OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGʻulom Karimiy
Asar nomiMuhabbat va taqdir (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Gʻulom Karimiy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Muhabbat va taqdir (hikoya)
Gʻulom Karimiy

Rassom doʻstimiz Abdusattor Oʻzgʻur serqirra iste’dod sohibi. Qozon kabobni qoyillatishi-yu devziradan oshni san’atkorona damlashini qoʻya turaylig-u, ijodiy qobiliyati ham turfarang. Moskva San’at universitetida tasviriy san’atdan tahsil olgan doʻstimiz koʻp yillardan beri Toshkentda hunarmand rassom sifatida faoliyat yuritadi. Toʻgʻrirogʻi, tirikchilik uchun buyurtmaga rasm chizadi. U asarlari koʻrgazmalarga qoʻyiladigan rassomlar sirasidan emas. Abdusattor shoir sifatida ham hammamizni qoyil qoldiradi. Qalamni moʻyqalamdek ishlatib, rangin va yorqin she’rlar yozadi. Biroq hamkorlikda chiqarganimiz «Sohil ohanglari» bayozini aytmasa, she’rlari kitob qilinmagan. Toʻgʻri, u yoshligidagi Abdulla Oripov singari yozilgan barcha she’rlarini yod biladi. Yigʻinlarimizda kayfiyatga qarab: «Falon she’ringizni oʻqing», – deymiz. She’rni muallif ijrosida eshitganga nima yetsin. Ayniqsa, Abdusattorning bolalik va yoshlik yillari xotiralarini baayni badiiy asardagidek ohorli tarzda hikoya qilishiga besh ketaman. Har gal uning ogʻzaki hikoyalaridan ta’sirlanganimizda: «Shu xotiralaringizni qogʻozga tushiring, tayyor asar-ku!», – deymiz. Shungami, uch-toʻrt hikoya qoraladi va ular bizga ma’qul boʻldi. Hozir qissa yozyapti. Uning ham qiziqarli va oʻziga xos asar boʻlishiga aminman. Lekin, iste’dodning serqirra boʻlishi hamisha ham yutuqlar garovi emas ekan-da. Abdusattor rassomlik, shoirlik yoki nosirlikdan birini uzil-kesil tanlab, butun iste’dodini bir oʻzanga yoʻnaltirganda, ehtimol, nainki bizning moʻ‘jaz yigʻinimiz hamda oʻzganlik yurtdoshlari va musavvir doʻstlari davrasida, balki keng jamoatchilikka ham tanilib ketardi. Lekin bu oson emasligini ham bilaman. Axir, oʻzim ham yozma meros tadqiqoti va badiiy ijoddan birini uzil-kesil tanlayolmay, ajdodlar «ikki kemani ushlagʻon gʻarqdur», deganlaridek toʻlqinlar osha goh koʻrinib, goh choʻkib, halloslab suzib bormoqdaman-ku. Biroq, kemalardan birini qoʻyib yuborib, sal boʻlsa-da, nafas rostlab olishga oʻzimni hech koʻndirolmayman.

Abdusattor suhbatlarimizda marhum otasini tez-tez eslaydi. Davrada soqiylik qilayotganida, shishaning tagida qolganini ham boʻlib yuboraqoling, desak, u unamay: «Rahmatli otam magazinchi boʻlgan, menga tejamkorlikni oʻrgatgan, tagidagi ham yana bir aylantirib quyishga yetadi», – deydi.

Abdusattor Moskvada tahsil olgan boʻlsa-da, oʻqishini yakunlab, diplom ololmagan. Besh yillik tahsilining toʻrtinchi bosqichini tugatar-tugatmas, universitetni tashlab ketgan. Balki, tahsil chala qolmaganda, u katta rassom boʻlib ketarmidi.

Bir kuni shundoq nufuzli universitetni nega bitirmagani sababini soʻradik. Abdusattor biroz qizarinqirab, talabalik paytida boshidan oʻtgan va oʻqishiga chek qoʻygan voqeani aytib berdi:
– Ochigʻi, bu bir qiz yoki bir soʻz tufayli boʻlgan. Rosa qaysar, hech narsadan tap-tortmas boʻlgan ekanmiz u paytlar. Talabalik paytida bir kurs quyida oʻqiydigan Lyuba degan ukrain qiz bilan yaqinlashib qoldim. Ukrainaning Ivano-Frankovsk shahridan edi. Oʻzi oppoq boʻlsa-da, tutash qoshi va koʻzlari qoraligi oʻzbeklarga oʻxshab ketardi. Menga mehribon, kinoga, raqsga birga boramiz. Kiyimlarimni yuvib, uzilgan tugmalarimni qadab beradi. Men uni oʻzbekcha taomlar bilan siylayman. Universitetda oʻqiyotgan oʻzbeklar, yurtdan olisdaligimiz uchunmi, juda ahil edik. Doim bir-birimizni qoʻllashga harakat qilardik. Bunga Lyubaning havasi kelar, oʻzbeklar haqidagi sobiq tasavvurlari oʻzgarganini e’tirof etardi:
– Oldin oʻzbeklarni sodda, boʻsh-bayov, hatto biroz anqovroq, deb oʻylardim. Lekin sizlarni koʻrib, oʻzbek magʻrur, oʻz qadrini biladigan xalq ekaniga amin boʻldim. Oʻzbekistonni bir koʻrsam, armonim qolmasdi.

Lyuba she’rlarimni mashinkada koʻchirib berardi. Mazmunini uncha tushunmasa-da, yaxshi she’rlar, deb qoʻyardi.
– Sattor, – dedi u bir kuni. – She’rlaringning ohangidan juda zavqlanaman va sening shoirligingdan iftixor qilaman. Lekin dugonalarim ham shoirligingni bilib qoʻyishlarini istayman. Ruscha she’r yozmaysanmi?
– Sen uchun yozganim boʻlsin, – dedim uning yolvorgandek moʻltirab qarashiga tob keltirolmay. Xullas, unga bagʻishlab bir necha she’rlar yozdim. Ularda mana bunaqa satrlar bor edi:

Tы mne strannыy podarok sudbы,

Kak prozrachnыy tsvetochek lyubvi,

Vsyo nadeyas, ladoni k tebe

Protyanu, nedostanu, uvы!

Bu she’rda qismatimizga bashorat borligini men keyin bildim. Ruscha she’rlarim mukammallik da’vo qilolmasa-da, biroq samimiyat bilan yozilgani uchunmi, bir-ikki dugonasi ham oʻqigan ekan, talabalar orasida tarqalib, ba’zilar meni «poet» deydigan boʻlishdi.

Bir diskotekada ichib olgan barvasta yigit Lyubaga yomonroq soʻz aytdi. Men uni chekkaroqqa tortib, kechirim soʻrashini talab qilib turib oldim. U ham oʻjar ekan, oxiri ishni yakkama-yakka olishuv bilan ajrim qilishga kelishdik. Kim yengsa, oʻsha haq. U paytda shunday tortishuvlar boʻlib turardi. Qiziq ustida: «Qiz bolani xafa qilganing uchun chap qulogʻingni uzib olaman», – deb yuboribman.

Belgilangan kuni elektrichkada Moskva yonidagi bir oʻrmonga chiqdik. Kichik yalanglikda olisha boshladik. U ancha kuchli ekan, tez orada ikkalamizning ham yuz-koʻzimiz qonga boʻyaldi. Karate va shunga oʻxshashlar bilan shugʻullanib yurganim uchunmi, nihoyat, uni tagimga bosdim. Shu bilan oʻzimni gʻolib hisoblab, bas qilsam boʻlardi-yu, ammo boyagi: «chap qulogʻingni uzib olaman», – degan gapim esimga tushdi-yu, bir barmogʻimning tirnogʻini oʻstirib yurardim, shuni qulogʻining suprasiga tiqibman deng! U chinqirib yubordi. Sheriklari daraxtlar ortida yashirinib turishgan ekan, yugurib chiqishdi. Ular ham xoʻp urinib, ajratisholmadi. Soʻngra yelkamga pichoq urishdi. Keyin ma’lum boʻlishicha, niyatlari oʻldirish emas, balki ajratish ekan. Lekin ikki marta pichoq uchini suqib olishganda ham qoʻyvormabman. Uchinchi gal pichoqni suqib, uchini qayirishibdi. Yelkamdan nimadir jazillab oʻtgandek boʻldi. Koʻp oʻtmay hushdan ketibman. Ular sheriklarini olib, ketib qolishibdi. Yiqilganda yarador joyim bilan zaxga tushibman. Ancha qon yoʻqotganim sababli hushsiz yotaveribman.

Kursimizda Yura degan ukrain yigit bor edi. U oldin: «ukrain qizning boshini aylantirgan», – deb mendan gʻashi kelib yurgan boʻlsa-da, soʻngra Lyuba bilan oramizdagi munosabatlar sof va samimiy ekaniga amin boʻlgach, ikkalamiz doʻstlashdik. Dam olish kuni biror joyga taklif qilishimni kutgan Lyuba, mendan xabar boʻlmagach, undan-bundan soʻrabdi. «Ajrimga ketgan», – degan xabarni eshitgach, yuragi yorilgudek boʻlib, Yuraning oldiga yugurib: «Sattorning qaysarligini bilasan, bir korihol boʻlmasaydi, deb qoʻrqaman», – deb koʻz yoshi qilibdi. Yura darhol qidiruvga tushibdi. Shahar tashqarisida dam olib qaytganlar, konduktorlardan soʻrab, ikki soat hushsiz yotganimdan soʻng meni topibdi. Kasalxonaga yotdim. Holsizligim tufayli Lyubaga aytib turib: «Chipqon chiqqani tufayli ma’lum muddat xat yozolmayman, xavotir olmanglar», – deb yozdirib uyga joʻnatdim. Otam: «Chipqonning tagida bir gap boʻlsa kerak, u qoʻlga emas, koʻproq yumshoq joyga chiqadi», – debdi. Chunki, meni bilardi. Bolaligimda ham koʻp voqealarni boshdan kechirganman. Shimimga zanjirlar taqib, sochimni oʻstirib, oliftagarchiliklar qilib, bechora oʻqituvchilarimning koʻp koyishlarini eshitganman. Maktab direktori: «Seni maktabdan haydayman», – deb poʻpisa qilsa-da, rassomlik iqtidorimni hurmat qilardi. Aslida oʻquvchilik paytimdagi bir mushtlashuv ham otamning oʻgitiga amal qilmoqchi boʻlganimdan kelib chiqqan. Otam menga: «Nomardgina ayolni xafa qiladi. Oʻgʻlim, biron joyda ayolni xafa qilishayotganini koʻrsang, albatta, himoya qil», – degan edi. Bir kuni maktabdan qaytishda qorboʻron oʻynayotganlar orasida shoʻxroq bola bir qizning yoqasidan ichiga qor tiqayotganini koʻrdim. Papkamni tashlab, borib yoqasiga yopishib, yerga agʻdardim. Xoʻp bopladim, deya turib ketayotsam, u ham izza boʻlganidan ori kelibmi, papkasini otgan edi, boshimga tegib, gandiraklab ketdim. Ortga qaytib, bu gal joyidan turmaydigan qilib kaltaklay boshladim. Boshqalar ajratib qoʻyishdi. Maktabda: «Yana falonchi toʻpolon qilibdi», – deb shov-shuv boʻldi. Ba’zi oʻqituvchilar: «Buni bolalar koloniyasiga joʻnatish kerak», – deyishdi. Zoʻrgʻa bosdi-bosdi boʻldi.

Lekin armiyada xizmat qilib qaytgach, maktab oldidagi gunohimni bir oz yuvdim. Adabiyot xonasi qilishmoqchi ekan, hazrat Navoiy, Bobur va boshqa mumtoz shoirlar suratlarini chizib, she’rlaridan namunalarni rangli boʻyoqlar bilan yozib, bezab berdim. Har gal borganimda shu xonaga kirib, oʻquvchilik paytlarimni xotirlab qaytaman. Keksa oʻqituvchilarimga rahmat. «Yoshligida ham rassomlik iqtidorini koʻrsatgan», – deb maqtashadi-yu, hech biri toʻpolonlarimni yuzimga solmaydi...

Xullas, otam Moskvaga otlanib, universitet yotoqxonasiga kelib, xonamning eshigini taqillatsa, Lyubaxon ochib, kutib olibdilar. Men unga kalitni berib qoʻygan edim. Xonani yigʻishtirib qoʻyay, deb kirgan ekan. Otam soʻrab-surishtirib, gapning tagiga yetibdi. Meni pichoqlaganlar sudlanib, qamalgan boʻlishsa–da, otam meni oʻzi bilan olib ketishga qaror qildi. Chunki yolgʻonni hech kechirmasdi rahmatli. Shu tariqa oʻqishimga chek qoʻyildi. Lyuba bilan xayrlashganimda, boʻynimga osilib yigʻladi.
– Yurtimda davolanib, qaytib kelib tahsilni davom ettiraman, yana birga boʻlamiz, – dedim.

Biroq Moskvaga qaytolmadim. Otam ruxsat bermadi. Men akalarim yoki ustozlarimga uncha-muncha oʻjarlik qilsam-da, otamning gapini hech ikki qilmaganman. Qolaversa, bu taqdir-da. Qaytib borib, oʻqishni tugatganimda, uylanib, Rossiyada qolib ketishim mumkin edi.

Lyuba bilan yozishib turdik. U mendan muhabbatimiz uchun kurashishimni kutardi. Meni esa Moskvadan kelishim bilan uzoq qarindoshimizning qiziga unashtirishgan, biroq bu haqda Lyubaga yozolmas edim. Uning oʻzi oxirgi xatlaridan birida turmushga chiqayotganini aytganida, qachondir shunday boʻlishini bilsam-da, ichimda nimadir uzilgandek boʻldi. Javob xatida chin dildan tabrikladim va ortiq yozishmaganimiz ma’qul, dedim.

Lyubaning oʻzim chizgan suratlaridan birini hamon eng qadrli suratlar orasida asrayman. Xotinim shu suratga mehrim boʻlakchaligini payqab yurar ekanmi, bir kuni: «Bu kimning surati, faqat toʻgʻrisini ayting», – deb soʻradi. Yaqin kishilarimdan sir yashirish odatim yoʻq. Kechmish voqeani aytib berdim. Xotinim uch-toʻrt kun gʻalati boʻlib yurdi. «U qiz men uchun bir xotiraga, oʻtmishga aylangan, undan qolgani shu surat, xolos», – deb yupatdim. Hartugul, suratni yoʻqotasan, deb turib olmadi.

Lyubani, ochigʻi, doim emas, goh-gohida eslab turaman. Yozishma mening ixtiyorimga koʻra uzilib ketgan, zamon algʻov-dalgʻovida manzillar ham oʻzgargan. Lekin qattiq sogʻinganimda u bilan xayolan soʻzlashaman:
– Lyuba, taqdir menga yoshligimda ato etganu darhol qaytib olgan bebaho xilqat, – deyman. – Men oʻz taqdirimdan roziman. Oilam, biri-biridan shirin farzandlarim bor. Sening ham oʻz taqdiringdan rozi ekanliging, mendek qat’iyatsiz va noshud bir bandai ojizni allaqachon kechirib, peshanangga yozilgan turmush oʻrtogʻing bilan baxtli hayot kechirayotganing, shunga qaramay, goh-gohida meni ham eslab turayotganingga ishonaman, azizam!

2008