OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGʻulom Karimiy
Asar nomiHaykallar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Gʻulom Karimiy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Haykallar (hikoya)
Gʻulom Karimiy

2010 yil sentyabr oyida poytaxt markazidagi Milliy bogʻ hududida adabiyotimizning ulugʻ siymosi Oybek domlaga haykal oʻrnatildi. Bu tadbir oynai jahon va matbuotda yoritildi. Bunday marosimlarda nutq soʻzlab, xalqqa koʻrinish berishni oʻziga ham farz, ham qarz deb biluvchi obroʻli adiblar mazmundor soʻzlar aytishdi. Kamina haykalning ochilish marosimiga borolmagan boʻlsam-da, bir necha kundan soʻng ziyoratga oʻtdim. Alisher Navoiy haykalini ziyorat etib, yon tomondagi ariq boʻyiga tushdim. Ariqning narigi betida Oybek va Abdulla Qahhor haykallari yonma-yon turardi. Kuzgi quyosh nurlari shundoq ham muhtasham haykallarga yanada salobat baxsh etar, Oybekning sokin va ulugʻvor chehrasida qat’iylik, teranlik jilva qilar, adibning chaqnoq koʻzlari burgut nigohi bilan boqardi. Xullas, haykaltaroshning san’atiga tahsin aytmaslik iloji yoʻq.

Nariroqda, oldinroq tavalludining yuz yilligi sanasida haykal oʻrnatilgan Qahhor domla yelkasiga choponni yelvagay tashlagancha, oʻz oʻylariga gʻarq edi.

Gap-soʻzlarga qaraganda, Milliy bogʻning shu tarafida adabiyot xiyoboni barpo etilib, yana boshqa ulugʻ adiblar haykallari oʻrnatilar ekan. Shoyadki, Maqsud Shayxzoda, Shuhrat domla kabi hayotligida munosib qadr koʻrmagan adiblarimiz ham, nihoyat, soʻlim adabiyot xiyobonida oʻz shoyista oʻrinlarida savlat toʻkib oʻtirishsa. Haykallarda adiblar oʻtirgan holda ekanligida ham ramziylik bordek. Ular shoʻro tuzumining jabr-jafolarini rosa chekishdi, shu uqubatlar tufayli hayotdan erta ketishdi. Endi Milliy bogʻ toʻrida, hazrat haykali poyida oʻtirib, orom olishsin, xotirjam tafakkurga berilishsin, avlodlar yutuqlaridan shodlanishsin. Yirik adabiy markaz boʻlgan Toshkentning turli goʻshalaridagi Abdulla Qodiriy, Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon, Zulfiya haykallari shahar husniga zeb boʻlib tushgan. Buxoroda Fitrat, Andijonda Choʻlpon haykallarini ziyorat qilganimda ham olam-olam quvonch tuyganman.

Yangilikdan xabardor adabiyot muxlislari yakka holida yo bir necha kishi boʻlib ziyoratga kelishar, shunchaki yoʻldan oʻtib ketayotganlar ham yangi haykalni koʻrib qolib, bir necha daqiqa toʻxtab tomosha qilib, mamnun holda yoʻllarida davom etishardi.

Xayol otini jilovlash imkonsiz. «Payti kelib, menga ham biron joyda haykal, jillaqursa, byust oʻrnatilarmikan», degan fikr koʻnglimdan gʻimirlab oʻtganday boʻldi-yu, beixtiyor qizarib, yon-atrofga qaradim. Tasodifan biron tanishim kelib qolib, xom xayollarimni uqib, ustimdan kulmayotganmikan? Oʻquvchi kaminani ma’zur tutsin. Xayolan boʻlsa-da, oʻzini yuksak maqom sohibi sifatida tasavvur qilish ijod ahliga qoʻndoqda tekkan kasallik boʻlib, davosi hali topilmagan.

Mendan bir necha yosh katta shoir doʻstim Abduhamid Parda har gal biron yirik adib vafotidan soʻng Chigʻatoy qabristoniga dafn etilganini eshitganda, armon bilan: «Bizga ham Chigʻatoydan joy tegarmikan?» deb qoʻyadi. Bu gapdan ensam qotib, unga deyman:
– Avvalo, Chigʻatoyga talpinish siz uchun erta emasmi? Hali uylantiradigan oʻgʻlingiz, uzatadigan qizingiz bor. Soniyan, Xudo bergan umrdan foydalanib, qattiq ijod qilib, zoʻr asarlar yarating. Yoshingizni yashagach, koʻrimsiz bir qabristonga qoʻyilsangiz ham, oʻsha joy sizning qabringiz tufayli adabiyot muxlislarining ziyoratgohiga aylanib, obod boʻlsin!
– Shunday-kuya, biroq Chigʻatoyga qoʻyilish – rasmiy e’tirof degani-da! – deydi Parda koʻngliga qattiq oʻrnashgan orzusidan voz kecholmay...

Haykallarni aylanib, har tarafdan tomosha qilgan juvon menga yaqinlashdi.
– Kechirasiz, sizdan bir narsani soʻramoqchi edim. Adabiyotga aloqadormisiz?

Adabiyotga anchagina aloqam borligini bildirib, «ha» ma’nosida bosh irgʻaganimdan keyin u dedi:
– Bir narsaga hech tushunolmadim. Nega Oybek domla Qahhor domlaga teskari burilib turibdi. Ziyoratchilarda anglashilmovchilik uygʻotmaydimi bu?
– Hayotda ham ular uncha kelishishmagan, – dedim men dabdurustdan boshqa javob topolmay. – Bir adabiy majlisda eshitganim bor. Oybek va Qahhor bir-birlarining yubileylariga borishmagan. Biroq har ikkalasi bir-birining iste’dodini e’tirof etgan.
– Mayli, shunday boʻlgandir ham. Lekin bizga ulardan qolgan meros muhim-ku! Oralarida qandaydir kelishmovchiliklar oʻtgan boʻlsa, buni shunchalik boʻrttirib koʻrsatish shartmi?
– Singlim, bu atayin qilinmagan. Oybek domla Navoiyga bagʻishlab qator oʻlmas asarlar yozgan. Hazratga nisbatan ixlos-e’tiqodi beadad boʻlgan. Haykaltarosh uni Navoiy tarafga hayrat va muhabbat bilan qarab turgan holda yaratgan. Shu gʻoyaga mahliyo boʻlib, Qahhorga teskari oʻgirilib qolishi mumkinligi xayolidan koʻtarilgandir.
– Lekin san’atda bunday xatolar qimmatga tushadi. Qancha ziyoratchi hayron boʻlib ketmoqda.
– Maqsad ziyorat boʻlgach, bu taraflariga urgʻu berish shart emas. Ulugʻlarimiz haykallari oʻrnatilganiga shukr qilaylik.
– Lekin ikki haykal oʻrni almashtirilsa, barchasi joy-joyiga tushar ekan.
– Bunga ham hojat yoʻq, deb oʻylayman. Navoiyga eng yaqin joyda Oybek haykali joylashgani juda yarashgan. Bu yer adabiyot xiyoboni qilinib, hali yana yangi haykallar oʻrnatilarkan. Tabiiy, ular ham turli vaziyatda, turli tarafga nigoh tashlagan holda boʻladi. Shunda barchasi oʻz-oʻzidan uygʻunlashib, ajoyib umumiy manzara hosil boʻladi.
– Unda boshqa gap, – dedi juvon chehrasi yorishib. – Har bir yangi haykal oʻrnatilgan kun adabiyot muxlislari uchun bayram boʻladi.

– Bu xiyobonni har gal ziyorat qilishning oʻzi bir bayram boʻladi, – dedim men unga javoban.