OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGi de Mopassan
Asar nomiSadoqat qurboni (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fransuz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Naturalizm
Mualliflar
   - Gi de Mopassan
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonAbdumurod Koʻchiboyev (Fransuz tilidan)
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/25
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sadoqat qurboni (hikoya)
Gi de Mopassan

Mana, qachonlardir sodir boʻlgan, oʻzim guvoh boʻlgan va nimagadir hech qachon yodimdan chiqmaydigan gʻamgin xotiralarimdan biri. Oʻsha kunlardan beri qanchalik gʻamgin, hayajonli, qoʻrqinchli damlarni boshimdan kechirmadim. Lekin baribir, oʻn-oʻn ikki yoshlarimda men bilgan Maymoq xolaning qiyofasi biror kun koʻz oldimdan ketmasligiga oʻzim ham hayron qolaman.

U dushanba kunlari biznikiga kelib kiyim-kechak, koʻrpa-yostiqlarni yamab yuradigan tikuvchi kampir edi. Ota-onalarim oʻsha paytlar dabdabali koʻrinishi tufayli «qasr» deb ataladigan qishloq uylaridan birida yashashardi. Sirasini aytganda, bu «qasr» faqat tomi baland qurilgan, atrofi toʻrt-besh ferma bilan qurshalgan oddiy, qadimiy binolardan biri edi. Qoʻrgʻonchamizdan yuz metrlar narida bir paytlar qizil gʻishtdan qurilgan, vaqt oʻtishi bilan xiralashib qolgan cherkov binosi atrofida kattakon qishloq joylashgandi.

Har dushanba kuni ertalab soat olti, olti yarim orasida Maymoq xola biznikiga kelib, toʻppa-toʻgʻri cherdakdagi kirxonaga koʻtarilar va ishga kirishardi.

U baland boʻyli, oriqdan kelgan, soqolli, toʻgʻrirogʻi, butun yuzini hayron qoldirar darajada soqolsimon moʻylar qoplab olgan ayol edi. Xuddi qandaydir aqldan ozgan kishi ayol kiyimidagi bu soldat kampirning yuzlariga ataylab yovvoyi jangal butalarini qadab chiqqanday tasavvur uygʻotardi. Bunday moʻylar uning burnining ustida ham, ostida ham, atrofida ham, yanoqlari-yu iyaklarida ham betartib oʻsib yotardi. Qoshlari ertaklardagidek qalin va uzun, biroq mutloq oqarib ketgan va yanglishib shu yerga qoʻndirilgan hoʻrpaygan moʻylovga oʻxshab ketardi .

U oqsoqlanib yurardi. Biroq oqsoqlanishi boshqa oqsoqlarnikiga sirayam oʻxshamasdi. U xuddi langar tashlab turgan, dengiz toʻlqinida chayqalayotgan kema misol oqsoqlanardi. U sogʻ oyogʻi bilan qadam tashlaganida, uning suyakdor qomati xuddi ulkan toʻlqin ustiga koʻtarilayotgan yelkanli kemani eslatar, navbatdagi qadamini tashlaganida xuddi jarlikka qulab tushayotgandek koʻrinardi. Shunday qilib, uning yurish tarzi menga dengizda boʻron payti suzib yurgan kemani eslatardi. Uning hech qachon boshidan tushmaydigan oppoq cheptsasi, orqasidan osilib turgan lentalari menga goh shimoldan janubga, goh janubdan shimolga qarab ufqni kesib oʻtayotgan kema yelkanlari boʻlib koʻrinardi.

Men Maymoq xolani juda qadrlardim. Dushanba kunlari uyqudan turishim bilanoq oyoqlarini grelka ustiga qoʻyib allaqachon yamoqchilikka kirishgan Maymoq xolamning yoniga, kirxona tomon chopardim. Kirib borishim bilanoq u tom ostida joylashgan bahaybat bu kirxonada shamollab qolmasligim uchun meni ham grelka ustiga oʻtqazib qoʻyardi.
— Bu sening tomogʻingdagi qoningni tortib olib, oyoqlaringni isitadi — derdi u meni ishontirib.

Keyin u ilgaksimon barmoqlarini chaqqon qimirlatib, tikish jarayonida menga turli-tuman voqealarni hikoya qila boshlardi. Uning qalin shishali koʻzoynaklari ostidagi koʻzlari (qarilikdan uning koʻzlari yaxshi koʻrmay qolgandi) menga juda ham katta, gʻayritabiiy moviy va qoʻshaloq boʻlib koʻrinardi.

Goʻdak qalbimni hayajonga soladigan uning hikoyalaridan u ham taqdir qisib qoʻygan koʻplab ayollar singari saxiy va olijanob qalbli ekanligini his qilardim. U oʻz qismatiga soddadillik bilan butunlay koʻnikib ketgan ayollar xilidan edi. U menga qishloqda roʻy berayotgan voqealar, ogʻilxonadan qochib ketib, bir kun ertalab Prosper Merening shamol tegirmonining parraklariga jiddiy koʻrinishda tikilib turgan sigir haqida gapirib berardi. Keyin cherkov qoʻngʻiroqxonasiga tuxum qoʻygan tovuq haqida gapirib, hozirgacha bu tovuq u yerga qanday qilib chiqqanligining siri ochilmaganligini, Jan-Jan Pilas yomgʻirda hoʻl boʻlib qolgan ishtonini quritish uchun dorga osib qoʻyganida, bir yoʻlovchi uni oʻmarib ketganini va uning koʻppagi oʻgʻrini qishloqdan oʻn legacha quvib borib, ishtonini qaytarib olib kelganliklarini soʻzlardi. U menga bunday oddiygina voqealarni shunchalik qiziqarli qilib hikoya qilib berardiki, ular tasavvurimda sirli va ulugʻvor bir dramaning unutilmas sahnalaridek koʻz oldimda jonlanar yoki har kuni onam menga oʻqib beradigan buyuk yozuvchining mohirona toʻqilgan sarguzasht qissasidek tuyulardi.

Dushanba kunlaridan birida ertalab yana Maymoq xolamning hikoyalarini maroq bilan tingladim. Keyin xizmatkorimiz bilan Nuarpre fermasining orqasidagi Alle yongʻoqzoriga bordik. U yoqdan qaytib kelib yana kirxonaga, Maymoq xolamning yoniga chiqishga qaror qildim. Bu voqea hozir xuddi kecha sodir boʻlgandek hamon koʻz oldimdan ketmaydi.

Men kirxona eshigini ochib tikuvchi kampir qoʻllarini yozganicha bir qoʻlida igna va ip, ikkinchisida mening koʻylagimni tutganicha stul oldida agʻnab yotganini koʻrdim. Uning koʻk paypoqli bir oyogʻi, menimcha sogʻ oyogʻi boʻlsa kerak, stul ostiga kirib qolgan, koʻzoynagi devor tomonga otilib ketgan va oʻsha yerda yaltirab koʻrinib turardi.

Men allaqanday qoʻrquvni his qilib, jon-jahdim bilan qichqirib yubordim va tashqariga otildim. Bir zumda hamma chopib keldi va bir necha daqiqa oʻtgach, Maymoq xolam olamdan koʻz yumganligi ma’lum boʻldi.

Bu gapni eshitib goʻdak qalbimni qamrab olgan chuqur, dahshatli qaygʻuni ifodalash uchun haligacha soʻz topa olmayman. Men oyoqlarimni bazoʻr sudraganimcha zinapoyadan tushdim. Uyga kirib qorongʻu burchakdagi bahaybat qadimiy orom kursiga oʻzimni tashlab, tizzalab oʻtirib olganimcha, yigʻlay boshladim. Aftidan, men u yerda oʻtirib uzoq yigʻlabman, chunki tez orada qorongʻulik tushganini sezib qoldim.

Toʻsatdan xonaga kimlardir chiroq olib kirishdi, biroq meni sezishmadi. Ularning ovozlaridan bular ota-onam va doʻxtir ekanligini sezdim. Oʻsha zahotiyoq chaqirilgan doʻxtir tikuvchi kampirning oʻlimi sabablarini tushuntirardi. Uning gaplaridan, toʻgʻrisi, hech baloni tushunmadim. Keyin doʻktirni bir qadah likyor ichishga taklif qilishdi. U oʻtirib olib yana Maymoq xolam haqida gapira boshladi. Doʻxtir aytib bergan tafsilot to umrimning oxirigacha xotiramga mixlanib qolgan boʻlsa kerak. Nazarimda hozir ham uni soʻzma-soʻz takrorlab aytib berishim mumkin.
— Eh bechoragina! — gap boshladi doʻxtir. — U mening bu yerga kelganimdagi birinchi mijozim edi. Chunki men bu qishloqqa ishga kelgan kunim uning oyogʻi singan edi. Dilijondan tushib, qoʻllarimni yuvishga ham ulgurmasimdan meni chaqirib kelishdi. Uning oyogʻi singan va bu juda-juda xavfli edi! Oʻsha vaqtlar u endigina oʻn sakkiz yoshga toʻlgan va juda yoqimli, haqiqiy sohibjaml qiz edi! Bunga hozir hatto ishongingiz ham kelmaydi. Uning oyogʻi nima sababli singaniga kelsak, bu sirni hech kimga, hech qachon aytmaganman. Buni mendan tashqari yana bir kishi biladi. Biroq u allaqachon bu yerlardan ketib qolgan. Madomiki, kampir endi bu olamdan koʻz yumgan ekan, uning choʻloq boʻlib qolishining sirini aytib bera qolay.

Oʻsha paytlar bu qishloqqa harbiylar kabi qad-qomati kelishgan chiroyli bir yigit oʻqituvchining yordamchisi boʻlib ishga kelgandi. Qishloqning barcha qizlari uni deb aqlu-hushlarini yoʻqotishgan, yigit oʻzini ulardan birortasini nazar-pisand qilmagandek tutardi. Bunga sabab menimcha uygʻonib, doim chap oyogʻi bilan turadigan qishloq oʻqituvchisi Grabyu amakining qattiqqoʻlligidan qoʻrqqanligi boʻlsa kerak.

Oʻsha kunlarning birida Grabyu amaki bugun siznikida olamdan oʻtgan goʻzal Gortenziyani, ya’ni keyinchalik Maymoq laqabini olgan qizni tikuv-chatuv ishlarini bajartirish uchun uyiga taklif qiladi. Oʻqituvchining yordamchisi goʻzal qizga mulozamat qila boshlaydi va albatta bunday qoʻl yetmas yigitning nazar e’tibori, shuncha qizlar ichidan oʻzini tanlashi qiz bechorani quvontirib yuboradi. Qisqasi, qiz uni sevib qoladi va kunlardan bir kun yigit ish tugagach, kechqurun maktab cherdagi ustida ilk uchrashuvga chiqishga uning roziligini oladi.

Kechqurun qiz oʻzini uyiga ketayotgan qilib koʻrsatib, zinapoyadan pastga tushish oʻrniga cherdakka chiqadi va oʻz sevgilisini kutib poxol-pichanlar orasiga yashirinadi. Tez orada yigit ham cherdakka chiqib keladi. U endigina oʻz qalbidagi hislarni toʻkib sola boshlagan payt, cherdak eshigi ochilib, ostonada qahri qattiq maktab oʻqituvchisi paydo boʻladi.
— Bu yerda nima qilayapsiz, Sijisber? — deydi u.
— Poxol ustida yotib biroz dam olmoqchiydim, janob Grabyu, — deydi qoʻlga tushganligini his qilgan yosh oʻqituvchi butunlay oʻzini yoʻqotib.

Cherdak juda katta, keng va qorongʻi edi.
— Boring, yashirining, tezroq yashirining, aksincha meni ishdan haydashadi, — deydi yigit shivirlab, qoʻrqib ketgan qizni ichkariga itarib.
— Demak, bu yerda yolgʻiz oʻzingizmi? — soʻraydi oʻqituvchi, shivir-shivirni ilgʻab.
— Ha, janob Grabyu, yolgʻizman.
— Yoʻq, yolgʻiz emassiz, kim bilandir shivirlashdingiz!
— Gapim rost, janob Grabyu, bu yerda bir oʻzimman.
— Buni hozir tekshirib koʻramiz, — e’tiroz bildiribdi oʻqituvchi va eshikni tashqarisidan qulflab, sham olib kelish uchun pastga tushib ketipti.

Shunda quyon yurak yigit, bundaylar juda koʻp uchrab turadi, butunlay es-hushini yoʻqotib qoʻyibdi.
— Tezroq yashirinsangiz-chi, sizni bu yerdan topa olmasliklari uchun butunlay qorangizni oʻchiring. Sizni deb bir umrga burda nonimdan ayrilib qolaman. Siz.. siz mening martabamni yoʻqqa chiqarasiz. Tezroq yoʻq boʻling, — debdi u butunlay qahrga minib.

Bu payt eshik qulfiga kalit solinayotganligi eshitilibdi.

Gortenziya esa koʻcha tomonga qaragan tuynuk darcha tomonga chopib boribdi.
— U ketganidan keyin koʻchaga chiqib menga yordam bering, — debdi u sekin va qat’iy ovozda.

Keyin tezlik bilan darchani ochib, oʻzini koʻchaga otibdi.

Grabyu amaki cherdakda yordamchisidan boshqa hech kimni topa olmay, hayron boʻlganicha chiqib ketibdi.

Oradan chorak soatlar oʻtgach, huzurimga Sijisber yugurib kelib barcha gaplarni aytib berdi. Bechora qiz devor yonida yotar, oʻrnidan tura olmasdi. Axir u baland cherdakdan yiqilib tushgandi-da!

Yomgʻir shivalab yogʻardi. Shoʻrlik qizni uyimga olib keldim. Uning oʻng oyogʻi uch joyidan singan, suyak parchalari oyoq terisini yorib chiqib ketgandi. U bir ogʻiz ham zorlanmas, faqat hayratlanarli shikastnafaslik bilan «oʻzimdan boʻldi, oʻzimdan boʻldi!» deya takrorlardi xolos.

Men uning qarindoshlarini chaqirib, qizga rahmim kelganidan uni otlari olib qochgan ekipaj uyim yonida urib ketdi, deb yolgʻon toʻqidim. Menga ishonishdi va jandarmlar bir oy davomida baxtsiz hodisaga sababchi boʻlgan ekipaj haydovchisini behuda qidirishdi.

Boʻlgan gap shu. Bu ayol oliy darajada tarixiy jasorat koʻrsata oladigan qahramonlar xilidan ekanligiga ishonchim komil. Bu uning umridagi yagona va oxirgi muhabbati edi. U bokiraligicha olamdan koʻz yumdi. Bu jafokash ayol, xudoning eng moʻmin bandasi va oʻz sadoqatining begunoh qurboni boʻldi. U bilan cheksiz faxrlanaman , aks holda umrimda hech kimga aytmagan bu sirni sizga aytib bermagan boʻlardim. Nima uchunligini oʻzingiz tushunasiz.

Doʻxtir gapini tugatdi. Onam unsiz yigʻlardi. Otam ham bir narsalar degandek boʻldi, keyin hammasi chiqib ketishdi.

Men hamon tizzalab oromkursi ustida oʻtirganimcha hiqqillab yigʻlardim. Qulogʻimga zinapoya tomondan ogʻir qadam va turtinish tovushlari eshitildi.

Aftidan Maymoq xolamning jasadini olib tushishmoqda edilar…