OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGʻulom Karimiy
Asar nomiMankent afsonasi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Gʻulom Karimiy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Mankent afsonasi (hikoya)
Gʻulom Karimiy

Bir necha yil burun hamkasb doʻstlarimdan biri oʻz oʻrniga Qozogʻistonning Oqsuv shahridagi oʻqituvchilar tayyorlaydigan kollejning sirtqi boʻlimi talabalariga yozgi sessiyada ikki hafta tarix fanidan dars oʻtib kelishimni iltimos qildi. «Bir sababga koʻra men oʻzim berolmaydigan boʻldim – dedi u. – Siz esa ta’tildasiz. U yerda ikki hafta darsga ham yaxshigina haq toʻlashadi. Men qoʻngʻiroq qilib qoʻyaman. Sizni kutib olib, yotoq bilan ta’minlashadi».

Men biroz oʻylanib turib rozi boʻldim. Oqsuv shahri Sayram tumanining markazi boʻlib, qadimda Isfijob, Oʻrunkent, Saryom kabi turli nomlar bilan atalgan Sayram shahri ham shu tumanda joylashgan. Tarixiyligi nazarda tutilib, tumanga ham uning nomi berilgan. Qadamjolar, ziyoratgoh joylarning koʻpligi jihatidan Sayramning istalgan boshqa tarixiy shaharlar bilan raqobatlasha olishi tarixchi sifatida kaminaga ma’lum edi. Bu shaharni ziyorat qilish ishtiyoqi va ba’zi boshqa jihatlar masalani uzil-kesil hal qildi. Boshqa jihatlarning asosiysi shu ediki, choʻgʻi pastroq boʻlgan ta’til pulini deyarli butunlay sarflab boʻlayozgan edim-u, ta’tilning oʻzi tugashiga hali ancha bor edi.

Xullas, ham ziyorat, ham tijorat deya chegaradan oʻtib, Chimkent viloyatidagi Oqsuv shahriga yoʻl oldim. Yetib kelganimning ertasigayoq tarix fakulteti sirtqi boʻlimi oʻzbek guruhi talabalariga oʻrta asrlar tarixidan dars oʻtishni boshladim. Dastlabki kunlar darsdan soʻng Oqsuv shahrining oʻzini aylandim. Kunlar issiq boʻlgani uchun shahar yaqinidan oqib oʻtuvchi Oqsuv daryosida choʻmilishni biron kun ham kanda qilmadim. Bu daryo oq rangli togʻ jinslarini oqizib kelganidanmi, suvi goʻyokim boʻr qoʻshilgandek oppoq edi. Yakshanba kuni ertalabdan Sayramga joʻnab, kun boʻyi oʻndan oshiq ziyoratgohni aylanib, kechqurun horib-charchab Oqsuvga qaytdim.

Tahsilning ikkinchi haftasi boshlangach, talabalardan tumanda yana qanday diqqatga sazovor joylar borligini soʻradim. Ravshan ismli yigit Oqsuv yaqinidagi qadimiy qishloq – Mankentda tarix va oʻlkashunoslik muzeyi borligini aytdi. Ravshan oʻzi mankentlik ekan va darsdan soʻng muzeyga birga borishga kelishib oldik.

Ravshan oʻrta boʻyli, sochlari jingalakka moyil chiroyli yigit. Diqqatni darhol tortadigan jihatlardan biri uning koʻzlaridagi ma’yuslik ifodasi edi. Bu ifoda koʻzlarining tub-tubidan kelayotganday tuyular, ba’zan dars orasida hazil-huzul gaplar aytilib, Ravshan barcha qatori kulimsiraganida ham koʻzlarini ma’yuslik tark etmasdi. Darsda savollarga yaxshi javob bersa-da, ovozida ham hazinlik, hatto bir oz asabiylik sezilardi.

Mankent Oqsuvga shundoqqina yondoshib turgani uchun, mening istagimga koʻra piyoda yoʻlga tushdik. Oqsuv markazidan Mankent yoʻliga qarab burilganimizda Ravshan doʻkondan bir quti sigareta sotib oldi. Ustozlarga xos ohangda unga nasihat qildim:
– Shu savilni tashlasangiz boʻlmaydimi? Ham sogʻliqqa, ham hamyonga ziyon-ku bundan.

Ravshan ma’yus kulimsirab dedi:
– Asli oʻzi chekuvchi emas edim men. Boshlaganimga bir yil boʻldi.
– Nega boshladingiz? Birov majbur qildimi?
– Shu ... boshimga bir ish tushdi, domla.
– Nima ish tushdi? Boʻydoq ekansiz, roʻzgʻor, bola-chaqa tashvishlaridan hali ozod boʻlsangiz.
– Uylanmoqchi boʻlganimda toʻydan oldin qayligʻim vafot etdi.
– Nahot? Nega? Qanday qilib?

Ravshan xoʻrsinib dedi:
– Baxtsiz hodisa tufayli. Bir necha kishi mashinada ketishayotganda avariyaga duchor boʻlishgan.
– Xudo rahmat qilsin. Qanday yomon hodisa-ya! Kechirasiz, oʻzim bilmay hayotingizdagi qaygʻuli voqeani sizga eslatib qoʻyibman.
– Hechqisi yoʻq, baribir men buni eslamagan kun, soat yoki lahza yoʻq.

Biz bir oz indamay yurdik. Ravshanning doimiy ma’yusligi sababi menga endi ayon boʻlgan, ammo unga qanday tasalli berishni bilmas edim. U sigaret qutisini hali ochmaganini koʻrib dedim:
– Mayli, chekavering. Vaqti kelganda tashlarsiz, balkim.

Ravshan «rahmat, domla» dediyu, bir dona sigaretni yoqdi.
–Qayligʻingizni sevarmidingiz
– Ha, birinchi sinfdan buyon. Oʻn yil bir partada oʻtirganmiz.

Oldiniga «bechora yigitning yarasini tirnamay qoʻya qolay, suhbatni boshqa mavzuga koʻchirgan ma’qul» deb oʻylagan boʻlsam-da, beixtiyor berilgan savolimga olgan bu javobdan soʻng Ravshanning muhabbati tarixiga qattiq qiziqib qoldim. E’tirof etishim kerakki, qiziqishim sabablaridan biri hikoya, hatto qissaga oʻxshash ba’zi narsalar qoralab yurishim edi. Qalamkashlik kasaliga chalingan odam turmushdagi har bir hodisadan oʻziga ijodiy material izlashi ma’lum.
– Meni kechiring, Ravshan, lekin men boshingizdan oʻtgan voqealarni imkon qadar toʻlaroq, tafsilotlari bilan eshitgim kelyapti. Agar sir boʻlmasa, bir boshdan hikoya qilib bersangiz. Ham yoʻl qisqaradi, ham bir oz boʻlsa-da, koʻnglingizni boʻshatib olasiz.
– Mayli, domla – dedi Ravshan va yarim chekilgan sigaretni yerga tashladi.

Bu paytda biz Oqsuv chekkasiga yetdik va koʻz oldimizda Mankent qishlogʻi namoyon boʻldi. Namoyon boʻlgandayam bor boʻy-basti bilan, butunicha. Chunki Oqsuv tepalikda boʻlsa, Mankent past tekislikda joylashgan. Bogʻ-rogʻlar bilan oʻralgan hovlilar, polizlar, oltinrang bugʻdoyzorlar kaftdagidek koʻrinar, Mankentning chor-atrofi doirasimon qir-adirlar bilan oʻralgani uchun goʻyokim ulkan laganga mohir rassom tomonidan qishloq manzarasi ishlanganday taassurot qoldirardi. Men bu manzaraga bir necha daqiqa mahliyo boʻlib qoldim. Gʻir-gʻir shabada esar, Ravshanning dardli hikoyasini bagʻriga sigʻdirish uchun zamin kengayib ketgandek edi.
– Bu shundan boshlangan... Men ilk bor birinchi sinfga borganimda oʻquv yili boshlanishiga bagʻishlangan tantanali tadbirda mening oʻninchi sinfda oʻqiydigan akam oʻsha qizchani yelkasiga oʻtirgʻizib davrani aylangan va qiz birinchi qoʻngʻiroqni chalgan edi. Uni oʻshanda taniganman va oʻsha ilk bor koʻrganimdayoq yaxshi koʻrib qolganman. Oʻqituvchimiz «kim kim bilan partadosh boʻlishni xohlaydi» deganda darhol uning yoniga oʻtirib olganman. U bilan birinchi sinfning birinchi kunlaridanoq juda inoq boʻlib qoldik. Tanaffusda ham bir-birimizdan ajramasdik hisobi. Katta tanaffusda uyimizdan olib kelgan non va boshqa yeguliklarni birga yerdik. Bayramlarda albatta otkritkalar yozib bir-birimizni tabriklardik. Darsdan soʻng men uni uyigacha kuzatib qoʻyib, soʻng uyimga ketar, ertalablari ham maktabga birga kelardik. Oʻqigan kitoblarimiz ham bir xil boʻlib, aksari muhabbat mavzusida edi. Darsni oʻzlashtirishimiz ham qariyb bir xil boʻlib, oʻqituvchilar hazillashib «bularning bittasi olgan bahoni ikkinchisiga bemalol soʻramasdan qoʻysa ham boʻladi, chunki javobida baribir farqi boʻlmaydi» deyishardi. Bizning munosabatimiz barchaga ma’lum, bilmaganlar, doim birga yurganimizdan, qarindoshlarning bolalari boʻlsa kerak, deb oʻylashardi. Bolaligimda «katta boʻlgach, kimga uylanasan» deb soʻrashganda, men hech ikkilanmay «Zilolaga» deb javob berardim. Aminmanki, Zilola ham bunday savollarga shunday javob bergan.
-–Kattalar hazil qilib soʻrashsa, siz rostini aytib qoʻya qolarkansiz-da.
– Ha, shunday. Faqat bolalikda emas, ulgʻayganimda ham shu javobni berar, chunki bundan boshqacha boʻlishini sira tasavvur qilolmasdim.
– Maktab yoshida sevishganlarni yoqtirmaydigan muallimlar ham boʻladi. Umuman, oʻqituvchilarning koʻpchiligi shunaqa. Tarbiyaviy soatlarda sizlarni «tartibga» chaqirishmaganmi?
– Yoʻq, biron marta ham. Chunki bizning munosabatimiz odob doirasidan tashqari har xil fikr-oʻy, gap-soʻz va xatti-harakatlardan yiroq edi.
– Endi, har holda yuqori sinflarda, sevgi filmlari ta’sirida boʻlsayam, sizlarda ham romantik uchrashuvlar boʻlgandir. Masalan, ilk bor boʻsa olish kabi...

Oʻz savolimning beadabonaligini anglab turardim. Ammo bu oʻrinda ham qalamkashga xos har bir narsani ikir-chikirigacha bilib olish istagi andishadan ustun keldi.
– Yoʻq, biron marta qoʻlini ham ushlamaganman, – dedi Ravshan qat’iy ravishda. – Biz bu mavzularda suhbatlashmaganmiz hatto.
– Ertakdan ham oʻtib ketdi-ku buyogʻi. Shu zamonda shunchalik iboyu hayoga qoyil! Bunday narsalar borligini ham bilmasdik, dersiz hali...
– Borligini bilardik. Lekin na menda va na unda bunday istaklar boʻlgan. Biz bundan uyalardik. Keyin, oʻpishib-quchoqlashadiganlar bir-birlaridan tez sovib, ajrab ketishganini ham koʻp koʻrgan edik.
– Uning oʻlimini eshitgach, qanday holatga tushdingiz?
– Men avvaliga ishonmadim. Maktabni bitirganimizdan soʻng bir yil oʻtgach, biz bir-birimizga fotiha qilingan va toʻyga sanoqli kunlar qolgan edi. Bir doʻstimning toʻyi boʻlayotganda men uni kelishilgan joyda kutdim. Bir haftadan beri koʻrishmagan edik. Ammo oʻn bir yil mobaynida u birinchi marta ahdlashilgan vaqtda kelmadi. Men ancha kutgach, bir oz xafa boʻlib uyga qaytdim. Ertasiga bir tengdoshim menga shu xabarni aytdi. Lekin unga ishonmadim. Chunki koʻpincha yolgʻon gapirardi. Keyin boshqalardan ham eshitdim. Mashinada besh kishi boʻlgan. Mashina katta tezlikda agʻdarilgan va uch kishi halok boʻlib, boshqalar ham ogʻir jarohatlar olishgan.

Bu xabarni ishonchli kishilardan eshitganimda yuragimdan bir narsa uzilib tushgandek boʻldi. Ammo men hamon ishonmasdim. Ishonolmasdim... Janoza boʻlyapti, ammo men koʻzlarim bilan ayollar orasidan uni qidiraman. Bir payt ta’ziyaga kelganlar orasida shu gap yoyilib qoldi: «Marhumaning koʻzi hech yumilmayapti ekan. Qariyalar aytishdiki, shoʻrlik qiz aziz bir kishisini intiq boʻlib kutyapti, uni albatta boshi ustiga keltirish kerak».

Meni suyab tobut oldiga olib borishdi va Zilolaning yuzini ochishdi. Uning boshining tepa qismi jarohatlangan, yuzi, umuman, butun boʻlib, ayrim joylarining terisi sidirilgan va bir necha tishi singan edi. Bundan koʻz oldim qorongʻilashib qoldi... Oʻzimga kelganimda meni hovliga olib chiqishgan va suv ichirishayotgan edilar... Bir necha kungacha mutlaqo uxlayolmadim.

Ravshan hikoyasini tugatgach, Mankent qishlogʻini oralab, anchagacha indamay bordik. Afsonalardagina boʻladigan benihoya pokiza va ma’sum hamda shu qadar gʻamgin muhabbat qissasi menga qattiq ta’sir qilgan edi.

Oʻn bir yil oʻzlariga dogʻ tushirmay, muhabbatlarini sadafdagi durdek ardoqlab yurib, endi bir-birlariga yetdim deganlarida nega taqdir ularga bu achchiq qismatni ravo koʻrdi? Shunday goʻzal muhabbatni ato etgan Olloh unga turmush gʻuborlari qoʻnmasdan abadiy musaffo holida qolishini istadimi yoki?
– Olloh sizga sabr-toqat bersin, – dedim Ravshanga. – Uni mangu yoʻqotdim, deb kuyinmang aslo. Bir kun kelib, ruhlaringiz uchrashadi.
– Mening bunga ishonchim komil, domla.
– Shunday muhabbatga sazovor boʻlgan odamning irodasi ham shunga yarasha boʻlishi kerak. Oʻqishga kirib toʻgʻri qilibsiz. Boshiga qanday fojia tushmasin, odamning tarki dunyo qilishi munosib emas. Vaqt oʻtib, koʻngil yaralari bir qadar bitgach, uylanasiz. Oilaviy hayot, farzandlar quvonchi sizga tasalli boʻladi.
– Ha, gaplaringiz rost. Uydagilar meni gʻamdan tezroq forigʻ boʻlar deb, boshqa qiz topib uylantirmoqchi boʻlishdi. Lekin ular sovchilikka borgan barcha hamqishloqlarimiz rad javobini berishdi. Odamlar: «Bu endi Zilolani esdan chiqarolmaydi, boshqa xotin bilan yaxshi yashab ketolmaydi» deyisharkan. Oʻzim ham shunday deb oʻylayman.
– Hali oʻqishingizni tugatishingiz kerak. Siz muhabbatga munosib va sevishga qodirsiz. Ajab emas, qalbingizga yana muhabbat kirib kelsa. Oʻsha muhabbatni kutib yashang va uning kelishiga ishoning.

Mening bu soʻzlarimdan soʻng Ravshan ishonqiramagandek ma’yuslik bilan qarab qoʻydi, ammo hech narsa demadi.

Muzeyni tomosha qilib, qishloq tarixi bilan tanishayotganimda ham mahzun qissa xayolimdan ketmas, u Mankentni nazarimda yanada ulugʻvor qilib koʻrsatardi.

Qaytishda Ravshan meni astoydil uyiga bir piyola choyga taklif qildi. Lekin men «yana bir yoʻlim tushganda kirarman» deb unamadim. Chunki bugungi kun taassurotlari men uchun kutganimdan ham ziyoda boʻlgan edi.

2006