OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGoʻzaloy Matyoqubova
Asar nomiGʻoliba (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Goʻzaloy Matyoqubova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Gʻoliba (hikoya)
Goʻzaloy Matyoqubova

— Yo, madad!

Zarifaning ovozi davradan eshitilayotgan «Ha, ha barakalla, boʻshashma», kabi hayqiriqlardan farqli oʻlaroq, guldurakdek yangradi. Odatda, u keskin harakat qilmasidan oldin shunday derdi. Bu safar ham shunday dedi-yu, raqibasini yelkasi osha koʻtarib, chirpirak qilib, yerga urdi. Uning gursillashiga hamohang belining qaeridir gʻirchillagandek boʻldi. Muvozanatini yoʻqotib, mulgib ketdi-yu, ammo oʻzini oʻnglab oldi. Davra toʻfon turgandek qalqidi. Referining «Halol», degan ovozini davradagi hushtagu hayqiriqlar bosib ketdi. Zarifa polvonlarga xos boʻlgan qirgʻiy qarash bilan junbushga kelgan davraga razm soldi, uning oftobda biroz qoraygan yuzida anglab boʻlmas ma’no zohir edi. U belining zirqirashiga qaramay, alp yigitlarday qaddini gʻoz tutdi. Chalqanchasiga yotib, yulduz sanayotgan raqibasini qoʻlidan tutib turgʻizarkan, koʻzi quvonchdan sakrayotgan ustoziga tushib, miyigʻida kulib qoʻydi.

Soʻnggi paytlarda gʻoliblikni qoʻldan bermay kelayotgan Zarifani ustozi uning har bir muvaffaqiyatidan irgʻishlaydi. Xuddi gʻolib Zarifa emasu, uning oʻzi. Endigina kurash havasini olib, gilamga tushgan paytlari raqiblarini yulduz sanatib gʻururlanar, ustozidek bu muvaffaqiyatdan quvonardi. Ammo endi-chi, endi u nimagadir bundan xursand boʻlmaydi. Xuddi gʻolib boʻlishga mahkum va majburdek. Shunday boʻlsayam, u muxlislarining ruhini tushirmaslik uchun qoʻlini koʻtarib qoʻydi. Endi tina boshlagan davra yana dovuldek qalqdi.

Zarifa raqibasiga ta’zim qilib gilamdan tushganida ham davra guvranishdan toʻxtamagandi. U salobatli qadamlar bilan davradan yerga qarab chiqayotgan boʻlsa ham unga zavq-u shavq, havas bilan tikilayotgan minglab nigohlarni his qildi. Uni davradan chiqaverishda ustozi va guruhdoshlaridan tashqari yana bir guruh — poʻrim kiyingan hukumat a’zolari kutib olishdi. Aftidan, ular orasida kattasi boʻlsa kerak, baland boʻyli, tepakal kishi birinchi boʻlib, yelkasini qoqdi.
— Barakalla, oʻzbegimning alp qizi, — dedi u Zarifani qoʻlini siqib. Zarifa rahmat aytib ulgurmay ikkinchisi gap qoʻshdi.
— Bopladingiz, qizim!
— Oʻzbegimning qizi-da! — ilib ketdi uchinchisi.

Ular biri olib, biri qoʻyib Zarifani tabriklashar, u esa hissiz tabassum bilan bosh irgʻardi. Zarifa sirgʻalib uni olqishlayotgan odamlar orasidan chiqib borarkan, chekkaroqda turgan, soqoli koʻksini berkitgan chol baland ovozda: — Zarifa qizim, — dedi muhim bir gap aytmoqchiday. Uning momaqaldiroqdek ovozidan hamma bir zumga tin oldi.
— Boya, keskin harakat kilganingda hech qaering lat yemadimi, doʻxtir-poʻxtirga koʻrinib qoʻysang yaxshi boʻlardi, qizim!
— Nimalar deyapsiz, otaxon, — qariyaga keskin burildi tepakal kishi, — qanaqa doʻxtir, uyat boʻladi-ya! Axir, bu oʻzbegimning alp qizi, Barchinoy avlodi-ku! Hali bu qizimiz bizning dovrugʻimizni jahonga koʻp taratadi. Ishongan togʻimiz bu, hali qizimizdan umidlarimiz katta. Siz unaqa gaplaringizni qoʻying, otaxon!

Tepakal katta shunday degancha Zarifaga yoʻl koʻrsatdi. Qariya «katta»ning gapidan keyin terlagan peshonasini artib, «Ha endi», degancha qolaverdi.

Zarifa joyiga oʻtirganiga fursat oʻtar-oʻtmas, qarshisida gul koʻtargan oʻn-oʻn bir yoshlardagi qizcha paydo boʻldi. U qoʻlidagi gulni Zarifaga uzatarkan, nimalardir dedi-da, qoʻli bilan yon tomoniga ishora qildi. Zarifa qizaloqning nima deganiga tushunmasa ham, u koʻrsatgan tomonga beixtiyor yuzini burdi. Qizcha koʻrsatgan tarafda unga nozikkina juvon qoʻl silkir, nimalardir deb qichqirardi. Oldiniga Zarifa juvonni u bilan tanishishni istagan muxlislaridan bittasidir-da, degan xayolga bordi. Chunki bunday musobaqalarda u bilan suhbatlashmoqchi boʻlgan biron bir qiz yoki juvon topilib qolar, gohida yetmishni qoralagan kampirlar ham uni oʻz holiga qoʻyishmasdi. Shu xayolda Zarifa juvonga bir pas tikilib turarkan, ichida nimadir jizillaganday boʻldi. «Zuhra!» Uning lablari beixtiyor shivirladi. Axir bu Zuhra-ku! Uning loqaydlik egallab olgan vujudini endi shodlik toʻldirdi. U shunday hayajonlanib ketgan ediki, hech kimga qaramasdan oʻtirganlarni turtib oʻtib, juvonning yoniga shoshdi.
— Zuhra, — dedi juvonni mahkam quchoqlab olarkan, — bormisan, nahotki, oʻzing!

U dugonasini sogʻinch bilan qucharkan, ularga qarab, jilmayib turgan yigitni endi payqadi. Zarifani unga razm solayotganini koʻrgan dugonasi:
— Tanish, xoʻjayinim, Sharof aka, — dedi jilmayib. Zarifa dugonasining turmush oʻrtogʻi bilan bosh irgʻab koʻrishdi. Bular esa joʻjalarim, — dedi sharaqlab kularkan Zuhra.

Zarifa haliyam uni shaddodligi qolmaganini payqab unga qoʻshildi.
— Joʻjalaring nechta?
— Hozircha uchta, bu katta qizim, yaqinda toʻrtinchi sinfga boradi, — dedi u oʻziga oʻxshagan qoracha, haligina Zarifaga gul bergan nozikkina qizaloqqa ishora qilib.
— Bular dadasini erkatoylari, Hasan-Husan, yaqinda maktabga chiqishadi. Tez ora yana bitta joʻja koʻz ochadi. Zuhra shunday deb yonida turgan turmush oʻrtogʻining yoqasini tuzatgan boʻlib, unga erkalanib qoʻydi.

Sharof ikki dugonani yolgʻiz qoldirish uchun bolalarini olib, ularga unchalik uzoq boʻlmagan oʻrindiqlar tomon ketdi. Zarifa ularning orqasidan havas bilan qarab qolarkan, — bolalaring darrov katta boʻp qolishibdi-a, — dedi oʻzi bilmagan holda.
— Ha, — dedi Zuhra ham jilmayib, — katta boʻp qolishdi.

Zuhra shunday deb undan koʻzini olmay oʻtirgan turmush oʻrtogʻiga qoʻl silkib qoʻydi. Ularga qarab oʻtirarkan, Zarifaning yuragida nimadir chirt-chirt uzildi. Ammo dugonasiga sir boy bermadi. Keng qulochlarini yoyib dugonasini yelkasidan quchdi.
— Namuncha ozgʻinsan, haliyam semirmabsan-a! — hazillashdi u.
— Sendaqa semiz boʻlgandan, ozgʻin boʻlgan yaxshi, — qolishmadi Zuhra ham. Ularning suhbatlari ancha davom etdi. Gʻoliblarni taqdirlash vaqti yetib kelgani uchun noiloj Zuhra bilan xayrlashib joyiga qaytdi. Ammo koʻz oldidan Zuhrani mamnun chehrasi ketmasdi. U taqdirlash marosimida hammadan balandda turib, uni olqishlayotgan odamlarga loqayd boqib turar, har gal bayroqni yelkasiga solib, madhiya yangraganida bosh koʻtaradigan gʻurur bu safar qayoqqadir gʻoyib boʻlgandi. Zarifa shohsupaning eng yuqorisida turgan boʻlsa ham, maqtovlar koʻpaygan sari oʻzining yer tubiga kirib ketayotganday his qilar, koʻzlari shu tobda hech nimani ilgʻay olmas, faqatgina uzoqdan qoʻl silkiyotgan Zuhra va uning turmush oʻrtogʻini, ularning xuddi bir tomchi suvdek oʻxshash egizaklarini-yu, boʻychan qizini koʻrib turardi.

...Otasi uning poyqadamiga hovliga kirmasdanoq katta qoʻchqor yumalatdi. Qarindosh-urugʻ, mahalla-koʻy yigʻildi. Hamma uni gʻolibligi bilan tabriklardi. Zarifa esa hammasiga hissiz boqar, uning uchun hammasi bema’nilik boʻlib tuyular, hamma uy-uyiga tarqalib, tezroq yolgʻiz qolishni xohlardi. Nihoyat, hamma dabdabalar tugab, faqat yaqinlari qoldi.

Butun oila dasturxon atrofida yigʻildi. Oilasidagilar unga qanchalik hurmat koʻrgizishsa, u oʻzini shuncha yolgʻiz, notavon sezar, yaqinlari unga xuddi chetdan kelgan odamga qarashayotgandek tuyulardi. Uning butun vujudini anglab boʻlmas bir tundlik qamrab olgandi. Ovqatdan keyin otasi «taom haqi», deb fotiha oʻqidi. Fotiha oʻqirkan, Zarifani «martabang bundanam ulugʻ boʻlsin», deya duo qildi. Zarifaning ichida nimadir gʻimirladi. Uning «Undan koʻra baxtli boʻl, desangiz boʻlmaydimi, ota«, degisi keldi-yu, ammo buni tiliga chiqarolmadi. Dasturxon yigʻishtirib olingandan keyin ham oʻtirgan joyida oʻtirib qoldi. Uning ichini qamrab olgan tundlik endi tashqarisiga ham koʻchgandi. Buni koʻrib bezovtalangan onasining savoliga mingʻirlab javob bergan boʻldi-yu, xonasiga yoʻnaldi. Toʻshagini yozib, oʻzini oʻringa tashladi. Oʻzini chidab boʻlmas darajada lanj sezdi, ich-ichidan qandaydir gʻashlik qaynab chiqardi. Charchaganiga qaramasdan kechasi bilan uxlayolmay, tongga yaqin koʻzi ilindi. Koʻzini ochganida boshi loʻqillab ogʻrir, qimirlashga holi yoʻq edi. Oʻtib ketar, degan ilinjda koʻzini yumib qancha yotdi, bilmadi. Bir mahal onasining »qizim», degan ovozidan koʻzini ochdi.
— Turdingmi, qizim?
— Ha,— dedi bilinar-bilinmas Zarifa.
— Turaqol, soat oʻn birga yaqinlashdi, choyingni ichib ol. Toʻyga chiqmaysanmi?
— Qanaqa toʻy?
— Ochil qoʻshni qizini uzatayapti-ku!
— Nilufarnimi?

Onasi «ha» ishorasini qilib boshini qimirlatdi.
— Kimga?
— Safar qassobning sen bilan oʻqigan oʻgʻli bor edi-ku, oʻshanga.
— Sobirgami?

Zarifani oʻzi bilmagan holda ovozi titrab ketdi. Koʻz oldiga uning mushtidan oppoq koʻylagi qonga boʻyalgan sinfdoshi keldi. Esida, bolaligida har doim Sobir bilan oʻynardi. Sobir novchagina, muloyim, qizlarnikiday katta-katta koʻzlari pirpirab turadigan bola edi. U har doim Zarifa qaerga borsa unga ergashib yurar, oʻzicha bezori bolalardan himoya qilardi. Uning bu harakatlari Zarifaning kulgusini qistatar, uni «shlanka» deb mazax qilardi. Shu taxlit yillar oʻtdi. Oʻshanda maktabning bitiruv kechasi edi. Davrada qizlar bilan raqs tushayotgan Zarifani Sobir chetda turib kiprik qoqmay kuzatardi. Qiz shoʻxlik qilib, unga koʻz qisib qoʻyar, im qoqib, bu yoqqa kelsang-chi, ishorasini qilardi. Ammo Sobir qilt etmasdan unga tikilib turaverdi. Nihoyat musiqa ham tindi. Qizlar asta-sekin davradan chiqa boshlashdi. Shu payt oxirda kelayotgan Zarifaning qoʻlidan Sobir sekin ushladi.
— Zarifa, — dedi u. — Men senga bugun bir gap aytmoqchiman.
— Boʻpti, ikki gap eshitaman, — hazil qildi Zarifa qoʻlini tortib olarkan.
— Men senga jiddiy gapiryapman, — Sobirning ovozi qaltirab ketdi. Uni bunday holatda koʻrmagan Zarifa angrayib qoldi. Hammaning nigohi ularga qadalgandi.
— Bu gapni senga hammaning oldida aytmoqchiman.

Zarifa beixtiyor atrofiga alangladi. Atrofdagilar ularni miq etmay kuzatishardi. Sukutni Sobirning ovozi buzdi.
— Zarifa, seni yaxshi koʻraman. Senga sovchi qoʻymoqchiman.

Sobirning bu gapi Zarifaga erish tuyuldi. Birdaniga qah-qah otib kulib yubordi. Sobir u tomonga bir qadam tashlab, qizning bilagidan ushlash uchun yana qoʻlini choʻzdi. Zarifa bunday boʻlishini kutmagani uchun Sobirni yuziga musht tushirganini oʻzi sezmay qoldi. U burnini ushlayotgan sinfdoshiga ham e’tibor bermay, uyiga joʻnab qoldi. Shundan keyin umuman Sobirning yuziga qaramadi. Sobir esa hadeb uning yoʻlini poylar, Zarifaga ilinjga oʻxshash ma’yuslik bilan tikilar, Zarifa esa bunga e’tibor qilmas, uning butun fikru xayoli ketma-ket boʻlayotgan musobaqalar-u, qanday boʻlmasin gʻoliblikni qoʻlga kiritish bilan band edi.
— Turmaysanmi, nima boʻldi senga?

Zarifa xayol bilan boʻlib tepasida turgan onasini unutib qoʻygandi.
— Turgim kelmayapti, yana biroz yotay.
— Mayli, boʻlmasa men toʻyga chiqib kelaman.

Onasi shunday dedi-da, chiqib ketdi. Zarifa onasi chiqib ketgandan keyin ham biroz koʻzini yumib, xayolga choʻmib yotdi. Koʻcha tarafda qattiq angillagan itning ovozidan oʻziga kelib, oʻrnidan turdi. Koʻrpa-toʻshagini yigʻishtirib hovliga chiqdi. Toza havodan oʻpkasini toʻldirib nafas oldi, oʻzida biroz yengillik sezdi. Muzday suvda yuz-qoʻlini yuvib, onasi damlab ketgan, sovub ulgurgan choydan bir piyola ichgan boʻldi. Hovli aylanib, ariq boʻyiga ekilgan rayhonlarni tebratdi. Havoga taralgan muattar boʻylardan bahri-dili ochilganday boʻldi, ruhida biroz yengillik sezdi. Xonasiga qaytib oʻzini koʻzguga solib, kalta qilib qirqilgan sochlarini tarab, oʻziga oro berdi. Xonasini naridan-beri yigʻishtirib, mehmonxonaga oʻtdi. Mehmonxona did bilan bezatilgan. Bu yerda chinni idishlardan tortib, noyob haykalchalargacha topiladi. Zarifa bu buyumlar har doim koʻzining oldida tursa ham, yana bir tomosha qilgisi kelib, mehmonxona toʻrida yasatilgan shifoner tomon yurdi. Bu yerda uning turli musobaqalarda olgan sovrinlari, oltin-kumush medallari joy olgandi. Sovrinlar tartib bilan taxlangan, yonlarida diplomlari ham qoʻyilgandi. Zarifa ularni bir-bir tomosha qilarkan, koʻcha tarafdan yangalarning yor-yor aytgan ovozlari eshitildi. Zarifaning vujudiga uni tark etganiga koʻp boʻlmagan oʻsha dard qaytib kirdi. Yuragining qaeridir simillab ogʻridi. Koʻz oldida chek-chegarasi yoʻq boʻshliq paydo boʻldi. Beixtiyor uning qoʻllari musht boʻlib tugildi va oʻzi bilmagan holda shifonerga qarsillab urildi. Qator qilib terilgan narsalar esa gilamga sochilib ketdi. Zarifa shifoner oldida taxtaday qotib turar, sochilib yotgan sovrinlarga loqayd boqar, unga oʻsha oʻy-xayollar yaqinlashar, yor-yor sadolari esa tobora uzoqlashardi.