xudoga shukr, oyoq-qoʻling butun ekan, — deya belbogʻini yechib, uning lablari orasida sizib chiqayotgan qonni arta boshladi. Toshmurod polvon esa hamon otidan koʻz uzolmasdi.

Suyunboy tipirchilab yotgan Qorakoʻzning boʻynini ushlab koʻrdi.
— Boʻyin tomiri uzilganga oʻxshaydi... Hay, ot boʻlsa topiladi. Oʻzing omon qolganingga shukr qil, ukajon!

Qorakoʻzning oyoq siltashlari tobora sekinlashib, mudom yoshlanib turuvchi ma’noli koʻzlari xira tortib borardi.

Arqonga osilib pastga tushgan Qoʻchqor bakovul Qorakoʻzni sinchiklab koʻzdan kechirgach, vazmin bosh chayqadi.
— Otingizning qayta oyoqqa turishi qiyin, Toshmurodboy. Menimcha, buni tezroq soʻyish kerak! Boʻlmasa...
— Shart emas, — dedi Toshmurod polvon ogʻir xoʻrsinib.

Qorakoʻzning jon talvasasidagi harakatlari tobora susayib borardi. Nihoyat, u qolgan-qutgan kuchini toʻplab soʻnggi bor oʻrnidan turishga urinib koʻrdi. Zoʻriqqanidan butun tanasi titrab ketdi. Xiyolgina koʻtarilgan boshi yerga «shilq» etib tushdi. Shu kuyi butunlay tinchib qoldi.
— Oʻldi, jonivor...

Toshmurod polvon hayotining bir boʻlagiga aylanib qolgan sevimli otidan ajralganiga ishongisi kelmasdi. U yana bir muddat Qorakoʻzga umidvor termulib oʻtirdi. Soʻng taqdirga tan bergandek, asta oʻrnidan qoʻzgʻoldi.
— Beshim... nomard Beshim, — dedi u oʻziga oʻzi gapirayotgandek nadomatli ohangda. — Niyatingga yetding-a!

Toshmurod polvonni jarga itarib yuborib, oldi-ortiga qaramay joʻnab qolgan Beshim chavandoz bu payt qirdan oshib, koʻzdan gʻoyib boʻlgan edi.

* * *

Shu voqeaning ertasiga Rahmat qassob Qashqa doʻnonini gijinglatib Mangʻitliga kirib keldi. Toshmurod polvon bir-ikki bor gaplashgandayoq uning koʻnglida kiri yoʻq, hamiyatli odam ekanligini payqagan edi. Shu bois uni ochiq yuz bilan qarshi olib, mehmonxonaga boshladi. Dasturxon ustida ham ancha vaqt oʻtgan-ketgandan gurunglashishdi. Ammo qizlari orqali ayttirib kelgan Suyunboy mehmonga unchalik ruyxush bermay, qovoq solib oʻtirdi.

Rahmat qassob gapni aylantirib kelib, kechagi voqeaga taqadi. Qudasi bu qilmishi bilan beshquduqliklarning ham yuzini yerga qaratibdi. Odamlar undan xafa emish. Beshimning oʻzi ham jahl ustida qilib qoʻygan ishidan pushaymon boʻlib, uydan eshikka chiqolmay yotgan emish...
— Bu gaplarni qoʻying, Rahmat aka, — dedi Toshmurod polvon uning gapini boʻlib. — Boʻlar ish boʻldi. Men undan xafa emasman...

Shundan soʻng Rahmat qassob ham choʻzib oʻtirmay, muddaoga koʻchib qoʻya qoldi.
— Bu ishni shunday qoldirib boʻlmaydi, Toshmurodboy, — dedi u jiddiy qiyofada. — Qishloq oqsoqollari bilan maslahatlashib, uvol ketgan otingizning xunini toʻlashga qaror qildik.

Toshmurod polvon achchiq ustida mehmonni behurmat qilib qoʻymaslik uchun labini tishladi.
— Toshmurod birovning sadaqasiga zor boʻlib qolgani yoʻq, — dedi Suyunboy jahl bilan. — Siz ham izzatingizni biling, ogʻayni!
— Vaqtida chorasini koʻrmasak, shu voqea sabab, Beshquduq bilan Mangʻitlining oʻrtasiga sovuqchilik tushishi mumkin, — dedi Rahmat qassob ham boʻsh kelmay. — Toʻy-toʻychigʻi, bozori bilan mozori bir boʻlgan ikki qishloq odamlari bitta otni deb bir-biridan tumshuq burib yursa, yaxshi boʻladimi?

Rahmat qassobning dalili mantiqli edi. Toshmurod polvon unga biror ma’nili e’tiroz bildirolmadi. Najot kutgandek Suyunboyga yuzlandi.
— Siz oraga elchilikni qoʻshib, mugʻombirlik qildingiz, qassob, — dedi Suyunboy ham bir parda past tushib. — Buyogʻiga men bir narsa deyolmayman. Nima qilsa, Toshmurodning oʻzi biladi.

Boshqa gapga oʻrin qolmadi. Shundan soʻng dasturxonga fotiha oʻqilib, tashqariga chiqishdi. Rahmat qassob Qorakoʻzning oxurida yemish kovshayotgan Qashqa doʻnonning mayin yolini silab, sagʻrisiga shapatiladi.
— Bu bilan sovrin-povrin olsangiz, bizniyam esdan chiqarmassiz, Toshmurodjon, — deya zoʻrma-zoʻraki jilmaydi u. — Turishini qarang! Ot koʻrganim yolgʻon-ey...

Oʻsha kuni Rahmat qassob Qashqa doʻnonning egar-jabdugʻini yelkalagancha Beshquduqqa piyoda joʻnadi. U keta-ketguncha qudasining goʻriga gʻisht qalab soʻkib ketdi.

* * *

Rahmat qassob Toshmurod polvonnikida qudasi haqida sal mubolagʻa bilan gapirgan edi. Aslida, Beshim chavandoz oʻz qilmishidan unchalik ham afsuslanayotgani yoʻq edi. Qishloq kayvonilarining Toshmurod polvonga otining xunini toʻlash haqidagi qarori ham unga yoqmadi. Ayniqsa chollarning Qashqa doʻnonni berishga kelishganlarini eshitib, tepa sochi tikka boʻlib ketdi.

Toʻriq qashqa ming zoʻr ot boʻlgani bilan vaqti kelib undan ham davr ketishi aniq. Uning naslidan boʻlgan Qashqa doʻnon esa kuch-quvvatga toʻlib, kun sayin yetilib kelmoqda edi. Ot izini toy bosar deganlariday, jonivor hademay yaxshigina uloqchi otga aylanishi aniq. Buni yaxshi bilgan Beshim chavandoz bir-ikki yildan soʻng uni oʻzi minishni chamalab qoʻygan edi. Ammo kutilmaganda bu niyati sarobga aylandi. Oʻlganning ustiga tepganday, Qashqa doʻnon kelib-kelib ashaddiy raqibi Toshmurod polvonga nasib etib turibdi. E, bu shoʻrtumshuq sagʻirdan qutuladimi-yoʻqmi!..

Eng alam qiladigani, koʻpkaridagi voqea sababli Beshim chavandozning tili qisiq edi. Shu sabab koʻz oʻngida yuz berayotgan voqealarni jimgina kuzatib turishga majbur edi.

Quduq boshida Toʻriq qashqani choʻmiltirayotgan Beshim chavandoz shu haqda oʻylagan sari dardi-dunyosi qorongʻi boʻlib bormoqda edi. Sal narida esa kechagina Qashqa doʻnonni Toshmurod polvonning qoʻliga topshirib kelgan Rahmat qassob qovoq uygancha uning harakatlarini zimdan kuzatib oʻtirardi. Beshim chavandoz bor alamini undan olmoqchi edi-yu, ammo shu topda qudasining ham fe’li aynab turganini sezib, tilini tishladi. Shu taxlit ikkalasi ham ancha vaqt churq etib ogʻiz ochishmadi.
— Toshmurod Qashqa doʻnonni indamay olaverdimi? — deb soʻradi Beshim chavandoz nihoyat dagʻal ohangda.
— Qayoqda! Boshida yoʻq deb oyoq tirab turib oldi. Oʻrtaga elchilikni qoʻshganimdan keyin noiloj qoldi. — Rahmat qassob Beshim chavandozga qattiq tikildi. — Oʻylashimcha, sizniyam ayaganga oʻxshadi. Koʻnglida kiri yoʻq, moʻminqobilgina yigit ekan.
— Noiloj qolgan emish, — deya zaharxanda kuldi Beshim chavandoz. — U shunday nasldor otdan kechadigan darajada vallomat emas! Sizam gapga toʻn kiydirib gapirmasangiz, koʻnglingiz joyiga tushmaydi.
— Xafa boʻlmang-ku, sizda tantilik oz, — dedi Rahmat qassob dona-dona qilib. — Koʻpkaridayam zoʻrdan-zoʻr chiqadi...
— Oʻsha sagʻir mendan zoʻr ekanmi?! — Gʻazabdan boʻzarib ketgan Beshim chavandoz ilkis ot yuvishdan toʻxtab, Rahmat qassobga yeb qoʻygudek tikilib, sensirab oʻshqira ketdi. — Bu gapingga noma’qulning nonini yebsan! Hali undaylarning oʻntasiga gap aytishga kuchim yetadi!.. Toshmurod desa hammangning ogʻzingdan bol tomadi! Qay goʻrdagi bahonalarni pesh qilib, minib yurgan otingni unga qoʻsh-qoʻllab tutqazib kelding! Hayf, senga shunday ot!

Uning zamzamalarini jimgina tinglagan Rahmat qassob sekin oʻrnidan turdi-da, vazmin qadamlar bilan uyiga yoʻl oldi.
— Arzandangga aytib qoʻy, jonidan umidi boʻlsa, koʻzimga koʻrinmasin, — deya uning ortidan baqirdi Beshim chavandoz. — Yana oyogʻimning tagida oʻralashsa, oʻziniyam sogʻ qoʻymayman!..

* * *

Navroʻz yaqin edi. Bir kuni Suyunboy Toshmurod polvonnikiga Nuraliboyni boshlab keldi.
— Bu kishi uchkapalik Nuraliboy boʻladi, tanisang kerak? — dedi u salom-alikdan soʻng. — Oldingga zarur ish bilan kelibdi.
— Keling, mehmon, — dedi Toshmurod polvon irgʻay sopli qamchisini hadeb etigining qoʻnjiga urib-urib qoʻyayotgan bu gʻalati yigitga sinovchan tikilib. — Qani, uyga...
— Uyingizda boshqa payt mehmon boʻlarmiz, polvon aka, — dedi Nuraliboy beparvo ohangda. — Shu desangiz, bizning bitta samanimiz bor... Oʻzi yaxshi ot-ku, lekin hech chopagʻonga yolchimayapti. Shu jonivorni oʻzingiz chopsangiz, devdim.
— Rahimboyning koʻpkarisida Beshim oʻsha samanni minib, sen bilan uloq talashuvdi, — deb gap qoʻshdi Suyunboy.
— Esladim, — dedi Toshmurod polvon. — Chaqqongina ot edi.
— Sinchilar ham shunday deyishadi, — dedi bu gap qulogʻiga moyday yoqib tushgan Nuraliboy kerilib.
— Nimaga samaningizni Beshimga choptirmayapsiz?
— Yuzi qursin uning! — dedi Nuraliboy nogoh achchiq narsa chaynab olgandek afti burishib. — Oʻshanda sizga uloqni oldirib qoʻyib, alamini bizning samandan oldi. Shuning kasriga jonivor bir muddat oʻsal boʻlib qoldi.
— Samaningizni men minsam, Beshim chavandoz koʻngliga ogʻir olishi mumkin..
— Beshimning menga ot boqishib qoʻygan joyi yoʻq! — dedi Nuraliboy qizishib. — Oʻsha nokas yuz-xotir qilishingizga arzimaydi. Uning sizga qilgan itligini hamma biladi!
— Bu gaplarni qoʻying, mehmon, — dedi Toshmurod polvon ogʻrinib. — Ot choptiraman desangiz, chavandoz koʻp...

Nuraliboy najot kutgandek Suyunboyga umidvor termuldi.
— Seni hurmat qilib shuncha joydan izlab kelibdi, noumid qaytarma, — dedi Suyunboy.
— Yoʻq demang, polvon aka, — dedi Nuraliboy yalinchoq ohangda. — Kelasi chorshanba kuni Hisorsoyda katta koʻpkari boʻladi. «Shu koʻpkarida samanimni Toshmurod polvonga choptiraman» deb ogʻzikattalik qilib qoʻyuvdim. Yuzim shuvit boʻlmasin...

Toshmurod polvon ilkis hushyor tortib, Nuraliboyga yuzlandi.
— Hisorsoyda, deysizmi?
— Hisorsoy deganlari tupkaning tubida emas, — dedi uning bu holatini oʻzicha tushungan Nuraliboy battar tashvishlanib. — Otda jadallab yurilsa, bir maydonda yetish mumkin.
— Beshimning u yoqlarda adashgan iti yoʻq, — dedi Suyunboy ham. — Sen ikkilanmay boraver.

Ochigʻi, Nuraliboyning gap-soʻzlari-yu, oʻzini tutishi Toshmurod polvonga yoqmadi. Uning samanini chopishga ham unchalik ishqiboz emasdi. Chunki shu choqqacha Beshim chavandoz chopib yurgan otni minishga koʻngli tortmayotgan edi. Ammo koʻpkari Hisorsoyda boʻlib oʻtishi haqidagi gap uni oʻylantirib qoʻydi. Nuraliboyga nima deb javob qilishni bilmay, bir muddat ikkilandi. Yaqinda onasi bilan boʻlgan suhbat esiga tushdi...

Oʻsha kuni Toshmurod polvon soʻrida oʻtirib, koʻpkarida kiyadigan nugʻayi etigini yamash bilan ovora edi. Katta qizlari va Roʻzixol momo qaergadir chiqib ketishgan, Saodat ayvonda xamir qorimoqda edi. Sochlari jamalak qilib oʻrilgan Oysuluv ham onasining yonida oʻtirib olib, bir parcha xamirdan jajji kulchalar yasashga urinardi.

Shu payt ichkaridan chaqaloq yigʻisi eshitildi. Juvoldiz bilan etikdan ip oʻtkazayotgan Toshmurod polvon koʻz qiri bilan xotiniga qaradi. Qoʻllari xamirga belangan Saodat nima qilishni bilmay shoshib qoldi.
— Borib, ukangning beshigini tebratib tur, qizim, — dedi u Oysuluvga koʻzi tushib. — Ishimni tugatishim bilan menam boraman.
— Yoʻq, — dedi Oysuluv oʻjarlik bilan. — Kulchalarimni tezroq yopmasam, xamiri achib qoladi.

Chaqaloq yigʻisi avjlandi.
— Bidirlamay tezroq bor, deyman!
— Oʻzingiz boring, — boʻsh kelmadi qizcha ham. — Oybahorning qorni ochqagan. Tezroq uni emizing.
— Mushtday boshi bilan aql oʻrgatadi, bu tentak qiz...

Toshmurod polvon miyigʻida kulib qoʻyib, oftobada qoʻlini yuvdi-da, ichkariga yurdi. Saodat uning maqsadini tushunib, yana ishiga unnadi.

Toshmurod polvon xona oʻrtasida turgan beshikning yopqichini ochdi. Uyni boshiga koʻtarib yigʻlayotgan jajji qizaloq shu zahoti yupanib, yosh halqalangan munchoqdek koʻzlarini otasiga tikdi. Toshmurod polvon iljaydi.
— Ona qizim...

Qizaloqning munchoq taqilgan loʻppi qoʻllarini boʻshatib, barmogʻining uchi bilan avaylab uning koʻz yoshlarini artdi. Jajji Oybahor timirskilanib, otasining oʻzi tomon egilgan yuzini siypaladi. Goʻdakning yoqimli hidi dimogʻiga urilib, Toshmurod polvonning yuragi orziqib ketdi. Beshikka osilgan qoʻngʻiroqchani jiringlatdi. Qizaloq endigina milklarini yorib chiqa boshlagan tishlarini koʻrsatib ma’sum jilmaydi.
— Ie, tishchalaring koʻrinib qolibdi-ku, — dedi Toshmurod polvon xursand boʻlib. — Endi sengayam xoʻrozqand olib kelaman.

Shu payt Roʻzixol momo shoshib uyga kirdi. Toshmurod polvon ungʻaysizlanib oʻzini chetga oldi.
— Bu erka qiz otasiga arzi-hol qilayaptimi? — dedi Roʻzixol momo chaqaloqni beshikdan yechib olaturib. — Yumronqoziqday qarab turishini buning.

Roʻzixol momo qizchaning kiyimlarini kiygiza boshladi. Onasining gaplarini iljayib tinglab oʻtirgan Toshmurod polvon nigohini chetga oldi. Beshikdan ozod boʻlgan chaqaloq esa kampirning quchogʻida betinim tipirchilardi.
— Qanot qoqmay tek tur, ajina, — deya yolgʻondakam poʻpisa qildi Roʻzixol momo unga. — Tavba, qoʻldan yasab qoʻyganday otasiga oʻxshaydi-ya!.. Shuncha ishni qilgan Xudoyim shugina goʻdakni oʻgʻil qilib yaratganda, qaniydi.

Toshmurod polvon jim edi...

Roʻzixol momo chaqaloqni kiyintirib boʻlgach, oʻgʻlining qoʻliga tutqazdi.
— Mayli, qiz boʻlsayam, berganiga shukr, — dedi beshikni tartibga keltirayotib. Nimadir esiga tushgandek «yalt» etib oʻgʻliga qaradi. — Aytganday, kecha Norbuvi xolaning qirqida bir gap eshitib qoldim, bolam. Hisorsoy tomonlarda Oʻgʻilbuloq degan chashma bor emish. Kimki niyat qilib, uning suvidan ichsa, Xudo unga oʻgʻil berarmish.
— Gap-da, ona, — dedi Oybahorni soʻzsiz, imo-ishora bilan erkalab oʻtirgan Toshmurod polvon jiddiy tortib.
— Shu uydayam oʻgʻil bolaning yigʻisini eshitib oʻlsam, armonim yoʻq edi. Senda na aka, na uka bor... Oʻgʻil bola otaga suyanchiq boʻladi.

Roʻzixol momo beshik ichidan tuvakni olib tashqariga chiqdi. Toshmurod polvon onasining ortidan mahzun qarab qoldi. Soʻng qoʻllarida tipirchilayotgan qizchasini yuqoriga irgʻitib erkalata boshladi:
— Ona-a qizim! Xushtala-xushtala...

Toshmurod polvon oʻsha kuni indamay qoʻya qolgan boʻlsa-da, onasining bu gapi uning yuragiga choʻgʻ solib qoʻygan edi. U shu kunlarda biron arzirli bahona topib, Hisorsoyga oʻtib kelish haqida oʻylab yurgan edi. Oʻgʻilbuloqqa borish uchun qulay fursat tugʻilgani uchungina Nuraliboyning taklifiga koʻnishga majbur boʻldi.
— Mayli, otingizni chopaman, — dedi Toshmurod polvon nihoyat bir qarorga kelib. — Siz bilan Hisorsoyda uchrashamiz.
— Aldamayapsizmi?..

Toshmurod polvon Nuraliboyni endi koʻrayotganday unga ajablanib tikildi.
— Mayli-mayli, — dedi qovun tushirganini anglagan Nuraliboy xijolatdan qizarib. — Men Hisorsoyga eldan burun borib, sizni kutib turaman.

* * *

Toshmurod polvon chorshanba kuni tong boʻzarmasdan Suyunboyning otini minib yoʻlga tushdi. U Oqcheva tarafdan aylanib oʻtadigan katta yoʻldan yurmay, Chalqaymish adirlarini tikka kesib chiqadigan yolgʻizoyoq soʻqmoqqa burildi. Qir-soy oralab oʻtgan yoʻlda biroz qiynalgan boʻlsa-da, choshgohga qolmay baland togʻlar etagidagi Hisorsoy qishlogʻiga yetib keldi.

Hisorsoyning kunchiqar tarafidagi ikki tomoni chuqur zov bilan oʻralgan sayxonlikni qishloq ahli supa deb atashar edi. Qishloqning bayram-sayillari, koʻpkarilari mana shu joyda oʻtar edi. Toshmurod polvon ilgari ham bir-ikki marta Hisorsoyga kelib uloq chopganligi bois toʻgʻri supaga chiqib bordi.

Toʻyning qiroshini yeb chiqqan otliq, piyoda odamlar toʻp-toʻp boʻlib supaga oqib kelishmoqda edi. Bir gala yosh chopagʻonlar allaqachon solimni boshlab yuborishibdi.

Toshmurod polvon izlay-izlay Nuraliboyni topdi. U supaning yuqori tarafida tarlon baytalning egarida qiyshayib oʻtirgancha, yonidagi uch-toʻrt otliq bilan gurunglashib turardi. Nechundir Toshmurod polvonni koʻrib dovdirab qoldi.
— Siz ham keluvdingizmi, polvon aka? — dedi oʻgʻirlik ustida qoʻlga tushgandek tevarakka alang-jalang termulib. — Endi kelmassiz deb oʻylovdim...
— Samaning qani? — deb soʻradi Toshmurod polvon uning oʻzini tutishidan ajablanib.

Nuraliboy hech narsa demay uni supaning bir chekkasiga boshladi. Xoliroq joyda qorachadan kelgan bir oʻspirin tanish saman otni qorovullab oʻtirardi.
— Men hozir kelaman, — dedi-yu, Nuraliboy tarlon baytalini niqtab koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Toshmurod polvon uning ortidan qarab qoldi. U Nuraliboyning bezovtaligi sababini tushunolmay hayron edi. Ammo nima boʻlganda ham endi ortga qaytishning iloji yoʻq. Birovga va’da berdimi, ustidan chiqishi kerak...

Toshmurod polvon otini bir chekkaga bogʻlab, paxtalik nimchasi bilan noʻgʻayi etigini kiydi. Kiyimlarini xurjunga joylab, oʻrnidan turdi.

Koʻpkari boshlanishini sezib bezovtalanayotgan samanni egarlab mindi. Davra sari intilgan otning jilovini kuch bilan tortib qoldi. Saman adl koʻkka sapchidi. Bu manzarani koʻrib, oʻspirinning quvonchdan koʻzlari chaqnab ketdi.
— Zoʻr-a! — dedi u gʻurur bilan. — Naq osmonga uchib ketaman deydi!

Toshmurod polvon miyigʻida kulib qoʻydi. Soʻng bir narsa yodiga tushgandek tevarakka alangladi.
— Nuraliboy koʻrinmay qoldi?
— Akam anavi tomonga ketuvdi, — dedi oʻspirin yelka qisib. — Kelib qolar...

Toshmurod polvon samanning jilovini oʻsha tomonga burdi.

Davraga yetay deganida Nuraliboy oldidan chiqdi.
— Bir uzrimiz chiqib qoldi, polvon aka, — dedi u koʻzlarini olib qochib. — Koʻpkariga Beshim chavandoz ham kelgan ekan. Samanni oʻzim chopaman deyapti...

Qaerdandir paydo boʻlib qolgan Beshim chavandoz Toshmurod polvonning yonida shartta Toʻriq qashqaning jilovini tortdi.
— Otdan tush! — dedi u gʻazabdan junbushga kelib.

Bunday boʻlishini kutmagan Toshmurod polvon nima qilishni bilmay, dovdirab qoldi. Madad kutgandek Nuraliboyga termuldi. Ammo undan sado chiqmasdi.
— Qachondan beri birovlarning sarqiti bilan kun kechiradigan boʻlib qolding, betiqora! — deya avjlandi Beshim chavandoz. — Xomitib oʻldirgan qirchangʻingning oʻrniga zotdor ot berib ham sendan qutulmaymanmi?!

Ularni jimgina kuzatib turgan odamlar orasida shivir-shivir boshlandi.
— Bu qanday gap boʻldi?! — deb alam, iztirob zalvoridan peshonasidan sovuq ter chiqib ketgan Toshmurod polvon samanni Nuraliboyga niqtadi. — Nimaga indamaysan?!

Nuraliboy uning vajohatini koʻrib qoʻrqib ketdi.
— Samanni kim chopsayam menga farqi yoʻq... Ikkovingiz kelishib oling.

Nuraliboy tarlon baytalining jilovini burib, odamlar orasida koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Toshmurod polvon otdan qanday tushib, davradan qanday chiqib ketganini ham bilmaydi. Achinish, kinoya, hayronlik aks etgan nigohlar uni kuzatib qoldi.
— Oʻl bu kuningdan!..

Beshim chavandozning bu gapi olislardan kelayotgandek, uning qulogʻiga elas-elas eshitildi...

Toshmurod polvon pista, bodom daraxtlari quyuq oʻsgan toshloq dara oralab ancha vaqt yurdi. Nihoyat, choʻk tushgan tuya shaklini eslatuvchi ulkan xarsang toshga duch keldi. Oʻgʻilbuloq deganlari ana shu toshning tagidan jildirab oqib chiqib, sal naridagi hovuzchaga quyilar ekan.

U otini shu atrofdagi archa shoxiga bogʻladi. Egnidagi paxtalik nimchasi bilan etigini yechib, chashma suvida yuz-qoʻlini yuvdi. Soʻng hovuzga engashib, uning suvidan simirdi. Totli buloq suviga qoʻshilib vujudiga allanechuk kuch-quvvat oqib kirayotgandek, yengil tortdi. Yuragida toshdek choʻkib yotgan iztirobli hissiyotlar erib ketgandek, koʻksida yoqimli bir boʻshliqni his qildi.

Toshmurod polvon buloq boʻyidagi ajriqzorda choʻzilgan kuyi zangori osmon uzra ohista suzib yurgan bulutlarga termulib yotdi. Soʻng asta koʻzlarini yumdi. Shu topda uning oʻzi ham xayolan koʻkda parvoz qilmoqda edi...

* * *

Oradan bir yil oʻtdi. Shu vaqt ichida Toshmurod polvon biron marta uloq chopmadi. Hatto, koʻklamda hamqishlogʻi usta Oʻsarning koʻpkarisida ham koʻrinmadi. Dastlab odamlar mangʻitlilik kamsuqum chopagʻonni bot-bot eslab turishardi. Ba’zilar esa u haqda har xil gap-soʻzlarni toʻqib-bichishardi. Emishki, Toshmurod polvon hamon hayf ketgan otini unutolmayotgan emish. Hatto, kimgadir, Qorakoʻz oʻlib, bizdanam davr ketdi, endi qaytib uloqning yaqiniga yoʻlashgayam yuragim betlamaydi, deb arzi hol qilibdi...

Vaqt oʻtishi bilan bunaqa gap-soʻzlarning ham tafti pasaya boshladi. Davralarda gurillab yurgan paytlarida keldi-ketdi arimay yotgan xonadoni ham endilikda sokinlashib qolgan edi. Koʻpkarining zavqiga berilib ketgan odamlar uni unuta boshlashdi.

Sayisxonada ancha yetilib, kuchga toʻlgan Qashqa doʻnonning tagini tozalayotgan Toshmurod polvon shular haqida oʻylarkan, miyigʻida kulib qoʻydi. Oʻlmagan qul koʻraverar ekan-da, degan fikr kechdi xayolidan. Ochigʻi, u hech kimga Qorakoʻz oʻlib, oʻzidan davri-davron ketgani haqida arzi hol qilmagan boʻlsa-da, lekin bundan buyogʻiga qanday yoʻl tutishni ham bilmasdi. Qashqa doʻnon tigʻi charxlangan shamshir kabi tobga kelgan, biroq uni minib uloq chopishiga nimadir monelik qilmoqda edi.

Oʻy-xayollarga berilib ketgan Toshmurod polvon oʻzi tomon kelayotgan Suyunboyni payqamadi.
— Hormang, Toshmurodboy, — dedi Suyunboy uch-toʻrt qadam narida oyoq ilib.
— Salomat boʻling. Keling, Suyunboy aka.
— Rahmat qassobning Qashqa toyi rosa yetilibdi, — dedi Suyunboy kinoyali ohangda. — Endi jonivorni bemalol qoʻshga solsang ham boʻlaveradi.
— Qiziq gapirasiz-a, Suyunboy aka, — deb kuldi Toshmurod polvon. — Shunday otga omoch sudratsak, uvol boʻlar.
— Qoʻshga qoʻshmasang, koʻpkariga solmasang, buni soʻqimga boqayapsanmi? — dedi Suyunboy ovozini bir parda koʻtarib.

Toshmurod polvon Qashqa doʻnonning ustiga kigizdan tikilgan oʻramani yopib, ayilini tortdi.
— Ana shu-da, — dedi javob kutib bir muddat uning ogʻzini poylagan Suyunboy hafsalasi pir boʻlib. — Koʻpkari desa, bu kishining labiga uchuq toshadi! Bulturdan beri uloq chopishniyam yigʻishtirib qoʻydi.
— Koʻnglingiz toʻq boʻlsin, Suyunboy aka. Hali koʻpkaridan umidimizni uzganimiz yoʻq. Vaqti kelsa, yana choparmiz.
— Vaqti qachon keladi?! Yoshing bir joyga borib, soqoling selkillagan chol boʻlganingdami?

Toshmurod polvon sukut saqladi.
— Sen bu yoqda «uy qizi« boʻlib oʻtiraver, u yoqda Beshim koʻpkarining sovrinini olib, burni tanqayib yuraversin. Senga shu kerak-da oʻzi! — dedi u battar jigʻibiyron boʻlib. Toshmurod polvon birdan jiddiy tortdi. Suyunboy gaplari unga ta’sir qilganligidan ruhlanib, biroz yumshadi. — Kelasi jumada koʻktoʻnlilik Sarman choʻpon koʻpkari berayapti. Sovriniga toy aytmoqchi ekan. Ukkagʻar Beshim halitdan, »Sarman choʻpon toychoqni biznikiga keltirib bogʻlab qoʻyaversin», deb ogʻzikattalik qilib yurgan emish...
— Beshim chavandoz lafzida turadigan odam, — dedi Toshmurod polvon oʻychan qiyofada. — Shunday degan boʻlsa, soʻzining ustidan chiqadi.
— Bormaysanmi?!
— Bu gaplarni qoʻying, Suyunboy aka. Qani, uyga... Choylashamiz.
— E, senga yalingan men ahmoq!

Suyunboy qoʻl siltagancha ortiga burilib ketdi.

Toshmurod polvon uy tomon yurdi. Hovli suv quygandek jim-jit edi. Oshxonada kuymalanayotgan Saodat oftoba bilan sochiq koʻtarib chiqdi. U yana homilador, oy-kuni yaqin edi...

Toshmurod polvon jimgina yuvindi. Xotini uzatgan sochiqqa artina turib, beixtiyor uning doʻppayib turgan qorniga qarab qoʻydi. Saodat besaranjomlanib, keng-moʻl nimchasining etagini tortdi.
— Nimaga mendan oʻzingni olib qochasan, Saodat? — dedi Toshmurod polvon unga mehr bilan tikilib. — Bir uyda yashaymizu, xuddi begonalarga oʻxshaymiz.
— Bu kishining oldida tilim qisiq... Koʻziga qarashgayam uyalaman...

Saodat ma’sum qiyofada yerga qaradi. Iztirobli bir hissiyot Toshmurod polvonning yurak-bagʻrini simmillatib oʻtdi.
— Unday dema, Saodat! — deb uni avaylab bagʻriga bosdi. — Oʻzingni qiynama...

Saodat chuqur xoʻrsinib, erining koʻksiga bosh qoʻydi.
— Qoʻrqayapman! — dedi mijjalariga yosh qalqib.
— Xavotirlanma, hammasi yaxshi boʻladi, — dedi Toshmurod polvon taskin ohangida. — Men hech qachon sendan domongir boʻlmaganman. Seniyam, qizlarimniyam yaxshi koʻraman. Bu gal ham peshonamizga yozilgani boʻladi!
— Bu kishiga oʻziga oʻxshagan polvongina oʻgʻillar tugʻib bermoqchi edim...

Saodat chuqur tin oldi. Uning yoshlik latofati ketib ulgurmagan chiroyli yuzida allanechuk umidsizlik aks etgan edi. Toshmurod polvon xotinining ohunikidek yirik-yirik, tim qora koʻzlariga termulib qoldi. Undan bir xushxabar uqqandek, beixtiyor jilmaydi...

* * *

Toshmurod polvon ertalab odatdagidek qoʻradagi qoʻylarini yaylovga haydadi. Qishloq adogʻidagi yantoqzorga qoʻylarini oʻrdirib yubordi-da, choponini yerga toʻshab yonboshladi.

Biyday dashtga sukunat choʻkkan edi. Tiyramohning mayingina oftobida toblanib yotgan Toshmurod polvonni yana uy-xayollar ogʻushiga oldi. Bir yil burun Chorshanbiboyning koʻpkarisida yuz bergan voqea xayolida jonlandi.

Mana, u uloqni taqimiga bosgancha Qorakoʻzni yeldirib ketayapti. Jonivor marra sari goʻyo qanot bogʻlab, uchadi...

Daf’atan koʻz oʻngida Beshim chavandozning gʻazabdan burishib ketgan basharasi paydo boʻldi.

Toshmurod polvon Qorakoʻz bilan jarlikka qulayapti... Hozirgina jon bergan Qorakoʻzning mudom yoshlanib turuvchi ma’noli koʻzlarida bir tomchi yosh qotib qolgan...

Oy-kuni yaqinlashib qolgan Saodat unga mungʻayib qarab turibdi...

Ichkaridan chiqib kelgan Roʻzixol momo labini tishlagancha supa ustidagi oftobani olib, yana sekin uyga kirib ketdi...

Toshmurod polvon iztirobli xotiralar changalidan xalos boʻlish ilinjida asta oʻrnidan turib oʻtirdi. Olisda elas-elas koʻzga tashlanib turgan Qoʻngʻirtov tomonlarga xazin tikildi. Koʻzlaridan ikki tomchi yosh sizib chiqdi...

Ortiq bu yerda oʻtirolmadi. Choponini qoʻltiqlab, yantoqzor tomon yurdi.

Qishloq tarafdan chiqib kelgan uch-toʻrt otliq orasidan Suyunboy ajralib chiqib, unga yaqinlashdi.
— Ha, Toshmurodboy, qoʻy boqib yuribsizmi?
— Qoʻy boqib yuribman, Suyunboy aka, — dedi Toshmurod polvon allanechuk oʻksik ohangda. — Sizlar... Sizlarga yoʻl boʻlsin?

Suyunboy uning holatini koʻrib ajablandi.
— Sarman choʻponning koʻpkarisiga borayapmiz. Uloq chopmasak ham, tomosha qilib kelamiz-da, bizlar.
— Aytganday, bugun koʻpkari bor-a, — dedi Toshmurod polvon nimadir yodiga tushgandek siniq jilmayib.
— Emasa, biz boraylik, Toshmurodboy.

Toshmurod polvon indamay qoʻya qoldi. Suyunboy yana nimadir demoqchi boʻlib ogʻiz juftladi-yu, fikridan qaytib, ortiga burildi.
— Choʻx, jonivor!..

Tushga yaqin Toshmurod polvon qoʻylarini haydab kelib, qoʻraga qamadi. Hovlida hech kim koʻrinmasdi. Shu payt ichkaridan Ziyoda shoshib chiqib keldi.
— Singillaring qani, qizim?
— Oʻgʻiloy ularni Nazira yangamnikiga olib ketuvdi, — dedi Ziyoda yerga qarab. — Onamning sal mazasi yoʻq... Irisgul momoni chaqirib kelish uchun ketayapman.

Toshmurod polvon gap nimadaligini tushundi. Uyga kirishini ham, ortiga qaytishini ham bilmay, serrayib turib qoldi. Soʻng bir qarorga kelib, sayisxona tomon yurdi.

Qashqa doʻnon odatdagidan bezovta edi. U tinimsiz pishqirib, qoziq atrofida aylanar, ba’zan asabiy tarzda kishnab, koʻkka sapchirdi.

Toshmurod polvon oxur chekkasiga omonatgina choʻkib, otning harakatlarini befarq kuzatgansib oʻtirardi. U sirtdan xotirjam koʻringani bilan oʻzini qoʻyarga joy topolmas, yuragida allanechuk qadrdon, iztirobli bir hayajon harakatga kelgan edi...

Saodatning toʻlgʻoq azobidagi zaifgina faryodi eshitila boshlaganida u ilkis uyqudan uygʻongandek sapchib oʻrnidan turdi. Tezgina Qashqa doʻnonni egarlab, egarga sakrab mindi-da, sagʻrisiga qamchi bosdi. Ot ham shuni kutib turganday, oʻqdek oldinga otildi.

Irisgul momo bilan shivirlashib nimanidir muhokama qilayotgan Roʻzixol momo shovqinni eshitib, deraza pardasini xiyol koʻtargan kuyi tashqariga moʻraladi.
— Tinchlikmi, momojon? — deb soʻradi toʻshakda parishon choʻzilib yotgan Saodat bezovtalanib. — Nima dupurladi?
— Toshmurodjon ot minib oʻtdi, qizim, — dedi Roʻzixol momo pardani zichlab yopa turib.
— Oʻgʻlingiz qayoqqa ketdi?
— Koʻpkariga ketdi, bolam, koʻpkariga! — dedi Roʻzixol momo xotirjam ohangda.

* * *

Baland qirlar poyidagi keng-moʻl maydonda koʻpkari avjida. Uloq ustida ulkan izdihom dengizdek chayqaladi. Qirlarning ustida qaldirgʻochdek tizilishgan tomoshabinlar chavandozlarning xatti-harakatlarini diqqat bilan kuzatishadi.

Birdan davra jonlandi. Beshim chavandoz uloqni taqimiga bostirib, izdihomdan ajralib chiqdi. Payt poylab turgan chetgirlar uning oldini oʻrab chiqishdi. Ammo Beshim chavandoz ustalik bilan ularga chap berib, ilgarilab ketdi.
— Halol! — deya ovoz berdi Qoʻchqor bakovul. — Beshquduqlik Beshim chavandozning zoti halol!..

Hozirgina davradan uloq ayirib chiqqan Beshim chavandoz badani jiqqa terga botgan qorabayirdan tushib, jilovini yonida turgan koʻktoʻnlilik Sodiqboyga tutqazdi.
— Bugun oting bilan uch marta zot taqim qildik, yetadi. Buni chekkaga chiqarib, yaxshilab sovut.
— Sovrinniyam bizning qorabayir bilan ayirsangiz, devdim, Beshim aka...
— Yoʻq, Sodiqboy. Jonivor ancha toliqdi, pand berib qoʻyishi mumkin. Sovringa oʻzimning Toʻriq qashqani asrab qoʻyganman.

Shu payt Rahmat qassob tagidagi qizil biyani qichab, ularning yoniga yetib keldi.
— Bir gap aytsam, ishonmaysiz, qudaboy, — dedi u xalloslab. — Hozirgina Toshmurod polvon kelib, uloqqa qoʻshildi.
— Nima? Toshmurod? — deya soʻradi Beshim chavandoz hayron boʻlib. — Hazillashmayapsizmi, qassob?
— Oʻzim koʻrdim! Tagida bizning Qashqa doʻnon. Oʻziyam, jonivor otmisan ot boʻlibdi-da. Naq tuyoqlarining tagidan uchqun sachraydi-ya!
— Toʻriq qashqa qani? — deya baqirdi Beshim chavandoz sabrsizlik bilan tevarakka alanglab. — Tezroq olib kelinglar!..

Bu paytda Toshmurod polvon oʻziga qiziqish bilan tikilib turgan odamlar koʻz oʻngida Qashqa doʻnonni davra sari niqtar, ammo ot izdihomga kirishdan qoʻrqayotgandek, sarkashlik bilan ortga tisarilardi. Ketma-ket urinishlari naf bermagach, u noiloj oʻzini chetga oldi. Odamlar orasida shivir-shivir boshlandi. Kimdir eshitarli ovozda «Toshmurod ham manziligi yetib kelibdi!» dedi.
— Meni sharmanda qilma, jonivor! Choʻx!

Oriyatning zoʻridan terlab ketgan Toshmurod polvon otning sagʻrisiga ustma-ust qamchi tushirdi. Bunday muomalaga oʻrganmagan Qashqa doʻnon jon achchigʻida izdihomga oʻzini urdi. Keng, baquvvat umgani bilan otlarni chetga surib, uloq tomon intildi.

Toshmurod polvon davra oʻrtasiga yetib ulgurmay, Beshim chavandoz uloqni ayirib chiqdi. Qoʻchqor bakovulning tanish hayqirigʻi yangradi:
— Halol! Beshquduqlik Beshim chavandozning zoti halol!..

«Sinalmagan otning sirtidan oʻtma» deb bekorga aytishmagan ekan. Shu kuni Toshmurod polvonning Qashqa doʻnonni yoʻrigʻiga yurgizishi qiyin boʻldi. U bir amallab oʻrtaga kirib, endi uloqqa engashganida hali katta davralarning havosini olib oʻrganmagan jonivor hurkaklik bilan oʻzini chetga olar edi. Ancha vaqt urinib bir ishning uddasidan chiqolmagach, Toshmurod polvon tavakkal qilganidan afsuslana boshladi.

Bu orada koʻpkari oxirlab, Qoʻchqor bakovul soʻnggi zotni e’lon qildi:
— Sarmanboy koʻpkarisining sovriniga gijinglagan saman toy atagan. Kim olsayam, halollab olsin!

Davra bir zumda talotoʻp boʻlib ketdi.

Toshmurod polvon bu oʻzi uchun soʻnggi imkoniyat ekanligini ich-ichidan his etib turardi. Noayon bir kuch uni olgʻa undadi. Qashqa doʻnon ham uning holatini his etgandek ortiqcha qaysarlik qilmay, davraga oʻzini oʻrdi. Nihoyat, Toshmurod polvon engashib, uloqning oyogʻidan qoʻshqoʻllab ushladi. Biroq otlar oyogʻi ostida toptalib yotgan uloqni yerdan uzib olish oson emasdi. Shu payt Toʻriq qashqani minib olgan Beshim chavandoz boʻron qoʻpgan dengizda suzib yurgan ulkan kema kabi chayqalgancha davra oʻrtasiga yetib keldi...

Bir muddatdan soʻng ikkalasi davradan ajralib chiqishdi. Yuzlab otliqlar ularning orqasidan ergashdi. Oldini oʻrab chiqqan chetgirlar jon-jahdi bilan uloq talashib ketayotgan raqiblarga yaqinlashishning chorasini topolmay, yonma-yon ot qoʻyib borishardi. Asta-sekin ular ham ortda qola boshladi...

Beshim chavandoz ilkis uloqni siltab tortdi. Bunday holatga ilk bor duch kelgan Qashqa doʻnon qalqib ketdi. Muvozanatni yoʻqotgan Toshmurod polvon uloqni qoʻyib yuborib, otning boʻyniga yopishdi. Oʻzini oʻnglab olgach, yana oldinga intildi. Uni koʻrib, Beshim chavandozning afti burishib ketdi. Uloqni narigi tomoniga oshirmoqchi edi, ulgurmadi; Toshmurod polvon chaqqonlik bilan uloqning poychasiga chang soldi.

Boshi uzra oq yalov hilpiratib turgan suvoriygacha boʻlgan masofa tobora qisqarib bormoqda edi.

Beshim chavandoz bilan uloq tortishib borayotgan Toshmurod polvonning koʻz oʻngida oʻziga mungʻayib termilib turgan homilador Saodatning ma’sum qiyofasi jonlandi. Da’fatan tasavvurida bot-bot tushlarida koʻrgan, peshonasidagi qashqasi yulduzdek porlab turgan chiroyli saman toychoq namoyon boʻldi...

Toshmurod polvon tanasiga allaqanday bir kuch yogʻilayotganini his qildi. Uloqning poychasini changakdek siqib turgan qoʻllarining tomiri boʻrtib chiqdi. Uloqni shiddat bilan tortib, otini yonga burdi.

Beshim chavandoz jon holatda uloqqa yopishdi. Toʻriq qashqa oʻz naslidan dunyoga kelgan, navqiron tanasidan tiyiqsiz kuch-quvvat yogʻilib turgan Qashqa doʻnonning shiddatiga dosh berolmay, ildizi bilan qoʻporilgan keksa chinor kabi gursillab yerga quladi. Uzangidan oyogʻini chiqarishga ulgurmagan Beshim chavandoz otning tagida qolib ketdi.

Toshmurod polvon «qora»ga yetib, uloqni yerga tashladi. Suvoriy shu zahoti boshi uzra koʻtarib turgan yalovni pastga tushirdi.
— Halol! — deya hayqirdi orqada ot qoʻyib kelayotgan Qoʻchqor bakovul. — Mangʻitqishloqlik Toshmurod polvonning zoti halol! Saman toyni olib kelinglar!..

Yerparchin boʻlib yiqilgan Toʻriq qashqa jon holatda oʻrnidan turib ketdi, uning egari yon tomonga ogʻib qolgandi. Boshidan telpagi uchib ketgan Beshim chavandoz aftodahol qiyofada yerda behush choʻzilib yotardi. Toshmurod polvon tezgina otdan tushdi-da, chopib borib, uning gavdasini oʻngladi. Beshim chavandozning behisob chandiqlar bilan qoplangan dagʻal chehrasida goʻyo qachonlardir mohir haykaltarosh tomonidan oʻyib ishlangandek mudom oʻzgarmaydigan gʻazab va nafrat alomatlari izsiz yoʻqolib, oʻrnini ma’sum bir osoyishtalik egallagandi.

Toshmurod polvon koʻksida bir iliqlik his qildi. Bilinar-bilinmas paydo boʻlgan bu harorat vujudiga yoyilib, uni boʻshashtirdi. Koʻzlari qum tiqilgandek achisha boshladi. Shu topda u yoshlikda yoʻqotgan qadrdon joʻrasini qayta topganini ich-ichidan his qilmoqda edi.

Beshim chavandoz asta koʻzini ochdi. Sal oʻziga kelgach, Toshmurod polvonning quchogʻidan xalos boʻlib, choʻnqayib oʻtirdi.

Oʻz erkiga qoʻyib berilgan Qashqa doʻnon nariroqda harakatsiz zingrayib turgan Toʻriq qashqaga yaqinlashib, uning tumshugʻini iskaladi. Toʻriq qashqa ham boshini koʻtarib, uning boʻyni, yolini hidladi. Soʻngra ikkalasi loʻkillab nari ketdi.

Bu manzarani loqayd kuzatib oʻtirgan Beshim chavandoz beixtiyor Toshmurod polvonga qaradi. Ularning nigohlari toʻqnashdi. Beshim chavandoz undan koʻzlarini olib qochdi.

Toshmurod polvon oʻrnidan turib, unga qoʻlini uzatdi.
— Tur oʻrningdan, Beshim.

Beshim chavandoz nima qilishni bilmay biroz ikkilandi, madad kutgandek tevarakka alangladi. Nihoyat, bir qarorga kelib, Toshmurodning qoʻlidan tutdi.

* * *

Toshmurod polvon shu kuni koʻpkaridan saman toy yetaklab qaytdi. U biyday dasht oralab oshigʻich uyiga ketib borarkan, bot-bot yetovidagi zotdor toyga qarab qoʻyar edi. Unga tikilgan sari koʻzlari toʻymasdi. Peshonasidagi qashqasi yulduzdek charaqlab turgan saman toy unga juda tanish edi. U mudom tushlarida shu toyni yetaklab yurardi...

Qishloq chekkasidagi qadrdon xonadoniga yaqinlashgach, Toshmurod polvon otining jilovini tortib, umid, xavotir aralash oʻsha tomonga tikilib qoldi. Uzoq kutilgan xushxabarni aytib, suyunchi olish ilinjida yoʻliga ilhaq koʻz tikib oʻtirgan qizlari shodon qiyqirishib u tomonga yugurishdi. Uy ichidan chiqib kelgan Roʻzixol momo ham yosh boladay ularning ketidan ergashdi.

Toshmurod polvoning chehrasi yorishdi. «Choʻx, jonivor!» deya otini niqtadi. Qashqa doʻnon yoʻrtib ketdi.

Peshonasidagi qashqasi yulduzdek charaqlab turgan saman toy ham yugurishga tushdi. Uning shamol bir maromda hilpiratib oʻynayotgan kumushrang tusli mayin yoliyu uzun dumi suvoriyning boshi uzra baland koʻtarilgan yalovni eslatib yuborardi.