OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGʻulom Karimiy
Asar nomiBahor sogʻinchi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Gʻulom Karimiy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Bahor sogʻinchi (hikoya)
Gʻulom Karimiy

«
Ustoz Pirimqul Qodirovga bagʻishlayman
»

1

1951 yilning qishi. Moskva xiyobonlaridagi daraxtlar oppoq qorga burkangan. Tashqarida izgʻirin boʻlsa-da, Maksim Gorkiy nomidagi Adabiyot instituti rektorining atoqli adabiyotshunos professor bilan suhbati qizgʻin edi. Rektor iltifot yuzasidan professorga sigaret taklif qildi. Keyin oʻzi ham tutatdi. Professor sigaretdan bir-ikki tortib, rektorga savolomuz qaradi. U bu yerga bejiz chaqirilmaganini bilardi.
– Andrey Nikolaevich, guruhingizdagi aspirant Adham Qodirovning oʻzlashtirishi qalay? – muddaoga koʻchib soʻradi rektor.
– Qoramagʻizdan kelgan oʻzbek yigitini aytyapsizmi, Sergey Viktorovich? Oʻzlashtirishi durust. Biroq moddiy jihatdan qiynalgan koʻrinadi. Yaqinda ittifoq Yozuvchilar uyushmasida milliy adabiyotlarga bagʻishlangan bir tadbirda qatnashganimda, oʻzbek adabiyoti boʻyicha maslahatchi kerak, deyishuvdi. Men Qodirovni tavsiya qilmoqchiman. Rus va qardosh xalqlar adabiyotidan yaxshi xabardor u. Ham oʻqish, ham ishni eplab ketadi bu tirishqoq yigit. Ham oʻziga iqtisodiy yordam boʻladi.
– Hozircha shoshmay turing. Uning hali institutda oʻqishi ham dargumon boʻlib turibdi.
– Tinchlikmi, Sergey Viktorovich? Axir u ...
– Ustidan chaquv bor. Mana, tanishib chiqing.

Oqsoch professor tilla gardishli koʻzoynagini burniga qoʻndirib, rektor uzatgan xatni oʻqiy boshladi. Serajin manglayi yanada tirishdi. Oʻqib boʻlgach: «Eh, dayus - ey», – deya gʻijinib, xatni stolga tashladi.
– Qodirovmi?
– Qoʻysangiz-chi! Ochigʻini aytsam, shu yigitga ancha mehrim tushib qolgan. Gapimga ishonavering, Sergey Viktorovich, adabiyotni uningchalik yaxshi koʻradigan talaba hatto bizning adabiyot institutimizda ham unchalik koʻp emas. Bu chaquv turgan-bitgani boʻhton-ku! Boyning oʻgʻli Moskva ayozida yupqa paltoda yurarmidi?
– Shunday deysizu, biroq ilgari boyning oʻgʻli boʻlgan boʻlishi mumkin-ku! Andrey Nikolaevich, biz bu dargohda gʻoyaviy jihatdan pok odamlar tahsil olishiga mas’ulmiz. Binobarin, masalaga jiddiy yondoshib, tekshirib koʻrishimiz lozim.

Professor bosh chayqab, uh tortar ekan, xonaga kotiba kirdi. U hali gapirishga ulgurmasdan, rektor buyurdi:
– Qodirov kelgan boʻlsa, kiraversin.

Paltosini garderobda qoldirganidan kiyimi yanada yupunlashgan Adham xonaga kirdi. Salomlashib, koʻrsatilgan joyga oʻtirdi. Rektorning salobati bossa-da, uning yonida suyukli ustozini koʻrib, ancha yengil tortdi. Yarim yillik tahsilning imtihonlarini a’loga topshirgani uchun ham koʻngli toʻq Adham keng-moʻl kabinetdagi javonlarga terilgan kitoblarni koʻzdan kechirib, ularning qaysi klassiklar asarlari toʻplami ekanini tusmollardi.

Rektor sinashta usulini qoʻlladi. Qiyofasiga yanada jiddiy tus berib, sargʻish koʻzlarini yigitga nashtardek qadab, keskin ohangda soʻradi:
– Adham Qodirovich, sizning ijtimoiy kelib chiqishingiz qanday?

Adhamning rangi boʻzday oqardi. Daf’atan, tili kalimaga kelmay, bir zum sukut saqladi. Soʻng, oʻzini qoʻlga olib, qat’iy ohangda dedi:
– Men dehqon xonadonida – oddiy mehnatkash oilasida tugʻilganman. Bolaligim va oʻsmirligim ham darsdan soʻng dalada mehnat bilan oʻtgan.

Uning ovozi va nigohida «bu rost, ishoning» degan iltijo bor ediki, rektor koʻzini olib qochib, hukmini aytdi:
– Shunday boʻlsa ham, siz hozircha mashgʻulotlarga qatnashmay turing.
– Nega axir?! Men kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtib, birinchi semestr imtihonlarini ham a’loga topshirdim!

U yordam soʻragandek professorga qaradi. Professor indamay, ezgʻilab yogʻayotgan qorga tikilib oʻtirar, ayni vaziyatda u xuddi qahraton quyoshidek Adhamga biron yordam koʻrsatishdan ojiz edi.
– Ochigʻi, ustingizdan chaquv tushgan. Ijtimoiy kelib chiqishingiz xususida, - dedi rektor.
– Axir, menga Toshkentda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasidan ijobiy tavsifnoma berishgan-ku! Uni men hujjatlarlarimga qoʻshib topshirganman.
– Toʻgʻri, hujjatlaringiz joyida. Shu bois, biz Toshkentga soʻrovnoma yubordik. Agar chaquv boʻhton boʻlib, siz haqingizda ijobiy javob kelsa, mashgʻulotlarni yana davom ettiraverasiz.
– Kim yozibdi chaquvni, bilsam boʻladimi?
– Buni oshkor qilolmayman.

Adham rektorning kabinetini ezgin qiyofada tark etdi. Eshik yopilishi bilan professor oshkora uh tortdi.
– Esiz, boʻladigan bola, umidli shogirdlarimdan edi. Eng muhimi, asarlaridan oʻzi qilgan soʻzma-soʻz tarjimalarini oʻqiganimda, tuzukkina badiiy iqtidori borligi ma’lum boʻldi.
– Eh, Andrey Nikolaevich, siz ustoz sifatida emas, rahbar sifatida bir oʻylab koʻring! Adabiyot manfaati emas, balki siyosiy tuzum, sotsialistik jamiyat manfaatidan kelib chiqing-chi. Kamina shunday yoʻl tutishga majburman. Toʻgʻri, iste’dodli shogirdlariga mehr qoʻyadigan ustoz sifatida sizni tushunaman. Lekin, koʻp ezilmang. Balki, hali ijobiy javob kelar. Har holda bu zaruriy chora. Yumaloq xat qanday keskin tusda yozilganini koʻrdingiz-ku. E’tiborsiz qoldirsak, xat muallifi tegishli idoralarga yozishdan ham toymaydi. Ortiqcha daxmazalarga qolib yuramiz unda. Shamol boʻlmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi, degan sharq maqolini bilasiz. E’tibor qilgan boʻlsangiz, Qodirovning darhol rangi oʻchib ketdi. Demak, uning oʻtmishida nimadir bor.

Professor yana e’tiroz bildirishga ogʻiz juftladi-yu, rektorning tepakal boshi ustidagi Stalin portretiga koʻz tashlab, dami ichiga tushganday, tilini tiydi.

2

Institut aspiranturasi yotoqxonasi xonalaridan birida ikkinchi bosqich tinglovchisi Yoʻldosh besaranjom holda oʻtirardi. Institutda, ayniqsa, aspiranturada oʻzbeklar kam, Adham ikkalasi bir xonada turishadi. Eshik ochilib, Adham kirganida uning aftoda rangu roʻyini koʻrgan Yoʻldosh sezilar-sezilmas qalqib tushdi. Oʻzini bosib, paltosini ochayotgan doʻstiga dedi:
– Ikki haftalik ta’tilning ham bir kuni oʻtdi. Xoʻsh, qaror qildingmi? Borib kelasanmi Toshkentga?
– Yoʻq, Moskvada qolaman.
– Nega birdan oʻzgarib qolding?
– Ustimdan kimdir rektorga chaquv yozibdi. Uni tekshirish uchun Toshkentga yuborishibdi. Javobini kutishim kerak.
– Qanaqa chaquv ekan? – talmovsiradi Yoʻldosh.
– Ijtimoiy kelib chiqishim xususida.
– Ha-a, shunaqami? Toshkentda, universitetda ham bu masala qoʻzgʻalgani esimda. Moskvada ham oʻsha gapmi? Chaquvni ham kimdir Toshkentdan yuborgandir. Menga qara, Adham. Bu daxmazalarga biryoʻla nuqta qoʻymaysanmi?
– Qanday qilib, Yoʻldosh? Maslahat ber, nima qilay, – iltijo bilan dedi Adham. – Butun hayotim davomida bu narsa meni ogʻir togʻdek bosib, ezib kelmoqda. Qachon anketa toʻldirishga toʻgʻri kelsa, ijtimoiy kelib chiqishingiz, degan savoldan yuragim bezillaydi. Axir, ota-onam bir umr oʻz mehnatlari bilan kun kechirgan. Birovning mehnatidan foydalanmagan, hech kimning haqini yemagan!
– Lekin otang quloq qilingan-ku.
– Toʻgʻri, lekin keyinchalik kolxozga kirib, hamma qatori ketmon chopgan. Axir, oʻsha davrda – jamoalashtirish siyosatida ayrim kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganini oʻrtoq Stalinning oʻzi ham tan olgan-ku.
– Qara-ya, otangning kamchiligini tan olishni istamaysan, lekin uni jazolagan partiya kamchilikka yoʻl qoʻygan demoqchisan.
– Meni notoʻgʻri tushunding. Xoʻsh, nima demoqchi eding? Qanday qilib barchasiga chek qoʻyish mumkin?
– Komsomolga xos shijoat va mardlik bilan otangdan voz kechasan!
– Nima-nima?!
– Eshitganing! Komsomol majlisida men oʻz oʻtmishimdan, zararkunanda quloq otamdan voz kechib, jamiyatimizga munosib odam boʻlmoqchiman, deysan. Majlis ishtirokchilari, shubhasiz, seni qoʻllab-quvvatlaydi. Bu haqda bir maqola ham yozib, matbuotda chop ettirsang, zoʻr hujjat boʻlib qoladi. Shundan keyin hech kim senga ijtimoiy kelib chiqishingni ta’na qilolmaydi.
– Oʻylab gapiryapsanmi, Yoʻldosh? Qanday qilib marhum otamdan voz kechaman? Meni, aka-ukalarimni dunyoga keltirgan, boqqan, tarbiyalagan otamdan, uning aziz xotirasidan voz kechamanmi? Otam rahmatli birovga yomonlik sogʻinmagan, besh vaqt namozini kanda qilmagan iymon-e’tiqodli inson edi.
– Mana, oʻz tilingdan ilinding! Namoz oʻqisa, demak dindor boʻlgan. Shunday otadan voz kechmay turib, sen hali sovet yozuvchisi boʻlmoqchimisan? Komsomol boʻlaturib, pioner Pavlik Morozovdan oʻrnak olish qoʻlingdan kelmaydi-yu, yana sovet yoshlari hayotidan roman yozishni da’vo qilayotganingga oʻlaymi!

Adham doʻstining bu soʻzlarini javobsiz qoldirdi-da, paltosini qayta kiydi.
– Xoʻsh, yoʻl boʻlsin?
– Hovlida uyiga ijaraga qoʻyadiganlar e’lonlariga koʻzim tushgan edi. Javob kelgunicha biron joyda ijarada turaman. Chunki bu ahvolda yotoqxonada turishim qiyin. Yurtdosh va doʻst boʻlaturib, senki meni tushunolmading, boshqalarning munosabati qanday boʻlishi ma’lum. – U xonadan chiqarkan, qayrilib, qoʻshimcha qildi. – Malol kelmasa, rektoratdan boxabar boʻlib tur. Kotibadan javob kelgan-kelmaganini surishtir. Oʻzim xabar olib turaman.

Xonada yolgʻiz qolgan Yoʻldoshning badani uvishdi. Adham ketsa, bu qadar yolgʻizlanib qolishini oʻylamagan ekan. Xona huvillab qolganday goʻyo. Toʻgʻri, Toshkentda oralari yaqin emasdi. Biroq musofirlikdagi hayot, Oʻzbekiston haqidagi umumiy xotiralar ularni bir qadar yaqinlashtirgan edi.

Adhamning ustidan yashirincha chaquv yozib bekor qildimikan? Vijdoni oʻrtangan Yoʻldosh turli mulohazalardan qalqon yasashga tirishardi: «Men bir kambagʻal batrak oʻgʻliman. Otam quloqlarga qarshi kurashda oʻzini koʻrsatgan. Shoʻro tuzumi gʻalabasi tufayli men oddiy batrak oʻgʻli Moskvada yozuvchilikka oʻqimoqdaman. Ammo Adham ... uning otasi quloq boʻlgan-ku. Ma’naviy haqqi bormi shunday dargohda ta’lim olishga? Toʻgʻri, u ilmli, iste’dodli. Biroq mard boʻlsa, ijtimoiy kelib chiqishini nega yashiradi? Yana u Moskvaga kelishi bilan Sanobar bilan uchrashibdi. Men bir yildan beri uning koʻnglini olish uchun halakman. Necha marta kinoga taklif qilsam, darsim koʻp, deb bahona qildi. Borganida ham yolgʻiz emas, dugonasi bilan bordi. Adham bilan esa yolgʻiz oʻzi boribdi. Yoʻq, men ogʻzidagi oshini oldiradiganlardan emasman».

3

Adham ijara uyiga asosan tunash uchun borardi. Mashgʻulotlardan «ozod» boʻlgani uchun uzzukun Lenin kutubxonasiga tanda qoʻygan, «yopiq fond»dan Choʻlpon toʻplamlarini olib oʻqir, oʻtli va dardli satrlar bir-ikki oʻqishdayoq xotirasiga muhrlanar, koʻchirib olishga ham hojat qolmas edi. Bu adabiyotlar har kimga berilavermas, biroq Gorkiy nomli Adabiyot instituti aspiranturasi kabi yuksak dargohda tahsil olayotganlarga ruxsat bor edi. Aspirantlar bu adabiyotlarni ilmiy rahbarlari koʻrsatmasiga binoan, oʻz ilmiy ishlarida burjua adabiyotini fosh qilish uchun oʻqishlari barchaga ayon edi.

Bir paytlar u Qodiriy romanlarini yashirincha oʻqigan. Sahifalarga qanchadan-qancha koʻz yoshlari toʻkilgan. Endi Choʻlpon she’riyati uni sehrlamoqda. Shoirning otashin satrlari xayolida muttasil charx urardi:

Karashma dengizin koʻrdim, na nozlik toʻlqini bordur,

Halokat boʻlgʻusin bilmay qulochni katta otdim-ku.

Qiziq, bu adiblarni nega tuzum qabul qilmagan? Ularning ijodini sevsa, demak u ham bu jamiyatga yot unsurmi? Adabiy asarlar asli qaysi mezonlar asosida baholanmogʻi zarur? Shoʻro adabiyoti eng haqgoʻy adabiyot, deya jar solishadi-yu, haqiqat haqida nafaqat yozish, hatto suhbat qilish buncha mushkul boʻlmasa.

Bolaligi ogʻir mehnat, yetishmovchiliklarda oʻtib, universitet va aspiranturaga oʻz intilishi bilan erishib, endi ogʻzi oshga yetay deganda, boyning bolasi deya burnini qonatsalar-u, biron joyga arz qilolmasa. Bunaqa xoʻrliklarga ilk bor duchor boʻlayotgani yoʻq.

Oltinchi sinfda a’lochiligi uchun uni Toshkentga sayohat yoʻllanmasi bilan mukofotlashdi. Qanchalik hayajonlangani, ota-onasi tushlik uchun bergan pulni Toshkentga borganida kitob sotib olish uchun yigʻa boshlagani esida. Lekin tuman maorif boʻlimidagi hushyor mutasaddilar «otasi boy boʻlgan», deb mukofotni bekor qilishdi. Daminov degan jugʻrofiya oʻqituvchisi: «Axir, otasi hozir kolxozchi-ku», deya kuyinib gapirgani, lekin uning soʻziga hech kim quloq solmagani aslo esidan chiqmaydi. Lekin qachon shu voqeani eslasa, ustozi Daminovning soʻzlari zulmatni parchalagan bir qatim nurdek koʻrinardi. Tuzum qanchalik mustabid boʻlmasin, odamlardagi insoniylikni butkul mahv etolmaydi, degan ishonch unga dalda berardi.

Adham kutubxonadan chiqib, piyoda yoʻl oldi. Moskva koʻchalari oqshomda ham yorugʻ. Bu shaharga kelgach, oʻzini uzoq yillar qora koʻlankaday ta’qib qilgan tuhmatu chaquvlar nihoyat uzoqda qoldi, deb oʻylagan edi. Ne-ne mashhur adiblar bilan uchrashdi shu olti oy mobaynida. Ularning koʻp soʻzlarini yon daftariga yozib oldi. Koʻngil qoʻygani Sanobar ham shu shaharda tahsil olmoqda. Ular bahorda turmush qurishni rejalashtirgan edilar. Oʻshanda hayot yoʻli unga Moskva koʻchalariday hamisha keng va yorugʻ boʻladiganday tuyulgandi...

Oʻzbekistonda allaqachon boshlangan bahor nafasi Moskvada ham sezilmoqda. Afsuski, Adhamning kayfiyati bahoriy emas. Toshkentdan hech qanday xabar yoʻq. Sanobar institutga kelib, Yoʻldoshdan Adhamni soʻrabdi. Yoʻldosh bor gapni aytib, hozir qaerda turganini bilmayman, debdi. Qanchalik sogʻinmasin, Sanobarning yuziga qanday qaraydi? Necha marta chogʻlanib, oʻsha tarafga yoʻl oldi. Biroq har gal: «Men tufayli unga nisbatan ham shubha paydo boʻlmasin. Oʻzi baxtsiz odam boshqani baxtli qila olarmidi?», - degan oʻylar bilan orqaga qaytardi.

Koʻprikdan oʻtarkan, Moskva daryosiga razm soldi. Daryo muzlari palaxsa-palaxsa koʻchib, boʻtana suv koʻpirib oqmoqda. Buni kuzatarkan bolalik davrining iztirob bilan yoʻgʻrilgan ilk xotiralari koʻz oʻngida jonlandi. Otasi surgun qilingach, «quloqning oilasi» degan xoʻrlashlar va tahdidlarga chidolmagan onasi bolalarini olib, togʻasi yordamida uzoqdagi qishloqqa koʻchishga qaror qildi. Koʻch-koʻronlarini togʻasining ikki otiga ortib, qish chillasida yoʻlga tushishdi. Qalin qor yoqqan sovuq kun. Olti oylik ukachasi Rabbim onasi qoʻlida edi. Otlar muzga toyib yiqilganda, ularning ustidagi yuklar ham qorga qulab tushar, togʻasi va onasi otlarni turgʻizib yuklarni ortguncha, bolalar qor ustida junjikib turishardi. Olti oylik goʻdak chirillab yigʻlar, bundan barchaning yuragi ezilsa-da, hech kim uni qanday ovutishni bilmas edi. Oʻshanda ukasiga sovuq oʻtib ketgan ekan. Bahorga chiqmasdan, Rabbim umrida bir bahorni ham koʻrmasdan nobud boʻldi. Adham ulgʻaygach, ba’zan: «Qishda emas, bahorda koʻchganimizda, balki ukam tirik qolib, hozir azamat yigit boʻlarmidi» , deb oʻylar, hayoti tongidagi shu voqea tufayli uning uchun qish mamot, bahor esa hayot ramziga aylangan edi. Biroq bu yilgi Moskva bahori yaxshilikdan darak bermas edi...

Narigi qirgʻoqda odam toʻplanib turganini koʻrgan Adham, har bir narsa bilan oʻzini chalgʻitishni istagani tufayli, olomonga yaqinroq borib bildiki, gʻavvoslar hozirgina suvga choʻkib oʻlgan odam murdasini olib chiqishibdi. Qiziqishi darhol soʻnib, ortga qaytdi. Odamlarning ovozi uzuq-yuluq tarzda qulogʻiga chalinardi.
– Oʻz joniga qasd qilibdi-ya, shoʻrlik!
– Kim biladi, balki choʻktirib yuborishgandir.

Bu hodisa Adhamga yoʻl koʻrsatgandek boʻldi. Yoʻl boʻlganda ham tuhmatu chaquvlar yetib borolmaydigan manzilga eltguvchi yoʻl. Bu haqda bemalol xayol surib, sovuqqonlik bilan rejalar tuzayotganidan oʻzi ham hayron edi. Muzdek suvga kirishini oʻylaganida ham sira eti junjikmas, hatto nazarida bu fasl suvga choʻkish uchun eng maqbul bir mavsum edi... Kattakon muz parchasi boshiga kelib uriladi. Zarbdan garang boʻlib, buyogʻi nima boʻlganini sezmay ham qoladi. Jasadini topib olishganida ham kim uni tanirdi. Butun Moskvada unga aza tutadigan birgina odam bor... Eh, Sanobar, agar bilsang, men ertami, indin ikkalamizning oppoq qordek orzularimizni, yorugʻ kelajagimizni, tugʻilmagan bolalarimizni oʻzim bilan choʻktirib yuboraman... Lekin, kechir meni. Tirik qolganimdayam, mendek badnom odam sen bilan birga boʻlolmaydi.

Uyga yaqinlashganida, birdan yoʻldan qaytib, Gorkiy instituti tomon yurdi. Nima boʻlgandayam koʻnglida soʻnggi bir ilinj miltillab turardi.

Yotoqxonaga kirarkan, telpagini peshonasiga bostirib, paltosi yoqasini koʻtarib, burkanib oldi. Kursdoshlaridan birontasiga uchrab qolishni istamasdi. Xonaga kirib kitob oʻqib oʻtirgan Yoʻldoshga savol nazari bilan qaraganida, u bosh chayqadi: hamon hech qanday xabar yoʻq. Buncha hayallashmasa. Oʻzbekistonda ham qayta tekshiruv oʻtkazib, qarindosh urugʻlarigacha soʻroq qilishyaptimi?...

U oʻtirmasdanoq xonani tark qilayotganida Yoʻldosh soʻradi:
– Ijobiy javob kelsa – yaxshi, boʻlmasa – Toshkentga qaytasanmi?
– Qaysi yuz bilan qaytaman? Oʻlim yaxshi-ku bundan!
– He, he, oʻzingni oʻldirarmiding? Buni oson ish deb oʻylayapsanmi?
– Harqalay, sharmandalik dogʻiga chidashdan osonroq!

4

Yoʻldosh oʻzini rektor nega chaqirtirganini bilardi. Kotiba ham bundan xabardor shekilli, uni darhol kirgizib yubordi. Rektorning kayfiyati yaxshi edi. U xushmuomalalik bilan aspirantga joy koʻrsatib, oʻzbekcha jon qoʻshimchasini qoʻshib gapirdi:
– Yoʻldoshjon, yurtdoshing Adhamjon qalay yuribdi?
– Yotoqxonadan ketgan, ijara uyda turadi. Mashgʻulotlarga qatnamayapti.
– Ha, bir anglashilmovchilik boʻlgan ekan. Serquyosh Oʻzbekistondan quyoshli xabar keldi. Doʻstingni topib, ayt. Bemalol mashgʻulotlarga qatnayversin. Qoldirgan darslarini oʻzlashtirib olishiga yordam ber. Ijarada yoki yotoqxonada turish esa oʻzining shaxsiy ishi.
– Rahmat, Sergey Viktorovich!

Yoʻldosh koʻchaga chiqib, telefon budkasiga kirib, istar-istamay raqam terdi. Oʻzi kutmagan va yoqtirmagan xabarni aytishi kerak. Mayli, hech gap boʻlmaganday: «tabriklayman, institutga kelaver», deydi-da. Narigi tarafdan Adhamning dardchil ovozi eshitildi. Uning yurak hovuchlab, quloq tutib turganini bilardi. Bu xabarni eshitgach, nima qilarkin? «Kel, doʻstim, bu xushxabarni biron qahvaxonada yuvaylik», deydimi? Yoki meni shu zahoti unutib, qanot chiqarib, Sanobarning oldiga uchadimi?

Toʻsatdan Yoʻldoshning vujudida yovuz dev bosh koʻtardi. Uning izmiga boʻysungan Yoʻldosh aytishga chogʻlangan soʻzlarining butunlay teskarisini gapirdi:
– Endi xafa boʻlmaysan, Adham. Toshkentdan oʻta salbiy javob kelibdi. Rektor aytishicha, endi sen tinglovchilar safidan butunlay oʻchirilarkansan.

Javob oʻrniga, Yoʻldoshning qulogʻiga goʻshakning taraqlab tushgani eshitildi. Goʻshak Yoʻldoshning vujudidagi yovuz dev boshiga tushib, uni majaqlagandek edi. U birdan oʻziga kelib, jon holatda baqirdi:
– Adham, Adham ... men hazillashdim, gaplarim yolgʻon, eshityapsanmi?

Biroq telefon jimjit edi. Rangi oʻchgan Yoʻldosh budkadan otilib chiqib, yoʻlda kelayotgan birinchi mashinaga jon holatda qoʻl silkiy boshladi.

2009