OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGʻozi Rahmon
Asar nomiOshiq dunyo (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Gʻozi Rahmon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oshiq dunyo (hikoya)
Gʻozi Rahmon

Ularni topishganiga uncha koʻp boʻlgani yoʻq. Charvonning qantari ogʻib, zalvorli zaminning botinidagi varaja yuzaga urib, qari kutgan yerlardan terlagan toʻriqning safisidan chikqan hovur kabi yengil bugʻ koʻtarila boshlagan kezlarda ikkovi ikki darada yashardi. Qahraton chillasining bosh-adogʻi sovuq biror tarafga siljimadi. Boshida bostirib yoqqan qor bir tomchi ham erimadi. Allaqachon qish uyqusiga kirganlar issiq uyasida u yoqdan-bu yoqqa agʻdarilib kechani kunduzga ulab yotaverdi. Sovuqda qor titib, uning tagidan rizq topib yeyishni esa oʻzi boʻlmaydi. Oʻz holicha ikki adirda yashab, koʻp katori juftlashganning har biri salkam qirq besh kunlik qantar azobini yengib, pay tomiri choʻzilib, ustixon iligi uzilib, qovushish fasliga yetganiga qaramay a’zoyi badani bir boʻlak jonlanish seza boshladi. Oqtamoqning quyrugʻidan taralgan anvoyi hidga toʻya boshlagan Pardum kuzgi xas-xashak rangiga monand «kiyinib» oldida, juftining atrofida aylanib-oʻrgilib oʻzini har alfozga solishdan charchamadi. Oqtamoq ham qarab turmadi. Ma’shuqaning tamanno zamzamasi oshigʻining toʻqson ikki tomirida muzlagan hislarni junbushga keltirdi. Ular bir-birini uzoq yalab-yulqashdi. Keyin biroz charchagan boʻldiyu oʻtirib dam olmoqchi boʻlishdi. Dubulgʻasimon tepalikning kizagini koʻndalangiga kesib oʻtgan soʻqmoqning qoq beliga kelib, avval zaifa toʻxtadi. Nega? Kim biladi deysiz? Unga matalganday mast boʻlib, suykalib kelayotgan oshiq bunday boʻlishini sira kutmagandi. Turtib yuborishiga sal qoldi. Oqtamoq beparvo, etaqdagi sharqirab oqayotgan daryoga qarab oʻtirib oldi. Pardum ham shosha-pisha oʻzini oʻngladiyu itoatgoʻylik bilan uning yoniga choʻnqaydi. Ovchilarning aytishlaricha, bu toifa jonzot bor-yoʻgʻi oʻn toʻrt yil yashar emish. Ular yetti yoshga kirguncha doimo yonboshini bosib oʻtirar, keyingi yetti yilda esa chap yonboshi bilan oʻtirib turishar ekan. Oqtamoq oʻng yonboshiga ogʻirini tashlab dumiga suyanib choʻnqaygan. Pardum ham ayni oʻsha turishda. Goʻyo shu lazzatli kunlardan esdalik boʻlsin deb suratga tushmoqchi...

Tepada toʻrt terak boʻyi baland bulutsiz joʻnjikkan osmon tagida esa toʻdasidan ajralib qolgan keksa Gʻajir naq oʻtirganlar tepasida kichik doira yasab aylanar, qirning orqasidan shoshib chiqib kelayotgan yosh ovchini koʻrib turgan boʻlsa ham bu yoqda begʻam oʻtirgan oshiqlarni ogohlantirishga shoshilmas edi.

Uch kun oldin tong payti yaqin birodari doʻlta boʻrining olmos tishlari kovagida qolgan toʻngʻizvachcha goʻshtining koldiqlarini moʻychinakday terib yegandan beri tuz totigani yoʻq. Doʻlta boʻrining izidan ikki kun sargardon kezdi. Faqat ikkisiga tegishli ov maydonida biror narsa ilinmadi. Noiloj qolgan doʻlta togʻning Samarqand tarafiga oʻtdiyu otbokarning qopqoniga tushdi. Gʻajir esa qanoti borligiga shukr qilib, yanada balandroq koʻtarildi-da janubga — doimiy oʻrishiga yoʻl oldi. Bugun nasib qilsa yo manovi antiqa juftdan yo anovi halloslab kelayotgan ovchidan biror narsa tushib qolar, degan umid bilan yerga olazarak qaragancha aylanardi.

Oshiqlar esa oʻzi bilan oʻzi ovora edi. Oqtamoq chap qoʻli kaftidagi burishiq chiziqlarni Pardumga koʻrsatib folbinlik qilardi. «Anchadan beri tovuk goʻshti yeganim yoʻq. Ikki yil oldin qishloqda hamma kuchukni otib ketishganda qish boʻyi onamiz bilan rosa maza qilgandik. Bu yil it degani yana koʻpaydi. Bugun, mana qara, yoʻl ochiq koʻrinyapti. Koʻnglim sezyapti. Albatta katakka tushaman. Sen mayli beriroqda poylab turasan...

Pardumning irimchiligi ham undan kam boʻlmadi. Oʻng qoʻlini uzatib Oqtamoqning yelkasini qashib qoʻyadida qulogʻiga shivirlaydi:
— Jonim, ana, mani aytdi dersan, yana ozgina fursatdan keyin shunday oldimizdan tayyor nasiba chiqadi. Kaftim kichishyapti. Qachon kaftim qichisa qoʻlimga arzigulik bir narsa tushadi. Hammayoqni qor bosib qolganda daryo yoqalab yurgandim. Baliqlar ham chashmalarning koʻziga kirib ketgan. Bir payt oʻng kaftim oʻz-oʻzidan qichishib qolsa boʻladimi. Nimaga ishqalashimni bilmayman, hammayoq qor. Shundoq qarasam suv yoqasidagi kovakda kattakon oʻrdak xuddi tirikday daryoga orqasini oʻgirib turibdi. Sovqotib turibdi deb oʻyladim. Sekin pusib bordimu shartta oʻzimni otdim. «Gʻiq» etmadi. Kunduzi oʻq tegib yaralanganu oqshom sovuqda qotib qolgan, uyga opketib kun boʻyi huzur qilib yedim.

Shirin suhbatning adogʻi koʻrinmasdi. Gʻajir esa ovchini anoyi deb oʻylardi. Ovchi yosh ham, anoyi ham emas, asli nasliga sayyodlik qoʻnib oʻtgan. Hozir suvsarga qoʻygan tosh qopqonidan xabar olib qaytayotgan, serjoʻjaligi uchun kuzda tayyorlov idorasidan tulki teri va’da qilib toʻrt qop un qara olib qoʻygan, bir juft tulki osib, yana bir juftiga tuzoq koʻyib yuborgan edi. Ana omad! Tepaga emaklab chiqib etakka karaganda koʻzlari yonib ketdi uning... Yigirma qadam pastda soʻqmoqning qoq belida ikkitagina tulki orom oʻtiripti. Xudoga shukr, oʻsha gʻilay shilamshiq teripurushdan qarzini qutuladigan boʻldi. Ikkoviga bir oʻq kifoya...

Ha, xom sut emgan banda, nasibni aytmading-a!...

Hech narsadan xabari yoʻq oshiqlar esa butun umr ta’qib etadigan xavfli dunyoni goʻyo unutib qoʻyishgandi.

Ovchi ularga qarata yakka tir miltigʻini toʻgʻriladiyu miyasida toʻrt besh savol koʻndalang boʻldi. Avval qaysini otsa? Birini otsa ikkinchisi kochib ketadi. Quloq atrofini koʻzlamasa teri teshilib narxi pasayadi. Bu yil oʻq-dori deganiyam taqchil boʻlib ketdi. Gʻajir esa ovchining bir oʻqqa ikki tulki otmoqchi boʻlayotganini sezib, mana senga deganday oppoqqina tezaklab yigitning boshidan tashlaydi. Yigit esa hech narsani sezmagach, «Hay attang» deganida tomogʻini taqillatib yuboradi. Oshiqlarning ikkisi ham baravariga osmonga qaraydi. Ayni shu payt koʻrsatkich barmoq qarmoqday egilib, oʻziday qiyshiq temirni tortib yuboradi. Keyin qatorasiga turganlar «musht ketdi» oʻyini qilgandek bir-birini turtib, jizzaki kepakka oʻt ketadi. Oʻt esa bir angishvona qoʻrgʻoshinni eritib, ingichka kuvur orqali toʻgʻriga — ovchining chap koʻz koʻzlagan nishonga olib ketadi. Qars!!!

Ochigʻi bunday boʻladi deb ovchi ham, oshiq-ma’shuqlar ham sira oʻylamagandi. Yaratganning hukmi xohishi esa manzaraga shunday yakun yasadi. Bir hovuch choʻgʻ boʻlib otilgan oʻq negadir oshiq-ma’shuqlarning biroviga tegmay oʻrtadan toʻgʻri oʻtib ketib, havordagi xas-xashak ustiga alvastining tupugiday shatirlab toʻkildi.

Oktamoq shartta orqaga burildiyu toʻgʻri kelgan tarafga, ayni ovchi tomonga qarab yugurdi. Naq yuzma-yuz kelganda ovchi ikkinchi oʻqni oʻqlab ulgurmagandi. Shoshib qoldiyu uni qoʻndoq bilan turtib yubordi. Pardum esa tayoq tekkanday joyida gar-gir aylanib qoldi. Ovchi Oqmatoqdan umidini uzib Pardum tarafga yuzlanganda u oʻzini oʻngladiyu adoq tomonga kamon oʻqiday otildi.

Gʻajir esa bu xavfli tomoshadan qoʻl siltab, navbatdagi kechani ham och oʻtkazish uchun avval tikka koʻtarilib keyin dubulgʻa uchli choʻqqilar orasidaga uyasiga qarab uchib ketdi...