OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGʻulom Karimiy
Asar nomiKoʻragon (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Gʻulom Karimiy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm34KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/11
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Koʻragon (hikoya)
Gʻulom Karimiy

«
Yaratqonkim tan ichra jon yaratti,
Seni koʻrkliklar uzra xon yaratti.

Xorazmiy
»

Balx viloyatiga bahor keldi. Jilgʻa va soylar yana koʻklam qoʻshigʻini kuylay boshladi. Dalalaru yaylovlar rang-barang oʻt-oʻlanlar gilami bilan qoplandi. Samoda turnalar argʻimchoq yasab, shimolga – Movarounnahr tomonga uchishsa, ulardan pastroqda qaldirgʻochlar havoni oʻqday kesib charx urishardi.

Kuzda Balxni zabt etgan Temurbek qoʻshini viloyatda qishladi. Ilk bahorda Hirot maliki Gʻiyosiddin Kurt, Sabzavordagi sarbadorlar hukumati boshligʻi amir Muayyad, Seyston maliki Faxriddin, Moxon amiri Alibek Joniqurboniy, xorazmshoh Husayn Soʻfi, Oq Oʻrda xoni Oʻrusxon, Kobuliston shohi Qutbiddindan elchilar kelib, barchasi shohligu gʻalaba bilan muborakbod etishdi. Temurbekning katta oʻtovi ham sovgʻa-salomlarga torlik qilib qoldi. Faqat Moʻgʻulistondan elchi kelmadi. Chunki moʻgʻullar Husaynni ham, Temurbekni ham oʻzlariga tobe Movarounnahrda oʻzboshimchalik bilan vaqtinchalik hokimiyat oʻrnatgan isyonkor kimsalar, deb bilishardi.

Amir Husayn ustidan gʻalaba qozonganidan soʻng, aksariyat yon-atrof oʻlkalar tojdorlari oʻttiz toʻrt yoshli Temurbekni Movarounnahr hukmdori, deb e’tirof etish barobarida, yangi hukmdorning kelgusi rejalari, qoʻshni saltanatlar bilan qanday munosabatlar oʻrnatish niyatidan voqif boʻlishni moʻljallar edilar. Toju taxtga yoʻl ochgan gʻalabasidan ilgariyoq Temurbek xon koʻtargani – Chingizxon avlodi Suyurgʻatmishxon nomi allaqachon xutbada oʻqilib, tangalarga zarb qilina boshlasa-da, uning qoʻgʻirchoq xon ekani sir emasdi.

Amir Husayn Movarounnahr hukmdori ekanida betayin xulq-atvori va ochkoʻzligi tufayli e’tiborli beklarning koʻnglini qoldirganidan ogoh qoʻshni yurtlar sultonlari Movarounnahr tarafdan xavfsiramay, aksincha, Jayhun va Sayhun oraligʻidagi tuprogʻi zar oʻlkaning biron viloyati yo tumanini yulib olish payida boʻlsalar, bu diyorda gʻayratu shijoati vujudiga sigʻmaydigan, Olloh yuksak aql va benazir sarkardalik iste’dodi bilan siylagan bahodir bek taxtga oʻtirgach, barchasining koʻngliga xavotir oraladi.

Navroʻzdan soʻng Temurbek a’yonlaru xos soqchilari hamrohligida Balx yaqinidagi paygʻambar sallallohu alayhi vasallam sahobalaridan biri dafn etilgan Xoja Ukkosha qabristoniga otlandi. Qargʻa tusli qorabayir ustida mardonavor oʻtirgan, qora kimxob chopon kiygan Temurbekning simobiy sallasi koʻklam quyoshi nurida nuqradek tovlanadi. Sallaga qadalgan yirik yoqut tong yulduziday porlaydi. Soqol-moʻylovi kalta kuzalgan bek odaticha olislarga nazar solar, bahor shabadasi xush yoqqanidan choponi oldini ochib yuborgan, guldor navroʻziy koʻylagi va otining zardoʻziy yopinchigʻi bilan boshqa suvoriylardan ajralib turardi.

Navroʻzgacha u aksar harbiy kiyimda yurganidan, hozirgi libosida oʻzini qushdek yengil sezar, kamariga ogʻir qilich oʻrniga, gʻilofiga qimmatbaho toshlar qadalgan dandon sopli dudama xanjar qistirilgan. Xoja Ukkoshaga yetgach, poʻlat sovut va dubulgʻa kiygan, nayza koʻtargan soqchilar ot ustida turishdi. Temurbek va a’yonlar yayov yurib mozor oralashdi. Amir Husayn qabri ustida chechaklar unib-oʻsibdi. Yoshlikdagi doʻsti, qaynogʻasi, ittifoqchisi, soʻngra esa toju taxt uchun kurashdagi asosiy raqibi – Movarounnahrning sobiq hukmdori Husayn urushlar, fitna, aldov, hasad, shuhratparastlik toʻla hayoti bilan vidolashgach, nihoyat osuda uyquda yotardi. Nariroqdagi chingiziy Odilxon – koʻp jihatdan oʻzini qoʻgʻirchoq xon qilib koʻtargan Husaynga oʻxshaydigan kimsaning qabriga bir qur nazar tashlagan Temurbek Qur’on suralaridan oʻqidi. Qaynogʻasi Husaynning bilib-bilmay qilgan gunohlarini kechirishini Ollohdan oʻtindi.

Husaynning bobosi amir Qazagʻon oq-qorani erta taniy boshlagan oʻsmir Temurda hayratu ehtirom uygʻotardi. Qazagʻon – zolim chingiziy xon Qozonxonni taxtdan agʻdarib, Movarounnahr mustaqilligini tiklash uchun kurashgan birinchi turk amiri. Uning davri davronida aholi nisbatan tinch-osuda hayot kechirdi. Dini islom ravnaq topib, tolibi ilm va ulamolar koʻpaya boshladi. Biroq hokimiyatini mustahkamlay olmagan Qazagʻon, oʻn ikki yillik hukmronlikdan soʻng, fitna qurboni boʻldi. Movarounnahrliklar uning davrini hamon dorilamon kunlar sifatida armon bilan eslashadi. Temurbek otasi Taragʻay bahodir va piri shayx Shamsiddin Kulol oʻzaro suhbatda amir Qazagʻon oʻlimidan afsuslanib, uning avlodidan munosib voris hokimiyat jilovini qoʻliga olib, Qazagʻonning ezgu tadbirlarini davom ettirishini orzu qilishganini yaxshi eslaydi. Biroq avlodi amir Qazagʻonga munosib boʻla olmadi. Amirzoda Abdulla taxtga chiqqach, otasi oʻrnatgan risoladagidek tartiblarni buzdi. Oqibatda nizolar boshlanib, yaxlit oʻlka chok-chokidan soʻkilib, tarqoqlikka yuz tutdi. Abdulla Movarounnahrni tark etib, sargardonlikda zavol topdi. Amir Qazagʻonning tayanchi, Movarounnahrdagi eng kuchli jangovar qavm – qoraunoslar ham ukparday toʻzib, qolgan-qutgani Qazagʻonning boshqa oʻgʻlidan nabirasi amirzoda Husayn bilan olis Qandahor viloyatini qora tortib ketdi. Tarqoqlikdan ustamonlik bilan foydalanib, Movarounnahrni qayta boʻysundirgan, azaliy dushman moʻgʻullardan hech qachon yorugʻlik chiqmasligini anglagan Temurbek tugʻilgan yurti Keshni tark etib, qaynogʻasi amir Husayn koʻragon huzuriga yoʻl oldi. U amir Husayn bobosi Qazagʻon kabi Movarounnahrga saodat olib kelishini umid qilardi...

Yuz-koʻzlariyu ust-boshlari changga belanib, oʻzlari va otlari holdan toygan Temurbek va yuz yigiti Qandahorning Garmsir tumanidagi oʻlangda joylashgan amir Husayn qarorgohiga yaqinlashishganda, oʻzlarining tashrifi qarorgohda talotoʻp uygʻotadi, deb oʻylashmagan edi. Moʻgʻullar ta’qibidan yurak oldirgan Husaynning kichik qoʻshini qalin chang-toʻzonni koʻrib, hatto chodiru oʻtovlarni yigʻishtirmay, tartibsiz qochishga yuz tutdi. Kimsasiz qarorgohga kirgan Temurbek bir zum hayron boʻlib, soʻngra gap nimadaligini angladi-da, shoshilinchda haydab ketilmagan bir toʻp yilqidan bir necha chavandoz yigitning otini almashtirib, yana bittadan ehtiyot ot berib, darhol amir Husayn izidan joʻnatdi. Choparlar unga yetib olib, gʻanim emas, balki madad sifatida kuyovi Temurbek kelganini, singlisi Oʻljoy Turkon ogʻo ham unga hamrohligini aytishdi. Badgumon Husayn shunda ham hadiksirab, balki moʻgʻullar Temurbekni tuzoq sifatida joʻnatishgandir, degan xayolga borib: «Navkarlarini qoldirib, Temur yolgʻiz qoshimga kelsin», dedi. Temurbek yigitlariga qarorgohdan siljimaslikni buyurib, xotini bilan birga qaynogʻasiga yuzlandi. Samimiy niyatlar bilan kelganiga zoʻrgʻa ishontirib, birga qarorgohga qaytishdi. Chodirdagi yakkama-yakka suhbatda amir Husaynni moʻgʻullarga qarshi birgalikda kurashga chaqirdi. Oʻziga e’tiborsizlikdan soqol-moʻylovlari oʻsib, mashaqqat va iztiroblardan chakka sochlari erta oqara boshlagan qaynogʻasiga Temurning jon kuydirib aytayotgan mulohazalari yosh bolaning valdirashiday tuyulardi.

– Senda yuz yigit, menda ikki yuzta, jami uch yuz navkar bilan moʻgʻulga yogʻiy boʻlmoqchimusen? – dedi u istehzo bilan Temurga bepisand boqib.

– Agar uch yuz navkar bilan gʻanimning biron toʻpini yakson qilib dovruq solsak, bir kunda kuchimiz oʻn barobar oshadur, – dedi Temurbek qat’iy ishonch bilan. – Chunki kurashga tashna yigitlar Movarounnahrda bisyor. Bizga qoʻshilmoqchi boʻlgan talay yigitlarga men: «To darak bergunimcha, imkon qadar qurol-yarogʻ topib, mashq qilib turing», deb harb ishiga mohir navkarlardan ustozlar qoldirdim. Chunki dovtalablarning barchasini Qandahorga boshlab kelmoqdan ma’ni yoʻq.

Boshini quyi solib oʻtirgan Husayn birdan qaddini rostlab, oʻlja hidini payqagan qirgʻiydek qisiq koʻzlari yaltilladi.

– Savashga ishtiyoqing shunchalik ekan, avval Seystonga yurish qilamiz!

– Ne uchun? Axir, dushman shimolda, kurashdan maqsad Movarounnahrni moʻgʻullardan ozod etish-ku!

– Arzimagan kuch bilan moʻgʻulga bas kelib boʻlmas. Seyston maliki Faxriddin viloyatidagi isyonchilarni bostirish uchun meni madadga chorlamish. Katta molu mulk hamda jami oʻljani va’da qilgan. Alarni qoʻlga kiritsak, soʻngra, ehtimol, Movarounnahr safariga otlanarmiz.

Temurbek ogʻir oʻyga toldi. Bu tadbir moʻgʻullarga qarshi kurash boshlashni muayyan muddatga kechiktirsa-da, biroq busiz Husayn bilan murosaga kelib boʻlmasligini sezib, rozilik berdi.

Oʻljoy Turkon ogʻo amir Husaynning harami joylashgan chodirda edi. Haramda ham vahima bosilgan, madad kelganidan barcha shodu xurram. Oʻljoy Turkon ogʻoning tashrifi munosabati bilan bazm boshlanib, cholgʻu sadolari, shoʻx taronalar taralardi. Musiqa tinganda ayollar chaqchaqlashib, shodon kulishardi. Amir Husayn chodirini tark etgan bek qarorgoh chekkasidan joy olgan oʻz navkarlari tomon otlanarkan, haram chodiridan yangrayotgan chinni jarangi yangligʻ kulgu qulogʻiga chalinib, yuragi hapriqib ketdi. Bu ovoz egasi Temurbek uchun gʻoyat aziz xilqat edi...

Seystondagi muhorabalar movarounnahrliklar harb ishiga nechogʻlik mohir ekanliklarini koʻrsatdi. Malik Faxriddin katta lashkari bilan oylab qamal qilib ololmagan qal’alarni Husayn va Temur tadbir bilan bir necha kunda ishgʻol etishardi. Butun Seyston boʻylab «oʻq oʻtmas, oʻtda yonmas, suvda choʻkmas» bahodirlar haqida ovozalar tarqalib, malikning aksariyat raqiblari tor-mor etilib, qolganlari pisib qolishdi. Malik Faxriddin gʻolib movarounnahrliklar qarorgohiga ziyofat uchun poda-poda qoramol, qoʻy-echkilar, katta meshlarda Sherozu Isfahondan keltirilgan argʻuvoniy sharoblar joʻnatdi. Bularni keltirgan seystonliklar, ittifoqchilarni qutlash hamda va’da etilgan oltinlarni topshirish uchun ertaga malikning oʻzi arkoni davlat bilan tashrif buyurishini xabar qilishdi.

Qarorgohda bazm qizigandan qizir, barcha qatori Temur ham masrur edi. Malik beradigan oltinlar bilan yirik lashkarni bemalol qurollantirish mumkin. U sharobdan tiyilsa-da, oʻziga erk berib, Seystonga kelganlaridan beri ilk bor sovutini yechib, cholvor va koʻylakda xotirjam uxlashga yotdi. Lekin tongga yaqin hayqiriqlar, otlarning kishnashi va shovqin-surondan uygʻonib ketdi. Sapchib turganida, chodirga yugurib kirgan yaroqbardori baqirdi: «Yogʻiy bosdi, begim, yogʻiy!». «Qanaqa yogʻiy?!» – oʻqdek oʻtdi bekning xayolidan. Biroq oʻylashga fursat yoʻq. U shosha-pisha qilich osigʻliq kamarini beliga taqib, dubulgʻa va toʻnini kiydi-yu, chodirdan otilib chiqib, oti tomon yugurdi. Yaroqbardor mayda sim halqachalardan toʻqilgan ogʻir poʻlat sovutni koʻtarib, uning izidan chopdi. «Sovutni kiyib oling, begim! Yogʻiy yomgʻir bikin oʻq yogʻdirmoqda!» Bu paytda Temurbek otga mingan, vaziyatni baholash uchun har tomonga nazar solardi. Qarorgohning narigi chekkasida chodirlar yonar, amir Husayn va haram chodirlari joylashgan markazdan qilichlar jarangi, ayollar faryodi quloqqa chalinardi. Qarorgoh boʻylab otliqlar betartib chopar, nafaqat navkarlar, oʻnboshiyu yuzboshilar ham sarosimaga tushishgani uchun, jangovar safga tizilishmas edilar. Jang natijasini ba’zan bir necha daqiqa hal etishiga koʻp bora guvoh boʻlgan Temurbek sovutni kiyishdan bosh tortib, buyurdi: «Tugʻni koʻtar! Hukmdorimiz va aning harami xavf ostida. Jangga, yigitlar!»

Tugʻ ostida zumda sovutli-sovutsiz jangchilar yigʻildilar. Temurbek zirhli libosdagilarga oldinga oʻtishni buyurib, jangga otlanishganda, yoʻlda Husayn xos navkarlari bilan koʻrindi.

– Temurbek, chekinmoq zarur, – dedi u hansirab. – Haqimizni bergisi kelmagan malik Faxriddin xiyonatkorona bosqin qilmish!

– Ayollar-chi, xojam?! Haram omonmi?

– Ayollarni oʻylaydigan vaqt emas hozir. Hatto Chingizxon, doʻppi tor kelganda, xotini Burtachinni dushmani markitlar qoʻliga tashlab qochmish. Oqil kimsa ayolni deb, oʻz boshini xatarga qoʻymas.

– Chingiz menga ibrat boʻlolmaydur! Oʻz tanmahramim va xojam haramini yogʻiy ilkiga tashlab qochgandan koʻra, oʻlim afzal!

Husayn zaharli ishshaydi va «nodon» degan kabi boshini chayqab, otiga qamchi urib oʻtib ketdi.

Sovutsiz boʻlishiga qaramay, shijoati oʻn chandon oshgan Temurbek jangda ehtiyotkorlikni ham unutib, oldingi safda turib savashdi. Uning keskir qilichi quyoshning ilk nurlarida yalt-yult qilar, oʻngu soʻlga ajal sochardi. Seystonliklar hujumdan mudofaaga oʻtishga majbur boʻldilar. Temurbek atrofida jipslashgan movarounnahrliklar yogʻiy ustiga jonli qoyadek surilib borardi. Ular birpasda haram ayollarini sudrab ketayotgan yogʻiy jangchilariga yetishdi. Bir nechasi mahv etilgach, qolganlari tumtaraqay boʻlishdi. Chekinayotgan seystonliklar ortiq qoʻl jangiga jur’at qilolmay, yoyandozlikka zoʻr berishardi. Temurbekning oʻng bilagiga kamon oʻqi zarb bilan sanchilganda qilichi qoʻlidan uchib ketishiga sal qoldi. Bek darhol qilichni chap qoʻliga oldi va boshi uzra koʻtardi. Jangchilarni olgʻa boshlayotganida yana bir oʻq oʻng oyogʻiga sanchildi. Xos navkar uni orqadan suyadi.

– Begim, siz yaralandingiz! Hukmdor harami qutqarildi, inchunin, janggohni tark etsak ham boʻladur!

– Jang oxiriga yetmasdan chekinish naqd gʻalabani qoʻldan berishdur. Yogʻiy saflari toʻzgʻitilsin!

Sarkarda buyrugʻiga koʻra jangchilar olgʻa bosishdi. Qutqarilgan ayollar orasidan Oʻljoy Turkon ogʻo faryod urib yugurib kelib, chakillab qon tomayotgan uzangiga yopishdi.

– Xojam, xaloskorimiz, tez otdan tushing, tabiblar iloj qilsinlar. Aks holda, Xudo koʻrsatmasin, nogiron boʻlib qolursiz!

Rangi oppoq oqargan Temurbek, uning soʻzlarini eshitmayotgandek, koʻzlarini janggohdan uzmasdi. Haram ayollaridan yana biri yaqinlashganda, u hijobda boʻlsa-da, Temurbek savqi tabiiy bilan tanidi. Uchinchi kamon oʻqi yuragini moʻljallagan kabi egar ustida bilinar-bilinmas qalqidi.

– Temurbek, men – malika Saroymulkxonim! Siz burchingizni sharaf bilan ado etdingiz. Yogʻiy magʻlub etildi. Amir Husayn nomidan buyuramen: otdan tushing, toki tabiblar muolaja etgaylar!

Malikaning ovozi Temurbekning qulogʻiga jangchilarning «yogʻiy qochdi, yogʻiy qochdi!» degan hayqiriqlaridan ham koʻproq xush yoqib, soʻnggi kuchini toʻplab: «Amringiz bosh ustiga, malikam!» dedi-yu, koʻp qon yoʻqotganligi tufayli shu zahoti hushidan ketdi.

Shu tariqa, Temurbek gullagan yigitlik davrini amir Husaynga sadoqat bilan xizmat qilib, makkor moʻgʻullarga qarshi matonat bilan kurashib, yosh boshini doimiy xatarda qoʻyib kechirdi. Deyarli barcha jangu jadallarda oʻz boʻluki bilan janggohning eng ogʻir qismida boʻlib, Movarounnahrni qadamba-qadam moʻgʻullardan tozalab, Husaynni toju taxt sohibi qildi. Movarounnahrning oʻzi koʻtargan yangi hukmdorini chin dildan muborakbod etar ekan, oʻn minglab yigitlar qoni evaziga qoʻlga kiritilgan istiqlolni mustahkamlash lozimligini aytib, bobosi Qazagʻondan ham koʻra oqilona siyosat yurgizib, uning xatolarini takrorlamaslikka chaqirdi. Movarounnahr sarhadlari bexatarligini ta’minlash uchun moʻgʻullarni oʻz uyasi Moʻgʻulistonda yakson qilish zarurligini, qoʻshinga oʻzi bosh boʻlib borishga tayyorligini aytdi. Biroq, afsuski, Husaynda bobosi Qazagʻon darajasidagi hukmdor boʻlish salohiyati yoʻqligi tezda oydinlashdi. Uning amirlarni jipslashtirish oʻrniga, bir-biriga qarshi gijgijlab, moʻgʻullarga qarshi kurashda jasorat koʻrsatgan sarkardalarga ogʻir soliqlar solib, nafaqat amirlar, balki butun elu yurtning umidu ishonchini oqlamaganidan Temurbek chekkan iztiroblar Seystondagi jangda oʻng qoʻli va oʻng oyogʻiga kamon oʻqi sanchilgandagi jismoniy ogʻriqdan ham kuchliroq edi.

Nafs quli boʻlgan Husayn buyuk Turon davlatini yaratish yoʻlida moʻgʻullar yangligʻ toʻgʻanoq ekanligini anglagan Temurbek, qaynogʻasining bir necha suiqasdlaridan omon qolgach, fitnakor Husaynga qarshi isyon koʻtarib, uni poytaxti Balxda zabun qildi...

Nihoyat, u gʻolib, ona diyori Movarounnahrda oqilona tartiblarni oʻrnatmoqqa kirishmogʻi mumkin. Lashkarga safarga hozirlanish uchun farmon berilgan. Erta-indin Jayhunni kechib oʻtib, gʻolibu muzaffar holda Movarounnahr zaminiga qadam qoʻyishadi. Biroq butun qarorgohda yolgʻiz Temurbek hali amir Husayn ustidan qozongan gʻalabasini tugal deb hisoblamaydi. «Saroymulkxonim meniki boʻlgachgina mutlaq gʻolib boʻlurmen», deya nechanchi bora koʻnglidan oʻtkazdi u. Aslida amir Husayn halokatidan soʻng koʻp oʻtmay, uning haramidagi toʻrt ayolni oʻz oʻrdusiga joylashtirishni buyurgan. Boshqalarini dongdor amirlarga ulashdi. Mana, idda muddati ham oʻtdi. Gʻoliblik huquqiga koʻra, u Saroymulkxonimga bemalol uylana oladi. Qadimdan odat shunday. Chingizxonning «Dunyoning oliy lazzati magʻlub dushmanning oʻlja tushgan tulpor otlarini minish, asira xotinlari bilan ishrat qilish», degan soʻzlari bu odatni qonuniylashtirgandek edi.

Temurbek Xoja Ukkoshadan qaytib, chodiriga kirmasdan, qarorgoh chekkasidagi xushmanzara joyga tikilgan Saroymulkxonim oʻtovi tomon otlanarkan, yuragida jang oldidagidan kam boʻlmagan hayajon tuydi. Bek Saroymulkxonim jismangina emas, qalban ham oʻziniki boʻlishini xohlardi. Biroq chingiziy Qozonxonning magʻrur qizi qalbini zabt etish Moʻgʻuliston xoni Ilyosxoja yoinki amir Husayn lashkarini yakson etishdan-da ogʻirroq tuyulardi...

Saroymulkxonimni Temur ilk bor qizaloqligida koʻrgan. Oʻshanda u otasi Taragʻay bahodirga hamroh boʻlib, Jayhun boʻyidagi Solisaroy shahriga – amir Qazagʻonning oʻrdusiga borgan edi. Otasi Qozonxon oʻlimidan soʻng amir Qazagʻon oʻrdusida tarbiyalanayotgan, hali oʻn yoshga toʻlmagan Saroymulkxonim boshidagi ukpar qadalgan jigʻasi bilan boshqa qizlardan ajralib turar, noyob husni, shaddodligi, oʻktamligi tilga tushgan edi. Qozonxon bir necha yil burun oʻldirilgan boʻlsa-da, Chingizxon avlodlariga hurmat-ehtirom butunlay yoʻqolmagan edi. Temur Qazagʻonning nabirasi Husayn va boshqa amirzodalar bilan doʻstlashdi. Turli viloyatlarda ulgʻaygan amirzodalar, otalari hali-hanuz koʻproq koʻchmanchilik odatlariga rioya qiladigan amir Qazagʻon chodiridagi mashvaratda ishtirok etishayotganda, atkalar nazoratida chavandozlik, tirandozlik, qilichbozlik mashqlari bilan mashgʻul edilar. Mashvaratdan soʻng serhasham ipak saropardadan tashqari chiqqan amirlar oʻsmirlar mashqlarini kuzatishganda, Temur dadilligi, chapdastligi, sardorlikka intilishi bilan bir koʻzi koʻr, lekin nazari oʻtkir amir Qazagʻonning nazariga tushgan.

– Keyingi yillarda Qarochor noʻyon avlodi boʻlgan Taragʻay bahodir harbiy safarlaru jangu jadallardan shayxlar suhbatini afzal koʻrib, shayx Shamsiddin Kulolga qoʻl berib, lashkargohga emas, xonaqohga serqatnovligidan taajjubda edim, – dedi Mavorounnahr amiri yagona koʻzini mashq maydonidan uzmasdan. – Bugun oʻgʻli Temurbekning shijoatidan koʻrdimki, Qochuvli bahodir va Qarochor noʻyon kabi ulugʻ sarkardalar iste’dodi Taragʻay bahodirda bir oz dam olib, Temurbekda bor boʻy-bastini koʻrsatishga chogʻlanibdur.

Amirlar bu gapni yarim hazil, yarim chin qabul qilib, kulib qoʻyishdi. Taragʻay bahodir oʻgʻli sha’niga bildirilgan maqtovlar uchun Qazagʻonga qulluq qildi...

Amir Husayn va voyaga yetgan Saroymulkxonimning toʻyi ham Solisaroyda boʻlib oʻtgan. Oshiq Temurbek taqdir taqozosi bilan kuyovjoʻralar safida edi. Kelinlik libosidagi Saroymulkxonim yanada ochilgan, goʻyo osmondagi toʻlin oy yerga tushganu, barcha atrofida yulduzlar kabi parvona.

«Oy tugul, zaminda hatto Quyoshga ham hojat yoʻq kabi», deya koʻnglidan oʻtkazdi oʻshanda Temurbek va beixtiyor shoir baytini pichirladi:

Agar kun tugʻmasa ham yoqtu qilgʻay,

Yuzing nuri bu dunyoning saroyin.

Kelin salom payti amir Qazagʻon Saroymulkxonimning peshonasidan oʻpib, yosh kelin-kuyovlarga zar oʻtov in’om etgan, uning ichidagi anjomlar bari asl matolardan edi. Saroy oldidagi gulzor oʻrtasida tikilgan olovday oʻtovning toʻriga zarrin chimildiq tikishdi. Mamnun Movarounnahr hukmdori oʻzini nevara kelin bilan muborakbod qilayotgan a’yonu amirlarga dedi:

– Ma’lumingizkim, Qozonxon bilan jangda bir koʻzimdan ayrilgan edim. Bugun Qozonxonning nuridiydasi, Chingizxonning zuryodi nevara kelin boʻlib xonadonimga qadam qoʻyganida, oʻsha yoʻqotgan qoʻzimni qayta toptaganday boʻldim.

– Qozonxon ruhi ham amirzoda Husayn kabi bahodir kuyov bilan faxrlanib, sapchadek uzilgan boshiga ortiq achinmasa kerak, – hazil qildi mast amirlardan biri.

Quvonchdan yal-yal yonib turgan kelini chehrasiga birdan mahzunlik soya tashlaganini sezgan Qazagʻon surbet amirga oʻqrayib qaradi-yu, toʻy buzilmasligi uchun gʻazabini tiydi.

Kelin-kuyov chimildiqqa kirib ketishgach, chodir oldida tik turgan amiru amirzodalar qoʻllaridagi jomlarga soqiylar koʻzalardan may toʻlatishdi. Mayni soqol-moʻylovlariga tomizib sipqorgan mast-alast amirlar «Amir Husayn Koʻragon, amir Husayn Koʻragon», deya baqira boshlagach, Temurbek ortiq chidayolmadi. Qoʻlidagi jomga lab ham tekkizmasdan, amirlarning ichishini tamshanib kuzatib turgan bir navkarga tutqazdi va toʻyxonani tark qilib, saroy otxonasidagi otini egarladi-da, suvor boʻlib, Solisaroydan tashqari chiqdi. Shahar devor bilan oʻralmagani sababli, uni birov payqamadi. Temurbek ot choptirib, Jayhun sohiliga chiqdi. Yaydoq joyda ot jilovini tortib, irgʻib yerga tushdi. Daryo oy yorugʻida jimirlab oqardi. Yigit oʻzini daryoga otgisi, muzdek suv bagʻrida yuragini oʻrtayotgan hovurini bosgisi kelardi. Ichki bir ovoz oʻzini qoʻlga olishga da’vat qildi: «Temur, oʻzingni bos! Saroymulkxonimga uylanib, koʻragon boʻlamen, degan xomxayoldan nihoyat qutulganingga shukr qil. Axir u xon qizi. Amirzoda Husayn balki kelajakda Movarounnahr hukmdori boʻlar. Binobarin, alar bir-biriga munosib. Bu nikohdan chin doʻstlar faqat shodlanmogʻi zarur. Sening muhabbating ... agar muhabbating chin boʻlsa, Saroymulkxonimning xojasi amirzoda Husaynga avvalgidan ham koʻproq sadoqat bilan xizmat qilib, aning doʻstlariga doʻst, dushmanlariga dushman boʻlgʻaysen, Muhabbat bikin oliy tuygʻu faqat ezgulikka yoʻllamogʻi zarur. Axir, bejiz shoir Xorazmiy «Muhabbatnoma» otligʻ doston yaratmagan va sen Olloh kalomi Qur’oni karimni yod olganing kabi, bu dostonni ham bejiz yodlamading».

Solisaroydan Keshga qaytishayotganda Temurbek ma’yus edi. Bu hol otasi nazaridan chetda qolmadi. Bekzodani yaxshiroq kuzatishga tayinlangan mulozim Temurbek hud-behud «Muhabbat nori jondin ketmadi hech, Qoʻlum sim olmangizga yetmadi hech», deya pichirlayotganini, goʻyo koʻz yoshisiz yigʻlayotganini aytganida, donishmand Taragʻay bahodir gap nimadaligini angladi. Biroq oʻgʻlining yarasini tirnamaslik uchun bu haqda hech kimga, hatto xotini Tegina begimga ham indamadi.

Uyga yetganlaridan soʻng bir necha oy oʻtgach, Taragʻay bahodir Solisaroyga sovchilar joʻnatib, amir Qazagʻonning nevarasi, amirzoda Husaynning singlisi Oʻljoy Turkon ogʻoni oʻgʻli Temurbek uchun soʻrattirdi. Sovchilar shodu xurram qaytib, katta suyunchilar olishdi.

– Taragʻay bahodirning shunday niyati bor ekan, oldinroq bildirganida Husaynning toʻyiga Temurbeknikini ham qoʻshib, qoʻshaloq toʻy oʻtkazardik, – debdi amir Qazagʻon. – Nevaram Oʻljoy uchun Temurbekday munosib kuyovni nafaqat Chigʻatoy ulusi, bori toʻrt ulusni kezib chiqqanda ham topishimiz dargumon.

Yangasi Saroymulkxonim bilan husn talashadigan Oʻljoy Turkon ogʻo Temurbekning koʻngil yarasiga malham boʻldi. Temurga, ayniqsa, uning Saroymulkxonimni gʻoyatda ehtirom qilishi, har jihatdan unga oʻxshashga intilishi yoqardi. Xotini ogʻzidan bol tomib yangasini maqtaganida Temurbek uni quchib, dast koʻtarib: «Xon emas, amir qizi boʻlsang dogʻi, sen ham xonzodalardan kam emassen. Turkona qalbimni oʻlja olding-ku, Oʻljoy Turkonim», deb erkalardi...

Saroymulkxonimga oʻzi sovgʻa qilgan oq oʻtov roʻparasida Temurbek otdan tushdi. Tuya junidan toʻqilgan oq namatdan tikilgan oʻtov yam-yashil oʻlangda goʻyo lojuvard osmonda suzib borayotgan bir toʻp oq bulut kabi yarqirab turardi. «Toʻyida amir Qazagʻon sovgʻa qilgan zar oʻtovdan oʻtsa oʻtadiki, lekin qolishmaydi», – koʻzi quvonib, koʻngli toʻlib, oʻtovni nazardan kechirdi bek.

Qazagʻon hadyasi zar oʻtov eskirgach, malika yangisini koʻrgani dargumon. Chunki amir Husaynning haramida bosh xotini Tarmashirinxonning qizi Suyunch Qutlugʻ ogʻoning mavqei yuqori edi. Xasisligi yetti iqlimga doston amir Husayn ot egariga ishqalanib yirtilgan cholvoriga yamoq qoʻydirib kiyar, inchunin, xotinlari toʻy kuni olganidan boshqa sovgʻani umid qilishmasa ham boʻlardi.

Malika uning kelishidan voqif, ehtimol, ichkaridan kuzatib ham turganini bilgan Temurbek imkon qadar oʻng oyogʻining oqsoqligini bildirmaslikka tirishib, shaxdam qadamlar bilan oʻtov tomon yurdi. U ichkari kirgach, kanizaklari bilan oʻtov oʻrtasida turgan harir libosli Saroymulkxonim taqinchoqlarini jaranglatib ta’zim qildi. Yigirma yetti yoshli malikaning oqi oq, qizili qizilga ajrab, latofat va malohati koʻngilni orziqtirar edi.

– Xush kelibsiz, ulugʻ hukmdor, marhamat qiling. – Saroymulkxonimning ovozi Temurbekni oʻsmirligida oʻziga maftun qilgan qizaloqning qoʻngʻiroqdek jarangdor kulgusini eslatdi.

Oʻtov toʻrida chiroyli dasturxon tuzalgan, baxmal koʻrpachalar yozilib, parqu bolishlar qoʻyilgan. Temurbekning ovozi shiddat va qat’iyat bilan yangradi:

– Siz birla bir necha daqiqa xoli suhbatlashmoqchi edim, xonim!

Saroymulkxonim ishorasi bilan kanizaklar ikki bukilib oʻtovni tark etishdi. Malika Temurga savol nazari bilan qaradi. «Magʻrurlikni qoʻldan bergisi yoʻq, – suq bilan tikildi bek. – Biroq, ayni xislati unga gʻoyat yarashadur».

– Idda muddati tugadi, xonim. Qoʻlingizni soʻrab keldim. Kaminaning nikohiga kirsangiz!

– Qoʻlingizda asiramen-ku! Asiraning roziligini soʻrashingiz ajab.

– Biroq siz bikin oliynasab xonzoda uyimga oʻz roziligi bilan qadam qoʻymogʻini istardim.

– Rozi boʻlmasam-chi?!

Temurbek jang boshidayoq yogʻiy lashkarining qaqshatgʻich zarbasiga oʻtru kelib esankiragan sarkarda yangligʻ qalqib tushdi. Bir dam tili kalimaga kelmadi. Bu malika nazaridan chetda qolmadi. Yigitga ichida achindi, biroq tomirlarida ajdodlari qoni joʻsh urib, xotirjam javobni kutdi.

– Nega axir, xonim? Siz bir umr amir Husaynga sadoqat saqlab, beva oʻtmoqchimisiz? – dedi bek boʻgʻiq ovozda. Uning keng peshonasida marjon-marjon ter donalari yaltiradi. Lablari qimtilib, qirra burni parraklari kerildi. – Oʻylab koʻring, u bunga arziydimi? Husayn haramini, bolalarini, undan himoya kutgan barchani oʻz holiga tashlab, jonini qutqarish uchun qochdi-ku! U koʻragon yangligʻ sharafli unvonni oqlamadi. Uning zavoli ushbu nomardligining haqli jazosidur.

– Sizga koʻragon unvoni kerak ekan, Suyunch Qutlugʻ ogʻoni nega Bahrom jaloyirga berdingiz?

– Xonim, sizga faqat unvon uchun uylanish niyatida emasmen. – Temurbekning ovozi yana shiddat kasb etdi. – Chingiziylar xonadonidan qayliq topish mushkul emas. Menga maslahatgoʻy oqila yor darkor. Rahmatli rafiqam Oʻljoy Turkon ogʻo oʻrnini faqat siz bosa olasiz. Agar amir Husayn maslahatlaringizga quloq solganda qismati mash’um xotima topmas edi. Men ham unga raqib emas, balki samimiy doʻst va sadoqatli sarkarda boʻlib qolardim.

– Siz amir Husaynga bergan maslahatlarimdan voqif edingizmu?

– Ha, qisman, albatta. Oʻljoy Turkon ogʻo siz birla suhbatlaridan ba’zilarini menga naql qilardi. Maslahatlaringizda lutf yuzasidan ba’zan kaminaning nomini ham zikr etishingiz, amir Husaynni menga suyanishga undaganingizni eshitib, iftixor hissidan boshim koʻkka yetardi. Shu bois, hatto amir Husayn bir necha bor xiyonatkorona suiqasd uyushtirganida ham, uni qoʻllashdan voz kechmadim. Insofu adolat yoʻliga kirar, deb umid qildim. Biroq Oʻljoy Turkon ogʻo vafotidan soʻng Husayn bilan meni bogʻlab turgan soʻnggi rishta ham uzildi.

– Ha, bechora Oʻljoy mening ham yagona ittifoqchim edi, – dedi Saroymulkxonim chehrasi va ovoziga mahzunlik inib. – Ikkalamiz siz bilan amir Husaynni murosaga keltirishga urinar, nainki oʻzimiz, balki elu yurt saodatini ham shunda deb bilar edik. Oʻljoy vafotidan soʻng men yakkalanib, amir Husayn maslahatlarimga mutlaqo quloq solmay qoʻydi.

– Gapni gapir uqqanga, jonni jonga suqqanga! – Temurbek janggohdagi ogʻir vaziyatni oʻnglagan sarkarda kabi ustunlikni oʻz qoʻliga olish uchun qarshi hujumga oʻtdi. – Bilsangiz, xonim, siz kabi oqila maslahatgoʻyga har qachongidan muhtojmen. Illo, necha yillardan beri koʻnglim tubida ardoqlab yurgan ulugʻ rejalarim bor. Toʻgʻri, sadoqatli beklarim, egachim Qutlugʻ Turkon ogʻo madadu maslahatlarini ayashmaydur. Biroq mening yorim, yostiqdoshim ham bunyodkorlik rejalarimni qoʻllaydigan, joʻyali maslahatlar berib, amirlar aytolmaydigan xatoyu nuqsonlarimni koʻrsatsa, qaniydi!

– Qay rejalar xayolingizni band etmish?

– Buyuk Turon davlatini tiklash! Bir yuz ellik yil avval jahongir bobongiz poymol qilgan Turonni bor boʻyi-basti bilan tiklashda menga madadkor boʻlsangiz! Bu ulugʻ tadbir yoʻlida burun ham ba’zi harakatlar qilinsa-da, koʻngildagidek natija boʻlmadi. Chigʻatoy ulusining chingiziy xonlaridan ba’zilari ham Movarounnahrda kuchli davlat yaratishga urindilar. Kepakxon Qarshini, Tarmashirinxon Buxoroni poytaxt qildi. Bobongiz Qozonxon Zanjirsaroyni qurdirdi. Turk amiri Qazagʻon va avlodlari ham baholi qudrat bunga intilishdi. Biroq birontasi bu sharafli ishni uddalayolmadi. Fikri ojizimcha, oʻzini Turonzaminning sodiq farzandi va turkiy xalqning fidoyi yoʻlboshchisi, deb bilgan shaxsgina bu qutlugʻ vazifaga qodirdir. Turonning qadimiy poytaxti Samarqand bir yarim asrdan beri yarim vayronadur. Men Turonni tiklashni diyorimiz qalbi Samarqandni tiklashdan boshlamoqchimen!

Temurbekdagi joʻshqinlik malikaga ham oʻtdi, chehrasida hayrat va fusunkorlik jilvalandi.

– Chingizxon buzgan yurtni tuzish uchun undan-da buyukroq xoqon boʻlmoq lozim. Siz chindan ulugʻ ishlarga qodirsiz, Temurbek, – dedi Saroymulkxonim toʻlqinlanib. – Qand kabi xush yoqadigan bu rejangiz ajoyib samarlar keltirishiga aminmen!

Malikaning soʻz oʻyinidan zavqlangan Temurbek, gʻanim tugʻini egallagan sarkarda yangligʻ dadil olgʻa yurib, uning xipcha belidan quchdi. Oʻtli nigoh bilan xonzodaning toʻlin oy misoli oraziga, qiygʻos koʻzlariga boqarkan, xitob qildi:

Latofat mulkining sohibqironi,

Muvofiq surating birla maoniy!

– Shoir Xorazmiy mubolagʻa qilmish, ash’or sehri sizni-da adashtirmish, – dedi Saroymulkxonim quvlik bilan. – Chunki bu olamda sohibqiron yagonadur!

– U holda sohibqiron qalbining sohibasi ham yagona, – dedi Temurbek malikaning ipak durrasi ostidan moʻralagan gajakdor zulfini mehr bilan silarkan.

Saroymulkxonim mehrga javoban mayin tabassum hadya qilsa-da, yigitning quchogʻida erib, oʻzini yoʻqotib qoʻymadi.

– Samarqandni tiklashni mudofaa devori bunyod etmoqdan boshlamoq zarur. – Malikaning issiq nafasi va momiq badani ta’sirida mast boʻlayozgan Temurbek bu soʻzlardan darhol oʻziga keldi. – Muhtasham saroylar, masjidu madrasalar soʻngroq qurilsa ham boʻladur. Chunki jahonga hukmron boʻlib oʻrgangan chingiziylar oʻz iddaolaridan oson voz kechishmaydur. Oʻzim chingiziyzoda boʻlganim uchun alarning sajiyasini yaxshi bilurmen. Siz qurganni moʻgʻullar, albatta, buzish payida boʻlishadi. Chunki muhtasham imoratlar, madrasalarda oʻqitiladigan kitoblar tufayli xalq xotirasi uygʻonishi, gʻururi va shijoati qad rostlashini bilishadi, inchunin, bunga yoʻl qoʻyishni aslo istashmaydur.

– Ilk maslahatingizoq koʻnglimdagi rejalarga uygʻunligidan baxtiyormen, xonim, – dedi Temurbek. – Biz goʻyo ikki tandagi yagona jonmiz. Bundan buyon nainki moʻgʻullar, balki ya’juj-ma’jujlarni ham Iskandar kabi daf etishim shubhasiz.

– Ya’juj-ma’jujlar bir soridan bosib kelmish. Siz oʻngu soʻldan, olddan va ortdan hamla qiladigan gʻanimlar zarbasiga hozir boʻling.

– Gapingiz rost. Chor atrofimni oʻragan gʻanimlarga bas kelish uchun mudofaa devori va lashkarning oʻzi kamlik qiladur. Biroq men Movarounnahr raiyatining ishonchi va ixlosini qozonmoqchimen. Alarni zulmu sitamdan ozod qilib, erkinlik baxsh etamen. Xalq qudratu salohiyatini namoyon etishi uchun ozod boʻlmogʻi zarur. Xorazmshoh Sulton Muhammad ham Samarqandni mustahkam devor bilan oʻrattirgan edi. Biroq nega himoyachilar oxirigacha kurashmay, darvozalarni yogʻiyga ochib berishdi? Nazarimda, xorazmshoh raiyatning ishonchi va ixlosini qozonolmagan. Agar raiyat menga ishonsa va sadoqat saqlasa, Samarqandni hech qanday yov ololmaydur.

Saroymulkxonim jon qulogʻi bilan eshitar, Temurbekning mulohazalari unga yoqayotgani dam-badam tabassum qilishidan bilinardi.

– Samarqand Afrosiyob, Iskandar va Chingizxonlar qadami yetgan shahar, – dedi malika oʻychan holda. – Turon xoqoni Afrosiyob davrida u qoʻsh iqlim poytaxti edi. Iskandar va Chingizxon uni jahongirlik yoʻlida zabt etishdi. Sizni, xojam, oʻtmish turk xoqonlaridan tanho Afrosiyobga mengzash mumkin. Inshoolloh, Turonning Afrosiyob davridagi jahoniy mavqeini tiklagaysiz!

Ash’or devonlari mutolaasi ta’sirida Temurbek ba’zan badihatan baytlar aytar, biroq oʻzini shoir hisoblamagani uchun qogʻozga tushirmas, birovga oʻqimas ham edi. Bugun muhabbat tugʻyonida bir badiha baytni qoʻynidagi mahliqoga ilindi:

Ayo, lolayuzligim, Saroymulkxonim,

Ne dersiz, Samarqandda toʻy qilsak, jonim?!

Malika nozik qoʻllarini bekning yelkasiga tashlab, boʻynidan ohista quchib, javob bayt oʻqidi:

Samarqand jannat esa, men boʻlgʻum malak,

Hukmingiz boshimga toj, sohibqironim!

Soʻngra yigit koʻkragiga bosh qoʻyib, davom etdi:

– Agar mumkin boʻlsa, Konigil yaylovida toʻy qilaylik! Ulugʻ bobom Chingizxon chodirini tikkan joyda orzularimiz kabi oppoq oʻtov tikaylik. Yuz ellik yil avval Turonning eng mash’um kunlaridan biri yuz bergan boʻlsa, nihoyat, uning iqbol tongi Samarqandda otsin!

Baxtdan masrur Temurbek yorini bagʻriga tortib, aqiq labiga labini bosdi.

«Yoshlik» jurnalining 2010-yil, 12-sonidan olindi.