OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGʻayratli Sher
Asar nomiOʻzimdan chiqqan balo (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Gʻayratli Sher
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oʻzimdan chiqqan balo (hajviya)
Gʻayratli Sher

Zimdan kuzatsam, birin-ketin uylanib, boʻyniga olaxoʻrjin tushayotgan joʻralarim tamoman boshqa odamga aylanib qolishyapti. Ulfatlarga ortiqcha qoʻshilish yoʻq, kechqurunlari koʻchaga chiqish cheklangan, qadrdonlarning yaxshi kunlariga sherik boʻlish uchun nari borsa bir soatcha vaqt topiladi.

Ana shunday kamnamo boʻlib qolayotgan ogʻaynilarga bir-ikki pisanda qilgan edim, ularning hammasi bir xilda javob qaytarishib, gapni qisqa qilishdi:
— Sen hozirdan katta gapirma. Hali uylangin, oʻshanda koʻramiz!

Shu sabab boʻldi-yu, vaqti kelib uylansam, turmush oʻrtogʻim bilan bu borada alohida kelishib, iloji boʻlsa oilaviy kuchga ega boʻlgan «shartnoma» tuzib qoʻyishni koʻnglimga tugdim. Dangʻillatib toʻy qilib, kelin bolani eson-omon «ostonasi tillodan» deb ta’riflanadigan hujrachamizga olib kirganimdan keyin, nikohning birinchi kechasi xayolimda pishitib qoʻygan shartnomamning bandlari bilan ne xayollar ogʻushida qalt-qalt titrayotgan yostiqdoshimga tanishtira boshladim. Oilaviy munosabatlarimiz mutlaqo «demokratik tamoyillar»ga asoslanishi, roʻzgʻorda er-xotinning teng huquqliligi, mabodo kimda biror yerga, aytaylik, uchrashuvga, konsertga, choyxonaga, oshnalarnikiga, xullas, mumkin boʻlgan joylarga borish ehtiyoji tugʻilsa, oʻzaro e’tiroz bildirmaslik, boʻlar-boʻlmasga rashk qilmaslik, dimogʻ-firoqqa izn bermaslik shartnomamizning asosiy mazmunini tashkil etar edi.
— Siz nima desangiz shu, — dedi xotinim shartlar bilan tanishgach.

Uning naq oʻzimbop ekanligidan, ayni vaqtda erga itoatkorligidan birda xursand boʻlsam, birda gʻururlandim. Xullas, xotinimning taklifiga binoan shartnomaga «Istisnolar, tasodiflar, favqulodda holatlar» degan yangi bandlarni kiritdik. Chillamiz chiqquncha, odatlarimizga rioya qilib, shartnomaga ehtiyoj sezmadik. Kelishuvimizga koʻra, bu «hujjat» qirq kun chilla saqlaganimizdan soʻng rasman amalga kirdi.

Avvaliga rosa maza boʻldi. Ishonsangiz, qirq kun ichida «uyqizi» boʻlib qolgan ekanmiz, nuxtasini uzgan novvosday, ketma-ket oshnalar bilan ulfatchilik qildik. Bugun tugʻilgan kun, ertaga gap, indinga «yuv-yuv», uning ertasiga «bosh ogʻriq», undan keyin yana bir balo oʻylab topiladi...

Ammo oʻn-oʻn besh kundan keyin bunaqa maza-bemaza koʻngilxushliklar jonga tegdi chogʻi, hamma joʻralar oʻzi bilan oʻzi ovora boʻlib, choyxonadagi oshxoʻrliklar keskin kamaydi. Boz ustiga, yotib yeganga togʻ ham chidamas, degandek, nazarimda, koʻpchilik davradoshlarimizning choʻntaklarida shamol oʻynay boshladi.

Biroq, aksiga olib, xotinimning yurishlari tobora koʻpayadigan boʻlib qoldi. Hali u yoqqa, hali bu yoqqa. Har ketganda kun kech boʻlmaguncha qaytay demaydi. Ishdan gʻijimlangan gazetadek boʻlib qaytganimda na osh-ovqatning tayini bor, na uydagi saranjomlikning. Bu ham yetmagandek, topgan-tutganimning deyarli hammasi xotinimning «bordi-keldi»siga ketadigan boʻldi. Alam qiladigani, oʻzim oʻylab topgan shartnoma meni emas, koʻproq xotinimning foydasiga ishlayotgandi. Pora yegan boshliqday tilim qisiq, xumori tutgan chilimkashdek boshimni qayerga urishni bilmay qoldim...

Ishxonamda yumushlar bilan oʻralashib, bu mojarolarni picha unutgandek edim, telefon jiringladi. Koʻtarsam, xotinim.
— Begim, oʻzingizmi?

«Obbo, — deyman oʻzimga oʻzim, — «begim-begim»lab jonimni olmasa goʻrgaydi...» Asabim qoʻzisa-da, qoʻrslik qilmadim. Xotinim maqsadga koʻchdi:
— Bugun qizlar bilan dugonam Lolaxonni koʻrgani tugʻruqxonaga bormoqchiydik. Baraka topgur, oʻgʻil tugʻibdi...
— Lolaxoningiz oʻtgan oy tugʻuvdi shekilli, — dedim oʻzimni bazoʻr tutib. — Inkubatormi, nima balo?
— Nega unaqa deysiz, begim, — xotinim xotirjam davom etdi. Uning beparvoligiyu, oʻzimning boʻshangligim birday jahlimni qoʻzgʻardi. — Oʻtgan oy A’loxon tugʻuvdi, qiz. Ozroq pul bersangiz, devdim...

Endi chidolmadim, dilimdagini tilimga chiqardim:
— Xonim, dugonalaringiz ham, yurishlaringiz ham jonimga tegdi! Qachon biz ham odamlarga oʻxshab xotirjam yashaymiz?
— Men nima qilay, begim? Axir, oʻzingiz...

Xotinim nima demoqchiligini ilgʻab, gapini choʻrt kesdim:
— Gap tamom! Hech qayerga chiqmaysiz. Uyga borganimda ovqat tayyor boʻlsin, men hech narsani bilmayman!

Jahl bilan goʻshakni taraqlatib qoʻydim. Kechqurun boʻshashgancha uyga qaytdim. Hech qayerga qarab boʻlmaydi, hamma narsa ostin-ustun, qozon suvda, xotinimning oʻzi yoʻq. Xunobim oshib, bunaqangi betayin shartnomani oʻylab topgan kunimga la’nat aytib, oʻzimga oʻzim yemak tayyorladim. Bir mahal qarasam, nonushta qiladigan xontaxtamiz ustida bir parcha qogʻoz turibdi. Darrov oʻqishga tushdim: «Begim, shartnomangiz shartlarini siz unutgan boʻlsangiz ham, men unutganim yoʻq. Gapingizda turing endi. Ha, aytganday, boya Mutavali Sotvoldi qassobnikiga «sabzi toʻgʻrar»ga aytib ketuvdi. Bemalol boravering, ozroq ichib kelsangiz ham mayli, e’tirozim yoʻq. Axir, oʻrtada shartnoma bor...»

Ichim qizib, koʻchaga chiqdim.