OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGʻozi Rahmon
Asar nomiDunyo asbobi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Gʻozi Rahmon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm29KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/12/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Dunyo asbobi (hikoya)
Gʻozi Rahmon

«
Agar kishi Iso kabi yukini koʻchaga olib chiqqanda ham, igna uning yoʻlini toʻsishi mumkin. Zero igna dunyo asbobidir.
Jaloliddin Rumiy
»

Bu mangu obod maskan Hisor togʻlaridagi Hazrati Sulton, Xoʻja pirpiroq choʻqqilarining etagida, ular bagʻrida erimay yotadigan, yaxmalak yopunchugʻi sariq saraton oftobidagina zoʻr-bazoʻr koʻz yosh toʻkkanida uning gʻoyat musaffo shahdu shiddatini bir tomonda hamisha oftobga tikilib yotadigan Muqanna gʻoridan tortib, narigi tarafdagi Samarqand dalalarini ham fayziyob etar, bor boʻyi bilan Yashil vodiyga intilgan chashmalar jon rishtasi kabi yetib borgan joyini gullatib, yashnatib yotadi. Shukrona ulki, Tangri taolo haybatidan qoʻrqib, qoqilgan qoziqday qaqqayib turib qolgan Hisor – qoʻrgʻonli togʻning oʻngu soʻlida abadiy sukunat emas. Bu xilqat gung va soqov boʻlgani bilan oʻz bagʻriga Qaqnus kabi ilohiy zotlarni, boylik, shonu shavkat, dabdabali hayotni hech, deb bilib, Uvays kabi yoʻqlik qa’ridagi mangu borliqqa intilib, Tangriga doʻst tutingan aziz-avliyolarni imlab chaqirgani tasodifiy emas. Eng qizigʻi, ummonida yutishga tayyor yuho nafsini yengib, oʻzini anglashi hamono Yaratganning dargohiga tobora yovuqlashgan avliyo zotlar aynan shahri azim yoki dashtu biyobonga emas, Kurrayi Zamindan yuksak boʻlgani bilan Falak va Koinot hukmdoriga anchayin yaqin togʻ-toshlar, gʻorlar bagʻriga umtilgani bor gap.

Asli gʻilonlik, keyinchalik Boshqofda yashagan Mulla Qosim Boshqofiyni oladigan boʻlsak, ul zot «Dil ba yoru dast ba kor» maqomida ish tutib, oddiygina xivchindan savat-gajava toʻqish hunari bilan tirikchilik qilib, tosh toqatu toat-ibodati bilan «Kalom» ilmini egallab, talab vodiysiga sayru sayohat qilib, yuz yoshining yuzini koʻrib, pirlik maqomiga erishdi. Shayx foniy dunyodan oʻtganidan keyin ham, uning xilxonai-tuprogʻini ham koʻzga toʻtiyo qildilar. Tangrining xohish irodasi bilan Shayxning jonini tark etgan tanasi qabrga kirgach ham, Olloh zikrini aytishdan tinmadi. Zikri samo gulxani har oqshom lovullab yonib, qabr tuprogʻini qaynatib, kuydirib, la’l-yoqutga aylantirdi. Uning tuprogʻi Tangri dargohiga olib boradigan yoʻl ustida boʻlgani uchun Davri Qiyomatgacha yoʻqlab turiladigan boʻldi. Bulbul toʻrt-beshta tuxum qoʻyib, bola ochib, bor-yoʻgʻi bittasi sayroqi bulbul boʻlib yetishib, qolgani jirtaki qush boʻlib ketganiga ishonadigan boʻlsak, Shayxning uch-toʻrtta farzandi ham oddiy tirikchilik girdobiga singib ketib, otadan meros mahzumlik ham ularning belini mayishtirib yubordi. Olti yoshligida otasidan saboq olib, oʻn yetti yoshida qorilik martabasiga erishgan kenja oʻgʻil A’lam Boshqofiy inchunun tiriklik deya yigirma yoshida uylanib, bir oʻgʻil, bir qizlik boʻlganida oilasi bilan Sibirga badargʻa qilindi. Salkam oʻn yil surgun azobi uning jufti halolini ham, ikki norasida goʻdaklarini ham bagʻridan yulib oldi.

Berganiga ham, olganiga ham ming bora shukrona aytib, faqat Kalom sehru-sinoatiga suyanib yashagan A’lam Mahzum qishlogʻiga qaytib kelganida soch-soqolini qirov qoplagan, endi qirqdan oshgan boʻlsa ham, qaddi qomati asoning boshiday ta’zimga chogʻ-lanib ulgurgan edi. Qishloqdoshlar uni qoʻyarda qoʻymay tengu-toʻshidan orqada qolib ketgan, endi hur qizlik sari yuz burib turgan namozxon bir qizga uylantirib qoʻyishdi. Mahzum ham otasi kabi azizlik dargohiga yoʻl olib, uning qulfi kaliti darvozasini ochib, endi bu dargohga boʻylamoqchi boʻlib turganida ajal paykonidan otilgan oʻqqa nishon boʻlib, jonini jabborga topshirdi. Xayriyatki, Mahzum otasi tuprogʻi yonidan joy oldi. Otani Vatan deydilar. Mahzumdan qolgan uchtagina zurriyodning birovi oʻgʻil bola edi. Ena tarbiyasini koʻrib, undan «Haftiyak» savodini olgan Abdulhamid xuddi otasi kabi esini tanigani hamono toat-ibodatga berildi. Lekin uning oʻsmirlik, balogʻat pallasida «Qizil» hukumat tazyiqi bilan eng chekka qishloqda ham namoz oʻqiydiganlar soni siyraklashib, yakkam-dukkam boʻlib qolgan, bu toifaga yotsirab qarash avjiga chiqib borayotgan edi. Shul boismi Abdulhamid oʻn yetti yoshida ariza berib, harbiyga ketdi. Xuddi otasi kabi Novosibir oʻrmonida yogʻoch kesish gavdasi kichik, ammo miltiqning oʻqiday shipillaydigan mulla yigitchaga ham nasib etdi. Bunday xizmat hech kimga naf bermaydigan, uch yillik umrni behuda oʻtkazishdan boshqa narsa boʻlmasa ham, Mahzumning biroz boʻyi choʻzildi, oq yuzi badtar oqarib, qosh-kipriklari baayni qunduznikiday yaltirab, qoraydi. Mahzum xizmatda har qancha qiyinchilik boʻlsa ham besh vaqt namozu, roʻzani tark etmadi. «Oq qoʻyning goʻshtidan yemasang, bu yerlarning sovugʻiga chidash berolmaysan, oʻpkangni sovuqqa oldirib qoʻysang, bir umr ranging somon boʻlib oʻtadi» deya ichi achib, nasihat qilgan joʻralari, «churban, chyornыy, yeщ na zdorove» deya komandirlar tomonidan goʻyo rahm-shafqat pardasiga oʻralganu aslida ta’na dashnom va kamsitishdan iborat oʻgitlar unga kor qilmadi. Bu oʻziga xos soldat bir boʻlak nonu ikki boʻlak chaqmoq qandga goʻsht toʻla kosasini almashtirib, shunisiga shukr qilib yuraverdi. Bora-bora unga «bыvaet takoy verushiy» deya hech kim e’tibor bermay qoʻydi. Tojikzabon boʻlgani uchun rus tilini ham tez oʻzlashtirdi. Xizmatning ikkinchi yili oʻng oyogʻiga ogʻir yogʻoch tushib ketib, qirq kun kasalxonada yotib, sogʻayganidan soʻng ham unga javob berishmadi. Biroz yengilroq xizmat, yogʻoch taxta omboriga qorovullikka qoʻyishdi. Faqat farz namozlarini oʻqib yurgan Mahzum endi sunnat namozini ham toʻkis oʻqiydigan boʻldi. Kam-kam xoʻrak qilgani uchun ham tahoratni mahkam ushlar, tong payti oyogʻini yuvib, qalin paytavali etigini kiyib, besh vaqt namozni shinel ustida oʻqir, tez aytish kabi jadal oʻqilgan namozni birov bilib, birov bilmay qolardi. Niyat qilib yuz burgan tomonini qibla, deb oʻylaganidan Ka’batulloh ham oʻsha tarafdan boʻy koʻrsatar, chap yelkadagi gunoh yozadigan farishta bemajol harakatsiz qolar, oʻng yelkadagi farishtaning hisob-kitobiga baraka enib borardi.

Kolya Mahzum namoz soʻnggida nohaq ayblanib, Sibir koʻrgan begunoh ota jonining jannati boʻlganiga yuz foiz ishonsa ham, qisqa tilovat bilan yetti pushti, ayniqsa, shayxil mashoyax boʻlib oʻtgan bobojonini qoʻshib, duoyi xayr qilardi. Faqat shom namozi bundan mustasno. U har kuni bomdod namozidan forigʻ boʻlgach, chin dildan pichirlab «La ilaha illolloh» kalimasini ming marta takrorlar va buning savobini otajonining ruhi-pokiga bagʻishlar edi. Xullaski, Mahzum oʻz umrini behuda oʻtkazdi, deyish noqulay boʻlar, ammo musofirlik chin musulmonlik eshigining moʻ‘jazgina kalitini hadya etdi deyilsa, ma’qul boʻlar.

Ayni may quyoshi Miroqi togʻi etaklarini, zoʻrgʻa bir arava sigʻadigan toshli togʻ yoʻllarining atroflarini boshiga yalligʻ choʻgʻ qoʻndirgan alvon lolalarga toʻldirib tashlaganida, bir qoʻliga askar shapkasini olib, ikkinchi qoʻlida paner jomadon koʻtargan, onajonini tezroq koʻrmoq ilinjida shoshilib oʻrmalab ketayotgan harbiyni koʻrganlar Otincha ammaning oʻgʻli armiyadan qaytibdi-da, deya bir entikib quvonganlar ancha-mun-cha boʻlgani rost gap. Otincha amma – onaizor oʻgʻlim otasizligidan oʻksinmasin, deya yugurib-elib, qoʻshnisining bir ulogʻini qarzga olib, qon chiqardi. Oʻsha paytlar uch yillik armiyadan qaytish salkam urushdan sogʻ-omon qaytish bilan boʻylashar, kolxoz nochor boʻlsa ham Kolya Mahzumning «soldat toʻyi» uchun bir qozon osh damlab, toʻyga, deb ot qoʻyib chaqirgani koʻpchilikning yodida qolgan.

Endi buyogʻini eshiting. Indamaygina yurib yigirma ikki yoshni bosib qoʻygan ibodatgoʻy yigitning koʻngliga Tangri taolo ishqi allaqachon kirib ulgurgani va tobora zoʻrayib borayotganini kuzatib kelayotgan boʻlsangiz kerak. Tavba degulik, qishloqda chakana qoʻy-echki boqib yuradigan Hayit choʻponning shoʻx-shaddod qizi Gulbahorning ishqi ham joy talashmay kira qolganiga hayron boʻlarlik. Oʻsha kuni yozning yozilmagan pallasida Mahzum peshin namozini oʻqib, onajoniga rahmi kelib suvga yoʻl olgandi. Yolgʻizoyoq soʻqmoq toʻppa-toʻgʻri Burgut qoyaning naq kindigidan qiqirlab qaynab chiqadigan «Bibo» (tojikcha – yana keling) deb ataladigan chashma boʻyiga eltadi. Mahzum soʻqmoqdan marjon topib olmoqchiday yoʻlga tikilib ketaturib, boshiga mis koʻza qoʻygancha ikki qoʻlini qanot qilib, xayol surib kelayotgan Gulbahorga urilib ketib, har ikkisining ham esi ogʻib qolayozdi. Qizning boshidagi koʻza tushib, soʻqmoqda yonboshlab olib, ichidagi suv qiqir-qiqir qilib oqib yotganida, togʻ lolasidek kiyinib olgan qiz bir chimirilib oldi-da: «Pisar garang shudage yo suqir», deya yigitga qarab nolish va noz qilayotir. Qizning koʻzlariga yigitning koʻzi tushganda kechirim soʻrash oʻrniga tili tutilib, duduqlanib qolganiga nima deysiz? Yigit endi kipriklari bir-birini achomlab, qalb koʻzi bilan koʻra boshlagan yuragining tub-tubida bir pichirlash sado berayotgandi:

– Men bu qizni oʻn toʻrt yoshimdan beri har doim tushimda koʻraman. Ba’zan qiblaga yuzlanganimda ham joynamoz ustida paydo boʻladi. Bu xuddi oʻsha. Oʻshaning oʻzginasi.

Qiz koʻngli: – O, bunaqasi, qayda yurgandi? Bu jodu koʻzlar jonni oladi-ya. Anovi qaldirgʻoch qanotiday moʻylab ostidagi yoqut lablar chashmada urchigan zulukday buncha boʻsaxoʻr!.. Essizgina man goʻrsoʻxta, bekordan bekorga anovi xumkalla yigitga bor-yoʻgʻi bittagina nuqra uzuk olib bergani uchun ikki marta boʻsa berib, quchogʻiga kiribman. Voy, biyijon, man moʻram!..

Buni bir koʻrishda suyib qolish desak, andak xatoga yoʻl qoʻygan boʻlamiz. Suymoqqa yoʻyadigan boshqa bir iddao ham bor. Ular bir-birlaridan tamoman bexabar koʻz-koʻzga tushmay, tasodifan omadli oqqushlar kabi qanotlarini yozib kelib, oʻmganlari bilan bir-biriga urilgan ikki tarafning ham boʻrtgan koʻkraklari zarbidan ogʻizlar ochilib, beixtiyor «xih» deb yuborgan va bu ovozga omixta nafas toʻlqinlari zarb bilan uchrashgani ayni muddao boʻlib, yuraklardan ham avval balogʻatning muattar hidlari bir oniy visolga yetib ulgurganini aytmasdan boʻlmas. Ishqilib bu ikki jinsning tasodifan toʻqnashib ketishidan Hisor togʻ bagʻrida chinakam chaqmoq sodir boʻlmasa ham qisqa tutashuvdan chiqqan bir qatim uchqun ham pishib-qovjirab qolgan xas-choʻpni birdaniga olovga aylantirgani kabi ikki yurakni yondirishga qodir gulxanga aylangani rost. Boʻlmasa Abdulhamidday Xudojoʻy, dunyo koʻrgan yigit bor-yoʻq bisoti, onajoni, Gulbahor boʻlmaydi, oti chiqqan qiz, deya yalinib-yolborganiga qaramay «U boʻlmasa dunyodan toq oʻtaman», deya oyoq tirab olganini nima bilan baholash mumkin?..

Ochigʻi xuddi oʻsha nikoh lahzasidan boshlab, Abdulhamid (ya’ni Ollohning quli boʻlib, unga hamisha hamd-sano aytuvchi) bilan Borliqning egasi oʻrtasida botiniy parda hosil boʻlganini farishtalardan oʻzga hech kimsa sezmadi. Mulla yigit bir paytlar xuddi shaxmatga oʻxshab ketadigan bu oʻyinni oʻsmirlik chogʻida Aspiduxtar qishlogʻidagi machit ayvonida oʻynab koʻrgan edi. Chamasi bu oʻyin «Arshi a’lo» deb atalardi. Narda toshi kabi toʻrt burchakli toshda 1 dan 4 gacha raqam yozilgan boʻlib, taxta ustiga tashlaganda qaysi raqam chiqsa, oʻsha raqam joylashgan katakda «savob» yoki «gunoh» soʻzlari yozilgan boʻlib, «gunoh» katagida ilon va ilonchalar boʻlib, ularga tushgan yutilib, «gunoh» katagiga tushib ketar, agar raqamingiz «savob» katagiga toʻgʻri kelsa, unga qoʻyilgan narvon orqali yuqorilab, bora-bora Arshi a’loga yoʻl olishingiz mumkin. Yoki aksincha, oʻyin davomida omadingiz kelmasa, mayda-chuyda gunohlar qurshoviga tushib qolib, Oliy dargohga sira chiqa olmasligingiz ham mumkin. Abdulhamid ham xuddi oʻsha oʻyin maydoniga tushgan oʻyinchi kabi Olloh dargohidan koʻz uzmay, ammo tiriklik zavqi-shavqidan ham bebahra qolmay, hamma qatori sinov dunyosini gʻaribgina boshidan mardona kechirmoqqa bel bogʻlagan edi. Shoyadki, taqvoning barokotli qoʻli uning ham yoziqlarini oʻnglab yuborsa? Yo baxtki, Abdulhamidning chekiga tushgan pattaning savollari shu qadar ogʻir ediki, bu imtihondan eson-omon oʻtish tugul, unga koʻz qiring tushishi hamono oʻzingdan ketib qolishing hech gap emas.

Oʻshanda Abdulhamid qizning yengil tabiati haqidagi yaqinlarining, hatto onaizorining gap-soʻzlariga ham qayrilib boqmadi. Majnunning devonaligi, Laylining beqiyos ishqiga mubtalo boʻlganidan bizning mulla yigit ilon avragan chumchuq kabi Gulbahorga intilar, tahorat olib namozga chogʻlangani sajdayi zaminga egilgani hamono Gulning koʻzlariga toʻqnash kelar, tillari Ollohni ulugʻlashga chogʻlansa ham, yuragi titrab-entikib, uning nomini takrorlashdan charchamas edi.

Bu yil togʻda doʻlana moʻl boʻldi. Togʻolcha esa undan-da serob. Armiyada chiniqish maktabini yomon tugatmagan sobiq askar yulduzli kamarini belidan yechmay, amakisining qop-qora taxta eshigini va bir juft kajava savatini ijaraga olib, togʻ oralab doʻlana qoqib, shaharga optushib, koʻtara sotib, pulini olib qaytaverdi. Oshiqlik dardini boshidan oʻtkazgandan soʻra. Uylanaman degan yigitning gʻayrati joʻshib, oʻn yigitning kuch-qudratini oʻziga jamlab olishini hech kuzatganmisiz?. Ayniqsa, yoqtirgan qizingga «non ushatib» qoʻyishgan boʻlsa... Qahramonimiz jussasi kichikroq boʻlsayam, ilvirsday chapdastu chaqqonlik bilan ishga kirishib, onasini ham doʻlana terishga jalb qilib, bozorga qirq marotaba qatnab, toʻyga pul yiqqanini, qish-qirovli kunlarga qolmay bir uy, bir dahlizni paxsadan koʻtarib, archa yogʻochdan ustiga toʻsin tashlab, vassajuft terib, gʻarov qamish bilan yopib olganini, tep-tekis qilib shuvoqdan chiqarib, qoʻlbola eshik va rom oʻrnatib, oqlab chiqqanini, dahlizga albatta tashnob oʻrnatganidan bilsa boʻladiki, bu uy kelinposhshaga atalgan.

Togʻliklar toʻy dasturxoniga yegulik va ichgulikni moʻl-koʻl qilmasa ham, nikoh toʻyini eplab, e’zozlab, shodu xurramlik ila kashtasini keltirib oʻtkaza oladi. Moʻminqobil yigit bilan shaddod qizning toʻyi ham hech kimdan kam boʻlmadi. Lapar va oʻyinda, yor-yor aytishda, oyoq bosishda qiz tarafning yutib chiqqani koʻpchilikning yodida qoldi.

30-yilning «quloqlashtirish» davrida qizil hukumat «yot unsur»lardan tozalash tadbirida son ming oilalarni begona oʻlkalarga koʻchirib yuborgan edi. 50-yillardagisi burungisiga ancha oʻxshasa ham biroz yumshoq boʻlib, togʻli vodiylardan xavorga, faqat paxta ekadigan yangi yerlarga koʻchirishni boshladi. Endigina chillasi chiqib ulgurgan yosh oila ham koʻpchilik bilan yangidan tashkil etilgan paxtakor xoʻjalikka kelib joylashdi. Omadni qarangki, bir oilaga moʻljallab qurilgan turna qator uylar toʻdasi bir-biriga oʻxshar, nomerlab qoʻyilmasa adashib ketish hech gap emasdi. Bu xuddi oʻsha hammani majburan teng qilib bir xilda oʻylab, bir xilda bosh qotirishga da’vat qiladigan Qizil hukumatning azaliy taomiliga judayam yarashib tushgani qiziq.

Gulbahor birinchi farzandini tuman markazida ochilgan tugʻruqxonada topdi. U paytlar chaqaloq tugʻilganidan keyin birdaniga onasiga koʻrsatishmas, keyinroq emizdirib ketishsa ham alohida xonada saqlashardi. Yetti kunligida oʻgʻlini qoʻliga olib, Ramazon deb qulogʻiga azon aytib, ism qoʻyib boʻlgan. Ota koʻrdiki, bolasi aynan xabashga oʻxshash qop-qora. Tavba deyishdan oʻzga chora yoʻq. Hammamiz oq tanli, hech boʻlmagani ham bugʻdoy rang. Gulbahorning nasl-nasabida ham bunaqasi yoʻq. Bu kimga oʻxshadiykan? Yo qudratingdan! Gumon imondan ayiradi, deganlaridek, yosh otaning dushman koʻngliga nimalar kelmadi? Gulbahor xotirjam, uning bu holatini koʻrib, yosh ota ham bir toʻxtamga keldi. Ollohning irodasi, berganiga shukur! Ilk bora Azonni joriya aytgan Hazrati Bilolday musulmon boʻlsa bas. Oʻsha kuni Ramazonning oxirgi kuni edi. Ertasiga hayit. Abdulhamid hayit namozini oʻqib kelib, oʻz-oʻziga soʻz berdi: «Endi qolgan umrimni kunduzi roʻzadorlik bilan oʻtkazaman, Olloh oʻzi kuch-qudrat bersin!».

Gulbahor erining nega bunday qilganini qancha yalinib-yolvorib soʻrasa ham aytmadi. Abdulhamidni saratonda suvsizlikdan lablari tars yorilib ketar, tashnalik azobi yengay-engay deb xuruj qilardi. Xuddi shunday holat qattiq qish paytida ham sodir boʻlib, oq yuzlari koʻkarib, mijozi sovib ketar, bu qiynoqlardan baribir oʻtib ketaman, bolam oʻzimga oʻxshamasa ham oʻzim-oʻzimga oʻxshashim kerak, degan tushuncha jismi jonini egallab olgandi. U tirikchilik deya qishloq oʻrtasidagi paxta punktida qorovullik qilardi. Qirqdan oshib, qirchillama paytida nuroniy moʻysafid boʻlib qolgani uchun qishloqdoshlari toʻy-ma’rakaga, ayniqsa, azador joyga koʻproq aytar, mulla hech narsa ta’ma qilmay hokisor oʻtirib, duoyi fotiha oʻqir, ketishda nimani ep koʻrib qoʻliga tutishsa, koʻziga surtib olib, nafaqayi roʻzgʻor deb uyiga eltardi. Bu orada mullaning chalpakxoʻrlari 3 nafarga yetgan, toʻngʻichdan kichiklari otasiga ham, onasiga ham quyib qoʻyganday oʻxshardi. Katta oʻgʻil esa uydan koʻra koʻchani yaxshi koʻrar, bir ish qiladimi-yoʻqmi, daydib yurishni odat qilgandi. Bu orada roʻy bergan yana bir koʻrgulik mullani enasidan qayta tugʻilgandek qilib qoʻydi.

Gulbahor koʻchib kelgandan beri brigadir qoʻshnisining paxta dalasida ishlar, topgan-tutgani ketmon, tutolmagani armon boʻlib yashardi. Lekin uning bir tomoniga yangi qishloqlik hamma ayollar havas qilishar edi. Bu ayol uch bolaning onasi boʻlib, yana ketmonga boʻlsayam kelinchaklik davridan qolgan har doimgi odati ertalab va kechqurungi pardoz-andozini tashlamas edi. Uning maydalab oʻrilgan qirq kokili ishlagan paytida qoshiga chambarak qilinmasa, turgan-bitgani malol. Ikki zulfining qarmoqi gajaklari, oʻsma va surmaga toʻyingan qosh-koʻzlar yolgʻonchi soʻqir dunyoning koʻzlarini ochib qoʻyishga qodir. Uni eridan qoniqmay, brigad bilan don olishadi, deguvchilar haqu nohaqligini isbotlash minnatidan yiroqda. Er ham nimanidir sezganday boʻladi-yu, koʻz bilan koʻrib, qoʻl bilan ushlab olmasa, nohaq tuhmatga aylanadi, deya oʻzini ishontirishga urinadi.

Zamoni kelib, paxtani «qoʻshib yozish» boshlanganda, ba’zi birovlarning nafsi oʻpqoniga aylanib, bosar-tusarini bilmay qoldi. Qoʻshni brigad ham oʻsha kasofatdan quruq qolmagan edi. Choʻntagi suyaksiz goʻsht kabi lugʻur pul koʻrganidan har kuni burni qizarib yuradigan, biroq qoshi kabi qalin moʻylovi badtar kattarib, qulogʻi tagini qitiqlaydigan boʻlib qolgandi. Harom luqma – harom hissiyotni tarbiyalab, urchitib beradi. Yana bir naqlni eslash joiz: «Funajin koʻzini suzmasa, juvona ipini uzmaydi». Har ikkisini ham unutmagan holda aralashish nojoiz boʻlsa ham, bu oqshomgi voqeadan ogoh etishga jazm qildik.

Brigad kecha kechqurun plani yarim boʻlsa ham, avans puliga paxta punktidan «koʻpik» sotvolib, rejani bajargan, yoʻq paxtaning yarim pulini choʻntakka olib, shaharga tushgan, zahri qotildan besh-oʻn qultum yutib, bozor oralagan, bir kiyim xon atlasu farangi atirdan sotvolib, uyiga kelmay, kech boʻlishini kutib, Gulbahorning uyidan chiqishini poylagan. Gulbahor koʻcha boshidan bittayu-bitta joʻmrak quvurdan suv olgani kelganida sovgʻa-salomni topshirgan, qoq yarim kechada qoʻyningga kiraman, deya izini qumga solgandan keyingi Gulbahor oʻziga keldi.

– Yoʻgʻ-e, erim bilib qolsa nima boʻladi? Bolalar-chi, kattarib qolgan. Aytsa nima boʻladi, kattasi qoʻyvoradi... Xotinim bormi-yoʻqmi, demaydi. Kunduzi roʻza tutib, kechasi qorovullik qiladi. Mijoziyam kun ba kun sovib borayapti. Meniyam tanim bir qoʻrgʻon, gul qoʻrgʻon, uniyam birov qoʻriqlab turishi kerak. U kishim boʻlsa yoʻq paxtani qoʻriqlab tong ottiradi. Uzun kechalarda tong ottirish qanday qiyin? Faqat qoravoyim bilib qolmasa boʻldi.

Abdulhamid shuncha yildan beri pokiza yurib, toat-ibodat qilsa ham, gʻayb ilmidan bexabar edi. Biroq qorovulxonada xufton namozidan keyin uzundan-uzoq duoi xayr qilib, oʻrnidan turayotganda yuragi allanechuk gupurib ketdi. Ayni shu paytda suyukli xotin ham, qoʻshnichilik tufayli bir-birovidan kamida ikki haqi bir «moʻmin va moʻmina» ham xiyonatning iflos toʻshagi tomon intilayotgan, eng qizigʻi ularga xalaqit beradigan birorta yovvoyi kuch bu yorugʻ dunyoda koʻrinmayotgan edi. Hovli bilan punkt orasi odimlasa ming qadamga yetmaydi. Hech narsadan bexabar qorovul yaqinda bozordan olgan talgʻir hoʻkizchasi ipga oʻralib qolmadimi, deya xavotir olib, uyiga yoʻl olganida, paxta ortgan traktorlarning ham qadami uzilgan, qoq yarim kecha boʻlgani uchun koʻchadagi elektr chiroqlari ham oʻchib qolgandi. Abdulhamid qoʻlidagi xitoy fonarini yoqib, toʻgʻri molxonaga bordi-yu, hoʻkizchadan xabar oldi. Oxuriga xashak tashlab, yelkasini qashlab qoʻydi. Xotirjam iziga burilib, indamay chiqib ketsa boʻlardi. Negadir oshxona tomonga oʻtib, bir krujka suv olib ichmoqchi boʻldi. Yo tavba, ichkarida erkak va ayol ovozi. Pardalar tushirilib ingichka sham yoqib qoʻyilgan shekilli, gʻira-shira yorugʻ xiyonatning zil-zambil yukini koʻtarolmay butun uyni, hovlini ham zulmat chohi sari sudramoqchi boʻladi. Fonar yorugʻida begona erkakning brezent etigi ham, xotini uyda kiyadigan kovushi ham alkashib bir-biriga mingashib turardi.

– Bu oʻsha, enagʻar hamsoya brigad! Xah, kusfurush, xotintaloq, oʻzingniki yetmaganday endi tortinmay menikiga keldingmi?! Endi bularni joyida «harom shayit» qilib oʻldirmoqdan boshqa iloj yoʻq!

Saratonda ham, qahratonda ham nafs jilovini mahkam tutib yuradigan zot, har ikki nafsi undan doimiy norozi boʻlsa ham, ruhi va jismiga oʻchakishmoqchi boʻlgan shaytoni la’inning boʻynini har lahzada sindiradigan odamning qarori toʻgʻriga oʻxshab koʻrinadi.

Xullaski, mulla xizmat chogʻida aloqa qilib turadigan bor-yoʻgʻi ikki raqamni terib, navbatchi xodimga ulandi-da, «Ikki odamni jinoyat ustida tutib oldim, toʻppa-toʻgʻri paxta punktiga yetib kelinglar», deya tayin qildi. Keyin xotirjam boʻlib, qoʻshtigʻdan oʻqni olib, kamarga joylab, tashqariga chiqib kutib turdi. Toʻgʻrisi, bu musicha kabi beozor mullani tumanda kattayu kichik birday tanir, izzattalablikdan holi boʻlgan nurli yuziga qarab koʻngli yorishar, ayniqsa, melisalar uning gap-soʻziga oʻziga ishonganday ishonardi.

Hash-pash deguncha ikki xodim beli bogʻliq mashinada yetib kelib, xizmatga tayyorligini aytishdi. Ular birgalashib mullaning hovlisiga yetib kelib, ichkari kirganda fahsh toʻshagida andarmon juftlik gʻaflatda qolib, yarim-yalangʻoch titrab-qaltirab, bosh egib turardi. Qiyomatli qoʻshnichilikning naq yuragiga tigʻ sanchgan brigadirning qoʻlini orqaga bogʻlashib, boʻlimga olib kelishdi. Gulbahor esa bor boʻyi bilan oʻzini mullaning oyogʻiga tashladi. Mulla etagini qoqib «osmondagi yulduzcha taloq» deya kufr soʻzni aytib yuborsa boʻlardi. Lekin bunday qilmadi.

– Bilasan, haromdan judayam hazar qilaman, – deya gul oʻrnida badboʻy hid chiqaradigan qora qoʻngʻizni koʻrganday jirkanib, etagini bir siltab tashqariga otildi.

Har narsaning davosi vaqt. Oradan qirq kuncha vaqt oʻtdi. Mulla oʻsha nobakor qoʻshnining sudiga ham bormadi. Javobgar bor-yoʻgʻi oʻn besh sutka «mehmon» boʻlib qaytib keldi. Biroq u qaytganda xotin, bola-chaqasi butunlay toqqa – ota-onasinikiga ketib qolgan, qancha yalinib-yolvorib borsa ham uyga qaytmaganidan mulla kabi kulbasida yolgʻiz tunab, ichkilikdan bosh koʻtarmay qolgandi. Brigadirlikdan esa haydab yuborishdi. Oradan ikki-uch oy oʻtib «qoʻshib yozish» jinoyati ham ochilib ketib, qamoqqa olindi-yu, oʻsha yoqlarda qiynoqqa dosh berolmay olamdan oʻtdi.

Ayol shoʻrlik bola-chaqa deb har narsaga koʻnadi. Gulbahor yigʻlab-sixtab qayta-qayta bosh egib, erining huzuriga bordi. Mullaning tosh qotgan yuragi erimadi. Oxirgi borishda mulla ayolning afti-angoriga zimdan qaradi. Ozib-toʻzib ketibdi. Bevaqt ajinlar, sochlariga oq oralagan, pardoz-andozdan darak yoʻq, usti boshi ham nochor, roʻzgʻordan qiynalayotgan boʻlsa kerak.

– Anovi hoʻkizchani sotinglar-da, roʻzgʻorga yaratinglar, oʻzinggayam, bolalarga ham issiq kiyim-bosh olinglar. Oylik maoshimni olsam yana pul yuboraman. Endi mening oldimga kelma!

Gulbahor hech narsa deya olmay oʻkirib-oʻkirib yigʻlab ketdi...

Oradan uch yumalab uch oy oʻtganda qorovulxonaga loʻli ayol keldi. Qizigʻi, uning qoʻlida toʻrvasi ham, tayogʻi ham yoʻq edi. Qoʻlida sumkacha, kiyinishi esa epini keltira olmagan. Bir qarashda xuddi Gulbahorga ham oʻxshab ketadi. Yo tavba, Gulbahor tilanchiga aylanib kelmadimi, ishqilib...

– Mulla aka, mana eshiting, bitta gap aytaman, jahlingiz chiqmasin...

Abdulhamid shoshilib choʻntagini kovlay boshladi.

– Yoʻq, yoʻq, man xayr soʻrab kelmadim. Ay, mayli, Xudoning yoʻliga bitta soʻm bersangiz boʻladi. Iloyi baraka toping. Mulla aka, mani bir katta folbin Xumor degan ammam bor. Oʻtgan yili oʻzidan-oʻzi fol ochib, bitta gap aytgan edi, man ishonmagan edim. Xotiningizning oti Gul, Gul, Gulbahormidi? Mana endi oʻzingizni koʻrib chippa-chin ishondim. Tugʻuruqxonada maning bacham sizning bachangizga almashib ketgan. Jon mulla, shu bachalarni qaytarish qilsak. Bizning otamiz ham shunga qistayapti.

– Man, man hali roʻzgʻorda emasman, bilmadim...

– Buld-e... Ertaga bachani opkelib koʻrsataman...

«Aytdima, oʻylovdima, Gulbahor bu habashni qaerdan orttirdi». Mulla ich-ichidan allanechuk boʻlib oʻrtanib ketdi. Ertasi kuni loʻli bachani oʻz koʻzi bilan koʻrgach esa, toʻla iqror boʻldiki, bu oʻzining bolasi. Quyib qoʻyganday oʻzining yoshligi. Biroq Ramazonga oq sut berib katta qilgan Gulbahor nima deydi?

Ha, Gulbahor qaysarlik qildi. Bolalarni almashtirib olishga qoʻymadi. Chunki Abdukarim loʻli xotinni emib katta boʻlgan. Undan orlanib turardi. Oʻgʻil bolasi turmaydigan shoʻrlik ayollar oʻgʻil tuqqani hamono unga Turdi, Tursun, deya ot qoʻyib, ba’zisi begona xotinga emizib, ayrimlari eshak suti ichirib, echki yoki sigir suti bilan katta boʻlganlari ham ota-onasiga mehr qoʻyib ketganini Gulbahor qaydan bilsin? U oʻzicha qilgan gunohlarimga Ollohning gʻazabi, deb oʻylab ich-ichini yeb bitirmoqda edi.

Loʻli xotin oxirgi marta bolani olib kelganida mulla chidab turolmadi. Barcha ta’na-malomatlarni begunoh boʻyniga gʻulday osib, uyiga bordi. U xuddi aybdor kabi suyukli xotinining yuziga qaray olmasdi. Gulbahorni bir ogʻiz gapirtirmay, tomdan tarasha tushganday shart qoʻydi:

– Agar Ramazonni oʻz onasiga qaytarsang, men sen bilan yarashaman!

Ikkilanib qolgan ayol hamma ayb oʻzida ekanini anglab yetdi-yu, oʻzingiz bilasiz, deya bosh egishdan boshqasiga yaramadi. Onasi emas, xuddi otasining qoʻltigʻidan tugʻilgan kabi unga judayam oʻxshash Abdukarim namoz farz boʻlgan yoshga kirib qolgandi. Uni ibodatga tortish oson boʻlmadi. Qolaversa, bolakay loʻli mahallasida maktabga ham bormagan. Biroq zehni tez bolakay maktabda alifbo sabogʻi bilan otasidan ibodat sabogʻini olib ulgʻaya boshladi. Ota unga shunday deb qulogʻiga quydi:

– Yaratganning haqiqiy quli boʻlishga erishish inson bolasini ozod va erkin yashashiga yoʻl ochadi. Qolaversa, har moʻmin yetti pushtini bilishi kerak.

Otaning shajara sabogʻi ham besamar ketmadi. Abdukarim oʻzidan oʻzligini qidirib topmoqqa kirishdi. Albatta, maktabni bitirsa, diniy madrasaga kirib oʻqimoqni ixtiyor qildi. Abdulhamidning ham yagona orzusi shu edi. Otasi barvaqt oʻlib ketmaganida taqdir yozugʻi boshqacha boʻlarmidi? Haliyam ming qatla shukurki, ota-bobolari orzulab oʻtgan, ammo koʻrmagan yurt ozodligini koʻrdi. Koʻrgan-tutganini mahkam quchoqlab bagʻriga bosdi. Hurriyat shukronasi uning har tongi duolarining sarlavhasiga aylandi. Bunday ozod va farovon yurt yana qayda bor?

Gurkirab, gullab tugayotgan qovun palakning aynan tomiridan uni soʻlitmoqchi boʻlib nofarmon shumgʻiya toʻrsayib bosh koʻtargani kabi dinni niqob qilib olgan shumgʻiya oqimlar unda-bunda portlab chiqa boshladi. El-elat, mahalla qoʻy-koʻziga surtadigan mullani ham, uning oʻgʻlini ham oʻsha oqimlar rosa aylantirib qoʻydi. Avval «vahhobiylar», keyin «xizbutchi»lar. Asl aynimas, deydilar. Sharofatli avliyolar naslidan boʻlgan, hamisha nafsiga hukmini oʻtkazib kelgan shayxsifat odamni yengib boʻlarmidi? Yetti pushtidan meros qolgan dinga e’tiqod qoʻygan Rasululloh (s.a.v) millati firqalarga boʻlinmas. Yurtini jon kabi suygan odamning imoni hamisha sogʻ-omon.

Oʻsha noxush voqeadan keyin ham ikki qiz tugʻib kattartirgan Gulbahor ancha-muncha songa kirib qolgan, kelin-kuyov toʻyida «Salomnoma» kitobini xushovoz ohangda oʻqib yurib, keyinroq «Bibi seshanba»ni ham oʻrganib olib, ayollar kayvonisiga aylandi. Mashoyixlikka intilib, unga yetolmayotgandan unchalik nadomat chekmayotgan qahramonimiz mahzumlik merosini binoyi uddalab, oxirat safari ozuqasini moʻl-koʻl qilayotganidan mamnunlik shukronasini qilsa boʻladi.

«Yoshlik» jurnalining 2011-yil, 6-sonidan olindi.