OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGʻulom Karimiy
Asar nomiNobel mukofoti (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Gʻulom Karimiy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Nobel mukofoti (hikoya)
Gʻulom Karimiy

Shahar chekkasida yashovchi mahalladosh shoir va yozuvchi shanba kuni tushdan soʻng sayrga chiqishdi. Suhbatlari har galgidek adabiyot haqida kechdi. Oldin bir necha keksa nomdor adibning gʻiybatini qilib, xumordan chiqishdi. Ularning fikricha, oʻtgan asrdan beri adabiyot shohsupasini mahkam egallab turgan bu adiblar bir paytlar ommaviy kitobxonlik davrida orttirgan katta obroʻlariga tayanib, bugungi kunda ham otdan tushsalar-da, egardan tushgilari kelmas, butun choralar bilan «usti yaltiroq, ichi qaltiroq» ijodiy mahsulotlarini abadiylashtirish uchun halak edilar.
– Qariyb yarim asr muttasil butun mamlakat kitobxonlarining olqishini olib kelishdi. Bugungi kunda bitiklari haminqadarligi yaqqol koʻrinib qolsa-da, buni mardlarcha tan olmasdan, suv yuzidagi koʻpikmisol yangi avloddan ham olqish tama qilishlariga ham kulging keladi, ham yigʻlaging, – dedi qotma, tepakal shoir aslida oʻziga bildirilishi lozim boʻlgan olqishlar ham katta adiblar hisobiga oʻtib ketayotganday alamzadalik bilan.
– Nimasini aytasiz, butun umr qarsaklar sadosi ostida yashagan shuhratparastning arvohi qiynalmasin desangiz, soʻnggi yoʻlga ham qarsaklar bilan kuzatish lozim, – dedi zaharli ohangda qorin qoʻygan, sochlari yarim oqargan yozuvchi.

Ustozlar gʻiybatidan zerikishgach, oʻzlarini katta adabiyotga daxldor shaxslar hisoblashgani bois, suhbat oʻzanini jahon adabiyotiga burishdi. Nobel mukofotini olgan navbatdagi adibning nomini eslamoqchi boʻlishdi-yu, ikkalasining ham xotirasi pand berdi.
– Bizning aybimiz emas-ku, axir ... Hali uning asarlari oʻzbekchaga tarjima qilinmagan boʻlsa, – dedi shoir oʻzini oqlamoqchi boʻlgandek. U «oʻzim kal, koʻnglim nozik» deganlar xilidan boʻlib, hech qachon oʻziga gard yuqtirmasdi. – Gʻarb tillarini esa bilmasak. Biron yozuvchi yo shoirning kitobini oʻqimasang, nomi ham esda qolishi qiyin boʻladi.
– Adabiyot sohasida Nobel mukofoti har yil berilsa, olganlar soni yuzdan oshib ketgan boʻlsa. Barchasining asarlarini tarjima qilib ulgurib boʻladimi? – dedi yozuvchi suhbatdoshini qoʻllab. – Hozir yolgʻiz tarjima bilan kun kechirish amri mahol, yaxshi tarjimonlar ham kamayib ketdi.

Biroz jim yurishdi. Yoʻl boʻyida askarlardek saf tortgan teraklar uchiga tikilgancha, shoir oʻziga oʻzi gapirgandek soʻz qotdi:
– Chingiz ogʻaning vafoti tufayli qalbimda hosil boʻlgan yara hali bitmagan. Markaziy Osiyodan Nobelni Aytmatov olishi mumkin edi. Bersalar, haqi ketmas edi-ku, mutasaddilarning!
– Ogʻaga nega berishmadi? Sababi nimada deb oʻylaysiz?
– Nimada boʻlardi? Gʻarbliklarga yon bosib, Sharq adiblariga bee’tiborlik-da! Axir olganlarning qanchasi Aytmatov darajasidagi yozuvchilar emas-ku!
– Hm... , men ham bu haqda koʻp oʻyladim. Ba’zi boshqa sabablar ham bor.
– Xoʻsh, xoʻsh...
– Aytmatovning «Qiyomat» romani ilk bor tsenzuraning qisqartirishlari bilan chop etilgani esingizdami? Soʻngra qayta qurish davridagina toʻla holida chiqdi. Xoʻsh, deylik, ilk bor qisqartirishni talab etishganda, ogʻa bunga koʻnmasdan, romanini chet elga yuborganda, uni toʻliq bosishardi-ku! Ham nashr qilib, ham Aytmatovni shoʻro rejimi tazyiqiga qarshi turgan jasoratli adib, deb jar solishardi. Biroq ogʻa bunga jur’at etmadi.
– Hammaga ham jon shirin-da!
– Shunday-kuya, biroq, Aytmatovdek jahon tanigan adibning joniga qasd qilinishi saksoninchi yillarda ehtimoldan uzoq edi. Faqat ma’lum muddat ta’na-malomatga uchrab, e’tibordan qolardi, xolos.
– Aytmatovni, tuzumga toʻla mute edi, deyish ham toʻgʻri emas. Axir, u necha bor yuksak minbarlardan haq gapni aytdi. Ayniqsa, «oʻzbek ishi» degan qabih kampaniya xuruji paytida xalqimiz sha’nini himoya qildi.
– Ha, ogʻadan toabad minnatdormiz. Biroq shoʻro tuzumining asl mohiyatini asarlarida Pasternak va Brodskiy darajasida fosh qilib tashlamagan yoki akademik Saxarov va Soljenitsindek bu tuzumga qarshi turmagan. Gʻarbda esa Nobelni berishda adibning faqat asarlari emas, shaxsiy jasoratiga ham qaraladi. Hatto oʻz asari uchun qat’iy kurasholmagan yozuvchining shaxsidan ular uncha hayratga tushmaydi-yov...
– Har holda turkiy dunyodan Oʻrxon Pomuq oldi-ku. Toʻgʻri, uning ham bu mukofotga erishganini ba’zilar siyosat bilan bogʻlashadi.
– Nima deyishsa, deyishsin-u, u mukofotni adabiyot uchun oldi. Men esselarini maroq bilan oʻqidim. Shaxsiy kutubxonasida 12 mingta kitob bor ekan. Kitobga, adabiyotga beadad mehri boʻlmagan odam shuncha kitob yigʻadimi?! «Jahon adabiyoti» jurnalida bosilgan «Istanbul» romanini oʻzingiz ham ogʻzingizdan bol tomib maqtadingiz-ku!
– Zoʻr roman! Ikki marta oʻqidim. Qani, bizning buyuk shaharlarimiz haqida ham shundoq romanlar yozilsa! Oʻzbekdan qachon Nobel mukofoti laureati chiqar ekan?
– Har holda, achchiq haqiqat shuki, sizu mendan chiqmaydi. Keyingi yillarda shu mukofotni olganlarning asarlaridan xabardor boʻlish tugul, nomlarini ham tuzuk-quruq bilmaymiz-ku!
– Bilmasak, hali bilarmiz. Asarlaridan namunalar «Jahon adabiyoti»da bosilsa, oʻqirmiz ham, – dedi shoir bunday katta mukofotdan bebahra qolishni tan olgisi kelmagandek tajanglik bilan. – Yaqinda Shukur Xolmirzaev xotirasiga bagʻishlangan bir yigʻinda bilimdon notiqlar Shukur akani Nobel mukofotini olganlar darajasidagi adib deyishdi. Bu gapda jon bor. Ustozning oʻzi ham «hikoyalarimni jahon hikoyachiligiga boʻylab yozganman», degan. Olloh uzoqroq umr berganda, balki u olarmidi...
– Shukur akaning asarlari orasida shedevrlar bor, albatta. Oʻzbek bolalar oʻyinlari haqidagi hikoyalari jahon adabiyoti uchun ham nodir degulik. Lekin butun ijodi bir tekis emas-da. Masalan, Borxesning har bir hikoya yo lavhasidan hayratga tushasan. Darvoqe, unga ham Nobelni berishmagan-ku. Xullas, munosib adiblarning barchasiga ham nasib etavermas ekan bu mukofot.
– Endi qachon oʻzbekdan Shukur akadek bir yozuvchi chiqadi-yu, Nobelni koʻzlab asarlar yarata boshlaydi...
– Eh-he, Nobelgacha ham dovonlar koʻp. Oʻsha Oʻrxon Pomuq asarlari ungacha qator gʻarb tillariga tarjima qilinib, Yevropadagi qancha mashhur adabiy mukofotlarni olgan. Nobelga xomtama boʻlishdan oldin oraliqdagi dovonlarni zabt etish lozim.
– Zabt etadi, koʻrasiz, chiqadi hali oʻzbekdan uzoqni koʻzlagan shunqorlar! XIV asrda Turonda ahvol qanaqa edi? Daf’atan Amir Temurdek jahongir paydo boʻlib, izma-iz Ulugʻbek kabi allomayu Navoiydek daho ijodkor yetishdi. Istiqlolning moʻ‘jizalar yaratishga qodirligiga shu oʻtgan yigirma yil ichidayoq necha martalab guvoh boʻldik-ku!
– Haq rost. Biroq ruslar Pushkin, forslar Hofiz, inglizlar Shekspir, italyanlar Dante, nemislar Gyoteni oʻqiganidek, biz Navoiyni oʻqib, anglayapmizmi? Qachon mutolaada jahon miqyosiga chiqsak, adabiyotimiz ham jahon darajasiga koʻtariladi.
– Ha, mutolaa bilan maqtanolmaymiz, – dedi shoir hovuridan tushib. – Aytganday, kutubxonangizdan hazratning «Devoni Foniy»sini berib turing. Tez oʻqib qaytaraman.
– Qariyb qirq yildan beri shoirlik da’vosida qalam qitirlatasiz-u, bu asar oʻzingizda yoʻqmi?
– Eski nashri bor edi, koʻch-koʻchlarda yoʻqolgan. Yangisini olishga ulgurmasimdan tarqab ketibdi.
– Shoir sotib olishga ulgurmasdan hazratning kitobi tarqab ketgani yoqimli xabar, – dedi yozuvchi mamnun iljayib. – Demak, Navoiyni oʻqiyotganlar koʻpayyapti. Darvoqe, Nobel mukofoti sari hazrat tiklagan adabiy narvondan koʻtarilib borish kerak.

Suhbatga berilgan shoir va yozuvchi ikkala sohilida tol va teraklar oʻsib yotgan ariqni yoqalab, shaharga yondosh qishloqqa yetib kelishganini sezmay qolishdi. Qishloq bogʻlaridagi mevali daraxtlar barq urib gullagan, ertapishar navlar gulini toʻkib, dovuchcha tuga boshlagan. Bu faslda qancha yursa-da, kishining charchagani bilinmaydi. Shoirning tepakal boshi quyosh nurida yaltirar, vujudi gullaru oʻt-oʻlanlar boʻyiga toʻyingan bahor havosidan sarmast, turfa qushlar sayrogʻi ham goʻyo qofiyayu turoqlarga tushib, asl she’riyatday ta’sir qilardi.
– Turgan joyimiz shahar chekkasi, madaniyat saroylariyu teatrlardan uzoqlik qiladi, – deb ba’zan noliymizu, biroq bu goʻshaning ham oʻz imtiyozlari bor, – dedi shoir orqaga qaytish oldidan bogʻ-rogʻlarga burkangan soʻlim qishloqqa zavq bilan boqarkan. – Atrofdagi dalalar manzarasi, chorbogʻlar, mana bu ariqni toʻldirib oqayotgan zilol suvning oʻzi qancha ilhom baxsh etadi ijodkorga. Adabiy suhbatlarni koʻngil tusasa, Toshkentdek shahri azimning har bir mahallasida suhbatdosh topiladi.
– Doʻrmonda esa shahardagidan ham sharoit zoʻr. U yerda har qadamda adabiyotning har sohasi boʻyicha suhbatdosh topiladi.
– Doʻrmon, Doʻrmon-da! Ulugʻlar qadami tekkan, ulugʻlar ijod qilgan ma’vo. Har yili bir necha bor Doʻrmondagi ijod uyi yo tanishlarning dala hovlilariga borib, ham ijod qilib, ham bu maskanda yashaydigan hamda viloyatlardan kelgan adiblar bilan suhbatlashib, fikr almashib, adabiy yangiliklardan kengroq boxabar boʻlish kerak. Ba’zi yangi kitoblarni mualliflarning oʻzidan olmasang, doʻkonda topolmaysan.
– Nega viloyat va tumanlarda yashovchi aksar adiblar oʻz iste’dodlarini toʻla roʻyobga chiqarolmay dumbul boʻlib qolishadi? – dedi yozuvchi va oʻz savoliga oʻzi javob bera boshladi. – Chunki ijodkor, baribir, katta qozonda qaynagani ma’qul. Bizda hali-veri adabiyotga poytaxt monopoliyasi davom etar ekan, undan uzoqroqda yashab, katta ijodkor sifatida shakllanish qiyin. Faqat nihoyatda iste’dodli va shunchalik matonatli, sobitqadamlik bilan poytaxt adabiy jamoatchiligidan doʻstlar va xayrixohlar orttirgan viloyat adiblarigina bunga erishadi.
– Haq gap, viloyatlarda adiblar kamligi ustiga, koʻpincha har biri oʻzini daho hisoblab, boshqalarini nazariga ilmas ekan. Poytaxtda har holda qalam ahli koʻpligi tufayli kimdir bilan gaping qovushmasa, boshqasi bilan til topishib ketasan. Shunday odam qoʻshning yo mahalladoshing boʻlsa, nur ustiga nur. Birgina sizning suhbatu maslahatlaringiz mening ijodimga qanchalik barakali ta’sir koʻrsatayotganini tasavvur qilish qiyin. Siz men uchun ilhom parisisiz!
– Ilhom tulpori Pegasga mengzasangiz boʻladi-ku, hech boʻlmasa, – dedi yozuvchi, biroq oʻz sha’niga maqtovlarni iymanishsiz qabul qilib, soʻzida davom etdi. – Toʻqqizinchi qavatdagi uyingizni sotib, bu yerdan yer olgach, naridan beri boshpana qurganingizdan soʻng ijodingiz gullab-yashnagani bejiz emas. Atlant kabi ijodkor ham yerdan kuch oladi, chogʻi. Toʻrtligu fardlaringizni ham hisoblaganda, jami asarlaringiz toʻkilgan sochlaringizga teng boʻlsa kerak. Yana qolgan sochlaringizga barobar asarlar bitsangiz – umid qilamanki, ular oldingilaridan pishiqroq boʻladi – Nobelni ololmasangiz ham mahalliy daho boʻlishingiz tayin.
– Namuncha Nobelni mendan qizgʻanasiz, oʻzingiz da’vogar emasmisiz, mabodo? – lutf qildi shoir.

Suhbatdoshlar bir-birlariga bir zum tikilib, xoxolab kulib yuborishdi va sayr nihoyasiga yetgani uchun, xayrlashib, oʻz uylariga yoʻl olishdi. Yoʻllari ikki tarafga ayrilgan boʻlsa-da, boshlarida gʻujgʻon oʻynayotgan masrur oʻylar taqriban bir xil boʻlib, adabiyot otligʻ eng qutlugʻ va boqiy san’atga oid edi. Ayni shu oʻylar sharofatidan koʻngillari tozarib, umr kuzining nuqsi ura boshlagan chehralari ajabtovur yorishib, ularda botiniy goʻzallikning zohiriy aksi qadahdagi may kabi jilvalanardi.