OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGoʻzaloy Matyoqubova
Asar nomiBaxt (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Goʻzaloy Matyoqubova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Baxt (hikoya)
Goʻzaloy Matyoqubova

Nimaningdir tovushidan choʻchib uygʻonib ketdim. Koʻcha tomonga qaragan gʻira-shira yorugʻ tushib turgan deraza tez-tez, qattiq-qattiq chertilar, «Qizlar, eshikni ochinglar», degan ovoz kelardi. Ongim kecha qarindoshinikiga ketgan dugonam ekanligini idrok etgach, oʻgirilib hamxonamga qaradim. Unda qimir etgan harakatni koʻrmagach, istamaygina oʻrnimdan turdim.

Obbo, ertalabdan nima bor ekan bunga uyda. Dars oʻnda boshlansa, oʻsha yoqdan borsa boʻmasmidi. Biladi, kechasi dars tayyorlab, ertalab uxlashimni. Borib eshikni ochdimu, unga qaramasdan, qulflab keling, deb xonamga yugurdim. Oʻrnimga kirib burkanib yotib oldim. U xonaga kirgandan keyin, uch kishi bemalol sigʻadigan divanning yoniga kelib, birpas turdi-da, birdaniga oʻzini «gurs» etib oʻringa tashladi. Koʻrpaga burkab olgan boshimni chiqarib unga qaradim.
— Jinnimisiz?

U havoni quchoqlab olmoqchidek qulochlarini keng yoydi.
— Ha, men sevgidan jinni boʻldim, men sevib koldim, — dedi baqirgudek boʻlib.

Boyagina tiriklik nishoni koʻrinmagan hamxonam oʻrnidan turib, oʻtirib oldi.
— Kimni?.. Biz taniymizmi yoki toʻyda uchratdingizmi shahzodangizni?

Sevgi-muhabbat desa oʻzini tomdan tashlaydigan bu qizning gapidan jahlim battar oʻt oldi. Bor zahrimni dugonamga sochdim.
— Siz butunlay yurakdan iboratsiz, har soatdamas, har daqiqada sevib qolasiz.

Gapimdan dugonamni zardasi qaynadi. Lahjasida gapira ketdi.
— Joʻq boʻl. Oʻzi sende jurek degen nersening oʻzi joʻq. Sagʻan usagʻanlar xesh qashan suymey oʻtip ketedi. Xesh kimdi suymegening ushoʻn hem koʻrmegen-bilmegen adaminga turmusgʻa shigʻip atoʻrsang.

«E bore», dedim-da, boshimni koʻrpaga burkab oldim. Chunki menga uni soʻzlarimas, ozgina mizgʻib olish muhim edi.

Koʻzlarimni yumib yotarkanman, rostanam boʻlgʻusi umr yoʻldoshimni bir martayam koʻrmagan ekanman-a, degan fikr oʻtdi xayolimdan. Lekin bu men uchun fojia emas edi. Nima boʻpti, onam ham otamni toʻygacha koʻrmagan. Buvim ham bobomni koʻrmasdan chimildiqqa kirgan. Muhabbat, muhabbat deyishadi, haqiqiy muhabbat toʻydan keyin boʻladi-da. Qizlargayam hayronsan, yoʻlda uchragan odamdan muhabbat kutishadi. U odam kim oʻzi, nima ish qiladi, xayolida nima bor, bu yogʻi bilan hech qaysinisining ishi yoʻq. Qarashsa baland boʻyli, qoraqosh, qorakoʻz, xuddi hind aktyorlaridek hazilkash, qarashlari chiroyli, mehrli. Oʻrgildim, oʻsha mehrlaridan.

Xayollarni quvib, uxlashga harakat qildim. Qizlarning esa gaplari tugay demasdi. Bir urishib bergim keldi-yu, lekin na iloj, chidashga majburman. Ular ham meni kechasi bilan chiroq yoqib, dars tayorlashimga chidashadi-da.

«— Aslida, hamma narsaga oʻzing aybdorsan, — endi oʻzimni-oʻzim tergay boshlagandim. — Oʻqishga kech kelib yotoqxonadan ham quruq qolding. Oldin «dom»da ijarada turding. U yerda yuraging siqilib, bu yerga koʻchding. Oldiniga katta hovlini koʻrib, bemalol ekan, deb rosa quvonganding. Lekin ayni qish zahmiga minganda gaz faqat bir xonani isitadigan boʻlib qoldi. Tabiiyki, hamma bir xonaga qamaldi-qoldi. Endi qizlarni uzundan-uzoq gurunglarini eshitishga majbursan».

Shu tariqa men qizlarning gaplarini oʻzim istamasam ham eshitishga majbur edim.
— U shunchalar kelishgan, shunchalar yoqimliki, — ehtiros bilan yigitni ta’rifini keltirardi dugonam. U endi oʻzini ancha bosib olgan, hamxonam tushunishi uchun sof oʻzbek tilida gapirardi. — Men bunaqa yigitni hech qaerda uchratmaganman. Uni menga qanday tikilishlarini koʻrsangiz edi.
— Yoʻgʻ-e, — dedi hamxonam shivirlagudek boʻlib. Ovozini titrashidan dugonamdagi hayajon unga ham oʻtganini payqab olish qiyin emasdi. Hozir men uning yuzini koʻrmayotgan boʻlsam ham, tinmay iljayayotganini tasavvur qilib turardim.
— Faqat uni qayta koʻrarmikanman, — ilinj aralash ma’yuslandi dugonam, — Menda uning na telefoni bor, na manzili. Faqat u togʻavachchamning doʻsti ekanligini bilaman, xolos.
— Unday boʻlsa, uning telefon nomerini togʻangizning oʻgʻlidan soʻrang, — maslahat solganday boʻldi hamxonam.
— Qiziqmisiz, qanday soʻrayman. Nima qilmoqchisan desa, sevib qoldim deymanmi?

Ular birpas jim qolishdi.
— Keling, yaxshisi bunaqa qilamiz, — biroz qat’iylashgan holda gap boshladi dugonam. — Hozir men sizga qoraqalpoqchani oʻrgataman. Keyin togʻamni oʻgʻliga sizning telefoningizdan qoʻngʻiroq qilamiz, keyin undan doʻstining telefon nomerini soʻraysiz.
— Mayli, — dedi hamxonam uning taklifiga rozi boʻlib.
— Boʻlmasam boshladik. Qaytaring. Qoloy Sadыq. Axuallar qoloy? Men keshegi toʻydogʻi qizban, Sarbinaz.
— Xoloy Soddiq. Axvallar xoloy? Men kechegi toʻydagʻi qizmon, Sarbinoz.

Uning talaffuzi shu qadar kulguli chiqdiki, oʻzini gapirishi nash’a qilib, hamxonamning oʻzi ham kulib yubordi.
— Xoloymas, qoloy, — kulgi aralash takrorlardi dugonam.

Shu payt jiringlab qolgan qoʻl telefonimni axtararkanman men ham kulgudan oʻzimni toʻxtatolmasdim. Nihoyat, telefonimni topib, tugmani bosdim.
— Allo.
— Allo, oʻzingmisan, — onamni ovozi keldi goʻshakni narigi tarafidan.
— Assalomu alaykum, oʻzimman oyi. Yaxshimisiz?
— Yaxshi, oʻzing sogʻmisan. Yaxshi yuribsanmi, dadang salom deyapti.
— Salomat boʻlsinlar, oʻzlari yaxshilarmi?
— Ha, yaxshi... Endi gapimni yaxshilab eshit. Oʻzing bilasan, bahorga chiqqandan keyin toʻying boʻladi. Kuyovni esa hali koʻrmading. Ertaga yoningga kuyovning singlisi boradi, u seni akasi bilan uchrashtiradi... Har holda boʻlgʻusi turmush oʻrtogʻing bilan uchrashganing ma’qul. Ancha oʻrganibam qolasan... Dadang ham uchrashsin deyapti. Mayli, qizim, sogʻ boʻl!

Onam mening javobimniyam kutmay aloqani uzib qoʻydi. Hayron boʻlib telefonga qaradim. Mana, deganday telefonimni ekrani vaqtni koʻrsatib turardi.
— Voy qizlar, soat toʻqqiz boʻpti. Oʻnda lektsiya, — dedim oʻrnimdan irgʻib turarkanman.

Haliyam kulgudan mast boʻlayotgan qizlar, baravariga soatga qarashdi. Hamma apil-tapil kiyinishga tushdi...

...Darsdan dilxira chiqdim. Axir, domlayam naq oʻttiz juft koʻz oldida loladay qizartirdi-ya?! Bir oʻzim boʻlgandayam boshqa gap edi. Umrimda birinchi marta kechikkanimga oʻrtada yarim soat qadab qoʻyish shartmi?!

Ma’ruza xonasidan zarda bilan chiqib ketayotgan edim, kimdir yelkamdan ohista turtdi. Qarasam hamxona dugonalarim.
— Yotoqqami?

Past ovozda soʻradi qoraqalpoq dugonam.
— Ha, qayoqqa boʻlardi boshqa. Keyingi para qoldirildi-ku.
— Keling, yaxshisi ozgina aylanamiz, kayfiyatingiz ham koʻtariladi.
— Oʻzlaringiz aylanaveringlar. Men ketaman, — dedim qat’iy qilib.

Qizlar sarosimalanib, bir-biriga qarab turishdi-da, birin-ketin menga ergashishdi.

Yotoqqona tomon boradigan avtobusga urinib-surinib zoʻrgʻa chiqib oldik. Yoʻlovchilarning koʻpchiligi talabalar. Odam tirband. Agar biron-bir bekatda tushib qolmoqchi boʻlsangiz, tushish uchun anchagina harakat qilish kerak. Men avtubusdagi odamlarga loqayd nazar tashlab turarkanman, tiqilinch boʻlishiga qaramasdan nigohim kitob oʻqib ketayotgan yigitga tushdi. Oʻzim bilmagan holda kitobga qiziqib qoldim. Kimning kitobi ekan, degan oʻy oʻtdi xayolimdan. Kitobga sinchiklab qarar ekanman, she’riy drama shekilli, deb oʻyladim, chunki she’riy bandlarni uzoqdan koʻrib turardim. Yigitning qoʻli bilinar-bilinmas titrab turardi. Beixtiyor nigohim kitobdan yigitga koʻchdi. Uning qora jingalak sochlari peshonasiga tushib turar, avtobus tebranganda unga monand silkinardi. Koʻzlari kitob sahifalarida yugurar, gohi qoshlari chimirilib ketsa, gohida yuzida nim tabassum paydo boʻlar, bugʻdoytus yuziga bu oʻzgacha tarovat bagʻishlardi. Uni kuzatayotganimni sezdi shekilli, kitobdan nigohini olib men tomonga qaradi.

Menga qarayotganini sezib nigohimni boshqa yoqqa burdim. U birpas shunday turdi-da, yana kitob oʻqishga tutindi. Men yana uni kuzata boshladim. Uning uchlari qayrilgan qoshlari yuziga shunaqa yarashgandiki, bunaqa qoshli yigitni hech qaerda koʻrmagan edim.

Uning tushadigan bekati keldi shekilli, kitobni yopib, eshik tomonga surila boshladi. Mendan nigohini olmasdan eshikka yaqinlashib kelar, men ham harchand urinmay uning koʻzlaridan koʻzimni uzib ololmasdim. Goʻyo uning koʻzlari meni sehrlab olganday edi. Avtobus navbatdagi bekatda toʻxtadi. U tushayotib ham mendan koʻzini uzmadi. Tushgandan keyin ham menga qarab turaverdi. Avtobus joyidan siljirkan, uning koʻzlari tushmaysanmi, degan savolni berardi.

Avtobusda silkinib-silkinib borarkanman, hamma narsani unutgandim. Hatto, endi yodimdan chiqarolmayman, degan domlaning koyishini ham. Shu topda faqat u haqda oʻylagim kelar, men uchun dunyoda undan boshqa odam yoʻqdek edi goʻyo.

Uyga borganimizdan keyin qizlar yana qoraqalpoqchadan shugʻullanishga tushib ketishdi. Meni ularning hazil-huzullari qiziqtirmas, butun fikri xayolim oʻsha yigit bilan band edi. Kim oʻzi u? Nimaga u haqda shunchalik oʻylagim kelayapti? Nimaga u menga unaqa qaradi? Nimaga uni xayolimdan ketkiza olmayapman? Men burchakka tiqilib olib, savolimga javob izlardim. Birdaniga yuragim «axir u sening bir umr kutganing-ku», deganday boʻldi. Nahotki! Nega endi? Nega oldinroq emas? Axir men unashtirilganman-ku! Bu haqiqatdan oʻzim qoʻrqib ketdim. Koʻz oldimga u keldi. Mana, yuzlaridan nur yogʻilib turibdi. Birdaniga uning yonida kuyov paydo boʻlib qoldi, besoʻnaqay, badbashara, sochlari oʻsib ketgan, yurganida bir tarafga qiyshayib yuradi. Qochib ketaman, degan fikr keldi xayolimga. Lekin qayoqqa? Or-nomusingni toptabmi? Otangning yuzini yerga qaratibmi? Onangning ahvoli nima kechadi? Uni oʻylamadingmi? Tegmoqchi emas ekansan, nega non sindirilmasdan burun aytmading? Nega ota-onangni oʻziga tashlading taqdiringni? Endi diydiyo qilasan. Axir unda uni uchratmagan edim-ku, — Oʻzimdan oʻzimni himoya qila boshladim, — axir u mening bir umr kutganim-ku. Mayli, kutganing ekan, uning kimligini bilasanmi, qaerdan topishni-chi? Seni koʻnglingda u bor ekan, uning koʻnglida-chi, balki uylangandiram, balki bolalari ham bordir.
— Yoʻq, mumkinmas!
— Yoʻq, mumkin!

Mayli, uylanmagan ham boʻlsin. Uni koʻrding ham deylik, yuzingdagi hayo pardasini yirtib, sizni sevib qoldim deysanmi, yoki fotihani buzaman, menga uylaning deysanmi?

Men shu tariqa tonggacha oʻz-oʻzim bilan olishib chiqdim. Ertalab oʻrindan turganimda koʻzlarim qizarib, yuzlarim salqigan holda edi. Buni koʻrgan hamxonam:
— Nima boʻldi sizga? — deya soʻradi. Men hammasini sogʻlikka toʻnkab, indamay qoʻyaqoldim. Chunki bularni unga aytishning hech qanday foydasi yoʻq edi.

Institutdan uyga kelib, endi ustki kiyimlarimni yechayotgan edim, eshik koʻngʻirogʻi jiringlab qoldi. Eshikni ochganimda ostonada taxmin qilganimday, boʻlgʻusi umr yoʻldoshimning singlisi turardi.
— Keling, — dedim jilmayishga urinib.
— Salom, kelinoyi, — dedi qiz meni quchoqlab. Bu yoqimtoy shaddod qiz bilan oldinam uchrashgandim. Oʻshandayam bu qiz «kelinoyijon» deb quchoqlab, yuzimdan oʻpgandi. Oʻshanda bu qizning shoʻxligi, samimiyligi menga juda yoqib tushgandi. Hozir esa qandaydir erish tuyuldi, hatto oynaga qarashga ham hafsalam boʻlmay, tashqariga yoʻnaldim. Qiz meni qoʻltiqlab olarkan, akasi haqida gapirishni boshladi. Qiz gapirar, lekin bu gaplar mening qulogʻimga kirmas edi. Men uchun endi hammasi baribir edi. U bilan oʻzim xohlab emas, majburiyat yuzasidan turmush qurayotgan edim. Hatto toʻydan keyin ajrashaman, degan fikrga borib qoʻydim. Yoʻl-yoʻlakay ajrashish rejalarini tuzib borar ekanman, boʻlgʻusi qaynsinglimni «ana, akam», degan gapidan keyin xayolimni yigʻib toʻxtadim. Oʻn qadamlar narida biz kelayotgan tarafga bir yigit orqa oʻgirib turardi. Qiz uning yoniga chopqillab ketdi. Ular tomonga qarashni istamay, yuzimni boshqa yoqqa burdim. Menda hozir yigit yonimga kelsa, qoʻrslik qilish istagi paydo boʻla boshlagandi. Ikki-uch daqiqa oʻtar-oʻtmas qadam tovushlarini eshitdim. Bu qadam tovushlari men tomon yaqinlashib kelayotgan oʻsha yigitdan darak berardi. Men hamon yuzimni burganimcha turardim. Qadam tovushlari yonimga kelganidan keyin tindi.
— Yaxshimisiz?

Men kutganday xirildoq emas, musiqaday tiniq ovoz eshitildi. Oʻzim bilmagan holda unga qaradim. Qarshimda oʻylaganimday besoʻnaqay badbashara emas, baland boʻyli istarasi issiq yigit jilmayib turardi. Faqat uning sochlari jingalak, qoshlari qayrilma emasdi.

Toʻy ham oʻtdi. Vaqt oʻtib bir narsani, jingalak sochlar, qop-qora qoshlarni oʻrnini bosadigan bir narsani, yuksak ehtirom va tuganmas mehrni payqadim.