OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGʻulom Karimiy
Asar nomiArslonxon minorasi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Gʻulom Karimiy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm23KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Arslonxon minorasi (hikoya)
Gʻulom Karimiy

Hijriy 523 yilning jazirama yozi. Paykand – Buxoro karvon yoʻlida yoʻlovchi siyrak. Karvonlar salqinda yoʻl bosishni moʻljallab, jazirama tush paytini karvonsaroy va rabotlar devori soyasida oʻtkazib, hordiq chiqarishadi. Oftob gʻarbga ogʻib, tigʻi oʻtmaslashgach, karvonsaroylardan biridan bir toʻp qurollangan otliqlar qoʻsh otli, zarrin soyabon arava hamrohligida Buxoro sari yoʻlga tushdi. Otlar gijinglab, suvluqlarini chaynab, olgʻa talpinsalar-da, suvoriylar tizginni tortib, ohista yoʻl bosishar, imillab borayotgan aravadan ilgarilab ketmaslikka urinishardi. Otliqlar barchasi poʻlat sovut va dubulgʻa kiyishgani, qimmatbaho ot abzallari, oldinda borayotgan yasovul koʻtarib olgan baland tugʻdan ular xoning shaxsiy soqchilari ekani darhol chetga chiqib yoʻl bergan yoʻlovchilar va yoʻl boʻyidagi qishloqlar aholisiga tez ayon boʻlardi. Biroq negadir, hamisha kumush egarli, zar yopinchiqli qorabayir otda savlat toʻkib boradigan Movarounnahr xoqoni qoraxoniy Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon koʻrinmas edi. Soyabon arava ortida boshlariga salla oʻrashgani va qurolsiz ekanliklari bois boshqalardan yaqqol ajralib turgan ikki-uch tabib, shuningdek, zarboft toʻnli bir necha mulozim xomush va oʻychan holda bir-birlari bilan pichirlashib gaplashib borishardi. Soyabon aravada yotgan xonning xastaligini sir tutishga harchand urinishmasin, sovuq xabar shamoldek oʻziga yoʻl topib, xon mavkabi Buxoroga yetib kelmasdanoq, yoshu qari buxoroliklar bundan voqif boʻlishdi.

Arslonxonning Buxoroga tashrifi har gal gʻoyat tantanavor kechar, shahar darvozalari oldida karnay-surnaylar chalinar, nafaqat a’yonu umarolar, ulamoyu boyonlar, balki oddiy buxoroliklar ham favj-favj boʻlib, ulugʻ hukmdorni qarshilash, sadoqatu ixloslarini izhor etish uchun chiqishardi. Bu gal esa ahli Buxoro xonning tashrifidan xursand yoki xafa boʻlishini bilolmay, hayron edi.

Paykandga suv chiqarish uchun qazilayotgan ariq va vayrona shaharni qayta tiklash maqsadida boshlangan qurilish ishlarini koʻzdan kechirish uchun borgan hukmdorning qoʻqqisdan oyoq-qoʻli falajlandi. Ne-ne tabiblar, hakimi hoziqlar dardiga davo topisholmadi. Oyoqlari tamoman shol boʻlib, muolajadan soʻng faqat qoʻllarini sal harakatlantira oladigan boʻldi. Taqdirga tan bergan Arslonxon poytaxt Samarqandga qaytib, qurultoy chaqirib, Movarounnahr toju taxtini toʻngʻich oʻgʻli Nasrga topshirishni koʻngliga tugib qoʻydi.

Xonga aziyat yetmasin, deya gʻoyat sekin yoʻl bosgan mavkab kechqurun Sumitanga yetib keldi. Arslonxon taxtiravonda yotgan holida Buxoroning Chahor Bakri – Abubakr Fazl, Abubakr Homid, Abubakr Tarxon va Abubakr Sa’d qabrlarini tavof qilib, muhtojlarga nazr-niyozlar ulashdi. Tunni Sumitanda mozor yonida oʻtkazib, tong otishi bilan xon mavkabi Buxoroga yoʻl oldi.

Xon xastaligini elu yurt musibati deb bilgan buxoroliklar qiyofasi gʻoyatda mahzun. Xon, bemorligi va bemajolligi sabab, a’yonlar va raiyat bilan koʻrisha olmasligini yasovullar e’lon qilgach, xaloyiq yoʻlning ikki tarafiga chetlandi va otliq soqchilar qurshovidagi soyavon arava Qorakoʻl darvozasidan shaharga kirdi. Hamisha nayzalarini azot koʻtarib yuradigan soqchilar gʻussa alomati sifatida nayza uchlarini yerga qaratishgan. Arava ortidan mungʻayib kelayotgan buxoroliklarning koʻzlarida yosh yiltirardi. Axir, Buxoro obodligi, xalq osoyishtaligi va farovonligi uchun Arslonxonchalik jon kuydirgan hukmdorni tarix kam koʻrgan.

Arslonxon oʻzini saroyga yoki Arkka emas, jome masjidiga olib borishni buyurdi. Oʻn yilcha avval oʻz farmoyishi bilan qurilgan muhtasham masjid oldida uni aravadan taxtiravonga olishdi. Xonning pahlavon gavdasi ancha kichrayib, qushdek yengil boʻlib qolgan, mosh-guruch soqolli yuzi rangpar, qalin qoshlari ostidagi koʻzlari ich-ichiga choʻkkan boʻlsa-da, hamon tiyrak. Masjid oldida qad koʻtargan yuksak minoraga boqarkan, tuyqus xonning koʻzlari yolqinlandi. Minora qurilganiga ikki yil boʻldi, xolos, biroq dovrugʻi yetti iqlimga taraldi. Uzoq-yaqin oʻlkalardan Movarounnahrga kelib-ketayogan savdogar va sayyohlar Buxorodan soʻz ochishganda gapni minora ta’rif-tavsifidan boshlashadi. Bunyod etilishi hamono, qadimiy shahar timsoliga aylangan benazir inshootning pastidan tepasigacha muayyan oraliqda bezaklar almashina boradi. Jonsiz gʻishtlar me’moru muhandislar irodasi bilan turli handasaviy shakl-naqshlar yasab, belbogʻlar bilan ajratilgan bezaklar yorqin boʻyoqlar bilan pardozlangach, shakllar uygʻunligi va ranglar jilosidan goʻyokim ularga jon bitgan va joʻr boʻlib, mangu hayot qoʻshigʻini kuylashayotganday edi. Nigohni minoraning biron-bir qismida uzoq toʻxtatib turish mushkul: goh jimjimador toʻlqinsimon bezaklar, goh nafis handasaviy shakllar, goh balanddagi ravoqlar tepasidagi qubbachalar koʻzni olib qochaveradi. Bobil minorasi va Iskandariya mayogʻidan soʻng roʻyi zaminda bundoq muazzam minora qad rostlaganini bani bashar tarixini suv qilib ichgan muarrixlar ham aytib berisholmaydi.

Minoradan koʻz uzolmay turgan xon xayolida ikki yil burungi voqealar jonlandi. Bir necha asr qoʻr toʻkib turgan eski minora koshinlari koʻchib, gʻishtlari nurab, qoʻqqisdan qulab, bir toʻp tuprogʻu va gʻisht uyumiga aylandi. Xayriyatki, voqea tunda roʻy berganidan hech kimga shikast yetmadi. Jome masjidini yangitdan tiklagan Arslonxon ayni qulagan minoraning oʻrnida yangi minora qurdirishga qaror qildi. Eski minoraning umri kaltaligi saboq boʻlib, yangi minora imkon qadar uzoq muddat poydor turmogʻini istar edi. Oʻshanda u usta Baqoni huzuriga chaqirib, arkda yakkama-yakka suhbatlashgan. Olis oʻlkadan kelgan elchilarni qabul qilish marosimi endigina tugab, elchilar va arkoni davlat salomxonani tark etishgan, xon boshida olmosdan qadalgan toj va zarrin choponda koʻzlarini bir nuqtaga qadab, oʻychan oʻtirardi. Me’mor ta’zimdan soʻng hukmdor koʻrsatgan joy, odatda, bosh vazir oʻtiradigan zarhal kursiga qunishibgina oʻtirdi.
– Ne sababdan chaqirganim ayon boʻlsa kerak, – dedi xon taxt suyanchigʻiga yastanib. – Minora qulagani, ehtimol, arshdan bir paygʻom, ya’ni «yangi masjidga yangi minora yarashur», - degan ishoradir. Biroq minora yolgʻiz muazzinlar azon aytishi uchun qurilmasa, degandim. Misr mamlakatidagi Iskandariya shahrida dengizdagi kemalar adashmay bandarga yetmogʻi uchun ulkan mayoq qurilganidan xabaring bor. Buxoroda dengiz yoʻq. Biroq chor tarafdan keladigan karvonlar qum dengizini kesib oʻturlar. Minora hali choʻl ichkarisida boʻlgan karvonlar koʻziga tashlansa, nihoyat manzilga yaqinlashgan yoʻlovchilarga dalda va ruhiy madad boʻlur. Koshki, Buxoroda boqiy turadigan minora bunyod etolsak! Xoʻsh, bu xususda ne deysen?

Xondagi jonlanish usta Baqoga koʻchib, hayajondan joyida bir qoʻzgʻalib qoʻydi:
– Olampanoh! Koʻhna minora qulab tushgandan beri qulingizda tinim yoʻq. A’lohazratdan biron farmoyish boʻlmasa-da, qodir Olloh dilimga soldimikin, tunu kun xayolimda yangi minoraning tarhiga oid turfa fikrlar gʻujgʻon. Ul minora xayolimda allaqachon qad rostlagan. Bunyod etsak, shubhasiz, rub’i maskundagi minoralar arsloni boʻlur!
– Barakalla, otang bejiz Baqo nomini qoʻymagan. Aning tarhini qogʻozga tushirdingmi?
– Yoʻq hali, hazrat. Amr etsangiz, shogirdlarim bilan uch kunda bajo keltururmen.
– Bugundan kirish! Xazinadan soʻraganingcha mablagʻ berilur. Minora bitgach, me’mor, muhandis va quruvchilarga minoraga ishlatilgan gʻishtlar soniga teng kumush tanga in’om eturmen...

Usta Baqo nomiga munosib ulugʻ bir ishga jazm etganiga Arslonxon minora poydevori uchun qazilgan chuqur xandaqni koʻrganda yana bir bor iqror boʻldi. Xandaqdagi suv korizlar orqali oqizilib, tubi quritilgan, poydevor uchun joy tayyorlayotgan quruvchilar tepadan qaraganda mitti odamchalar boʻlib koʻrinardi.
– Minorani zamin qa’riga emas, samoga qaratib qur, degandim-ku, – deya hazillashdi kayfiyati koʻtarilgan xon.
– Zaminda poydevori qancha mustahkam boʻlsa, samoga parvozi shuncha yuksak boʻladi, shohim, – dedi usta Baqo, hozirjavoblik bilan. – Alhol, inoyat koʻrsatib, minora poydevorining ilk gʻishtini muborak ilkingiz ila qoʻysangiz.

Xon shaxt bilan zar choponini yechdi. Oq chakmonda xonning mushakdor qomati yanada boʻrtib koʻrinar, barcha qiziqsinib, uning xandaqqa tushishini kutardi. A’yonlar e’tiroziga qaramay, xon lopillab turgan uzun narvondan xandaq tubiga tushdi. Xumdonda obdon pishgan yombidek qizgʻish yapaloq chorsi gʻishtni zumrad, yoqut koʻzli uzuklar taqilgan qoʻlida bir zum salmoqlab, quruvchilardan biri katta yogʻoch idishdan belkurakda olib yerga toʻkkan qorishma ustiga qoʻydi...

Xonni masjid ichkarisiga olib kirishdi. Xaloyiq namozga kelishiga hali vaqt bor. Arslonxon yotgan holida kasallik oqibatida bukilmaydigan boʻlib qolgan qoqshol qoʻllarini koʻkka choʻzib, pichirlab duolar oʻqib, Ollohga ibodat qildi. Shu asno xon farmoniga koʻra shahar tashqarisidagi Namozgoh masjidi qurilishiga boshchilik qilayotgan usta Baqo yetib keldi. Soch-soqoli oqargan me’morni yasovullar kiyimini almashtirishga ham fursat bermay, oshigʻich keltirishdi. Sal bukchaygan usta Baqoning egnida yaktak, boshida tumoq, belida foʻta, oyoqlarida mahsi-kavush. U har kuni qurilishgohga tong sahardan kelib, kun boʻyi tinim bilmas, chizmalarni ushlab, havozalar boʻylab goh yuqori koʻtarilar, goh pastga tushar, har joyda hoziru nozir boʻlib, har bir gʻishtning terilishiga sin solib, ishni kuzatar, biron joy koʻngliga oʻtirishmasa, muhandisu quruvchilarga xatolarini anglatib, amrona oʻsha joyni buzib, qayta qurishni buyurardi. Soʻzini hech kim ikki qilolmas, zero usta Baqo Arslonxon yorligʻi bilan qoraxoniylar saltanatining bosh me’mori lavozimiga tayinlangan. Usta Baqo xonning ayanchli ahvolidan garangsib, bemorga javdirab qarar, ustma-ust ta’zim qilar, tili kalimaga kelmasdi. Uning ahvolini tushungan Arslonxon oʻzi soʻz qotdi:
– Koʻp vaqtingni olmasmen, usta. Buxoro men uchun aziz, biroq uzoq toʻxtalishga bu gal fursat yoʻq. Dilim suhbatingga moyil. Xoli suhbatimiz oʻzing qurgan minora tepasida kechishini istaymen.
– Olampanoh, minora bunyodkori – siz. Qulingiz ezgu niyatingiz roʻyobga chiqishiga vosita boʻlgan bir me’mormen. Biroq, minora tepasiga chiqmoq sizga aziyat boʻlur...
– Boshqa ilojim yoʻq. Buxoroni butun boʻyi-basti bilan koʻrmoq istaymen. Minora tepasidangina buning imkoni bor.

Arslonxon a’yonu mulozimlar e’tiroziga ham quloq solmadi. Uni ikki navkar biri bosh, ikkinchisi oyoq tarafidan koʻtarib, zinalardan masjid tomiga olib chiqishdi. Bu yerdan minora yonboshiga tashlangan koʻprikcha qarshisida eshik ochilgan edi. Navkarlar xonni avaylab minora ichiga kirishdi va qoʻlida mash’al koʻtargan yasovul ortidan nim qorongʻulikda ehtiyotkorlik bilan aylanma zinadan tepaga koʻtarila boshlashdi. Borgan sayin minora ingichkalashib, pillapoyalar torayib, chiqish qiyinlashardi. Nihoyat, minoraning tepadagi yana kengaygan qismiga chiqishdi. Marmar qoplangan aylana sahnda oʻn oltita ravoqli darchadan chor atrof kaftdagidek yaqqol koʻzga tashlanadi. Biroz nafasini rostlagan xonni sahn boʻylab aylantirishdi. Xon har bir darchadan pastda yastangan shahri azimga yutoqib tikilar, goʻyoki Buxoroning suvratini koʻz qorachiqlariga joylab olmoqchi boʻlar edi.

Mana, Buxoroda qurilgan ilk buyuk inshoot Ark, nariroqda Ismoil Somoniy maqbarasi, uning yonida Chashmayi Ayub obidasi. Bir tarafda oʻzi qurdirgan saroy va madrasa. Madrasa hovlisi kimsasiz. Binobarin, talabalar darsxonalarda mudarrislar sabogʻini tinglamoqda. Zarafshondan chiqarilgan va shaharni kesib oʻtib, hovuzlarni obi hayot bilan ta’minlaydigan Shohrud arigʻi kumush tasma kabi tovlanadi.

Hayotligida «otam» deya e’zozlagani Shayx Hasan Namadpoʻsh xonaqosining moviy gumbazlarida xonning nigohi mixlanib qoldi. Shayx Hasan ibn Yusuf Buxoriy doimo namad xirqa kiyib yurgani uchun «Namadpoʻsh» laqabini olgan. U oʻttiz yil uzluksiz roʻza tutdi. Iftorlikka ham faqat sholgʻom va koʻkatlar tanovul qilardi. Zohiran dunyodan etak silkigandek koʻrinsa-da, shayx Buxoro aholisining iymon-e’tiqodi kuchayishi uchun qattiq qaygʻurardi. Yakkama-yakka suhbat qurganlarida Arslonxonni faqat xayrli ishlarga undardi. Shayx oʻn toʻrt yil avval suiqasd natijasida shahid ketdi. Biroq oʻgitlari xonning qulogʻiga quyilib qolgan. Pirining duosi bois Arslonxon hukmronligi davrida Buxoroda hatto poytaxt Samarqanddagidan ham ziyoda bunyodkorlik ishlari amalga oshdi. Ikki qator devor bilan oʻrab olingan shahar tashqarisidagi qishloqlar, dalayu bogʻlarni ham minora tepasidan tomosha qilish mumkin. Mana, Xorazm tarafdan Varaxsha yoʻli boʻylab turnaqator karvon kelmoqda. Tuyalardagi toy-toy yuklar orasida nimalar borligini tusmollab bilish mumkin. Xorazmlik savdogarlar Edil boʻyidagi Bulgʻor, hatto undan shimolroqdagi Rus oʻlkalarigacha borib savdo qilishadi. Movarounnahr mollarini u yerlarga eltishsa, shimoliy yurtlardan olmaxon, suvsar va boshqa jonivorlar moʻynalari, bulgʻoriy charmni Buxoro va Samarqand bozorlariga keltirishadi. Oʻzlari ham boyishadi, toʻlagan bojlaridan davlat xazinasi ham daromad koʻradi. Arslonxon shahar darvozasiga yaqinlashayotgan karvonni armonli nigoh bilan kuzatarkan, Yusuf Xos Hojibning talay qismi oʻziga yod boʻlib ketgan «Qutadgʻu bilik» dostonining savdogarlar haqidagi bobidan bir baytini pichirlab takrorladi:

Tugʻardin batarqa yurib tezginur,

Tilamish tilaking senga keltirur.

Ajab, ochundagi har kasbu korning oʻziga xos afzalligi bor. Hatto xon ham qalamravi sarhadidan tashqari chiqolmaydi. Savdogarlar esa, Mashriqdan Magʻribgacha shamolday keza olurlar. Arslonxon ba’zan huzuriga kelgan savdogarlardan roʻyi zamindagi oʻzi koʻrmagan turfa elu elatlar, shaharlar, daryolar, togʻlar, cheksiz oʻrmonlar, olti oylab quyoshi botmaydigan yurtlar va boshqa gʻaroyibotlar haqida eshitganda, beixtiyor havaslanar, bildirmasdan xoʻrsinib qoʻyardi.

Shaharning sharqiy devoriga yaqin joyda katta maydonda qizgʻin borayotgan Namozgoh masjidi qurilishini kuzatgach, Arslonxon boshini bazoʻr burib, usta Baqoga jilmayib qoʻydi.
– Xalq va qurilishda ishlayotganlar sizni duo qilishmoqda, hazratim, – dedi, uning nigohidan fikrini uqqan me’mor. – Quruvchilar uchun xayriya tariqasida qoʻshimcha ozuqa va zarur buyumlar keltirib berayotgan buxoroliklar bisyordur.

Namozgoh masjidi qurilayotgan Shamsobod mavzesida bir paytlar qoraxoniy hukmdor Shamsulmulk saroy qurdirgan va atrofida bogʻ-rogʻlar barpo ettirgan. Atrof - javonibdagi dashtning katta qismini devor bilan oʻrab, qoʻriqxona qilgan. Qoʻriqxonada quyon, tulki, ohu va arxarlar tez koʻpayib, toʻqaylar orasidagi koʻllarda yovvoyi gʻozu oʻrdaklar gala-gala suzishardi. Xon Shamsobodda dam olar, ov qilib koʻnglini yozardi. Zamon oʻtib, saroy ancha xarob boʻldi. Sobiq qoʻriqxona hududi xushmanzara boʻlgani uchun buxoroliklar bayramlarda sayilga chiqishardi. Arslonxon bu yerda hayit namozlari oʻqiladigan masjid qurdirishga qaror qildi. Shunda xalq hayit kunlari shahar masjidlariga tiqilishmay, koʻpchilik Shamsobodga boradi. Hayit namozidan keyin sayil va tomoshalar oʻtkaziladigan joy ham shu yaqinda. Boshqa paytlarda Namozgoh Shamsobod va atrofidagi qishloqlar aholisiga jome masjidi sifatida xizmat qilaveradi.

Xonning unsiz koʻz ishorasiga koʻra, uni sahnga oʻtirgʻizib, yonboshiga yostiqlar qoʻyishdi. Usta Baqo yoniga choʻkkaladi.
– Olloh bergan bu dardga noshukrlik etmasmen usta, – dedi Arslonxon mahzun tortib. – Meni yigirma yetti yil ulugʻ bir mamlakat taxtiga oʻtirgʻizgan, ulkan bunyodkorliklarga izn berib, xalqning duosiga sarafroz etgan Olloh endi dard yuborganida, dilimdan zarracha noshukrlik oʻtsa, bu qulini bandam demasin. Axir, Parvardigor oʻz paygʻambari Ayub alayhissalomga sinov tariqasida dard va musibatlar yuborganda, hazrat Ayub chidab, shukr etganlar-ku! Ul zotning qadami Buxoroga ham tekkan. Hassalarining uchidan hosil boʻlgan chashma suvidan hamisha ixlos bilan ichganmen. Ulugʻlar hayoti va bardoshi biz uchun ibratdur, albatta.

Faqat bir armonim oʻzim bilan ketadigan koʻrinadir. Paykandni – besh asr ilgari Qutayba vayron etgan qadimiy shaharni qayta obod etmoqchi, bir vaqtlardagi kabi Buxoroyu Samarqand qatorida turuvchi ulugʻ shaharga aylantirmoqchi edim. Afsus, nasib etmadi....
– Hali imkon boʻlur, xoqonim. Kalomi sharifda aytilgankim: «Fallaziyna amanu va amilu lahum magʻfiratun va rizqun karim» . Ya’ni: «Iymon keltirgan va yaxshi amallar qilganlar uchun magʻfirat va ulugʻ rizq boʻlur». Ajab emas, dard bergan egam shifosini ham bersa.
– Qaydam, usta, bu niyatimni roʻyobga chiqarish amrimahol, shekilli. – Xon bir muddat uzoqqa tikilgancha jim qoldi. – Sogʻlom paytimda siyosatimdan qoʻrqib, ulugʻu kichik amru farmonlarimni soʻzsiz bajarardi. Falajga mubtalo boʻlishim bilan, lashkar beklari orasida: «Arslonxon butun xazinani qurilishlarga, xarobalarga suv chiqarish uchun ariqlar qazishga sovurmoqda. Oqibatida lashkar maoshi kechikmoqda. Xonning kuyovi – saljuqiylar saltanati sultoni Sanjarning lashkarlari bizdan bir necha bor koʻp maosh olisharkan. Yana deyarli har yili biron yurtga yurish qilib, sonsiz oʻljalar bilan qaytishadi. Biz – qoraxoniylar lashkarining saljuqiylar lashkaridan qaerimiz kam?! Biz ham harb ishiga mohir turkiylarmiz. Xon xazinadan yaxshi maosh berolmasa, biron yurtga gʻazotga boshlab borsa boʻladi-ku!» – degan gap-soʻzlar tarqalib, fitna yetilayotgani xabarini yetkazishdi. Albatta, fitna urugʻi avvaldan mavjud boʻlib, fitnachilar qulay fursatni kutib yurishgan. Darhol Paykanddagi qurilishlarni toʻxtatib, bor mablagʻni lashkarning maoshini oshigʻi bilan toʻlashga sarfladim. Shunday qilmaganimda fitnalar boʻroni qoʻzgʻalib, saltanatda parokandalik yuz bermogʻi mumkin edi. Yangi fitnalarning oldini olish uchun men toʻngʻich oʻgʻlim Nasrni xon deb e’lon qildim. Alhol, poytaxtga borib, toju taxtni unga topshirmoqchimen.
– Qaroringiz odilona va oqilonadur, a’lohazrat, – tasalli berishga shoshildi usta Baqo. – Oʻgʻlingiz taxtga oʻtirgach, oʻgit va yoʻl-yoʻriqlaringiz asosida yurtni boshqarur. Inshoolloh, shahzoda siz boshlagan xayrli ishlarni oxiriga yetkazur.
– Afsus, men bunday deb oʻylamasmen. – Xon yana nigohini koʻz ilgʻamas kengliklarga qadadi. – Yoshligimdan ulugʻ donishmand Yusuf Bolosogʻuniyning «Qutadgʻu bilik» asarini sevib oʻqirdim. Nazarimda, bu ulugʻ zotning oʻgitlari Olloh kalomi va paygʻambarimiz sallallohi alayhi vasallam hadislaridan soʻng eng toʻgʻri dasturilamaldur. «Qutadgʻu bilik»da hukmdor xalq farovonligi va osoyishtaligini ta’minlashi, vazirlar bu ishda unga tayanch boʻlishlari lozimligi aytilgan. Biroq beklaru vazirlar, qoraxoniylar xonadoniga mansub shahzodalar orasidan meni anglaguvchi odamni kam topdim. Shu bois ulardan birini emas, seni ushbu suhbatga chorladim. Yaqinlarimdan faqat qizim Mohiturkon meni anglardi. Uni saljuqiylar poytaxti Marvga kelin qilib uzatayotganimda: «Ona qizim, xazinadan xohlagan narsangni olib ket», - dedim. Qizim shunday javob berdi: «Otajon, mumkin boʻlganida sizni va onajonimni olib ketardim-u, buning iloji yoʻqligini bilamen. Amr qilsangiz, kotiblar siz qoʻldan qoʻymay oʻqiydigan «Qutadgʻu bilik» kitobidan bir nusxa koʻchirib bersalar. Men har gal uni qoʻlga olganimda, hoynahoy, otajonim ham hozir shu kitobni oʻqiyotgan boʻlsalar kerak, deb sizni oʻylaymen».

Bir kuni qizimdan iztirobli maktub oldim. U malika sifatida eriga maslahat beribdi: «Shohim, poytaxtingiz Marvda katta madrasa qurdirsangiz. Ilmli odamlar koʻplab yetishsa va davlat ishlariga olinsa, saltanat ravnaq topur». Sulton Sanjar qizimni kalaka qilib, qah-qah urib kulibdi: «Otang Movarounnahrning barcha yeriga yomgʻirdan keyingi qoʻziqorindek imoratlar qurib tashlayotgani yetmagandek, endi sen Xurosonni qurilish maydoniga aylantirmoqchimisen? Aqli bor hukmdor xazinani qurilishga emas, lashkarni koʻpaytirishga sarflaydi». Bu koʻnglimga ogʻir botdi. Farzandim ezgu niyatda boʻlsa-yu, uni mazax qilishsa. Darhol Marvga mablagʻ va maktub joʻnatib, qizimga: «Sen oʻzing xohlagan tarhda madrasa qurilishini boshlayver, to bitgunicha mablagʻ bilan ta’minlash mening zimmamda», dedim. Qizimdan: «Otajon, qurilish boshlandi, yoshu qari marvliklar sizni duo qilishmoqda», degan javob kelganida taxtga chiqqan kunimdagidan ham koʻproq quvonganmen .

Agar bilsang, menga vorislikka eng munosib nomzod – qizim Mohiturkon. Biroq, afsuski, uni Movarounnahr taxtiga oʻtqazish imkoni yoʻq. Oʻgʻillarimdan qaysi biri boshiga toj kiymasin, xazinani lashkarni oshirishga sarflasa kerak. Shul sabab, sendan oʻtinchim shuki, Namozgohni bitkazishga shoshil. Samarqandga yetishim bilan xazinadan qolgan zarur mablagʻni joʻnatamen. Bu masjid xalq uchun gʻoyat zarur. Xayrli imoratlar bunyod etish qodir Ollohga ham maqbulligiga dalillardan biri shuki, katta bobom Shamsulmulk oʻzi uchun Shamsobodda qurdirgan tillakori saroy bir asr oʻtmay vayron boʻlib ketdi-yu, karvonlar va yoʻlovchilar manzilgohi sifatida choʻl oʻrtasida qurdirgan Raboti Malik hanuz el koriga yaramoqda. Bu menga dars boʻlib, Buxoroda qurgan saroyimni ham madrasaga aylantirdim. Endilikda Olloh menga ogʻir dard yuborgan boʻlsa-da, xalq xizmatini boʻynimdan soqit qilgani yoʻq. Bu Buxoroyi sharif bilan soʻnggi diydorlashuv. Bugun Qorakoʻl darvozasidan kirgan boʻlsam, ertaga Samarqand darvozasidan chiqib, suyukli shahrimni mangu tark etamen. Namozgoh bitgach, masjidning ochilish marosimiga shahzodalardan biri kelib, xizmatlaringni taqdirlaydi, albatta.
– Xotirjam boʻling, hazrat, ilk gʻishtini oʻzingiz qoʻyib berganingiz Namozgohni albat bitkazurmiz, – dedi usta Baqo ovozi titrab. – Hozirgi damda xazinadan katta mablagʻ ajratish mushkulligini qulingiz yaxshi anglaymen. Minorani qurganimizda nisor etgan in’om-ehsoningiz tufayli hanuzgacha hech narsaga zoriqmay roʻzgʻor tebratib kelmoqdamen. Binobarin, Namozgoh qurilishi uchun menga va’da qilganingiz haqdan voz kechamen. Oʻsha pulga masjidning bir ustuni tiklansa, qulingiz uchun eng katta haq shudir. Muhandisu me’morlik kasbini egallagan oʻgʻillarim va jiyanlarim ham maoshsiz ishlay olurlar.

Arslonxonning mijjalarida yosh yiltiradi. Qoʻlini zoʻrgʻa koʻtarib, me’morning yelkasiga qoʻydi.
– Umring uzoq boʻlsin, yana koʻplab dunyo turguncha turadigan binolar qurish nasib etsin, aziz doʻstim!

Usta Baqoning oʻpkasi toʻlib, xonning quruqshab qolgan qoʻlini avaylab ushlab, duvillab yosh toʻkilayotgan koʻzlariga surdi. Buxoroyi sharifning jahoniy shuhratiga shuhrat qoʻshgan ikki ulugʻ farzandi oʻz zaminiy faoliyatlarini yakunlashlari uchun juda oz fursat qolganini botinan anglab, achchiq koʻz yoshi toʻkishar, Arslonxon va usta Baqoni yelkasida koʻtarib, koʻkka magʻrur boʻy choʻzgan minora Ollohning izni bilan bunyodkorlari boʻlgan bu zotlarga ularning muborak nomi va ezgu a’molini asrlardan asrlarga olib oʻtajagini aytib, goʻyo unsiz taskin-tasalli berardi.

2010