OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

3 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGrigoriy Kvitka-Osnovyanenko
Asar nomi“Balo” qiz (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Ukrain adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sentimentalizm
Mualliflar
   - Grigoriy Kvitka-Osnovyanenko
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonQodir Mirmuhamedov (Rus tilidan)
Hajm154KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





“Balo” qiz (qissa)
Grigoriy Kvitka-Osnovyanenko

Yaqin kishingni yomonlashdan ogʻir gunoh yoʻq. Biz, masalan, koʻchada ketayotgan biron kishini koʻramiz-u, darrov uning qayoqqa va nima maqsadda ketayotganini fahmlaganday boʻlamiz; agar u oʻy sursa, niyati nima ekanligini sezganday boʻlamiz va nima qilarkan-a, ishga tumshuq tiqib, deb oʻsha zahoti uni gʻiybat qila boshlaymiz, oʻzi bema’ni odam boʻlaturib shu qilayotgan ishi insofdanmikin, deb malomat qilamiz, shoʻrlikning boshiga ta’nalar yogʻdirib, uni hatto tushiga ham kirmagan, xayoliga ham kelmagan nojoʻya gunohlarga koʻmib tashlaymiz.

Lekin shunday qilishimiz yaxshimi, axir? Yo, oʻzgalar qilmishini nazorat qil, deb gʻoyibdan nido kelganmi bizga? Kelinglar, yaxshisi, oʻzligimizni bilaylik, boshqalar toʻgʻrisida biron nima eshitgudek, yoki koʻrgudek boʻlsak, eshitmaganday, koʻrmaganday boʻlaylik, nimagaki, ba’zida hammaning ogʻzida, palonchi unday qilibdi, pistonchi bunday debdi, degan mish-mishlar tarqaladi; buni birov bosh-qa birovdan eshitgan, unga esa yana boshqa bir kishi, oʻz koʻzi bilan koʻrganligini aytgan boʻladi...

Holbuki, yaxshilab surishtirib qaralsa, oʻsha gʻiybatga uchragan odam fuqaro manfaatini koʻzlab shunday ishga qoʻl urgani ma’lum boʻladi; bordiyu bu qilmishi bilan kimgadir ziyon yetkazgan boʻlsa, aksar payt shubha qilinayotgan odam emas, balki hech kimning xayoliga ham kelmagan mutlaqo boshqa odam aybdor boʻlib chiqadi.

Mana shu zaylda bir xokisor odam badniyat, gunohkor kishining oʻrniga javobgarlikka tortilgan ediki, agarda bir qiz yelib-yugurib uni bandilikdan qutqarib qolmaganida, bechora adoyi tamom boʻlgan boʻlardi. Ha, bu «balo» qiz edi! Otasi Trofim Makuxa uni juda hurmat qilardi, sababki Ivge (qizning ismi shunday edi) bir soʻz aytsa, yuzta kampir ham uni niyatidan qaytara olmasdi. Xullas, uning aytgan soʻzi – otilgan oʻq edi.

Keksa Makuxa barcha roʻzgʻor ishlarini qiziga topshirib qoʻyib halovatda yashardi. Chunki Ivga aqlu farosatda, topqirlik, tejamkorlik, uddaburonlikda tengi yoʻq qiz edi. Unga biron koʻzlagan niyatingning uchini chiqarsang boʻldi – shu zahoti u qayerga va nima uchun qancha mablagʻ sarflashlikni hisoblab berardi. Agar Makuxa biron yangi ishni koʻzlab, qizidan maslahat soʻragudek boʻlsa, Ivga otasiga faqat foydali maslahat berardi. Shuning uchun ham Makuxaning butun xoʻjalik ishlari boshqalarnikidan puxtaroq va yaxshiroq edi. Makuxa uylanganidan keyin, xotinining gapiga kirib, gʻallakorlik amalini tashlagan va tijorat bilan shugʻullana boshlagan edi. U qatron, tuz bilan, ba’zida esa gʻalla bilan, duch kelgan boshqa mollar bilan ham savdo qilardi. Shu bilan birga, u mayxonasini ham yopmadi, lekin mayxonasi endi hamma uchun emas, balki faqat oʻtgan-ketgan musofir odamlar uchun xizmat qilardi. Uning yana karvonsaroyi ham bor edi – turgan gapki, karvonsaroyda hamma narsa muhayyo boʻlishi kerak edi, sababki, izvoshchilarning, aravakashlarning talablari ogʻizlaridan chiqmasdan tayyorlab berilishi lozim edi, ana shulardagina karvonsaroy daromad keltirishi mumkin edi.

Agarda xoʻjalik ishlarini Trofim Makuxaning oʻzi boshqarganida bormi, oradan sal vaqt oʻtar-oʻtmas uning «ulkan xonadon»i ham, musofir oshyoniga aylangan, hovlisidagi suli va boshqa gʻallalar bilan, shuningdek, turfa xil unlar bilan toʻldirilgan omborlariga oʻrgimchaklar uya qurib tashlagan boʻlardi. Aytmoqchimanki, agarda u xoʻjalik ishlarini oʻzi boshqarganida butun boyligidan mosuvo boʻlgan va ikki qoʻlini burniga tiqib qolgan boʻlardi, chunki shunaqa.... «ammamning buzogʻi» edi u... hay, barchasi xudoning panohiga! U nimani qachon va qay tarzda tayyorlash lozimligini uncha bilolmasdi; bunaqa odamlar haqida el ogʻzida shunday ta’bir yuradi: u isitilgan uyidan tashqariga chiqqanida, bu yerda issiqning nima hojati bor, deb eshikni yopmasdi. Tushunmaydiki, pechka bilan isitilgan uy ham, agar eshik yopilmasa sovib qolishi mumkin. Polizda bir gʻaram pichanni, omborida oʻn chorak sulisi boʻlsa, shu yem-xashakning oʻzi oʻn yilga yetadi deb, boshqa hech nimaning tashvishini qilmay, qoʻl qovushtirib oʻtiraveradi. Ana shunda otasining bunday kayfiyatini koʻrgan Ivga oʻzini oʻtga-choʻqqa urgancha, birovni u yoqqa joʻnatadi, boshqani bu yoqqa gʻizillatadi, oʻzi yugurib yeladi, nimanidir xarid qiladi, nimanidir qarzga oladi, kimnidir yollaydi, kim bilandir baylashadi – shuning uchun hamma ishi pishiq, hamma narsasi muhayyo. Aytmoqchimanki, Makuxa qizi Ivganing bunday sarishtaligi tufayli doimo halovatda yashardi!

Yana shuni ham aytib oʻtishim joizki, agar Makuxa xoʻjalikni oʻz oʻgʻli Timoxa bilan boshqaradigan boʻlsa, tirikchiligi arang oʻtishiga ham koʻzi yetmasdi. Timoxa ana shunaqa «qoʻli gul» yigit edi! Agar xoʻjalikni u boshqarganida, butun molu davlatlari sovurilib ketishi muqarrar edi. Timoxa chapani va olifta yigit edi: boshining qoq choʻqqisida kokil oʻstirar, moʻylovini gajak qilib burar, hech qachon chakmon kiymas, doim xitoy moʻynasidan tikilgan bejirim chopon kiyib yurardi; belbogʻlari biri biridan chiroyli; begim kunlari kiyadigan qalpogʻi boshqa, bayramlarda kiyadigani boshqa, ammo biri biridan choʻqqiroq; kiygan etigidan boshqa yana bir juft etigi doim qatronga boʻktirib qoʻyilgan boʻlardi – koʻngli xohlagancha oliftagarchilik qilishi uchun; etiklarining bir jufti baland poshnali, ikkinchi jufti mix poshnali edi. Qani, ayting-chi, kim koʻchadan baralla baqirib qoʻshiq aytib oʻtadi, kim qovoqxonada ulfatlarning «guli» boʻladi, kim mayxonada idishlarni chil-chil sindiradi, kim oʻn kishi ichadigan ichkilikni ichib mast boʻlmaydi? Faqat Timoxa Makushshenko-da! Qizlar kimdan oʻzlarini olib qochishadi, mayxona xoʻjayini kimdan berkinib oladi? Kimdan boʻlardi, faqat Timoxa Makushenkodan, albatta Ha, uning qoʻlidan har qanday yovuzlik ham kelardi! Zahariga ichib olib, duch kelgan odam bilan mushtlashar, qizlarni aldardi; qarta oʻynagan paytlarida hammaning pulini yigʻib olib, ularni mayxonama-mayxona sudrar, qizlarning oʻtirishlariga olib borardi. U boʻlis mirzasi bilan qalin doʻst edi, ikkovlari til biriktirib, nima balonidir koʻzlab yurishardi... Bu illatlar yetmaganday, u yana uchiga chiqqan oʻgʻri ham edi. Ivga doim akasidan hamma molu pullarini ehtiyot qilardi. Timoxa koʻzi tushgan narsani oʻmarmay qoʻymasdi. Lekin otasi uning gapini ikki qilmas, nima soʻrasa, hammasini gap qaytarmay beraverardi, chunki Makuxa oʻgʻlini jonidan ortiq yaxshi koʻrar, papalab erkalar, hamma soʻragan narsasini berib koʻnglini koʻtarardi – axir u yolgʻiz oʻgʻil edi-da. Shuning uchun, otasi, mayli, yoshligida toʻyib-toʻyib oʻynab olsin, keyin, otamning bagʻrida rosa miriqib rohatda-farogʻatda yashaganman, deb eslab yurar, derdi. Shunday paytlar ham boʻlardi-ki, Ivga otasi bilan tortishib, akasiga hech nima berdirmasdi, oʻgʻlingizni judayam taltaytirib yubordingiz, deb otasini urishib berardi. Shunaqa paytda Makuxa oʻgʻliga pul berishdan voz kechsa ham, baribir, keyin imi-jimida soʻragan pulini berardi.

Timoxa ota huzurida miriqib oʻynab-kular, koʻngliga siqqancha bevoshlik qilar, garchi uning gʻirt ishyoqmas takasaltang ekanligini hamma koʻrsa, qishloqda boʻladigan barcha tartibsizliklarning sababchisi u ekanini hamma bilsa ham, hech kim unga qarshi gʻing deb ogʻiz ocha olmas, hech kim uni bezorilik qilishiga qarshilik koʻrsataolmas, hech kim uning ustidan ma’murlarga shikoyat qilishga botina olmas edi, sababki, u boyning oʻgʻli – boyvachcha edi... Zero, qishloqlarda ham haqiqat xuddi shahardagidek edi: hamma yerda boylar koʻngliga siqqan bema’niliklarni qilishlari mumkin edi. Qaytaga, boshqalar ham, ba’zi-ba’zida ularning xurmacha qiliqlariga taqlid qila boshlardilar.

Garchi Timoxaning barcha beadabliklaridan boxabar boʻlgan, uni kuzatuvchi odam boʻlsa ham, Timoxaga toʻsqinlik qilishga haqqi yoʻq edi uning. Bu odam Makuxaning asrandi oʻgʻli Levko edi. Trofimning rahmatli xotini Gorpina bir kuni yettita goʻdakning ham otasi, ham onasi oʻlib, yetim qolishganini va ularni odamlar oʻzlariga bola qilib olishayotganini eshitib, u ham bir yoshli chaqaloqni, ya’ni mana shu Levkoni oʻziga oʻgʻil qilib olgan edi.

Levko yetim boʻlsa ham Makuxaning uyida yaxshi yashadi: uni yuvib- tarashar, yaxshi kiyintirishar, har yakshanbada egniga oppoq koʻylak kiydirib, yumshoq oq boʻlka berishardi, u oyogʻiga qishda etik, egniga ancha tutilgan boʻlsa ham poʻstincha kiyardi. Gorpina juda mehribon va xudojoʻy ayol edi, qashshoqlardan hech nimani ayamasdi. Nafaqat oʻz qishlogʻidagi, shuningdek, boshqa yerli qashshoqlar ham uning oldiga xuddi oʻz onalari pinjiga kelgandek kelaverishardi: Gorpina ularning biriga pul sadaqa qilsa, boshqasiga oq boʻlka, yana biriga roʻmolcha taqdim qilar, xullas, hech kimni quruq qaytarmasdi. Qisqasi, u goʻdak yetimchani qoʻliga olganidan boshlab, uni jonidan ortiq yaxshi koʻrib, mehr qoʻygan edi. Sababi, Oʻgʻli Timoxa bu bolani yomon koʻrar, boz ustiga, Levkodan ikki yoshcha katta boʻlgani uchun, doim turtkilar, kaltaklab bezor qilardi. Bola Timoxa ustidan Gorpinaga shikoyat qilar, Timoxa boʻlsa otasiga shikoyat qilardi – oqibatda chol yana Levkoni kaltaklashga tushardi; kampir Levkoning yonini olib, toʻngʻillaganicha cholini koyib berardi. Eri qanchalik johil boʻlmasin, xotiniga gap qaytarishga jur’at etolmasdi, ammo Levkoni uchratib qolsa, aybi boʻlsa-boʻlmasa, uni doʻpposlar va Gorpinaga shikoyat qilishini man qilib qoʻyardi. Trofimdan bola shunaqa yurak oldirib qoʻygan ediki, u bir oʻqrayib qarasa, qoʻrqqanidan butun vujudi titrab-qaqshay boshlardi. U nafaqat choldan, shuningdek, Timoxadan ham, tagʻin meni urmasin yo otasiga chaqib bermasin, deb qoʻrqib turardi. Oʻzi tufayli chol-kampirning tez-tez jiqillashib turishini koʻrgan Levko, koʻpincha Gorpinaga shikoyat qilishdan oʻzini tiyar va boshiga tushgan azob-uqubatlar toʻgʻrisida faqat Ivgaga yorilardi. Ivga undan besh yosh yoshroq edi, shu bois, yigitning koʻnglini koʻtarish uchun hech nima qila olmas va oʻtirvolib u bilan birga yigʻlashardi.

Gorpina uyda toʻla huquqli beka edi, hamma ishlar uning farmoyishi boʻyicha amalga oshirilardi. U erining fe’lini bilar, shuning uchun uni hech qanday xoʻjalik ishiga aralashtirmasdi. To Ivga katta qiz boʻlib qolgunicha. Gorpina Levkoni ish boshqarishga oʻrgata boshladi. Keyin u qizida xoʻjalik ishlarini yuritishga layoqati borligini koʻrib, unga oʻzining uydagi vazifalarini oʻrgata boshladi. Ivgaga qaysi narsani qachon, qayerdan topib, gʻamlash kerakligini, karvonsaroyga kelib turuvchilarning hamisha faqat shu yerga qoʻnib oʻtishlari uchun ular bilan qanday muomala qilishni tushuntirdi. Hamma qaznoq va omborlarning kalitlarini u Ivga bilan Levkoga topshirdi; don-dun bormi, yem-xashak bormi, jamiki roʻzgʻor va xoʻjalik buyumlari endi shu ikkovining qoʻlida edi; sarmoya ham, barcha hisob-kitob ishlari ham Ivga bilan Levkoning ixtiyorida edi, Gorpina ularga faqat yoʻl-yoʻriq koʻrsatib turardi. U oʻgʻli Timoxani ham xoʻjalik ishlarini boshqarishga oʻrgatmoqchi boʻldi-yu, lekin uning xudodan qoʻrqmay, xaridorlarni ham puldan, ham tarozdan ura boshlaganini, doim mast-alast yurib, odamlar bilan mushtlashgani chogʻlanganini, ba’zida esa ularning pulini ham oʻmarganini koʻrib, bu niyatidan voz kechdi. Zero, u karvonsaroy sha’niga dogʻ tushirishi mumkin edi. Agar buning oldi olinmasa, odamlar bu dargohga kelishdan qadamlarini uzgan ham boʻlardilarki, Gorpina bu ahvolni koʻrib, oʻgʻliga erk bermay qoʻydi, vaqti qazosi yetganda esa, butun xoʻjalik ishlarini qizining ixtiyoriga topshirdi va hamma sohada mufassal yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatdi. Levkoni esa, butun oila a’zolari himoyasiga topshirib, uni hech nimadan kamsitmaslikni, koʻnglini ogʻritib xafa qilmaslikni va basharti, agar uning oʻzi oʻz xoʻjaligiga ega boʻlishni xohlagudek boʻlsa, xohishiga monelik qilmaslikni vasiyat qildi: «Sen, qizim, uning yangi roʻzgʻor qilishida koʻmaklash, hamma kerakli buyumlar bilan ta’minla, oʻzing bilasan, Levkoning koʻp yordami tegdi bizga, uning sharofati bilan ancha-muncha daromad qildik,– sen uning shu qilgan yaxshiligiga yarasha, oʻzing ham yaxshilik qil. Bordi-yu, agar bir-biringlardan ajralmay, turmush qurgudek boʻlsanglar, nur ustiga a’lo nur. Eru xotin – qoʻsh hoʻkiz boʻlib, roʻzgʻorni tebratasizlar, otangni tashvishga solib qoʻymaysizlar! Ammo-lekin Timoxaga erk bera koʻrmanglar, yoʻqsa u seni ham, qizim, toʻqqiz pulga sotib yuboradi, otangni ham qimorga boy berib ichadi, butun molu davlatimizni yelga sovuradi».

Ona oʻlganidan keyin, Ivga butun xoʻjalikni oʻzi boshqarishga kirishdi, otasining oʻzboshimchalik qilib pul sarflashiga yoʻl qoʻymadi. Oldi-sotdidan tushgan pullarni u otasiga topshirar, lekin uning fe’lini yaxshi bilgani uchun, mening maslahatimsiz hech bir narsaga bebiliskaga pul sarflamang, deb qattiq tayinlab turardi. Ota ham xuddi ilgari xotinining amriga itoat etganday, qizining gapiga ham quloq solar edi. Qariya oʻgʻli Timoxani yaxshi koʻrar, doim uni papalagani-papalagan edi, u pul soʻraganida hech yoʻq deyaolmasdi, ammo Ivga otasiga bunday qilishni taqiqlab qoʻygan edi va Timoxa uchun har oyda qanchadan pul berib turishni belgilab bergan edi. Ota ham unga boʻysunardi... Lekin Timoxa olgan pul qanchaga yetardi, deysiz! Pul qoʻliga tushgan zahoti, uni aroq ichib, yo boʻlmasa, maishat qilib quritar, keyin to yangi oy boshlanguncha ilhaq boʻlib, tishining kirini soʻrib yurardi. Oqibatda, nuqul Levkoga zahrini sochgari-sochgan edi, chunki, u asrandi oʻgʻil boʻlsa ham, hamma ishda bosh-qosh-u. Timoxa ota oʻgʻli boʻlaturib, hech narsaga haqi yoʻq edi. Shuning uchun hamma balo shu Levkoning kasriga boʻlyapti deb oʻylab, kunuzzukun uning ustidan otasiga gʻiybat qilib, qulogʻini pishitgani-pishitgan edi. Trofim ham Levkoni har uchratganida soʻkib, oʻshqirib berardi, bechora Levkoning toqati toq boʻlar, pichoq suyagiga yetgandi. Bu xonadondan, bosh olib ketardi-yu, lekin u Ivgani yurak-yuragidan sevib qolgandi, Ivga ham unga taskin berib, mana, oldin akamni uylantirib, roʻzgʻorini boshqa qilaylik, otamni uning qaramogʻiga topshiraylik, keyin sen bilan turmush quraman, ana unda oʻz roʻzgʻorimiz boʻladi, deb aytardi.

Shunday kun kelishini intizor boʻlib kutgan Levko Makuxaning zugʻumlariga tishini tishiga qoʻyib chidar, oʻz ishi bilan ovunib, oz-ozdan pul jamgʻarardi. U Timoxaning qingʻir ishlarini koʻrmaslikka qancha urinmasin, baribir, uning taralabedod aysh qilib, mast boʻlib odamlar bilan mushtlashib yurganini, ayniqsa, qandaydir ogʻir bir jinoyat qilib qoʻyib, oshnasi – boʻlis mirzasi yordamida aybini yopti-yopti qilganini va bu «yaxshi»ligi uchun mirzani oʻz singlisiga katta sep bilan turmushga bermoqchi boʻlganini – teshik quloq eshitgan, bilgan edi. Levko ana shu haqda otaga gapirishga jazm qildi. Xoʻsh, nima boʻldi shu bilan? Makuxa ishonmadi, Levko oʻgʻlimni yomon koʻradi, shuning uchun uni gʻiybat qilyapti, degan qarorga keldi. Shunda Levko Timoxa tomonidan puli shilingan yoki pand yegan odamlarni cholning oldiga boshlab keldi, lekin Makuxa, Levko oʻgʻlimga tuhmat qilish uchun, bu odamlarning qulogʻini pishitgan, deb hech bir gapga ishonmadi. Xoʻsh, shundan keyin Levko nima ham qila olardi? Gung boʻlib yuraverdi; holbuki, Timoxaning qingʻir ishlari kun sayin bolalab borardi.

Levkoning koʻnglini faqat Ivga yupatar va ba’zi-ba’zida shunday derdi: «Oʻzimam, Levko, sezib turibman, akamning qarshisida sen hecham otam bilan totuv yasholmaysan... Bas, yetar shuncha chidaganim, aytaman otamga: meni senga turmushga bersin, onamning vasiyatiga koʻra. Fahmimcha, otam qaytaga xursand boʻladi meni chiqarib yuborganidan, negaki oʻshanda Timoxa bilan bema’niligini qilish uchun imkon tugʻiladi. Otam toʻyimizni ham qilib beradi, mening seplarim solingan sandiqniyam, onam toʻyimga atab hozirlagan koʻrpa-yostiqlarniyam beradi, lekin bir tiyin pul bermaydi; holbuki, hamma jamgʻarilgan pulni, aslida, sen bilan ikkovimiz topganmiz – bu haqda oʻylamaydi ham. Voy, u shunaqa qurumsoqki... Bilasan-ku, u oʻzi yotadigan mehmonxonaga hech kimni kiritmaydi, xonaning kalitini ham hech kimga ishonmaydi, faqat juda nochor ahvolga tushgandagina menga beradi. Pul saqlanadigan sandiqning kalitini-ku, hatto menga ham hech qachon ishonmagan. Unga pul berganimda koʻraman, sandigʻida puli jaraq-jaraq, lekin bizga u puldan hech nima nasib qilmaydi. Axir pulimiz boʻlmasa qanday roʻzgʻor tebratamiz? Ishni nimadan boshlab, qaysi pulimizni muomalaga qoʻyamiz? Toʻgʻri, biroz vaqtdan keyin, xudo xohlasa, oʻzimizni oʻnglab olardik ham: yaxshi odamlar koʻp, ular otamdan koʻra bizni koʻproq tanishadi, ularga murojaat qilsak, albatta, yordam berishadi, faqat ishni boshlashga hech vaqomiz yoʻq. Sen, pulim bor, deb aytuvding. Qayerda u?
– E, nima boʻlardi mening pulim, – dedi Levko va yuragi bir orziqib tushdi. U pulini boʻlib-boʻlib, arpa, qatron va boshqa narsalar xarid qilish uchun bir odamga ishonib bergan edi. Lekin shundan beri oʻsha odamni ham, pulini ham boshqa koʻrmadi. Shuning uchun ham Ivga bergan savoldan koʻngli gʻash boʻlib shunday dedi: – Ozgina pul! Aytishgayam arzimaydi! Foizi bilan qoʻshganda ellik soʻmcha keladi. Nima ham qila olardik bu pul bilan?
– Dastlabki paytda shuning oʻzi ham ancha ishga yarab qolardi. Ilojimiz qancha? Roʻzgʻorimizga zarur boʻlgan narsalarning bir qismini pulga, qolganini qarzga olib turardik, shu tariqa oʻzimizning karvonsaroyimizni ochishimiz mumkin. Xudoning panohida asta-sekin xoʻjaligimizni oʻnglab olardik. Sen borib, odamlardan qarzingni talab qil, keyin ishni boshlab yuboramiz.

Ivga shunday deb Levkoni bir necha marta qarzini undirishga yubordi. Lekin yigit, qarzni bir haftadan keyin, yo ikki haftadan keyin beradigan boʻlishdi, deb kelib Ivgaga yolgʻon soʻzlashga majbur boʻlardi. ... Iloji qancha? Agar Ivga uning pulni qanday sarflaganini bilsa, koyib berardi-da, albatta...

Bir kuni Ivga Levkoga dedi: – Otam uyda yoʻq, kechqurun qaytadi. Men sen bilan boʻlajak ishimiz haqida imi-jimida gaplashib olishim kerak. Mana bu otam yotadigan xonaning kaliti. Oʻsha yerda meni kutib tur. Men bir zumgagina qoʻshni xotinnikiga chiqib, ikki ogʻiz gapim bor, shuni aytib qaytaman. Keyin ikkalamiz ertadan keyin nikohdan oʻtish tadorigini koʻramiz. Karvonsaroyda ham, uyda ham begona odamlar koʻp, sen bilan maslahatlashib olgani boshqa joy yoʻq. Oʻtinaman sendan, oʻsha yerda jimgina oʻtirib tur, zinhor otamning sandigʻiga yaqinlasha koʻrma: u har balodan gumonsirayveradi, qayerga nima qoʻyganini biladi, pulini oʻgʻri urib ketishidan qoʻrqadi...

Levko Ivga aytganidek ish tutdi. Qiladigan ishlarini bitirib, Makuxaning xonasiga yoʻl oldi.

Eh, Ivga, Ivga! Elakka chiqqan xotinning ellik ogʻiz soʻzi bor, deganlaridek muncha uzoq qolib ketmasang? Nima ish bilan chiqqan eding oʻzi qoʻshninikiga? Sen u yoqdaligingda uyingda nimalar boʻlganini bilasanmi? Tezroq kel, oʻz koʻzing bilan koʻr!

Keksa Makuxa bugun uyga kutilmaganda ertaroq qaytdi, buning ustiga, picha kayfi ham bor edi. Bu holni koʻrgan Timoxa, hozir undan bir nima undirish osonroq boʻladi, deb oʻylab, peshvoz chiqib dadajonini qarshi oldi va atrofida parvona boʻlib, undan pul soʻray boshladi. Oldiniga u besh soʻlkavoy soʻragan edi – otasi uni koʻkragidan itarib yubordi: keyin uch choʻlkavoy soʻradi – otasi uni jerkib berdi; faqat bir soʻlkavoy soʻragan edi – ota poʻngʻillab, hatto yarim soʻlkavoy ham bermayman, dedi, Timoxa hamon otasining oyogʻiga yiqilib tilanchilik qilaverdi. Otasining axiri unga rahmi keldi va mayli chorak soʻlkavoy berarman, dedi-da, oʻz xonasi tomon yoʻl oldi. Xonaning qulfi ochilgan edi.
– Koʻrdingmi,– dedi ota oʻgʻliga,– uyda Ivga bor ekan! Oldin u chiqib ketsin, keyin beraman pulni; oʻzing bilasan singlingning fe’lini, senga pul berishimni yoqtirmaydi, nuqul poʻngʻillagani-poʻngʻillagan.
– Qoʻyavering, dada!– dedi shunda Timoxa.– Agar poʻngʻillasa, oʻziga ham yalinib koʻraman. Yuraqoling.

Ular eshikni ochib ichkari kirishdi... Yo xudoyo tavba! Bu nima oʻzi? Makuxaning sandigʻi ochilgan, buzilgan qulf yerda yotibdi... sandiq tepasida... Levko turibdi! Aftiga qarab, bu Levkomi yo unga oʻxshash boshqa odammi, deb oʻylaysan!.. Uning rangi dokadek oqarib, koʻzlari ich-ichiga botib ketgan... Bir qoʻlida pul toʻla hamyon, ikkinchi qoʻlida – bir siqim soʻlkavoylar... Chamasi, bu uning sandiqdan birinchi marta pul olishi emasga oʻxshaydi, chunki hamma yoqda, yerda soʻlkavoylar sochilib yotardi. Aftidan, shoshgan boʻlsa kerak, qopchiqdagi pullar sochilib ketgan...

Makuxa buni koʻrdiyu ikki kafti bilan etagini shapatilab baqirib yubordi: «Iye, sen nima qilib turibsan bu yerda?» Levko esa, xuddi bezgagi qoʻziganday, afti tamoman oʻzgarib ketdi, dagʻ-dagʻ qaltirarkan zoʻrgʻa tili kalimaga keldi: «Men, amaki... balki... men emas...»– «Sen emasmisan, oʻgʻri?.. Sen emasmisan?.. Ushlanglar uni! Yigitlarni chaqir bu yoqqa!» – Shu zahoti Timoxa karvonsaroydagi odamlarni chaqirib keldi...
– Ushlanglar uni... Oyoq-qoʻlini bogʻlanglar bu oʻgʻrini!– deb baqira boshladi hamma.

Bechora Levkoni mahkam ushlashib, darhol belbogʻlar bilan qoʻllarini ham bogʻlashdi, tagʻin qochib ketmasin, deb oyoqlarini ham tushovlashdi. Keyin uni boʻlis mahkamasiga sudrab olib ketishdi: olti kishi uni ikki yogʻidan mahkam ushlab olgan, yana oʻntacha odam – kim tayoq, kim katta qoziq, kim kosov bilan bilan qurollanib, Levkoni xuddi ariston odamday, atrofini oʻrab kuzatib borardi.

Shoʻrlik Levko-chi? U nima ham qila olardi? Turgan gapki, qarshilik ham koʻrsata olmay bir ogʻiz soʻz ham aytolmay, sudragan yerlariga borardi, uning boʻyniga buzilgan qulf osilgan, uzun choʻpga u oʻgʻirlagan,– buni hamma koʻrgan,– xuddi nikoh toʻyida kelinning sarposini ilishganday pulning qopchigʻi ilingandi. Bu qulf bilan qopchiq u qilgan jinoyatning daliliy ashyolari edi. Olomon hali darvozadan koʻchaga chiqib ulgurmasidan, zumda tumonat odam yigʻildi... Xuddi toʻyxonaga kelgandek. Ana shunda gʻiybatchi xotinlarning ovi yurdi! Levkoni tutib ketayotgan olomon oʻn qadamcha ham bosishga ulgurmay, qoʻshni xotin qoʻshnisiga bir dunyo mish-mishni toʻqib aytib tashladi: Makuxaning asrandi oʻgʻli bor-u – Levko, oʻsha uxlab yotgan otasining tepasiga kelib, uni soʻymoqchi boʻlgan ekan, yaxshiyam, ustiga Timoxa kelib qolib, otasini bir oʻlimdan asrab qolibdi. Voy, u bezori Timoxaning biqiniga ikki marta, boʻgʻziga bir marta pichoq tortib yuborgan boʻlsa ham, shunga qaramay, Makushenko Levkodan zoʻr chiqib, uni bogʻlabdi, baqirib, odamlarni yordamga chaqiribdi... bir zumda yetib kelgan odamlar Levkoni qoʻlga olishibdi...

O, odamlar, Levkoni to boʻlis mahkamasiga olib borishguncha, hali bunaqa mish-mishlarning yana qanchasi yoyilarkin butun qishloqqa?..

Olomon borgan sari koʻpayib, qishloqning tor-tor koʻchalariga sigʻmay qoldi. Bu ham yetmaganday, toʻdaga bolalar ham kelib qoʻshilishdi. Ular olomon orqasidan ergasharkanlar, aristonning oldiga yugurib kelib, uni: «Oʻgʻri!... Qaroqchi!.. Choʻz soʻlkavoydan bizgayam... Ey, oʻz otasining pulini oʻgʻirlagan oʻgʻri!..» deb va yana shunga oʻxshash soʻzlar bilan tahqirlay boshladilar.

Bu haqoratu mazaxlarga qanday chidasin Levko? Endi kim degan odam boʻldi u? U olomon kurshovida borarkan koʻzi hech narsani koʻrmas, faqat odamlarningg masxaralovchi soʻzlarini, qargʻishlari, soʻkishlarini, ta’nayu malomatlarini eshitardi... U ketaturib koʻzini osmonga tikar, ogʻir xoʻrsinar va oʻziga oʻzi: «Yo rahmdil egam! Shu menmanmi? Menga nima boʻldi oʻzi?» – derdi. Ba’zida u, oʻzimga yaqin biron odamni koʻrib qolarmikinman, degan niyat bilan odamlarga koʻz tashlardi...

Bu shovqin-suronni eshitgan Ivga qoʻshninikidan yugurib chiqdi va boshiga ne savdo tushganini bilmay, odamlardan, kimni tutib olishibdi, deb surishtira boshladi. Hozirjavob qoʻshni xotinlar shu zahoti nima boʻlganini unga oʻzlari bichib-toʻqigancha soʻzlab berishdi, buni eshitib, Ivga oʻzini yoʻqotib qoʻyayozdi... Rangi dokaday oqarib, dagʻ-dagʻ qaltiray boshladi, agar qoʻshni ushlab qolmaganida yiqilib ham tushardi. U Ivgaga, senga koʻz tekkan, tezroq tabibga olib boray – yomon koʻzdan asrab dam solib qoʻysin, dedi.

E, sevgan qayligʻining boshiga shunday musibat tushgan paytda koʻz tegishiga balo bormi? «Yoʻq,– dedi Ivga,– yoʻq, aylanay xaloskorginam, yoʻq, oʻrgilay xolajon! Hozir menga tabib yordam qilolmaydi! Yaxshisi, yuring, boʻlis mahkamasiga boraylik, Levko nima qilib qoʻygan ekan, eshitamiz, agar uning shu qilganlari rost boʻlsa, oʻsha yerda, uning oyogʻi ostiga yiqilamanu oʻlaman!..»

Qishloq ma’murlari, xuddi asalga yopishgan pashshalarday, mahkama sari shoshilishdi. Axir ma’lum-ku, agar biron kimsaning boshiga savdo, falokat tushsa, hakamlarga ham da’vogardan, ham aybdordan biron nima unishi muqarrar, quruq qolishmaydi, albatta... Axir ular – hakamlar! Bu yerda ham shunday boʻldi: mahkama sardori rahbar sifatida, stolning toʻriga oʻtirdi, uning ikki yonidan qishloq oqsoqollari joy olishdi, stolning etagiga esa, siyohdon va qogʻoz bilan qurollangan boʻlis mirzasi joylashdi. U allaqachon Timoxa bilan pichirlashib bir nimalarni kelishib olgan edi. Shu bois yuzida tabassum bilan oʻrniga kelib oʻltirarkan, yoʻtalib-yoʻtalib qoʻyib, qogʻozga nuqul: «Patqalam bilan siyoh sinovi...» – deb yozardi. Yozib turib bu yerga toʻplangan odamlarga qarab-qarab qoʻyardi, odmi ki-yinganlarga-ku, e’tibor ham bermasdi, nuqul movut chakmon kiyganlar bilan koʻz urishtirib, xuddi koʻzi qaymoqqa tushgan mushukday tamshanib qoʻyardi.

Sardor, oʻgʻrini obkiringlar, deb buyurdi. Soʻng qariya Makuxani yoniga chaqirib olib, nima boʻlganini soʻradi. Makuxa hamma boʻlgan gapni – xonaga kirib, Levkoni qoʻlida pul changallagan holda sandiq oldida turganini soʻzlab berdi. Levko bir nima demoqchi boʻlib, ogʻiz juftlagan edi, lekin sardor uning ogʻziga urib oʻdagʻaylab berdi: «Mening oldimda sen gʻing deya koʻrma! Bilasanmi, men kimman? Men sardorman, sardor sening gapingni eshitganimas, jazoga tort-gani kelgan. Guvohlar bormi?» – deb soʻradi u Makuxadan, bu yerga toʻplangan jamoa tomonga qarab. Yigirmatacha odam Levkoni qoʻlida pul bilan turganiga, shuning-chun uni hibsga olishganiga guvohlik berdi... «Vassalom, ish tamom!»– dedi sardor stol ortidan turarkan. Boshqa oqsoqollar ham unga ergashib oʻrinlaridan turisharkan: «Ana xolos, buni qarang-a!»– deb qoʻyishdi.
– Mirza!– dedi sardor amirona buyruq berarkan,– sen guvohlarni roʻyxatga ol, hammalariga barmoq bostir, keyin tezda sudga xabarnoma yoz. Bizlar boʻlsak, Makuxanikiga borib, tergov oʻtkazamiz. Men senlarga avvalgi sardorlaring Yevdokim emasman. Men tartibni bilaman va hurmat qilaman.

Keyin yuzboshi va oʻnboshilarga qarab, oʻz farmonining har bir moddasini barmogʻi bilan koʻrsatgancha dedi: «Qulogʻingizga quyib oling: hozirning oʻzida uyma-uy yurib, tovuq, tuxum va boshqa kerakli yeguliklarni muhayyo qilinglar. Bilasizlarmi, hali bu yerga sud hay’ati keladi tergov oʻtkazgani. Kim bilsin, balki ikki-uch kun turib qolishar, shuning-chun hamma narsa yetarli boʻlsin... Qani, ketdik, boshla bizni uyingga Trofim Fedorovich».

Qishloqlarda tergov qanday oʻtkazilishini bilgan qariya Makuxa ogʻir xoʻrsinib aftini burushtirdi. Nachora, yoʻl boshlamay iloji yoʻq edi. Ammo shu payt mirza sardorni yoʻldan toʻxtatib:
– Pan sardor, jinoyatchini soʻroq qilish kerakdir, balki? – deb soʻradi.
– Nima, soʻroq qilib oʻtiramanmi boshimni ogʻritib? Oʻzing koʻrmayapsanmi? Boʻyniga buzilgan qulf bilan pul xaltasi osilgan-ku...
– Ha, bu gapingiz toʻgʻriku-ya,– dedi mirza ensasini qashib...– Gunohkorligi oppa-oydin, lekin shunday boʻlsa ham, oʻzining aybiga iqror boʻlgani haqida dalolatnoma kerak-da...
– Sen uni tayoq bilan urib chalajon qilsang ham, iqror boʻlmaydi aybiga. Nima balo, sen esingdan ayrilganmisan, qoʻling shol boʻlib qolganmi? Oʻzing yozib, ishga tikib qoʻyaver-da. Men tartibni yoqtiraman.
– Shuningdek, aybdorning shaxsiy iqrorini ham qoʻshish kerak-da, ishga. Oʻzingiz bilasiz, janoblari... yoʻgʻ-e, janobi oliylari hamisha ishni koʻrishda eng oldin, aybdorni shaxsan soʻroq qilardilar...
– Buni oʻzim ham bilaman,– dedi sardor.– Menga aql oʻrgatma: ishdan olib tashlangan Yevdokim emasman men senga. Aytganimni qil. Shaxsiy iqror menda, aristonni sovuqxonaga tashla, xabarnomani tezroq sudga yubor...
– Qancha oʻmargan ekan Levko? Siz, pan sardor, bu haqda soʻramadingiz ham...
– Koʻproq yozaver. Mayli.... ikki yuz soʻm deb yoz... Nimasini ayaysan oʻsha Levkoning? Axir u oʻgʻri, muttaham-ku! Qolaversa, Makuxaga hech achinmayman. Kim boʻlibdi u, ayab nima qilamiz? Yoʻqolgan boʻlsa, uning puli yoʻqolgan, biznikimas. Qani, ketdik, pan hakamlar! Makuxaga jinoyat sodir boʻlgan yerda aytaman hamma gapimni: nimasini, qanchadan, kimga, qanday qilib... deganday.

Uning bu gapi ma’nosiga tushungan Makuxa, yana ensasini qattiq-qattiq qashilay boshladi, shunday boʻlsa ham hakamlarni uyiga boshladi... Sardor hammadan oldinda yoʻgʻon bir tayoqqa tayanib, xuddi xoda yutganday gʻoʻdayib, qovogʻidan qor yogʻib borar, hakamlar esa, oʻzlarining doimiy: «Ana xolos, buni qarang-a!» soʻzlarini takrorlagancha sardorning orqasidan ergashdilar. Ularning ketidan Makuxa oʻz oʻgʻli va guvoh boʻlgan jamoa bilan yoʻl oldi; oʻgʻli yoʻlga tushishdan oldin yana mirza bilan pichirlashib olgandi. Qolgan olomon esa, Levko boʻlis maxkamasiga olib borilganidan keyin, loʻlilar qishloqqa yetaklab kelgan ayiqlarni tomosha qilgani tarqab ketgan edi...
– Mahkamada yolgʻiz oʻzi qolgan mirzaning darrov dimogʻi shishib ketdi va oʻngu soʻlga buyruq bera boshladi:
– Hey, qayoqdasizlar, oʻnboshilar? Aristonning oyoq-qoʻliga kishan solib, sovuqxonaga qamanglar. Qorovullar hushyor turishsin! Xabarnomani endi bugun yuborolmaymiz, negaki, sardor hozir tergov oʻtkazyapti, tergov tugagach, navbati bilan, oʻsha yerda kechlik qiladi, shuning-chun imzo chekishga ulgurmaydi. O! U senlarga avvalgi sardor emas: u imzo chekishdan oldin dalolatnomani albatta oʻqib chiqadi. Ha, yaxshi, pan sardor, cheksang chekaver imzoingni, ungacha men tayyorlab qoʻyaman xabarnomani...

Mirza boshidagi kokilini qashib olib, xabarnoma yozishga endi kirishgan edi, xonaga oʻqday otilib kirgan Ivga uning oyogʻiga yiqilib iltijo qila boshlaydi:
– Jo-on akajonim Kondratich, shunqorim! Xohlagan narsangni soʻra... Mana, marjonimni ol.... Mana, tilla taqinchoqlarim, yana seni alohida xursand qilaman... Faqat ruxsat ber, Levko bilan yuzma-yuz gaplashib, nima boʻlganini soʻrab bilay: u bunday qilmagan... Qandaydir xatolik yuz bergan... Faqat soʻrab koʻraman...

Mirza, oʻz odati boʻyicha tomoq qirib-qirib qoʻyarkan, nuqul moʻylovini gajak qilib burardi. Keyin oʻrnidan turib, xona ichida uyoqdan-bu yoqqa yura boshladi va nihoyat qoʻllarini beliga tiragancha gap boshladi:
– Yevgeniya Trofimovna! Nima balo, sen, jonginam yo jinni boʻp qolganmisan, yo aqldan ozganmisan? Hali sen qizlik iffatingni, yosh umringni, husnu jamolingni oyoq osti qilmoqchimisan, butun molu davlatingni oʻsha oʻgʻri bilan birga shamolga sovurmoqchimisan? Uning masalasi hal boʻlgan: oʻligi endi surgunda chiriydi. Sen bu haqda hech kuyib-pishma, oʻzingni urintirma ham, menga marjoning-ni ham, tilla taqinchoqlaringni ham berma; oʻzingni ber menga butun boyligingga qoʻshib. Men qobiliyatli yigitman. Sening tilla taqinchoqlaring va mening layoqatim yordamida zemstvo sudi maslahatchisi lavozimiga erishaman. Sen uyimiz bekasi boʻlasan, men tergov qilib, dunyo orttiraman. Qalay, a? Yiqqanimiz oʻzimizga ham yetadi, bolalarimizga ham. Qoʻy, oʻsha qaroqchini! Men uni Sibirga joʻnataman, keyin sen bilan ikkalamiz rohatu farogʻatda, halovatda umrguzaronlik qilamiz. Bugun kechasi men uni shaharga joʻnataman. Ertaga uyingga sovchilarni yuboraman, sen ularni sochiqlar bilan qutlaysan ...
– Iloyo, sen yashshamagurni mirza qilib tayinlaganlar doʻzax alangasida yonsin! – deb Ivga bor ovozi bilan baqirib berdi unga.– Men boʻlaman-u, Levkoginamni shu holicha tashlab qoʻyamanmi? Axir onam rahmatlik menga uni izzat qilishni vasiyat qilganlar-ku! Shundoq qalbim sururidan voz kechib sendek el-yurt boshiga bitgan zulukka koʻngil qoʻyaymi? Chuchvarani xom sanabsan! Agar Levkoni Sibirga joʻnatsanglar – men ham boraman orqasidan! Haqiqat izlab boʻlmas ekan senlardan. Men shahargacha borib, sud qiluvchi mansabdorlar bilan uchrashaman; Levkoning unaqa odam emasligini, uni chalgʻitib aldashganini hammaga gapirib beraman. Sen boʻlsang, menga uylanishni xayolingga ham keltirma: sovchilaring uyimdan qovoq qoʻltiqlab ketishadi.
– Oʻsha Levkoingni Sibirda chiritaman!– deb baqirdi mirza.– Bor, yoʻqol koʻzimdan oʻsha pora-moralaring bilan. Baribir, akang rozilik bergan senga uylanishimga, otang ham rozi boʻladi hali... Qani, tegmayam koʻr-chi! Yoʻq desang, majbur qilamiz. Joʻna, joʻna!..

U shunday tahqiromuz gaplar bilan Ivgani mahkamadan haydab chiqardi, keyin gʻazabi qaynaganidan oʻzini nima qilishni bilmay, oʻtirib, tishlarini gʻijirlatgancha, xabarnoma yozishga kirishdi. U kokilini dam-badam tutamlagancha, qiynala-qiynala Levkoni Makuxaning ochiq sandigʻi tepasida pul changallab turgan yerida qoʻlga olingani haqida, yana «bundan tashqari uning choʻntagida ham, qoʻynida ham jami ikki yuz soʻmdan ortiqroq pul bor edi, yuqorida nomi zikr etilgan Leontiy yana ham koʻproq pul oʻgʻirlash niyatida boʻlganiga oʻzi quyida nomlari keltirilgan guvohlar oldida iqror boʻldi», – deb yozdi. Shundan keyin u ushbu qishloqda istiqomat qilmaydigan notanish kishilarning nomlarini yozib, oʻzi ular oʻrniga imzo chekdi, barmoq bosdi-da, darhol sardor tergov olib borayotgan Makuxaning uyiga joʻnadi. Borarkan, oʻzicha shunday mulohaza yuritardi: «Xohlamasmish! Koʻramiz! Shu bugun kechasiyoq xabarnomani shaharga joʻnataman; sudyalar bilan til biriktirib, uni Sibirga surgun qildiraman! Seni, baribir, akang zoʻrlab boʻlsa ham, menga xotin qilib beradi... Hamma boyliging meniki boʻladi! O, bu qizning boyliklari bir dunyo!»– Shunday xayollar bilan mast boʻlib, u Makuxanikiga kirib bordi...

Xoʻsh, bu yerda sardor guvohlar ishtirokida qanday tergov olib borayotgan edi? Turgan gapki, zemstvo mansabdorlariga oʻxshab-da! Dastavval sardor va hakamlar kela solib stol atrofiga oʻtirishdi, Makuxa shoʻrlik paydar-pay dalillar keltira boshladi; dalillari – goh yovshan aragʻi, goh qalampir aragʻi boʻldi, keyin navbat arpabodiyon aragʻiga keldi – Ivga uni oʻtgan-ketgan hurmatli panlar uchun asrab qoʻygan edi. Hammasini bir tomchi ham qoldirmay ichib tugatishdi. Ziyofat paytida ular goh pichan oʻrimi haqida, goh gʻalla hosili haqida gaplashisharkan, koʻriladigan bugungi ish toʻgʻrisida hech kim churq etib ogʻiz ochmadi. Makuxaning oqsochlari oyogʻi kuygan tovuqday shosha-pisha ugra kesishar, varenik2tugishar, soʻyilgan tovuqlarning patini yulishardi, yana ular Ivga boʻrdoqiga boqayotgan ikkita gʻozni ham inidan tortib soʻyishdi... Ha, u shoʻrliklarning ham kuni bitgandi! Oʻziyam ziyofatmisan, ziyofat boʻldi! Uy bekasi boʻlmish Ivgadan esa hech kim hech nima soʻramadi ham. U yangi qurilgan boʻm-boʻsh xonaga kirib olib, Levkoning qismatiga va oʻz boshiga tushgan bu ogʻir musibatga chiday olmay, hoʻng-hoʻng yigʻlay boshladi... koʻz oldi qorongʻilashdi!..
– Timoxaning-ku, biti toʻkildi! U hammani mehmon qilarkan, birinchi navbatda oʻzini siylardi. Mehmonlar bilan ichisharkan, nuqul Levkoni soʻkar va u bechora xayoliga ham keltirmagan ayblarni ustiga agʻdarardi.

Mirza bu yerga yugurib kirib kelganida kechki ziyofat avjida boʻlib, hali sariyogʻga bulgʻanib, qaymoqqa botirilgan vareniklarga navbat kelmagan edi.
– Pan sardor bilan hakamlar shu yerdami? Nahotki tergov tugagan boʻlsa?– deb soʻradi mirza; sardor unga dagʻdagʻa bilan javob qildi:
– Tugadimi, hukm ham chiqarildi. Nima, sen yaramasni kutib oʻtirarmidik? Men avvalgi sardor Yevdokim emasman, deb senga aytganman ham, tayinlaganman ham: men rahbar boʻlgan yerda ish qaynashi, hamma ishda adolat boʻlishi kerak. Xoʻsh, nimalarni yozding shu yarim kechagacha, nima obkelding? Balki hali bu qoralamasidir? Mana, hozir tamaddi qilib olay, koʻrib chiqaman, bir lahzada xatolaringni topaman. Oʻtir, diyonatli kishilarning kechlik qilishiga halal berma.

Pan sardor gapga kirishishi bilan, pan mirza zumda arpabodiyon aragʻidan ham tatib koʻrdi, qalampir araqdan ham ichishga ulgurdi, yana yarimta tovuq goʻshtini hash-pash deguncha yamlamay yutvordi; bir boʻlak gʻoz goʻshtini oyogʻi bilan birga kissasiga urdi (u buni maktabda oʻqib yurganida oʻrgangan edi) soʻng varenikka hujumni boshladi. Shu zaylda u ichishda ham, yeyishda ham oʻzidan ancha oldin kelgan baloxoʻrlarga yetib oldi. U juda olgʻir, abjir yigit edi! Shoshqaloqlik bilan ham ichar, ham ovqatlarni urarkan, ayni paytda oʻzining mirzaga xos odati boʻyicha tomoq qirib, yoʻtalib-yoʻtalib qoʻyardi. Sardorning pin-gʻillashiga esa parvo ham qilmasdi. Chunki u: «Akillagan itdan qoʻrqma», degan qoidani yaxshi bilardi, yana u, qaysi amaldor koʻproq kekkaysa, koʻproq kerilsa, nuqul tartib oʻrnatish bilan ovora boʻlsa, u hech nimani bilmaydi, bilmaganidan, sening aytganingni qiladi, derdi. Bu pan sardor ham shunday amaldorlardan edi.

Hammalari miriqib yeyishdi, ichishdi. Pan sardorning tili zoʻrgʻa aylanar, qolgan hakamlar bilan guvohlar, garchi darrov tayoqlariga tayanib olgan boʻlsalar ham, yurganda binoyiday gandiraklashardi. Pan sardor labi-lunjini zoʻrgʻa yigʻib olib, Makuxaga non-namak uchun minnatdorlik bildirdi, Levkoni qilgan aybi uchun boʻralab soʻkdi va ertaga bu haqda sudga xabarnoma yuborishga soʻz berdi. Pan mirza boʻlsa, oxirgi taom – sutli boʻtqani, tomoq qira-qira yeb tugatarkan, arpabodiyon aragʻi quyilgan xumchadan hech koʻzini uzolmasdi. Nuqul, yoʻq, pan sardor, siz aytganday boʻlmaydi, deyishga urinayotganday, hadeb moʻylovini likillatardi. Nihoyat, u hamma ovqatini yeb boʻlib, gazakka yana oxirgi qadahni ichdi-da, sardorga dedi:
– Qayoqqa ketyapsiz? Imzo chekmaysizmi xabarnomaga. Axir juda muhim voqea sodir boʻldi-yu, shu kechasiyoq xabardor qilishimiz kerak...
– S-sudnimi?– deb soʻradi sardor.
– Albatta, sudni-da,– deb qichqirdi unga mirza,– nima, esingizdan chiqdimi, pan ispravnik[1], har bitta yuz bergan voqeadan shaxsan meni va faqat meni boxabar qilib turinglar, deb buyurmaganmidilar? Shunday deb turib u pan sardorning oldiga xabarnomani yozib qoʻydi, choʻntagidan siyohdon olib, uning qoʻliga pat qalam tut-qazdi-da, dedi: – Qoʻl qoʻying tezroq. Voy, qayoqqa yozyapsiz? Axir teskari ushladingiz-ku!

Sardor sal hushini yigʻib olib, qogʻozni toʻgʻri qoʻydi-da, oʻz ismini harfma-harf bittalab aytgancha imzo chekarkan, nuqul toʻngʻillardi:
– Men yoqtirmayman tartibsizlikni... Men sizlarga Yevdokim

emasman... Yolgʻon soʻz bilan laqillatolmaysanlar meni!

Mirza imzo chekilgan xabarnomani sardorning qoʻl ostidan yulqib oldi-da, gʻizillatgancha uyiga joʻnadi, konvert ustiga «oʻta muhim» deb yozib, uni shu zahotiyoq ispravnikka joʻnatdi. Pan sardor-ku, bir amallab uyiga yetib oldi, chunki uyi yaqin edi, qolaversa, hali u baquvvat erkak edi, illo qolgan hakamlaru guvohlar, qay tomonga boshlari ogʻganini oʻzlari ham bilmadilar; ularni ertalab har yer-har yerdan topishdi – kechasi bilan sandiroqlab yurib, koʻcha-koʻchada choʻzilib qolgan edilar. Mana shunday tergov qilgan edi ular. Sovuqxonaga qamalgan va oyoq-qoʻliga kishan urilgan Levko chekayotgan azobining cheki yoʻq edi. Oradan bir kun, ikki, uch kun oʻtdi. Soqchilar Ivgani unga yaqin yoʻlatishmadi. U Levkoga ovqat obkelib turdi, lekin, eng muhimi, undan nega olding shu kasofat pullarni, deb soʻragisi kelardi. Yana, qanday qilsak, bu ishni yopti-yopti qila olarkanmiz, deb maslahatlashmoqchi boʻlardi. Lekin soqchilar uni nuqul haydashga tushardilar... Shoʻrlik qiz uyga qaytib kelardi-da, koʻz oldi qorongʻilashguncha yum-yum yigʻlardi!

Levkoni gum qilganidan quvonchi ichiga sigʻmagan Timoxa boʻlsa, Ivganing qaygʻuga botganiga parvo ham qilmay, xoʻjalikni boshqarishga kirishdi va kunuzzukun mirza bilan ulfatchilik qila boshladi... Qizigʻi shundaki, endi Timoxa mirzani emas, mirza Timoxani siylab mehmon qilar va ikki gapning birida, Levkoni gavron bilan savalatib Sibirga surgun qildirajagini aytib, hamtovogʻining koʻnglini xushlardi:
– Men,– derdi u,– hammasini doʻndirdim: hamma gapni, hatto uni, oʻzi aybiga iqror boʻldi deb yozdim; koʻrdingmi, men seni dushmaningdan, raqibingdan qutqardim. Sen endi singlingni zoʻrlab boʻlsa ham menga ber. Menga molu davlat ham, boylik ham kerak emas, faqat singlingga uylansam boʻlgani.

Mirza, garchi ogʻzida shunday deyotgan boʻlsa ham, aslida Timoxani aldayotgan edi: unga Ivga emas, bu xonadondagi boyliklar kerak edi. Zero, bu juda badavlat xonadon edi. Oxir-oqibatda, mirza Timoxani ham yomon xulqi uchun soldatlikka joʻnatib, butun xoʻjalikni oʻzi boshqarish niyatida edi. Qariya Makuxaning ham chorasini koʻrib qoʻygan edi. «Uni qishloqning eng badavlat fuqarosi sifatida soliq yigʻuvchi etib saylataman, keyin uni hisob-kitobda chalgʻitib adashtiraman. Shu bahona bilan butun huquqni oʻz qoʻlimga olaman. Agar gapimga kirsa, hay-hay, ishini toʻgʻrilab beraman, bordiyu qaysarlik qilsa, uni qishloqdan badargʻa qilaman. Battar boʻlsin! Ivgani boʻlsa, besh-olti marta boplab poʻstagini qoqaman, menga xalaqit qilmaydigan, ishlarimga tumshuq tiqmaydigan boʻladi... Ana unda, oʻz qobiliyatim, tadbirkorligim bilan juda boyib ketaman, ehtimol, shunda meni sud maslahatchisi etib saylashar ham... Hm! Hm!» Mirzaning koʻknori xayollari ana shunaqa edi!

Oradan toʻrt kuncha vaqt oʻtibdiki, hali ham hech narsaning daragi boʻlmadi... Bir kuni qishloqqa chopar kazak ot choptirib kelib, or-qamdan pan ispravnik kelyaptilar, deb xabar qildi. Shu zahoti xonadonlardan tovuqlar, tuxumlar yigʻishga kirishishdi; uzumdan suzilgan vino – musallas va farangi araq xarid qilish uchun shaharga odam yuborishdi. Axir ertasi kuni juma edi. Pan ispravnik bu kuni ochidan sirilib oʻlsa ham jaydari taomlarni iste’mol qilmaydigan odat chiqargan edi. Shuning uchun, shahardan uvildiriq, Qrimning seld baligʻi, yangi tuzlangan osetra baligʻi, eng sarxil qisqichbaqalar va yumshoq teshikkulchalar oldirib kelishdi. «Ma’lumingizki,– der edilar sardor bilan mirza har doim jamoa yigʻinlarida,– janobi oliylari bizlarning tashvishimizni qilib ter toʻkib ishlaydilar, shunga koʻra, bizlar ham, oʻz navbatida, ul janobi oliylarining koʻngillarini ovlashimiz lozim».

Mana, pan ispravnik ham ikki nafar kazak kuzatuvida, bir juft qoʻngʻiroqchalarni jingillatib, oʻz mirzasi bilan aravada yetib keldi.
– Qayerda oʻsha uy? – deb soʻradi u baqirib.

Uni Makuxanikiga boshlab ketishdi. Lekin pan ispravnik uyga kirishidan oldin, karvonsaroyda istiqomat qilib turgan musofirlarning barini haydab chiqarishdi.

Ispravnik xonaga kirgach, birinchi navbatda xudoga sigʻinib choʻqindi, shundan keyin:
– Biron yegulik bormi oʻzi bu yerda?– deb baqirdi.
– Bor, pan jano... yoʻgʻ-e... janobi oliylari,– dedi mirza xokisorona mutelik bilan.– Vale, undan oldin tergov ixtiyor qilmaydilarmi...
– Yoʻqol koʻzimdan, ahmoq!– deb baqirdi unga janobi oliylari yer depsinib va mirza uzatgan tergov qogʻozini uning basharasiga otarkan.– Nima, meni och qoldirib sirmoqchimisan? Shundoq ham yoʻl azobidan qiynalib ketdim. Oʻsha oʻgʻrini oʻzing soʻroq qilgin-da, keyin menga koʻrsat. Hozir ovqat yemoqchiman!

Bizning mirza janobi oliylarini bezovta qilmaslik uchun oyoq uchida asta-sekin yurib xonadan chiqib ketdi. U dahlizdan chiqib, uy orqasiga oʻtdi va shu yerda, goʻyo Levkoni soʻroq qilganday tergov qogʻozini toʻldira boshladi, vaholanki, u Levkoni qamalgan kunidan beri bir marta ham koʻrmagan edi. Pan ispravnik esa, shu asnoda miriqib tushlik qildi. U endigina tanovul qilib ham boʻlgan edi, mirza uning huzuriga oyoq uchida pildirab kirib keldi va:
– Tergov guvohnomasiga imzo chekmoqni ixtiyor etmaydilarmi, janobi oliylari? – deb soʻradi.

Ammo janobi oliylari «gurs-gurs» yer tepinib, mirzaga oʻshqirib berishni ixtiyor qildilar va: «Ovqatdan keyin hordiq chiqarishim kerak, menga xalaqit qilma, dedilar hamda ariston masalasida guvohlarni yalpi soʻroq qilib, bu ishni uyqudan uygʻongunlaricha tugatishni amr etdilar.

Shohona tushlikdan keyin ispravnik janoblari «pinakka ketdilar», sababki, u kishi tovuq goʻshti va quymoq ustida koʻp zahmat chekdilar. Ul zotning mirzasini esa Timoxa Makushenko toʻygunicha mehmon qilgach, daryoda choʻmilishga, keyin oʻrmonda maysalar ustida choʻzilib yotib, trubka chekishga taklif etdi.

Pan mirzo esa, bu orada birtalay odamlarni yigʻib, boʻlis mahkamasiga boshlab keldi va ularni shunday soʻroqqa tutdi: «Qani, menga aytinglar-chi, azizlar, Makuxaning asrandi oʻgʻli Levkoning qanday sifatlarini bilasizlar? Kim nima deydi?»– shunday deb, u patqalamini qogʻoz ustida qitirlatgancha, jamoaning javobini kuta boshladi. Qariyalar, nima deyishlarini bilmay, yelkalarini qisishdi.

Kimdir yoʻtalib qoʻydi, kimdir qoʻlidagi tayogʻi bilan yer chiza boshladi, lekin hammalari gung edi. Nihoyat, bir qariya oldinga chiqib shunday dedi:
– Ha-a, anavi Levkomi? Makuxaning asrandi oʻgʻlini aytyaapsanmi?.. Uning qanaqa sifati boʻlishi mumkin?.. Hm, hm!.. Xudo asrasin uni! Uning hech qanday yomon sifati yoʻq. Men qasam ichib, senga haq soʻzni aytishim kerak: u yaxshi bola, moʻmin-qobil, sergʻayrat yigit; agar u bilan Ivga ikkovi xoʻjalikda tartib oʻrnatmaganida, Makuxa hozir hamma bud-shudidan mosuvo boʻlgan boʻlardi...
– Hamma ham shu fikrdami?– deb soʻradi mirza, Levkoni maqtashganlariga hasad qilib; uning ichini it tatalay boshlagandi. «Mayli... koʻramiz hali!» deb qoʻydi oʻzicha.
– Hammamiz ham shunday deb oʻylaymiz, qasam ichishimiz mumkin...– deb chuvillay boshladi butun jamoaa.
– Yaxshi, yaxshi, otalar,– dedi mirza,– kelinglar, barmoq bosinglar-da, uy-uyingizga ketaveringlar.

Mirza hamma qariyalarga barmoq bostirib, uylariga joʻnatib yubordi, soʻng oʻtirib, ichidan toʻqib, falonchi va pismadonchilar qasam ichgan holda, Levkoning gʻirt oʻgʻri, ishyoqmas, qishloqma-qishloq san-qib yuruvchi bezori, oilaviy hayotga noqobil, qilmishi faqat odamlarni tunash, mast-alast boʻlib yurish, duch kelgan odam bilan mushtlashish ekanini, yana boshqa yomon jihatlarini ham sanab, qolaversa, oʻz xoʻjayinining pulini oʻgʻirlamoqchi boʻlganini aytishganini, u bilan bir qishloqda yashashni xohlamasliklarini bayon etishib, ma’muriyatdan uni soldatlikka berib yuborishni yo Sibirga surgun qilishni soʻradilar, deb bir dunyo gʻiybatni toʻqib tashladi. Pan mirza barmoq bosgan fuqarolarning hammasi uchun oʻzi imzo chekarkan, bunday soxta yalpi tergovi uchun gunohga botishdan qoʻrqmadi! Koʻrdingizmi, Levkoni qanday ta’riflaganini? Eh, shum niyat mirza!..

U yana guvohlarning ma’lumotlarini ham, ya’ni aybdorning choʻntagidan pullarni kim tortib olgani, kim ularni sanab chiqqani, Levko oʻsha pullarni yulqib olmoqchi boʻlgani, keyin, baribir, aybini boʻyniga olgani bormi – hamma-hammasini yozib chiqdi-da, oʻsha lom-mim demagan guvohlar nomidan imzolar chekdi. Keyin bu tergov hujjatlarini yigʻishtirib, pan ispravnik joylashgan Makuxaning uyi-ga kirib bordi.

Ispravnik janoblari uyquga toʻyib uygʻondilar, homuza tortib, bir necha marta kerishdilar va oʻzlarini choy bilan mehmon qilishni amr etdilar. Farangi araq bilan choy ichib, trubka chekdilar. Nihoyat, yettinchi finjonni ichib boʻlgach, shangʻillab:
– Hey, mirza! Buyoqqa kir! – dedilar.

Mirza ohista qadam bosib kirdi va pan ispravnikning koʻziga tikilgancha eshik oldida toʻxtadi. Hozir uning miyasida goh u fikr, goh bu fikr gʻujgʻon oʻynardi: pan ispravnik nima toʻgʻrisida: uzilmagan qarzlar haqidami, yoʻllarning ahvoli haqidami yo fuqaroga yer taqsimlash masalasidami soʻramasin, u hammasiga mukammal javob tayyorlab qoʻygan edi, unga qanday savol berishmasin, baribir, yolgʻon ma’lumotlar bilan qutulib ketardi.
– Tergov nima boʻldi?– soʻradi pan ispravnik.
– Tugadi, pan.... e yoʻgʻ-e, janobi oliylari! Tergov ham, soʻroq ham, guvohlarni yalpi soʻroq qilish ham tugadi.
– Koʻrsat, buni mening mirzam tuzdimi?
– Yoʻq, janobi oliylari! Mirza janoblari jismlarini poklamoq maqsadida bir manzilga, ya’ni daryo boʻyiga ravona boʻldilar, choʻmilib kirdan forigʻ boʻlish uchun. Shunga koʻra, tergovni tezroq yakunlash maqsadida oʻzim...

Pan ispravnik tergovnomani uzoq vaqt varaqlab oʻtirdi, soʻng dedi:
– Ma’qul, yaxshi. Hatto sud maslahatchisi Marko Pobeypech ham buni oʻqib, hech baloga tushunolmaydi... Yaxshi, uyimga borganda imzo chekaman bunga. Borib ayt, otlarni aravaga qoʻshishsin... Kim u dahlizda piqillab yigʻlayotgan?

Bu yigʻlayotgan bizning baxti qaro Ivga edi; u ispravnik bilan uchrashishni sabrsizlik bilan kutardi, zero, uning tushunchasicha, pan ispravnik oʻz lavozimiga koʻra, uning Levkosini himoya qilmogʻi kerak edi. Shuning uchun, ispravnik kelganidan beri, u Levko qamalgan sovuqxona oldidan jilmay, uni ispravnik huzuriga olib borishlarini kutdi, shunda oʻzi ham uning ketidan ergashib borib, tergovda Levkoning nima deb javob qilishini eshitmoqchi, qaysi shayton yoʻldan urib, uni otasining sandigʻidan pul oʻgʻirlashga undaganini bilmoqchi edi.

Ispravnik bergan savolga pan mirza vijdonini yutib, yolgʻon toʻqishga shaylanarkan, kokilini silab, tomoq qirdi, belbogʻini tortib qoʻydi-da, bir vaqtlar eshitgani «yolgʻon gapirgan odamning koʻzida oʻynaguvchi jajji odamchalar oyoqlari osmonda boʻlib turarkan», degan ta’birni eslab, koʻzini yerga qadagancha dedi:
– Bu, janobi oliylari, shu uy sohibining qizi. Mish-mishlarga qaraganda, yaqinda rekrutlikka (askarlikka) safarbarlik boshlanarmish. U yakkayu yolgʻiz akasini rekrutlikka olib ketishlaridan xavotirda...
– Nima, u bolaning xulqi yomonmi?
– Yoʻq, janobi oliylari, unda hech qanday yomon illat yoʻq, faqat quruq mish-mishlar, xolos, Bilasiz-ku, xotin zoti laqma boʻladi...
– Ayt unga, hech nimadan xavotirlanmasin. Borib ayt, yoʻlga hozirlik koʻrishsin. Aristonni hoziroq joʻnat shaharga. To men yetib borgunimcha, u oʻsha yerda boʻlsin. Men zumda xal qilaman uning ishini. Ayt, yoʻlda unga koʻz-quloq boʻlishsin, tagʻin qochib ketmasin.
– Ijozat bersangiz, janobi oliylari, men oʻzim uni shaharga kuzatib borib, topshirganim haqida rasmiy hujjat olardim. Sudga kerak boʻlib qoladi bu hujjat.
– Yaxshi, oʻzing olib boraqol. Joʻna. Huzurimga sardorni yubor.
– Pan mirza xuddi biz-bizak oʻyinchoqday bir oyogʻida orqasiga aylangandi, kokili silkinib ketdi... va zumda gʻoyib boʻldi.

U chiqib ketishi bilan darhol xonaga sardor kirdi va eshikni zichlab yopdi. Ular oʻzaro nima haqdadir uzoq suhbatlashishdi. Aytishlaricha, ichkaridan nimalarnidir taqir-tuquri, jingillagani eshitilibdi... Birov, Levko qoʻlga olinganda yonidan chiqqan pullarni sanashgan, desa, yana birov, kim bilsin, balki finjonlar yo boshqa buyumlar jaranglagandir dedi. Biz u yerda boʻlmaganmiz, nima boʻlganini bilmaymiz, bilish bizning ishimiz ham emas. Biz sizga Levko bilan Ivga haqida hikoya qimoqchimiz, lekin ortiqcha gap aytib yubormaslik yo kerakli gapni aytolmay qolmaslik uchun bu ikki yoshning oʻrtasiga tushmoqchi ham emasmiz. Ularni oʻz holiga qoʻyaylik-da, mirzaning orqasidan borib, uning qanday nayrang ishlatishini kuzataylik.

Ispravnik oldidan otilib chiqqan mirza eshik oldida achchiq-achchiq koʻz yosh toʻkib yigʻlayotgan Ivgaga shunday dedi:
– Yigʻlama, jonidan! Pan ispravnik janobi oliylariga astoydil iltijo qil. U eshitar balki, Levkoni uyda qoldirar, ishqilib, soldatlikka yubormasa boʻlgani. Yalinib-yolbor janobi oliylariga!
– Mirza shunday deb oʻz vazifasini bajargani yugurib ketdi. Shu zahoti soqchilar ham, kuzatuvchilar ham shay boʻlishdi; ular Levkoni, es-hushini yigʻib olishiga ham imkon bermay, qoʻliga kishan urushib shaharga haydab ketishdi. Pan mirza ularning orqasidan otda kuzatib borardi...

Pan ispravnik janobi oliylari sardor bilan ishni bitirgach, aravaga oʻtirgani hovliga chiqdi, shu payt ostonada Ivga uning oyogʻiga bosh urib yolbora boshladi:
– Otaginam, oʻrgulay sizdan! Iltimos, topshirmang mening Levkomni!– dedi-yu, hoʻngrab yubordi.

Ispravnik boʻlsa, Levko kimu Marko kim, bilishni ham istamasdi, shu bois, bu qiz akasini askarlikka olmaslik toʻgʻrisida iltijo qilyapti, deb oʻylab, uni oyogʻi bilan turtib, dagʻdagʻa qildi:
– Muncha qoʻrqmasang, tentak qiz? Olishmaydi uni, olishmaydi...
– Buyuring, janobi oliylari, uni qoʻyib yuborishsin!– deya nola qildi Ivga ispravnik orqasidan arava tomon yugurib borarkan va uning kamzuli etagidan tortqilarkan.
– Aytaman, buyuraman,– dedi ispravnik ogʻzidagi trubkadan tutun qaytarib, aravaga chiqib oʻtirarkan.– Uni olishmaydi...– Shunday dedi-yu, joʻnab ketdi...

Otlar yugurib ketishdi, qoʻngʻiroqchalar jingilladi, ikkita kazak aravaning oldida, uchinchisi yonida otlarini yeldirib borardilar.

Pan ispravnik janobi oliylari boʻlsa, tergovni shu tarzda oʻtkazib boʻlib, aravada oyogʻini uzatgancha oʻz xayollari bilan band boʻldi.

Uning mirzasi ham huzur qilib choʻmilib, oʻrmonda miriqib hordiq chiqargach, oʻz aravasiga oʻtirib, oʻz xayollari ogʻushida yoʻlga ravona boʻldi... Sal vaqt oʻtmay ispravnikning ham, mirzasining ham aravalari koʻrinmay qoldi.

Payshanba kuni fuqarolardan yigʻib kelingan va juma kuni shahardan xarid qilingan turfa xil taomlardan janobi oliylari yeb ulgurolmagan sarqitlar sardorga qoldi. Boshqa kimga ham nasib etardi ular?

Pan ispravniknng shunday marhamatli qarorini eshitgan Ivga, suyunganidan boshi osmonga yetib, yugurgancha sovuqxona oldiga bordi... «Voy, darrov boʻshatib yuborishdimi?– deb oʻyladi u.– Eshik ochiq, soqchilar koʻrinmaydi...» U boʻlis mahkamasiga bordi.. E... qaysi nokas oʻtirardi bu yerda pan ispravnik joʻnab ketganidan keyin? Endi uch kun izgʻib ham ularni yigʻolmaysan. Agar yana shunaqa biron mojaro yuz berib ispravnik yo maslahatchining kelishi kutiladigan boʻlsa, shunda hamma yana joy-joyida paydo boʻladi.

Ivgamizning qalbi quvonchga toʻla, uning koʻnglida endi hech qanday gʻashlik yoʻq. Uning oʻylashicha, ispravnikning buyrugʻi bilan hibsdan ozod qilingan Levko, ehtimol, hozir daryoda choʻmilib pok-langani ketgandir, undan keyin, ehtimol, amakisining uyiga kirib tamaddi qilar... Shunday xayollar bilan Ivga uyiga yoʻl oldi va koʻngli taskin topib, yana roʻzgʻor ishlariga berilib ketdi. Uyda koʻp narsalar yeyilgan, ancha-muncha ichimlik ichilgan, ba’zi narsalar olib ketilgan, ba’zi narsalar qarovsiz qolgan edi... Bu gʻirt xonavayronlik! U biroz yigʻlab oldi, nima qilsin, ishga kirishdi: hammayoqni supurib-sidirar, yigʻishtirar, uni joylar, buni yashirar, yugurib-elar ekan, koʻzi nuqul Levkoning yoʻliga nigoron edi... Yangasinikida tushlik qilgani qolgandir balki? Shunday qilganiyam yaxshi boʻldi – bu yerda nima bilan boqardi uni? Xuddi yov bosganday, hech vaqo qolmagan uyda! Mana. Kech ham kirdi. Balki, bir miriqib dam olay, deb bugun oʻsha yerda yotib qolar. Biratoʻla ertaga kelib, ishga kirishmoqchidir?..

Mana, tong ham otdi... Hanuz Levkodan darak yoʻq!.. «Ha-a, endi bildim, – deb oʻyladi yana Ivga.– Odamlardan bergan qarzini undirgani ketgan; bu mashmashalardan keyin, u tezroq masalamizni hal qilmoqchiga, otamdan ajralib oʻz roʻzgʻorimizni tuzmoqchiga oʻxshaydi. Pan hazrat bizni uylab qoʻyishga va kambagʻal boʻlganimizdan nikoh oʻqigani uchun ozgina haq olishga soʻz beruvdi...»

Tush ham boʻldi, kun ham ogʻa boshladi, Levkodan haliyam darak yoʻq. Kechqurunga borib, Ivganing yana tashvishi orta boshladi: bu yoqda otasining xunobi chiqqan, u sardorning oldiga borib, qaytarib berilmagan allaqanday pullar haqida tortishdi. Sardor boʻlsa, qoida boʻyicha, qoʻlga tushirilgan pul hech qachon qaytarib berilmaydi,deb aytibdi... Bu ham yetmaganday, Timoxani aytmaysizmi... Shuncha pulni qaydan oldiykin – hech kim bilmaydi! Har kuni ulfatlari bilan maishat qiladi, ularni toʻda-toʻda qilib uyiga boshlab keladi. Ular bama’ni, halol odamlar boʻlishsa ham mayliydi, hammalari oʻziga oʻxshagan qabih, bezori kishilar. Ularni boshlab kelib uyni toʻldiradi-da, maishatga beriladi, hammalari baqirishib qoʻshiq aytishadi: Timoxa deraza oynalarini, qadahlarni, shishalarni urib sindiradi; singlisiga, xuddi choʻri xotinga baqirganday oʻdagʻaylaydi, uning ishga kirishib, roʻzgʻorni tartibga keltirishiga xalaqit beradi. Shoʻrlik qizga kun yoʻq; bu yoqda uning bittayu bitta dardlashadigani Levko ham haligacha kelmayapti...

U Levkoni bir kun kutdi, ikki kun kutdi, hamon undan darak yoʻq edi. Balki u, endi hamma meni «oʻgʻri» deb chaqiradi degan andishaga borib, uyalganidan qorasini koʻrsatmayotgandir? Agarda Ivga Levkodan qarz olgan odamlarning kimligini bilganida. Oʻzi borib, Levkoning ularnikiga borgan-bormaganligini soʻrab-surishtirgan boʻlardi. Lekin nima qilsin – qarzddorlar kimligini u bilmaydi. Uch kun deganda, Ivga Levkoning yangasi oldiga borishga jazm qildi; u ayol qaynisining qayerdaligini va nima maqsadda koʻzdan qochib yurganini bilsa kerak, albatta. Qiz shu xayol bilan yanganikiga yoʻl oldi.

Levkoning yangasi Gorpina Ivgani koʻrdi-yu, labi labiga tegmay, sannab ketdi: «Adoyi tamom qildinglar, yedinglar mening Levkoginamni! Qayoqqa tiqdilaring shoʻrlikni? Nima, juvonmarg qilgani asrab oluvdinglarmi bechora yetimchani? Arzimagan pullaringni olganmi yo endi olmoqchi boʻlganmi, ma’lummas, darrov jazoga tortdinglar! Oz-moz olgan boʻlsa ham, axir xizmat qilib qoʻyibdi-ku! Odamlar asrandi bolani oʻz farzandiday parvarish qilishadi, u shoʻrlik qulday yashadi sizlarnikida: kechayu kunduz tinim bilmay ishladi, mol-davlatingizni xuddi oʻz mulkiday kuyib-pishib asradi, ziyoda qildi. Shumi hali unga koʻrsatgan karomatlaring? Shoʻrlik bola pulga muhtoj ekan, yordam soʻraydigan hech kimi boʻlmaganidan besh-oʻn soʻm olmoqchi boʻlibdi – shunga ham shuncha mashmashami? Hay, oʻgʻrilik qilayotgani ustidan chiqib qolibsizlar, axir unga uyda tanbeh bersalaring ham boʻlardi-ku, sizlar boʻlsangiz, bir haftadan beri sovuq xonada asrayapsizlar uni...»
– Yoʻq, yangajon, uni ozod qilishdi, ispravnikning oʻzi buyurdi uni chiqarib yuborishni...
– Iloyo, oʻsha ispravniklaring ham, qari kalbosh Makuxa ham, hamma urugʻ-aymoqlaring bilan birga baloyi azimga giriftor boʻling-lar!– deya ayyuhannos soldi Gorpina.– Chiqarib yuborishdi, deydi-ya! Qani sen chiqarib koʻr-chi, qoʻllari bogʻliq, oyogʻiga kishan solingan yigitni; xuddi ashaddiy qaroqchi yo qotilni qoʻriqlaganday tayoqlar bilan qurollangan soqchilardan ozod qilib koʻr-chi... Olib ketishdi boyaqishni! Hali shaharga yetib borgunlaricha ham dam bermay haydasalar kerak u baxti qaroni.
– Qanaqa tayoqlar bilan?.. Shaharga, deganingiz nimasi?– deya oldi Ivga bazoʻr, u oʻlar holga tushgan, oyoq-qoʻllari dagʻ-dagʻ qaltirardi...
– Qanaqa tayoqlar bilan?– dedi Gorpina piching qilib.– Nima, sen hali hech nimani bilmaysanmi, oʻrgulay? Oʻshanday tayoq bilan sening noshud otangning boshiga bir marta ursalar, til tortmay oʻlardi; bechora bolani boʻlsa, shunaqa tayoq ushlaganlardan oʻntasi oldiga solib haydab ketdi.
– Axir qayoqqa haydab ketishdi?.. Tezroq aytsangiz-chi, yangajon!..
– Qayoqqa boʻlardi? Takalarning shoxini sindiradigan yerga. Aslida u yoqqa sening otang bilan beburd akang Timoxani, ularga qoʻshib seni ham, oyimqiz, joʻnatish kerak edi; sen ham anoyimassan: senga erga tegaman, deb aldab bechora bolaning qoʻynini puch yongʻoqqa toʻldirgansan. Uni molday ishlatgansan. Mana, endi xoʻjalikni usiz ham boshqarishga koʻzlaring yetganida, shoʻrlikni gumdon qilishga tushgansanlar. Ana, endi boshqa yigitni topib laqillataver! Gorpina jiyaniga achinib, yum-yum yigʻlashga tushdi.

Unga qarab Ivga ham achchiq-achchiq koʻz yosh toʻkdi va hech boʻlmasa, mendan ranjimang xolajon, deb ispravnik bilan boʻlgan muolmalasini, uning Levkoni ozod qilishga soʻz berganini bir boshdan soʻzlab berdi...

Gorpinaning koʻngli biroz yumshadi va Levkoni ancha-muncha soq-chiyu kuzatuvchilar shaharga haydab ketganini soʻzlab berdi.

Bu xabar Ivgani hayratga soldi. U Gorpinaga bir ogʻiz ham soʻz aytmay, uyiga joʻnadi. U uzoq vaqt oʻksib-oʻksib yigʻladi... Keyin koʻngliga bir gap kelib, yoʻlga otlana boshladi: kerakli narsalarni safar xaltaga solib ogʻzini bogʻladi... Pul ham kerak edi unga – lekin puli yoʻq. Xoʻjalikda, oldi-sotdidan tushgan pullarning hammasini u otasiga berardi. Lekin otasidan pul soʻragisi kelmadi – nima qilasan pulni, deb surishtirishi mumkin edi-da. Qoʻshnima-qoʻshni yurib, marjonini, tilla taqinchoqlarini, xochini yana eng yaxshi nav yoʻl-yoʻl gazlamasini ham garovga qoʻyib, ulardan pul oldi; hammasini jo-bajo qilib xaltani yelkasiga ildi, uzun chakmoni ustidan belbogʻ bogʻladi, qoʻliga tayoq oldi-da, cherkovga borib xudoga ibodat qildi. Keyin boʻzlab-boʻzlab yigʻlagancha... yoʻlga tushdi.

Garchi u oʻz qishlogʻidan ancha uzoqqa ketgan boʻlsa ham haligacha na bir burda non yedi, na bir qultum suv ichdi. Ovqat oʻtarmidi shoʻrlikdan. U hech nimani oʻylamasdi! Ketaverdi... ketaverdi... Bir mahal uzoqdan shu tomonga yelib kelayotgan mirzaning otlarini koʻrib qoldi. Mirza ham shu otlardan birida boʻlishi kerak, deb oʻylab, baland oʻsgan oʻt-oʻlanlar ichiga kirib, biqinib yotib oldi. Mirza uni koʻrmadi, ovozini badandlatib qoʻshiq aytgancha, gʻizillab oʻtib ketdi.

Ivga mirzaning qorasi oʻchguncha poylab yotib, oʻrnidan turmoqchi boʻldi... Voy, nima boʻldi?.. Oyoqlari uvushib qolibdi! Tomogʻi qaqragan, hech nima yemaganidan sillasi qurigan, miyasini esa faqat gʻam, tashvish qamrab olgan edi!..Bir amallab oʻrnidan turdi va zoʻrgʻa-zoʻrgʻa qadam tashlab yura boshladi... Qarang, aksiga yurib, bironta arava ham oʻtmasa-ya! Balki shahargacha olib borib qoʻyarmidi... U kechqurun allamahalda shaharga zoʻrgʻa yetib oldi: u yerda Ivganing bir dugonasi bor edi – beva juvon. Shu dugonasinikiga kirib bordi... Uni yaxshi kutib olishib, qornini toʻygʻazishdi, oʻzini yupatishdi.

Ertalab Ivga dugonasiga nima maqsadda shaharga kelganini soʻzlab berdi va u bilan maslahatlashib, ikkovlari qamoqxonaga joʻnashdi. Darvoza oldida soqchilik qilib turgan soldat ulardan bir pul olib, palon aristonga koʻylak bilan boʻlka non olib kelishibdi, deb aytgani boshliqning oldiga kirib ketdi. Ruxsat olib chiqqach esa, unga yana yarim tanga berishib, qamoqxonaga kiritishini soʻrashdi. Ichkarida ularning oldiga Levko chiqib keldi... Yo bibi Maryam! Shu Levkomi, a? Egnidagi koʻylagi isqirt, ilma-teshik; oʻzi yalangoyoq, soqoli oʻsib ketgan. Sochining yarmi, xuddi surgun qilingan maxbuslarnikiga oʻxshab uzunasiga ustarada qirilgan... Agar Levkoning oʻzi gap boshlamaganida Ivga uni tanimasdi ham.
– Ivga! Haliyam meni unutmadingmi? Shu yerdanam topibsan!

Ivga tosh boʻlib qotib qoldi, vujudi dagʻ-dagʻ titrar, koʻz oldi xiralashgandi.
– Nima qilib qoʻyding asti? – deb soʻrashga zoʻrgʻa holi keldi uning.
– Nima qilganimni oʻzim bilaman. Men xudodan ham, suddan ham qoʻrqmayman. Nimaga meni tergov qilishmayapti? Hammasini gapirib berardim sudda, agar soʻrashganda...
– Sen menga gapirib ber, hech boʻlmasa, men bilay nima qilganingni.
– Ha, senga bor haqiqatni aytib beraman, lekin meni tergov qilishlari ham kerak-ku, axir. Boʻlmasa eshit, sudyalarga ham aytib ber: men otangning xonasiga kirganimda...
– Nega bu ariston xotinlar bilan gaplashyapti? – deb baqirdi ularni koʻrib qolgan serjant.– Hayda ularni! Obkelgan sadaqasini berdimi, ketishsin!

Shu zahoti Levkoni obkirib ketishdi. Ivga unga olib kelgan narsasini berishga zoʻrgʻa ulgurdi. Soldat ularning qoʻlidan ushlab qamoqxonadan obchiqib qoʻydi...

Ivga endi nima qilsin? Levkoning ishini haliyam sudda koʻrishmabdi... U nimalarnidir aytmoqchi edi... shuning uchun ham qoʻrqmayapti hech nimadan... Nima boʻlsa boʻlar: oʻzim sudga borib, tezroq uning ishini koʻrishlarini soʻrayman. Ana shunda, agar aybi unchalik boʻlmasa, boʻshatib yuborishadi...
– Bilmadim, uning oʻrnida boshqa qiz boʻlganida sudga borib arz qilishga jur’at eta olarmidi? Nima deb ham arz qilardi u, axir necha pullik ishi bor Levko bilan: oʻsha qiz hatto ziyrak, epchil, dovyurak, aytgan soʻzlari otilgan oʻqday boʻlganida ham sudga borganida halimday yumshab, musichaday yuvosh boʻlib qolgan boʻlardi. Lekin bizning Ivgani hech kim laqillatolmaydi, qoʻrqitolmaydi, u shunaqaki, boshlagan ishini oxiriga yetkazmay qoʻymaydi; u aqli raso qiz, onasilan oʻtgan bu fazilat. Shunday qiz boʻladi-yu, koʻzlagan yeriga yetib borolmaydimi? Ivga u yoq-bu yoqqa koʻz tashlab choʻqinib oldi va... shartta yoʻlga tushdi.

Yoʻlda uchragan odamlardan soʻrab-soʻrab axiri pan ispravnik oʻtiradigan sudning qayerdaligini bilib oldi. Borib ichkari kirdi... Voy-boʻ, hammayoqda mirzalar, odamlar ham tumonot, oralaridan oʻtib boʻlmaydi. Bir yerga bir aristonni olib kelishgan; yana bir yerda soldat turarjoy haqida arz qilyapti; bir yerda yana bir odam begona sigirlar dalasini payhon qilganidan zorlanyapti; boshqa bir yerda qari bir kampir, bolalarim menga qarashmay qoʻyishdi, deb shikoyat qilyapti; bir joyda oʻgʻrilar, yana bir joyda nogahon oʻlib qolgan odam toʻgʻrisida yana birtalay har xil voqealar ustida gap boryapti, sud ahli esa odamlarga faqat maslahat berish bilan band.

Bizning Ivga hammayoqqa koʻz yugurtirib chiqdi, odamlarning arz-dodini eshitdi, keyin olomon orasini yorib oʻta boshladi. Mana, u egniga odmi xalat kiygan bir mirzaning oldiga borib, ta’zim qilib soʻradi:
– Koshkiydi, siz, pan mirza, tezroq mening Levkomni soʻroq qilib ishini koʻrsangiz.
– Yana qanaqa Levko?.. Bor, bor, toshingni ter! Bu yerda bosh qashishga vaqt yoʻgʻ-u, u boʻlsa Levkosini tiqadi-ya!

Ivga uning dagʻdagʻasidan qoʻrqmadi va mugʻombirlik qilishga oʻtdi. «Chamasi bu isqirt xalat kiygan odam katta amaldorga oʻxshamaydi,– deb oʻyladi.– U bilan bir mojaro talashib koʻray, zora-mora kattaroq boshliqlari kelsa».

Shunday xayol bilan u mirzaga baqira ketdi:
– Nega darrov jahlingiz chiqadi? Men sizga savol berdim, siz boʻlsangiz kim haqida soʻraganimni surishtirmay-netmay, darrov meni bir u yoqqa-bir bu yoqqa joʻnatyapsiz. Oʻzingiz joʻnasangiz boʻlardi... oʻsha yoqqa!
– Nima? Hali sen menga baqirasanmi? Hey, qorovul, haydab chiqar manavini!
– E, yoʻq, siz meni haydolmaysiz,– deb yana bor ovozi bilan baqirdi Ivga,– Men bu yerga ish bilan keldim. Agar sizlar xat yozishga usta boʻlsanglar, meni haydamay, arzimni eshitasizlar...
– Muncha chakaging ochilmasa! Hozir seni sochingdan tortib...– deb mirza baqirgan edi, bu yerga kirgan odamni koʻrib, birdan gapi ogʻzida qoldi.

Ivganing ta’riflashicha, bu – afti lavlagiday qizil, soqoli paxmoq, boshi kal, koʻzoynak taqqan, egniga tugmalari qadalgan kaftan kiygan, qoʻliga bir varaq qogʻoz ushlagan, qulogʻiga patqalam qistirgan odam boʻlib, aftidan, burnaki tamakini hidlashga ruju qoʻygan koʻrinardi.
– Kim bu yerda baqirgan,– deb soʻradi kirgan odam.
– Mirza shu zahoti, manavi qiz hammayoqni boshiga koʻtaryapti, deb gʻiybat qilishga tushdi. Lekin koʻzlagan maqsadiga erishganini koʻrgan Ivga boshliqni guvohlikka chaqirib mirzaga: «Hecham-da, pan mirza, yolgʻon gapirmang»,– dedi. Keyin voqea qanday boʻlganini gapirib, Levkoning ishi bilan kelganini aytdi. Kirgan odam kotib edi.

U boʻlgan mojaroga e’tibor bermay, Ivgadan soʻradi:
– U qaysi Levko? A, boʻldi! Anavi xoʻjayinining ikki yuz soʻm pulini oʻgʻirlaganmi?
– Yoʻq, taqsir. Siz uni soʻroq qiling, nega bunday qilganini aytib beradi. Unga odam yuborib soʻroq qiling. Aybi yoʻqdir uning, ehtimol.
– Seni qara-yu!– dedi kotib.– Nima, endi seni deb oʻn martalab soʻroq qilamizmi? U allaqachon aybini boʻyniga olgan: endi u bizning suddamas.
– Boʻlmasa. Qayerda u, muhtaram janob?– Levkoning aybini boʻyniga olganini eshitgan Ivga koʻngli vayron boʻlib nafasi ichiga tushib ketgan edi...
– Qayerda boʻlardi – boradigan joyida. Uning ishini biz tegishli yerga joʻnatganmiz,– dedi kotib va orqasiga oʻgirilib oʻz joyiga keta boshladi.

Endi Ivga nima qilsin? Ahvol chatoq! Levko, meni soʻroq qilishmadi, deb aytuvdi, sud mahkamasida esa, uning hamma aybni boʻyniga olganini aytishyapti, hozir uni boshqa sudga oshirib yuborishganmish. U qayerda boʻlishi mumkin?

Sud mahkamasidan chiqqan dilpora Ivga shunday qarorga keldi: «Levkoning oldiga borib birga dardlashamiz, nima qilish lozimligini maslahatlashamiz!»

U dugonasinikida tushlik paytida biron nima yedimi yo yoʻqmi, bilmaydi; hamma yeguliklarni yigʻishtirib, qamoqxonada yotgan Levkoga olib ketdi...
– Yaqinlashma!– dedi unga qamoqxona oldida u yoqdan-bu yoqqa yurib turgan soldat.
– Bu men, janob soldat, Levkoning oldiga keldim. Meni ertalabam kiritishgandi...
– Ertalab kiritishgan,endi kiritilmasin, deb buyruq keldi.
– Kim buyuribdi?
– Sud mahkamasidan xat olib kelishdi, uning oldiga hech kim qoʻyilmasin, degan.
– Xudo xayringizni bersin, janob soldat, ayting, bugun Levkoni soʻroq qilgani olib borishdimi?
– Yoʻq. Aytishlaricha, u shunday yomon ish qilganmishki, soʻroqsiz ham ishi chatoqmish.
– Ey rahmdil egam!– deb yigʻlab yubordi Ivga.– Nima yomonlik qilgan ediki, bechorani juvonmarg qilishmoqchi?..

Ana shunaqa! Koʻzlari gʻilt-gʻilt yoshga toʻlgan Ivga qayoqqa bosh urarini bilmay qolgandi.

Lekin, baribir, shunday ogʻir qaygʻuga botgan boʻlsa ham, Levkoning qaysi sudda sud qilinishini, sudyalar kimligini, ularning turar joyini odamlardan soʻrab-surishtirdi. Bir kishi unga har bitta sudyaning uyiga borib, arz qilishni maslahat berdi. «Boʻlmasam, dedi u, sudga borsang, seni yo kiritishmaydi, yo arzingga yaxshi quloq solishmaydi, chunki ular biryoʻla bir qancha ishni koʻrishadi».

Ivga ertalab bitta sudyanikiga bordi.

Dangʻillama imorat. Ivga kirdi... Qarasa, bir nechta yigitlar stol atrofida oʻtirib, qarta oʻynashyapti (Ivganing ta’riflashicha, bu panlar oʻyini boʻlib, yutqazgan ahmoq boʻlib pul toʻlarkan. Qurib qolgan ekanmi panlarga shu «ahmoq» oʻyindan boshqa oʻyin, deb oʻylabdi u).

Hech narsaga tushunmagan qiz hammaga bir-bir egilib ta’zim qildi va ayanchli ovozda iltijo qila boshladi: «O mening aziz panlarim, o mening hurmatli panlarim! Qay biringizdan soʻray mening Levkom haqida?»

Ivganing ovozini eshitgan boyvachcha yigitlar unga yalt etib qarashdi va bergan savolini mazax qilib xandon tashlab kula boshlashdi. Ularning surunkasiga qotib-qotib kulishidan, Ivga oldiniga oʻzini yoʻqotib qoʻyayozdi. Keyin sal oʻziga kelgach, ularga qarata shunday dedi: «Boshiga ogʻir musibat tushib, sizlardan najot izlab kelgan baxti qaro bir qizni masxara qilib kulish gunoh emasmi, panlar? Iloyo, sizlarga ham nasib etsin mening boshimga tushgan savdo! Hamonki, men soʻrab kelgan ish sizlarning qoʻlingizda ekan, unda yalinmayman hech biringizga: men boshqa yerlarga boraman. Baribir, hech ham sizlar xohlagancha boʻlmaydi. Faqat shuni aytaman sizlarga: uyaling, sharmandalar! Sizlar mansabdor panlarsiz, oʻqish-yozishni bilasiz, baxti qaro odamlarga qanday yordam qilish haqida kitoblar oʻqiysiz. Lekin oldingizga nima uchun, nimani iltijo qilib kelganimni soʻramasdan ustimdan kula boshladingiz! Xudo sizlarga martabani shuning uchun berganmi? Biz ham sizlarga oʻxshagan odamlarmiz-ku, axir biz kabi odamlar saylagan-ku, sizlarni sudya qilib, sizlar boʻlsangiz arzimizga quloq solish oʻrniga, oʻz vazifangizni unutib qoʻyib, qayoqdagi «ahmoq» oʻyinni oʻynab oʻtiribsiz. Mayli, oʻynayveringlar, mayli, begunoh odamlar qamoqlarda azob chekib yotaversin – sizlarning vaqtingiz yoʻq...» Ivga ancha-muncha shunga oʻxshash ta’na-tanbehlarni ularning yuziga soldi. Eshitishsin! Axir toʻgʻri emasmi gapi? Bas, sen sudya ekansan, qarta oʻynashni, maishatni tark et. Xudo bergan kunda ishingga bor, qoʻling-ga tushgan ishni qunt bilan, insof bilan bajar, ana undan keyin, mayli, ayshingni sur... Hay, bizning ishimizmas panlarga aql oʻrgatish; ularga tegu qoch, boʻlmasa baloga qolasan. Yaxshisi, Ivga haqida hikoya qilaylik.

Ertasi kuni u bir sud qiluvchi odamning oldiga bordi. Qarasa: choʻpday ozgʻin, sochlari oppoq oqargan jikkakkina, koʻrimsizgina «janob» xayolga choʻmib, uy ichida u yoqdan-bu yoqqa yurib turibdi. Ivganing koʻziga u xushfe’l odamdek koʻrindi va unga egilib ta’zim qilib: «Ijozatingiz bilan, muhtaram afandim, sizga oʻz arzimni aytsam»,– dedi.
– Qanday arz?– deb soʻradi pan yurishdan toʻxtab.
– Otamning,– dedi Ivga,– asrandi oʻgʻli bor edi, Levko degan. Otam ham, akam ham uni oʻlguday yomon koʻrishardi, bora-bora uni shu koʻyga solishdiki, u oʻz boshiga balo orttirib, otamning sandigʻidan pul oʻgʻirlabdi. Oʻtinib soʻrayman sizdan, buyuring, uni soʻroq qilishsin, keyin, mayli, bilganingizni qiling...
– Otang qayerda?– deb soʻradi sudya viqor bilan.
– Otam oʻz uyida, qishloqda.
– Qanday soʻroq qilamiz uni, uyda boʻlsa?
– Yoʻq, otamnimas, Levkoni soʻroq qiling.
– Oʻzi, sening otang Levkomi?
– Ha, yoʻq. Levko asrandi oʻgʻil, otam – bu otam.
– Axir Levkoning puli oʻgʻirlangan-ku, nima qilamiz uni soʻroqqa tutib?
– Ha, yoʻq. Otamning pulini Levko yo oʻgʻirlagan, yo begunoh oʻtiribdi qamoqxonada. Men uni koʻrdim, menga aytdiki, hali uni soʻroq qilishmaganmish.
– Nima, endi seni qamoqdan chiqarib yuborishdimi?
– Voy, yoʻq. Men qamoqda oʻtirganim yoʻq, Levko oʻtiribdi. Siz undan soʻrab koʻring, nega olganikin otamning pulini?
– Bu qanaqasi? Qamoqxonada puli oʻgʻirlangan otang oʻtiribdimi?
– Yoʻ-oʻq. Qamoqda oʻtirgan otammas, Levko.
– Shunaqa degin, endi tushundim. Otasining oʻrniga oʻgʻli qamoqqa tushibdi – oʻz ixtiyori bilanmi?
– Ha, yoʻq – voy, nega tushunmaysiz? Oʻgʻlimas, asrandi oʻgʻli.
– Boyadan beri javraysan, bundoq tushuntiribroq gapirmaysan. Demak, otang bilan uning asrandi oʻgʻli sening pulingni oʻgʻirlashgan, shundaymi?
– Yoʻq. Ruxsat eting, sizga bir boshdan soʻzlab beray.– deb Ivga hamma boʻlgan gapni aniq va batafsil hikoya qildi – xuddi qogʻozga yozilganday. Pan sudya boʻlsa, nuqul bosh irgʻagancha, «Yaxshi, yaxshi, tushundim, bildim», derdi. Keyin birdan almoyi-aljoyi gap boshladi:
– Mana bu boshqa masala. Gaplaringga endi tushundim. Mendan nima soʻrayotganingni bilasanmi? Mumkin boʻlmagan narsani. Sen akangni qamoqdan ozod qilib, oʻrniga Levkoni qamashimizni soʻrayapsan. Yoʻq, yoʻq, tasadduq, bunday qilib boʻlmaydi. Kim ayb qilgan boʻlsa, oʻzi jazosini tortsin. Men nohaq ishga qoʻl urolmayman.
– Voy, yoʻq axir! – gap tushuntiraverishdan sillasi qurigan Ivga baqirib yuborayozdi.– Siz Levkoni soʻroq qiling. Aybdor Levko...
– Yana Levkoni aybdor deyapsan. Kallam oʻnta boʻlgandayam gapingga tushunishim qiyin. Bor, ket uyingga. Qulogʻimning tagida javrayverib boshimni qotirib yubording. Gaplaringning hammasi telva-teskari. Meni yolgʻon gapingga ishontirolmaysan. Hammasini koʻrib turibman. Bor, bor, uyingga. Nima qilishimni oʻzim bilaman.
– Voy, bu qandoq koʻrgilik – sudya ham shunaqa gʻalcha boʻladimi?– derdi Ivga yigʻlab uyga qaytarkan.– Bittagina gapimgayam tushunmasa-ya! Shoʻrim qursin mening!
– Endi sen asosiy sudyaga ham uchrab koʻr,– dedi dugonasi.– Uni juda kuchli odam deyishadi. U hammaning ustidan turgan boshliqmish. Bilasanmi. Ivga! Sen unga hurmat yuzasidan biron nima koʻtarib bor.
– Nimamni olib boraman, hech vaqom boʻlmasa?
– Ikki shoda teshikkulcha olib ol. U unaqa injiq tabiat odam emas: bir paytlar men bir ish yuzasidan unga besh dona pishirilgan tuxum olib borgan edim, iymanib oʻtirmadi, oldi. Rahmat unga, ishimniyam toʻgʻrilab berdi.

Ivga ikki shoda teshikkulcha sotib olib, sudyanikiga kirib bordi. U past boʻyli, baqaloq, kepchik yuz, tanqaygan koʻzlari fonusday chaqnoq, xullas, «binoyiday» odam ekan. Ivga kirganida u sudga ketishga shaylanayotgan edi.

Ivga xudoga sigʻinib choʻqinib oldi, sudyaga egilib salom berdi va teshikkulcha shodalarini stolga qoʻyib, oʻz ishi yuzasidan arzini bayon qila boshladi. Sudya teshikkulchalarni koʻrdiyu ularga tashlanib, kavshay boshladi. Uning ogʻzi katta, lunjlari doʻmpaygan boʻlib, shoshganidan teshikkulchani butunicha ogʻziga tiqar va uncha chaynab ham oʻtirmay birdan yutib yuborardi. Hiqichogʻi tutib, koʻzlari yoshlansa ham, hamma teshikkulchalarni yeb bitirishga oshiqardi. Uning xizmatga shoshishi shunday oʻtdi.

Ivga hamma gapini aytib boʻlgan, u boʻlsa hamma teshikkulchalarni pok-pokiza tushirib boʻlgan edi, shunda Ivga yana gap boshladi:
– Siz nima deysiz, janobi oliylari? Gapiring!
– Senga aytadigan garim shuki,– dedi sudya oxirgi teshikkulchani chaynarkan...– Qayerdan olding bunaqa ajoyib teshikkulchalarni?
– Yeyavering, osh boʻlsin, janobi oliylari. Qayerdan olardim? Bozordan sotib oldim. Ayting, nima deysiz mening ishim haqida?
– Mana bu teshikkulchamisan, teshikkulcha, qoyil! – dedi sudya ogʻzidagini chaynarkan, tamshanib.– Sening ishingmi? Bilasanmi, joni-dilim koʻknor urugʻi sepilgan teshikkulcha; qancha koʻp sepilsa, shuncha yaxshi... Ishingmi? Yogʻiyam qavat-qavat... Mazali, juda mazali kulchalar!.. Sening ishing masalasi!.. Undan keyin, juda singitib pishiribdi! Yo..Hali men sening ishingni koʻrmaganman, ertaga kel, oʻshanda aytaman,– teshikkulchalarni yeb bitirgan sudya shu gaplarni aytib uydan chiqarkan, hamon ularni maqtardi: – Zoʻr teshikkulchalar! Oʻlay agar, uyimda hech qachon bunaqa kulchalarga ogʻzim tegmagan!

Mana, nihoyat, teshikkulchalar sudyaga yoqqanidan va sudyaning bugun ishni bitirib, ertaga Levkoni ozod qilishiga toʻla ishonganidan Ivganing koʻngli taskin topdi. Mayli, uni qamchi bilan savalashsa ham shu yerda savalashsin-u, illo, qishloqqa olib borib yurishmasin; yoʻqsa, tanish-bilishlar oldida uyatga qoladi. Bu yerda savalashsa, uni hech kim tanimaydi, hech kim gap-soʻz qilmaydi. Ivga quvnab-yayrab tushlik qildi va uy bekasiga minnatdorchilik bildirdi, uning qay bir ishlarini tikdi, biroz ip ham yigirib berdi-da, keyin qamoqxonaga yugurib ketdi. Nima boʻldi, deng? «Ruxsat berilmagan!»– deb baqirdi unga soldat. Ivga undan Levkoni hech qayoqqa soʻroq qilgani olib borishmadimi, deb soʻradi.
– Yoʻq!– deb javob qildi soldat.

O, qanday musibat! Bechora qiz oʻzini oʻtga-choʻqqa urdi, ammo hech nima qilolmadi! Ertasiga ertalab sudyaning oldiga bordi. Uni oʻz xutoriga joʻnab ketganini aytishdi; dam olish kunlari kelib qolgan edi; demak, hech qanaqa sud boʻlmaydi.

Ivga orziqa-orziqa, yum-yum yigʻlay-yigʻlay begim kun kelishini kutdi. Mana, sudya xutoridan qaytib ham keldi. Ivga yana toʻrt shoda teshikkulcha sotib olib, sudyanikiga kirib bordi.

Sudya teshikkulchalarni koʻrdiyu darhol hujumga oʻtdi. U ogʻzida chaynayotgan ovqati bilan Ivgaga dedi: «Vuy, muncha koʻp!.. Men bularni bir oʻtirishda yeb tugatolmayman... Lekin aybdorman sening oldingda: butunlay xotiramdan koʻtarilibdi ishing! Endi biroz chidaysan... Hal qilaman albatta sening ishingni... mana xuddi manavi...»
– Hech boʻlmasa, bugun esingizdan chiqarmang, janobi oliylari!
– Esimdan chiqadi, xudo haqqi, esimdan chiqadi. Ishim shu qadar koʻpki, burnimni artishga ham vaqtim boʻlmaydi. Mana, hozir ham sudga shoshib ketyapman.– Sudya shu gaplarni aytarkan, ketishga otlana boshladi, yeb ulgurmagan teshikkulchalarni choʻntaklariga tiqib oldi.
– Mana, siz sudga ketyapsiz-u,– dedi sudyaning harakatini kuzatib turgan Ivga,– kulchalarni yeyotganingizda, kim olib kelganini oʻylasangiz, darrov meni eslaysiz.
– Mayli, koʻraman!– deb javob qildi sudya.– Ish orasida ovqat yeyishga yeyman-u, ammo seni eslolmasligim aniq. Ishim boshimdan oshib yotibdi: hammasiga imzo chekishim kerak, bunday paytda men hech nimani oʻylamayman, faqat imzo chekaman. Yaxshisi, sen, tasadduq, bunday qil: orqamdan sud mahkamasiga boraver, meni oʻsha yerda kut. Seni koʻrib qolamanu darrov eslayman.– Shu gapdan keyin u yoʻlga tushdi.

Nima qilsin – Ivga ham uning orqasidan ketaverdi.

U mahkama oldida u yoqdan-bu yoqqa yurib turdi, Daxlizga kirib moʻraladi – sudya koʻrinmadi; demak u Ivgani eslamayapti; Levkoga odam yubormayapti.

«Shu topgacha sudya teshikkulchalarni yeb boʻlgan boʻlsa kerak,– deb oʻyladi mahkamaga kiraverishda oʻtirgan Ivga.– Teshikkulcha yeyotganda eslamagan, endi butunlay eslamaydi meni».

Mana, mahkamadan odamlar chiqa boshlashdi. Sudya hammadan oldinda kelardi; u Ivgani koʻrib, kelishilgan bitim esiga tushdi va hamrohlariga qarab dedi:
– Yoʻq, yoʻq, birodarlar, shoshmanglar! Juda muhim bir ish bor. Beri kel, yaxshi qiz, qani ayt-chi, qanday ish bilan kelganding?
– Ivga arzini bayon qila boshladi... Shu payt u kungi kotib (Ivga uni tanidi) gʻirt mast holda sudya oldiga pildirab kelib, burnakisini hidlagancha dedi:
– Biz bu ishni hal qilib boʻlganmiz.
– Qachon?– soʻradi sudya.
– Oʻtgan juma kuni, oʻsha muttaham oʻgʻrini qamchi bilan savalab. Koʻchirma qilish haqidagi hukmga siz ham imzo chekkansiz.
– Ana, koʻrdingmi!– dedi sudya Ivgaga.– Men qoʻl qoʻyibman, endi iloji yoʻq. Bugun qoʻl qoʻyganimda ham boshqa gap edi, oʻtgan haftaning jumasida boʻlibdi. Indinga bir hafta boʻladi...
– Demak, muhtaram pan, bu sizga mazali teshikkulchalar olib kelgan kunim boʻlgan ekan-da?– dedi Ivga sudyaga ta’na qilib... Gapirarkan koʻzlari gʻilt-gʻilt yoshga toʻldi... Ha, shunday shumxabarni eshitgandi shoʻr peshona qiz!

Sudya uning ta’nasini loqaydlik bilan eshitarkan, gapiga qoʻshilishib derdi:
– Ha, tasadduq, toʻgʻri. Sen ertalab olib boruvding teshikkulchalarni, men kunduzi imzo chekibman. Ha, bu juma kuni boʻlgan edi.
– Yaxshi qilibsiz. Xudoning oʻzi siylasin sizni!.. Axir nega uni soʻroq qilmadingiz?
– Bu qanaqasi, kotib? Nega u soʻroq qilinmadi?– deb soʻradi sudya.
– Nega soʻroq qilmas ekanmiz? Axir oʻzingiz soʻroq qilib boʻlib imzo chekdingiz-ku!
– Imzo chekishga-ku, chekdim, lekin uni koʻrganim ham, soʻroq qilganim ham esimda yoʻq! Hech eslolmayapman.
– Siz hech qachon hech nimani eslolmaysiz,– deb suhbatga nuqta qoʻydi kotib va shapkasini bostirib kiydi-da, sudyadan oldinga oʻtib keta boshladi; sudya ham endi Ivgaga qayrilib qaramay, uyiga joʻnab qoldi.
– Shoʻrim qursin, endi zorimni kimga aytaman?– deb hoʻngrab yigʻlay boshladi Ivga.– Endi bechorani savalab... surgunga surishadi.
– Qoʻy, xafa boʻlma,– dedi eshik oldiga chiqqan bir mahkama xodimi. Bu ish hali guberniyaga joʻnatilgan; u yerda, ruslarning ta’biricha, yana bir oycha yotadi, keyin tagʻin bu yoqqa joʻnatishadi; shundan keyingina jazoga tortib, surgun qiladalar.

Majoli qolmagan Ivga uyga zoʻrgʻa yetib bordi... Oʻksib-oʻksib yigʻladi... kun boʻyi tuz ham totimadi... Jahl ustida sudlovchilarni qar-gʻab, boshlariga ming-ming balo-ofatlarni yogʻdirdi! Nima boʻlardi? Balo ham urmaydi ularga! Bu sud qiluvchilar hech nimani bilmagan holda odamlarni sud qilishadi, kotib olib kelgan hukmnomalarda nimalar yozilganini oʻqimay imzo chekishadi... shoshmay turishsin, hali burunlaridan buloq boʻlib chiqadi hammasi... Bironta ham qusurlari bejazo qolmaydi!..

Ertalab oʻrnidan turgan Ivga, bu yerda gʻamga botib oʻtirgandan foyda yoʻq, biron ilojini topish kerak, degan qarorga keldi. «Ishni guberniyaga yuborishgan ekan, men ham boraman oʻsha yerga, xudoning panohida!» U bir zumda yoʻlga otlandi: kerakli buyumlarini safar xaltaga solib, yelkasiga osdi, qoʻliga tayoq oldi... Yoʻlga tushdi. Juda charchagan paytlarida, yaxshi odamlar uni uylariga kiritishdi, ba’zida aravalariga oʻtqazishdi; butunlay holdan toyib sillasi qurigan chogʻlarda esa, kimlarnikidadir to oʻziga kelguncha bir-ikki kun dam ham oldi. Ishqilib, bizning Ivga nihoyat bir kuni guberniya shahriga yetib oldi...
– Voy... nima bu... qanday joy boʻldi bu?.. Yo bibi Maryam, oʻzing asra!.. – deb chinqirib yubordi tepa boshiga chiqib, pastda oʻzining kichkinagina qishlogʻini emas, ulkan guberniya shahrini koʻrgan Ivga... Bu manzaradan nafasi qaytgan Ivga, koʻzi qamashib, shaharga qanday koʻz tashlashni ham bilmay ichi muzlab ketganday boʻldi... «Qaradim-qaradim...hech yerda shaharning oxiri koʻrinmaydi!..– deb hikoya qilgan edi Ivga keyin.– Cherkovlarni aytmaysizmi – son-sanogʻi yoʻq! Hammayoqda dangʻillama imoratlar!.. Oʻlmasam, shu yerda ishimni pishiraman, deb oʻyladim... Axir quruq qaytmayman-ku, uyga».

Ivga teran xayolga toldi: bas, biz ham endi undan xavotir olmasak boʻladi. Siz ham, kitobxon, uni yolgʻiz deb, rahnamosi, maslahatchisi yoʻq deb shunday katta shaharda bir oʻzi panlar jamoasida oʻzini qanday tutarkin deb (Ivga, qishloqda hamma mujik boʻlganiday, shaharda odamlarning «bari panlar» boʻlsa kerak deb oʻylardi) sira ham qoʻrqmang; u kim bilan qanday muomala qilishni, Levko haqida nima deb gap ochishni bilmay, boshi qotdi.

U birinchi toʻgʻri kelgan koʻchaga kirib, shaharda yashaydiganlarning hammasi ham panlar emas, bu yerda avom xalq ham koʻp ekan, degan qarorga keldi. Bu hol uning koʻnglini tinchitib, ruhini koʻtardi.

Baxti bor ekan, yashash uchun oʻziga joy topdi. Kichkina qizchasi bilan yashovchi bir ayol Ivgani, roʻzgʻor ishida yordam koʻrsatishi sharti bilan oz miqdordagi ijara haqiga xonadoniga kiritdi. Ivga dam olayotgan yo tushlik qilayotgan paytida, uy bekasiga oʻzining qayerdan va qanday ish bilan shaharga kelganini soʻzlab berdi.

Beka qoʻllarini beliga tirab, azza-bazza bosh irgʻagancha: «Bilmadim, qanday eplarkinsan buni!»– dedi. Soʻng Ivgaga bu yerlik sudlovchi panlarning ish tutish usullari haqida soʻzlab berdi. U koʻp narsani bilarkan, chunki kichkina qizlik paytidan boylarning xonadonida xizmat qilgan ekan: qiz tugʻib olganidan keyin esa, bir kotibnikida enagalik qilibdi, shuning uchun, kim kotibnikiga nima bilan qanday kirib kelishini ham, kimning qaysi eshikdan chiqib ketishini ham juda yaxshi bilib olgan ekan. Gap orasida beka yana shunday dedi: «Sen katta mansabdor panlardan qoʻrqma; pan qancha ulugʻ zot boʻlsa, shuncha oqkoʻngil, mehribon boʻladi. Lekin, qoʻrmaganning koʻrgani qursin, deganlariday, agar yalangoyoq mujik ataman boʻlguday boʻlsa, ana unaqa odam seni nazar-pisand qilmaydi; mabodo sardor boʻlib qolsa-chi! O, xudo saqlasin! Unday pandavoqiga yaqin ham yoʻlay koʻrma. Ammo panlar unaqamas: unaqalar bilan uchrashganingda, hech qoʻrqmay shahdam-shahdam gapir, faqat rost gapir, zinhor yolgʻon soʻzlay koʻrma; boʻlmasa, oʻsha zahoti dumingni tugishadi».
– Men qanday qilay, xolajon? Agar kattakon panning oldiga boradigan boʻlsam, biron nima koʻtarib borishim kerak-ku axir, arz qilish uchun.
– Xudo saqlasin! Toʻgʻri, eskilikka amal qiluvchi panlar ham bor, unaqalar sen koʻtarib borgan bironta kichkina teshikkulchani, koʻngling uchun, xafa boʻlmasin, deb qabul qilishlari mumkin; muqaddas non olib borsang, uni oʻpib qoʻyadilar-da, senga yoʻl-yoʻriq koʻrsatib, dono maslahat beradilar. Bu faqat ulugʻ panlarda shunaqa taomil. Lekin kichik mansabdagi «panvachchalar» va «chalapanlar»dan ehtiyot boʻlishing kerak! Narsa tortiq qilsang-qilmasang – ularga baribir; agar oldindan kelishib olib, biron nima bersang. Bu kam. Yana olib kel, deyishadi. Unday olgʻirlardan xudoning oʻzi asrasin». Sen yurak yutib, toʻgʻri eng katta mansabdor panning oldiga bor.

Beka butun oqshom panlarning udumi toʻgʻrisida soʻzladi, Ivga esa, hammasini koʻngliga tugib oldi va bu ishga qanday kirishish haqida oʻylay boshladi.

Bu gap shanba kuni kechqurun boʻlgan edi, yakshanba kuni esa, Ivga oʻrnidan turgach, yasanib kiyindi-da, shaharni tomosha qilgani chiqib ketdi. Keyinchalik, bu haqda soʻzlab berganida, xuddi oʻrmonga kirib qolganday qoʻrqib yurdim, degan edi. Bozorda tumonot odam, oʻtib boʻlmaydi, aqalli bitta ham tanish uchramasa-ya! Hech kim senga ta’zim ham qilmaydi, sendan hech nima soʻramaydi ham... Yigʻlayverib xun boʻldim!.. Xuddi yetimchadek tentirab yuribman, deng. Bir mahal cherkov qoʻngʻiroqlari bong ura boshladi... Jaranglashini eshitsanglar edi! Haligacha yangraydi qulogʻim ostida! Shunda men eng katta, eng chiroyli cherkovga qarab yoʻl oldim. Nima boʻldi, deng! Soldatlar meni cherkovga kiritishmadi, yarim tanga pul uzatgandim, pulimni ham olishmadi, cherkovgayam kiritishmadi. Lekin men, baribir, u yerdan olislab ketmadim. Odamlarning ibodatdan chiqishini kutdim, zora-mora katta amaldor panlarni yaqindan koʻrib qolsam, deb. Aksiga yurib, men pan ispravnikka oʻxshagan mansabdorni hech koʻrmagan edim; oʻshaniyam ikki-uch martagina koʻrganman. Oʻz shahrimda garchi sudlovchi amaldorlarni koʻrgan boʻlsam ham, menga koʻrsatgan muomalalaridan keyin, ularning panlar ekaniga gumonim bor. Axiri choshgohga borib odamlar cherkovdan chiqa boshlashdi... Voy boʻ-oʻ! Ana odamlaru ana janoblar!.. Koʻzim bitta mansabdorga tushdi... uning oldida ham, orqasida ham, atrofida ham nuqul panlar, panlar! Oʻzi qanaqa deng! Yoqasiga ham, yenglariga ham zarhal kashtalar tikilgan, boʻyniga boʻlsa bir nechta xoch osilgan! Koʻkragida oltin yulduz, yelkasi osha qip-qizil keng lenta tashlangan, yelkalaridagi popuklar choʻgʻday tovlanadi, xullas, boshdan-oyoq porlab turibdi: qarasang, koʻzing qamashadi! Uning oldida yugurib borishayotgan panlar odamlar orasidan yoʻl ochishadi, yonida kelayotgan panlar ham, unga gard .yuqtirmaslik uchun atrofida parvona. Bu oliy martabali apan faytonga oʻtirayotganida, otlar pishqirib, depsinib turishdi, keyin ular qushday uchib ketishdi, janob pan boʻlsa, dam oʻngga, dam chapga nuqul ta’zim qilardi. U amaldorga ta’zim qilish menga ham nasib etdi, faqat uzoqda turganim uchun meni u koʻrmagandir ham. Yonimda turgan bir ayoldan, bu pan kim, deb soʻragan edim, u: «gubernator janoblari», deb aytdi... Oʻsha kuni men panlarni toʻygunimcha tomosha qildim!..

Keyin bekaga dedim: «Agar gubernatordan biron gap soʻraydigan boʻlsam, roʻparasida tizzalarim qaltirab tik turolmay, yiqilib tushishim mumkin. Keyin qandoq turaman?»
– Qoʻrqma,– dedi beka,– u el oldida shunaqa salobatli koʻrinadi, butun yurtning boshligʻi boʻlganidan keyin, xalq hurmatimni qilsin, qadrimga yetsin, deydi-da. Lekin uyiga borsang, seni ochiq yuz bilan kutib oladi. Muloyim, shirin gapirib, arzu holingni oʻn martalab tinglaydi, agar bajarsa boʻladigan ish boʻlsa, yordamini ayamay, tezroq toʻgʻrilanglar, deb buyuradi; bordiyu u bajara olmaydigan ish boʻlsa, nega va nima sababdan bajarib boʻlmasligini senga yaxshilab tushuntiradi; koʻnglingni koʻtarishga urinib, qanday ish tutish lozimligi haqida maslahat beradi. U qashshoqlarga doim sadaqa ulashadi. Sen hech qoʻrqma – u mehribon odam, xuddi oʻz otangday.

Shu kuni kechgacha Ivga yana shahar aylandi, bir yaxshi odamdan sud mahkamalari joylashgan imoratning qayerdaligini soʻradi. U odam Ivgaga, «Sen murosa palatasiga bor» deb maslahat berdi; Ivga oʻsha odam ta’riflagan imoratlardan uchtasi yonidan oʻtdi. Yayov yurib kelayotgan yo izvoshda borayotgan panlarni koʻrganida, ularga tikilib-tikilib qaradi, basharti birontasi bilan gaplashishga toʻgʻri kelsa qoʻrqmaslik uchun. Shu kuni u qat’iy bir qarorga kelib uxlagani yotdi, lekin hadeganda uyqusi kelavermadi – u ertaga nima boʻlishini oʻylardi...

Tong otdi. Ivga oʻrnidan turib, chin dildan xudoga ibodat qildi, hatto undan madad soʻrab yigʻlab ham oldi. Keyin ketdi. Yoʻl-yoʻlakay cherkovga ham kirishni va «xudoning bandasi Levkoni ibodat chogʻida duo qilish» uchun hazratga sadaqa berishni ham unutmadi. Sud mahkamasi joylashgan imoratlarni u darrov topdi va ichkariga kirdi... E xudo! U nima qilishi mumkin bu yerda? Hammayoqda eshiklar, eshiklar, eshiklar; u yoqqa borsayam eshik, bu yoqqa yursayam, eshik bilan zina; hamma yoqda eshiklaru zinalaru eshiklar... Qaraydigan boshqa hech nima yoʻq! Odamlar dam u yoqqa, dam bu yoqqa tentirab yurishibdi, yosh panlar boʻlsa nuqul yugurib oʻtishadi, izvoshlarda kelgan panlar salomlashishadi, oʻzaro suhbatlashishadi. Bizning shoʻrpeshona Ivga boʻlsa, xuddi oʻrmonda adashib qolganday, nima qilishini, qayoqqa borishini bilmay, dong qotib turardi – u palataning nomini esidan chiqarib qoʻygan edi! «Palata qayerda?»– deb soʻradiyam.Unga javoban: «Qaysi palata? Bu yerda palata bittamas», deyishdi. U boʻlsa hech eslolmaydi, deng. Mana, nihoyat esiga tushdi: «Murosa palatasi». Kulib turib unga palataning qayerdaligini aytishdi. Shunda ham Ivga bir necha marta adashib, axiri topdi va ichkari kirdi... «Kim kerak senga?» deb soʻradi undan bu yerda oʻtirgan soldat.»Amakijon, shumi haligi.... palata mu... ro...»– «Shu». Mana, Ivga soldat koʻrsatgana eshikdan ichkariga kirdi. Bu judayam uzun xona boʻlib, hamma yoqda stollar, stollar ortida yosh panlar yozib oʻtirishardi.

Ivga kirib, oldin choʻqinib oldi, yosh panlarga egilib ta’zim qildi va soʻradi: «Xudo sizlarga madadkor boʻlsin! Muborak dushanbada sogʻ boʻlinglar!»

Yosh panlar oʻzaro bir-birlariga qarab, miyigʻlarida kulishdi, lekin indashmadi. Shunda ulardan bittasi yozayotgan ishini tugatib oʻrnidan turdi, Ivgaga yaqin keldi-da, ochiq yuz bilan muloyim ohang-da soʻradi: «Senga nima kerak edi, yaxshi qiz?»
– Bizning Levko haqidagi ish sizlardami, janobi oliylari, deb soʻramoqchiydim.
– Qanaqa Levko?
– Bizning Levko, otamning asrandi oʻgʻli.
– Qani menga ayt-chi, oʻzi qaysi uyezddan kelding?
– Nima desangiz deng, lekin buni aytmayman.
– Nega aytmaysan?
– Negaki, oʻzimam bilmayman.
– Nima qilgan edi oʻsha Levko?
– Bilasizmi: aytishlaricha, u otamning pulini oʻgʻirlaganmish.

Ana shunda bu pan bir qogʻozni olib, uni boshdan-oxir oʻqib chiqdi va Ivgadan: «Shumi?» deb soʻradi...
– Ha, shu edi!
– Xoʻsh, nima istaysan oʻzi?
– Istaymanki, atigi... janobi oliylari. Bizdagi sudlovchilar uni sud qilishdi-yu, ammo soʻroq qilishmadi. Borib uni soʻroq qilishni kimdan soʻrasam boʻladi? Uning aybdor boʻlishi gumon; men «baraka toping, rahmat», degan boʻlardim sizlarga.
– Nega buncha kechikib kelding-a, yaxshi qiz? Uning ishi hal boʻlgan, hozir bu ish gubernatorga yuborilgan...
– Voy, oʻlmasam, shoʻrim quribdi! Nima, endi uni Sibirga joʻnatishadimi?

Yosh panlar faqat yelkalarini uchirishdi.
– Bir yaxshilik qiling, janobi oliylari, biron yoʻl-yoʻriq koʻrsating, men shoʻrlik nima qilishim kerak? Sizdan juda-juda minnatdor boʻlardim... Uni soʻroq qilishmagan.
– Men hech nima qilolmayman,– dedi yosh pan,– endi hech kim yordam berolmaydi unga. Qilgan aybiga yarasha jazosini olishi kerak. Sen ket, qayerdan kelgan boʻlsang, oʻsha yerga ket; bu yerda turish mumkinmas.– Shunday deb u oʻz ish joyiga yoʻl oldi, lekin Ivganing yigʻlay boshlaganini, hatto ayyuhannos solishga chogʻlanayotganini koʻrib, soldatni imlab chaqirdi; soldat Ivganing yelkasidan astagina ushlab, dahlizga yetaklab chiqib ketdi.

Baxti qaro Ivga adoyi tamom boʻlgan edi!

Koʻzlari gʻilt-gʻilt yosh boʻlganidan u hech nimani koʻrmas, hatto qayoqqa yurish, qayoqdan chiqishni ham bilmasdi! Roʻpara kelgan odamlar endi unga e’tibor bermay, yonidan oʻtib ketardi. Sillasi qurigan Ivga goh qoqilib, goh adashib, boshqa yoʻlaklarga kirib, anchagacha bino ichida tentirab yurdi... Nihoyat, eshik oldiga chiqdiyu boshi aylanib, yiqilib tushdi.

«Endi nima qildim? – deb oʻylardim u yotgan yerida duv-duv koʻz yosh toʻkarkan.– Uning ishi butkul tugabdi... Adoyi tamom boʻladi endi boyaqish Levko! Ishini gubernatorga yuborishibdi, u boʻlsa Levkoni qamchi bilan savalash haqida allaqachon buyruq yuborgan boʻlishi kerak... Oh, bu qanday koʻrgulik! Qamchilaganlaridan keyin, hali yana Sibirga ham haydashadi!.. Men bilan ham xayrlasholmay ketadi!.. Nikohdan oʻtgan boʻlsak ham mayliydi, men ham orqasilan ergashib ketaverardim; endi bir oʻzim bu yerda soʻppayib qolaman!.. Otam gʻiybatlarga uchib, meni uydan haydaydi... Yo boʻlmasam, meni zoʻrlab mirzaga erga berishib, umrimni xazon qilishadi... Levko ham olis yoʻlda mensiz juvonmarg boʻladi, yetib borolmay! Bilaman, u meni astoydi sevardi... Mensiz harob boʻladi!...Voy, ishqilib uni joʻnatishmasin-da, to qaytib borgunimcha! Voy, muncha peshonam shoʻr boʻlmasa!.. Qachon yetib borarkinman u yoqqa? Agar kechiksam... unda oʻlganim yaxshi... Oʻz jonimga oʻzim qasd qilaman!..»
– Hoy qiz, nima qilyapsan bu yerda? Nega yotib olib yigʻlayapsan? Et-beting ogʻriyaptimi?– degan ovoz eshitdi Ivga; kimdir unga savol berayotgan edi. U boshini koʻtarib qaradi... Tepasida bir pan turardi; aftidan, koʻngilchan odamga oʻxshaydi.
– Boshimga tushgan ogʻir musibatdan yigʻlayapman, otaginam... Ahvolim juda ogʻir!..

Pan uning ahvolini soʻrab-surishtirarkan, mudom yupatardi; Ivga yigʻlab-yigʻlab oʻz dardini soʻzlab berdi.

Pan qizning arzi holini boshdan-oyoq diqqat bilan tingladi, ahvoliga tushungach, shunday maslahat berdi:
– Senga rahmim kelyapti, oppoq qiz, bu ishingni hali toʻgʻrilasa boʻladi. Sen shu yerda tur. Hali-zamon bu yerdan gubernator oʻtadi. Sen uni toʻxtatib, hamma boʻlgan voqeani bir boshdan soʻzlab ber. Shoyad, u seni qoʻllab yuborsa...
– Otaginam, janobi oliylari... sizni nima deb chaqirishniyam bilmayman! Shunday ulugʻ odamga roʻpara kelishim odobdanmikin? Qolaversa, unga ikki ogʻiz soʻz aytishga qurbim yetarmikin? Men u janobning yuziga qarashga ham qoʻrqaman.
– Hech nimadan qoʻrqma. Uning faqat koʻrinishi shunaqa – vajohatli, lekin qiynalgan odamni koʻrsa, oʻzi undan hol-ahvol soʻrab, yordam qiladi. Faqat choʻchima!

Oqkoʻngil pan qizga maslahatlar berib, qanday ish tutishligini oʻrgatdi, koʻnglini koʻtardi; Ivga oʻrnidan turib, bu panning orqasidan yurdi va u koʻrsatgan muyulishga, ya’ni gubernator oʻtadigan yerga borib turdi.

Mana, oradan sal vaqt oʻtar-oʻtmas, odamlar har yoqqa gʻiz-gʻiz yugurib qolishdi:
– Gubernator kelyapti...Gubernator kelyapti!..

Bizning Ivga gapiradigan gaplarini unutib qoʻygandi, hech bir gap esiga kelmasdi; u gubernatorni koʻrib, qoʻrqib ketdi, qalt-qalt titray boshladi... Koshkiydi, yer yorilsayu, yerga kirib keta qolsa!..

Gubernator yaqin kelishi bilan, Ivga uning oyogʻiga yiqilib, hoʻng-hoʻng yigʻlay boshladi... Yigʻlab turib hech bir soʻz aytolmadi...

Nima boʻldi, deng! Gubernatorning oʻzi uni yerdan oʻz qoʻllari bilan koʻtarib turgʻazdi va muloyim ovoz bilan undan yigʻlashi sababini soʻradi.

Qiz boʻlsa esankirab qolganidan, faqat: «Rahm qiling! Rahm qiling!» derdi, vassalom.

Gubernator undan bironta bama’ni gap eshitmoqchi boʻlib uzoq kutdi, uni yupatishga urindi. Lekin qiz oʻzini yoʻqotib qoʻygan edi. Shunda gubernator uning tirsagidan ushlab shunday dedi: «Menga qara, oyimqiz! Hozir sen qoʻrqib ketding, shuning uchun hech nima deyolmayapsan, mening esa hozir vaqtim yoʻq, ishlarim koʻp. Sen, yaxshisi, mening uyimga bor; to qaytgunimcha oʻsha yerda damingni olib oʻtir, keyin hamma gapni aytib berasan. Sen qoʻrqma, qoʻrqma mendan; yordam qilaman senga. Jandarm! Bu qizni menikiga kuzatib qoʻy, yoʻlda xafa qilma uni; uydagilarga ayt, to men qaytib borgunimcha, yaxshilab qornini toʻygʻazishsin». Mana buni rahbar deydilar, mana buni haqiqiy ota deydilar!

Ivganing koʻzi chaqnab ketganday boʻldi. U yigʻidan keyin bir zum dam olgach, jandarm bilan birga gubernatorning uyiga joʻnadi. U yerda uni bir xonaga olib kirishdi. Oq non va turli xil tansiq yeguliklar keltirishdi... Lekin shoʻrlikning tomogʻidan hozir ovqat oʻtarmidi; boshiga tushgan mash’um savdodan boshqa hech nima kelmasdi uning xayoliga. Hali bu yogʻi nima boʻlarkin?

Gubernator bir necha soatdan keyin qaytdi. Uyga kirishi bilan: «Qayerda u qiz?»– deb qichqirdi. Ivgani koʻrib, uni mehmonxonaga boshlab kirdi... Bu mehmonxona, keyinchalik Ivga ta’riflab berishicha, juda koʻrkam joy edi. «Uning shifti judayam baland, derazalari xuddi eshikday katta-katta, eshigi esa naq darvozaday ediki, bu yerga bir necha gʻaram pichan ortilgan aravada hech yerga urilmay, turtilmay bemalol kirib borsa boʻlardi. Xonaning shifti ham, devorlari ham, oyoq osti ham har turli boʻyoqlar bilan bezatilgan... Koʻrsang, koʻzing quvonadi! Voy, koʻzgularni aytmaysanmi! Hammayoqda koʻzgu. U yoqqa qarasang ham oʻzingni koʻrasan, bu yoqqa qarasang ham: qayoqqa koʻz tashlama, hammayoqda sen koʻrinasan xuddi tirikday. Naq qoʻrqib ketdim, oʻzimni birinchi marta koʻzguda koʻrganimda!»

Uning esankirab qolganini koʻrgan gubernator: «Sen shu yerda birpas dam olib oʻtir, mer darrov qaytaman»,– dedi va xonadan chiqib ketdi.

Ivga koʻzguga qarab, u yoq-bu yogʻini tuzatgan boʻldi, endi oʻzini ancha tetik his qila boshlagan edi; shu mahal gubernator kirib keldi. U muloyim jilmayib qizdan soʻradi: «Qani, yaxshi qiz, endi menga hamma-hamma gapni soʻzlab ber: qayerliksan, otang, onang bormi, qanday arz bilan kelding bu yerga?»

Ana shunda Ivga hamma boʻlgan voqeani boshidan to oxirigacha, hammasini batafsil gapirib berdi.

Gubernator uning arzu holini eshitib boʻlib, shunday dedi: «Yoʻq, yaxshi qiz, sening Levkong firibgar; uni ikkita sudda soʻroq qilishgan, u aybini boʻyniga olib barmoq bosib imzo ham chekkan. Bu ish mening qoʻlimda».– Shundan soʻng u boshqa xonaga chiqib ketib, bir dasta qogʻoz koʻtarib kirdi. U qogʻozlarni varaqlab-qaraqlab Ivgaga koʻrsatdi: «Mana, bu yerda u otangning pulini bir necha marta oʻgʻirlaganiga iqror boʻlgan. Mana, uning nomidan imzo chekishgan, sudyalar ham koʻrishgan uning ishini, u ana shu sudyalar guvohligida aybini boʻyniga olgan».
– Otaxon, janobi oliy.... sizni nima deb atashniyam bilmayman! Pan janoblari, gubernator hazratlari, azizim! Bu toʻgʻri emas, uni soʻroq qilishmagan: qasam ichib aytaman buni. Soʻroq qilinganida, Levko aytardi menga, ammo-lekin u soʻroq qilishlarini iltimos qilyapti, xuddi sadaqa soʻragan gadoyday. U juda muhim bir gapni aytmoqchiga oʻxshaydi. Men unga koʻproq ishonaman sizning sudyalaringizdan koʻra, oʻsha sudya, Levkoni soʻroq qildim, deb qoʻl qoʻygan boʻlsayam, uning hamma gaplari gʻirt yolgʻon; u faqat odamlar olib borgan teshik kulchalarni yeyishni biladi.

Gubernator teshikkulchalar haqidagi gapni eshitib kulib qoʻydi.
– Koʻzingni och, qiz,– dedi u keyin,– sen juda jiddiy gap aytding; sudyalar soʻroq qilmaganligini hali ularga isbotlab berishing kerak boʻladi.
– Soʻroq qilishmagan, qilishmagan, janobi oliylari! – deb chin-qirib yubordi Ivga.– Obkeling ularni oldimga. Men bu gapimni ularning yuzlariga aytaman. Axir Levko, soʻroq qilishsin, deb bekorga aytmadi-ku...
– Mana axir,– dedi gubernator qogʻozlarni qayta varaqlab, qayta oʻqirkan,– odamlar sening Levkongni oʻgʻri, xulqi yomon, deb qasam ham ichishgan...
– Yolgʻon hammasi, xudo ursin agar, gʻirt yolgʻon!– deb Ivga endi dadil-dadim gapira boshladi.– Uning hech qanaqa yomonlik tomoni yoʻq, men uni hammadan koʻra yaxshiroq bilaman. U umrida hech qachon hech nima oʻgʻirlamagan, zigʻirdakkinayam yolgʻon gapirmagan. Siz yaxshiroq qarang, odamlar ham Levkoning soʻroq qogʻoziga qoʻl qoʻyganini boshqacha isbotlashgandir, ehtimol.
– Yaxshi,– dedi gubernator,– men buni aniqlayman. Sen ertaga palataga bor, oʻsha yerda senga hammasini koʻrsatishadi.
– Men shoʻrlik, muhtaram janob, bilaman, oʻsha Murosa palatasini. Kechirmagan azobim, koʻrmagan yerim qolmadi. Meni deb shuncha urundingiz, rahmat sizga. Ertaga oʻsha aytgan yeringizga barvaqtroq yetib boraman. Sizning ham esingizdan chiqmasin, albatta boring, oʻsha joyda birgalikda, tekshirib koʻramiz, yolgʻonchi kim: menmi yo sizning sudyalaringizmi? Xayr ertaga koʻrishguncha.

Gubernator kulib turib, uning ketishiga ruxsat berdi. Ivga gul-gul yashnagan, xushbaxt chehra bilan yoʻlga tushdi, yoʻlida uchragan gadoyu soʻqirlarga sadaqa berib oʻtdi. Uyga kelib, butun oqshom xushchaqchaq kayfiyatda boʻldi.
– Ertalab u juda barvaqt turdi; u bekasining roʻzgʻor ishida koʻmaklashganday boʻldi-da, keyin otlanib palataga joʻnadi.

Sud qiluvchilar bugun kechagidan barvaqtroq ishga kelishgandi; gubernator ham hayallamay yetib keldi, Ivgani koʻrib shu zahoti uni oʻzi bilan ichkariga olib kirib ketdi; unga kutib turishni buyurdi-da, oʻzi sud qiluvchilar oʻtirgan xonaga kirdi, qandaydir pan bir dasta qogʻoz bilan uning orqasidan ergashdi – Levkoning ishi boʻlsa kerak.

Gubernator ichkarida sud qiluvchilar bilan ancha vaqt gaplashib qoldi, keyin ularni oʻzi bilan boshlab chiqib: «Mana bu qiz, ariston soʻroq qilinmagan deyapti. Qani gapir oʻzlariga», dedi.

Soʻroq qilinmagan, sudlovchi panlar, boshimda oybolta oʻynatsanglar ham, baribir soʻroq qilinmagan, deb isbotlayveraman. Levko hech qachon menga yolgʻon gapirmagan; doim savdoda tushgan pulning tiyinigacha olib kelib berardi... Uning yolgʻon soʻzlaganini hech qachon sezmaganman, shuning uchun, meni soʻroq qilishmadi, degan gapiga ishonaman; gapim toʻgʻriligiga qasam ichib, hatto bir hovuch tuproqni yeyishdan ham qaytmayman; men rost gapiryapman, lekin anavi hukmga qoʻl qoʻygan sudyalar gʻirt yolgʻonchi hammasi. Levkoni xulqi yomon, deb odamlar nomidan kim imzo chekkan boʻlsa, u ham yolgʻonchi. Gapim shu! Lekin hech ham sizlardan xafa emasman, sudlovchi panlar, sizdan ham, gubernator janoblari!
– Xoʻsh, endi nima qilmoqchisizlar?– deb soʻradi gubernator sud ahlidan.

Ular bir-birlariga qarab qoʻyib, yelkalarini uchirishdi va shunday deyishdi:
– Siz nima desangiz shu. Biz bu ishni hal qilib boʻlganmiz.
– Bilaman, hal qilgansiz va lekin hukm chiqarishda zinhor adolatsizlik boʻlmasligi kerak!– dedi ularga gubernator.– Sizlar bu qiz aytayotgan gaplardan bexabarsiz; faqat qogʻozga qaragansiz, qogʻozda esa, hamma gap sip-silliq yozilgan. Bu qiz esa u yerda boʻlgan, hamma gapdan xabardor, aristonni soʻroq qilmaganlar, deb qasam ichishga ham tayyor. Ishni qayta qoʻlga olinglar, uni bu yerga chaqirtirib soʻroq qilinglar-chi, nima maqsadda oʻgʻirlik qilgan ekan?
– Men buni shundoq ham bilaman,– dedi Ivga.– Biz turmush qurganimizdan keyin roʻzgʻorimizni boshqa qilmoqchiydik, shunga kerak boʻladi deb olgan u pulni. Buning hech qanaqa aybli tomoni yoʻq: men otamning qiziman, u otamning asrandi oʻgʻli, pul otamniki. Bu ishni osongina hal qilsa boʻladi, chunki Sibirga surgun qilishga arziydigan gunohi yoʻq uning. Chaqirtiringlar uni, soʻroq qilinglar, nima uchun otamning pulini olganini ochiq aytib beradi; shu bilan uni boʻshatib yuborasizlar.

Eh, Ivga, Ivga, rost gapiraman deb, ishning pachavasini chiqarayozding-ku! Sal boʻlmasa, barcha yugurib-elganlaring zoye ketgan boʻlardi, chunki sud qiluvchilardan bittasi, unga ergashib, qolgan hamkasblari ham, sen aytgan gapni ilib olib, chugʻullay boshlashdi: «Pulni nima maqsadda olgan boʻlsa ham, axir olgan-ku; oʻz otasinikinimi, begonanikinimi, baribir, olgan – soʻramasdan, sandiqning qulfini buzib olgan; demak, oʻgʻri».

Gubernator peshonasini qashib, biroz oʻylanib qoldi, keyin chuqur tin olib dedi: «Ha, toʻgʻri aytasizlar; lekin, baribir, unga odam yuboringlar. Olib kelishgach, soʻroq qilinglar. Faqat birgina soʻzdan najot topib, uni Sibirga surgun boʻlishdan asrab qolish mumkin. Maktub yozing, tezroq uni bu yerga joʻnatishsin. Sen boʻlsang, oppoq qiz, uyingga bor, bir haftadan keyin kelib xabar ol»,– soʻng u bir panni chaqirib, qayoqqadir xat yozishni buyurdi – qayoqqa? Buni Ivga tushunmadi; xatda, hech kim mazkur qizga tegmasin, uni xafa qilmasin, deb yozilishi kerak edi. «Bu qizni faqat men yaxshi bilaman,– dedi gubernator.– Sen, oyimqiz, agar biron nimaga muhtojlik sezsang yo biron kishi seni xafa qilgudek boʻlsa, toʻgʻri mening oldimga kelib, soʻrayver nima kerak boʻlsa».– Shunday deb u oʻz ishiga ketdi.

Ivganing quvonchi ichiga sigʻmasdi! U ham yigʻlar, ham kular, ham gubernatorning oyogʻiga yiqilib, uning qoʻlini, shuningdek, boshqa sudlovchilarning ham qoʻlini oʻpishga urinardi...
– U oʻzi turgan uyga yuribmas, qushday uchib bordi, uy bekasini «choʻlp-choʻlp» oʻpib, Levkoni bu shaharga olib kelib, shu yerda soʻroq qiladigan boʻlishganini, aytdi. Endi uni Sibirga joʻnatishmasligini maqtana-maqtana gapirdi. Sevinganidan kun boʻyi koʻngli yayrab yurdi.

Ertasi kuni Ivga (xudoga shukurki, endi shahar kezishi lozim emas edi) ishga kirishdi: qoʻli qoʻliga tegmasdi! Tinmay qoʻshiq kuylar, qilayotgan ishini toʻxtatmay, nuqul labi-labiga tegmay, qiziq-qiziq gaplarni hikoya qilar, beka uning hazil-huzul gaplaridan qotib-qotib kulardi. Ish ham peshma-pesh kelib turdi; bir ishni tikib ulgurmasidan ikkinchi buyurtma kelaverdi. Hamma yoqdan ularga pul ham kelib tushaverdi! Ivga har hafta Levkodan xabar oldgani «Murosa palatasi»ga borishni kanda qilmadi: undan darak yoʻq edi. Toʻgʻri-da, yoʻl olis boʻlsa: yuz ellik chaqirim keladigan yoʻlni yayov bosib oʻtishning oʻzi boʻladimi?

Kunlarning birida Ivga tikkan ishini buyurtmachiga olib ketayotganida koʻchada boʻlayotgan... qandaydir bir voqeaga koʻzi tushdi. Juda koʻp odamlar, bir qancha izvoshlar toʻplangan, musiqa gumburlardi! Bu toʻy boʻlsa kerak, deb oʻyladi Ivga va shaharliklar toʻyi qanaqa boʻlishini koʻrgani yaqinroq bordi. Koʻrsa, bu toʻy emas ekan. Eng oldingi izvoshda uchta mashshoq skripka, bas va simbal[2] cholgʻularida mashq chalar, ularga yana doira ham joʻr boʻlardi; ikkinchi izvoshda ikkita yaxshi kiyingan, basavlat kishi qoʻllarida vino solingan chelakcha ushlab turardi: uchinchi izvoshda boʻlsa, egniga odmi chopon, boshiga kazaklar qalpogʻini kiygan odam oʻtirardi; u beliga alvonrang keng shohi belbogʻ bogʻlagan, ikkinchi shohi belbogʻ bilan boʻynini oʻrab olgan, qoʻlidagi yana bir belbogʻ bilan dam-badam yuz-koʻzini artardi. Bu odam gʻirt mast boʻlib, oʻrtadagi izvoshda ketayotganlarga dam-badam hamma uchragan va oʻtgan-ketgan kattayu yoshni araq bilan siylashni buyurib turibdi; ichishni xohlamaganlarni esa,butun koʻchani boshiga koʻtarib boʻralab soʻkayapti, ayni chogʻda mashshoqlarga ham, qattiqroq chalinglar, deb oʻshqirmoqda edi. Orqasidan xuddi chigirtkalardek gurra-gurra yugurib kelayotgan bolalarga esa, boʻyniga qizil lenta bilan osilgan shohi roʻmoldagi har xil pryaniklar, yongʻoqlardan sochqi sochib, ularni oʻyin tushishga undardi.

Ivga bu tomoshani yaxshiroq koʻrib olish uchun yaqinroq bora boshlaydi, chunki ularning qishlogʻida hech qachon bunaqa moʻ‘jizalar boʻlmagan edi; buni shahar deydilar, bu yerda ahmoqlar oʻzlarini shunaqa dono qilib koʻrsatadilar. Mana, bolalarni xursand qilgan bu odam: «Musiqa! Olgʻa marsh!»– deb buyruq berdi. Musiqa izvoshi qoʻzgʻaldi, uning orqasidan hamma yoshu qari ergashdi. Izvoshlar bir chiroyli uy yonidan oʻta boshlashdi; uyning chiroyli derazalari yaraqlab turardi. Tentak maishatparast: «Toʻxta!– deb qichqirdi.– Kim bu uyning egasi? Derazangni sindirsam qancha soʻraysan?»
– Qoʻysang-chi hazilingni, bir soʻlkavoy ham olmayman, yoʻlingdan qolma,– dedi uy egasi.
– Bekorlarni aytibsan!–dedi araqxoʻr va bir urib, deraza oynasini chil-chil sindirdi. Uy egasi ,,dod» solib baqira boshladi, tentak boʻlsa oʻn soʻlkavoyli qogʻoz pul chiqarib, uning qoʻliga tutqazarkan, dedi: «Bilib qoʻy, men erkin odamman, ishrat qilyapman!»

U yana bir qancha aql bovar qilmaydigan xurmacha qiliqlar qildi. Qarshidan asal choy sotuvchi odam kelayotgandi. Tentak turib, uning choy idishiga qoʻlini choʻzdi; ahvolga tushungan sotuvchi idishini unga berdi. Mana, tentak choy idishini olib, undagi hamma choyni yerga toʻkdi-da, mashshoqlarga, chalinganlar, deb buyurdi va oʻzi shu toʻkilgan asal choy ustida «gopak»ka raqs tushib, choyni hammayoqqa sachratdi, asal choy egasiga besh soʻlkavoy berib, shoʻxlik qilgani yana nari ketdi.

Ivga olomonga qoʻshilib borarkan, bu qanaqa rasm, deb soʻradi. «Bu yigit yollanma askar, deyishdi unga. U yangi askarlikka yollangan, shuning-chun bugun miriqib oʻynab qolmoqchi, koʻngliga nima kelsa, shuni qilib, odamlarga pul toʻlab yotibdi, negaki, yollangani uchun ancha-muncha haq olgan. Ertaga uning peshonasini ustarada qirishadi, bugun koʻngliga siqqancha oʻynab qolmoqchi, oʻtmishdan xotira boʻlsin uchun».

Yollanma askar izvoshni toʻxtatdi va odamlarni araq bilan siylashni buyurdi. Bolalarga ham ichirishdi. Keyin ularni bir-birlari bilan mushtlashishga undarkan, bu jangni miriqib tomosha qildi... Ivga bu odamga tobora yaqinroq borarkan, unga tikilib-tikilib qaradi... Keyin birdan chinqirib yubordi:
– Timoxa!.. Bu mening akam-ku!.. Nima qilib yuribsan bu yoqlarda?
– Iye!.. Kim boʻldi bu?.. Voy, tavba, Ivga-ku, singlim-ku! Qay goʻrdan chiqding?.. Nima, pishirib qoʻyibdimi senga bu yerda?
– Oʻzingni qay ahvolga solding?.. Tushunyapsanmi nima qilayotganingni?
– Faqat shu bugun tushundim, bugun men erkin qushman, ertaga: bir: ikki, chap, oʻng, bir, ikki, chap, oʻng...– Shunday deb Timoxa koʻchada gandiraklab-gandiraklab marsh qilib yura boshladi, xalq uning ustidin qotib-qotib kuldi...
– Askarlikka yollanibsan, shu toʻgʻrimi, Timoxa?– soʻradi Ivga akasining yuziga yaqindan tikilib qararkan.
– Toʻgʻri.
– Unda, otamni kimga qoldirding?.. Esingni yeganmisan, nima balo?
– Otamni... endi oʻz holiga qoldirsa ham boʻladi: uning pullari... ulardan nom-nishon qolmadi, hammasi qovoqxonalarga, qiz-juvonlarga sarflandi.. Axiri yedim Levkoni... Endi erkim oʻzimda!.. Otamning sandigʻini qoqladim... huvillab qoldi u... Sen, yaxshisi, bizning mirzaga erga teg...
– Qanaqasiga yeding Levkoni?... Nimalar deyapsan?
– Aytaymi?.. Ozgina... Laqillatdim... uni chaqdim... Gumdon qilib boʻpti Makush chenkoni! Timoxa abjir kazak!
– Nima qilib laqillatding uni? Qani, gapir... – Bechora qiz! Badmast akasidan gap surishtirmoqchi boʻlgan edi, lekin uning sherigi, tagʻin singlisi akasini askarlikka yollanishdan aynitib qoʻymasin, unda shuncha puldan quruq qolamiz, deb oʻylab, darrov pastga tushdi-da, Timoxani izvoshga oʻtqazib, «Ketdik yayragani!»– deb baqirdi. Musiqa Derbent marshini chaldi, doira «taka-tum»i yangradi. Izvoshlar orqalarida chang-toʻzon koʻtarib joʻnab qoldi.

Olomon har tomonga tarqala boshladi, Ivga suvga tushgan mushukday shoʻppayib turib qoldi... Axir qanday boʻlsa ham jigari-ku...uning keksa otasini yolgʻiz qoldirib, askarlikka yollangani Ivga uchun juda ayanchli va oʻkinchli edi. «U nima dedi oʻzi, deb eslay boshladi Ivga, otamning sandigʻini qoqladim, dedimi?.. Nazarimda, u hamma pulni oʻgʻirlaganu uydan chiqib ketgan. Yana Levko haqida nimadir dedi: Levkoni laqqillatdim, uni yedim, dedi, shekilli? Hamma gapni oʻzidan soʻrab bilib olsam yaxshi boʻlardi, lekin sheriklari Timoxani gapirgani qoʻyishmadi. Qanday qilsam, uni qaytarib otamning oldiga yuborarkinman? Shoʻrim qursin! Agar u otamning pullarini oʻgʻirlagan, yana yollangani uchun yollovchidan birtalay pul olgan boʻlsa, qanday toʻlaymiz axir shuncha qarzni? Endi men nima qildim?.. Nima? Gubernatorning oldiga boraman, u menga maslahat beradi; axir oʻzi aytdi-ku, agar biron nima kerak boʻlsa, toʻgʻri uyimga kelaver, deb... Borib unga dardimni aytaman...»

U yugurib-elib uydagi ishlarini bitirdi-da, gubernatornikiga hech nimadan hayiqmay, dadil kirib bordi va akasi Timoxani qoʻrgani bormi, uning nima degani bormi – hammasini gubernatorga soʻzlab berdi.

Gubernator darhol Timoxani qidirib topgani jandarmlarni joʻnatdi, Ivgaga esa shu yerga kutib oʻtirishni buyurdi.

Ikki soatlardan keyin gʻirt mastligidan oʻzining kimligini ham unutib qoʻygan xudoning bandasi Timoxani olib kelishdi. Gubernator Ivgani parda orqasiga qoʻyib dedi: «Oʻzing eshit uning nima deyishini, aytdim, hozir uni bu yerga olib kirishadi».

Timoxa qanchalik mast boʻlmasin, kimning oldida turganini tushundi. U oʻzini hushyor koʻrsatishga, haqiqiy askardek qaddini tik tutishga urindi; lekin qaddini rostlab, boshini adl koʻtarishga qancha harakat qilmasin, shu zahoti boshi aylanib, shilq etib xam boʻlardi.

Gubernator unga dagʻdagʻa qildi: «Nega bunchalik mastsan?»
– Bir yallo qilib qolay dedim, oliy... janobi oliylari... Ertaga kech boʻladi, ertaga, soch... sochingni qiramiz, deyishdi.– Timoxa shunday dadil javob berarkan, yana yer depsinib ham qoʻydi. Axir ma’lum-ku, dunyoni suv bossa, mastning toʻpigʻiga chiqmaydi.
– Qanchaga yollanding?

Timoxa oʻylab-oʻylab, pishillab-pishillab, eslashga urinib koʻrdi, gandiraklab-gandiraklab, yumilib borayotgan koʻzini zoʻr-bazoʻr ochdi, nihoyat, qiynala-qiynala dedi: U-uch yu-u-uzga... yan-na e-ellik soʻ-oʻmmga.
– Qancha olding?
– Hali faqat yarrmini, pan... a’lo... janobi... bilmayman,
– Hammasini ichib tugatdingmi yo hali qolgani bormi?
– Hammasini... qurritdim, ja... janobi...oliylari! Timoxa azzamat yigit. Xoʻjayin boshqa bermadi; hali yoʻlda ker-rak boʻladi, deydi. Otaxon, ayting, bersin. Oʻl-lay agar, oʻsha qolgan ikki yuz soʻmniyam ertaga qur-ritaman... qurtday qilib. Askarlikda menga pul kerak boʻlmaydi: maosh ber-rishadi, tekkinga boqishadi.
– Nega otangni yolgʻiz tashlab ketding?
– Men tashlab ketmadim, meni tashlashdi. Otamning puli qolmadi, otaginam, hammasi quritildi.
– Kim quritdi, senmi yo Levkomi?
– Yoʻ... yoʻ...yoʻ.... Levko avliyo odam! Men, otaxon, jan... nobi...shunnaqa; men oʻmardim otamning hamma pulini...
– Levko-chi? U qachon oʻgʻirlagan edi?
– Yoʻ...yoʻ... Men kirdim otamning xonasiga, eshik qulfmas ekan... Qarasam, sandiq... sandiqda... O, bilardim, pul koʻp edi!... Men... hech kim yoʻq edi.... Qulfni buzib, oldim... Koʻp pul oldim!.. Keyin otamni sandiq tepasiga boshlab keldim... qarasak, Levko ham qoʻlida pul ushlab turibdi... Olsa olibdi-da.. pulimiz koʻp... kamayib qolmasdi, otamga Levkoni chaqmasamam boʻlardi... agar qishlogʻimiz mirzasi meni yoʻldan urmaganida Levkoni ilintiramiz, dedi u, Ivgaga meni kuyov qilasan... Shundan keyin Levkoni Sibirga gum qildik...
– Gubernator mast Timoxaning hamma aytganlarini yozib qoʻyishni buyurdi. To Levkoni olib kelgunlaricha, Timoxani hibsda saqlashni buyurdi: askarlikka yollovchi xoʻjayindan qolgan ikki yuz soʻmni ham undirishdi; gubernator Ivgani uyiga joʻnatarkan dedi: «Agar hammasi akang aytganday boʻlib chiqsa, xudoga shukr qil, koʻnglingni buzma; balki Levkongning aybi unchalik ogʻir emasdir».

Ivga gubernatorga qayta-qayta minnatdorchilik bildirib, bekasining uyiga ketdi.

Shundan keyin bir-ikki kun oʻtgach, Ivga Levkoning kelgan-kelmaganini bilish uchun palataga bordi. Akasining qayerga qamalganini u hali bilmasdi; bir payt jandarm ot choptirib kelib, uning tezroq gubernatornikiga borishi kerakligini aytdi.

Ivganing yuragi bir orziqib tushdi... Otlanib, tayinlangan yerga bordi.

Gubernator uni koʻrishi bilan shunday dedi: «Mana, olib kelishibdi nihoyat Levkongni, men uni soʻroq qilaman, sen mana bu yerda turib (u qizni yana parda orqasiga olib oʻtdi), uning oʻzini oqlab aytadigan gaplarini eshit, koʻramiz, qanday vaj toparkin!»

Ivga parda orqasida turib, Levkoni olib kelishlarini kichik bir teshikdan kuzata boshladi... Yo bibi Maryam, oʻzing panohingga ol! Koʻzi Levkoga tushganida chinqirib yuborishiga sal qoldi!.. Ey xudo, bu Levkomi yo boshqami? Tanish qiyin. Choʻpday ozgʻin, rangi dokaday oqargan, soqoli patak boʻlib oʻsib ketgan, boshining yarim pallasi ustarada qirilgan, egnida... koʻylak deb atab boʻlmaydigan uvada! Qoʻllari kishanda!.. Shoʻrlik qiz! Yum-yum yigʻlari! Oson emas edi unga suyukli mahbubini bunday ahvolda koʻrish!.. Qaniydi iloji boʻlsa, shu asnoda u otilib chiqib, birinchi navbatda, Levkoning oylab yuvilmagan, chang, isqirt yuz-koʻzidan ayniqsa, kishan yagʻir qilgan bilaklaridan oʻpaverardi, oʻpaverardi... Mana, gubernator uni soʻroq qilishga kirishib: «Sen, bola, xuddi xudoga sigʻinayotganday, bor haqiqatni gapir menga, dedi.– Agar faqat rost gapirsang unda, basharti, biron-bir aybing boʻlsa ham, jazoingni yumshataman».

Levko oldin choʻqinib oldi; soʻng oʻz qilmishlari haqida soʻzlay ketdi, Ivga uning aytganini nafasini ichiga yutib eshitdi.

Mana, Levko Ivgani qanday sevgani bormi, qizning otasi uni oʻlguday yomon koʻrgani bormi, Timoxaning ayshu ishratda oʻgʻrilik qilib kun kechirgani va unga, Levkoga kun bermagani, ustidan tuhmat qilib, otasiga yomon koʻrsatgani bormi – hamma-hammasini gapirgach, bunday dedi: «Ota bilan oʻgʻilning zugʻumlariga ortiq toqat qilolmaganimizdan keyin, Ivga bilan ikkovimiz nikoh oʻqitishimiz haqida maslahatlashmoqchi boʻldik. Men oʻzim jamgʻargan arzimagan ellik soʻm pulni qarzga berib, undan ham quruq qoldim – qarz olgan odam qorasini koʻrsatmay ketdi. Menga qattiq alam qilgan boʻlsa ham, Ivgaga ogʻiz ochmadim bu haqda; biz nikohdan oʻtish toʻgʻrisida otamizning xufiya xonasida maslahatlashib olmoqchi boʻldik, Ivga menga xonaning kalitini berib, oʻzi qoʻshninikiga ish bilan chiqib ketdi. Men xonaga kirib xayol surib oʻtirdim. Bir mahal qulogʻimga dahlizdan Timoxaning shangʻillagan ovozi keldi, u men oʻtirgan xona tomon kelayotgan edi... Nima qilishim kerak edi? Bu yerda bir oʻzim oʻtirganimni koʻrsa, janjal koʻtarib men bilan mushtlashishiga bahona topiladi... Qochib chiqib ketishga kechikkan edim: u dahlizda, eshikdan chiqayotganimni koʻrsa, nega otamning xonasiga kirding, kalitni qayoqdan olding, deb yopishib olishi aniq... Noiloj, stol tagiga biqinib oldim. Timoxa kirdi, birov yoʻqmikin deb u yoq-bu yoqqa qaradi, derazadan moʻraladi. Hech zogʻ koʻrinmasdi... Shunda u burchakda turgan boltani oldi-da, «qars» etib urib sandiqning qulfini buzdi; sandiqni ochib, bir nimalarni kavladi, keyin pul toʻldirilgan bir qopchiqni tortib oldi! Uni butunicha olib ketmoqchi boʻldiyu, keyin oʻylab turib, ogʻzini yecha boshladi... U qopchiqdan siqimlab pul olib choʻntagiga sola boshladi. U shoshardi, shuning-chun ancha-muncha pul yerga sochildi. Shu payt yaqin oʻrtadan qariya Makuxaning ovozi eshitildi, Timoxa qoʻrqib ketdi, albatta, shoshganidan qopchiqni ogʻzi ochiqligicha, pullarni yerga sochilganicha, sandiqni qopqogʻi ochiqligicha qoldirib, yugurib chiqib ketdi. U ketishi bilan men xuddi qaynoq suvda kuygan odamday stol tagidan otilib chiqdim... Xuddi bezgak tutganday dagʻ-dagʻ qaltirardim! Ey rahmdil egam! Nima qilishim kerak edi endi? Boshim qotgan, garang edim. Agar hammasini ochiq-sochiq holda qoldirib xonadan chiqsam, meni koʻrib qolishlari, hamma aybni mening boʻynimga qoʻyishlari turgan gap... Hozir cholning oldiga borib bor haqiqatni aytaman-da, uni bu yerga boshlab kelaman, deb oʻyladim; Timoxa boʻyniga olmaydi, chol gapimga ishonmaydi – men aybdor boʻlib qolaman. Yaxshisi, hammasini yigʻishtiraman-da, xonadan chiqib eshikni qulflayman. Keyin Ivgaga aytib, qanday qilib buni otasiga xabar qilishni oʻylab koʻramiz. Men shunday xayolga borib, qoʻrqa-pisa sandiq tepasiga borim va undagi sochilib yotgan soʻlkavoylarni ham, yerga toʻkilgan pullarni ham yigʻishtirib qopchiqqa solganimni bilaman, ota-bola kirib kelishdi! Butun uyni boshlariga koʻtarib baqira boshlashdi! «Oʻgʻri, Levko oʻgʻri!» Men xuddi murdaday dong qotgan edim! Shundan keyin nimalar boʻldi, ular meni nima qilishdi, hech nimani eslolmayman!»
– Voy, Levko, xudodan qoʻrqmadingmi? – deb baqirib yubordi Ivga parda orqasidan yugurib chiqarkan.– Nega axir bularni menga aytmading? Oʻgʻrilik qilmaganingni bilganimda bunchalik azob chekmagan boʻlardim!..– Qiz shunday deb yigitning boʻynidan mahkam quchoqlab oldi. U xuddi telba boʻlib qolganday ham yigʻlar, ham oʻpar, ham xoxolab kulardi!..
– Iye, qayoqdan kelib qolding? O, mening asalim, o, mening baliqcham!– Levko oʻzining qayerda va kimning oldida turganligini unutib, nuqul mahbubasini erkalardi. Ivgani hech xayoliga kelmagan yerda uchratganidan uning koʻngli togʻday koʻtarilgan edi...

Gubernator – rahmat senga! Gubernator yigit bilan qizning bir-birini navozish bilan erkalashlarini koʻrib, koʻziga yosh qalqdi va teskari oʻgirilib, roʻmolchasi bilan koʻzlarini artdi.

Birinchi boʻlib Ivga es-hushini yigʻib oldi va gubernatorga yuzlanib dedi:
– Janobi oliylari (Ivga shaharda yashab mansabdorlarni qanday ulugʻlashni bilib olgan edi), koʻz oldingizda oʻpishishga jur’at etganimiz uchun bizni gʻazabga olmang... Xudo haqqi! Men shunaqayam xursandman, shunaqayam xursandmanki... Levkoni koʻrganimning oʻzi katta baxt; yana bir xursand boʻlganim – u oʻgʻri emas ekan, shuning uchunam siz borligingizni unutib, nima qilayotganimni bilmay qoldim.
– Parvo qilma, hechqisi yoʻq, azizam!– derdi gubernator koʻz yoshlarini artarkan.– Oʻzim ham mamnunman bu yigitda ayb yoʻqligidan va haqiqat oshkor boʻlganidan. Lekin shu aytgan gaplaringning hammasi rostimkin?
– Xudo haqqi, rost, xudo haqqi, rost!– deb Ivga Levkoni himoya qilishga tushdi.– Hammasi Levko aytganday boʻlgan, u hech ham yolgʻon gapirmaydi.
– Rost, taqsir... afandim... janob pan...– dedi Levko gubernatorni nima deb ulugʻlashni bilolmay, nuqul ikki bukilib ta’zim qilarkan.– Sizday ulugʻ zotga men yolgʻon gapirarmidim? Axir podsho hazratlari sizga bizdek xoʻrlanganlarni himoya qilmoqni buyurgan-ku; qanday yolgʻon gapiray sizga? Rost, faqat rost gapni aytdim!
– Yaxshi,– dedi gubernator,– unda nima uchun ispravnikka, pul olganman, deb aytding, sudda ham shunaqa deganmiding?
– Hammasi boʻhton, yolgʻon, chalkash gaplar, pan oliy... gubernator janoblari, hammasi yolgʻon!– derdi Levko jon-jahd bilan.– Men ispravnikniyam, sud qiluvchilarni ham hech koʻrmaganman, ularning aft-basharasi qanaqaliginiyam bilmayman, hech koʻrmaganman, sud mahkamasigayam qadam bosmaganman. Boya aytdim: qanday qilib boʻlisimizning «sovuqxona»siga tushib qolganimni bilmayman, eslolmayman; u yerda ochlikdan sirilib oʻlayozdim. Mendan hech kim hech nima soʻramadi, oʻzim ham hech kimni koʻrmadim; meni sovuqxonadan qoʻlimni bogʻlab olib chiqishdi-da, shaharga, toʻgʻri qamoqxonaga olib borib tiqishdi. U yerdan hech qayoqqa chiqarishmadi, sudga ham olib borishmadi. Meni shaharga mirza kuzatib kelgan edi, u hamma gapdan xabardor. Oʻsha aytsin nima boʻlganini...
– O, u aytadi!– deb uning gapini boʻldi Ivga.– U yoʻq yerdagi gaplarni toʻqib soladi. Bilasizmi, janobi oliylari, oʻsha mirza Levkoni tiriklayin yamlamay yutmoqchi boʻlib yuribdi, nimaga desangiz, u mening Levkogamas, unga erga tegishimni xohlaydi. Lekin ovora boʻladi. Menimas, shimildiriqni oladi. Ha!
– Yaxshi, yigitcha!–dedi gubernator.– Sen sudda ham ispravnikning, sudyalarning yuziga tik qarab turib, menga soʻzlab bergan hamma gapingni aytasanmi?
– Aytaman, shartta yuzlariga aytaman, pan janob... nima deyish kerak, Ivga?
– Janobi oliylari, deb ayt.
– Ha, ha, janob... Ivga aytganday, qoʻrqmay, hammasini aytaman, nimagaki, men haqman!
– Xoʻp, boʻlmasa,– dedi gubernator,– boraqolinglar. Sen, yaxshi qiz, yashab turgan joyingga bor, yigitni esa, qoʻlini yechinglar-da, ertagacha politsiya mahkamasida saqlanglar. Ertaga seni palatada soʻroq qilishadi, agar gaplaring rost chiqsa, sen, yaxshi qiz, oʻsha yerda, palatada uni kafillikka olib ketaverasan.

Ivga, uning ketidan Levko gubernatorning oyogʻiga yiqilishdi va duv-duv koʻz yosh toʻkib, qayta-qayta minnatdorchilik bildira boshlashdi, bizga qayta jon ato etdi, deb xudoga shukronalar ayta boshlashdi.

Ivga Levkoning qoʻlidagi kishanni hech kimga yechtirmadi, oʻzi qulfini ochib, kishanni yechdi; keyin Levkoni politsiya mahkamasigacha kuzatib bordi va uning yonida boʻlib turish uchun ruxsat ham oldi. Butun tun, to tong otguncha, Levko bilan Ivga odamlardan chekkan azobu uqubatlar haqida bir-birlariga soʻzlab chiqdilar; Levko himoya qiladigan va maslahat beradigan hech kimi boʻlmaganidan zorlansa, Ivga kimlarning zugʻumidan iztirob chekkanini soʻzladi.

Ertalab Levkoni palataga olib borishdi, Ivga ham u bilan birga bordi, qarasa, Timoxa ham oʻsha yerda soqchi nazoratida oʻtiribdi; soldatlar uni miltiq oʻqtalib qoʻriqlab turishibdi. Levko kecha gubernatorga soʻzlab berganiday, bu yerda, palatadagi soʻroq paytida ham hamma boʻlgan voqealarni aslida qanday boʻlgan boʻlsa shunday hikoya qilib berdi. Lekin Timoxa (endi hushyor tortgan edi) yana «yolgʻon toʻqishga» kirishgan edi, darhol Ivgani chaqirib kirishdi, u shu zahoti akasining ogʻziga urib toʻxtatdi va uni shunday yer bilan yakson qildiki, oqibatda, u kecha gubernatorga gapirganidek, hamma aybni boʻyniga oldi. Uni yanada koʻproq soʻroq qila boshlashdi, ana shunda u butun qingʻir qilmishlarini mirza bilan ulfat boʻlib olib, singlisini unga erga bermoqchi boʻlgani bormi, Levkoni birgalikda gum qilmoqchi boʻlganlari bormi – hammasini ochiq gapirib berdi. Mirza Timoxaning oʻz otasi sandigʻidan oʻgʻirlagan puli evaziga, Levko haqida bir dunyo boʻxton soʻzlarni yozib tashlagandi; sud qiluvchilar Levkoni koʻrmagan boʻlsalar ham uning ustidan ochilgan ishga oʻylab oʻtirmay imzo chekishgandi. Chunki bu odamlar oʻz vazifalarini faqat imzo chekishdan iborat deb bilardilar, kotiblarning vazifasi esa, hukmnomaga oʻzlari xohlagan gaplarini yozib, sudyaga qoʻl qoʻydirishdan iborat edi. Bundan foydalangan Timoxa begunoh odam – Levko ustidan gʻiybatlar yogʻdirgandi!.. Timoxaning hamma aytganlarini yozib olishdi va oʻzini qamoqxonaga joʻnatishdi, Levkoni esa ozod qilib, qoʻyib yuborishdi.

Ivga Levko bilan birga bekanikiga yetib kelib, endigina qanday qilib uylariga yetib olish, xoʻjalikni qanday tartibga solish haqida maslahatlashmoqchi boʻlib turgan ham edilarki, jandarm kelib, Ivgani gubernator chaqirayotganini aytdi. Qiz hech narsadan xavotirlanmay, yoʻlga tushdi va toʻgʻri gubernatorning uyiga kirib bordi. «O, sen chindan ham balo qiz ekansan,– dedi unga gubernator,– yugurib-elib, axiri qayligʻingni Sibirdan olib qolding. Mana bu ikki yuz soʻm pul senga, buni akangni askarlikka yollagan odamdan oldik. Akangning endi soldat boʻlishdan boshqa iloji qolmadi; u otangning pullarini oʻgʻirlab quritibdi, sen bu pulni ol, nikoh toʻying-ga ishlatasan»,

Ivga gubernatorga ta’zim qildi va yolborib dedi:
– Yoʻq, janobi oliylari, bu pulni ololmayman. Qanday qilib men akamning pulini olay? U oʻzini shu pulga sotgan, nima, endi men toʻyimni uning puliga oʻtkazaymi? Bu insofdan emas. Bu pulni akamning oʻzi olsin, muhtojlikka tushganida asqotib qoladi.
– Boʻlmasa, qanday toʻy qilasizlar, keyin qanday kun kechirasanlar?– soʻradi gubernator.
– Bizning toʻy yetimlar toʻyi boʻladi,– dedi Ivga,– hech qanday sarpo-suruqsiz, sovgʻa-salomsiz, toʻyanalarsiz... Korovay[3] oʻrniga oddiy non ulashamiz. Qanday kun kechirishimizga kelsak, muhtojlikka chidab, ishlaymiz, harakat qilamiz, roʻzgʻorni tiklaymiz, u yogʻiga bizni xudoning oʻzi qoʻllab yuborar, janobi oliylari.

Levko ham gubernatorga ta’zim qilarkan, Ivganing gapini ilib ketdi:
– Ha, ter toʻkib ishlaymiz, pul topamiz, pan janob... sizni ulugʻlaganday.
– Baski, shunday qarorga kelgan ekansizlar, unda gap bunday!– dedi gubernator va bugun uyiga toʻplangan mehmonlar oldiga kirib ketib, saldan keyin qaytib chiqdi-da, Ivgaga dedi: «Mana bu uch yuz yigirma soʻmni senga mehmonlarim berishdi. Ol, toʻyingga ishlatasan».
– Yoʻq, men buni ololmayman, janobi oliylari! Olmayman ham, xohlamayman ham,– dedi Ivga ta’zim qilib va gubernatorning pul uzatgan qoʻlini qaytarib.
– Nima uchun olmaysan?
– Olmayman dedimmi, olmayman. Axir qanday olay? Qishlogʻimizda meni guberniyada boʻlganimni hamma biladi; axir bir odam bir yil ishlab ham topa olmaydigan shuncha pul bilan qaytsam, nima deb oʻylashadi, bu chuvrindi qiz shuncha pulni qayoqdan olibdi, deyish-maydimi? Men toʻgʻrimda shunaqangi gʻiybatlar, uydirmalar tarqaladiki, xudoni shohid qilib, yuz ming marta choʻqinsang ham ishontirolmaysan ularni; odamlarimizning tabiati shunaqa.
– Olaver, tentak qiz; axir erga tegayapsan. Senga nima, gapirishsa gapiraverishsin!
– Siz meni tentak deysizmi, boshqa deysizmi, deyavering, baribir, olmayman, hatto bir qop pul berganingizda ham olmasdim, xudo haqqi. Mening nomus-orim hamma narsadan azizroq. Nima, erga tegaman deb, pok nomimdan voz kechaymi? Mening gard yuqmagan nomim oʻzimgayam, erimga ham kerak. Agar bolalar barmoqlari bilan meni koʻrsatib pichirlashsa, qishloqning kattayu kichik fuqarosi, shaharda ozgina vaqt boʻlib shuncha pulni qandoq topibdiykin, deb gʻiybat qilishsa, holim nima kechadi? Shuncha pulni bir-ikki hafta ichida ishlab topib boʻlmaydi, hech kim buncha pulni qarzga ham bermaydi; demak, panlar bergan, nimaga bergani ma’lum. Rahmat, kerakmas menga bunday shuhrat! Axir odamlar koʻziga qarolmay qolaman-ku, bunaqada!
– Obbo, qizi tushmagur-e! Balosan, balo!– dedi gubernator.– Gaping toʻgʻri, sen toʻgʻri mulohaza qilding. Odamlar hamma joyda: shaharda ham, qishloqda ham bir xil; bizning jamoamizda ham, senlarning oralaringda ham; boʻlmasa, pulni qayligʻingga bersam maylimi?
– Xohlasa olsin, xohlamasa yoʻq. Hali uning xotini emasman, buyruq berolmayman.
– Demak, Levkoga beraman, – dedi gubernator.– Bu pulni u beayb qamoqda oʻtirib chiqqani uchun oladi. Endi sen uyingga ketaver, yigiting bu yerda qoladi va ma’mur bilan birgalikda borib, uni soʻroq qilmay qamoqxonaga tiqqan sudyalarning aybini yuzlariga aytib fosh qiladi, Yaxshi bor, «balo» qiz!
– Yaxshi qoling, janobi oliylari! – dedi Ivga.– Mening nikohdan oʻtishimga oq fotiha bering: siz mening ham otamsiz, ham valine’matimsiz! Sizning muruvvatingizsiz Levko juvongmarg boʻlardi, men xazon boʻlardim! – Shunday deb Ivga, nikoh udumiga koʻra, uch marta gubernatorning oyogʻiga, bosh urib ta’zim qildi, uning qoʻlidan oʻpdi va xayrlashib ketarkan dedi: – Hamisha sogʻ-salomat boʻling! Bizga koʻrsatgan himmatingiz, sizga xudodan qaytsin! Iloyo, siz ham, farzandlaringiz ham biz uchragan quruq tuhmatlarga uchramanglar, hech qachon xudo sizlarni sudyalarga roʻpara qilmasin...– Shu gapdan keyin Ivga Levko bilan birga chiqib ketdi.

Ivga endi nima qilish lozimligi haqida Levko bilan maslahatlashdi va uning pulidan bir qismini olib, uy bekasiga ijara haqini, olmayman, desa ham berdi-da, arava yollab, oʻz qishlogʻiga joʻnab ketdi.

Kelsa, otasi boshiga tushgan gʻam-tashvishdan oʻlar holga kelibdi: axir qizi uni tashlab, oʻgʻli pullarini oʻgʻirlab dom-daraksiz ketishgan edi-da. Ivga oʻzining qayerlarda, nima maqsadda boʻlganini, nima ishlar qilganini, arzanda oʻgʻil Timoxa Levkoni qanday xarob qilishga chogʻlanganini, keyin oʻzi guberniyada ne-ne mashaqqatlarni boshidan kechirib, axiri Levkoning begunohligini isbotlaganini, Timoxa esa, otasining sandigʻidan oʻgʻirlangan pullarni ichib tugatgach, askarlikka yollanganini– hamma-hammasini soʻzlab berdi.
– Battar boʻlsin!– dedi ota.– Oʻzim ham uni qaytib kelgan zahoti askarlikka berib yubormoqchi boʻluvdim. Zorini xudoga aytsin!

Ivga, Levko bilan qanday qarorga kelganini, hozir uning nima maqsadda guberniyada qolganini ham aytib berdi.
– Siz, dada,– dedi Ivga otasiga,– Levko haqida hech kimga hech nima demang, goʻyo siz uning daragini eshitmagansiz.
– Yaxshi, qizim,– dedi ota.– Xohlagan ishinglarni qilinglar, ishqilib men yoninglarda boʻlsam, oʻlganimda qarovsiz qolmasam boʻlgani.

Qarang, shu kuni kechqurun keksa Makuxaning uyiga pan mirza bir toʻda sovchilarni boshlab kirib kelsa boʻladimi, Ivgani oʻziga unashtirgani. Mirza, birinchi navbatda, shunday gap boshladi: «Endi Levko adoyi tamom boʻldi. Uni tutib, toʻppa-toʻgʻri guberniyaga haydab ketishdi; u yerda jallod uni qamchi bilan savalabdi, keyin uni surgun qilishibdi, bu haqda bizga, mana, hujjat ham keldi»,– shunday deb u allaqanday qogʻozni, bu farmon, deb ochib koʻrsatdi. Keyin yana gapira boshladi: «Binobarin, endi Ivga, Levko boʻlmaganidan ke-yin, mendan boshqa kimga ham tegardi. Shuning uchun, mana, sovchilar bilan keldim. Yakshanba kuni toʻyni boshlab yuboraveramiz endi...»
– Voy, ordona, notavon koʻngilga qoʻtir jomashov!– ded chinqirdi Ivga ichkaridan va katta xonaga otilib chiqib, mirzaga baqirib berdi: – Yoʻqol, kasofat, qorangni oʻchir uyimizdan! Men sendaqa ablahga nafaqat bir ogʻiz ilmiq soʻzimni, sasigan qovoqni ham loyiq koʻrmayman. Dunyodan soʻqqabosh boʻlib oʻtasan. Odamlarning qonini rosa soʻrding sen, yashshamagur! Sizlarga boʻlsa, yaxshilar, ho sovchi boʻling, ho boshqa, aytadigan gapim bitta: bu yerda taomilimizdagi gaplarni aytmang-u, yaxshilikcha, uyimizdan chiqib keting; agar chiqishga shoshmasangiz, hoziroq shamni oʻchiraman[4], ana unda qorongʻida xuddi oʻgʻrilarday urilib-qoqilib zoʻrgʻa yoʻl topasiz.

Nima qilsin sovchilar? Qalpoqlarini kiyishdi, tayoqlarini qoʻlga olishdi. Pan mirza bilan birga uydan otilib chiqishdi... ikki qoʻllarini burunlariga tiqib! Keyin ura qochishdi oyoqlarini qoʻlga olib!

Ertalab mirza sardor oldiga borib, tulkidek ayyorlik qila boshladi. Kecha Makuxaning qizi Ivgadan oʻzining qanday qattiq tanbeh yeganini aytmay, gapni boshqa yoqqa burdi: «Pan sardor! Trofim Makuxa qarib qoldi, asrandi oʻgʻli surgun qilindi, oʻgʻli allaqayoqlarda qochib yuribdi; hozir odamlar oʻlpon toʻlay boshlashdi. Nima deysiz, shu munkillab qolgan, hech kimi yoʻq cholni bir yilga oʻlpon toʻlashdan ozod qilsak, savob boʻlmasmikin?
– Nima, meni laqillatmoqchimisan?– deb baqirdi unga sardor.– Bilasan-ku, men nohaqlikni yoqtirmayman! Men senlarga avvalgi sardor Yevdokim emasman, senlar uni istagan koʻyga soldilaring, qoʻgʻirchoq qilib oʻynatdilaring! Men hamma ishni oʻzim hal qilmoqchiman, sen badbaxt mirzaning gapiga kiribmas. Hozir odamlarni ol-da, qariya Makuxanikiga borib, undan hamma oʻlponlarni toʻla-toʻkis toʻlashni talab qil. Bordi-yu, pulim yoʻq desa, uyidagi hamma mol-davlatini tortib olib sot, xonavayron qil! Oʻzini sovuqxonaga olib borib qama, eski udumimiz boʻyicha, ustidan suv quy, boʻkib yotaversin...
– Qizini uyda qoldiraymi, roʻzgʻorga qarab turgani?– soʻradi sardorning fe’lini yaxshi bilgan mirza ayyorlik qilib.
– Koʻrsataman senga uyda qoldirishni!– deb oʻdagʻayladi sardor.– Men senlarga Yevdokim emasman, oʻz bilganlaringcha ish qilishlaringga yoʻl qoʻymayman. Aytganimni qil: uni ushlab, sudrab kel, yubkasini, marjonlarini pulla. Agar oyoq tirab turib olsa, sochini kesib olib sot. Men uning esini kiritib qoʻyaman, ikkinchi marta mirzalarga xushomad qilmaydigan boʻladi. Bilib qoʻysin kimligimni! Men sardorman, hech kim menga «gʻing» deyolmaydi.

Mirzaga aynan shunday buyruq kerak edi! U zumda guvohlar, baholovchilar, qoʻriqchilarni yigʻdi! Ular Makuxanikiga xuddi qora bulutday bostirib borishdi va shu zahoti sandiqlarni buzib ochib, hamma topilgan mollarni sotmoqchi boʻlishdi... Lekin Ivga shu zahoti mirza oʻlpon uchun talab qilgan pullarni bekamu koʻst qoʻliga tutqazdi. Oʻlponlar son mingta edi: yoʻl oʻlponi, koʻpriklar oʻlponi, qorovullar uchun, sovuqxonada yoqiladigan (aslida hech qachon yoqilmagan) shamlar uchun oʻlpon... Ivga mirzaga u aytgan hamma oʻlponlarni toʻladi, shunda mirzaning ensasini qashib, odamlari bilan chiqib ketishdan oʻzga iloji qolmadi.

Mirzaning adabini bergan Ivga endi hech nimadan qoʻrqmasdi. Bu payt Levko bilan kelishilgan vaqt ham yaqinlashib qolgan edi. Ivga shosha-pisha uyni tartibga keltira boshladi: devorlarni oqladi, stollar va oʻtirgʻichlarni qirtishlab yuvdi, tovuq va oʻrdaklar sotib oldi (oʻzlarida borini Timoxa quritgan edi), ularni soʻyib, patlarini yuldi, tozalab pishirdi, hamir qorib ugra kesdi, non yopdi... Ish qizigandan qizidi! Juma kuni yasanib olib, tanish-bilish erkagu ayollarni, toʻyga birga boʻlishga, kimlarnidir sovchilik qilishga, kimlarnidir toʻyni boshqarishga, boʻydoq yigitlarni kuyov joʻralikka taklif qildi; yana quda-andalarni, yangalik qiluvchilarni, xullas, qishloqning barcha hurmatli va moʻ‘tabar kishilarini toʻyga aytdi.

«Kimga turmushga chiqayapsan», deb soʻraganlarning hammasiga u «Levkoga» deb javob qilaverdi.

«Voy tavba, bu qayoqdayu, kuyov qayoqda! Axir uni surgun qilishgan-u!» deyishardi mirzaning gapini eshitgan odamlar.
– Nima boʻlsa boʻldi,– derdi Ivga,– lekin siz, amakijon, siz, xolajon, yaxshilab oʻtkazib bering men yetimchaning toʻyini.

Odamlar boʻlsa, yelkalarini uchirishib, miyigʻlarida kulisharkan: «Bu Ivga tushmagurning esi ogʻib qolmadikin mabodo?– deb oʻylashardi.– Erga tegmoqchi-yu, qayligʻi bir tupkaning tagida surgunda. Mayli, koʻraylik-chi, qancha asal chiqarkin bu pivodan!»

Shanba kuni Ivga korovoy yopuvchi nonvoy xotinlarni xamir qorgani yigʻdi: nonvoy xotinlar yoqimli qoʻshiqlar aytib, xamir qora boshladilar; boʻgʻirsoqsimon kulchalar yasashganda ham qoʻshiq aytib turishdi va qadimgi udumga amal qilishib, xamirni qoʻynilariga yashirishdi; skripkachilar musiqa chalishdi, ularni oʻqtin-oʻqtin araq bilan siylab turishdi; qariya Makuxa tartibni kuzatib turdi, lekin Levko haqida soʻraganlarga «churq» etib ham javob qilmadi. Mana, xamir ham tayyor boʻldi, nonvoy xotinlar toʻyboshidan oq fotiha soʻrashdi va korovoyni yasab, tagiga suli donini sepishdi, yarim tanga pul ham qoʻyishdi, ustiga xamirdan yasalgan xoch yotqizishdi, yana bir-biri bilan oʻpishib turgan oʻrdakchalarniyam chiroyli qilib yasab qoʻyishdi. Mana, pech qizib tayyor boʻldi, korovayni avaylab uzun das-tali kurakka qoʻyishdi, shunda toʻyboshi fotihani boshladi:
– Yo parvardigor oʻgʻli boʻlmish Iso Masih, oʻzing yorlaqa!
– Omin!– deb qichqirdi sovchilikka tayinlangan ikki kishi.
– Omin uchun rahmat, pan oqsoqollar.
– Biz duoni eshitishdan xursandmiz.
–Ushbu halol va moʻ‘tabar nonni pechga qoʻyish uchun oq fotiha beringlar.
– Xudo marhamatiga olsin!
– Ikkinchi marta.
– Xudo marhamatiga olsin!
– Uchinchi marta.
– Uch karra bir yoʻla, xudo marhamatiga olsin!

Shundan keyin ayollar oʻzlari bajargan amalga monand yoqimli qoʻshiq aytishdi, toʻyboshi esa, kurakka qoʻyilgan korovoyni pechga tiqdi; pech ogʻzini shu zahoti qopqoq bilan yopib qoʻydilar; zarurat tugʻilgudek boʻlsa afsun oʻqiy oladigan ikkita juvon hech kim pechga yaqin yoʻlamasin, pech ichiga tikilib qaramasin (yomon koʻzdan asrash maqsadida), deb pech yonida oʻtirib oldi; agar shunday holatni payqab qolishsa, ular darhol pichirlab afsun oʻqishlari va chap yelkalari osha tupirishlari kerak edi.

Keyin toʻyboshi korovaydan qolgan xamirni olib, uning ustiga toʻrtta sham oʻrnatdi-da, ularni yoqdi, xamirni togʻora bilan yopdi, oʻz yordamchisi va yana ikkita yigit bilan xamirni koʻtarib olib qoʻshiq aytgancha xona ichida aylanib yura boshladilar:

«Pechka aqqa-baqqa yugurar,
Togʻorada xamir qorilar,
Pechka jonim, sendan aylanay,
Yopib bergan bizga korovay!»

Qoʻshiq tugagach, xamirni uch marotaba shiftga urdilar va uch marta juft-juft boʻlib oʻpishib, yana qoʻshiq aytib, uydagilarni araq bilan siylay boshladilar. Musiqa korovay non pechga qoʻyilgandan boshlab, tinmay jon-jahd bilan Derbent marshini chalib turdi. Odamlarni ayting! Hovli toʻla odam, ular derazalardan moʻralashib tomosha qilib turishibdi...

Garchi hamma mehmonlar tartib saqlayotgan va uzatilgan araqdan bosh tovlamayotgan boʻlsa ham, baribir, oʻzi bu qiz kimga tegmoqchi, muncha kuyib-pishib toʻy tadorigini koʻrmasa, axir kuyov yoʻq-ku, balki u allaqachon Sibirga ham yetib olgandir, deb istehzo qilishni qoʻymasdilar. Hatto Ivga bilan koʻchama-koʻcha yurib, kuyov bola Levko haqida qoʻshiq aytayotgan yaqin dugonalari ham oʻzaro hiringlab kulib qoʻyardilar. Qizlar toʻdasiga roʻpara kelgan ba’zi odamlar hammadan orqada ketayotgan qizdan: «Nima, kuyov keldimi?» deb soʻrar, qizlar esa: «Ha, yoʻq, xudo biladi qachon kelishini...», der va xandon tashlab kulib, dugonalari orqasidan yugurdilar.

Mana, sochlarini yoyib (onasi yoʻq yetimcha boʻlgani uchun), boshiga lentalar, gulchambarlar, boʻyniga qahrabo marjonlar, xochlar, tilla tangalarni taqib, dugonalari oldida xuddi malikalarday savlat toʻkib kelayotgan Ivgani pan mirza koʻrdi!.. Koʻrdiyu... yuragi taka-puka boʻla boshladi.. Shu zahoti u Ivganing kayfiyatini buzishga chogʻlandi – zora shunda bu qiz menga tegishga rozi boʻlsa deb! U sardorning oldiga yugurib bordi, uning jigʻiga qanday tegishni bilardi muttaham. Sardor uning gapini eshitar-eshitmas boʻkirib berdi: «Sen Makuxani himoya qilma! Bilaman, Levko qochgan, ular uni yashirib qoʻyishgan. Bor, hammayoqni agʻdar-toʻntar qil. Agar Levko topilmasa, cholniyam qizinim hibsga olib, sovuqxonaga qama. Men senlarga Yevdokim emasman, meni qoʻgʻirchoq qilib oʻynatishlariga yoʻl qoʻymayman, oʻzlaringcha ish koʻrishlaringga ham ruxsat bermayman, faqat men aytganday qilinglar!»

Ivga dugonalari bilan uyga qaytdi. Endi vakil ota, vakil onalarni dasturxonga taklif qilib, qoʻshiq aytib, toʻyni boshlab yuborsa ham boʻlardi. Lekin kuyov yoʻq! Mehmonlar olazarak boʻlib hamma yoqqa qaray boshladilar, piqirlab kulishadi, qani buyogʻi qandoq boʻldarkin, deb kutishdi, ammo Ivganing parvoyi falak: labidan tabassum arimaydi, shoʻx-shoʻx gaplashadi, hamma yerda hoziru nozir, hech bir tayyorgarlik uning nazaridan chetda qolmaydi. Mana, nihoyat, u dugonalarini dasturxon atrofiga oʻtqazib, toʻyni boshlamoqchi boʻldi... Lekin shu payt birdan pan mirza oʻzining odamlari bilan quyunday bostirib kirib kelsa boʻladimi: «Qani qochoq Levkolaring?» deb baqirdi u.

Ivga xushchaqchaq. U darrov mirzaning oldiga yugurib kelib, dedi: «Xotirjam boʻling, pan mirza, u hozir yetib keladi. Siz toʻyimizga birga boʻling, nonu namagimizdan hazar qilmang!»
– Sizlar jinoyatchisizlar!– deb baqirdi mirza.– Qochoqlarni yashiryapsizlar! Oʻnboshilar! Qani, boshlanglar qidiruvni, hamma buyumlarini koʻchaga uloqtiring, sindiring, hamma yoqni kovlashtiring, toping oʻgʻrini. Koʻrsatib qoʻyaman senlarga toʻy qanaqa boʻlishini! Dastavval cholni hibsga oling, qizi bilan qoʻshib mahkamaga olib boring; sochidagi, boshidagi lentalaru gullarni yulib tashlang; u qamoqda boʻladi, to Levko topilmaguncha...
– Mana, men topildim, qidirmay qoʻyaqolinglar!– dedi mirzaning orqasida turgan kimdir...

Qarang!... Levko-ku! Ha, Levkoning oʻzginasi, qaddi-basti kelishgan, azamat, oʻktam Levko; u xuddi boyvachchalardek kiyingan: egniga movut chopon kiyib, beliga qirmizi belbogʻ bogʻlagan; boshiga choʻqqisi qip-qizil kulrang qalpoq kiygan; belbogʻiga esa katta-katta gulli qizil shohi roʻmol qistirilgan,– bunaqa roʻmolni qishloq ahli umrida koʻrmagan. Ana shu azamat yigit qoʻllarini beliga tirab mirzaning qarshisida turarkan, dedi: «Men nega kerak boʻlib qoldim sizga, pan mirza? Mana shu yerdaman!»
– Ush... ush... ushlanglar uni!– deyoldi mirza zoʻrgʻa, chunki u allaqachon Sibirda deb hisoblagan Levkoning birdan roʻparasida paydo boʻlganidan qoʻrqib ketgan edi!– Ushlanglar uni,– deb qichqirdi u yana,– darhol kundaga solinglar! U oʻgʻri, firibgar, Sibirdan qochib kelibdi...
– Bekorlarni aytibsan, badbaxt!– deb qichqirdi uning orqasida turgan allakim... Iye, bu endi kim boʻldi? Ha-a, gubernator yuborgan ma’mur-ku!..– Bu ablahni hibsga olinglar! Uning oʻzini boshqalar uchun qazigan chuqurga olib borib tashlanglar!

Ma’mur shu zahoti odamlardan Levko haqida soʻray boshladi... Odamlar bir ovozdan, Levkoning hech qanday yomon illati yoʻqligini, mirzaga ham xuddi shunday deb ta’riflashganini, lekin mirza xabarnomaga nima deb yozganligini bilmasliklarini aytishdi... Xullas, gapni choʻzishdan na hojat? Ma’mur shu soʻroq paytida hamma narsani: mirzaning kotiblar bilan til biriktirib, Levko ishini chalkashtirib yuborganini, undan tashqari, sardorni pesh qilib, boʻlis aholisini shilganini ham aniqladi. Hech bir ishni bilmaydigan, boshvogʻi mirzaning qoʻlida boʻlgan, ammo nuqul: «Men senlarga avvalgi sardor Yevdokim emasman!»– deyishdan boshqa gapni bilmaydigan, sardor ham jazodan quruq qolmadi.

Ma’mur soʻroqni tugatgach Levko bilan Ivgaga: «Endi bemalol boshlayveringlar toʻyni, men shaharga borib, bularni soʻroq qilaman...», dedi va joʻnab ketdi.

Shu zahoti toʻy boshlanib ketdi. Dugonalar «yor-yor» aytishdi, musiqa yangradi, yaxshi odamlar qalahlar koʻtarishdi. Icharkanlar, boʻshagan qadahni peshonalariga qoʻndirishar va nuqul Ivganing qanday qilib guberniyaga borib, panlar bilan, hattoki gubernatorning oʻzi bilan gaplashishga jur’at etib, Levkoni falokatdan ozod qilganiga hayron qolishardi. Keksa Makuxa qariyalar davrasida oʻtirib, hamma boʻlib oʻtgan ishlar haqida hikoya qilar, qariyalar boʻlsa, lablari bilan tamshanib qoʻyib: «Ha, gubernator qizingni bekorga «balo qiz» deb aytmagan, rost, rost!» derdilar:

Ertasi kuni kelin bilan kuyovni izzat-ikrom bilan ajoyib sov-gʻalar bilan qutlab, nikoh oʻqitishdi va shunday dangʻillama toʻy-tomosha boshlashdiki, ta’rifga sigʻmaydi. Uch kun surunkasiga eslarini yoʻqotguncha miriqib ichishdi. Toʻyda yoshar turna, ayiq, juhud qiz boʻlib kiyinib chiqishdi, yana loʻli xotinlar, turklar, boshqacha toifadagi odamlar boʻlib ham davraga chiqishdi – bular hammasi eng ogʻir musibatlarni barham toptirib, koʻzlagan niyatiga erishgan «balo» qizga boʻlgan hurmat-ehtirom belgisi edi. Yosh kelin-kuyovga taqdim etilayotgan sovgʻalarning keti uzilmasdi! Toʻyboshi, oʻz vazifasiga koʻra, davraga sovgʻa koʻtarib chiqqan turfa xil jonvorlarga oʻxshatma qilib qichqiraverganidan ovozi boʻgʻilib qoldi...

U yoqda mirzadan pora olib, Levkoning ishini ayqash-uyqash qilib yuborgan kotiblar ham adabini yeyishdi. Ispravnik ham, sud qiluvchilar ham jazolarini olishdi; ular kotiblar keltirgan hujjatlarda nimalar yozilganini oʻqimay imzo chekish bilan sudyalik vazifasini bajargan, teshikkulchalarni yutoqib ogʻziga tiqqan, beayb odamlarning boshiga qanday mushkul savdolar tushganini bilishni ham xohlamagan sudyadan ham yeganlari teshib chiqdi. Bularning hammasini «balo» qiz deb nom olgan Ivga qildi; u hamma yaxshi odamlarning mushkulini oson qildi...

Sovuqxonaga qamalgan mirza Levkoning toʻyida yaxshi odamlar qanday yayrab kulayotganini eshitib va «balo» qizga uylanolmaganidan ichini it tirnab nuqul sochini yulardi. Keyin u oʻzi Levkoni joʻnatmoqchi boʻlgan yoʻldan uzoq Sibirga ravona boʻldi. Nuqul, «Men senlarga Yevdokim emasman», deb keriluvchi va oʻzi mustaqil biron ishni eplay olmaydigan sardorni ishdan olib, oʻrniga boshqa odamni saylashdi.

Endi bizning yosh kelin-kuyovga kelsak, rohatda, farogʻatda kun kechira boshladilar. Ivga yana tejamkorlik bilan ish yurita boshladi: shaharda unga tortiq qilingan pullarning hamasini toʻyga sarflamadi; toʻy marosimini tugatgach, u Levko bilan birgalikda xoʻjalikni tiklashga kirishdi. Buzilgan, oʻgʻirlangan, talon-taroj qilingan buyumlar oʻrniga yangilarini sotib oldilar, yana karvonsaroyni ochib, oʻtkinchi mehmonlarni qabul qila boshladilar, roʻzgʻorda tartib oʻrnatildi. Qariya Makuxa ham xursand: u tinch-osuda, izzat-ehtiromda, yegani oldida, yemagani ketida boʻlib yashay boshladi. Xoʻsh, Ivga-chi? Endi uning boshida eri bor, u baxtli juvon – bolalari bagʻrida va hanuz hamma uni «balo» qiz deb chaqiradi.


  1. Ispravnik – Chor Rossiyasida uyezd politsiyasi boshligʻi.
  2. Simbal – changga oʻxshagan cholgʻu asbobi.
  3. Korovay - nikoh toʻyida zarur boʻlgan alohida shaklda yopiladigan non. Nikohga kelganlar oldiga katta dabdaba bilan olib kiriladi.
  4. Shamni oʻchirish – kuyovga beriladigan eng tahqirli rad javobi.