OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGoderdzi Choxeli
Asar nomiArchalarga xat (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Gruzin adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Goderdzi Choxeli
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonFayzi Shohismoil (Rus tilidan)
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Archalarga xat (hikoya)
Goderdzi Choxeli

Jgunai qoʻrqib koʻzini ochdi – uni tushlar qiynab yuborgandi.

Dovdiraganicha koʻrpaga oʻtirdi, tungi arvohlar unga tinchlik bermasdi. Oʻrnidan turdi, yalang oyoqlarini loylari qurib qolgan etikka tiqdi-da, soʻqmoq bilan Berining uyiga qarab yurdi.

Quyosh sharqiy ufqning chekkasidan ancha koʻtarilgandi. Qoʻshni ayollar Berining uyi oldida toʻplanib nima haqdadir shivirlashishardi. Berining xotini ularning yonida edi. U kaftini iyagiga tiraganicha uyining derazasi tomon tez-tez qarab, ogʻir uflab qoʻyardi.

Ertalabki sukunatni chetan devor ustida oʻtirgan qargʻa buzdi.

Uning qagʻillashi, yaxshilikka emasdi.
– E qagʻillamay oʻl!
– «Qar»ing bilan qotib qolgin, iloyim!– qargʻashdi ayollar qargʻa tomonga musht oʻqtalib.

Jgunai chetan devor orasidan bir qoziqni sugʻurib oldi-da, qargʻaga qarab otdi. U uchib, uylardan birining tomiga borib qoʻndi. Jgunai chetan devor yoqalab pisib bordi-da, boʻynini choʻzib «qar-qar»layotgan qushga tosh otdi. Qargʻa qanot qoqib koʻkka koʻtarildi-yu, olisga uchib ketmadi. Jgunai qargʻaga qarab tufladi-da, ayollarning yoniga bordi.
– Ahvoli qanday?– soʻradi u Berining xotinidan.
– Kechasi yana yuragi xuruj qilib qoldi.
– Ukol qilishdimi?
– Koʻnmayapti.
– Sal-pal boʻlsayam qurib qoldimi?
– Quriyapti, lekin nima foyda... Uning qurishiga oʻzi yoʻl qoʻymayapti, achinayapti. Balki oʻzi ham oʻsha bilan qurib tugaydi.
– Doʻxtir keldimi?
– Ertalabdan shu yerda.
– Nima deyapti?
– Ukol qildirishga koʻndirmoqchi boʻlayapti. U boʻlsa oyoq tirab turibdi, na unga koʻnadi, na bunga.
– Yana nima yozib berishdi?
– Hozircha hech narsa. Doʻxtir yonida, gaplashyapti,– dedi Berining xotini boshi bilan uy tomonga ishora qilib.

Jgunai ichkari kirdi.

Beri karavotda, oyoqlarini osiltirgancha oʻtiribdi. Koʻylagi oʻng yelkasigacha kiyilgan, u yerdan niholning igna bargli uchi koʻrinib turibdi. Yalang oyoqlarini tuproq bilan koʻmgan Beri ularga suv quymoqda.
– Bunaqa qilma Beri, shamollab qolasan, oʻzingni xarob qilma,– iltijo qiladi uvoqqina, toʻladan kelgan oltmish yashar ayol – doʻxtir, barcha gudamakarliklarning xaloskor farishtasi.
– Menga qara, oyoqni yerga koʻmishni qayoqdan oʻylab topding? Shu kasal yuraging bilan-a!
– Yuragim kutib turadi. Uning esa ayni payti,– dedi Beri yelkasida oʻsayotgan archaga koʻzini qisganicha qarab.
– Menga qara, nega tushunmaysan, agar sen oʻlib qolsang, oʻz-oʻzidan archang ham qurib qoladi. Ukol qildir, oʻjarlik qilma.
– Ukoldan yanada tezroq soʻladi, qara, bargchalari sargʻaymoqda.

Beri oyoqlari koʻmilgan tuproqqa yana suv quydi.

Xonaga notanish kishi kirib, salomlashdi.
– Va alaykum assalom,– dedi Beri va sigaretga imo qildi: – Oʻchir uningni. Tamaki tutuni yuragimga zararli.

Notanish kishi sigaretni oʻchirdi va oʻzini tanishtirdi:
– Men shu yerdagi maktabga oʻqituvchi qilib tayinlandim. Joʻgʻrofiyani oʻqitaman. Siz bilan yuz bergan voqea meni qiziqtirib qoldi. Shuning uchun keldim. Juda hayratdaman. Inson tanasidan archa oʻsib chiqishi!.. Moʻ‘jiza bu, boshqa narsa emas. Bu hodisani chuqurroq oʻrganish kerak..
– Nimasini oʻrganish kerak, unib chiqdi, bor gap shu,– dedi Beri.
– Nima, siz oʻrganish kerakmas demoqchimisiz?! Menga aytishlaricha, siz shu archa bilan goʻdak misoli muomala qilayotgan ekansiz. Hayotingizni oʻz ixtiyoringiz bilan xavfga qoʻymoqdasiz. Bu erkato-yingizga zarar yetkazmasin deb, hech qanday dori qabul qilmayotgan ekansiz. Bunday noyob hodisani oʻrganmay boʻladimi? Nima deb oʻylaysiz, bu otalik tuygʻusi sizda qanday paydo boʻldi?
– Menda bola – farzand yoʻq,– dedi Beri va yana sigaretga ishora qildi. Oʻqituvchi oldingisini oʻchirib tashlagan boʻlsa-da, yana yondirib cheka boshlagandi.– Bu yerda chekmang, iltimos sizdan.
– Kechirasiz, esimdan chiqibdi. Ha, yana, men sizga shuni aytmoqchiydimki, faqat xotiningiz gapi uchun aytayotganim yoʻq buni, oʻzim shunday deb oʻylayman: Siz ukol qildirishingiz kerak, aks holda yuragingizni davolay olmaysiz. Archa, bilsangiz, azizim, son-sanoqsiz oʻsib yotibdi, siz boʻlsangiz bitta kichkinagina archani deb...
– Agar u sizning yelkangizdan oʻsib chiqqanida nima qilardingiz?– soʻradi Beri.
– Agar mening yuragim ham siznikiga oʻxshab kasal boʻlganida, oʻz sogʻligʻimni oʻylardim, dori-darmonni rad etmasdim. Siz boʻlsangiz hayotingizni xavfga qoʻyapsiz, agar bilsangiz, bu qiligʻingiz bilan xudoga shak keltirayapsiz.
– Nima, bu archa tirik mavjudot emasmi?!– dedi Beri.
– Bu archa, baribir ertaga qurib qoladi.
– Balki qurib qolmas,– dedi Beri va oʻrnidan turdi.
– Qayoqqa?– soʻradi Jgunai.
– U bilan biroz aylanib kelay, u chindan ham qurib qolishi mumkin.
– Yurak dorisidan ozgina ichib ol hech boʻlmasa,– iltimos qildi doʻxtir.

Unga hech narsa demay, archa bilan eshik kesakisiga tegib ketmaslik uchun Beri qiya ochiq turgan tor qopqa oraligʻidan ehtiyot boʻlib tashqari chiqdi.
– Siz xudoga ishonasizmi?– soʻradi doʻxtir muallimdan.

U dovdirab qoldi.
– Yoʻgʻ-e, bu shunday bir gap kelib qoldi-da. Gʻaroyib voqea, inson tanasidan archa oʻsib chiqsa-ya. U odam badanida nima qilib yuribdi. Bunday oʻylab qarasang, ishonmasdan ilojing yoʻq!
– Urush paytida yarador boʻlib oʻrmonda yotgan ekan, archa changi ochiq yarasiga tushibdi, –tushuntirdi doʻxtir.
– Nima deysiz, doʻxtir, unga yordam berib boʻladimi?– soʻradi muallim.
– Nihol qurishi uchun unga ukol qilishga muvaffaq boʻlinsa... Uni koʻndirish kerak.
– Qanday koʻndirasiz, axir, oʻzi unga biror kor-hol boʻlmasin, zarar yetmasin deb, kechasi bilan uxlamay chiqadi-ku, chaqaloqday avaylaydi.
– Biroq, davolash shart. Yuragi bardosh berolmasligi mumkin,– dedi qat’iyat bilan doʻxtir.

Beri avvalo siyrak oʻrmonda, yongʻoqzor oralab sayr qilib yurdi. Keyin shamshodzorda havo archaga shifobaxsh boʻlishi mumkin degan qarorga kelib, tepaga qarab koʻtarila boshladi.

Yoʻlda unga oʻrmon xodimi uchradi.
– Nima, quriyaptimi?– soʻradi u.
– Ha, negadir sargʻaymoqda.
– Yuraging bezovta boʻlayotganini aytmaysanmi?
– Ha, gapirmang!
– Nima ham derdim! Bizning tuprogʻimizda, senga aytsam, asrlar boʻyi oʻsmagandi, mana seni birdan Tangri archa bilan taqdirlab oʻtiribdi! Berganiga yarasha bola bersa boʻlmasmidi, kelib-kelib archa...
– Menga archa ham yaxshi, faqat qurib qolmasa boʻlgani.
– Senga hayron boʻlaman-da, shu archaning nimasi yaxshi, mana uning oʻrnida gilos oʻsib chiqqanida boshqa gap edi: mevasidan bahramand boʻlarding. Archadan ne naf?
– Men shikoyat qilayotganim yoʻq,– e’tiroz bildirdi Beri.
– Kim biladi deysan, balki sen haqdirsan. Eshitishimcha, archa soʻtasidan oshqozon ogʻrigʻini qoldiradigan dori tayyorlasharkan. Bu me’dam bilan juda qiynalib ketdim, senga aytsam. Bizning oʻrmonda esa qoraqayinu zarangdan boshqasi oʻsmaydi. Soʻtani qayerdan olamiz. Bir odamgarchilik qilgin, agar sening archang qurimay, oʻsib soʻta tugsa dastlabki soʻtasini ber, davolanish uchun, yoʻq dema.

Beri oʻrmonchiga birinchi soʻtani va’da berdi-yu, yoʻlida davom etdi.

Doʻnglikning tepasida u dam oldi.

Tevarak-atrof kimsasiz edi. Har safar Beri archa bilan aylangani chiqqanida, u aynan shu tepalikda dam olishni yaxshi koʻrardi.

Biroq oʻtirib nafasini rostlab olgach, Beri butalar ichiga kirdi. Beri shunday epchil yashirindiki, butalar ustida faqat archagina dikkayib turardi. U archaga moʻ‘jazgina qushcha kelib qoʻnguncha berkinib turdi. Qushcha niholning uchiga koʻnib olib, oʻz tilida nimadir, deb chugʻurladi-da, shoxdan-shoxga sakrab, uchdi-ketdi.

Qisqa muddatga mehmon boʻlgan qushchaning tashrifidan koʻngli yayragan Beri butalar orasidan chiqib, yana tepalikka koʻtarildi. Butun atrof kaftdek koʻrinib turardi. Pastda shovqin solganicha yashil qirgʻoqlarga urilib Aragvi oqardi. Oqim boʻylab quyiroqda, daryo dara tomon burilgan joyda katta qishloq yastanib yotardi; oʻsha qishloqda jamoa xoʻjaligining idorasi, eng koʻzga tashlanadigan bino – oppoq, baland, gʻishtin imorat.

Birdan Berini shirin xayol chulgʻadi: oʻsha idoraga borib, xoʻjalik raisidan ignabargli oʻrmonlar oʻsadigan qandaydir oʻlkaga yoʻllanma soʻrash istagi tugʻildi. Oʻsha yerda ehtimol uning archasi oʻsib ketar.

Beri bu imkoniyatdan shunday sevindiki, yurakdagi ogʻriqni ham unutib, pastga qarab chopib ketdi.

Rais oʻz xonasida ekan.
– Menga yoʻllanma kerak,– dedi Beri.
– Qanaqa yoʻllanma, qayoqqa?– hayron boʻldi rais.
– Ignabargli oʻrmoni bor tomonlarga.
– Oʻzimizda, shu yerda ish oshib-toshib yotibdi,– dedi rais.
– Bilaman,– javob berdi Beri.
– Bilganing yana ham yaxshi.
– Balki menga bitta topib berarsiz.
– Qayerdan olaman yoʻllanmani.
– Topib bering, menga judayam kerak.
– Namuncha yopishib olding. Menga qara, senga ukol qildirish uchun dori-darmon yozib berishdi. Nega rad etayapsan?
– Sen ham ularning gapini aytayapsanmi?
– Men oʻzim aytayapman, oʻjarlik qilma.
– Nima, u oʻsib chiqsa, men aybdormanmi?
– Koʻkardi! Oʻsib chiqdi! Oʻz yelkangda oʻrmon xoʻjaligi barpo etishning ayni vaqti, turli olmalar, yovvoyi noklar, meva-chevalar ekish payti. Keyin parrandalar ham paydo boʻladi. Keyin talon-tarojchilar, yogʻoch oʻgʻrilari, tashmachilar tanda qoʻyishadi. Shunda mening oldimga yugurib kelasan, maosh oladigan oʻrmon xodimi tayinla deb. Ha, uzumzorlarni esdan chiqarma, kuzda uzumlarni ezamiz, sharob ichamiz, yashash kerak-ku, axir... Menda yoʻllanma yoʻq, odamlarning boshini qotirib yurishni qoʻy, aytganlarini qil. Bu – mening shaxsiy fikrim: sugʻurib tashla oʻsha archangni.

Nima ham derdi? Beri idoradan indamay chiqdi va Aragvi oqimi boʻylab pastga qarab yurib ketdi.

Uchragan odamlardan Borjomi yoʻlini soʻrab boraverdi. Uning yelkasidagi archani koʻrganlar Beriga telbaga duch kelgandek qoʻrqa-pisa qarab-qarab qoʻyardilar.

Borjomida Berini mehmonxonaga kiritishmadi. Sanatoriyalarda esa begonalarga joy topilmadi.

Beri uzoq oʻylab oʻtirmadi, archazor oʻrmonda chayla qurib, u yerda kun boʻyi yelkasidagi archasi bilan sayr qilib yurdi.

Bir hafta oʻtar-oʻtmas archaga jon kirdi, koʻkarib, Berining yonoqlari yonida igna barglarini lipillatib qoldi.

Archa tez oʻsa boshladi. Koʻp oʻtmay, Beri uning ildizlari koʻkragiga chirmashayotganini his etdi. Endi u archaning oʻylarini eshitayotgandek, sezayotgandek, boshqa daraxtlar bilan nima haqda gaplashayotganini tushunayotgandek boʻldi. Endi unda ikkita qalb yashayotganini Beri his qila boshladi, ularning bir-biriga sirli intilishi uni qiynab yubordi.

Bir oydan soʻng Berining boshidan oshib, ancha toʻlishgan archa shoxlariga qushlar koʻnib sayray boshlashdi.

Beri xotinini sogʻindi.

Jgunaini koʻrgisi keldi.

Yelkasida anchagina boʻy choʻzib qolgan archasi bilan qishloq boʻylab yurgisi keldi. Oʻrmon xodimiga soʻtalar haqida bergan va’dasini unutmagandi.

U uyiga oʻrmonzor orqali borishga qaror qildi. Yoʻl-yoʻlakay odamlar bilan uchrashib qolishni istamagani uchun piyoda yurishni lozim topdi. Archalar bilan xayrlashdi-da, uyiga qaytdi.

«Archalarga xat!

Sizlarga qadrdon qishlogʻimdan yozayapman. Oʻzimni yaxshi his qilayapman. Aylangani tez-tez oʻrmonga chiqib turaman. Qishloqdoshlarim meni koʻrsalar teskari qarab oʻtmoqdalar. Gaplashmay qoʻydilar. Odamga oʻxshab gaplashadigan yagona kishi – oʻrmon xodimi. Men unga birinchi soʻtani berishni va’da qilganman. Aftidan ziqna odamga oʻxshaydi. Mening archa ekanimga sira koʻnikaolmayapti. Nega gilos boʻlib oʻsmading deb, ta’na qilgani-qilgan. Mevaga oʻch boʻlsa kerak-da.

Mana, bugun ham sayr qilib keldim. Xotinim hamisha yonimda yuradi. Yelkamdagi archa tanasi qayerdadir jar yoqasida meni pastga tortib ketmasin deb qoʻrqadi.

U taqdirga tan berdi.

Jgunai bizning qishloqdan koʻchib ketdi. Boshqa bu yerlarda hech koʻrinmadi. Uni juda ham sogʻinaman, avvallari biz qalin doʻst edik.

Ikki hafta burun toʻyda bir yosh qiz bilan raqsga tushdim. Biram chiroyli ediki, kelishgan, oʻrmonimizdagi archaga oʻxshaydi.

Qishlogʻimizda bitta ichadigan odam bor. Ichib oldi deguncha, boltani charxlaydi va toʻngʻillaydi:
– Hozir Berini chopib tashlayman! Berini chopib tashlayman!

Undan uzoqroq yurishga harakat qilaman.

Bilib boʻladimi, bolta bilan sermab qolsa bormi?

Oʻrmonimizdagi daraxtlar sargʻaya boshladi. Ular men yashilligimni yoʻqotmaganimga hayron boʻlishayapti. Hammadan ham mening bir joydan ikkinchi joyga koʻchib yurganim hayratga solayapti.

Ular meni osmondan tushgan deb oʻylashyapti, shekilli, izzat-hurmat qilishyapti.

Men ham sizlarga oʻxshab yerlikman desam, ishonishmaydi:
– Agar bizga oʻxshab yerdan unib chiqqan boʻlsang, nega bir joyda turmay, u yoqdan-bu yoqqa yurasan? Nega qishda kiyimingni yechib tashlamaysan, oʻzingning koʻrinmas barglaring bilan doimo yashil boʻlib turaverasan?

Ularga nima deyay?

Qanday tushuntiray?

Mana, zarang, shu daraxt biror narsa tushunishi mumkin, bosh-qalar mening soʻzimni inobatga olishmayapti.

Men oʻrmonni uyaltirishni, unda biror shubha tugʻdirishni istamayman. Uyoqqa bormasam yaxshi boʻlardi, bormasdan turolmayman. Oʻrmonning eng quyuq joyida yoshgina bir shamshod niholi oʻsayapti; agar uni bir kun koʻrmasam turolmayman. Men borganimda u shunaqa jonlanadiki, xuddi men bilan uchrashuvni oʻzi kutayotganiga oʻxshaydi. Biroq xotinim menga xoʻmrayadi va shamshodni chetlab oʻtaman. Odamning qoʻlidan har narsa keladi. Rafiqam bolta koʻtarib yurgan anavi aroqxoʻrni gijgijlamasa deb qoʻrqaman. Qandaydir qoraqayinni chopib tashlash ularga hech gapmas.

Hamyurtlarim ham daraxtlarga oʻxshab menga nisbatan yotsiray boshladilar. Qishloq chetida bir qariya yashaydi. Uning na xotini bor, na bolalari bor. Singlisi, ukasi ham yoʻq. Yakka moxovday. Avvallari iymon-e’tiqodi yoʻq odamday yashardi. Odamlardan uzlatga chekindi. Bir chekkada kulba tikladi, atrofiga devor urdi. Odamlar tashvishiyu quvonchlari unga begona edi.

Hozir u qarib-qartayib qolgan, qashshoqlik belini bukdi. Kishilar xudo rizosi unga non, suv berib ketishadi. Qurib, qoq suyak boʻlib qolgan tanasida qalbi umid hasratida charx uradi.

Oʻrmonga eltuvchi yoʻlim oʻsha cholning uyi yonidan oʻtadi. Har oʻtganimda tiz choʻkib, yuzini osmonga tikkancha oʻtirganini koʻraman. U nola qilib deydi:

Yonimga tush, xudoyim,
Qora yopinchigʻing bilan yop,
Koʻzlarimni koʻr qilgin,
Quloqlarim kar qilgin,
Mana tilim – uzib ol,
Tizzalarim boʻshashtir.
Qalbim qayra chalgʻi misoli,
Huzuringga ol meni?
Oʻzgartirgin turmush tarzimni.
Zero qalbim toliqdi butun,
Zulmat ichra charchadi tutqun.

Menga koʻzi tushdi deguncha titroq qoʻllarini menga choʻzadi:

Najotkordan men uchun soʻra,
Sen soʻray olasan, soʻra men uchun...

Ich-ichimdan achinaman bu odamga, dilim ogʻriydi, unga taskin berish uchun oʻtinch bilan koʻkka tikilaman va deyman:
– Kela qol, afv et! Kela qolgin, gunohidan oʻt uning.

Lekin najotkor kelmaydi.

Ortga surayapti...

Tunlari gʻalati-gʻalati tushlar koʻraman: Bir qarasam havoga koʻtarilib parvoz qilaman. Bir qarasam yerning qa’riga tushib, uning yuragi qanday urayotganiga quloq tutaman.

Yer insonga oʻxshab nafas oladi. Bir nafas oladi-da, keyin goh sekin, goh tez nafas chiqaradi. Men uning nafas olishini sezayotganga oʻxshayman.

Ba’zan shunaqa boʻladiki, tushimda uchayotgan paytlarimda oqim meni chetga surib ketadi va men olis-olislardan yerni kuzataman.

Chetdan turib qaraganda yerning qiyofasi boshqacha:

U chinakam tirik jon!
Daryolari – uning qon tomirlari.
Dengiz va ummonlar – oʻpkalaridir.
Oʻrmonlari unga nafas – davodir.
Qalbi uning toza havodir.
Yer bitta qiyofada –
Odam Ato hamda Momo Havodir.

Olisdan hamma narsa yerdan paydo boʻlayotgani va yana yerga qaytayotgani yaxshi koʻrinib turarkan...

Qani endi sizlar ham mening tushlarimni koʻrsangizu yerning qanaqa ekanligini bilsangiz.

Osmon-chi?

Men osmonga ham ishonaman, chunki yerga ishonaman. Va ehtimol, sizning har biringiz yerning zarrasi boʻlganingizdek, yer ham osmonning bir zarrasidir.

Sizni balki mening sogʻligʻim tashvishga solayotgandir. Bugun mening shoximga qoʻngan qorayaloq shunday yoqimli sayrab berdiki, yurak ogʻriqlari oʻz-oʻzidan esdan chiqib ketdi. Bu yerdagi oʻrmonda mendan boshqa archa yoʻq. Baland togʻdagi bir yalang maysazor menga juda yoqib qoldi, hadeb oʻsha yerga borgim, oʻsha rohatijon oʻlanda uzoq turgim kelaveradi. Shu yerdan bizning daramiz koʻzga juda yaxshi, yaqqol tashlanib turadi. Kechalari mening ildizlarim yer bagʻriga kirib borayotgandek tuyulaveradi.

Sizlarni juda sogʻindim. Barchangizni bagʻrimga bosib qolaman.

Beri».

Maktubdagi manzil:

«66733

Borjomi.

Ushbu xat archazor oʻrmonga tashlansin» deb yozilgan.

Qishga yaqin Berining yuragi borgan sari oʻzini koʻproq eslatib qoʻya boshladi.

Oqshomlarning birida u archaning ildizlari tizzasidan pastroqda oʻsib chiqqanini his etdi. Yuragi ogʻir zirqiradi.

Oydin tunda uydan chiqdi. Ogʻildan belkurakni oldi-da, tepalikka, toqqa yoʻl soldi.

Kech kuz edi.

Oʻrmondagi daraxtlar goʻyo istigʻfor qilayotgan bargsiz qoʻllarini koʻkka choʻzib turardilar.

Oʻrmon nazoratchisining chaylasi ortda qoldi. Yarim tunda oʻzi yoqtirib qolgan yalangga yetib bordi.

Chuqur oʻra kovlab, ichiga tushdi. Oʻrada turib, kovlangan tuproq bilan oʻzini beliga qadar koʻmdi.

Qaddini rostladi va shu koʻyi qotdi.

Beri eng keyin his etgan narsa shu boʻldiki, ikki tana bir-biriga tutashib, bir jinsli ajralmas, yaxlit vujudga aylandi, nozik ildizlari bilan yerga yopishdi.

Yerga ildiz otgan archaning birinchi his qilgan narsasi quyoshning yer uzra nur socha boshlagani edi.