OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGabriel Garsia Markes
Asar nomiUnutilmas kun (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Kolumbiya adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sehrli realizm
Mualliflar
   - Gabriel Garsia Markes
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonRustam Jabborov
Hajm16KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Unutilmas kun (hikoya)
Gabriel Garsia Markes

Qafas bitishi bilan oʻz odatiga koʻra Baltasar uni tom boʻgʻotiga osib qoʻydi. U nonushta qilishga oʻtirgan paytdayoq, dunyoda eng ajoyib qafas yaratilgani haqidagi shov-shuvlar chor-atrofga yoyilgan edi. Uyi tegrasida qafasni tomosha qilishga ishtiyoqmandlar qurshovi qalinlashib boravergach, Baltasar uni ustaxonasiga kiritib qoʻyishga majbur boʻldi.
— Soqolingni olsang boʻlarmidi? — coʻradi Ursula undan, — xuddi maymunga oʻxshab qolibsan.
— Nonushtadan keyin soqol olish yaxshimas, — dedi Baltasar.

Uning yuziga ikki haftadan beri ustara tegmagan, kalta va qattiq sochlari patak boʻlib ketgan, basharasi xuddi nimadandir qoʻrqib turgan bolanikiga oʻxshardi. Biroq uning qiyofasidagi bu ifodalar aldamchi edi.

Fevralda Baltasar oʻttizga toʻldi, Ursula bilan noqonuniy va befarzand nikohda yashay boshlaganiga esa toʻrt yil boʻlyapti. Hayot sinovlari unga juda e’tiborli va jasoratli boʻlishni oʻrgatdi. U ayni paytda oʻzi tayyorlagan qafas kimlar uchundir dunyoda beqiyos boʻlib tuyulishini hali bilmasdi. Axir, qafassozlik hunari unga bolalikdan yod boʻlib ketgan. Faqat soʻnggi ijod mahsuli avvalgilaridan bir oz qiyinroq bitdi, xolos.
— Boʻlmasa, yotib damingni olaqol, — dedi ayol. — Bunaqa soqol bilan odamlarga koʻrinish uyat.

U mute’lik bilan osma belanchakka choʻzildi. Biroq ayni paytda hoziroq oʻrnidan turib, qafasni qoʻshnilariga opchiqib koʻrsatish niyati ham yoʻq emasdi. Ursula qafasga endi e’tibor berdi. U Baltasar ikki haftadan buyon duradgorlik ishlarini tashlab, faqat shu qafas ustida ishlagani, kechalari alahsirab, tuzukroq uxlolmagani, hatto soqol olishga ham qoʻli tegmaganidan norozi edi. Biroq tayyor qafasni koʻrishi bilan norizolik kayfiyati oʻz-oʻzidan yoʻqoldi. Baltasar uxlab yotganida Ursula uning koʻylagi va shimini dazmollab, belanchak qarshisidagi kursi suyanchigʻiga osdi va qafasni xonadagi stol ustiga keltirib qoʻydi. Keyin esa, jimgina unga tikilib qoldi.
— Shunga qancha pul olishing mumkin? — soʻradi eri uygʻonib kiyina boshlaganida.
— Bilmadim, — javob qaytardi Baltasar. — Oʻttiz peso soʻrayman, hech boʻlmasa, yigirma peso berishar.
— Ellikta soʻrayver, — dedi Ursula. — Axir sen shuni deb ikki hafta uxlamading. Keyin uning kattaligini qara. Bilasanmi, umrimda bunaqa katta qafasni koʻrmaganman.

Baltasar soqol ola boshladi.
— Ellikta berishadi, deb oʻylaysanmi?
— Don Xose Montel uchun bu pul nima degan gap. Qafas ham shu pulga arziydi, — dedi Ursula. — Oltmishta soʻrasang ham boʻlaveradi.

Uy odamning nafasini boʻgʻadigan darajada rutubatli, buyam yetmaganday, undagi issiqqa chidash ham amrimahol edi. Baltasar havoni yangilash uchun eshikni qiya ochishi bilan xonaga bir toʻda bola otilib kirdi.

Yangilik hammayoqqa yoyilgandi. Oʻz hayotidan xursand, biroq kasbidan anchayin zada boʻlgan doktor Oktavio Xiraldo surunkali xastalikka uchragan xotini bilan nonushta qilarkan, Baltasar yasagan qafas haqida oʻylardi. Ular yoz kunlari ichki rovon oldidagi stol ustiga anvoyi gullar bilan toʻla tuvaklar va ikkita qafasdagi kanareykani qoʻyib qoʻyishardi. Doktorning xotini qushlarini shu qadar yaxshi koʻrardiki, hatto tabiatan ularga dushman boʻlgan mushuklarni koʻrarga koʻzi yoʻq edi. Doktor kasal xotinining yonidan chiqib, qafasni koʻrish uchun toʻppa-toʻgʻri Baltasarning uyiga keldi.

Baltasarning uyi odamlar bilan toʻla edi. Stol ustida uch qavatli aylana gumbaz qoʻr toʻkib turardi. Qafas ichida qushlar uchun maxsus yemak va yotoq boʻlmalari yoʻlaklar bilan berkitilgan, ular orasi esa panjara bilan toʻsib qoʻyilgandi. U ana shu koʻrinishda muz fabrikasining kichkina shaklini eslatardi. Vrach qafasni qoʻl tekkizmasdan qiziqib tomosha qilarkan, bu san’at asari u eshitganidan koʻra ham nafis, xotinini xursand qilish uchun olib berishni orzu qilgan qafasdan ham beqiyos darajada goʻzal ekaniga ich-ichidan amin boʻldi.
— Haqiqiy xayolot mahsuli bu, — dedi u nigohi bilan izdihom orasidan Baltasarni izlab toparkan va unga mehr bilan qarab qoʻshib qoʻydi, — sendan iqtidorli me’mor chiqishi mumkin edi.

Baltasar duv qizarib ketdi:
— Rahmat, — dedi yerga qarab.
— Bor gap-da, — dedi vrach. Uning tovushi xuddi lotin tilida gapirayotgan rohibning ovozini eslatardi. — Unga hatto qush solishning ham keragi yoʻq, — dedi u qafasni tomoshabinlarga sotib olishni tavsiya qilayotganday aylantirib koʻrsatarkan. — Uni daraxt shoxiga ilib qoʻysang, bas, oʻzi sayrab beradi.

U qafasni joyiga qoʻyarkan, biroz taraddudlanib unga tikilib turdi va dedi:
— Yaxshi, uni olganim boʻlsin.
— U allaqachon sotilgan, — dedi Ursula.
— Don Xose Montelning oʻgʻliga, — qoʻshib qoʻydi Baltasar, — oʻshaning buyurtmasiga koʻra yasaganman.

Vrach samimiyat bilan Baltasarga yuzlandi:
— U senga qafasning andozasini berganmidi?
— Yoʻq, u shunchaki ikkita toʻrgʻay sigʻadigan, xuddi mana shunga oʻxshagan kattakon qafas yasab berishimni soʻragandi.

Vrach yana qafasga razm soldi.
— Bu toʻrgʻay uchunmas-ku!
— Toʻrgʻay uchun, doktor, — e’tiroz bildirdi Baltasar stolga yaqinlashib. Uni bolalar qurshab olgandi. — Hamma tomoni hisobga olingan, — dedi alohida boʻlmalarni koʻrsatib. Keyin esa u panjaralarni sekin chertib qoʻyganida, atrofni mayin ohanglar tutib ketdi.
— Yaxshi, lekin u senga andozasini bermagandi-ku! Aniq bir nima demagan. Faqat toʻrgʻay uchun katta qafas yasab berishni iltimos qilgan, xolos. Toʻgʻrimi!
— Toʻgʻri, — dedi Baltasar bosh irgʻab.
— Unda hammasi ravshan, — dedi vrach, toʻrgʻay uchun kattakon qafas, boshqa masala. Mana bu qafas umuman boshqa gap. Axir, bu oʻsha buyurtma asosida yasalgan qafas ekanini kim tasdiqlaydi.
— Bu oʻsha, — kajbahsligi tutdi Baltasarning, — uni oʻzim yasaganman-ku!

Vrach uning oʻjarligidan ajablanib yelka qisdi.
— Sen yana boshqasini ham yasab berishing mumkin-ku, — dedi eriga qat’iyatli tikilib Ursula va vrachga yuzlandi, — sizga juda ham zarurmi!
— Men xotinimga bugun yetkazishni va’da qilganman, — dedi vrach.
— Ming afsus, doktor, — dedi Baltasar, — sotilgan narsani yana sotib boʻlmaydi.

Vrach yana yelka qisdi. U boʻynidan oqayotgan terni roʻmolcha bilan artayotib, umidsizlik bilan qafasga tikildi. Keyin esa, uzoqda koʻzdan gʻoyib boʻlayotgan kemaga qarayotgandek, noma’lum bir nuqtaga tikilib qoldi.
— Senga ular qancha toʻlashdi!

Baltasar javob bermay Ursulaga qaradi.
— Oltmish peso, — dedi u.

Vrach yana ancha payt qafasga tikilib turdi.
— Juda zoʻr, — xoʻrsindi vrach, — hayratlanarli darajada zoʻr.

Keyin esa, u eshik tomonga yoʻnaldi. Tushunarsiz iljayganicha roʻmolchasini silkidi va ana shu lahza uning xotirasida umrbod muhrlanib qoldi.
— Montel juda boy-da, — dedi xonadan chiqayotib.

Aslida Xose Montel boshqalar oʻylagan darajada boy emasdi, biroq boyish uchun u hamma narsaga tayyor edi. Uning qulogʻiga gʻayrioddiy qafas toʻgʻrisidagi uzuq-yuluq gaplar yetib kelgan boʻlsa-da, bunga e’tiborsizlik bilan qaragandi. Xose Montel shirin xurrak otayotgan pallada uning ayoli oʻlim haqidagi mudhish xayollar iskanjasida, eshik-derazalarni berkitib, nimqorongʻu xonada koʻzlari ochiq holda qimirlamay yotardi. Montel gʻayritabiiy shovqindan uygʻonib ketdi. Eshikni ochganida uyi atrofida olomonni, uning oʻrtasida esa, qoʻliga qafas tutganicha yuzida boylar eshigini ilinj bilan qoqadigan faqirlardagina boʻladigan kamtarona iltifot aks etgan, yaqindagina soqolini qirtishlab, boshdan oyoq oppoq kiyingan Baltasarni koʻrdi.
— Axir bu moʻ‘jizaning oʻzi-ku, — quvonchli hayrat bilan qichqirib yubordi Xose Montelning rafiqasi Baltasarni uyga boshlab kirarkan. — Umrimda bunaqasini koʻrmagandim.

U Baltasarning ortidan hash-pash demay yopirilib kelayotgan kishilarning ichkariga kirmasligi uchun gʻijinib eshikni berkitdi va qoʻshib qoʻydi:
— Yaxshisi ichkariga olib kira qoling, boʻlmasa, anavilar mehmonxonamizning toʻs-toʻpolonini chiqarib yuborishadi.

Baltasar ilgari ham Xose Montelning uyida bir necha marta boʻlgandi. Uning mahorati va oʻz ishini gʻoyatda puxta bajarishini bilganlari bois uni bu yerga bir necha marta mayda-chuyda duradgorlik ishlariga yordam berish uchungina taklif qilishgandi. Biroq u hamma vaqt ham boylarning xizmatida boʻlavermasdi. Ba’zi paytlardagina ular haqida, ularning jizzaki va xunuk xotinlari haqida, kundan-kunga ularni ta’qib etayotgan mudhish kasalliklar, koʻz koʻrib quloq eshitmagan jarrohlik operatsiyalari haqida oʻylar, koʻpincha bu toifaga achinish bilan qarardi. U bu xonadonga kirgan chogʻida oyogʻi oʻziga boʻysunmay qolganini, har bir qadam unga azobday tuyula boshlaganini payqadi.
— Pepe uydami, — soʻradi u qafasni stol ustiga qoʻyarkan.
— Hali maktabdan qaytmadi, — javob qaytardi Xose Montelning xotini, — lekin hali zamon kelib qoladi, — va qoʻshib qoʻydi: — Montel yuvinyapti.

Haqiqatda esa Montelning hozir yuvinishga vaqti yoʻq va shu bois tezroq nima boʻlayotganini koʻrish uchun tez-tez kamforali spirt bilan badanini artayotgan edi. U shu qadar ehtiyotkor odam ediki, gʻashga tegadigan shovqini bilan oromini buzmasligi uchun ventilyatorni ham yoqmay uxlardi.
— Adelaida, — qichqirdi u, — nima shovqin boʻlyapti?
— Bu yoqqa kel, qara, qanaqangi ajoyib narsa, — qichqirdi xotini.
— Nima bu!
— Pepe aytgan qafasni olib keldim, — javob qaytardi Baltasar.

Ayol unga asabiy tikildi:
— Kim dedingiz?
— Pepe, — takrorladi Baltasar va Xose Montelga yuz burdi, — Menga Pepe buyurtma bergandi .

Aslida hech narsa boʻlmagandi, biroq Baltasarning nazarida xuddi hammom devoridan darcha ochilganday tuyuldi. Xose Montel bitta lungida yotoqxonadan chiqib keldi va gʻazab bilan baqirdi:
— Pepe!
— Hali qaytgani yoʻq, — dedi haykaldek qotib turgan xotini pichirlab. Shu asnoda boʻsagʻada Pepe paydo boʻldi. Uning kipriklari onasinikiga oʻxshagan qayrilma edi. Oʻn ikki yoshli bolakayning yuzida sokin bir sarosima aks etardi.
— Bu yoqqa kel, — chaqirdi uni Xose Montel, — manavini sen buyurganmiding?

Bolakay indamay boshini egdi. Otasi uning sochidan changallab oʻziga karatdi:
— Gapirsang-chi?

Bola jimgina labini tishladi.
— Montel... — jur’atsizgina shivirladi xotini.

Xose Montel changalini boʻshatib, peshonasi tirishgancha, Baltasarga oʻgirildi:
— Yaxshi ish boʻmapti, Baltasar, — dedi u. — Ishga kirishishdan ilgari men bilan maslahatlashishing kerak edi. Kelib-kelib shu goʻdakning gapiga kirasanmi?

U gapirayotganida yuzi birdaniga jiddiy va sokin tus oldi, qafasga qiyo ham boqmay, koʻtarib Baltasarga uzatdi:
— Buni hoziroq olib ket va istagan odamingga sotib yubor. Sendan iltimos, men bilan bu haqda mutlaqo tortishma, — u Baltasarning yelkasiga qoqib tushuntira ketdi, — doʻxtir aytgan, menga asabiylashish mumkin emas.

Bolakay toshdek qotib qolgan, Baltasar esa unga talmovsiragancha qarab turardi. Shu payt bola boʻgʻzidan itlarning irillaganiga oʻxshash tovush chiqarib, oʻkirib yubordi va oʻzini polga tashladi.

Onasi uni yupatmoqchi boʻlganida Xose Montel unga befarq qarab turaverdi:
— Qoʻyaver, — dedi u, — mayli, boshini polga urib yorsin, keyin yarasini tuzlangan limon bilan artib qoʻysang, bu xarxasha yanayam shirinroq boʻladi unga.

Bola bir tomchi yoshsiz arillar, onasi esa uning qoʻlidan ushlab olgandi.
— Tegma, — unga buyurdi yana Montel.

Baltasar bolaga ma’nosiz tikildi. Soat toʻrtga yaqinlashib qolgandi. Bu paytda Ursula uyda piyoz toʻgʻrayotib, almisoqdan qolgan allaqaysi qoʻshiqni xirgoyi qilmoqda edi.
— Pepe, — dedi Baltasar va jilmayganicha uning qoʻliga qafasni tutqazdi. Bola bir zumda oyoqqa qalqdi va ikki qoʻli bilan qafasni olarkan, Baltasarga qanday minnatdorchilik bildirishni bilmay, soʻzsiz tikilib qoldi. Uning koʻzlarida bir tomchi ham yosh koʻrinmasdi.
— Baltasar, — gap qotdi Xose Montel zoʻraki muloyimlik bilan, — qafasingni olib ket dedim senga.
— Hoziroq qaytarib ber, — buyurdi ayol ham oʻgʻliga.
— Oʻzingda qolaversin, — dedi Baltasar va ketishga chogʻlanarkan, Xose Montelga oʻgirilib qoʻshimcha qildi, — axir, buni men faqat oʻgʻlingiz uchun yasaganman.

Xose Montel uning ortidan mehmonxonagacha ergashib bordi.
— Maynavozchilikni yigʻishtir, Baltasar, — deya uning yoʻlni toʻsib talab qildi uy egasi. — Anavi matahingni olib ket bu yerdan va bunaqa tentaklikni bas qil! Baribir senga buning uchun sariq chaqa ham bermayman.
— Keragi ham yoʻq, — dedi Baltasar, — men uni Pepega sovgʻa qilish uchun yasaganman. Bundan hech narsa ta’magir emasman.

Baltasar shunday deya oʻzini eshik ogʻzidagi hangomatalab olomon orasiga urdi. Xose Montel mehmonxona oʻrtasida turganicha, uning ortidan boʻgʻilib qichqirar, yuzi dokaday oqarib, koʻzlari qonga toʻlgandi.
— Tentak, — baqirardi u, — savilingni hoziroq yoʻqot. Senga oʻxshaganlar uyimni oyoqosti qilishiga yoʻl qoʻymayman. Jin ursin senlarni!

Bilyardxonada Baltasarni olqishu qiyqiriqlar bilan kutib olishdi. U shu paytga qadar shunchaki ilgari yasagan qafaslaridan koʻra yaxshirogʻini yasaganman, xolos, deya xayol qilar, uning nazarida ushbu qafasni aslida ham Pepening yigʻlamasligi uchun unga tuhfa qilishi lozimdek tuyular va bular hammasi arzimas narsalar boʻlib koʻrinardi. Endi oʻylab qarasa, koʻpchilik uchun arzirli taraflarni hisobga olmagan ekan.
— Demak, ellik peso berishdi, degin?
— Oltmish peso, — dedi Baltasar.
— Oʻ-hu, unda doʻppingni osmonga otsang boʻlarkan, — dedi kimdir, — sendan boshqa hech kim Don Xose Monteldan buncha pul undirolmagan boʻlsa kerak. Bunaqa yutuqni bir yuvmasang boʻlmaydi.

Unga pivo keltirishdi, u esa shu yerdagilarning hammasi uchun pivo buyurdi. U umrida mast boʻlmagan, oʻsha oqshom ilk bor qoʻliga qadah olishi edi. Kechga borib uning kayfi tamoman oshdi va ajabtovur rejalari haqida aljiray boshladi: «Har biri oltmish pesodan mingta, keyin yana millionta qafas yasasa, naq oltmish million peso boʻlarkan. Iloji boricha koʻproq qafas yasashim va boylar qirilib bitmay turib ularga pullab olishim kerak, — derdi u hech narsaning farqiga bormay. — Ularning bari kasal va hademay oʻlib ketishadi. Ularning hayoti shu qadar ayanchliki, hatto oʻylashga ham arzimaydi».

Musiqa qurilmasi kariyb ikki soat tinmasdan uning hisobidan «sayradi». Hamma Baltasarning sogʻligʻi, uning baxti va omadi, boylarning esa tezroq oʻlib ketishi uchun ichdi. Yarim kechasi, soat birga borib u bilyardxonada bir oʻzi qolib ketdi.

Ursula ustiga piyoz sepilgan goʻshtli qovurdoq bilan uni kechki soat sakkizgacha kutdi. Kimdir unga Baltasarning bilyardxonada xursandchilikdan ichib mast boʻlib qolgani va hammani pivo bilan siylayotganini aytganida, ishonmadi, zero, Baltasar umrida bir marta ham ichkilikni ogʻziga olmagan edi. U uxlagani yotganida tun yarmidan oqqan, bu paytda Baltasar hamon sutdek oydin doʻkon yonida, ochiq osmon tagida, tartib bilan stol va stullar terib qoʻyilgan maydonchada oʻtirar, ikki yuzi lab boʻyogʻining izlari bilan toʻlib toshgan, oʻrnidan qoʻzgʻalolmaydigan ahvolda boʻlsa-da, yumshoqqina toʻshakda yotib uxlash haqida xayol surardi. U bugun shunchalik koʻp pul sarfladiki, qarzini boshqa kuni toʻlash sharti bilan soatini garovga qoʻyishga majbur boʻldi. U koʻp oʻtmay koʻchaning oʻrtasida sudralib keta boshlaganida kimdir oyogʻidagi tuflisini yechib olayotganini payqadi, biroq arzimagan narsani deb hayotidagi eng goʻzal tushni yoʻqotib qoʻymaslik uchun bunga parvo ham qilmadi. Ertalabki ibodatga oshiqayotgan xotinlar uni koʻrib, oʻlik deya gumon qilishdi va oʻtakalari yorildi.