OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGʻozi Rahmon
Asar nomiOqibat soʻqmogʻida (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Gʻozi Rahmon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/12/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oqibat soʻqmogʻida (hikoya)
Gʻozi Rahmon

«
Ogʻa-inining moli boshqa, joni bir.
Burungi naqldan.
»

Bugun Nortoy duxtirdan noumid qaytib kelib, uyida ogʻir yotgan akasini koʻrgani borib, darvozadan kirar-kirmas Qoraqiz yanganing kimgadir, balki enasiga shangʻillab gapirib yotganini eshitdi. Eshitdiyu ichkariga kirarini ham, kirmasini ham bilmay qoldi. Chunki nolayu afgʻon yoʻgʻrilib, avtomat oʻqiday otilayotgan soʻz oʻqlari aynan uning jismi-joniga urilib, naq koʻksini nishonga olayotgan edi...

– Manovi shoʻrgina ukam, jigarim, deb oʻladi-qoladi. Nima qiladi, uka deganam akasiga qayishsa? Bitta buyrak bilan binoyiday yashab yurganlar qancha? Nortoyloqday davangir polvon yigit, bitta buyragini akasiga bersa boʻlmaydimi? Bir balo boʻlguday boʻlsa, men olti choʻkirtakni qanday qilib boqaman. Xah, shoʻrim, shoʻrginam koʻpakan mening. Xudojon, undan oldin mening jonimni ol!

Kimdir ayolni yupatishga tirishadi: (Bu enasi)

– Elburutdan joni chiqmagan odamga aza ochma! Toshmurod uchun Nortoydan boshqa kimning joni achiydi? Ogʻa-inining moli boshqa, joni bir. Hali oʻziyam aytib qolar. Juda boʻlmasa oʻzim tilga kiraman. Mening Nortoy bolam boʻriday mard, Xudo undan bir tirnoqni ayab turibdi. Essiz, oʻn besh yil behudaga ketdi-da. Bolamning ham, kelinimning ham yuziga qaray olmayman. Xudoning ishi boʻlsayam, oʻzimni gunohkor his etaman...

Bu gaplarni yaxshi koʻradigan yangasi va jonday enasi tilidan eshitgan Nortoyning yurak-bagʻri oʻrtandi. Bechora akajoniga Nortoy ikkalasi ham sogʻlom buyragining birovini bersa, huq ham urmasligini, qolaversa, akajoni ham yashab qolib, bola-chaqasiga egalik qilishini xayoliga keltirdi. Xom sut emgan banda. U xayoliga kelgan boshqa bir oʻydan qoʻrqib ketdi. U kelganini bildirmay, sekin eshikni yopib, iziga qaytdi. Yoʻl-yoʻlakay oʻzi bilan oʻzi olishib borardi.

– Bordiyu akamga mening buyragimni qoʻyishga ulgurmay joni uzilsa?..Bu yoqda men yarimjon boʻlib, u yoqda akamdan ayrilib qolsam? Yoʻgʻ-e, Toshkentdagi duxtirlar zoʻr deyishayapti-ku. Qolaversa, ikkovimiz ham tirik qolib, yashab ketsak akamning kenjatoy oʻgʻlini nomimga oʻtkazib, katta qilsam, bir kun kelib otam, deb tepkilab koʻmsa, orqamda qolsa koshkiydi?

U uyidan akasinikagacha borguncha salkam ikki chaqirimlik chang koʻchadan tuproq bosib kelgan edi. Agar sinchiklab qaragan odam etik izi borishda oraliq masofani katta-katta olgani, qaytishda esa juda koʻp ikkilangani, hatto ba’zi joyda toʻxtab-toʻxtab qol-ganini payqashi mumkin edi.

Nortoy osti-usti ham besh xonali dangʻillama uy oldida koʻrpacha tashlanmagan chorpoyada oʻtirib, beixtiyor oʻtgan bolaligini, ota-onasini, akajoni bilan bir koʻrpada yotib kattarganini, xullaski, ikki kam qirq yillik umrini, koʻrgan-kechirganlarini birma-bir eslab ketdi.

Bu taraflarning asli nomi Beshchashma boʻlsayam, pasmakkina, qora toshli togʻning etagida besh barmoq kabi joylashgan soylar toʻrida koʻz yorgan chashmalar qishda suvi biroz koʻpayib, bahorda jildirab oqib, sel payti zoʻr-bazoʻr adoqlaydi. Qumdaryoga yetar-etmas, qumga singib ketadi. Burunda odamlar ichimlik suv uchun qirq qulochli quduq qazib, uning ogʻziga chigʻiriq oʻtkazib, tuya yoki ot-eshak bilan suv tortib, tirikchilik qilishgan. Aytishlaricha, oʻzbekning eng katta urugʻi – saroy, elsaroy nomi bilan mashhur boʻlib, uning oʻn bir dahasidan birovi qaziyoqli (gʻoz oyoqli yoki qazi yoqli, qazisi yogʻli) tuforining bir boʻlagi – Toshkanti, ya’ni toshkentlik boʻlib, shimol taraflardan kelib qolgan deyishadi. Ularning ota-bobolari bu taraflarga asli chorvani koʻzlab kelishgan boʻlsa ham, adirlar qoʻynida qoʻsh haydab, lalmi arpa-bugʻdoy ekib, yaxshi hosil koʻtarib, arpani otga, qoʻy-echkilarga berib, bugʻdoyini gʻalvirlab, huv anovi Langartogʻ qoʻynidagi Taragʻay, Langar, Toʻlaqul qishloqlaridagi suv tegirmonlarga olib borib, un qilib qaytishgan. Qoʻzi goʻshtining shoʻrvasiga soʻlqildoq bugʻdoy nonini botirib yeb, shukronalik bilan umr kechirishgan. Ulardan burungilarga meros qolgani – goʻshtxoʻrlik, chavandozlik, baxshilik. Ayollari ichiga goʻshtdan boshqa hech narsa solinmagan oq shoʻrvani erinmay shopirib, asal qilib yuborishadi. Urchuq yigirib, qoʻy yungidan arabi, taroqi, julxirs gilamu xurjunni koʻzni yashnatadigan qilib toʻqishga usta. Bu makondan obikor joylarga majburan yoki ixtiyoriy koʻchib ketganlar hovlisiga devor solib, darvozadan kirib-chiqib, shoʻrvasiga kartoshka, sabzi solsa-solayotgandir, buyoqdagilar hamon ota-bobolari kabi devor-darmiyonsiz past-baland uylarda orqasidan teshik-tuynuk ochib, yashab keladi.

Biz hikoya qilmoqchi boʻlayotganimiz Poʻstin qishlogʻidan ikki joydan artezian quduq qazilib, suvga yolchib qolganiga naridan beri yigirma yildan oshib qoldi. Nortoyning otasi rahmatli Nazar rais urushda bir oyogʻidan ajrab qaytib kelib, koʻp yil kolxozda raislik qilgan. Qaziyoqlining Poʻstin tuforidan Norqul chavandozning xushroʻygina qiziga uylangan. Taqdirni qarangki, oradan oʻn yil oʻtsayam ularning farzandi boʻlmadi. Eh-he, ogʻzi bilan yuradigan odamlar qancha gap chiqarishdi. Nazarga u yoqda (urushda) nozik joyiga oʻq tekkan. Bechora Oysuluvning umrini quruqqa oʻtkazayapti. Biroq eru xotin bir-birini yalab-yulqab, sabr qilishdi. Ungacha gʻirt yetimcha boʻlib qolgan bir oʻgʻil-qizni oq yuvib, oq tarab, oyoqqa turgʻazishdi. Ularni yaxshi niyat bilan ikki yorti bir butun qilib, bir-biriga qovushtirib qoʻygan yili Nazar raisga Xudo oʻgʻil farzand ato etdi. Boshi toshdan boʻlsin, deya ismini Toshmurod deb qoʻyishdi. Oradan ikki yil oʻtib, yana bir oʻgʻil Nortoyni (bilagida qizil nori borligi uchun) juda qiynalib topgani, ena qornidan yorib olishgani uchun bechora Oysuluv boshqa farzand koʻrishdan mahrum boʻldi.

Nazar rais polvon gavdali, tim qora moʻylovli, armani qosh-koʻzlariga parellel tushgan, tikilsa daryoning gumini quritadigan nazarkarda, yurganda gʻijirlab ketmasa, yogʻoch oyogʻi borligini sezib boʻlmaydigan odam kolxozni saranjom-sarishta qilib, uyidagi yetim bolalarni ham, dunyoda tengsiz ayol Oysuluvnida boshini silashga vaqt topar, kechayu-kunduz ot ustidan tushmay, yelib-yugurib ishlar, keyinchalik «Volga» minib, «dohiy» surati tushirilgan orden olganida ham, kattayu kichikka birday moʻmin-muloyim edi. Beva-bechoraning duosini koʻp olgani uchun, unga Xudoyim qoʻshaloq oʻgʻil berdi, deya quvonib gapirishardi. Nazar rais oʻgʻillariga sunnat toʻy berganida viloyatning birinchi rahbari kelgani, ming ot yigʻilgan koʻpkarida katta sovrinni oʻzi e’lon qilgani, kurashda Qashqadaryo va Buxoro polvonlari taraf-taraf boʻlib olishib, kosonlik Sayfulla polvon bilan qorakoʻllik Sobir polvon olishib, Sayfulla Rasulov samboga kiritgan «old qoqma» usuli bilan Sobir Qurbonni yiqitib qoʻyganini odamlar hali-hanuz eslab yurishadi.

Nazar raisning ikki ukasiga mehribonligi ham odamlar tilida. Ularni ota oʻrnida katta qilib, Toshkentda oʻqitib, tagli-zotli oilalardan kelin qilib, birovini katta olim, birovini tuman miqyosida rahbar boʻlib koʻtarilishiga bosh qoʻshib, oʻzi qoʻltiqtayoq suyanmay, ukalarining qoʻltigʻidan kirganini ham eplab yozsa, bir kitob boʻladi. Afsuski, Nazar rais bolalarining huzurini koʻrolmay ketdi. Toshmurod oʻninchini bitirayotganda otasi qazo qildi. Urush jarohatlari zoʻrayib yoqasidan olgan edi. Oysuluv eridan qolgan ikki oʻgʻlining boʻy-bastiga ovunib, yupanib qolaverdi. Ayniqsa, kichik oʻgʻli Nortoy boʻliqqina yigit boʻlib kattardi. Qaddi-qomati quyib qoʻyganday otasining oʻzi. Nazar rais Nortoy kichkinaligida tizzasiga olib erkalatib, men buni oʻzim qoʻltigʻimdan tuqqanman, deya hazillashardi. Toshmurod ham, Nortoy ham Toshkentda olim amakisining yordami bilan sirtdan oʻqib oldi. Birovi muallim, birovi mol doʻxtir. Ikkovi ham yigitlik paytida davralarda pishqirib olishdi. Birovdan oldin, birovdan keyin. Zoʻr boʻlsang akamga chiq, deyardi Nortoy. Toshmurod yiqilsa, izidan Nortoy chiqib yiqitgan kunlari koʻp boʻldi. Ularni yaxshi bilmagan egizak deyishardi. Toshmurodning boʻyi pastroq, lekin miqti gavdali, boshiga chust doʻppi kiydirib, beliga belbogʻ bogʻlatilsa, vodiylik Tursunali polvonning oʻzginasi boʻlardi-qoʻyardi.

Nortoy akasidan ancha daroz, qoʻl va oyoqlari raso, yonoqlari turtib chiqqan, biroz koreys bashara. Qoruvliligidan har qanday otga minsa, beli mayishadi. Koʻpkarida ogʻir uloqni Nortoydan boshqasi oson koʻtara olmaydi. Toshmurod amakisining qiziga uylanib, yangi hovliga koʻchib chiqqan. Nortoy esa qoʻshni Lolabuloq qishlogʻidan mana-man degan suluv qizga suyib uylangan. Hamshiralikka oʻqigan, Sumbul qishloqning yarmidan koʻpiga dori-darmon berib, duosini olib yuradiyu oʻz dardiga malham topa olmaydi. Farzand koʻrmayapti. Qilmagan amali, koʻrsatmagan duxtiri qolmagan. Eskichasi ham, yan-gichasini ham birma-bir boshidan oʻtkazib, umid oti toliqqan. Avval-boshda bir-ikki bor chala tuqqani bor. Keyinchalik buyam boʻlmay qoʻydi. Nortoy bir necha bor uni qoʻyvorib, ustiga xotin olmoqchi ham boʻldi. Biroq har safar suyuklisini koʻzi qiymaydi. Mana endi hammasidan umid uzib, akajonining kenjatoyini oʻz nomiga oʻtkazib, katta qilmoqni niyat qilib turibdi. Xotini ham, yangasi ham shunga rozi. Axir, bir kuni Xudo bandam desa, mana bu uy-joy, dangʻillama hovli, qoʻsha-qoʻsha otlaru, mashina, yuz gektarlik fermer xoʻjaligi kimga qoladi? Molu davlat ham, ranju mehnat ham egiz deganlaridek, Toshmurod bundan toʻrt-besh yil burun bir buyragi yiringlab ketib, jarrohlik stoliga yotgan, baxtiga Toshkentda buyrak boʻyicha professor boʻlib ishlayotgan tutingan akasi Beknazar Soqievich (otasi tarbiyalab voyaga yetkazgan yetim bola) kuyunchaklik bilan operatsiya qilgan, boshqa doʻxtirlarning olib tashlaymiz, deganiga qarshilik qilib, bir amallab tuzatib yuborgan edi. Koʻrmaganday boʻlib ishlab ham ketgandi. Toshmurod sabrning sariq choponini mudom kiyib yurgisi kelmadi. Ikki yil avval qishloqdoshi Oʻrol oʻrisning maqtoviga uchib, koʻp pul topib kelaman deb, Rossiyaga joʻnab yubordi. Axir oʻylab koʻrsa, bolalar kattarayapti, ularni oʻqitish, uylantirish, uyli-joyli qilish, hammasiga pul kerak. Aslida «qip-qizil kommunist» boʻlib oʻtgan Nazar raisdan shimildiriq ham qolmagan. Oʻrol oʻris qishloqdoshlarini Rusiyoning eng sovuq joyiga, sharoiti ogʻir Magadanga olib ketdi. Toshmurod xat-xabarsiz, ikki yil oʻsha yoqda qurilishda ishlab, buyragi ogʻrib, zoʻr-bazoʻr uyiga qaytib keldi. Toʻgʻri, Nortoy akasining roʻzgʻoridan qadam uzmay, issiq-sovugʻiga qarashib turdi. Buyoqda enajoni ham yotib qoldi. Yotgan joyida ham tinmay Toshmurodni soʻraydi. Rossiyada bedarak ketganlar, temir tobutda qaytayotganlar bor.

Xayriyat, Toshmurod ancha-muncha pul topib, oʻz oyogʻi bilan qaytib keldi. Biroq kelganidan beri boshi kasaldan chiqmaydi. Shu yil boshida Beknazar Soqievich uning bir buyragini olib tashladi. Omon qolgan oʻng buyrak ham yaqinda yiringlab ketayotgani ma’lum boʻldi. Ey, berahm dunyo. Zolim falak. Toshmurodning chirqillab turgan olti bolasining oh-vohlari, atishak chalgan turshakday bujmayib qolgan kampir-enaning duo-olqishlari, nolalari ham jamolini koʻrmay turib sigʻinadigan Ollohimning dargohiga yetib bormayapti. Beknazar Soqievich Nazar rais bergan non-tuzni oqladi. Qoʻlidan kelguncha uzoq davolab berdi. Kasalxonaning asosiy xarajatini oʻzi toʻladi. Oxirgi buyrak ham qurib borayotganini bilsa-da, Toshmurodning koʻnglini koʻtarib turdi. Sun’iy buyrak bilan ham ancha vaqt yashasa boʻladi, deya ishontirdi. Buyrak, yurak kabi eng zarur a’zo ekan. U ishlamasa qonni tozalab boʻlmas ekan. Yana bir tomoni buyrak boshqa a’zolardan koʻra sovuqni, salqinni jini suymas ekan. Bejizga ota-bobolarimiz egniga toʻn, beliga belbogʻ bogʻlab yurishmas ekan. Kaltadum boʻlib, yengil-elpi kiyinib yurgan yigit-qizlarning koʻpi buyrak shamollashiga yoʻliqqan. Toshmurodniki esa Magadanda oshqinlab ketgan. Buyam endi yigitning shoʻri qisganidan...

Nortoy changallab turgan boshini ilkis koʻtardi va atrofga alangladi. Tevarakda hech zot yoʻqligini bilgach, tili kalimaga kelib, pichirlay boshladi:

– Xudo yoʻliga tavakkal, akamga bitta buyragimni beraman. U yashashi kerak. Hali bola-chaqasiga bosh boʻlib, toʻy-tomoshalar qilishi kerak. Men-chi, menga boʻldi nima, boʻlmadi nima? Boya Qoraqiz yangam aytganiday, izimdan yigʻlab qoladiganim yoʻq. Hozir borib akamni xursand qilaman.

Xuddi shu payt eshikdan halloslab kirib kelgan Sumbul ham eridan bu yangilikni eshitib notoʻgʻri qilayapsiz, demadi. Bersangiz kuymaydi, jigaringiz, Xudoyam berganga beradi, deya koʻnglini koʻtardi.

Nortoy dadillanib ketdi. Toʻgʻri borib otxonadagi otini egar solmay minib chiqdi. Otliqning oyogʻi olti. Jiyron jilovi tortilmasa ham toʻppa-toʻgʻri boradigan joyini biladi. Nortoy akasi eshigidan dadil kirdi. Otni hovlidagi qoziqqa ildirib, toʻgʻri akasi yotgan uyga kirdi.

– Akajon, sizga oʻzim bitta buyragimni beraman. Mana, bizni dunyoga keltirgan enamiz rozi boʻlsa bas.

Toshmurod ilkis oʻrnidan turib ketib, Nortoyni bagʻriga bosdi.

– Balli, ogʻajon, balli!

Ogʻa-inining oʻrtasiga kirib olgan ena goh Toshmurodga, goh Nortoyga tikilib, koʻzda yosh bilan: «Bolalarim, sizlarga bergan sutimdan mingdan-ming roziman! Polvon bolalarim, mehribon bolalarim, ana, otalaringning arvohi ham tinib-tinchib qoldi. Uyam sizlardan rozi», demoqdan oʻzgasiga yaramayotgan edi.

Ertasiga aka-uka Toshkentga otlanishdi. Oʻsha kuni izgʻirindan keyin iliqqina yomgʻir yogʻib, yer yuzi halimday yumshay boshlagan barokotli kun edi. Shundan beri osmonning keti teshilganday kunora yomgʻir yogʻadi. Lalmi gʻallalarga Xudo berdi. Qaziyoqli dashtlarida gʻalla shunday baravj oʻsdiki, xalqob joylarda otni koʻmizadigan boʻldi. Dam olishga qoʻyilgan dalalarda yovvoyi oʻt-oʻlan koʻpayib, qizgʻaldoqlar ichida qolib ketdi. O, bu yurtlarning bahoriga ta’rif yoʻq.

Akasiga buyragini bergan Nortoy ham, Toshmurod ham sogʻayib ketdi. Ularning fermerlik maydonida gʻallalar shunchalik boʻliq oʻsganki, tikonli ismaloqlar ham boshoqlar soyasida qolib ketdi. Endi aka-ukalar judayam egizga oʻxshab qolishgan. Iskandarni (Toshmurodning kenjatoyi) sutdan chiqqani hamono Sumbulga berishdi. Uning bagʻri toʻlib, yayrab-yashnab yurdi. Xudo beraman desa quliga, solib qoʻyar yoʻliga. Oradan bir yil oʻtib, ayni toʻlishgan bahorda Sumbulning koʻngli dovuchcha istab qolganini koʻring. Yaxshiyam Turobjonning xotini kabi anorga boshqorongʻi boʻlmabdi. Boʻlmasa, Nortoyning holiga maymun kulgan boʻlarmidi? Nortoyning Xudoga yoqqan bir qiligʻi bor. Sumbulning boshqarongʻi pallasi aynan dovuchcha mavsumiga toʻgʻri kelganini qarang.

Yil yakuniga kelib, ayni durkun-durkun qazoqi sovliqlar bolalaydigan pallada Sumbulxonning eson-omon koʻzi yorib, qoʻchqorday oʻgʻil tugʻdi. Badanining hech joyida xoli ham, nori ham yoʻq. Naq yetti kilo. Uni eshitib, yotgan joyidan turib ketgan buvijonining aytishicha, Shukurjon naq bobosi Nazar raisning oʻzi emish. Berganiga shukur, boriga shukur...

«Yoshlik» jurnalining 2011-yil, 6-sonidan olindi.