OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGulchehra Jamilova
Asar nomiHur qiz (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Gulchehra Jamilova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Hur qiz (hikoya)
Gulchehra Jamilova

— E voh, men nima qilib qoʻydim-a? Nega bunday boʻldi?!

Zarnigor yigʻlab yubordi. Uning yigʻisi achchiq alam va iztirobga qorishiq edi. Agar bolaligidagi allaqanday rivoyatlarga ishonib yurmaganda... boshqalar qatori kun kechirarmidi, hayotning barcha halovatlarini totib, mashaqqatlariga dosh berib, hech oʻksimay, xullas bir ayol qanday umr oʻtkazsa, u ham shunday yasharmidi... Endi-chi, endi bunday boʻlmadi. Niyatiga yetdi, lekin koʻngli farogʻat topmadi. Mana bu kun, yoshi bir joyga borganida boshi tashvishu malomatdan chiqmay qoldi. Hammasiga oʻzi aybdor, aslida. Faqat oʻzi!

Oʻsha kezlarda Zarnigor juda uyatchan, chekka-chekkada xayol surib oʻtirishni xush koʻradigan kichkina qizaloq edi. «Nasima, bu qizing toza odamovi chiqdi-ku, kecha yonidan oʻtib ketayotsam menga qaramadiyam» deya gina qildi bir kuni Shahri kampir. Nasima onasining gapidan soʻng oʻylanib qoldi. Qiz bola tortinchoqqina boʻlgani yaxshiku-ya, lekin hech kimga qoʻshilmasa yomon-da. Nima qilsaykin-a?

«Ena, oʻzingiz shu qizimga ul-bul yumush buyurib, yoʻlga soling, nasihat qiling», deganidan soʻng Shahri kampir qizaloqni tez-tez uyiga chaqiradigan boʻldi. Shu-shu Zarnigor onasidan uzoqlashdi, buvisinikida yashadi. Uka-singillari, ona-onasidan koʻra buvisini, togʻasi va kelinoyisini koʻproq yaxshi koʻrardi u. Mehr koʻzda, deganlari rost ekan. Qiz ota uyiga ahyon-ahyonda borar, koʻpincha kelinoyisining uy yumushlarini bajarib, kechqurunlari buvisidan oʻgitu nasihatlarni eshitib oʻtirishni yoqtirardi. «Hur qiz» haqidagi rivoyatniyam xuddi shunday kunlarning birida eshitdi. Soʻng buvisini savolga tutdi:
— Nega hur qiz deyishadi? Ular... yaxshimi? Yoki yomonmi?
— Hur qizlarning uyi, bola-chaqasi boʻlmaydi, ular bu dunyodan yolgʻiz oʻtishadi. Boshqalar tirikligida qilgan gunohlarining jabrini tortib, doʻzax azobini boshdan kechirayotganda hur qizlar jannatning bogʻlarida gul terib yuradi. Parilar ularning xizmatida boʻlishadi. Hech bir gunohlari yoʻq-da, shuning uchun jannatdagi rohatlardan yayrashadi.

Oʻsha kuni Zarnigor tush koʻrdi. Tushida u hur qizga aylanib qolibdi. Farishtalar gilamga oʻtqazib osmonga koʻtarilibdilar. Qarasa, buvisi aytib bergan manzara: yam-yashil oʻtloqzor, tip-tiniq buloqlar, xushboʻy gullar, oppoq koʻylakli parilar... Hammasi Zarnigorga ta’zim qilib turganmish. Qiz boʻlsa, nuqul kular emish!

Shu tushi ta’sir etganmi yo buvisining rivoyatini hadeb oʻylayverganidanmi, Zarnigor «Men ham hur qiz boʻlaman!» degan niyatni diliga tugdi. Yillar oʻtsa-da, koʻnglida saqlab, hech kimga bildirmadi. Bir kuni ularning qishlogʻida yolgʻiz oʻzi yashaydigan Sarviniso kampir qazo qildi. Uning ma’rakasini qishloqdagilarning oʻzlari oʻtkazdi. Chunki marhumaning hech kimi yoʻq edi. Oʻsha kunlarda Zarnigor buvisining gapiga kirib hovlidagi yumushlarga qarashib yurgandi. Ma’rakaga yigʻilgan ayollarning gaplarini tasodifan eshitib qoldi.
— Sarviniso hur ketdi, boyaqish. Beozor, begunoh edi, oʻziyam. Bu qishloqqa adashib kelib qolganida kichkinagina edi, birovlarning yumushini qilib, birovlarning uyida yotib katta boʻldi. Hech kimi yoʻq deb bironta odam kelin qilishgayam oshiqmadi. Bu yoqda yigitlarimiz ham uylanay deya qolmadi. Keksalar shu ishga bosh qoʻshsa boʻlardi-ya, «bu qizning ota-onasi qanaqa, nasl-nasabi qanday, bilmasak, tagʻin keyin baloga qolib yurmaylik» — deb choʻchishdi-da. Keyin... keyin Sarvinisoning oʻziyam shuni xohlamadi. Mana endi, behishtlarda oʻynab yurgandir yayrab…
— Marhumaning ortidan yomon gapirib boʻlmaydi-yu, lekin erga tegsa boʻlardi, — dedi boshqa ayol sherigining gapini boʻlib. — Mana, xotini oʻlgan Boqi muallim sovchi qoʻygandi, rozi boʻlmadi-ku. «Erga tegmayman» deb turib oldi. Toʻrt muchasi sogʻ boʻla turib, uy-joy, bola-chaqa qilmaslik gunoh deyilgan qadimgi kitoblarda...

Ayollarning koʻpchiligi bu gapni bosh silkib ma’qullagan boʻlishdi. Oʻshanda Zarnigor ayni oʻn toʻqqizning ustida, goh ota uyiga borsa, onasi «senga sovchi keldi» degan gaplarni eshitib yurgan kunlar edi. Ma’rakadan qaytgach oʻylanib qoldi. Qachondir u ham omonatini topshirsa, boshqalar uning ortidan shunaqa soʻzlarni aytib yurisharmikin? Yoʻq, hur qiz boʻlish oson emas. Chidashi kerak. Hech narsani oʻylamasligi lozim... Shu tarzda yillar oʻtar, bu orada Zarnigorning ikki singlisi turmushga chiqib, ukasi uylangandi. Onasi Zarnigorni «turmushga chiq» deb qistamas, sababi, taqdirning oʻzi qizga oila qurmasligi uchun imkon yaratayotganday edi. Uning togʻasi va kelinoyisi oʻn yillarcha farzandsiz yashashdi. Sovxozda direktorlik qiladigan bu odamning el-yurt ichida obroʻyi katta, shu uchun ham davralarda unga farzandsizligini aytishga va bu borada maslahatlar berishga hech kim botinolmasdi. Lekin togʻasi ich-ichidan siqilar, koʻp ichadigan boʻlib qolgandi. Bir kuni kech kuzakda, oshnalari bilan oʻtirib, rosa ichadi, soʻng uyga kelmasdan mashinasini toʻppa-toʻgʻri dashtga haydaydi. Dalalarni aylanib boʻlgach, mashinani toʻxtatib qoʻyib xayolga botadi, oʻtgan umrini oʻylab kuyunadi. Shu koʻyi, ichgan emasmi, uxlab qoladi. Ertalab uygʻonsa, hammayoq oppoq, shu kuni havo sovib, tuni bilan qor yogʻib chiqqandi. Togʻasi shundan soʻng koʻp marotaba davolandi, doʻxtirlar «oʻpkangiz qattiq shamollagan» deb tashxis qoʻyishdi. Yil oxiriga kelib birdaniga vafot etdi. Kelinoyisi bir yilcha bular bilan birga yashadi, soʻng ota-onasi kelib qizlarini olib ketishdi. «Mayli, borsin, baxtini topsin, shuncha yil xizmatimizda boʻldi, roziman, bundan keyin uni ushlab turishga haqqim yoʻq», — dedi buvisi yigʻlab-siqtab. Shundan soʻng buvisi kattakon hovlida Zarnigor bilan qoldi...

Koʻp oʻtmay farzandining dogʻida kuygan onaizor qattiq kasalga chalindi. Ancha vaqt yotdi. Zarnigor uning yonidan jilmadi, tunu kun bemorning holidan xabar olib, uni parvarishladi. Jon berayotib bu mushtipar kampir Zarnigorni uzoq duo qildi. «Haliyam boʻlsa kech emas, bolam, bitta-yarimta uchrasa turmush qur», deb nasihat qildi. «Xoʻp» dedi Zarnigor keksa ayolni yupatib.

Buvisining ma’rakalaridan soʻng Zarnigorning katta ukasi hovliga koʻchib kirdi. U bundan avvaliga juda quvondi. Hovli ichi katta bogʻ, yonida tomorqa, mol-hol, hammasiga qarov kerak. Ilgarilari buvisi tomorqaga chetdan odam yollardi. Mol-holni Zarnigor eplardi. Boqqa qoʻshnilari Xudoyqul bobo qarardi. Mana endi, ukasi bu joylarni obod qiladi. Ayoli, bolalari bu yerda yashashsa, Zarnigor ham zerikmaydi. Hammasi birgalikda buvisining chirogʻini yoqib oʻtirishadi. Zarnigor shuni oʻylab quvonar, ukasining bolalariga qarashar, Rahimaxonni «kelinjon, kelinjon», deb alqardi. Kunlar osoyishta oʻtayotgandi, lekin...

Bir kuni Zarnigor (u ilgari buvisi yashagan xonani oʻziga boshpana qilib olgandi) yarim tunda qiy-chuv, shovqindan uygʻonib ketdi. Eshikni ochib tashqariga chiqdi. «Tinchlikmikin?» — deya ichkari uyga quloq tutdi. Kelini Rahimaxon xun boʻlib yigʻlar, ukasi Salim esa nimalardir deb unga doʻq urardi.
— Opangiz menga xoʻjayinchilik qiladigan boʻlib qoldi. Kecha qozonga yogʻ solsam, bir choʻmichini olib idishga quydi. «Yogʻli ovqat bolalarga zarar» deydimi-ey! Oʻtgan kuni «Kichkinangizning sovugʻi oshgan, asal yalatish kerak» deydi. Sabihaning tomogʻi ogʻrigan kuni doʻxtir chaqirishga qoʻymadi, «oʻzim isiriqning suvi bilan tuzataman» deb. U ishni qilsam, undoq deydilar, bu ishni qilsam bundoq... Nima mening aqlim yarimta ekanmi? Ayting!
— Mayda gapingni yigʻishtir, opam koʻp narsani biladi, — dedi Salim. — Qolaversa, yoshlari sendan ancha katta. Aytganini qilib, hurmatini joyiga qoʻy...
— E, menga baqirmang, hurmatini joyiga qoʻymay, bu uydan haydab chiqaryapmanmi? «Opa, opa» deb turibman-ku! Bolalarimni mendan sovutayapti, qachon qaramayin ikkisiyam «ammajon» deb oʻshaning uyiga kirgani-kirgan, men ovqatga chaqirsam ham kelishmaydi!
— Sen qargʻashdan nariga oʻtmasang... Bolalar yaxshi gapning gadosi, bildingmi? Opam shu ikkoviniyam oʻz bolalariday koʻradi.
— Er qilib, bola tugʻsin edi! Birovning bolalarini uyidan sovutib, olib oʻtirmay... Kim unga dunyodan yolgʻiz oʻtsin, dedi.
— Bas qil!

Zarnigor quloqlarini bekitdi. «Voy, shoʻrim... Bu janjallar meni deb boʻlayotgan ekan-da! Endi nima qildim?!» oʻyladi u. Nahot, u keliniga, jiyanlariga yomonlikni ravo koʻrsa? Axir shularga yaxshi boʻlsin deb oʻsha kuni... Zarnigor buvisidan koʻp narsa oʻrgandi. Uyni orasta tutish, ozoda boʻlib yurish, shamollashlarni oʻt-oʻlanlar suvi bilan davolash... Bu farishtadek beozor ayol juda pazanda edi, u Zarnigorga shirin ovqatlar pishirishniyam oʻrgatgandi. Bilganlarini keliniga aytaman deb, mana endi... Gaplarim unga ogʻir botmayotganmikin, deb oʻylamabdi-ya?!

Shu janjaldan soʻng uydagi ahvol mushkullashdi. Rahimaxon qovoq solib yuradigan odat chiqardi. Bolalar ammanikiga kirsa, darrov chaqirib olardi. Hatto bir kuni kichkinasini «Sen kimning bolasisan, oʻzi? Qani uyga kir!» deb koyidi. Bir dasturxon atrofida oʻtirishlar ham barham topdi. Rahimaxon bir kosa ovqat bilan yarimta nonni Zarnigorning derazasi yoniga qoʻyib ketadigan boʻldi. Kun boʻyi dehqonchilik ishlari bilan band boʻlgan Salim bu holatlarni sezmas, balki... sezsa ham janjalga toqati yoʻqligi uchunmi, indamasdi.

Ukasining jim yurishi Zarnigorga ogʻir botdi. Axir u nima yomonlik qildi? Ularga mehr koʻrsatsa, yumushlariga qarashsa... Nega Rahimaxon qildan qiyiq axtarib, uni yolgʻizlatib qoʻydi? Nega? Endi u nima qiladi? Bunday yashash... azob-ku?! Yoshi ham qirq beshdan oshdi, axir. Qayoqqa boradi? Qayerdan qoʻnim topadi? Ukasini sal insofga chaqirsa, ahvol yaxshi tomonga oʻzgararmikin? Yoʻgʻ-e, yana janjal chiqib, ikkisining oʻrtasiga sovuqchilik tushsa, Rahimaxon meni battar yomon koʻrib qoladi-ku? Keyin... bu hovlidan ketishim kerak boʻladi. Lekin qayoqqa?!»

Zarnigor ogʻir «uh» tortdi. Soʻng uzoq xayolga choʻmdi. Hur qiz boʻlaman deb... oʻz baxtiga oʻzi qarshi chiqdi u. Xom xayollarga berilmasdan hayotini izga solib olsa boʻlardi-ku! Nega shunday qilmadi u?

Zarnigorning yuragini qorishiq bir iztirob egallab olgandi shu topda. Boʻgʻziga nimadir tiqilib, chuqur xoʻrsindi. Alam bilan pichirladi:

— E, nima qilib qoʻydim oʻzi...