OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGʻulom Karimiy
Asar nomiYigit lafzi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Gʻulom Karimiy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yigit lafzi (hikoya)
Gʻulom Karimiy

Bektemirdan Sebzorga yetib kelib, tanish toʻqqiz qavatlik uy yoʻlagiga kirdik.
– Lift odatdagidek ishlamaydi, – dedi «yoshullimiz» Ravshan aka. U Tursunboy akaning ilk shogirdlaridan. Ravshan akaning bolalar uchun yozgan she’r va dostonlari koʻproq e’tirof qozonib, bu sohada u oʻz munosib oʻrnini egallaganini ham biz bir jihati ustoz Tursunboy Adashboevning ijobiy ta’siri va gʻamxoʻr murabbiyligidan deb bilamiz.
– Tursunboy aka bizni atayin lift ishlamaydigan kunlari chaqirsalar kerak. Qani, shogirdlarimning matonatini bir sinay, deb, – dedi rassom doʻstimiz Abdusattor. Tasviriy san’at bilan birga u she’riyatga ham oshiq. Oʻzining aksar she’rlarini yod bilganidan yigʻin-suhbatlarimizda unga she’r oʻqitishni xush koʻramiz.

Toʻqqizinchi qavatga koʻtarilar ekanmiz, «osmonu falakka» har kuni chiqib-tushadigan Tursunboy akaga qoyil ekanimizni bir-birimizga aytamiz.

Bir necha yilki ustoz shoir yuqori qavatdagi ikki xonalik uyda yolgʻiz yashaydilar. Umr yoʻldoshlari vafot etgan, bola- chaqalari ota yurtlari - Oʻsh viloyatida uyli-joyli boʻlib ketishgan. Ammo «yolgʻiz» soʻzi Tursunboy akaga uncha yopishmaydi. Farzandlari, qadrdonlari, shogirdlari yoʻqlab turishadi, bir muddat kelmay qolishsa, ustoz oʻzi sogʻinib chaqiradi. Ijodkorligi tufayli uning bir oyogʻi Toshkentda boʻlsa, bir oyogʻi Oʻshda. Ikki xalq – oʻzbek va qirgʻizlarga birday sevimli, ularni bogʻlovchi madaniy koʻprikning mustahkam ustunlaridan biriga aylangan. Bu jihatdan uni ustozi Mirtemir domlaga mengzasak aslo mubolagʻa boʻlmaydi.

Odatdagidek ochiq turgan eshikdan dahlizga kirdik. Ustoz xonada koʻrinmagach, uni chaqirdik.
– Xonaga oʻtaveringlar, – oshxona tarafdan ovoz keldi. – Guruch ivityapman.
– Devzirami, ishqilib, ustoz? – quvlik bilan soʻradi Abdusattor.

Uning bilib turib soʻraganidan gurra kulib yubordik va xonaga kirdik. Bu shinam uydagi kamtar-kamsuqum anjomlar bizga yod boʻlib ketganidan, undagi bir yangilik darhol diqqatimizni tortdi. Eshikdan kirganda toʻgʻridagi devordan koʻhlik ayol surati muloyim boqib turar, u goʻyokim «xush kelibsizlar» deyayotgandek edi. Ravshan akaga savol nazari bilan qaraganimda, u mening taxminimni tasdiqladi:
– Ha, bu kishi marhuma yangamiz. Oʻshda men bir necha yil birga ishlaganman ham.

Bizning suratdan anchagacha koʻz uzolmaganimizni Abdusattor mamnun iljayib kuzatib turardi.
– Bu surat sizning ishingizmi? – soʻradim undan. – Yoʻq, kechirasiz, ish emas, san’atingizmi?
– Ha, kaminaning kamtarin ishi bu, – dedi u ogʻzi qulogʻiga yetgudek boʻlib.

Bu asnoda Tursunboy aka oshxonadan chiqib keldi. Oʻtirib, duoyu fotiha qilgach, ustoz yaqinda safardan qaytgani qoʻshni Qirgʻizistondagi madaniy hayot, u diyordagi qirgʻiz va oʻzbek ijodkorlarining yangi asarlari haqida soʻzlab, olib kelgan kitoblaridan ba’zilarini «sizlar ham oʻqib koʻringlar», deb bizga berdi.
– Mana bu sizga, Gʻulomjon, – deya bir necha arab alifbosidagi eski kitobni menga uzatdi. – Ba’zan yurtdoshlarimiz arab alifbosidagi kitoblarni topib, «qadriga yetadigan odam» deb menga keltirishadi. Ba’zilari ancha hilvirab qolgan. Afsuski, oʻzim uncha oʻqiyolmayman. Sizning ixtisosligingiz esa qoʻlyozmashunoslik. Shunday ekan, bular sizda turgani ma’qul.

Kitoblarni olgach, uzr soʻrab bir burchakdagi yozuv-chizuvga moʻljallangan xontaxta yoniga oʻtdim. Bir necha qoʻlyozma va toshbosma kitoblarni varaqlab koʻz yugurtirib chiqdim. Qur’oni karimning ba’zi suralari qoʻlyozmalari, Hofiz devoni, Soʻfi Olloyor kitobi. Bular tanish asarlar. Bir necha varagʻigina saqlanib qolgan oʻzbek tilidagi gʻazallar qoʻlyozmasida Sadoiy taxallusi e’tiborimni tortdi.
– Mumtoz shoirlarimiz orasida men oldin Sadoiy nomini uchratmagan edim. Afsuski, bu kitobdan bir necha varagʻi qolibdi, xolos. Bir izlanib koʻrish kerak. Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar xazinasidan asarlarining boshqa nusxalari chiqib qolishi mumkin.
– Men ham bunday shoirni eshitmagan edim. Ajab emas, merosidan yana namunalar topilib, nomi va ijodi yorugʻlikka chiqsa, – dedi Tursunboy aka, hadya etgan kitoblari darhol kaminada bir izlanish istagi uygʻotganidan quvonib.
– Siz hadya qilgan kitoblarni javonning alohida boʻlmasiga qoʻyib, «Tursunboy Adashboev tuhfasi» deb yozilgan lavha osib qoʻymasam boʻlmaydi, – dedim yarim hazil, yarim chin tarzda.

Ustoz yana oshxonaga chiqib ketgach, Qirgʻizistondan kelgan, Oʻzbekiston nashriyotlarida chiqqan bolalar adabiyotiga oid kitoblarni koʻzdan kechirdik. Tursunboy aka lotin alifbosida chop qilingan «Orzularim - qoʻsh qanotim» kitobidan har birimizga sovgʻa qilgan, ularni bolalarimiz, ulardan olib sinfdoshlari ham oʻqishardi. Ajabki, oʻzimiz ham bolalikda boshqa bolalar shoirlari qatori Tursunboy akaning kitoblarini oʻqib ulgʻayganmiz. Ayniqsa, «Arslonbob sharsharasi» harf taniganimdan keyin men oʻqib chiqqan ilk kitoblardan biri sifatida iliq taassurotlarga oʻralib xotiramga muhrlanib qolgan. Varaqlari rangdor va rasmli she’r kitob. Oʻsha paytda qishloq bolalari uchun bunday kitoblar noyob, oʻqituvchi ota-onam «Alifbe» va «Oʻqish kitoblari»ni tugatgandan soʻng menga olib berishgan dastlabki ikki kitobning biri shu edi. Endi esa oʻsha kitob muallifi xonadonidamiz. U bilan oy oʻtmay uchrashib turamiz. «Ustoz» deb ehtirom koʻrsatsak, u kishi kamtarinlik bilan «sizlar ham menga ustozsizlar», deb lutf qilib qoʻyadilar.

Tursunboy aka guruchni damlab kelgach, qittak-qittak olindi. Qadah soʻzida dastavval yanganing suratini chizgan Abdusattor sha’niga madhiyalar aytdik.
– Siz suratni keltirib bergach, anchagacha oʻtirib yigʻladim, – dedi Tursunboy aka Abdusattorga. – Oq-qora fotosurat asosida shunday ajoyib rasm ishlabsiz. Qoʻlingiz hech qachon dard koʻrmasin.
– Chizaturib oʻzim ham yigʻladim, – dedi Abdusattor. – Rasmni sehrlanish darajasida tikilib tomosha qilgan keliningizga bu ayol bizga viloyatdosh ekanligini aytganimda, quvonib ketib: «oʻzimga ham bu ayolni qaerdadir koʻrgandek tuyuluvdi. Kim boʻladilar bu kishi? Hozir Toshkentda turadilarmi»? deb hovliqib soʻradi. «Tursunboy akamning marhuma xotini», desam yigʻlab yuborsa boʻladimi.

Barchamiz mutaassir boʻlib koʻzlarimiz namlangan, suratdan mehr bilan qarab turgan nigoh bizga tasalli bergandek edi.
– Katta ijodkor boʻlganingiz sirlari bizga endi ayon boʻlmoqda, – dedim Tursunboy akaga jindek hazillashib. – Yangamizdek ayol sizga umr yoʻldoshi va ilhom parisi boʻlgani koʻpgina ijodiy muvaffaqiyatlaringiz garovi boʻlgani shubhasiz. Endi, sir boʻlmasa, ilk bor tanishganingiz, bunday hurliqoga qanday erishganingiz va hokazolar haqida soʻzlab bersangiz.
– U paytda meni Bishkekka – Qirgʻizistonda chiqadigan oʻzbekcha gazeta «Qirgʻiziston haqiqati» tahririyatiga ishga joʻnatishgan edi. Salomatxon tahririyat bosmaxonasida linotipda harf teruvchi boʻlib ishlardi. Bu kasbga qiziqib qolgani tarixini menga oʻzi soʻzlab bergan keyin. Ular 8-sinfdagiligida oʻquvchilarni bosmaxonaga ekskursiyaga olib borishibdi va bu yerdagi ish jarayonini tomosha qildirishibdi. Yosh qizga linotipda harf terish pianino chalishni eslatib yoqib qolibdi. Bir qarindoshlarining uyida pianino boʻlib, ularnikiga har borganida Salomatxon pianino chalinishini zavq bilan tinglar, ba’zan oʻzi ham havas bilan klavishlarni bosib koʻrarkan. Oʻzining pianinosi boʻlishini, chalishni oʻrganishni juda xohlar ekan-u, ammo koʻp bolali oilada bunga pul qayoqda deysiz. Bosmaxonadagi harf terish mashinasi pianino klavishiga oʻxshashini koʻrgach, shu kasbga mehri tushib, 8-sinfni bitirgandan soʻng oʻqishni kechkiga aylantirib, Roza degan harf teruvchi rus ayoliga shogird tushibdi. Pianino orzusidan tugʻilgan mehrini boricha bu ishga berib, oz muddatda mohir harf teruvchiga aylanib, kasbiga ixlos qoʻyib, ba’zan matnlarda xatolarni koʻrib qolsa, mualliflarni ayamay aytadigan boʻlibdi.
– Aslida matnlarni tekshirish va xatosini tuzatish harf teruvchi vazifasiga kirmasdi, – luqma tashladi Ravshan aka. – Shunga qaramay, Salomat opaning xatolarni koʻrsatganidan hech kim ranjimay, doimo unga quloq solishar, matn toʻgʻri va savodli boʻlishi uchun jonkuyarlik qilishiga tahsin aytishardi.
– U hali yosh qiz, oilasi yashaydigan uygʻurlar mahallasi – asosan Xitoydan koʻchib kelgan uygʻurlar yashaydigan mahalla shunday atalardi – ishxonadan uzoqroq boʻlganidan, men koʻpincha ishdan kech chiqqanimizda uni kuzatib qoʻyardim, – davom etdi Tursunboy aka. – Shu-shu yaqinlashib qoldik.
– Yosh va suluv qizni kuzatishga da’vogarlar faqat siz boʻlmagandirsiz, albatta, – kunjikovlik qildim men.
– Ha, boshqalar ham kuzatib qoʻyaylik, deb aytishganda, Salomatxon, Tursunboy akam kuzatib qoʻyaman deganlar, deb ularning taklifini muloyimlik bilan rad etarkan...

Salomatxon adabiyot, ayniqsa, she’riyatni sevardi. Gazetaning terilayotgan sonida ozgina boʻsh joy qolsa, bosh muharrir menga qarab: «Qani shoir, hunaringizni koʻrsating, falon mavzuda bir she’r ayting, Salomatxon toʻgʻridan toʻgʻri tersin. Vaqt ziq» – derdi. Men buyruqqa boʻysunib, badihatan she’r oʻqir, yangi she’r qogʻozga yozilmasdan turib, gazeta sahifasiga tushardi. Maqolalarga shoirona sarlavhalar lozim boʻlganida ham buni menga buyurishardi...

Salomatxonni har gal mahallasiga kuzatib qaytgach, koʻnglimni surur qoplar, yoʻl tez tugab qolganidan jindak afsuslanardim ham. Bir kun shundoq masrur oʻylarga berilib qaytayotganimda yoʻlimni uchta uygʻur yigiti toʻsdi. Ular jismoniy jihatdan baquvvat, avzolari ham yaxshilikdan darak bermas edi. Men beixtiyor toʻxtadim. Ammo mutlaqo qoʻrqmaganimga hozirgacha hayron qolaman. Koʻnglim Salomatxon haqidagi oʻylarga limmo-lim boʻlib, boshqa tuygʻularga joy qolmaganidan shunday boʻlgandir, ehtimol. Yigitlardan barvastarogʻi qarshimga kelib toʻxtadi va bepisand ohangda dedi: «Xoʻsh, shoir, bizning mahallamiz qiziga namuncha ilakishib qolding? Maqsading nima»? Shoir deganidan bildimki, men ularni tanimasam-da, ular men haqimda «zarur» ma’lumotlarni toʻplab ulgurishibdi. Ammo ular kimlar? Birontasi Salomatxonga koʻngil qoʻyganmi? Yoinki – bu oʻy boshimga kelishi bilan koʻz oldim bir zum qorongʻilashib ketdi – unga unashtirib qoʻyilganmi?
– Biz birga ishlaymiz. Qiz bola boʻlgani uchun ba’zan ishdan kech chiqqanida kuzatib qoʻyaman shundoq.
– Laqillatma bizni, agar joningdan umiding boʻlsa. Kuzataman desang Salomat ishxonangdagi yagona qiz emas-ku! Sen bizga oʻz maqsadingni ayt!

Men goʻyo shu savolni oʻzim uzoq kutib yurgandek, dardlarimni tinglaydigan odamlar topilganidan quvongan kabi javob berdim:
– Men shu qizni yaxshi koʻraman. Unga odam qoʻyib, uylanish niyatim bor. Ammo haligacha uning koʻnglini bilmayman. Chunki oʻziga bu toʻgʻrida hech narsa demaganman.

Oʻz soʻzimni aytgach, yengil tortdim. Salomatxonga aytolmagan muhabbat izhorimni unga mahalladosh yigitlarga toʻkib solgan, endi oshkora boʻlgan muhabbatimdan gʻururlanib, yigitlar koʻziga tik boqardim. Kutilmaganda, mening soʻzlarim nash’a qilgandek, barvasta yigit kulimsiradi.
– Kuzatib qoʻyib, kech payti yolgʻiz oʻzing qaytishga qoʻrqmaysan-u, sevgingni izhor qilishdan qoʻrqasan. Hay, mayli, bir yigitning bir qizni sevishga haqqi bor. Faqat u oʻz sevgisiga bir umr vafodor boʻlsa. Niyating shu boʻlsa, omad senga yor boʻlsin. Ammo bundan keyin bizning mahallamizga tinch kelib-ketishing uchun sen bizga soʻz ber. Sening shoirligingga uchgan, balki boshqa biron jihatlaringni ham yoqtirgan Salomatni hech qachon aldab tashlab ketmaslikka, agar u ham senga moyil boʻlib, ota-onasi ham rozi-rizolik bersa, uylanib, bir umr vafodor er boʻlishing haqida bizga soʻz ber!
– Soʻz beraman!
– Shoir boʻlsa, yozib bersin, - dedi shu paytgacha indamay turgan birovi. U, aftidan, doʻpposlash umidida kelgan, ishning tinch koʻchayotganidan norozidek edi.
– Uygʻurcha yozishni bilasanmi? – soʻrashdi mendan.
– Yoʻq, sizlar yozib beringlar, men qoʻl qoʻyaman, – dedim.

Qasamyod soʻzlarini arab alifbosida uygʻur tilida yozib, menga oʻqib berishdi. Men bajonudil imzo qoʻydim. Siyoh oʻrniga yurak qonim tomgandek edi goʻyo.
– Bu boshqa gap, – dedi joʻraboshi mening xatti-harakatimdan qoniqqandek. – Endi bu lafzingga sodiq boʻl. Yigitning lafzi ulugʻ. Lafziga xiyonat qilgani uning oʻlganidir.

Ular men bilan tinch xayrlashishdi. Shu-shu men bu mahallaga erkin kelib-ketadigan boʻldim. Hatto ba’zida odamlarning bir-biriga men haqimda «shoir yigit, boʻlajak kuyov» deya gapirishganini eshitar edim. Dunyoda mendan baxtli odam yoʻq edi. Ha, Salomatxon bilan birga boʻlgan yillarim hayotimning eng baxtiyor pallasi edi...

Tursunboy aka koʻzlariga quyulib kelgan yoshni tiyolmay, bizdan xijolat boʻlgandek, dedi:
– Uzr, bu haqda shu paytgacha hech kimga soʻzlamagan edim. Bugun Abdusattor chizgan rasm sabab boʻlib, ham sizlar soʻraganlaringiz uchun koʻnglim tubida ardoqlab kelayotgan armonli xotiralarimni bayon qildim.

Bu tarixni kovlashtirgan asosiy aybdor boʻlganim uchun, gapni bir muddat boshqa mavzuga burishga urindim:
– Mana shu devzira guruchini Fargʻona vodiysidan boshqa joyda yetishtirib boʻlmaydi, deyishadi. Ammo 17– asrda Hindistonning bir viloyatida ekilar ekan. Bu ma’lumotni men Mahmud ibn Valining «Bahr ul-asror», ya’ni «Sirlar dengizi» asari qoʻlyozmasida uchratdim. Oʻsha paytdayoq shuhratli guruch boʻlsa kerakki, alohida ta’kidlab yozibdi.
– Hindistonga uni Bobur olib borgan boʻlishi mumkin, – mulohaza bildirdi Abdusattor. – Boburning Fargʻona meva va ekinlarini Hindistonda oʻstirishga katta e’tibor bergani ma’lum. Oʻsha viloyatning iqlimi devzira ekishga mos boʻlgandir.

Oshdan soʻng bizning unsiz soʻrovimizga koʻra Tursunboy aka hikoyasini davom ettirdi:
– Oʻzbeklar asosan Oʻsh va Jalolobod viloyatlarida yashashi hisobga olinib, oʻzbek tilidagi gazeta tahririyati Oʻshga koʻchirilganida, oʻz kasbiga mehr qoʻygan Salomatxon ham Oʻshga koʻchib keldi. Bu paytda onasi vafot qilgan boʻlib, otasi qizini benihoya sevar edi. Oʻgʻillari boʻlsa-da, u ham Salomatxon bilan Oʻshga keldi. Toʻy qildik. Yangi oila boʻlsak-da, moddiy jihatdan ham yaxshi yashardik. Chunki endi Salomatxon oʻz kasbida ustoz boʻlib, oʻzbek, qirgʻiz, rus tilidagi matnlarni a’lo darajada terib, ikki smenada ishlab katta maosh olardi. Shu sababli men boshqa jurnalistlar kabi vaqtimni tinimsiz xabaru reportajlar yozib qalam haqini koʻpaytirishga sarflamasdan oʻzbek, qirgʻiz, rus va jahon bolalar adabiyotini imkon qadar chuqurroq mutolaa qilib, oʻzlashtirib olishga tirishardim. Bu jihatdan menga xotinimning madadi beqiyos boʻldi. Farzandlar koʻrdik. Ustozlar maslahatiga koʻra Toshkentga koʻchib keldik. Ijara uylarda yashaganimizda ham mening hamdardim, tayanchim, qismatdoshim Salomatxon edi. Vafotidan soʻng ham uning aziz xotirasi menga hamisha hamroh...

Mehmondoʻst xonadonni tark etib xayrlashayotganimizda suratdagi Salomatxon aya ham goʻyokim bizni muloyim nigoh bilan kuzatib qolayotgandek edi.

2009