OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGregorio Lopes
Asar nomiLenchoning iltimosi (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Ispan adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Gregorio Lopes
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonJamshid Matyoqubov (Ispan tilidan)
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Lenchoning iltimosi (hajviya)
Gregorio Lopes

Lenchoning kaftdekkina yeri boʻlib, unda yolgʻiz oʻzi ishlardi. Bu yil joʻxori, yoniga loviya ekkan edi, hosil durust boʻladigan koʻrinadi. Yomgʻir quyib bersa qaniydi.

Odatdagi tonglarning birida Lencho — ekin-tikin nimaligini tushunadigan, oʻta ishonuvchan dehqon — shimol tarafdan suzib kelayotgan bulutlarga qarab bashorat qila boshladi.
— Hozir yomgʻir yogʻadi, xotin, yerimiz bugun suvga qonadi.

Ovqat tayyorlayotgan Lenchoning xotini oʻzicha mingʻirladi:
— Xudo xohlasa.

Oradan koʻp oʻtmay, nonushta paytida, Lencho aytganidek, yomgʻir yirik-yirik tomchilay boshladi.
— Tasavvur qilinglar bolalarim, — dedi hayajonini yashirolmagan Lencho stol atrofini toʻldirib oʻtirgan farzandlariga qarata. — Yomgʻir tomchilari, sizlar oʻylagandek, suv emas, pullar. Katta, yirik tomchilar oʻn, maydalari besh sentavolik tanga.

Shu payt kutilmaganda kuchli shamol esib, ey xudo, shu yetmay turgan edi, yomgʻirga qoʻshib doʻl yogʻa boshladi.
— Ha, bunisi endi yomon boʻldi, — afsuslanib bosh chayqadi Lencho. — Ishqilib oʻtib ketsin-da!

Lekin shamol va doʻl Lencho aytgandek tezda tina qolmadi. Taxminan bir soatlar tinimsiz yogʻgan doʻl uy tomini ham, bir parcha ekin dalasini ham rasvo qildi. Shamol tinib, yomgʻir toʻxtaganida kayfiyati tushib ketgan Lencho bolalariga qarab sekin soʻzlay boshladi:
— Doʻl bizga hech narsa qoldirmadi. Barcha mehnatimizni yoʻqqa chiqardi. Bu yil endi och qolishimiz aniq...

Yakshanba kuni Lencho hech bir ish qilmadi, kun boʻyi oʻtirib xat yozdi va shu kuniyoq uni qishloq markazidagi pochtaga olib borib tashladi.

Bu, shunchaki, Xudoga yozilgan xat edi, xolos...

«Parvardigorim, — deb boshlanardi xat, — agar menga yordam bermasang, bu yil butun oilam bilan och qolaman; menga urugʻlik sotib olish, hosilni yigʻib olgunimga qadar tirikchilik uchun yuz peso kerak. Sababi bu yilgi hosil doʻl ostida qolib...»

Xatning yuboriladigan manziliga «Xudoga» deb imzo chekkan Lencho gʻoyat tashvishli qiyofada qishloqqa yoʻl oldi. Pochta idorasidan marka sotib olib xatga yopishtirdi-yu, darhol qutiga tashladi...

...Xat tashuvchi boshligʻining xonasiga kirib kelar ekan, oʻzini kulgidan toʻxtatolmasdi. U qoʻlidagi antiqa — Xudoga yozilgan xatni rahbariga tutqazdi.

Xodimi bilan miriqib kulishgan qishloq pochta idorasi boshligʻida toʻsatdan xatga javob yozish istagi tugʻildi. Xatni oʻqib chiqqach, faqat quruq soʻzlar bilangina javob xati yoʻllash kamlik qilishini anglab yetdi. Shundan soʻng barcha xodimlaridan pul yigʻdi, oʻz maoshining bir qismini ajratdi, kamiga boshqalardan ham yordam soʻradi.

Lekin baribir Lencho soʻragan yuz peso toʻplashning iloji boʻlmadi va dehqonga yigʻilgan ellik pesodan sal koʻproq mablagʻni joʻnatishga ahd qildi.

Pullarni obdon taxlab konvertga joylagan boshliq unga qoʻshimcha xat ham ilova qildi. Unda faqat birgina soʻz yozilgandi: «Xudodan».

Kelasi yakshanba kuni Lencho xat bor-yoʻqligini soʻrash uchun pochtaga juda barvaqt keldi. Idorada dehqonning xatini olib oʻqigan xodim kutib oʻtirar, boshliq esa oʻz xonasi derazasidan bu hangoma nima bilan tugashini kutib, kulimsiragan koʻyi voqealarni kuzatib turardi.

Xat kelganini bilgan Lencho bundan zarracha ham ajablanmadi, chunki u Xudo maktubni javobsiz qoldirmasligiga qattiq ishonar edi. Lekin xatni ochib pulni sanab koʻrgach, kayfiyati tushib ketdi... Axir, Xudoning adashishi mumkin emas-ku!.. Lencho xodimning yoniga borib undan qogʻoz va qalam soʻrab oldi. Soʻng stolga oʻtirib xat yoza boshladi. Pochtadan yangi konvert va marka sotib olib xatni yaxshilab joyladi-da, sekin borib qutiga tashladi.

Dehqon pochtadan chiqishi bilanoq idora rahbari qutining yoniga yugurib keldi, hozirgina tashlangan, yelimi hali qurib ulgurmagan xatni ochdi-yu, oʻqiy boshladi. Unda shunday deyilgandi: «Yaratgan egam, marhamating uchun qulluq. Ammo menga yuborgan pulning oltmish pesodan kamrogʻi yetib keldi, xolos. Iltimos, qolganini ham joʻnatsang, chunki har bir peso menga judayam zarur. Lekin ularni pochta orqali yubormasang yaxshi boʻlardi, chunki pochta idorasi xoʻjayini, ishchilari oʻlgudek ziqna, ochkoʻz va aldoqchi odamlar. Lencho.»