OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGulbahor Tavakkalova
Asar nomiIlon muhabbati (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Gulbahor Tavakkalova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Sharq yulduzi» jurnalining 2011-yil, 6-sonidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ilon muhabbati (hikoya)
Gulbahor Tavakkalova

Bu voqeadan keyin oradan uzoq kunlar oʻtib, bahor keldi. Lekin oʻshanda uygʻongan qizgʻin tuygʻu hanuz koʻksimni tark etmagandi. Uni, ya’ni oʻsha oʻgʻlonni yana bir marta koʻrish istagi borligʻimni xuddi kuydirib yuborayotgandek edi. Bora-bora butun vujudim istakka aylandi. Men yana oʻsha qishloqqa yoʻl oldim. U ayvonda yogʻoch yoʻnib oʻtirar, ishiga berilib ketganidan gulzor ichidan chiqib boqayotganimni sezmas edi. Notanish quvonchdan dovdirab qoldim. Hammasi gʻalati tuyulardi. Axir bu... Qanday qilib... Boʻlishi mumkin emas!.. Lekin aqlimga qarshi kuchli istak butunlay gʻolib edi va oʻzimda tiyiqsiz bir kuch tuydim.

Koʻktosh toʻdasidagi Kay menga negadir oʻzini dushman tutib yurardi. Bunga parvo qilmasam-da, rosti, undagi nafrat qarshisida ojiz edim. Bir kun qishloqdan chiqib, Oqgʻor tomon borayotib oʻsha Kay bilan toʻqnashib qoldim. Negadir u koʻzimga gʻalati – kichkina, bechora koʻrindi. Unga hatto rahmim kelib, yonidan jimgina oʻtib ketayotgan edim, tuyqusdan tashlandi. Uning alamzada tipirchilashidan menga hech zarar yetmasdi. Oʻzimni nihoyatda bahaybat maxluqday sezardim. Vazmin bir harakat bilan boʻynidan tishlab asta uloqtirdim, natijada u havoda chirpirak aylanib naridagi archa shoxiga osilib qoldi. Yoʻlimda goʻyo oʻqday uchardim-da, bu gʻalati holatimdan hayratlanib, hech narsaga tushunmasdim. Tobora toʻlib-toshib hayqirgim kelar, eng kuchli gʻanimlarimni olishuvda yengishimga ishonardim. Oʻljamni shunday tez tutardimki, bunga hayron boʻlardim. Lekin luqma ta’midan avvalgiday lazzat sezmay qoʻygandim. Ba’zan telbalikka berilib, oʻzimni soyga tashlab, toshdan toshga urilib, uzoq-uzoqlarga oqib boraman.

Qishloqqa har kuni shomda yoʻl olardim. Chunki U bu paytda sevimli ishiga berilib ter toʻkardi. Bir kun asta yoniga bordim va zimdan kuzata boshladim. U oddiy yogʻochga gullar shaklini shunday chiroyli qilib oʻyardiki, ular chinakam moʻ‘jizaga oʻxshardi. Zavqdan ichimdagi oʻt balandroq yondi. Uning nozik uyilgan qoshlari, sal qisilgan chiroyli koʻzlariga qarab... ichimda tagʻin gʻalati toʻpolon boshlandi.

Bir ozdan soʻng hushim yigʻilganida soʻngsiz azobda qiynalardim. Ilk marta U mendan qanchalar uzoqligini alam bilan oʻyladim. Oramizdagi tubsiz jarlikda toʻlgʻanib parchalanar ekanman, bu chidab boʻlmas baxtsizlik meni aqldan ozdirdi.

Oqgʻor tomon yoʻlga chiqqanimda hali tong yorishmagan edi. Endi oʻzimda yengillik emas, ruhsiz parishonlik sezib ilgarilardim. Ammo yuragimdagi olov ming hissa ortiqroq alangalanar edi. Otam ahvolimni koʻrib qoʻrqib ketdi. Atrofimda parvona boʻldi. Uzoq vaqt uyamda tanho qoldim va haroratim asta-sekin pasaydi. Uni qattiq sogʻingan edim. Bir bora koʻrsam yana tengsiz kuchga toʻladiganday, shomda qandaydir bezovtalik bilan yana qishloqqa joʻnadim.

Uyida negadir odam koʻp edi. Allaqanday shovqin-suronli ovozlar endigina darddan turganim uchun tez toliqtirdi. Javdirab izlarkanman, U bir toʻp kishilar bilan uyga kirib ketayotganini koʻrib hapqirib ketdim. Ancha taskin topib, hovli oxiridagi oʻrik daraxtiga chiqib odamlarni tomosha qila boshladim.

Ancha vaqt oʻtgach, hovli suv sepganday tinchib qoldi. Bir ozdan keyin daraxtdan tushib ayvonga keldim. Ayvonda ham, uyda ham chiroqlar yoniq, derazalar berk edi. Hech nimaga tushunmay, sogʻinch tanimni eritib yuborayotganday uy ichiga sabrsiz shoshildim. Oxiri uzun ustunga oʻralib chiqib, koʻndalang yogʻochlar orasidan ichkariga yoʻl topib quvondim.

Xona avvalgidan boshqacha: bezatilgan edi. U men tomonga orqasini oʻgirib turar, yolgʻiz emasdi. Qiz bolani quchoqlab va suyib erkalardi. Men azob ichra toʻlgʻandim. Koʻzlarim oldi qorongʻilashib, boshim gʻuvullab aylandi.

Ular esa... ular baxtli edilar.

* * *

Kunlarning birida seni esladim. Koʻrishgim, suhbatlashgim keldi. Lekin sen sari olib boruvchi yoʻllarim ham berk edi. Biroq sen bilan uchrashish va hasratlashish istagi koʻnglimga hech tinchlik bermasdi. Otam seni Ulugʻ odam gʻorida yashashingni aytganini esladim. Bu yerga birinchi marta kelganimda mana shu shoxga osilib, boshingni quyi solintirgancha zikr aytayotgan ekansan.

Men allaqachon yolgʻizlanib qolibman. Buni seni topganimdan keyin his qildim va oxiri yana yigitning hovlisiga oshiqdim. Ayol kishi hovli supurib yurardi. Uzoq tikilib turib, yuragimda unga nisbatan zarracha gʻaraz yoʻqligini sezdim. Lekin men Uni sogʻingan edim. Hozir U qaerda? Bir marta koʻrsam edi. Sekin uyga kirdim. Lekin endi oʻzimni avvalgiday erkin sezmasdim, xuddi oʻgʻriga oʻxshardim. Uyda esa... beshikda goʻdak bola yotardi... Oh, koʻzlari, yuzlaridagi nafislik menga Uni eslatdi. Beixtiyor yigʻlay boshladim. Negaligini bilmasdan yigʻlayverdim...

Otamning aytishicha, odamlar bizlarni basir deb bilisharkan. Lekin ular koʻrishni faqat oʻz koʻzlari imkoniyati darajasida tasavvur qilsalar kerak. Koʻrish ham his etish va sezish kabi koʻp qirrali moʻ‘jiza ekanligini tushunmasalar kerak. Lekin biz ham koʻramiz, his etamiz, yigʻlab, quvonamiz, sevib, nafratlanamiz, sogʻinamiz, vijdon azobida qiynalamiz...

Goʻdak muqaddas ma’buda singari ma’sum edi. Uni shunchalar koʻnglimga yaqin oldimki, hatto unga xuddi butparastlar kabi sigʻingim keldi.

Bolaga yaqin bordim. U menga qarab momiq qoʻllarini uzatdi. Zavqim toshdi-da, beshikka oʻralib chiqdim va roʻparasiga dumimni tushirdim. Bola dumimni ushlab olishga harchand urinmasin, tutolmay qiyqirardi.

Birdan ayol kishining qichqirigʻidan choʻchib oʻzimni ortga tashladim. Ayol menga tomon shaxdam kelardi. Qoʻrqmasdi. Bu qanday jur’at? Onam yodimga tushdi. Bolaligimda qandaydir maxluq uyamizga hujum qilib, ogʻa-inilarimni nobud etdi. Yolgʻiz men qolganimda qaydandir onam paydo boʻldi va oʻzidan bir necha barobar katta maxluq bilan olishib, uni yengdi. Bu dahshatli manzara hech yodimdan chiqmaydi.

Endi oʻzim ona qarshisida soʻzsiz ojiz edim, shu tufayli tezda joʻnab qoldim. Boladan uzoqlashdim va bu yerga yana qaytishimni bilardim.

* * *

Atirgul tikanining zahri yomon ekanini oʻylab, tanam tirnala-tirnala ayvonga yaqinlashdim. U jufti bilan uydan chiqib kelib shundoq roʻparamda suhbatlashdi. Negadir koʻzlari horgʻin, nigohlari avvalgidek chaqnamas, nazarimda odamlar qavmiga xos tirikchilik yetishmovchiliklari charchatgandi. Undagi tashvish endi menga koʻchgandi.

Shu payt ichkaridan bolaning xasta yigʻisi eshitildi va toʻdamizning muqaddas xazinasini xotirladim. Miyamga kelgan dahshatli fikrdan qoʻrqib ketdim, ammo oʻylab yoki hadiksirab oʻtirishning vaqti emasdi. Tezlik bilan yoʻlga tushdim.

Gʻorning tor yoʻlagi tugab kenglikka chiqishim bilan qoʻriqchi ilon uchradi. Uning oldida xuddi chuvalchangdek edim. Meni tanigach, qayta oʻrniga choʻzilib, koʻzlarini yumdi. Toshlar orasida taxlanib yotgan ulkan xazina xuddi yalmogʻizning sovuq koʻzlaridek yolgʻon jilva qilardi. Beixtiyor ruhim seskanib ketdi. Ilonlar qanday qilib shu sovuq narsadan quvvat olarkin? Nega odam bu yaltiroq matohni sevarkin?

Men muqaddas xazinadan oʻgʻirlik qildim!

Bu mening yana bir gunohim edi.

Oʻsha kuni Unikiga qorongʻida bordim. Tong otishini kutdim. Ufq yorisha boshlaganida uyga kirdim. U juftiga teskari – eshik tomonga qarab yotar, hatto uyqusida ham gʻamgin koʻrinar edi. Shu lahzada unga uzoq tikilib turgim keldi. Lekin buning iloji yoʻq, birpasdan keyin tong otadi. Asta borib ogʻzimdagi uzukni yostigʻi ustiga qoʻydim-da, sekin ortimga burildim.

* * *

Yigit diydori qalbim va vujudimga qayta kuch berishini his etib, yana qishloqqa bordim. Yashirincha uyga kirdim. Beshikda uxlab yotgan farishtaga termilib toʻymasdim. Bir payt miyovlab chagʻir mushuk paydo boʻldi. Meni koʻrmadi shekilli, nariroqdan oʻtib ketdi. Kuzatib turdim: taxmonga yigʻib qoʻyilgan koʻrpa-toʻshaklar ustiga chiqishga shaylanardi. Bola uxlayotgan beshik esa taxmon biqinida edi. Mushukka tashlansam u farosatsiz maxluq qochib tepaga intilishini oʻylab, tezlik bilan hovliga chiqdim-da, oʻchoq boshida kuymanayotgan ayol roʻparasida vishilladim. U sapchib oʻzini orqaga tashladi. Men esa koʻz oldida uyga tomon oʻrmaladim. Ayol ham ortimdan yugurdi. Oʻylaganimday, mushuk koʻrpalarni beshik ustiga yiqitib yuborgan, oʻzi esa yuqorida bemalol panjalarini yalab oʻtirar, boʻgʻiq ingalash eshitilardi. Ayol meni ham unutib koʻrpalarni irgʻita boshladi. Nafasi qaytayozgan bolasini yechib oldi-da, bagʻriga bosib titrab yigʻladi. Koʻnglim taskin topib uydan chiqib ketdim.

Bir necha kundan soʻng kelsamki, kechki payt boʻlishiga qaramay, ayol bolasini koʻtarib qayoqqadir joʻnayotgan edi. U juftini tashqariga kuzatib chiqdi. Bolani oʻpib erkaladi va tezda iziga qaytdi. Ancha oʻzgargan, dadil va shod edi. Shundan keyingina atrofdagi oʻzgarishlarni payqab sevindim. Lekin qorongʻi quyuqlashgani sayin koʻnglimga gʻashlik choʻka boshladi. Yuragim siqilib tomga koʻtarildim. Tun yarimlab qolsa hamki, bezovtaligim tarqamas, qandaydir katta baxtsizlik roʻy beradiganday tuyulardi. Xavotirlanib pastga tushdim. Uyga yaqinlashganim sari jonim boʻgʻzimga tiqilardi. Beshik goʻyo burchakka qisilgancha qoʻrquvdan zir-zir titrayotganga oʻxshardi. Ajablanarlisi, shivir-shivir ovozlar, ingroq tovushlar eshitilardi. Asta yaqin borsam... U... U... ayol bilan... lekin... oh, bu begona ayol edi!.. Oʻsha ondagi holatimni aytib berolmayman. Yuragim muzday sovidi. Avvalgiday Uni suyib qizgʻanmadim. Faqat cheksiz nafrat koʻzlarimni qonga toʻldirdi. Tilim oʻrnida goʻyo alam oʻynardi. Boʻgʻilgancha olgʻa otildim. Hali boʻyniga tishlarim chuqur botib ulgurmay birdan ayol chinqirib yubordi (nazarimda u meni koʻrmadi), aqldan ozgan koʻyi bir xil soʻzni takrorlab shoshib kiyindi va yiqilib-turtinib joʻnadi.

Men esa hamon qotib turardim. Qancha vaqt oʻtganini bilmayman. Uy ichi yorisha boshlagach, nafis chehra elas-elas koʻrindi. Ichimda yana nimadir alanga oldi. Yoniga borib xoʻrsindim. Axir tuzukroq chaqmasimdan nega nogoh joni uzildi? Nega?!

– Ha, sen necha yillar toʻlib yashading. Sen yutgan azoblar zahrining kuchi bunga qodir edi.

– Gunohim shuki, men insonni sevdim. Uni muqaddas, mukammal deb his etdim. Ammo bu goʻzallik va ulugʻlik ma’budasi koʻz oʻngimda parchalandi, quladi...

Ilonlar suhbat qurgan Ulugʻ odam gʻoridan ajib nur toʻlqini koinot kenglik­lari tomon yoyilib borardi...