OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGoʻzaloy Matyoqubova
Asar nomiEldor (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Goʻzaloy Matyoqubova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Eldor (hikoya)
Goʻzaloy Matyoqubova

Ayni saraton vaqti, gʻir etgan shabada yoʻq. Quyosh yondiraman deydi. Eldor endi sigirlarni toʻrangʻilar soyasiga bogʻlayman, deb turganida arqonlar eskiligidan uzilib, sigirlar shataloq otib, har tomonga tarqab ketishdi. Ularni tutib bogʻlayman, deguncha holdan toydi. Darmoni qurib, oyoqlarini zoʻrgʻa sudrab uyiga keldi.

Hamma peshin uyqusida, gʻimir etgan jonzot yoʻq. Eldor eshik oldida birpas serrayib turdi-da, issiqning zoʻridan terlagan yuz-koʻzlarini artdi. Eshikni gʻichirlatmaslikka tirishib, sekingina uyga kirdi.

Xayriyat, hammasi uxlashgan ekan. Joyiga borib yotmoqchi edi-yu, lekin qoʻrquvni ochlik yengib, dasturxon oldiga keldi. Har doim xontaxta ustida non, choynak-piyola, xitoy chinnisiga oʻxshagan chiroyli idishda murabbo yoki shakar turar, ovqat vaqtida yoʻq boʻlsa, buvisi uning nasibasi deb, oz boʻlsa-da likopchada nasiba olib qoʻyardi. Hozir ham dasturxonni ocharkan, likobcha toʻnkarilgan tovoqdagi oshni koʻrib, ishtahasi karnay boʻlib ketdi. Yangasi chiqib qolishidan qoʻrqib, qoshiq olib kelishga ham sabri chidamay qoʻllari bilan apil-tapil osh yeya boshladi. Shoshganidan, xontaxta chetida turgan kichkina Ikromning sut idishini turtib yubordi. Sut idish xontaxtadan pastga tushmasdan aylanib-aylanib borib non turgan barkashga «jarang» etib urildi. Eldor koʻzlarini katta-katta ochib qotib qoldi.
— Boʻldi, tamom, boshlandi, — dedi oʻziga-oʻzi pichirlab.

Uning oʻziga-oʻzi gapirishi kimgadir dardlarini toʻkib solayotgan odamga oʻxshardi.
— Ha, qirchiningdan qirqilgur, qaerlardadir sanqib yurib, uyga kelib hammaning uyqusini buzasan. Taqirlatmay zaqqumingga yutsang oʻlasanmi?!

Yangasi goʻdagini ovutarkan, tinmay qargʻanardi. Qargʻishni eshitib, qoʻshni xonadan buvisi chiqdi. Eldor xuddi shundan qoʻrqqandi. Buvisi kela solib uning yuziga tarsaki tortib yubordi. Qulogʻidan choʻzib:
— Qaerda eding? — past ovozda zoʻriqib pichirladi.

Tarsaki zarbidan Eldorning koʻzlariga yosh keldi. Boʻgʻziga nimadir tiqilib, gapirolmadi.
— Bola boʻlguncha baqa boʻlsang boʻlmasmidi? Meni kunimdan burun oʻldirasan-ku!

Uning ovozida qandaydir hazinlik bor edi.
— Ust-boshiga qarang endi buni, qoʻllariga qarang, qoʻllariniyam yuvmagan-a!

Eldor yangasiga koʻz ostidan qaradi. U ikki qoʻlini beliga tiragancha turar, tinmay javrardi.
— Kap-katta bola-yu, uyga bir tiyinlik foydasi tegmaydi. Mol boqaman deb, xudo bilsin, qaerlarda yuradi?! Halitdan shunday bu, katta boʻlgach qanday boʻlar ekan? Qoʻlidan bir ish kelmaydigan bezori bosmachi boʻladi-da, otasiga oʻxshab...

Eldor bu gaplarni koʻp marta eshitgan boʻlsa ham e’tibor bermaydi. Chunki, u biladi, otasi bosmachi boʻlmagan. Uning laqabi shunday. U otasini koʻrmagan boʻlsayam biladi.

Buvisi uning bilagidan tutdi, sudragudek qilib eshik yoniga bordi. Eshikni ochdi.
— Bor, yuzlaringni, oyoq-qoʻllaringni yuvib, joyingga borib yot!

Eldor koʻz ostidan buvisiga qaradi. Buvisining koʻzlarida yosh gʻiltillardi. Eldorning qaraganini koʻrib, sezdirmaslik uchun yuzini teskari burdi. Eldor sezdi. Bilib bilmaslikka oldi.

Eldor yaxshilab yuvindi-da, oyoq uchida yurib, joyiga borib yotdi. Endi hamma tinchib qolgan. Kichik xolasi ham boshini yostiq tagiga tiqib, pishillab uxlardi. Aftidan, boya shovqinni eshitmaslik uchun shunday qilgandi.

Oldinlari yangasi unga juda mehribon edi. Keyin tugʻdi. Oʻzining bolalari bor. Unday desa, buvisi-chi? Yoʻq, biladi, buvisi uni yaxshi koʻradi. Faqat yangasiga achchiq qiladi. Uni kichkinaligidan buvisi tarbiya qilgan. Emizib katta qilgan. Aytishlaricha buvisiga mehr suti kelganmish. Hatto, kechalari ham uni oyisiga bermasdan oʻzi bilan olib yotarkan. Baribir, u buvisini yaxshi koʻradi. Aslida hammasi buvasi bilan togʻasi ishlagani ketib, oyisi turmushga chiqqanidan keyin boshlandi.

Endi u na oyisinikiga sigʻadi, na buvisinikiga. Eh, katta boʻlib qolsam Gulnozni olib, bu yerlardan ketardim. Bechora Gulnoz! Uning ahvoli ham unikidan kam emas. Toʻgʻri, u oyisi bilan birga. U oyisining turmush oʻrtogʻini «otam« deydi. Lekin unaqamas. Aslida Gulnoz Eldor bilan ham oʻgay. Faqat oyilari bir. Shunday boʻlsa-da, u Gulnozni yaxshi koʻradi. Eldor Gulnozning dadasigayam "dada" demagan, bunisigayam »dada» demaydi. Yaqinda u yana ukalik boʻldi. Lekin uyam oʻgay. Uning dadasiyam, oyisiyam bor. U bilan Gulnozning esa oyisi bor, dadalari yoʻq. Ikkisi ham dadasini koʻrmagan. Ikkisining ham dadalari tugʻilmasdan burun oyisini tashlab ketishgan. Bechora Gulnoz xuddi oyisiga oʻxshaydi. Oyisidek chaqqon, oyisidek mehribon. Oʻzi kichkina boʻlsa ham kuchi yetadigan ishni chiroyli qilib bajaradi. Qiziq, sira tushunmaydi. Oyisidek yaxshi ayolni uning dadasi, Gulnozning dadasi nega tashlab ketishgan ekan-a? U Gulnozning dadasini koʻrgan. Es-es eslaydi. Oʻzining dadasini esa mutlaqo koʻrmagan. Eshitishicha, u xuddi dadasiga oʻxsharmish. Unga oʻxshaganidan oyisiga oʻxshagani yaxshiydi.

Eldor xayol aralash u yonidan bu yoniga oʻgirildi. Oʻgirilarkan, deraza tagidagi javonga koʻzi tushdi. Javonda oʻzining kitoblari chiroyli qilib taxlab qoʻyilgandi. Uni tunov kuni oyisi bilan kelgan Gulnoz taxlagandi. Chiroyli qilib taxlabdi, deya xayolidan oʻtkazdi Eldor. Kitoblarning sirtiga 3-sinf deb yozilgandi. Ha, maktabgayam oz qoldi. Yaqinda u 4-sinfga boradi. Endi 4-sinf kitoblarini sotib olishi kerak. Buvisi sotib olib berarmikan? U olib bermasa oyisi olib berar... Oyisi ham olib bermasa-chi? Unda nima qiladi? Bu ham bir mojaroga sabab boʻlmasaydi?

«Eh, katta boʻlib qolsam edi» — dedi oʻzicha. Keyin yomon xayollarni miyasidan quvish uchun koʻzini yumdi. U har doim yaxshi narsalarni xayoliga keltirish uchun shunday qilardi. Bir payt peshonasini mayin bir qoʻl silayotganini his qilib koʻzini ochdi. Qarasa, tepasida oyisi oʻtiribdi. U jilmaydi-da, uning oyoq tomoniga ishora qildi. Uning oyoq tomonida bir kishi qovoqlarini solib oʻtirardi. U kishi Eldorning qaraganini koʻrib, muloyimlik bilan soʻz qotdi.
— Ha, oʻgʻlim nima qilib yotibsan? Tur, ketdik. Seni olib ketgani keldim.

Eldor sapchib oʻrnidan turdi.
— Siz kimsiz?

Oyisi Eldorni yelkasidan tutib, sekin oʻziga qaratdi.
— Bu kishi sening dadang boʻladi, oʻgʻlim. Seni olib ketgani kelibdi.
— Dadam?!

Eldor nima deyishini bilmay jim boʻldi. Shu payt Gulnozning «Eldor! Eldor!» degan tovushini eshitib hayron boʻldi. Nega endi Eldor deyapti, axir doim aka derdi-ku!
— Xoʻsh, oʻgʻlim, men bilan ketasanmi? — xayolini boʻldi haligi kishi.
— Yoʻq, — dedi Eldor. — Ketmayman!
— Ketmaysanmi?

Koʻzlarini sovuq yiltiratdi haligi kishi. Eldor javob berish oʻrniga joyiga yotib oldi.
— Ketmasang... Ketmasang... Mana senga, ketmasang...

Haligi kishi uning orqasiga poshnali etik kiygan oyogʻi bilan tepdi. Tepkining zarbidan uning yumib olgan koʻzlari yarq etib ochildi. Qarasa dadangman, degan kishining oʻrnida yangasi turardi. Oyisi ham gʻoyib boʻlibdi.
— Senga indamasa, kun botgunchayam uxlaysan. Tur, yashshamagur, mollarga ket! Och qolgandir bechoralar...

Eldor oʻrnidan sakrab turdi-da, tashqariga yugurdi. Ostonada oʻtirgan buvisiga qoqilib ketishiga sal qoldi. Buvisi iztirob toʻla, mungli koʻzlari bilan qarab:
— Bolam, hech boʻlmasa qoʻlingga ozgina non olib ketgin. Ochiqqanda yersan, — dedi.

Eldor uyga qaytib kirmoqchi edi-yu, lekin majoli yetmadi. Boʻgʻziga nimadir tiqildi. Uni nimadir bu yerlardan uzoqlarga sudrayotgandek boʻldi. Asfalt yoʻlni kesib oʻtib, yolgʻizoyoq yoʻlga tushishi bilan yugurib ketdi. Uning koʻzlari hech narsani koʻrmas, qayoqqa ketayotganini oʻzi ham bilmas, agar toʻxtasa nimadir sodir boʻladigandek faqat yugurardi...