OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGʻulom Karimiy
Asar nomiUlugʻ muarrix (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Gʻulom Karimiy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ulugʻ muarrix (hikoya)
Gʻulom Karimiy

Hijriy 333 (melodiy 944) yilning kuz fasli. Muhammad ibn Ja’far Narshaxiy ark darvozasiga yaqinlasharkan, hayajonini bosishga tirishardi. Aslida Buxoroyi sharif koʻksida ulkan qoyadek yuksalgan, poydevoriga ilk gʻisht qoʻyilishi bilan rub’i maskundagi ulugʻ shaharlardan birining tarixi boshlangan, asrlar toʻfonida necha bor vayron boʻlsa-da, kul orasidan chiqqan kaqnusdek qayta tiklanib, Buxoro boqiyligining ramziga aylangan bu muhtasham inshootning tarixini undan ham chuqurroq oʻrgangan boshqa biron banda bu foniy olamda yoʻq.

Ark ilk bor bino qilinishi haqida faqat rivoyatlargina mavjud. Kimdir ark bunyodkori sifatida qadim Turon xoqoni Afrosiyob nomini tilga olsa, boshqalar uning qurilishini falakning gardishi bilan Turonga kelib, Afrosiyobga kuyov boʻlgan Eron shahzodasi Siyovush nomi bilan bogʻlaydi. Bundan ikki yarim asr avval buxordot Bidun arkni hozirgi koʻrinishiga keltirgan. U ark ichida qasr bino qilib, eshigiga temir lavha qoplatib, oʻz nomini oʻyib yozdirgan. Temir lavha qasr eshigida haliyam turibdi. Biroq, islomdan oldin yetti yoshli bola ham oʻqiy oladigan bu xatni biladigan odamlar endilikda Buxoroda barmoq bilan sanarli.

Muhammad ark tevaragini koʻp bora aylanib chiqqan, unga yaqin va olisdan nazar solgan saroy amaldorlari bilan tanishligi tufayli, arkning ichkari sahnidagi katta-kichik barcha imoratlarni ham necha bora koʻzdan kechirgan. Maqsadi, Buxoro tarixi deb nom qoʻygan kitobining arkka bagʻishlangan bobini imkon qadar mukammal tarzda yozish edi. Yigitlik davridan boshlab ma’lumot yigʻib, yoshi qirqdan oshib, soch-soqoliga oq oralaganida yozib bitirgan mazkur asarini bir hafta ilgari shu darvoza oldida saroy mulozimlariga topshirdi va uni bundan bir yil muqaddam, qariyb, oʻttiz yil hukmronlik qilgan otasi Nasr ibn Ahmad vafotidan soʻng Buxoro taxtiga oʻtirgan amir Nuh ibn Nasrga yetkazishlarini soʻradi. Zero, kitob uning nomiga atab bitilgan.

Muhammad keyingi bir haftani tugʻilib-oʻsgan qishlogʻi Narshaxda oʻz bogʻida oʻtkazadi. Zarafshondan chiqarilgan ariq boʻyidagi bu bogʻni otasidan meros yerda oʻzi yaratgan. Bogʻdagi har bir daraxt, hatto giyohgacha unga tanish va aziz. Bolaligidan tinib-tinchimas va behad tirishqoq Muhammad jonajon Buxoro viloyatining shaharu kentlaridan tortib, dalayu choʻllarigacha baayni qoʻli bilan bunyod etgan bogʻi kabi mehr qoʻygan, suyukli diyorining nafaqat buguni, balki shonli oʻtmishini ham qalbiga jo etmoqni istardi. Uni Paykand, Varaxsha va boshqa qadimiy qal’alar xarobalarida qoʻlida gʻisht parchasi yoki sopol sinigʻini ushlagancha oʻyga tolgan holida koʻp bora koʻrishgan. Ba’zan izlanishlarga berilib, vayronalar orasida kechgacha qolib ketar, chiyaboʻrilar ulishi va boyqushlar sayrogʻidan yuragi uvishganda, bundan uch yil ilgari yorugʻ olamni tark etgan boʻlsa-da, she’riyat shohsupasidagi oliy maqomlardan biri tabarruk nomi bilan muhrlangan ustod Abuabdulloh Rudakiyning ushbu satrlarini takrorlab, oʻziga dalda berardi:

    Bilimdan yurakda yonar yorugʻ nur,
    U gavdani ofatlardan asrovchi qalqon.
    Olam – dengiz, suzishni istaysanmi?
    Ezgu ishlardan kema qur shu on!

Bu mashgʻulotlarini boshqa maqsadlarga yoʻyib: «Muhammad xarobalardan xazina izlamoqda», – deb gap tarqatganlar ham boʻldi. Tarix ummoniga shoʻngʻigan olim bunday kinoyalarga parvo ham qilmas, xorib-tolib Narshaxga qaytib kelar, bogʻdagi soʻrida qogʻoz qoralab, yangi topilgan ma’lumotlar xotiradan yitmasin uchun, sahifalarga bitishga shoshilardi. Tarixnavislikka batamom berilganidan noyob iste’dodi va teran bilimiga qaramay, na biron mansab egasi boʻldi, na davlat orttiroldi. Bogʻdan keladigan daromadga qanoat qilib, ayoli hamda ikki oʻgʻli va ikki qizidan iborat oilasini bazoʻr tebratardi.

Soʻnggi haftada u hatto bogʻida ham oʻzini qoʻyarga joy topolmadi. Chunki, hayoti davomida orttirgan bor boyligi – «Buxoro tarixi»ning oqqa koʻchirilgan yagona nusxasi uchun yaxshi qogʻoz va siyoh sotib olish hamda muqovalatishga bor-budini sarflab, mana shu kuzgi bogʻdagi daraxtlardek deyarli yalangʻoch holga kelib boʻldi. Asarni amir, saroy a’yonlari va Buxoroning ulamoyu fuzalolari qanday qarshi olisharkin? Hayajon va xavotiri bejiz emas. Axir bu kitobdagi har bir soʻz ortida qancha mashaqqatli kunlar, uyqusiz tunlar turibdi. U oʻz Vatani tarixiga oid ma’lumotu rivoyatlar xirmonini misqollab yigʻdi. Ularni asrlar gardu gʻuboridan tozalab, qayta-qayta saralab, haqiqat deb bilganlarini asariga kiritdi...

Buxorodan otliq chopar kelganida, undan amirning arkda hozir boʻlish haqidagi buyrugʻini eshitib: «A’lohazratning amri boshimizga toj kabidur, filhol izingizdan yetib borurmen», – dedi. Chopar oʻzi yetovlab olgan, gijinglab turgan egarlogʻlik armugʻoqqa ishora qilib: «Sizni oʻzim bilan birga olib kelish buyurilgan. Bul bedov a’lohazratning sizga tortigʻi», – dedi.

Otliqlar Buxoro shahri rabotiga yaqinlashdilar. Rabot kengayib ketgan. Buxoro shahristonini oʻragan qal’a devori endilikda shahar ichida qolgan, garchand, devor ustidagi burjlarda posbonlar turib, shahriston darvozalari erta tongda ochilib, kech kirganda yopilsa-da, somoniylar davlati oʻz sarhadlarini mustahkamlab, mamlakat ichkarisida osoyishtalik qaror topgach, yarim asr mobaynida biron gʻanim Buxoro shahriga tahdid sololmagan edi. Bu davlatga ham asos solib, ham qudratini yuksaltirgan shoh Ismoil Somoniy «Buxoroning devori menman» deganida, hech bir mubolagʻa qilmagan. Shahriston ichkarisida imoratlar rabotdagidan ham zich. Xiyobonlardagi dov-daraxtlar barglari toʻkilganidan masjidu madrasa, karvonsaroyu timlar binolari ancha uzoqdanoq koʻzga tashlanardi. Otliqlar Mox masjidi oldidan oʻtishdi. Qadimda bu masjid oʻrni daraxtzor boʻlib, yilning ma’lum kunlarida daraxtlar soyasida but bozori boʻlib oʻtgan. Undan nariroqdagi Buxoro madrasasi qadimgi karvonsaroy oʻrnida qad koʻtargan. Shaharga kiradigan barcha yoʻllar oldiga borib tutashadigan Jome masjidini esa Movarounnahr fotihi Qutayba otashparastlar ibodatxonasi oʻrnida bino qilgan. U nafaqat Buxoro, balki butun Movarounnahrdagi ilk masjid.

Muhammad Buxoroning qay tarafiga nazar solmasin, har bir goʻshaning moziydagi qiyofasi ham xayoli koʻzgusida jilvalanar, yetti qavat osmon, yetti qavat yer singari qalbidagi Buxoro ham bir necha qavatli boʻlib, kechmish qa’riga singib ketgan qavatlar ham nazdida hamon mavjud va ardoqli edi. «Beshafqat zamon hukmi tufayli oʻz vaqtida ona shahrimizni bezagan qaysidir obida yoʻqolgan boʻlsa, loaqal ular haqidagi xotirani asrab-avaylash, tarixiy asarlarda ta’rif-tavsifini keltirish kerak», – deya erinmay takrorlardi u Buxoro fozillari bilan suhbatlarida.

Ark oldidagi maydonga yetganlarida uzoqdan Ismoil Somoniy maqbarasi koʻzga tashlandi. Yetti iqlim sayyohlari hayratu tahsiniga sazovor, har bir gʻishti buyuk san’at asari boʻlgan obida kuzgi quyoshning zaif nurlarida ham jilolanib, tevarak-atrofdagi manzaradan yaqqol ajralib, kul orasidagi choʻgʻdek yarqirab koʻrinadi.

«Ilohim, bu benazir obidani balo-qazolardan Oʻzing asra! – pichirlab munojot qildi, Muhammad. – Unga ark umrini, Buxoroyi sharif umrini ato et»!

Ark darvozasi oldida muarrixni amirning xos mulozimi qarshilab, ichkariga boshladi. Darvozaxona, ark hovlisi va peshayvondan oʻtib, eshiklari oldida nayzador soqchilar turgan bir necha xonadan soʻng, keng va charagʻon salomxonaga kirishdi. Toʻrdagi oltin taxtda gavharlar qadalgan toji yaraqlab, somoniylar sulolasining tojdori basavlat amir Nuh ibn Nasr oʻtirar, a’yonu sarkardalar ikki tarafdagi qator kursilarga viqor bilan tizilishgan. A’yonlar zarboft libosda, lashkarboshilar poʻlat sovut va dubulgʻalar kiyib, qimmatbaho qurol-yarogʻlar taqib olishgan. Barchaning nigohi bugungi yigʻilish «aybdori» Muhammad ibn Ja’farga qadalgan edi. Zandanachi matosidan tikilgan libosi ustidan odmigina yupqa toʻn kiygan, boshiga mudarrislarnikidek simobiy salla oʻragan qotma muarrix poygakda tiz choʻkib ta’zim qildi.
– Xush koʻrdik, mavlono, – dedi Nuh ibn Nasr uni iliq qarshilab, – keling, joyingizni egallang.

Oʻrnidan turib yana bir bor yukingan Muhammad koʻz yugurtirib, amirga yaqinroq joyda, uning soʻl tomonida, valiahd shahzoda Abdulmalik ibn Nuh va uning xos mulozimi, bundan toʻrt yil oldin vafot etgan vazir Bal’amiyning oʻgʻli Abuali Bal’amiy oʻrtalaridagi boʻsh kursiga omonatgina oʻtirdi. Boshqalarni kuzatolmasa-da, yonida oʻtirgan moʻylovi sabza urgan Abualining oʻziga havas bilan boqqanini ilgʻadi. Marhum vazirning oʻgʻli tarix ilmiga behad qiziqar, Muhammad ibn Ja’far bilan oʻzaro suhbatlaridan birida, u Ibn Jarir Tabariyning «Tarix ar-rusul va-l-muluk» («Paygʻambarlar va podshohlar tarixi») kitobi islom oʻlkalari tarixiga oid buyuk asar boʻlsa-da, undagi Movarounnahr tarixiga oid ma’lumotlar qisqa ekanligidan noligan edi. «Tabariy Movarounnahrda hech qachon boʻlmagan, shundoq ekan undan oʻlkamizning mukammal tarixini talab qilish joiz emas, - deb javob bergan edi, Muhammad. – Bunday tarixni yaratish sizu bizning – ushbu oʻlka farzandlarining vazifasi». Ne baxtki, bu vazifani qoʻlidan kelgancha uddaladi. Tarix fanida u erisholmagan yutuqlarni balki kelgusida Abuali Bal’amiy kabi iqtidorli yoshlar qoʻlga kiritishar.

Taxt oldidagi miz ustida «Buxoro tarixi» ochigʻliq turar, Muhammad koʻz qirini tashlab, ochiq turgan sahifa Somoniylar sulolasiga bagʻishlangan bobning boshlanishi ekanini payqadi.
– Kitobingiz bizni gʻoyat xushnud etdi, mavlono, – dedi amir iltifot bilan. – Olimu fozillar, davlat arboblari bilan birga mutolla qildik, ya’ni qissaxonlarga oʻqitib, tingladik va u barchaga manzur boʻldi. Shu paytgacha biz Vatanimiz tarixi haqida aksar ogʻzaki rivoyatu qissalardan voqif edik. Eronlik Tabariy va ayrim arab muarrixlarining asarlarida esa, Buxoro haqidagi ma’lumotlar uzuq-yuluq, deyarli barcha hollarda yurtimizga arab lashkarlarining yurishlari bilan bogʻliq tarzda keltirilgan.
– Haq rost, a’lohazrat, mavlono Narshaxiy gʻoyat ezgu yumushni ado etmish, – dedi koʻkragini oppoq soqol qoplagan, nuroniy yuzli qozikalon Abulfazl Sulamiy. – Qur’oni karimda aytilgankim: «In ahsantum – ahsantum lianfusukum», ya’ni: «Agar ezgulik qilsangiz – oʻzingizga ezgulik qilgan boʻlursiz» Olloh kalomidagi «oʻzingizga» lafzini «oʻzingizga va yaqinlaringizga, elu yurtingizga, butun ahli basharga», deb anglamoq joiz. Inshoolloh, minba’d «Buxoro tarixi» Buxoroyi sharifning asrlar toʻfonida koʻmilib ketayozgan bir necha ming yillik tarixi qatlariga ma’nan sayohat qilishni istovchi ilm toliblari uchun mangu yonib turuvchi bir mayoq boʻlgʻay.
– Filhaqiqat, mavlononing asari nasrdagi «Buxoronoma»dir, – deya uni ma’qulladi amirning oʻng qoʻl tomonida oʻtirgan oʻrta boʻyli, toʻla jussali vazir Jayhoniy. – Bu goʻzal asarning eng katta fazilatlaridan biri shuki, a’zohazratning ulugʻ bobokaloni Ismoil Somoniy asos solgan buyuk sulolaning – Olloh uni bardavom qilsin – tarixi ilk bor munosib tarzda qalamga olinmish.

Fiqh ilmining bilimdoni, «Muxtasari Kofiy» asari muallifi Abulfazl Sulamiy hamda buxoroliklar Osafu Buzurgmehrga mengzaydigan donishmand vazir Jayhoniyning soʻzidan keyin a’yonu ulamolar «Buxoro tarixi» va uning sharafiga maqtovlar yogʻdirishdi. Saroy ahli biri olib, biri qoʻyib, bu maqtovu tahsinlarni shunchaki yoʻliga aytmayotgan edi. Chunki, butun Movarounnahr va Xurosonni oʻz qalamraviga olgan Somoniylar saltanatida ilmu fan va adabiyot gʻoyat ravnaq topgan, turkiy, forsiy va arabiy tillarni yaxshi egallamagan kishilar yuqori davlat lavozimlarida xizmat qila olmas edilar.
– Bu kitobning ummon qa’ridan chiqarilgan dur yangligʻ qimmatbaho ma’lumotlaridan oʻz shahrim Romitanga mehru muhabbatim oʻn chandon oshdi, – dedi romitanlik bir a’yon. – Axir, uni buyuk Turon xoqoni Afrosiyob bunyod qilgan ekan. Yana ne-ne ulugʻlar poyqadami yetganakan. Bu Vatanning har qarich yerini, har quruq choʻpini-da sevishga oʻrgatadigan kitob.
– «Buxoro tarixi»ning muallifi mavlono Muhammad ibn Ja’far Buxoroyi sharif ulamolari safiga shundoq munosib bir kunda, munosib bir tarzda qoʻshildilar, – dedi vazir Jayhoniy. – Endi u kishiga «Buxoriy» nisbasi koʻproq yarashsa kerak.
– Ha, ha, «Buxoriy» nisbasini olsinlar, bunga toʻla haqlari bor, – degan ma’qullovchi xitoblar yogʻildi.

Maqtovlardan iymangan kabi boshini quyi solib oʻtirgan muarrix bu hitoblardan soʻng qaddini tiklab, majlis ahliga ehtirom yuzasidan qoʻlini koʻksiga qoʻyib, dedi:
– Tahsinlar uchun qulluq, biroq ulugʻlar afv etsinlar-u men oʻzimning kamtarona Narshaxiy nisbamda qolsam. Axir, Buxoroyi sharif nomi Abuhafs Kabir Buxoriy, Imom Ismoil Buxoriy kabi oliy zotlarning tabarruk ismlari bilan ziynatlangan. Men faqiru haqir ul ilm quyoshlari qatorida bir zarrachalik boʻlolmasam.

Oraga suv quygandek sukunat choʻkdi. Chunki barcha muarrix vazirning soʻzini yerda qoldirmay, Buxoriy nisbasini boshi osmonga yetib qabul qiladi, degan oʻyda edi. Jayhoniy tabiatan ogʻir-vazmin odam boʻlsa-da, keng peshonasi bilinar-bilinmas tirishdi. A’yonlar orasida pichir-pichir boshlanib, kimningdir «beadablik bu» degan tanbehi ham Muhammadning qulogʻiga chalindi. Shunga qaramay, u soʻzini qaytib olishni oʻylamas, bil’aks, choʻzinchoq yuzi va tiyrak koʻzlaridagi qat’iyat ifodasi ham qarorida sobitligini ta’kidlab turgan kabi edi.

Amir Nuh ibn Nasr tabassum qildi va donolik bilan barchani oʻngʻaysizlikdan qutqardi:
– Barakalla, mavlono Muhammad! Axir, Narshaxiy nisbali odam ham Buxoro farzandi-ku! Qolaversa, Narshaxiy, Gʻijduvoniy, Romitaniy, Paykandiy, Torobiy – bular bari ulugʻ zotlarga loyiq nisbalar. Moziyda Narshaxda roʻy bergan yirik tarixiy voqealarni siz oʻz kitobingizda darj etmishsiz. Alalxusus, oq kiyimlilar qoʻzgʻoloni paytida bu qal’a alarning muhim tayanchlaridan biri boʻlgani hanuz tillarda dostondir.
– Ha, oʻshanda mening hamqishloqlarim xalifaga qarshi isyonga bosh qoʻshmishlar, – dedi muarrix afsuslangannamo.
– Bundan or etish emas, bil’aks, faxrlanish lozim, – dedi amir. – Zero, u davrda ajdodlarimiz Vatan erki uchun kurashishgan. Oʻshanda oq kiyimlilar magʻlub boʻlishgan esa-da, alardan meros qolgan istiqlol gʻoyasi avlodlar dilida soʻnmagani uchungina mustaqil Somoniylar davlati vujudga keldiki, bu tarix sizning asaringizda a’lo tarzda ifodasini topmish.

Muhtaram arkoni davlat! Shu paytgacha Buxoroyi sharif hadis, fiqh ilmlarida va marhum ustod Rudakiy tufayli she’riyatda butun islom olamiga dovruq taratgan edi. Nihoyat, Turonzamin ulugʻ muarrixiga ega boʻldi. Mavlonoga bejiz yoshlar orasidan joy koʻrsatmadik. Muhammad ibn Ja’far mudarrislik lavozimiga tayinlanib, shahzodalaru aslzoda yoshlarga hamda aholining turli tabaqalari orasidan yetishgan iqtidor egalariga Vatan tarixidan saboq bersin!

Muarrix oʻrnidan turib, e’tirof va lavozim uchun qulluq qildi.
– Endi tilang tilagingizni, mavlono, – dedi amir.
– A’lohazrat, tilagim shu kamtarin asarimning e’tibori oliylariga sazovor boʻlishi edi. Ollohga shukurki, anga yetishdim. Yolgʻiz ojizona iltimosim shuki, dargohingizdagi xushnavis xattotlar undan bir necha nusxa koʻchirsalar, tokim men ba’zi moʻ‘tabar zotlarga tuhfa etish va darslarda foydalanish imkoniga ega boʻlsam.
– Tilagingiz bizning niyatga gʻoyat uygʻun keldi. Albat, «Buxoro tarixi»dan oʻnlab nusxalar koʻchirtirurmiz. Uni elchilar va savdo karvonlari orqali olis-yaqin mamlakatlarga eng bebaho tuhfa sifatida joʻnaturmiz. Zero, Buxoroyi sharif bugungi kunda yetti iqlimda mashhur diyor. Hatto, bu qutlugʻ zaminni koʻrmagan boʻlsa-da, aning ta’rif-tavsifi va ul haqdagi tarixiy ma’lumotlarni oʻrganishga va zarur ilmlar sifatida egallab olishga ishtiyoqmand kishilar jahon ahli orasida kam emasdur.

Shundan soʻng Nuh ibn Nasr majlis poyoniga yetganini anglatib, amr qildi:
– Bebaho asar – «Buxoro tarixi» xattotlarga berilib, eng nafis Samarqand qogʻoziga zarhal harflar bilan koʻchirilsin. Biz atagan ming dinor oltin ulugʻ muarrix Muhammad ibn Ja’farning boshidan sochilsin!

Salomxonaga zarboft toʻnli ikki mulozim kirib keldi. Ulardan biri kattakon barkashda xirmon qilib uyulgan oltin tangalarni koʻtarib olgan. Oltinlarning yalt-yult etishidan koʻplab qiyofalarga qizillik yugurib, koʻzlarda oʻt chaqnadi. Oʻrnidan turgan muarrix hasad bilan boqqan nigohlarni ham ilgʻadi. Mulozimlar uning oldiga yetishgach, ikkinchisi uni oʻrtaga chiqishga undadi.

Muarrix sifatida bu marosim unga yaxshi ma’lum. Amir tortiq qilgan qizil oltinlar saodatmand kimsa boshidan sochilar, u esa egilib, ba’zan hatto emaklab, turli yoqqa dumalab ketgan tangalarni barkashga yigʻardi. Muhammad yillar mobaynida vayronalardan sopol siniqlari, zanglagan temir paykonlarni izlab topib, qaysi davrga oidligini aniqlash uchun ularni changu zangdan tozalashdan or etmagan. Hozir esa yerga egilib, hatto tizzalab, oʻnlab nigohlar ostida tangalarni terib olishni oʻylar ekan, butun vujudi muzlab, koʻz oldi qorongʻilashdi. Garangsiragan kabi oʻrtaga chiqdi. Biroq vujudida eng mushkul lahzalarda qat’iyat bagʻishlovchi tanish bir kuch paydo boʻlib, oʻzini qoʻlga oldi. Hovuchiga oltin toʻldirib, boshidan sochmoqqa chogʻlangan mulozimni qoʻl ishorasi bilan toʻxtatib, amir tomonga oʻgirilib, ta’zim qildi:
– A’lohazrat, bir qoshiq qonimdan kechsangiz. Qulingiz oʻz asarini yakunlamish. Yana uni mudarrislik lavozimi bilan sarafroz etdingiz. Binobarin, endi buncha oltinga ehtiyojim yoʻq. Amr etsangiz, oltinlar Buxoro madrasasining tolibi ilmlariga taqsim etilsa.

Majlis ahli tosh qotib, goʻyokim nafas olmasdan amirning amrini kutardi. Uning muruvvati gʻazabga almashinsa-ya, degan oʻy oʻtdi ba’zilarning xayolidan. Biroq, goʻyokim shunday boʻlishini oldindan kutgandek, amirning yuz ifodasi xotirjam edi. U mamnunligini yashirmay, dedi:
– Buxoroyi sharifda bundoq himmatli erlar borligi jilla ajablanarli emas. Makkayi mukarrama va Madinayi munavvaraga samodan ilohiy nur yogʻilsa, Buxorodan samo sari nur taralur, deb bejiz aytilmagan.

Oltinlarni madrasaga eltib, mavlono Muhammad ibn Ja’far Narshaxiy nomidan tolibi ilmlarga tarqating!

2009