OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGʻulom Karimiy
Asar nomiNoyob qoʻlyozmalar izidan (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Gʻulom Karimiy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Noyob qoʻlyozmalar izidan (hikoya)
Gʻulom Karimiy

«Hazrati risolat zamonidan beri ul miqdor aimmai islomkim, Movarounnahrdin paydo boʻlibtur, hech viloyattin ma’lum emaskim, muncha paydo boʻlmush boʻlgʻay», - deb yozgan edi Zahiriddin Muhammad Bobur oʻzining «Boburnoma» kitobida. Bundan xulosa qilib, oʻsha davrda hech bir oʻlkada Movarounnahrdagichalik koʻp kitob yozilmagan, desak xato boʻlmasa kerak. Har holda, jahonning turli mamlakatlaridagi kitob xazinalarida saqlanayotgan Sharq qoʻlyozmalarining salmoqli qismining mualliflari Turonzamin farzandlaridir. Oʻrta asrlarda Buxoro, Samarqand, Xorazm, Marv shaharlarida jahonga mashhur kutubxonalar mavjud boʻlgan. Barcha ilm toliblari foydalana olganliklari uchun ular tom ma’noda milliy kutubxonalar edi. Bir necha yuz jild qoʻlyozma kitobdan iborat shaxsiy kutubxonalar ham unchalik kam uchraydigan hodisa boʻlmagan.

Ma’lumki, oʻtmishda kitob qimmat turgan va koʻz qorachigʻidek avaylab asralgan. Shu sababli bir necha asr burun koʻchirilgan noyob qoʻlyozma nusxalar bizgacha yetib kelgan. Chorizm istilosidan keyin minglab nafis va nodir qoʻlyozmalar oʻlkamizdan tashib ketilgan. Bu oʻrinda misol tariqasida 1873 yilda bosqinchilar Xivani egallagach, Xiva xoni xazinasidagi boshqa qimmatbaho buyumlar bilan birga boy kutubxonasini ham gʻasb etib, imperiya poytaxti Peterburgga joʻnatishganini aytib oʻtish kifoyadir. Ulugʻ adib Ogahiy tarixiy-badiiy asarlarining muallif oʻz qoʻli bilan koʻchirgan asl nusxalari hamon Sankt-Peterburgda saqlanmoqda. Uning soʻnggi tarixiy-badiiy asari «Shohidi iqbol»ning jahondagi yagona dastxat nusxasi ham oʻsha shahardadir.

Ammo chor mustamlakachiligi davridagi bu talofatlar ma’naviy merosimizga shoʻro tuzumi davrida yetkazilgan zarar oldida holva boʻlib qoldi. Asrlar davomida yongʻinu toshqinlardan omon qolgan kitoblar – tengi yoʻq meros «oktyabr quyoshidan nurafshon boʻlgan» davrda jazoga tortilishdan qoʻrqqan egalari tomonidan oʻtda yondirildi, suvga oqizildi yo qabristonlarga dafn etildi. Qadimiy kitoblarni oʻqiy oladigan kishilar ham bu davrda keskin kamayib ketdi.

Bugungi kunda mamlakatimiz kutubxonalari va shaxsiy qoʻllardagi qoʻlyozma asarlar moʻ'jiza bilan omon qolgan kitoblardir. Yuqorida zikr qilingan mudhish yoʻqotishlarga qaramay, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti kutubxonasi jahondagi eng katta qoʻlyozma kitoblar xazinalaridan biridir. Bu ziyo maskanida qirq mingdan oshiq qoʻlyozma va toshbosma kitoblar, oʻn minglab tarixiy hujjat va maktublar saqlanadi. Bu kitob va hujjatlar kutubxona tashkil qilingandan boshlab fidoyi xodimlar tomonidan donalab yigʻilgan. Ayniqsa, XX asrning 50-yillar oxiri va 60-yillar boshlarida Sharqshunoslik instituti jamoasi mavjud asarlarni tadqiq etish bilan birga, aholidan muhim qoʻlyozmalarni yigʻib xazinani boyitishga ham katta e’tibor berar, shu maqsadda har yili viloyatlarga ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirib turiladi. Oʻsha paytda bu ishning oʻziga xos qiyinchiliklari boʻlardi. Chunki, uylarida qoʻlyozma kitoblar saqlab yurgan odamlar ham buni oshkor qilishdan choʻchirdilar. Ammo fidoyi olimlar bunday qiyinchilik va toʻsiqlarni matonat bilan bartaraf etardilar. Ekspeditsiyalar a’zolari qaysi shaharda boʻlishmasin, eski mahallalardagi choyxonalarga borib, choy ustida asta-sekin qariyalar bilan suhbatga kirishib, soʻz-soʻzga qovushib ketgandan keyin ehtiyotkorlik bilan suhbat mavzuini qoʻlyozma kitoblarga burishardi. Olimlar odamlarda qoʻlyozmalar bor-yoʻqligini surishtirar ekanlar, oʻzlarining niyatlari xayrli ekanligini, egasi rozi qilinib sotib olingan qoʻlyozmalardan tajribali mutaxassislar oʻlkamiz tarixi va oʻtmish madaniyatimizni oʻrganish uchun manba sifatida foydalanajaklarini, bundan elu yurtimiz juda katta ma’naviy foyda koʻrishini qayta-qayta ta’kidlashardi. Xullas, kitob izlovchilarning oʻz mashgʻulotlariga boʻlgan ishtiyoq va zavqu shavqlarini oltin qidiruvchilarinikiga qiyoslash mumkin edi. Safarlarda ba’zan gʻaroyib voqealar, shov-shuv uygʻotadigan topilmalar ham uchrab turardi. Masalan, institut xodimlari A.Javonmardiev va A.Oʻrinboevlar 1959 yilda Andijonga borishganda qariyalar bilan suhbat chogʻida Asaka masjidi imomi qoʻlida Ibn Sinoning «Tib qonunlari» asari qoʻlyozmasi borligini eshitishadi. Ana shu qoʻlyozmani qoʻlga kiritish uchun uch marta ilmiy safar tashkil qilishga toʻgʻri keladi. Nihoyat, olimlarning sa’y-harakatlari natijasida asarning toʻliq holdagi bu qadimiy va moʻ'tabar nusxasi institut xazinasiga keltiriladi. Bu muhim kashfiyot turli mamlakatlardagi ilmiy markazlarda katta qiziqish uygʻotgan edi. Xazinadagi bebaho javohirlar qatoridan oʻrin olgan bu kitob soʻngroq institut jamoasi tomonidan ulugʻ hakimning asarlari oʻzbek va rus tillariga nashrga tayyorlanganda asos nusxalardan biri boʻldi.

Quyida ulugʻ ustozlarimiz, yuzlab nodir kitoblarni topib, aniqlab, milliy xazinamizni boyitishga oʻzlarining munosib hissalarini qoʻshgan javharshunos tadqiqotchilar Aziz Qayumov va Asomiddin Oʻrinboev domlalar soʻzlab berishgan kitob izlash mavzusidagi ikkita hikoyani keltiramiz.

Kitobtopar (Aziz Qayumov hikoyasi)

Oltmish yo oltmish birinchi yilning erta kuzida biz – ikki yosh olim, ya’ni Asomiddin Oʻrinboev va kamina qadimiy qoʻlyozmalar bilimdoni, mohir xattot Abduqodir Murodov domlaga hamroh boʻlib, Samarqandga joʻnadik. Maqsadimiz, aholidan qoʻlyozma kitoblar yigʻib keltirish edi. Men har ehtimolga qarshi, qalin pidjak ham olvolgandim. Yoʻlga otlanayotganimizda Asomiddin pidjagimga ishora qilib, dedi:
– Kun issiq-ku, buni boshingizga urasizmi?
– Kerakli toshning ogʻiri yoʻq, - dedim men koʻpni koʻrgan tajribali odamdek. Ammo issiq tufayli pidjakni doim qoʻlimda koʻtarib yurardim.

Samarqandga yetib borgach, Siyob bozori yaqinidagi mehmonxonaga joylashib, oʻz maqsadimiz haqida shahar radiosida e’lon ham berdik. Ertasiga bir yahudiy ziyolisi bizni soʻroqlab keldi. Unda husnixat bilan yozilgan, miniatyura suratlari boʻlgan charm muqovali ikkita nafis qoʻlyozma kitob bor ekan. Omadimiz kelganiga suyunib, tezda narxini kelishib, ularni sotib oldik. Bir necha kundan keyin Murodov domla toʻplangan kitoblarni olib Toshkentga qaytdilar. Biz yoshlar izlanishni davom ettirib, Qashqadaryo viloyatiga joʻnadik. Kitob shahriga yetgach, daryo boʻyidagi choyxonaga borib, choy ichish bahonasida yaqinimizda oʻtirgan odamlarni sekin suhbatga tortdik. Eng avvalo shaharga nega Kitob deb nom berilganini soʻradik. Odamlardan biri bizga tushuntirdi:
– Asli nomi Kitob emas, balki Kifti ob, ya’ni Suv boʻyi ma’nosini bildirgan. Xalq tilida bora-bora Kitobga aylanib ketgan.

Shu tariqa suhbatga kirishib, bir qancha fursat oʻtgach, qoʻlyozma kitoblardan gap ochdik. Agar kimda qoʻlyozma kitoblar boʻlsa, yaxshi narxda sotib olajagimizni aytdik. Shunda hamma jimib qoldi. Ba’zilar hatto oʻzlarini chetga tortishdi. Lekin boyagi shahar nomining ma’nosini aytgan odam bizning olim ekanligimizni anglagan va hech bir yomon niyatimiz yoʻqligiga ishonch hosil qilgan boʻlsa kerak, uyida eski kitoblar bor ekan, turib borib bir muddatdan soʻng bir necha kitob qoʻltiqlab keldi. Mamnun holda kitoblarni varaqlab chiqib, yaxshi baholadik. Narxini kelishgach, pulni kimga toʻlaganimizni qayd etish uchun uning pasportini soʻradik. Shunda atrofdagi odamlardan ba’zilari unga: «pastortingni yozib olishgach, izingdan kelib holingni xarob qilishadi», - degan mazmunda soʻzlar aytishdi. Lekin, kitoblar egasi ularga javoban: «Bular unaqa odamga oʻxshamaydi. Gap-soʻzlaridan ham olimliklari koʻrinib turibdi-ku. Sizlarda ham kitoblar boʻlsa, keltiringlar. Oʻzimiz oʻqiy olmagach, loaqal olimlar ularni oʻqib-oʻrganib, ma’nosidan elu yurtni bahramand etishsin», – dedi. Xullas, kitoblardan tashqari, bu shaharda oʻzimizga yaxshigina yordamchi ham topgan edik.

Choyxonadan kitob qoʻltiqlab chiqib, bir mehmonxonaga joylashdik. Yana ancha vaqtgacha xarid qilingan qoʻlyozmalarni koʻzdan kechirib, bir-birimizga ta’rifladik. Oʻsha paytlarda palovning konservasi boʻlardi. Kechki ovqatga shundan bir qutisini ochib isitdik. Rosa charchagan ekanmizmi, ovqatdan soʻng dam olish uchun oʻrinlarga yotdik. Shunda Asomiddin: «Ha, doʻstim Azizxon, hali kitob izlab sarson boʻlganimizu mehmonxonalarda konserva yeb pishqirib yotganlarimizni eslab yurarsiz», – degani hamon yodimda turibdi.

Qashqadaryo viloyatining ba’zi joylarida boʻlgach, yana qaytib Samarqandga keldik. Asomiddin ba’zi ishlar tufayli Samarqandda yana bir necha kun qoladigan boʻldi. Men Qashqadaryodan keltirgan kitoblarimizni olib Toshkentga joʻnadim. Pidjakni biron marta kiymaganim va bunga mutlaqo ehtiyoj boʻlmaganidan, uni butkul unutib, Samarqandda mehmonxonada qoldirib kelibman. Toshkentga kelgach ham, esimga tushgani yoʻq edi. Qaytib kelganidan soʻng uchrashganimizda, Asomiddin menga pidjagimni uzatib dedi:
– Moltoparingizni qoldirib ketibsiz-ku, Azizxon!
– Moltopar emas, kitobtopar bu, shuning uchun sizga qoldirib kelgandim, – dedim men hazillashib.
– Rahmat sizga, bu safarda odatdagidan koʻra koʻproq kitob yiqqanimizning siri menga endi ayon boʻldi, – deb Asomiddin ham hazil bilan javob qaytardi.

Qur'on orasidagi qoʻlyozma (Asomiddin Oʻrinboev hikoyasi)

Taxminan 1960 yilda Abduqodir Murodov domla bilan Xorazmga safar qildik. Xiva atroflarida mashinada aylanib yurayotib, darvozasi ochiq bir hovlida hovuz boʻyida oʻtirgan qariyani koʻrib qoldik. Mashinadan tushib, darvozadan ichkariga kirib, chol bilan salomlashdik. Uning koʻzi ojiz ekan. U bizni iliq qarshi olib, supaga oʻtirishga taklif qildi. Biz supaga oʻtirib, undan-bundan suhbat boshladik. Chol bizning Xorazm tarixi va madaniyati haqidagi soʻzlarimizni juda qiziqib, jon qulogʻi bilan tingladi. Oʻzi ham ba’zi narsalarni gapirib berdi. Oʻrtadan begonalik koʻtarilib, yagonalik vujudga kelgach, yotigʻi bilan muddaoga koʻchdik. Chol bir oz oʻylanib turgach, yosh ekanligida jildga solingan bir Qur'on kitobni oshxonada moʻrkon yoniga ilib qoʻyishganini, bu jild oʻshandan beri osigʻliq turganini aytdi. Bizning iltimosimizdan keyin u kelinini chaqirdi. Ayol oshxonaga kirib ketib, bir muddatdan soʻng dud bosgan jildni olib keldi. Ochmoqchi boʻlib qoʻl tekkizishimiz bilan jild oʻz-oʻzidan toʻzib ketdi. Ichidan Qur'on kitobi chiqdi. Qur'on muqovasini ham dud qoplagan, chetlari uvalanib ketgan edi. Avaylab ochib koʻrganimizda Qur'on orasidan yupqaroq bir kitob chiqdi. Oʻqib koʻrsak, mayda xat bilan yozilgan bu kitob oʻzbekcha boʻlib, shoir Munisning devoni ekan. Xonadondagi yagona Qur'onni soʻrashni odobdan emas, deb bildik. Ammo Munisning devonini bizga sotishlarini iltimos qildik. Kitob davlat muhofazasiga olinishi, olimlar undan foydalanib, ehtimol nashr qilishlari ham mumkinligini aytdik. Bizning ovozimizdagi iltijo ohangi ta’sir qildimi, hartugul, chol oʻzimiz belgilagan bahoda kitobni bizga berdi.

Toshkentga qaytgandan soʻng, oʻtkazilgan qiyosiy tadqiqotlar natijasida biz qoʻlga kiritgan devon Munisning oʻz qoʻli bilan koʻchirilgan behad qimmatli va tabarruk bir nusxa ekanligi ma’lum boʻldi. Quvonchimizning cheki-chegarasi yoʻq edi. Chunki, bu kitob Xorazm adabiy muhiti, umuman, mumtoz oʻzbek adabiyotida muhim oʻrin egallovchi Munis ijodini oʻrganish uchun asl va moʻ'tabar bir manba edi.

Topildiq haqida matbuotda maqolalar e’lon qilindi. Qoʻlyozmaning ahamiyati va qimmatini hisobga olib, sobiq egasiga yana qoʻshimcha pul joʻnatdik. Bunga javoban va matbuotdagi qoʻlyozma xususidagi maqolalar munosabati bilan Xorazmdan olimlarga minnatdorchilik bildirilgan xat keldi.

Qarang-a, bu kitob necha yillar davomida Qur'oni karim orasida turibdi, demakki, bobomizning asarini avlodlar uchun qodir Ollohning oʻzi asrabdi!

1997