OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGoderdzi Choxeli
Asar nomiBaliqdan maktub (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Gruzin adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Goderdzi Choxeli
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonFayzi Shohismoil (Rus tilidan)
Hajm26KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Baliqdan maktub (hikoya)
Goderdzi Choxeli

– Jonning na boshi bor, na oxiri,– dedi menga Gamixarda ketayotib va yoʻlida davom etdi.

Bir kun oldin undan: «Jon bormi oʻzi?» deb soʻragandim, lekin oʻshanda u javob bermagandi. Faqat, bilmayman, deganday yelkalarini qisib qoʻygandi. Kecha boʻlsa, soʻzma-soʻz: na boshi bor, na oxiri, dedi. Men hech narsa soʻraganim ham yoʻq edi, u pichan oʻrishga shoshayotgandi. Shoshganidan tushlik ovqati solingan xaltasini ham uyda esdan chiqaribdi. Kenja qizi orqasidan yugurib, yoʻlda qoʻliga tutqazdi.

Vaqt hali erta edi, tong yaxshi yorishmagandi ham. Koʻcha boshida paydo boʻlgan brigadir unga baqirib berdi:
– Yoʻl boʻlsin, Gamixarda, qayoqqa?
– Oʻrimga.
– Oʻrim-poʻrimni bilmayman, eshitdingmi? Qoʻylarning junini qirqish kerak! Qirqimga borasan?
– Menga pichanni kim oʻradi? Oʻzing bilasan-ku, uyda mendan boʻlak ishlaydigan erkak yoʻq.
– Qoʻy bu gaplarni, Gamixarda,– dedi brigadir oʻziga ishongan odam ohangida va menga qarab yurdi.

Gamixarda burildi-da jun qirqimiga emas, pichan oʻrimiga yoʻlida davom etdi.
– Gamixarda! – baqirdi brigadir.– Qayoqqa ketayapsan, a?
– Oʻrishga,– dedi Gamixarda qiyalikdan oshayotib.
– Qarab tur, Gamixarda, mendan koʻrasan hali,– doʻq qildi brigadir va menga yuzlandi: – Fermada qiladigan ishing yoʻq, eshitdingmi!
– Nega endi?
– Nega boʻlardi, odamlarni ishdan chalgʻitayapsan, nimalarnidir soʻrab-surishtirayapsan, yozib olayapsan...

Ikki kun burun fermaga kirib, qoʻylar junini qirqayotgan erkaklardan qalbning mavjudligi haqida qanday fikrda ekanliklarini soʻragandim. Bu haqda Gamixarda bilan gaplashganimda u menga javob bermagandi.

Juda sodda odam-da, bu Gamixarda. Ba’zan uni hamqishloqlari gʻarib deyishadi, bu balki uning qashshoq yashaganidandir. Gamixarda juda kambagʻal, halol mehnati bilan kun koʻradi. Xotini va bir-biridan kichik bolalarini bir oʻzi boqadi. Mana, oʻsha kuni ertalab uni koʻrdim-u, yuragim achishib ketdi. Pichan oʻrimiga ketayotib nonushtani olmaganimi yoki qizchasining uning orqasidan yugurayotganimi, baribir, buni koʻrib rahmim kelib ketdi. Nega shunday ekanini bilmayman. Buni xudo biladi. Uning qadam tashlashi ham gʻalati. Qiyalikdan tepaga koʻtarilayapti-yu, boshqacha odimlab borayapti. Goʻyo uning tanasi begona jinsdan-u, unga oyoq bosishga yuragi betlamayotganday.
– Kecha rais urishib berdi,– soʻzini davom ettirdi brigadir.
– Nima deb oʻylaysan, jon qayoqqa ketadi?– soʻradim men.
– Men hech nima deb oʻylamayman,– dedi va birdan burilib keta boshladi.
– Jon oʻladimi?
– Qanaqa jon, yana qanaqa jon, nimalar bilan boshingni qotirayapsan oʻzi?
– Haligi, odam tanasida yashaydigan jon-da.
– Odamning tanasida hech qanday jon yashamaydi,– dedi u,– tugʻilamiz va oʻlamiz, bor-yoʻgʻi shu.
– Faqat shumi?
– Boʻlmagʻur gaplar bilan boshimni qotirma, valaqlashishga vaqtim bormi hozir. Fermada seni boshqa koʻrmay, eshitdingmi?– dedi u tepaga koʻtarilayotgan Gamixarda ortidan qararkan.
– Bugungi kunni esidan chiqmaydigan qilaman!
– Nima qildi u senga?
– Jun qirqishdan boʻyin tovlayotgani-chi?
– Ishlagani ketdi-ku, axir.
– Qanaqa ish?
– Qanaqa ish boʻlardi: oʻrish, toʻplash, gʻaram qilish-da!
– Buni biz ertaga koʻramiz,– dedi brigadir va qishloq markaziga yoʻl oldi.

Kecha yakshanba edi. Ertalabdan ish boshlagan Gamixarda pichanni toʻdalab togʻdan pastga, yalanglikka sudrab tushdi, kichik-kichik qilib gʻaramladi. Xotini va bolalari unga yordamlashishdi. Kun issiq edi. Quruq pichan sudralganda, yerdan chiqqan chang terlagan bolalarning badaniga yopishib loyga aylanardi. Kechga yaqin ishni tugallab, nonushta qilish uchun chashma yoniga oʻtirdi.

Katta yoʻlda bir necha yuk mashinasi koʻrindi. Ular yoʻldan burildilar-da, gʻaramlar yonida toʻxtashdi.
– Tayyorlaganing hammasi shumi?– soʻradi brigadir qotgan non qobigʻi tishlaganicha unga roʻpara boʻlgan Gamixardadan.
– Ha, hammasi shu.
– Boshqa yoʻqmi?
– Yoʻq.
– Necha gʻaram?
– Oʻttizta.
– Yigirma beshtasini biz olib ketamiz.
– Nega yigirma beshtasini, menga oʻn beshta topshirish belgilangan-ku.
– Toʻgʻri, oʻn beshta edi. Jun qirqimiga chiqmaganing uchun yigirma beshta belgilandi.
– Qanday qilib shunaqa belgilanishi mumkin. Axir beshta gʻaram bilan bitta sigirni ham boqolmayman-ku. Bolalarim qanday kun koʻradi?
– Men aytganimday qilamiz,– dedi brigadir va mashinalarni gʻaramlar yoniga haydashni buyurdi. Pichanni mashinalarga ortib, brigadir ishchilar bilan haydovchilar yoniga oʻtirishdi. Gamixarda talmovsirab turgan joyida depsinar, bir bolalariga, bir pichan ortilgan mashinalarga qarar, butun badani qaltirardi.
– Ketdik, – dedi brigadir.

Yuk mashinalari ogʻir qoʻzgʻalishdi.

Gamixarda ancha vaqt asabi qaqshab turdi, keyin choʻntagidan gugurt qutisini oldi-da, gʻaramlardan birining yoniga choʻkkaladi, gugurt chaqdi.
– Nima qilayapsan?– uning qoʻliga yopishdi xotini.
– Nari tur!– Gamixarda xotinini itarib yubordi-da, yonayotgan gugurtni avval bir gʻaramga, keyin boshqasiga tutdi...
– Butun yoz boʻyi bel bukding, ter toʻkding, endi oʻt qoʻyasanmi?–deya eriga tashlandi ayol, soʻng boshidan roʻmolini olib olovni oʻchirmoqchi boʻldi, lekin kech boʻlgandi. Qovjiragan pichan birdan oʻt oldi va olovning sargʻish tillari gʻaramlarni yamlay boshladi.

Gamixardaning xotini sochlarini yoygancha yigʻlar, bolalari uning etagiga yopishib olishgandi. Gamixarda gʻaramning yonib kulga aylanishiga qarab turdi. Keyin katta yoʻlga burilayotgan mashinalarga nazar tashladi-da, turgan joyidan pastga otildi. U urilib-surilib, yiqilib turib, goh yumalab, goh sakrab pastga qarab uchib borardi.

U bor kuchi bilan Aragviga qarab chopardi. Uning orqasidan xotini yugurardi. Uning ketidan bolalari, bolalarning ketidan butun qishloq chopib borardi. Biz Gamixarda oʻzini suvga tashlamoqchi deb oʻyladik.

Biz daryoga yetib borganimizda, Gamixarda ust-boshini yechib ulgurgan, kiyimini sohilda qoldirib qip-yalangʻoch suvga kirgandi. Daryoning oʻrtasiga borgach, kamar joyni topib oldi-da, unga choʻkib oʻtirdi. Suvdan faqat kallasi chiqib turardi.

Gamixarda bizdan teskari burilib, qayoqqadir osmonga qarab turardi: odamlar sohilda oʻtirib uning suvdan chiqishini kutishardi. Lekin Gamixarda suvdan chiqadiganga oʻxshamasdi.
– Yuringlar, ketdik, bu yerdan, aftidan u bizlardan uyalayotganga oʻxshaydi,– dedi chollardan biri va odamlarni nari boshlab ketdi.

Faqat Gamixardaning xotini va bolalari qoldi daryo boʻyida. Men uzoqroqdagi toshga oʻtirdim.
– Chiqishni oʻylamayapsanmi?– chaqirdi uni xotini.

Gamixarda gʻing demadi. Birozdan keyin xotini undan sohilga chiqishini iltimos qila boshladi. Gamixarda pinagini ham buzmadi. Bolalari baravariga, joʻr boʻlib chaqirishdi.

Gamixarda kun botguncha suvda qimir etmay oʻtiraverdi. Quyosh botgach, butun qishloq ahli daryo boʻyiga yugurib keldi. Odamlar baqirishdi, chaqirishdi, suvdan chiq deb iltimos qilishdi, chiqmasang kechasi shamollab, oʻlib qolasan, deb qoʻrqitishdi. Gamixarda boʻlsa, parvo ham qilmasdi. Xuddi qulogʻiga paxta tiqib olgandek, eshitgisi kelmasdi. Hatto odamlarga qayrilib ham qaramadi.

Gamixardaning xotini va bolalari yigʻidan toʻxtashmasdi. Aragvi boʻyiga eng oxirida jamoa xoʻjaligi raisi keldi.
– Ishyoqmas, qani sohilga chiq-chi!– buyruq berdi rais.

Gamixarda raisga ham quloq solmadi.
– Nega endi u bilan adi-badi aytishib oʻtiribmiz. Hozir oʻzimiz uni suvdan sudrab chiqamiz,– dedi brigadir suvga tusharkan. Bir necha erkak uning orqasidan ergashdi.

Buni koʻrgan Gamixarda oʻrnidan turib, daryo oqimi boʻylab suza boshladi. U eng baland sharshara ustiga yetib borganda toʻxtadi. Yana bir qadam qoʻysa tamom, halok boʻladi. Brigadir bilan borayotgan erkaklar unga qarab yurishardi, lekin Gamixarda tanasi bilan sharsharaga talpinganda qoʻrqib toʻxtashdi: falokat bosib kallasi bilan pastga tashlab qolsa-ya!– deb sohilga chiqishdi.

Qorongʻi choʻkdi. Odamlar birin-ketin uy-uyiga tarqala boshladi.
– Joniga tekkach, oʻzi chiqadi,–dedi Gabriel.
– Ketdik, ketdik, qorongʻi tushishi bilan oʻzi sohilni qoʻmsaydi. Odamlar oldida unga chiqish noqulay boʻlayapti,– dedi rais Gamixardaning xotini va bolalarini yetaklab.

Tun zulmati shu qadar quyuqlashdiki, yer yuzidan hamma narsa yoʻq boʻlib ketganday edi. Qishloqqa faqat daryo shovqinigina eshitilardi.

Ertalab odamlar yana daryo boʻyiga toʻplanishdi. Gamixarda hamon beligacha suvda turar, qaltirardi. Odamlarni koʻrishi bilan yana suvga yotib oldi.
– Nega suvdan chiqmayapsan?!– jerkidi xotini.
– Odamlarni ishdan chalgʻitish uchun qilayapti, men unga koʻrsatib qoʻyaman,– jahli chiqdi brigadirning.
– Axir oʻzi ishlamayapti, boshqalarni ham ishlagani qoʻymayapti. Oʻz xohishi bilan chiqmasa, milisani chaqiraman,– doʻq qildi rais va qoʻshimcha qildi:– Qani beshgacha sanayman, Gamixarda, suvda oʻtirish yetar endi!

Hech kimga quloq solmasdi Gamixarda, hech kimga qaramasdi. U faqat sharqqa tikilar va quyosh chiqishini kutardi. Sovqotib qolganga oʻxshaydi.

Yarim soat oʻtgach, militsioner ham keldi.
– Chiqamizmi yoki yoʻq?– dedi kesatib u ham oʻz navbatida.

Gamixarda indamadi.
– Oʻzing chiqasanmi yoki yordamlashaymi?– militsioner savolni boshqacha qoʻydi, lekin javob olmagach, yechina boshladi.

Gamixarda yana oʻzini sharshara tomon oʻngladi, odamlar militsionerni suvga qoʻyishmadi.
– Besh yilni boʻyningga olding, Gamixarda! Buni senga men aytayapman!– jahl bilan qichqirdi militsioner va osmonga qarata toʻpponchasidan oʻq ham uzdi.

Oftob chiqdi. Gamixarda uni sogʻinch toʻla nigohi bilan qarshiladi. Bizlar yana tarqalishdik.
– Bizlarsiz oʻzi tezroq chiqishi mumkin,– dedi rais Gamixardaning xotini va bolalarini kechagiday yana yetaklar ekan.

Uyda men Gamixardaga xat yozdim:

«Gamixarda!
Suvdan nega chiqmayapsan? Nega indamaysan? Xotining va bolalaringga rahming kelmaydimi? Men yaxshi bilaman, sen oʻz istaklaringga erk beradigan, xayolingga suvda oʻtirish kelsa, daryoga tushadigan odamlardan emassan. Tushuntir nima gap oʻzi?
Luka».

Xatni men toza qogʻoz bilan oʻradim-da, orasiga ruchka ham qoʻyib, Gamixardaga irgʻitdim. U atrofga qarab, mendan boʻlak hech kim yoʻqligiga ishonch hosil qilgach, xatni ilib olib oʻqidi. Bir ogʻiz soʻz aytmay ruchkani olib yozdi:

«Shu damdan boshlab men odamlar bilan aloqani uzaman. Haqiqatni koʻrmaydigan, mehnatni qadrlamaydigan, inson hayotini bir chaqaga olmaydiganlar bilan birga boʻlishni istamayman. Men odamlarni yaxshi koʻrardim, lekin endi ularni sevmayman. Sevmayman, chunki men endi odam emasman.

Men baliqman!

Men inson zotini unutaman, barchangizni unutaman.

Menga qanaqa xotin haqida gapirayapsan? Qanaqa bolalar? Anavi sohilda yigʻlab oʻtirganlarmi? Ha, rost! Mening xotinim, bolalarim bor edi. Bu odam paytimda edi. Ha, ikki kun burun odam edim. Bugun men baliqman va endi meni sizlar bilan bogʻlab turgan hech narsa yoʻq.

Men shuni xohladim.

Baliq».

«Gamixarda!
Sen, men baliqman deyapsan, lekin unday emas. Biz sening odam ekanligingni bilamiz. Sen oʻtmishingdan qanday qilib voz kechasan. Bunga ishonish qiyin. Har qancha urinma, baliq boʻlolmaysan.
Nima bilan baliqqa oʻxshaysan? Suvda oʻtirishing bilanmi?
Yoʻq, sen baliq emassan, boʻlolmaysan ham. Bu ahmoqlikdan boshqa narsa emas. Yaxshisi jamiyatga, xotining, bolalaring yoniga, yerga qayt! Qorning och qolmadimi?
Luka».
«Yoʻq, och emasman. Hozircha, harholda och emasman. Odamlar, xotin va bolalarga, yerga kelsak, men uchun bularning hech qaysi biri mavjud emas. Men barchani va hamma narsani tark etdim.
Men hatto qachonlardir odam boʻlganmanmi, yoʻqmi, eslolmayman.
Men baliqman va bilasanmi, baliq boʻlish biram yaxshiki... Bizning dunyomiz butunlay boshqa. Siz odamlar, bir-biringizning jigʻingizga tegaverib, adoi tamom qilasizlar. Shunga qaramay, oʻzingizni odam deb hisoblash juda yoqadi. Birortasiga sen odam emassan deb koʻring-chi, oʻsha yerdayoq oʻldirib qoʻya qoladi. Koʻpincha oxirigacha odam boʻlib qolish juda qiyin. Lekin shunday yashashdan voz kechish uchun siz kuchni qaydan topasiz?
Nahotki sizlardan yana birontangiz baliq boʻlishni xohlamagan boʻlsa?
Ba’zan siz qush boʻlishni orzu qilishingizni bilaman. Bu esa siz ham oʻzingizning insoniy hayotingizdan qochib qolishni xohlashingizni bildiradi.
Shunday emasmi, a?
Baliq».
«Gamixarda!
Biz qush boʻlib osmonga uchish haqida orzu qilarkanmiz, bu insoniylik qismatimizdan qochib qolishimizni bildirmaydi. Yoʻq, aslo, Ayni shunday damlarda insoniy hayotimizni yanada kuchliroq sevamiz. Parvoz qilish haqidagi orzularimiz bilan uni yanada goʻzal, yanada erkin qilishga intilamiz.
Odamlar bir-birining jigʻiga tegib, adoi tamom qiladi, debsan. Ehtimol, sen haqdirsan. Biroq faqat sen kundalik qiyinchiliklarga dosh berolmading, bizdan voz kechding. Oʻz qalbingga quloq sol: inson hayotining qiyinchiliklari tufayli odamlardan voz kechib, uni unutish, baliqqa aylanish unga ma’qulmikin?
Nima, baliqlarning oʻz qiyinchiliklari yoʻqmikin?
Oʻpqonlar baliqlarni oʻrab, chirpirak qilganida ular nega quruqlikka chiqmaydilar?
Baliqlar bir-birini yemaydilar deb oʻylaysanmi? Ular hozircha sendan qoʻrqayaptilar, ehtimol, yaqiningga suzib kelishga botina olmaslar. Bu shuning uchunki, sen hozir ulardan kuchlisan. Lekin ular sening ojizligingni sezishsa bormi, shunaqayam talab tashlashadiki, faqat suyaklaring qoladi. Shundan keyin sen ularga «men baliqman» deb istagancha baqir, foydasi boʻlmaydi.
Maslahatim shuki, suvdan tezroq chiq, aks holda men yuqorida aytganim qismatdan qochib qutulolmaysan.
Odamlardan qochish mumkin emas. Mumkin emas!
Luka».
«Sen ataganday men Gamixarda emas, baliqman. Gapni mana shundan boshlaylik. Ha, sen haqsan. Men inson hayotining qiyinchiliklariga bardosh berolmadim va baliqqa aylandim. Xoʻsh, buning nimasi yomon?
Men baliq boʻlishni istayman. Baliq boʻlishga yaramaymanmi? Nima qilibdi,hech boʻlmasa oʻz xohlaganim baliq boʻlib oʻlaman-ku .
Men oʻlimdan qoʻrqmayman. Bu, siz – odamlar, oʻlimdan qoʻrqasizlar. Biz – baliqlar, qoʻrqmaymiz.
Nega, qoʻrqmayman?
Chunki jonning boshi ham yoʻq, oxiri ham.
Baliq!
«Baliq!
Ehtimol, jonning boshi ham, oxiri ham yoʻqdir. Lekin shunisi aniqki, jon inson tanasida yashar ekan, baliqning joni boʻlolmaydi. Jon har xil tanalarga joylashishga qodir. Tana moddiydir, modda shaklga ega, shakl esa vaqtga boʻysunadi. Demak, shakl vaqt ta’sirida parchalanmas ekan, jon oʻz makonini tark etmaydi.
Keyin inson joni ehtimol baliqqa oʻtar, lekin bu dargumon. Koʻchib oʻtadi ham deylik. Unda bu avvalgi jon boʻlmaydi, oldingi hamma narsa unutilgan boʻladi. Toʻla unutish esa, tamom demakdir. Bundan chiqadiki, jon oʻzi yashayotgan tana bilan birgalikda oʻz hayotini tugallaydi. Yoxud jon oʻz hayotini davom ettirmoqda deylik, u holda jon xotirasini saqlashi kerak. Agar inson joni xotirasini saqlasa, bu demak, u avvalgidek oʻzining inson joni boʻlib qoladi va moddiyundan tashqarida inson hayotini uzaytiradi.
Koʻrib turganingdek, birinchi hol ham, ikkinchi hol ham aniq guvohlik beradiki, sen baliq boʻlolmaysan.
Bu oʻrinda gap istakda emas, mohiyatdadir. Bitta senga emas, hammaga qiyin. Ba’zan odamga juda ham qiyin boʻladi. Lekin agar bizning har birimiz senga oʻxshab Aragvining suviga oʻtirib olib, oʻzimizni baliq deb ta’kidlayversak, bu nimalarga olib borishini oʻylashning oʻzi dahshat. Biz suvda ham bir-birimiz bilan it-mushuk boʻlamiz, shunda sen qayoqqa qocharding? Orqangga qayt endi. Bolalaring qanday yigʻlayotganini eshitmayapsanmi?
Luka».
«Jon oʻziga ma’qulini tanlashga haqli. Buni rad etib boʻlmaydi. Shuni yaxshi bilinglarki, mening jonim odamlar bilan birga boʻlishni xohlamadi. Shuning uchun ham mening baliq boʻlishga haqqim bor. Sen jon avval boʻlib oʻtgan hamma narsani unutishi mumkinligini aytayapsan.
Shunday ekan, men ham odamlarni unutaman. Bor gap shu.
Baliq».
«Sen odamlarni unutolmaysan. Sening qalbing inson quvonchlarini, qaygʻu alamlarining unutilmas damlarini ham abadiy saqab qoladi. Sening qalbing yolgʻizlikning shirin anduhlarini ham saqlab qoladi. Sening qalbing inson qoʻllarining mehr-muruvvatini unutolmaydi. Sening qalbing oyoq bosib yurgan yerini unutolmaydi. Qalbingda hamisha qoʻrquv yashagusidir. Bu fanolik qoʻrquvidir. Sening qalbing yana qanchadan-qancha narsalarni unutmasligi kerakligini kim biladi deysan.
Ehtimol, ochlik seni odamlarga qaytarar. Buni ham qalbing uzoq vaqt unutolmaydi. Bolalaring senga salom yoʻllashayapti.
Kutamiz.
Luka».
«Odamlarning quvonch va gʻam-anduhlarining menga nima daxli bor. Yolgʻizlik biz – baliqlarga ham xosdir.
Xudo odamlardagidek baliqlarda ham yashaydi. Biz – baliqlar ham bir-birimizni sevamiz. Suvni bizlar siz yerni sevgandan koʻra kuchliroq sevamiz. Holbuki, oʻsha yerni oʻzaro boʻlisha olmay jiqqamushtsizlar.
Yoʻqlik, fano qoʻrquvi? Bu qoʻrquv kimda yoʻq oʻzi?
Naqadar och boʻlmayin, men odamlar orasiga qaytmayman.
Bolalar? Qanaqa bolalar, esimda yoʻq...
Men shu yerda, suvda farzand koʻrishga qaror qildim. Mendan sizlarda yana nima qoldi? Hech narsa. Yerni ham, uning nozu ne’matlarini ham sizlarga berdim, meni tinch qoʻyinglar. Hamma narsani unutishimga xalaqit bermanglar.
Baliq».

Uchinchi kuni butun qishloq ahli yana Aragvi boʻyiga toʻplandi. Kimdir shoshilinch chora koʻrishni, kimdir kutishni maslahat berdi.
– Senga ikki kun muhlat beraman. Agar esingni yigʻib olmasang, senga hayfsan berishga va xoʻjalikdan boʻshatishga majbur boʻlaman. Odamlarimni ishdan qoldirayapsan!– baqirdi rais.

U boʻlsa parvo ham qilmadi, kar boʻlib qolganmi, nima balo?

Yana militsioner paydo boʻldi, hozir akt tuzaman, deb doʻq qildi. Bunga javoban u boshi bilan suvga shoʻngʻidi. Bir necha bor shunday qildi.

Oʻsha tun saxiy oy yerni juda yorqin yoritdi. Odamlar yoshgina yalangoyoq qizchaning suv chetida turib otasidan iltimos qilayotganini koʻrishdi:
– Ada, chiqa qoling, adajon! Siz suvdan chiqsangiz boʻldi, adajon, men boshqa hech ham toʻpolon qilmayman. Iltimos, adajon, baliq boʻlmang, uyimizga keling.

U goʻdakning iltijolariga e’tibor bermagach, qizcha yigʻlagancha qishloqqa qaytdi. Ayni oʻshanda qishloqdoshlarimning gʻazabi qaynadi. Ular yigʻilishib, meni chaqirishdi-da, unga quyidagicha xat yozishni buyurishdi: Agar sen bundan buyon suvdan chiqmaydigan boʻlsang, oʻzimizning qadimgi odatimizga koʻra mosuvo qilamiz.
– Keragi yoʻq, xudo haqqi unday qilmanglar,– yalina boshladi uning xotini,– rahm qilinglar, toʻxtab turinglar, balki fikridan qaytar, shoʻrlik.
– Yana bir kun kutamiz, keyin agar biz bilan yashashni istamasa jamiyatimizdan haydaymiz,– dedi keksa ruhoniy menga qarab:– Ertalab unga yoz: agar tushgacha suvdan chiqmasa, xalqni toʻplayman va jamoamizdan chetlatamiz. Na yer, na samo odamning insonligidan voz kechganini eshitgani yoʻq. Bu tangri irodasiga shak keltirishdir. Odamlar ustidan kulishni kim qoʻydi unga? Maslagidan qaytishga, murtad boʻlishga kim huquq berdi?

Nega odamlarni yoʻldan uradi? Bizlar unga hech narsa boʻlsak, xudo ustidan nega kuladi? Agar bu Tangrining irodasi boʻlsa, uni baliq qilib yaratgan boʻlardi. Insonga qaraganda baliqni yaratish oson-ku! Yo Xudo, bu koʻrnamak mavjudotni nechun yaratding?!

Keksa Mtsara ancha vaqt bu murtad boshiga malomat toshlarini yogʻdirdi. Olomon jim turib, eshitardi.

Ertalab menga topshirilgan maktubni yozdim:

«Baliq!
Sen oʻz hatti-harakating bilan xalqni qattiq haqorat qilding. Oʻzingning inson boʻlishni istamasliging bilan odamlarda ishonchsizlik uygʻotayapsan. Odamlarning butun fikri-zikri beixtiyor sen bilan boʻlib qoldi. Odamlarning birdaniga seni unutishi, voz kechishi unchalik oson emas. Jinni boʻlganingda ham boshqa gap edi, axir sen es-hushing joyida odamsan-ku!
Kecha tunda qizalogʻing senga qanchalar yalindi. Bizni tashlab ketmang, deb ohu zor qildi! Butun qishloq ahlining qizaloqqa rahmi kelib ketdi. Sen boʻlsang qizchangga bir ogʻiz soʻz ham aytmading.
Xalqning sabr kosasi toʻldi va senga quyidagilarni yetkazishni soʻradi: agar tushga qadar odamlar orasiga qaytib kelmasang, ular seni qishloqdan haydab yuboradilar. Ularni ham tushunish kerak: agar sen odamlar orasida yashashni istamasang, ularning ham sen bilan ishi boʻlmaydi. Axir ularning ham izzat-nafsi bor. Nahotki sen shundan ham qoʻrqmaysan? Odamlar sendan yuz oʻgirsa, qayoqqa borasan? Axir, sovuq tushsa baribir suvdan chiqishga majbur boʻlasan yoki daryo bilan birga muzlamoqchisan?
Hal qil... Senda hali tushgacha vaqt bor.
Luka».
«Farosatlaringga balli-e! Oʻylab-oʻylab shuni topdinglarmi?

Odamdan yuz oʻgirish – bu sizlarning qoʻlingizdan keladi. Bu sizlarning sinalgan usullaringiz. Darvoqe, bizlarda, baliqlarda bunaqa qonun yoʻq.

Men sizlarni rad etdim. Sizlar esa buni haqorat deb bildingiz. Qarang-a, qanchalar oriyatlisizlar. Siz meni qoʻrqitmoqchi boʻlayotgan narsaning menga ahamiyati yoʻq. Sizning qaroringiz hatto menga ma’qul. U menga sizlarni tezroq unutishimga yordam beradi. Mayli, yomon oʻylamabsizlar. Nihoyat meni tinch qoʻyar ekansizlar-da!

Baliq».

Baliqning javobi haqishloqlariga oʻqib berildi. Hamma tashvishlanib, dahshatga tushdi.

Tush payti dyakon Mtsara qishloq ortidagi tepalikka chiqdi. Bu yer jamoa yigʻinlarining qadimiy joyi edi. U guvohlarning qat’iy sukutida chetlatish marosimini ijro etdi.

Gamixarda Aragvi suviga tanda qoʻyganidan beri bir hafta oʻtdi. Uning bolalari xat yozing, qaytib kelsin deb, jon-holimga qoʻymaydi. Unga nimalar yozmadim deysiz, hech narsa ta’sir qilmayapti. U hatto xatlarimga javob bermay qoʻydi. Ochligidan teri bilan suyagi qoldi, xolos. Aftidan, suvdan chiqish niyati yoʻqqa oʻxshaydi.

Tunda momaqaldiroq gumbirlab, chaqmoq chaqdi, keyin jala quydi.
– Balki yomgʻir uni suvdan chiqishga majbur qilar,– deya umid qilishdi qishloqdagilar va tun zulmatini diqqat bilan kuzata boshladilar.

Gamixardaning xotini va bolalari daryo toshganidan qoʻrqib: chiqa qol, suv koʻpaymoqda,– deb jon-jahdlari bilan yolvorardilar. U boʻlsa daryoning oʻrtasidagi kattakon toshga chiqib oʻtirib oldi. Daryo kechasi bilan shovqin solib toshlarni agʻdar-toʻntar qilardi.

Ertalab tovushlar shovqinidan uygʻonib ketdim. Daryo tun boʻyi juda koʻp daraxtlar, shox-shabbalarni oqizib kelgan ekan. Butun qishloq ahli qirgʻoqqa koʻchib chiqqan edi. Katta kishilar u daraxtdan-bu daraxtga yugurishar, oʻz belgilarini qoʻyishardi. Biri-biridan oʻzishga harakat qilishardi. Sal imillab qoldingmi, bas, kimdir boltasi bilan sen qoʻygan belgini chopib tashlab oʻzinikini yozardi. Toʻsinlarni goh biri tortar, goh ikkinchisi, shu tariqa ish janjalgacha borib yetardi.

Mening e’tiborimni tortish uchun Gamixarda loyqa suvdan boshini chiqarib boʻynini choʻzdi. U masxara qilganday iljayib menga qaradi. Keyin menga xat yozdi:

«Sen meni yana odamlar yoniga qaytib kel, deb koʻndirishga urinasanmi?
Ular shunga arzirmikin?
Qara, odamlaring qanaqa ekanini koʻrib qoʻy!
Baliq».

Men unga javob qaytarolmadim. Oʻsha daqiqalarda menga odamlarni oqlash ma’nisiz boʻlib koʻrindi. Men Gamixarda fikriga qoʻshilolmasdim. Yoʻq unday emasdi. Faqat oʻsha kuni men juda koʻngilsiz voqeaning guvohi boʻlib qolgandim: ayollar ham, erkaklar ham ajratmay va kimligiga e’tibor ham bermay, daryo sohilga chiqarib tashlagan dov-daraxt qoldiqlari bilan bir-birini doʻpposlar, soʻkishar, chinqirishar, kimdir taxlab qoʻygan oʻtinlarni tashib ketishardi. Kechga tomon tinchib qolishdi va bir-birining yuziga qaray olmay, uy-uyiga tarqalishdi.

Kechasi yana momaqaldiroq gumburladi, tong otguncha havoning avzoyi ochilmadi.

Menimcha, oʻsha kechasi qishloqda hech kim uxlamadi.

Ertalab koʻz oʻngimda gʻalati manzara gavdalandi. Daryoning qir-gʻoqlarini loy-balchiq qoplagan. Aragvining suvi qatron kabi qop-qora boʻlib oqmoqda. Qirgʻoqda bir toʻda odamlar, bezovta, dovdirab turishibdi.

Oʻsha kecha yaqindagina talashib-tortishib toʻplanib, taxlab qoʻyilgan, daraxt, oʻtin, shox-shabbalarni daryo yuvib ketibdi. Birorta choʻp, payraha ham qolmabdi. Odamlar boshlari xam holda turishardi. Kechagi mushtlashuvdan keyin bir-birining koʻzlariga qarashga uyalishardi. U yer-bu yerda suv sohilga uloqtirib tashlagan oʻlik baliqlar koʻzga tashlanardi.

Faqat Gamixarda hech qayerda koʻrinmasdi. Xotini sochlarini yoyganicha suvi qop-qora Aragvi boʻylab yugurar, bolalari uvvos solganicha uning ketidan chopishardi.

Ushbu baxtsiz hodisa janjallashgan kishilarni hushiga keltirdi va ularni yana birlashtirdi. Qaygʻu hammani kechagi ranju dilozorliklarni unutishga majbur etdi. Odamlar yoʻqotgan goʻshalarini izlab, Aragvining izidan tushdilar. Bu qora toʻda toʻlqinlari hurpaygan joʻshqin daryo ortidan shunday jon-jahdlari bilan chopardilarki, beixtiyor oʻylab qoldim:

«Arziydi! Xudo haqqi, arziydi!» Va oʻrnimdan sakrab turdim-u, choxeliklar izidan yugura ketdim.