OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Gulhayo Uzoqova. Rep haqida gap
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGulhayo Uzoqova
Asar nomiRep haqida gap
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Gulhayo Uzoqova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Ochiq xatlar va maktublar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 6-sonidan olindi
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Rep haqida gap
Gulhayo Uzoqova

Yarim asrdan ziyod taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtgan oʻzbek estrada qoʻshiqchiligi bugungi kunga kelib shou-biznes olamiga aylanib qoldi. U bugun son-sonoqsiz yosh qoʻshiqchilarni oʻziga jalb etgan. Ommaviy axborot vositalari, televidenie va radio dasturlari orqali efirga uzatilayotgan qoʻshiqlarning salmoqli qismini estrada janri egallab turganligi fikrimiz dalilidir. Hatto Navroʻz, Mustaqillik kabi umum xalq bayramlarini, xalqimiz toʻyu tomoshalarini, turli marosimlarni estrada qoʻshiqlarisiz tasavvur etish mushkul. Demak, biz xohlasak-xaohlamasak estrada musiqasining ohanglari-yu usullari, yoʻnalish-u uslublari ongimizni zabt etib, ruhiyatimiz, ma’naviy dunyomizga kirib boraveradi. Butun jahon madaniyatining ta’siri natijasi oʻlaroq Oʻzbekistonga ham estrada musiqaning koʻplab uslub va yoʻnalishlari kirib keldi. Jumladan: jaz, pop, rok, disko, texno va xip-xop kabilarni sanab oʻtishimiz mumkin. Shuningdek, bugungi kunda yoshlarimizning repga boʻlgan qiziqishlari tobora ortib borayotganligi koʻz oʻngimizda namoyon boʻlmoqda. Biroq, tinglovchilar orasida yoki mutaxassislar davrasida ushbu estrada musiqasining yoʻnalishlariga boʻlgan munosabatlarini koʻrib har kimda ham turli fikrlar tugʻilishi begumondir. Shu bizga kerakmi? Undan manaviy ozuqa, estetik zavq olish mumkinmi? Qolaversa, bizning mentalitetimizga toʻgʻri keladimi? Shu kabi savollar koʻpchilikni oʻylantiradi. Va ushbu janrlarning negizida qanday falsafa yashiringanligi borasida qiziqib qolasiz.

RAP – bu «Rhythmical African poetry», ya’ni «Ritmli Afrika poeziyasi (she’riyati)» soʻzlarining qisqartma shakli. Rap (rep) – inglizchada «taqqillatmoq», «urmoq», «zarba bermoq» kabi lugʻaviy ma’nolarni bildiradi. Odatda rep rechitativ tarzda ogʻir ritmga asoslangan musiqa ostida oʻqiladigan she’riy hikoya va tarixan afro-amerika an’anaviy madaniyatining bir koʻrinishi sifatida paydo boʻlgan. Biroq qadimdan rep va u singari aytimlar nafaqat qora tanlilar folklorida, balki har qanday xalq an’anaviy madaniyatida u yoki bu shaklda mavjud boʻlganligi ham ma’lum. Fikrimiz dalili sifatida quyida qisqacha tarixiy ma’lumotlarni keltirib oʻtamiz.

Islomgacha boʻlgan arab dunyosi bozorlarida repga oʻxshash janr keng tarqaladi. Har bir koʻchmanchi arab qabilasidan bir shoir-notiq (ritor) davraga chiqib, boshqa qabilalarga qarata badihagoʻylik bilan ochiq-oydin haqoratli aytimni boshlaydi. Oʻz navbatida boshqa qabilalardan chiqqan shoir-notiqlar ham unga oʻz javoblarini aytishadi. Odatda bunday «aytishuv»lar ommaviy janjallar bilan yakun topgan.

«Yamb» deb ataluvchi xuddi shunday musobaqa qadimgi Yunonistonda Dionis va Demetrilar sharafiga bagʻishlangan bayramlarda ham uyushtirilgan. Qadimgi skandinaviya an’anasida mazkur musobaqalar «manjafbr»(erkaklar olishuvi) sifatida mashhur boʻlib, asosan u svyatki (rojdestvo) kunlarida oʻtkaziladigan oʻyin hisoblanadi.

Avvaldan afro-amerikaliklar oʻrtasida repga oʻxshash musobaqalar boʻlganligi haqida ba’zi (chala-chulpa) ma’lumotlar uchrasa-da, rep va uning («Dozens»(oʻn ikkilar), «Signifying» (izhor qilmoq), «Talking shits» (kemalar suhbati) kabi shakllari haqidagi ilk ilmiy tavsiflar 30-yillarda Garlem va Janubiy Bronksda boʻlgan. Oʻsmirlar muayyan qat’iy kanonik qoidalar asosida tuzilgan 3 ta toʻrtlik she’r matnini («dyujin»– 12 lar, rep shakli shundan kelib chiqqan) navbatma-navbat aytib, imkon qadar aniq va ritmik improvizatsiya qilish borasida bellashadilar. Ikki raqib, keskin oʻzgaruvchan ritm asosida toʻrtlik almashadilar. Ulardan birining (ritorika) – nutqi boshqasidan afzal chiqqunga qadar davom etadi. Repning asosiy maqsadi raqibni haqoratlab yerga urish boʻlgan.

1. «Dyujins» – repning maxsus shakllaridan boʻlib, unda dastlabki toʻrtlik maqtanchoqlikka asoslanib, badihagoʻy-muallifni oʻz obroʻsini kuchli darajada orttirib koʻrsatishga qaratilgan boʻladi. Shundan soʻng raqib tomondan ham buning soʻzlaridan kulimsirab nafratlanib aytilgan (mendek mohir repchiga qarshi chiqishga qanday jur’at qilding degan ma’nodagi) javobi yangraydi. Keyingi toʻrtligi mahalla hayotidagi voqealar, turli gʻoyalar va umuman yangi tugʻilgan fikrlar asosida quriladi. Bu jarayon soatlab davom etishi mumkin va agar gʻolib aniqlanmasa, unda qatnashuvchi va ishqiboz-muxlislarning oʻzaro urish-janjali bilan yakun topadi.

2. «Signifying» (boshqa bir shakli) – dyujindan cheklanmagan badihagoʻyligi bilan farqlanadi. U ritmning maqsadli buzilishi va sinkopalanishi asosida boʻlib, oxiri dastlabki ritmga qaytiladi. «Signifying» rus tez aytishlariga yaqindir. U oʻz navbatida 10 satrdan iborat matnning yagona qofiyaga asoslanganligi bilan mukammal hisoblanadi. Bu janrlar asta-sekin Nyu-York diskotekalarida rivojlanadi.

Aytish joizki, rep davrlar osha rivojlanib xalqlar ijrochilik amaliyotida oʻrnini topdi va ijro an’analari ham tubdan oʻzgardi. Janr sifatida qoʻshiqqa yaqinroq koʻrinishga keldi va eng muhimi sahna san’atidan joy oldi. Jumladan: «Sugar Xill Gang» guruhining «Reppers Delayt» qoʻshigʻi ilk rep yozuvlaridan biridir. Mazkur qoʻshiq dunyo miqiyosida xit darajaga koʻtariladi.

Yuqorida keltirilgan rep musiqasining tipologiyasidan koʻrinib turibdiki, janrning ilk shakllanishi gʻalizroq boʻlsa-da, rivojlanish jarayonida musiqiy janr sifatida va xalqona matnlarni ifoda etishga moʻljallangan koʻrinishga kelgan. Ya’ni, repning soʻz-matnining ma’no-mazmuni, maqsadi oʻzgargan, lekin undagi shakl, yoʻl-yoʻlakay mos kelib qoluvchi qofiyaga asoslangan hikoya tarzidagi soʻz badihagoʻyligi saqlanib qolgan.

Mustaqillikka erishganimizdan soʻng oʻzbek estrada ijrochiligiga turli uslublar bilan bir qatorda rep yoʻnalishi ham kirib keldi. Albatta, bu uslubning namoyondalari sifatida Shohrux, Shahriyor va "Radius 21" nomlarini tilga olamiz. Mazkur xonandalar ijodi yoshlar tomonidan iliq kutib olinganligi ham rost. Lekin, nazarimizda, oʻzbeklarning mentalitetiga toʻgʻri kelishi yoki kelmasligi ma’naviyat va madaniyatga ta’siri xususida ham oʻylab koʻrish zarur. Chet el rep ijrochilarining egnidagi libosi, taqinchoqlari, soch turmaklari va hatto behayo raqs harakatlarini ham oʻzbeklarda koʻrib ajablanmay qoldik.

Rep qoʻshiqlarining mazmuniga ahamiyat beradigan boʻlsak, soʻz qoʻllash san’atining fojiasiga guvoh boʻlamiz:

Madorim yoʻq shu bugunda bor-u yoʻgʻim mana shu
Yuragimda absolyutniy bardak, vot tak.
Kechagina berilgan bu va’dalaring
Unutildi darrov, gapirildi prosto tak.
Yana nima-nima, har gal bitta gapingga ishonib
Yashadim man axmoq.
Sani gaping mana bundoq:
– Keling endi iltimos mani kechiring,
Endi yaxshi yashaylik.

Shohrux repning «Xato» nomli bu qoʻshigʻi koʻpchillikka manzur boʻlar balki, lekin, xaqiqatni aytish lozim. Bu qoʻshiq emas, safsata, bema’ni valdirash emasmi? Bu bizga kerakmi? Nima uchun? Koʻcha soʻzlari, qolaversa, ikki til (oʻzbek va rus) qorishib yotibdi. Mening nazarimda bunday soʻz matnlarini san’atda qoʻllash sharq madaniyati, she’riyati, soʻzamolligiga putur yetkazishdan boshqa ish emas. Afsuski, bu yoʻldan shiddat bilan borayotgan yoshlarimizning safi talaygina. Jumladan, «Ummon» guruhi ham bugun koʻplab muxlislarga ega boʻldi, oʻzining kontsert dasturlarini oʻtkazdi. Repertuaridan oʻrin olgan qoʻshiqlari soni ham ortib bormoqda. Sifati esa yuqorida aytilganidek, xolos. Ayniqsa «Ummon baribir ummon-de», «Mayli ketaver», «Sevaveraman», shu kabi bir qator qoʻshiqlarini eshitib yoqa ushlaysan kishi.

Balki, repning ijro uslubi mazkur xonandalarga yoqar, lekin, shuni esdan chiqarmaslik lozimki, san’at bedarvoza emas, istagan kishi kirib, oʻz ishini qiladigan. San’atning maqsadi:
– Ma’naviyatni yuksaltirish, estetik zavq ulashish va ezgulikka yetaklash. Har qanday ijodkor bu maqsadni yoddan chiqarmasligi zarur. San’at xalqning ma’naviyati uchun xizmat qilishi kerak.

Biz oʻzbek estrada ijrochiligida rep uslubini umuman inkor etish maqsadida emasmiz. Aksincha, oʻzbek musiqasining negizida oʻzbekona odob, axloq, munosabat va lutf doimo goʻzallikka intilish, goʻzallik haqida kuylash, goʻzallikning jozibasini namoyon etish, hayotga zavq berish va faoliyatga chorlash kabi mezonlar yotadi. Va bu barkamol avlod tarbiyasida muqobil keladigan omillar sifatida qadrlanib keladi.