OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Gi de Mopassan. Tazarru' (hikoya)
 
Asarga baho bering

2 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGi de Mopassan
Asar nomiTazarru' (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fransuz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Naturalizm
Mualliflar
   - Gi de Mopassan
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonRustam Jabborov (Rus tilidan)
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/16
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tazarru' (hikoya)
Gi de Mopassan

Margarita de Terel oʻlim toʻshagida yotardi. U ellik olti yoshda boʻlsa-da, uni koʻrganlar yetmish beshni urgan deb oʻylashardi.U bazoʻr nafas olar, yuzlari choyshabdek oqargan, a’zoyi badani isitma ichida bezgak tutgandek qaltirar, koʻzlari olayib ketgan edi.

Undan olti yosh katta opasi karavot yonida choʻkkalab olgancha, yigʻlab oʻtirardi. Bemorning bosharisiga kichkina yopqich tashlab qoʻyilgan stolcha ustida ruhoniyning kelishi oldidan ikkita sham yoqib qoʻyilgan edi.

Yotoqxona oʻta tartibsiz edi. Stol va javonlar ustida dori qobiqlari, burchaklarda esa, sochiqlar sochilib yotardi. Stul va kursilar xuddi nimadandir qoʻrqib har tarafga sochilib ketgandek edi. Ajal qaysidir puchmoqda bekinib olgancha oʻljasiga chang solmoqqa payt poylardi, goʻyo.

Opa-singillarning qismati oʻta gʻalati kechdi. Ular haqida butun muzofotda gapirib yurishar, ularning dardli kechmishi borasida eshitganlar koʻz-yoshlarini tiyib tura olmasdilar.

Bir paytlar opa-singilning kattasi Suzanna bir yigit bilan qattiq sevishib qolgan, ular hatto unashib ham qoʻyilgan, toʻy kuni belgilangan, ammo kuyov boʻlmish Anri de Sampier nogahon fano mulkini tark qilgandi.

Tamoman gʻam-anduh girdobida qolgan qiz endi hech qachon turmush qurmaslikka ahd qildi. Va u soʻzida sobit qoldi. Bevalik libosini butun umr yechmay oʻtdi.

Kunlardan bir kun uning oʻn ikki yoshli singlisi Margarita opasining bagʻriga oʻzini otdi va aytdiki:
— Opajon, sening baxtsiz boʻlishingni, butun umr yigʻlab-siqtab oʻtishingni istamayman. Hech kachon, hech qachon seni tashlab ketmayman. Men ham erga tegmaganim boʻlsin. Sen bilan bir umr, bir umr qolaman, opajon.

Bolalarcha sadoqat va samimiyatdan koʻngli erib ketgan opa uning peshnasidan oʻpib qoʻydi, ammo uning gaplariga ishongisi kelmadi.

Singlisi ham gapida turdi, ota-onasining dagʻdagʻasiga-yu, kattalarning dod-muomalasiga qaramay er qilmadi. U juda-juda goʻzal, latofatli edi. Uning ishqida devona boʻlganlar oz emasdi. ammo, u barchasini rad etdi. Opasini tashlab ketmadi.

Ular bir umr bitta tom ostida ahil-inoq yashadilar. Ular bu adoqsiz yoʻlni yelkadosh boʻlib bosib oʻtishdi. Faqat singlisi opasiga qaraganda gʻamginroq, kaygʻuliroq boʻlib koʻrinardi.

U opasidan tezroq qaridi, oʻttiz yoshida sochlari oqarib ketdi. Mana, oʻlim ham birinchi boʻlib uni olib ketyapti.

U bir kecha kunduzki, bir ogʻiz ham gapirgani yoʻq. Faqat saharga yaqin tilga kirdi:
— Vaqt boʻldi, ruhoniyni chaqiringlar.

U hamon dagʻ-dagʻ qaltirar, shiftga termilib yotarkan, uning lablari asabiy pichirlar, goʻyoki, dil tubida yotgan qandaydir maxfiy bir gapni sirtiga chiqarmoqchi boʻlar, ammo uni tiliga koʻchirolmay qiynalar, koʻzlari qoʻrquvdan ma’nosiz boqardi.

Opasi toʻshakning bir chekkasiga peshonasini bosgancha, oʻksibgina piq-piq yigʻlardi.
— Margo, jigarim, bolajonim!

U singlisin «bolajonim« deb atashga oʻrganib olgan edi. Singlisi esa, uni »opacham» deb chaqirardi.

Zinapoyada qadam tovushlari eshitildi. Eshik ochildi. Boʻsagʻada avval yugurdak bola, keyin salobatli keksa ruhoniy koʻrindi. Ularni koʻrib, bemor bor kuchini toʻplab, oʻrnidan qoʻzgʻaldi, arang ogʻzini ochib, tirnoqlari bilan choyshabni yirtib yuborgudek tirnadi va bir necha ogʻiz gapga tili aylandi.

Abbat Simon uning qoʻlidan tutib, peshonasidan oʻpdi va halimlik bilan dedi:
— Parvardigor sizni afu etgay, boʻtam. Oʻzingizni qoʻlga oling, tavba qilmoq fursatidir.

Shu choq Margaritani shundayin titroq tutdiki, hatto karavot ham silkinib ketganday boʻldi.
— Opajon, oʻtir bu yoqqa, eshit meni.

Ruhoniy toʻshakda parri boʻlib yotgan Suzannaning qoʻlidan tutib qarshidagi stul ustiga oʻtqizdi va opa-singillarning qoʻllarin ushlab munojot qildi:
— Parvardigor! Bandalaringga oʻzing madad ber. Ulardan oʻz marhamatingin ayama!

Margarita gap boshlarkan, uning ogʻzidan har bir kalima katta mashaqqat bilan tashqari chiqardi.
— Kechir, opajon, kechir meni! Men umrimning ana shu soʻnggi soatidan qanchalar qoʻrqqanimni bilmaysan!

Suzanna namli koʻzlarini artdi:
— Nega mendan kechirim soʻraysan, bolajonim? Axir sen butun hayotingni meni deb qurbon qilding. Sen farishtasan...

Margarita uning gapini shart kesdi:
— Jim, jim boʻl! Gapimni boʻlmay eshit. Qanday dahshat?! Gapimni oxiriga yetkazgunimcha indamay tur, iltimos. Qimirlama... Eshit... Esingdami... Esingdami... Anri?

Suzanna seskanib singlisiga yuzlandi. U esa gapida davom etardi:
— Meni tingla, hammasini bilib olasan. Oʻshanda men endigina oʻn ikkida edim, oʻn ikkida, esingdami? Oʻshanda juda erka edim. Xayolimga kelgan ishni qilardim. Meni qanday erkalatib oʻstirishganini bilasanmi? Eshitsang-chi?.. U birinchi marta biznikiga kelanida, yaltirok etik kiyib olgandi, eshigimiz oldida otdan tushib, otamga muhim gapi borligini aytdi. Hammasi yodingda bordir? Jimm.. Eshit... Men uning barnoligini koʻrib, hayratdan dong qotdim, va otam bilan gaplashib boʻlgunicha bir burchakda undan koʻz uzmay oʻtirdim. Bolalar juda nozik va xavfli mavjudotdir. Eh, men u haqida qancha-qancha shirin xayollarga bormadim.

U yana bir marta keldi. Oʻyimizda mehmon boʻldi. Men unga butun borligʻim, qalbim, vujudim bilan tikilardim. Men oʻz yoshimga qaraganda ancha kattaroq va aqlliroq edim. U biznikiga tez-tez keladigan boʻldi. Men faqat u haqida oʻylardim. Tinimsiz uning nomini pichirlardim: «Anri, Anri de Sampier!»

Keyin uning senga uylanayotgani haqida eshitib qoldim. Opajon, oʻshanda dunyo koʻzimga qorongʻu koʻrinib ketdi. Qanchalik qaygʻuga gʻark boʻlganimni bilasanmi? Uch kecha uxlamasdan yigʻlab chiqdim. U har kuni tushdan keyin kelib turardi... Esingdami? Javob berishga oshiqma... Sen unga un, yogʻ va sutdan oʻzi yoqtirgan pirojnilar pishirib berarding. Men ham bilardim pishirishni.. Kerak boʻlsa, hozir ham pishirishim mumkin. U pirojniylar chaynamasdan yutar, orqasidan bir qadah sharob hoʻplardi, va «zoʻr!» deb qoʻyardi.

Men uni sendan shunaqa qizgʻanardim, shunaqa rashk qilardim. Sen toʻying kuni yaqinlashib kelardi. Atigi ikki hafta qolgandi. Men esa jinni boʻlayozgandim. Men hamma vaqt oʻzimga oʻzim «U Suzannaga hech kachon uylanmaydi, men buni istamayman, u katta boʻlsam, menga uylanishi kerak. Men umrimda uni sevganchalik hech kimni sevib qololmayman», deb yurardim.

Toʻyingizga oʻn kun qolgan edi. Oʻsha kuni kechqurun ikkovingiz oy shu'lasi ostida qasr atrofini aylangani chiqib ketdingiz. U.. Oʻsha kattakon archa ostida sening qoʻllaringdan tutib, bagʻriga tortdi. Uzo-oq oʻpishdilaring. Esingdami, ayt.. yoʻq, aytma! Bu sizning ilk boʻsangiz edi, adashmasam. Ha.. Sen mehmonxonaga qaytganingda ranging boʻzdek okarib ketgandi.

Men sizni koʻrib turgandim, men bogʻda, butalar orasidan sizni kuzatib turardim. Oʻshanda butun vujudimga bir yovvoyi istak oqib kirdi. Quturib ketgandek boʻldim, goʻyoki. Oʻshanda qoʻlimdan kelsa, ikkingizni ham oʻldirishga tayyor edim.

«U hech qachon Suzanaga uylanmaydi, U hech kimga uylanmasligi kerak. Men bunday alamni koʻtara olmayman», dedim oʻz-oʻzimga. Oʻshanda qalbimda unga nisbatan soʻngsiz nafrat uygʻondi.

Keyin bilasanmi, men nima kildim? Eshit. Bogʻbonimizni eslaysanmi, u har doim daydi itlarni zaharlab oʻldirish uchun shishani tosh bilan ezib, kukunini goʻsht parchasiga qoʻshib ularga yegizardi.

Men oyim ichgan dorining boʻsh shishasini topdim-da, bolgʻacha bilan obdan maydaladim. Keyin kukunini qogʻozga oʻrab, choʻntagimga solib qoʻydim. Ertasiga sen pirojniy tayyorlayotganingda bildirmay, xamir orasiga haligi kukunni joylashtirib qoʻydim. U pishiriqdan uchtasini pok-pokiza tushirdi. Bittasini men yedim... Qolgan oltitasini hovuzga tashlab yubordim. Uch kundan keyin uchta oqqushimiz oʻlib qolgani esingdami? Jim deyapman... eshit gapimni! Faqat men tirik koldim, faqat bir umr kasallanib yurdim. U esa... Oʻldi... Bilasanmi... Eshit... Bu hali hammasi emas... har doim... Eng dahshatlisi... eshit.

Butun umr.. butun umrim davomida... Oh bu qanchalar azob edi. Men har doim oʻzimga, xech qachon opamni tashlab ketmayman, oʻlimim oldidan esa, hammasini unga aytib beraman, derdim. Ha... Butun umr barchasiga iqror boʻlishim kerak boʻlgan shu soʻnggi soat haqida oʻylab keldim. Vaqt-soati yetib keldi... Qanday dahsha-at. O, Opajon!

Erta-yu kech, shomu sahar fakat shu haqda oʻylardim. Hali vaqt keladi, hammasini boʻynimga olaman, derdim.

Mana, hammasini senga aytib berdim... Jim... Bir ogʻiz ham... Endi. endi men qoʻrqaman... juda-juda qoʻrqaman. Men hozir uni koʻrsam, u bilan yuzlashsam. Oʻzing oʻylab koʻr. Axir uni narigi dunyoda men birinchi boʻlib koʻraman. Sen meni kechirmasang, men uning yoniga qanday boraman? Unga ayting, hazrat. Meni kechirsin! Ayting, oʻtinaman. Boʻlmasa, men oʻlolmayman.

U jim qoldi va tirnoqlari bilan choyshabni timdalay boshladi.

Suzanna yuzlarini bekitib olgancha, qimirlamay turardi. U ayni damda umr boʻyi sevib oʻtgani xaqida oʻy surardi. Ular qanchalik baxtli yashashlari mumkin edi-ya? U yana koʻrdi Anrini? Uni olis-olisdan, itib-bitayozgan oʻtmishni qatlarida koʻrdi. O, muhtaram marhumlar! Siz yuraklarga kanchalar yaqinsiz? Haligi boʻsa-chi?

Umridagi yagona boʻsa! Bu boʻsa yillar osha uning qalbida ardoq ila saqlanib kelayotir. Uning hayotdagi bor-yoʻq yupanchi, davlati ham shu xotirot parchasi edi, xolos.

Birdan ruhoniy qaltiroq va baland ovozda qichqirib yubordi:
— Suzanna bonu! Singlingiz oʻlayapti.

Suzanna koʻz-yosh ivitib yuborgan yuzlaridan kaftni oldi-da, oʻzini singlisinig quchogʻiga otdi va uning soʻlgʻin yuzlaridan oʻpib ohista pichirladi:

— Kechirdim, bolajonim, kechirdim!