OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGoʻzaloy Solih
Asar nomiShaharlik qiz (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Goʻzaloy Solih
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shaharlik qiz (hikoya)
Goʻzaloy Solih

Peshin. Hali bahorning bir necha kunlik haqi boʻlishiga qaramay havodan yoz nafasi keladi. Qayragʻoch tagidagi soʻrida onam koʻrpa qaviyapti. Uy biqinida olapar itimiz til osiltirib mudrayapti. Oʻzi qop-qorayu, negadir unga otam olapar deb nom bergan, biz ham shunga oʻrganganmiz. Bir safar dugonam Dilfuz «itingning nomi olapar emas qoraxonmi, qoravoymi boʻlishi kerak« degandi oʻzicha bilagʻonlik qilib. Men ham uning gapiga kirib qoraxon, qoraxon deb javrayverganimdan otamdan dakki eshitganman. Aslini olganda oʻzi har doim shunaqa, yangilikni Dilfuz topadiyu, oʻrganish esa mendan. Mana yaqinda xolasinikiga mehmonga borib, »besh tosh» degan gʻalati oʻyinni topib keldi. Shundan beri bedana tuxumidekkina beshta siyqa tosh qoʻlimizdan tushmaydi. Oʻrganib qolganman-da. Dilfuz ham hovlimizga ertalab kelsa kechqurun ketadi. Hozir ham soʻri yonida qoʻlidagi toshlarni har zamonda shaqirlatib meni kutayapti. Oʻzimga qolsa allaqachon Dilfuz bilan oʻynayotgan boʻlardim, ammo noiloj. Ipni uchini tupuklab toʻgʻrilab ignaga oʻtkazarkanman, qoʻshnimiz Zulxumor xola kirib keldi. Bu gapdon xolani yoqtirmasam ham, hozir juda yaxshi koʻrib ketdim.
— Hormang-ov, ovsin, — dedi u biz tarafga semizligidan harsillab qadam tashlab kelarkan.
— Bor boʻling-ov, keling, qoʻshni, — deya onam oʻrnidan turishga hozirlandi.
— Siqilib ketdim, shunga bir oldingizga chiqay degandim.
— Yaxshi qilibsiz, oʻzimam zerikayotgandim,— onam joyidan qoʻzgʻalib u bilan koʻrishdi. Zulxumor xolani kelganidan foydalanib sekin oʻrnimdan turdim-da, Dilfuzga ketdik imosini qildim. Onamning koʻzini shamgʻalat qilib hovli etagidagi bogʻning toʻriga chopib ketdik. Bizning oʻynaydigan joyimiz bogʻimizni toʻridagi katta tut daraxtining tagi edi. Mevasining har donasi boshmoldoqday keladigan tut shoxlarining yarmi bizning hovlimizda qolgan boʻlsa, yarmi Xadicha xolalarni hovlisiga oʻtib ketgandi. Daraxt tagiga borganimizdan keyin Dilfuz yerga tappa oʻtirdi. Uning yoniga choʻkkaladim-da, yuzi poʻrsib turgan yerni qoʻlim bilan supurdim. Koʻtarilgan quyuq changni haydash uchun qoʻlimni bir-ikki oborib-obkelib, toshlarni yoydim. Dilfuz xuddi hech qachon koʻrmagan narsasini koʻrayotganday koʻzlarini katta-katta ochib:
— Aytgancha, Xadicha xolanikiga kelgan shaharlik qizni koʻrdingmi? Oyim rosa maqtadi, sochlari uzunmish-a! — dedi menga savolomuz tikilib.

Koʻz oldimga pushti rang koʻylak kiyib yuradigan, oppoq qiz keldi.
— Ha, — dedim maqtangannamo,— men uni har kuni koʻraman.
— Rostdanmi!?
— Ha, rost.
— Rostdan ham sochlari uzunmi?
— Sochlari uzu-un, koʻylagi mana bu yeriga keladi,— Oʻrnimdan turib tizzamdan pastrogʻini koʻrsatdim,— ish qilsa koʻylagining ustidan etakband bogʻlab yuradi.
— U bilan gaplashdingmi? — hayratini yashirolmay soʻradi Dilfuz.
— Gaplashmadimu...
— Nima qilding, birga oʻynadinglarmi,— ichi qizidi uning.
— Birga oʻynamadig-u, — chaynaldim,— lekin uni har kuni koʻraman.
— Qanday koʻrasan?
— Koʻrishni xoxlaysanmi, yur uni koʻrsataman.

Oʻrnimdan turib tutga chiqa boshladim.
— Qayoqqa?— hayron boʻldi Dilfuz.

Unga qaramasdan chiq ishorasini qildim. Dilfuz bir pas angrayib turdi-da, shoxlarga osilib izimdan tirmashdi. Yirik shoxlar kesishgan joyga oʻrnashib oʻtirib oldim. Bu yerdan Xadicha xolani, hovlisi kaftdek koʻrinib turardi. Xadicha xola oʻzini yelpigʻich bilan yelpib oʻtirar, shaharlik qiz hovli supurardi.
— Shumi shaharlik qiz? — soʻradi yonimga kelib oʻrnashgan Dilfuz.
— Ha,— dedim sekin shivirlab, xuddi shaharlik qiz eshitib qoladiganday.

Ammo shaharlik qiz oʻz yumushi bilan band edi. U boshiga yangi kelinchaklarday roʻmol oʻrab olgan, roʻmol tagidan qora, quyuq sochlari chiqib turardi. U hovlini supurib boʻlib, bir chekkada turgan paqirni oldi. Hovli etagidan oqib oʻtadigan ariqdan suv olib, supurilgan joyga maydalab sepa boshladi. Uning qoʻllari tez harakatlanar, suv parchalari quyosh nurida jilolanib bir tekis yerga yoyilardi. Shaharlik qiz hovlining yarmiga borganida qaerdandir mushuk bolasi kelib, uning oyogʻiga suykaldi. Shaharlik qiz paqirni yerga qoʻydi-da, mushuk bolasini qoʻliga olib, uning boshini mehr bilan siladi. Keyin uni soʻri ustiga qoʻyib, ishini davom ettirdi. U zumda hovliga suv sepib boʻlib, qoʻlini etakbandiga artgancha, dorga yoyilgan kiyimlar tomon yurdi. Ularni yigʻishtirib olib, hafsala bilan taxlay boshladi. Aftidan kiyimlarni ham uning oʻzi yuvgandi. Men uning chaqqon harakatlarini kuzatib turarkanman, Dilfuz yengimdan tortdi.
— Yur, tushaylik, zerikib ketdim, yaxshisi oʻynaylik.

Zumda oʻzimizning maydonimizga qaytib, oʻyinimizni boshladik. Bilmadim, oradan qancha vaqt oʻtdi. Bir payt onamning «qizim-u» degan ovozi eshitilganday boʻldi.
— Onammi?— Dilfuzga savol nazari bilan qaradim. U bir zum atrofga quloq solib turdi-da, yelkasini qisdi. Parvo qilmay oʻyinga mashgʻul boʻlib ketdik. Bir ozdan keyin yana shu ovoz eshitildi.
— Onam,— Oʻrnimdan sakrab turib soʻri tarafga yugurib ketdim.
— Qaerda yuribsan, yana tut tagidamisan?—jahli chiqdi onamning.

Zulxumor xolaning yonida urishayotgani uchun yer tagidan onamga xoʻmraydim.

Tumtayib turganimni koʻrib, onamning battar zardasi qaynadi.
— Xoʻmraymasdan ichishga suv olib kel.

Indamasdan oshxona tarafga qarab yurdim. Shangilda suv obchiqar ekanman, hovlining eshigi ochilib Xadicha xolaning qorasi koʻrindi.

— Hali buyoqdamidingiz, sizni qidirib chiqayotgandim, — dedi Zulxumor xolaga qarab.

— Keling, shu yoqdaman, hashar qilayapman,— tabassum qildi Zulxumor xola. 

— Keling siz ham hasharga, mundoq chiqay demaysiz,— Oʻpkalagan boʻldi onam.

— Mana, chiqayapman-ku, qulluq boʻlsin, koʻrpa chiroyli chiqayapti, — dedi Xadicha xola soʻriga kelib oʻtirarkan. Keyin qoʻltigʻidan yangi tikilgan atlas koʻylakni olib yoydi. Atlas koʻylak oftobda yaltillab ketdi. 

— Voy, buncha chiroyli tikibdi,— hayratini yashirolmadi Zulxumor xola,— toʻgʻrisi, bunchalik yaxshi tikadi deb oʻylamagandim. Qoʻli dard koʻrmasin.
— Ha, juda chiroyli chiqibdi, menga ham tikib berar¬mikan, — dedi onam koʻylakni u yoq-bu yogʻini aylantirib koʻrarkan.
— Voy, tikib beradi, qoʻshni, Ra’noxon bunaqa ishlardan sirayam qochmaydi.

Gap shaharlik qiz toʻgʻrisida ketayotganini darrov angladim.
— Mana, Zulxumorga tikib berdi, — davom etdi Xadicha xola, — qoʻshni mahalladan ikkita ayol keluvdi. Ulargayam tikib berdi. Mengayam tikib berdi, chiqsangiz koʻrsataman. Uyam juda chiroyli chiqdi. Zulxumorni koʻylagini ertalab bitkazuvdi, endi shirinlik pishirib bermoqchi. Shunga siznikiga elakka chiquvdim. Oʻzimiznikini hech topolmayapman, bilmayman, nima qilganman.
— Nima qilmoqchi, tortmi?— soʻradi Zulxumor xola.
— Bilmadim, turkcha pishiriq dedi shekilli, nomi qanaqaydiya, — u peshonasini tirishtirib menga yuzlandi, — nima deb atalardi, sen bilmaysanmi?

Koʻylakdan koʻz uzmay unga javoban yelka qisdim.
— Bu qaerdanam biladi, kuni oʻyin oʻynash bilan oʻtadi, — meni oʻrnimga javob berdi onam, keyin menga oʻgirilib:— Koʻrdingmi, sen tengi qizni nima ishlar qilayotganini, bor elakni olib chiq, — dedi jerkib. Oshxonadan elakni olib chiqib, Xadicha xolaga tutdim. Onamni ular bilan andormon boʻlayotganidan foydalanib yana tut tagiga chopdim.

Ertasi kuni Xadicha xola elakka qoʻshib, salofan xaltada pishiriq olib chiqdi. Onamdan ulushimni olib yana tut tagiga yugurdim. Shirinlikni Dilfuz bilan taqsimlab yedik. Ustiga yongʻoq qadalgan pishiriq ogʻzimda xuddi muzqaymoqdek eridi.

Kechqurun Zulxumor xolanikiga mehmonlar keldi. Hamma bola-baqra Zulxumor xolalar uyi oldida. Hamma oʻz tengilari bilan qandaydir oʻyin bilan mashgʻul. Oʻgʻil bolalar urush-urush oʻynagan, ayrimlar yashinmachoq, biz ham qizlar bilan aylana boʻlib oʻtirib besh tosh oʻynashga kirishgandik. Bir mahal yonimda oʻtirgan Madrim muallimning qizi Iqbol biqinimga turtdi.
— Qara, televizorda koʻrsatgan, biologiyadan birinchilikni olgan qiz, — dedi darvozaga suyangancha oʻynayotganlarni kuzatayotgan shaharlik qizni koʻrsatib.
— Yoʻgʻ-e, — dedim ishonqiramay, — rostdanam televizorda chiqqanmi?
— Ha, dadam aytdilar. Yana aytdilarki, bu qiz oʻzbek tilidan tashqari uchta chet tilini bilarkan.

Bir shaharlik qizga, bir unga qarab qoʻyarkanman, bu gaplarni eshitib shaharlik qizga havasim kelib ketdi. Shaharlik qiz bizning oʻzi haqda gaplashayotganimizni sezdi shekilli, yon-veriga qarab oʻngʻaysizlandi. Ammo lahza oʻtmay oʻzini tutib olib, biz tarafga qarab turaverdi. Uning boqishlarida ilinjga oʻxshagan iztirob bor edi. Uning biz bilan oʻynagisi kelayapti deb oʻyladim. «Bu yoqqa kel» imosini qilib unga qoʻl silkidim. Mening qoʻl silkiganimni koʻrib, qizlar ham uni chaqira boshlashdi. Shaharlik qiz nima qilarini bilmay dovdirab turdi-da, ikkilanib biz tarafga kela boshladi.
— Kel, biz bilan oʻynaysanmi? — dedi Dilfuz unga qarab. Shaharlik qiz «ha» ma’nosida boshini qimirlatdi.
— Oʻtir, oʻynashni bilasanmi?
— Yoʻq, — dedi shaharlik qiz koʻzlarini pirpiratib, Dilfuz koʻrsatgan joyga oʻtirarkan.
— Mana, qara,— dedi Dilfuz qoʻlidagi toshlarni koʻrsatib, — shunaqa beshta tosh boʻladi, shuning uchun oʻyinning otiyam besh tosh. Hozir mening olti ochkom bor, yana mening galim, men oʻynayman, qarab oʻtirsang oʻrganasan. Galing kelganda birlikdan boshlab oʻynaysan.

Dilfuz shunday deb oʻyinni davom ettirdi. Gal shaharlik qizga keldi. U qoʻliga toshlarni olib, oʻylanib qoldi. Dilfuz boshqattan toshni qoʻliga olib bir boshdan koʻrsatib berdi. Shaharlik qiz yana turib qoldi. Dilfuz uning holatini koʻrib:
— Kelinglar, yaxshisi kartchka-kartchka oʻynaymiz, — dedi. Keyin shaharlik qizga qaradi: — Sen bilasanmi?

Shaharlik qiz boshini sarak-sarak qilib «yoʻq» ishorasini qildi.
— Oq terakni-chi?
— Yoʻq.
— Oʻrtaga tusharni-chi?
— Yoʻq.
— Gʻoz va boʻrilarni?
— Yoʻq.
— Nimani bilasan oʻzi? — Dilfuzning achchigʻi chiqdi.

Shaharlik qiz qoʻlidagi toshga qarab jim qoldi. Uning turishini koʻrib rahmim keldi. Yaxshisi besh toshni oʻynayveraylik, shu yaxshi, oʻrganib ketadi dedim Dilfuzga qarab. Yana qizlar bilan aylana boʻlib oʻtirib oldik.
— Qara, — dedim shaharlik qizga. — Oldin birlarni oʻynaysan, keyin ikkilik, keyin uchlik, keyin toʻrtlik, keyin final, keyin super final, unda toshlarni osmonga otib qoʻlingning orqasi bilan tutib olasan, qancha tutib olsang, shuncha ochko olgan boʻlasan, tushundingmi?

U menga xuddi partadoshim Sharifga oʻxshab qarab turar, Sharifga matematikadan qancha oʻrgatmay, tushundim deganday boshini qimirlatib qoʻyar, gal misol yechishga kelganda qanday edi deb soʻrardi. Shaharlik qiz ham xuddi Sharifga oʻxshab boshini qimirlatdi. Shundan keyin oʻyinni boshladik. Gal aylanib unga keldi. U qoʻliga toshni oldi-da, turib qoldi. Uni toʻxtab qolganini koʻrib, boshlasang-chi, dedim qistab. U shoshirganimdan keyin xuddi oʻyinni boshlamoqchiday toshlarni ajratdi, qoʻshdi, yana ajratdi. Keyin toshlarni hammasini bir qilib qisimladi, qoʻl tomirlari boʻrtib ketdi. Toshlardan shaqirlagan ovoz chiqdi. U shu holicha bir pas turdi-da, qanday edi deganday yana menga qaradi. Men qolib oʻrnimga qizlar chuvillashib ketishdi.
— Shuniyam bilmaysanmi... mana bunaqa boʻladi... qara, bunaqa qilasan...osmonga bunday otasan...haliyam oʻrganmadingmi...oʻzi oʻyin oʻynab koʻrganmisan...

Shaharlik qiz har tarafdan chuvillashayotgan qizlarga bir-bir alangladi-da, birdaniga yuzini berkitib yigʻlab yubordi. Keyin oʻrnidan turdi va hovliga chopib kirib ketdi. Shaharlik qizning izidan qarab qolarkanmiz, uning nima uchun yigʻlaganini bilolmay, bir-birimizga qarab yelka qisib qoʻya qoldik.