OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Gulnora Avezova. Kutish (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGulnora Avezova
Asar nomiKutish (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Gulnora Avezova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm27KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/25
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Sharq yulduzi» jurnalining 2012 yil 2-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kutish (hikoya)
Gulnora Avezova

U sargʻaygan qogʻozdagi bu maktubni tibbiyotga doir qadim bir kitobning ichidan topgan edi. Avval e’tiborsiz boʻlib, u varaqdan bu varaq ichiga qoʻyib yurdi. Bir safar ozgina dam olish, chalgʻish uchun varaqni ochib, duch kelgan bir necha jumlani oʻqidiyu, unga butunlay bogʻlanib qoldi.

* * *

…Men u bilan sokin kuz oqshomlaridan birida tanishgan edim. Oʻsha kun kutubxonadan kechroq chiqdim. Yomgʻir shivalab turardi. Talabalar shaharchasiga yetgunimcha oʻrindiqda mudrab qolibman. Bekatdan avtobus qoʻzgʻalayotgan paytda oʻzimga kelib orqa eshikka yugurdim. Tushayotganimda poshnam qiyshayib munkib ketdim. Agar u bilagimdan tutib qolmaganida yiqilishim tayin edi. Xullas u bilan tanishuvim shu tarzda kechdi.

U… bolaligimdan boshlab xayolimda yaratgan… orzuim edi! U changli yoʻllarda tengqurlarim bilan quvlashmachoq oʻynaganimda ham, Jayhunning loyqa suvlari qirgʻoqdan dagish olishlarini kuzatganimda ham, oy yorugʻida Eshonyopda choʻmilganimda barmoq uchlaridan nur yogʻdusi kabi sachragan tomchilar bilan oʻynashganimda ham xayolimdan jilmasdi. Uni qanday yaratdim, oʻzim ham bilmayman… Uni avval yaratib keyin ishondimmi yoki aksincha... buni ham bilmayman…

U paytlar bahor oqshomlarida oʻzgacha bir tarovat boʻlardi. Aniq esimda yoʻq, qaysidir oʻrtogʻimiznikidan chiqib, toʻrt-besh sinfdosh bir-birimizni uy-uyga kuzatib yurardik. Qilt etgan shamol yoʻq. Oy saxiylik bilan nur sochar, bogʻlardagi olmalar qiygʻos gullagan, atrof shu qadar sokin ediki, tuproqli yoʻlda sekinlik bilan bosilgan qadam tovushi ham olamni buzgudek eshitilardi. Shu sukunatni buzmaslik uchunmi deyarli shivirlab gaplashardik. Oʻsha oqshom sehrimi, bilmadim, birdan uni tilimga koʻchirdi. U haqda shu qadar berilib gapiribmanki, kuzatib kelayotgan bir sinfdoshimiz yoʻl yarmida burilib ketganini ham sezmabman. Xayrlashayotganimizda qizlardan biri:

– Abdurahmon-chi, u nima boʻladi? – dedi.

Yelkamni qisib qoʻya qoldim. Axir, u bilan, xayolimning mukammal mevasi bilan uyatchangina qishloq yigitini tenglashtirib boʻlarmidi?!

Chindan u butun olamimni zabt etgandi. U, oʻsha… Talabalikning oxirigacha ham xayolimda faqat u boʻlgani uchun hech kimga koʻngil qoʻya olmadim, ular umid qilgan e’tiborni bera olmadim. Harakat qildim, ammo boʻlmadi.

Oʻsha kuz oqshomi esa… Agar qiz bola boʻlmaganimda uning ikkala kaftiga qoʻllarimni qoʻyib:
– Nihoyat topdim! – deya hayqirgan boʻlardim!

Esimda, unga odob doirasida minnatdorchilik bildirdim. U javob qildi. Lekin ungacha avtobus joʻnab boʻlgan, men sabab u keyingisini kutishga majbur edi. Undan uzr soʻrab, yotoqxona tomonga keta boshladim. Shunda u:
– Sadoqat, – deb sekingina chaqirdi. Men keskin burildim.
– Biz tanishmizmi?

Hayratdan koʻzlarim kattalashib ketdi shekilli, u kuldi.

Bilasanmi, tushlaringda yuz martalab koʻrganing, hushingda koʻzlaringni yumib ming bor tasavvur qilganing qarshingda turib ismingni aytsayu jilmaysa…

Ana shunday uchrashgan edik. Keyin, oʻzining tan olishicha, bu koʻzlari ma’yus qizning ismi albatta shunday boʻlishi kerak degan-u, tiliga koʻchirgan ekan. Munosabatlarimiz ancha jiddiylashgach, u meni ilk bor uchrashuvga chaqirdi.Oʻsha oqshom hech esimdan chiqmaydi. Kuz oxirlab, qish oʻz hukmronligini sezdirayotgan paytlar edi. Kimsasiz bogʻda, azim chinorlar guvohligida ancha sayr qildik. Keyin kichkinagina pastak kursichalar qoʻyilgan shinam oshxonada ovqatlandik. U bilan ming yillik qadrdonlardek suhbatlashish, birga boʻlish juda yoqimli edi.
– Sen bilan xuddi bolalikdan tanish, qadrdondekman, – dedi u birdan. Ajabki, aynan mening ham xayolimdan oʻtayotgan narsalar edi bu. – Kechir, seni senlamasam xuddi uzoqlashgandek boʻlaman. Maylimi?..

Shundagina u meni senlayotganini sezib qoldim. Ikkovimiz ham kulib yubordik. Ancha keyin stoldan turayotganimizda boshim aylanib ketgandek boʻldi. Issiq havodan boʻlsa kerak deb oʻylagandim. Ammo atrofga qarab koʻpchilikning sarosimada oʻrnidan turib ketganini koʻrdim. Hamma birdan eshikka yugurdi. Eshik ogʻasi ikkala tavaqani ham ochib yubordi. Oʻn beshtacha odam ur-sur bilan tashqariga chiqdi. Shunda tepadan qarsillagan tovush eshitildi. Oshxona tepasiga yastangan azim daraxtning katta bir shoxi ustimizga qulardi. Koʻpchilik joyidan qoʻzgʻalishga ulgurmadi. Shu jumladan biz ham. Faqat u mening boshimni koʻksiga yashiroldi, xolos. Yeru osmon chayqalardi – bu zilzila edi.

Bir amallab yotoqxonaga borganimizda shundoq ham hilvirabgina turgan ikki qavatli binoning hamma yogʻi darz ketgan, shu bois unga kirishga ruxsat berishmayotgan ekan. Hamma har qaerga tarqab boʻlgan, yolgʻiz qorovul – tatar momo qunishibgina oʻtirardi:
– Oʻzingga tunashga joy top. Ina takror boʻlishi mumkin ekan.

Soʻng u oʻz ijara uyiga borishim, u yerda xavotirsiz dam olishim mumkinligini aytdi. Bir oz tortishuvdan keyin rozi boʻldim. Boshqa ilojim ham yoʻq edi. Uncha uzoq boʻlmagan joyda bir xonali uyda turarkan. Xonalar sarishta, ortiqcha hech narsa yoʻq edi. Bitta karavot, u-bu narsalar… Vaqt allamahal boʻlganiga qaramasdan ancha paytgacha musiqa eshitib, gaplashib oʻtirdik. U bilan qancha birga boʻlsam, shuncha jozibasiga asir boʻlib borayotgandim. U bir toʻshakni olib oshxonaga chiqib ketdi. Men esa toʻshakni ochmasdan ham karavotga choʻzildim. Chiroqni oʻchirib, musiqani pasaytirdim, uxlashga harakat qildim. Ammo ichimni nimadir kuydirar, ogʻzim quruqshardi. Suv istab oshxonaga oʻtdim. U deraza oldida, qorongʻilikda chekib turardi.
– Yonimga kel! – dedi u qayrilmasdan. Men xuddi sehrlangan kabi yoniga bordim. U sigaretasini chuqur tortdi: «Tun andisha ustiga tortilgan niqobdir» deb qaerdadir oʻqigandim. Menimcha tun yurakning kunduz kuni koʻrinishga jur’ati yetmaydigan eng nozik qirralarini ochish uchun berilgan imkondir… – U uzun tin oldi. – Sen juda yaxshi qizsan! Chunki… chunki…

Men ortiqcha gapirishini istamay qoʻllarimni choʻzdim.U kaftimni qoʻliga olib, barmoqlarimni oʻpa boshladi…

Tong yorishayotgan paytda u koʻzimdagi yoshni koʻrib sakrab oʻrnidan turib ketdi:
– Meni kechir... Endi taqdirimiz bir. Shunday ekan, ishlarimni tezroq tugatishim kerak. Chunki sening ham, mening ham baxtli boʻlishga haqimiz bor, toʻgʻrimi? – U burnimning uchidan chimchilab qoʻyib tez-tez kiyina boshladi. Shu payt telefon jiring­ladi. Shoshib borib koʻtargan edi, hech kim indamadi shekilli, goʻshakni qoʻyib, ancha oʻylanib turib qoldi. Menga qayrilganida, uni taniyolmay qoldim:
– Sotganmikan?! – Keyin shoshib raqam terdi. – Safar, senmisan?! Nima… mastmisan?! Sotdingmi?! Pastsan… qoʻrqoqsan… ablah! Kelib-kelib senga ishondimmi hali… Bilib qoʻy sendagi hujjatlar yagona nusxa emas! – Goʻshakni shartta qoʻyib yana menga yuzlandi. Men tosh qotgancha oʻtirardim. Shunda choʻntagidan bir shoda kalit chiqardi-da, bittasini ajratib kaftimga qoʻydi:
– Yarim soatlardan keyin chiqib ket. Hech kimga hech narsa dema. Oʻsha bogʻda soat beshda uchrashamiz… Qolgan gaplarni oʻshanda gaplashamiz.

Yomgʻir shivalab turgan sahar edi. Uni derazadan koʻchaning narigi tomoniga oʻtib, mashina toʻxtatib oʻtirib ketgunicha kuzatib turdim. Oʻshanda e’tibor bermagandim, keyin xotirlay-xotirlay u uydan chiqishi bilan ergashgan biri daroz, biri past boʻyli ikki odamni esladim. U mashinaga oʻtirishi bilan ular ham yugurgilab bekat chetida turgan moviyrang «Jiguli»ga chiqib, orqasidan haydab ketishgandi. U ketgach uyga sigʻmadim. Undan-bunga yurib vaqt sanadim. Xuddi uydan chiqsam vaqt tezroq aylanib uni koʻrardim nazarimda…

Xazonlar toʻzgʻiyotgan bogʻda qorongʻi tushguncha sarosar kutdim. Yotoqqa qaytdim. Xonaga sigʻmadim. Yana koʻchaga chiqdim. Bir payt oʻzimni uning eshigi oldida koʻrdim. Ochib kirdim. Avval qanday ketgan boʻlsa, shu holicha turardi, u qaytmagandi…

Ertalabgacha shu yerda qoldim. Xonadan goʻyo uning boʻyi kelganday boʻlar, har bir narsani ushlab-silab uni sogʻinardim. Yozuv stoli ustida tartib bilan terilgan qogʻozlar ustida qora yon daftarcha turardi. Bir-ikki qoʻlimga olmoqchi boʻlib jur’at qilolmagandim. Saharda majburan qoʻl uzatdim va varaqlab vaziyatni bir oz anglaganday boʻldim…

* * *

«Bugun oldimga kelgan elchi va ular taklif qilgan pul hajmini eshitib naq turnaning koʻzini moʻljalga olganimni angladim. Hali dalillar ularni butunlay fosh qilish uchun yetarli emas. Shularni toʻplagunimcha fursat kerak. Oʻylab koʻrishimni aytib qaytardim».

* * *

«Ish bunchalik kattalashadi deb oʻylamagandim. Kelishgan joyimizga borganimda… dahshat! Uning boshi pachaqlanib yotardi. Hech narsaga qoʻl tekkizmay tezda u yerdan uzoqlashdim – menga qoʻyilgan tuzoq boʻlishi ham mumkin. Yaxshiyam hujjatlarni qaerga qoʻyganligini aytgan ekan. Ularni topdim-u, bu yoqqa joʻnadim… Yashirinmasam mening ham ahvolim ma’lum. Nihoyat ochiq hujumga oʻtishdi».

* * *

«Bir qiz bilan tanishdim. Hayotim mazmuniga aylanayotir u! Barcha narsadan voz kechib, faqat u bilan qolgim keladi… Uning koʻzlari shu qadar qadrdonki...»

* * *

«Oxirgisi qoldi. Ana shundan keyin nafaqat bir uyushgan toʻda, balki yuqoridagi ayrimlar ham hal qiluvchi zarbani yeydi. Joyni doimiy oʻzgartirib turish, qochib yurish jonga tegdi».

Mana shu bor-yoʻq koʻrgan-bilganim. Shundan keyin koʻnglimga oralagan gumon butun vujudimni egallay boshladi. Bundan qancha xalos boʻlishga uringanim sari shuncha qattiq tomir otardi. Kunlarim kechqurun boqqa borish-u, keyin kimsasiz xonada xayolan uni chorlab sarosar kezish bilan oʻtardi. Bir kun musiqa qoʻydim. Bu oʻsha tun eshitgan musiqamiz edi. Tomogʻimga bir narsa tiqildi. Botinimdan otilib kelayotgan achchiq toʻfonni bosish uchun yuzimni yostiqqa bosdim. Boʻlmadi… musiqa shovqini ostida toʻlib ketgan yuragimni boʻshatdim. Shu payt birdan koʻz oldim qorongʻilashib, koʻnglim aynib ketdi. Bir muddat oʻzimni yoʻqotdim. Shunda… shunda ikkinchi gumonim tasdigʻini topganini angladim. Bu uning borligining nishoni edi. Vujudimni yorugʻ bir his chulgʻadi. Ammo hali oldimda nimalar kutib turganidan xabarsiz edim…

* * *

– Qizim, sizning ishingizgayam, xulqingizgayam gap topolmayman. Bemorlar ham sizni hurmat qilishadi, jamoa bilan munosabatingiz yaxshi. Faqat yosh bola bilan yolgʻiz oʻzingiz… Eshitishimcha, sizni poytaxtga ham ishga taklif qilishgan ekan. Xullas, soʻramoqchi boʻlganim…

Men indamadim. Oʻshanda elliklarni qoralagan sochlari oppoq, hamma ismi-sharifi qolib Opa deb chaqiradigan boʻlim mudiramiz aynan shunday deganmidi yoki yoʻqmi, aniq eslolmayman. Faqat mening sukutimdan sabri toʻlgan ayol ovozini balandroq koʻtarib:
– U kim! – deb soʻragani esimda. Men yerga qadalgan koʻzlarimni koʻtardim. Agar u ayol botinimdagini oʻqiy olganida edi… «Tinch qoʻyinglar meni… xotiralarim bilan. Axir mening ham haqim bordir xohlaganimcha yashashga!» – degan nidoni tuygan boʻlardi.
– U… u oʻlgan!

Ayol yoshiga yarashmagan chaqqonlik bilan oʻrnidan turib oldimda paydo boʻldi. Yelkamga qoʻlini qoʻyib, chuqur hamdardlik bilan:
– Kechiring meni, qizim, ming bor uzr… Taqdirimiz Yaratganning qoʻlida, – dedi. Shunda oʻzimni tutolmasdan bagʻriga otildim. Bu birinchi bor uning yoʻqligini tan olishim, koʻnglimdagi gumonni tilimga koʻchirishim edi.

Shu voqeadan keyin Opa bilan ancha yaqinlashib qoldik. U ba’zan mening ishdan ertaroq ketishimga ruxsat berar, vaqti-vaqti bilan qizalogʻimni oʻzi nazoratdan oʻtkazib turardi. Uning barcha gʻamxoʻrliklarini tabiiy narsaday, ya’ni bir onaning boshiga ish tushgan qiziga qilayotgan yordami sifatida qabul qilardim. Bir kuni qizalogʻimni koʻrishga kelib ancha oʻtirib qoldi. Osh-ovqatdan keyin ham ketishga shoshilmadi. Oilam haqida koʻproq soʻrab-surishtirdi, oxirida boshini chayqay-chayqay soʻylandi:
– Bunaqa yurishingiz menga yoqmayapti. Ishonchim komilki, boladan ota-onangiz xabarsiz…

Men har doimgiday indamasdan boshimni egdim. Bu muqaddas mavzu haqida, nafaqat muhokama, balki gapirish ham men uchun xiyonat bilan barobar edi.

U mening qaygʻum, u mening muhabbatim axir…

Nogoh eshik taqillab qoldi. Meni bu paytda hech kim yoʻqlamasdi. Yuzimdagi xavotirni koʻrgan Opa: – Ochavering, menga kelishgan, – dedi.

Qarshimda, yarim qorongʻi yoʻlakda, baland boʻyli, basavlat erkak turardi.
– Opani olib ketishga kelgandim…

Ovozini eshitib titrab ketdim. Bu titroq ular mashinaga oʻtirib ketishganida ham bosilmadi. Tavba, ovozi ham, boʻy-basti ham quyib qoʻyganday uning oʻzi edi.

* * *

Ertasi kuni Opaning topshirigʻi bilan jarrohlik boʻlimiga bordim. U yerda yana uni uchratdim. U kasallik varaqasini ancha oʻrgandi. Men undan koʻzimni ololmasdan turardim. Odam ham shu qadar bir-biriga oʻxshaydimi?! Bu qismatning menga yuborgan yana bir sinovi edimi yoki taqdir beshafqatligiga bir ishora… Nihoyatda garangsiganimdan nimani kutayotganimni ham unutib tashqariga yoʻnalibman.
– Sadoqat…

Koʻzlarimni yumib oldim. Qayrilsam-u… uni koʻrsam!

* * *

Opaning barcha harakatlari nima maqsadda ekanligini tushunganday boʻldim. Koʻnglimda hayotga nisbatan qattiq bir isyonmi, norozilikmi qoʻzgʻaldi. Nega meni, oʻzim bilan oʻzimni tinch qoʻyishmaydi? Men kimga xalal berayapman? Axir, odam oʻz-oʻzi bilan yashashga haqi yoʻqmi? Shu xayollar bilan uch oylik chaqaloqni bagʻrimga bosdim-u, enaganing savollarini javobsiz qoldirib tashqariga otildim. Poytaxtga ketadigan avtobekatda bir qancha vaqt turib qoldim. Qish oʻz hukmronligini qoʻlga olayotgan kunlar edi. Avtobusning issiq saloniga oʻtirgachgina chaqaloqqa hech narsa olmaganim esimga tushdi. Shaharga yetishimizga yaqin qolganida chinqirab yigʻlab hammaning tinchini buzdi. Bir amallab yetib olganimda tun yarmidan oqqan edi. Izgʻirin havoda, katta koʻcha boʻyida yolgʻiz qolgach, borishim mumkin boʻlgan joylarni esladim. Ammo meni savolga tutmaydigan hech bir manzil yodimga kelmadi. Bekatda oʻtirib ancha sovqotdim. Tobora siyraklashib borayotgan mashinalar sekinlashib, ba’zilari oshkora, ba’zilari yashirin qiziqishlarini bildira boshlashdi. Bunday oʻtirish mumkin emas edi. Bitta mashinani toʻxtatdim-u, manzilni aytdim. Qiziq, oʻshanda nimani oʻyladim, nimadan umidvor boʻldim... hanuz bilmayman. Ammo... ammo uning derazasida chiroq koʻrib yuragim toʻxtab qolayozgandi. Mashinadan chopqillab tushib ikkinchi qavatga koʻtarilguncha terga tushib ketdim. Eshikni dum-dumaloq bir juvon ochdi .
– Bizgacha bitta yigit turgandi deyishgandi. Ammo narsalarini ham olmasdan ketib qolgan ekan. Akangizmidilar... essiz...

Shu payt chaqaloq uygʻonib yigʻlay boshladi. Xayrlashib joʻnadim. Juvon eshikdan boshini qayta chiqardi:
– Olisdan kelgan koʻrinasiz. Biz ham bu shaharda musofirmiz. Kiring, bir oz dam olvoling. Chaqalogʻingizga qarang...

Oʻylanib qoldim. U bilan oʻtgan ilk oqshomimizning guvohi – oʻsha xonaga qayta kirish... Biroq boshqa ilojim ham yoʻq edi. Xullas, tunda shu yerda qoldik. Bunda uni eslatadigan hech narsa qolmagandi. Ikkita bola xona burchagida koʻrpaga burkangancha uxlab yotar, qarshi burchakda esa taburetka ustiga qoʻyilgan oq-qora, kichkina televizorda qandaydir film ketardi. Ayolning koʻngli uchun oshxonada u-bu tamaddi qilgan boʻldim. Shaldir-shuldirgina juvon ekan. Mening bu yurishimni eri bilan chiqisholmaganga yoʻydi:
– Hali yaxshi boʻlib ketadi. Bugun urishasiz, ertaga yarashasiz... Faqat eshikni qattiq yopish kerakmas. Mana meni aytdi dersiz, hali bir...

Ayolning oʻzicha shunday xulosaga kelishi menga negadir xush yoqar, etagimdagi chaqaloqni allalagancha, ba’zan boshimni egib uning gaplarini ma’qullab qoʻyardim. Eh soddadil ayol, bu devona koʻngilning ne tilayotganini bilsang edi... Ne tilading-u, ne topding! Imkon boʻlsa-yu, u bilan oʻtgan damlarimiz guvohi boʻlgan devorlar bilan sirlashsam...

Saharda orqaga qaytdim. Bunga oʻsha soddadil ayolning oddiy, ammo hayotiy xulosalari majbur qildi. Harholda hozirgacha ham bu qarorni umrim davomida qilgan yagona va toʻgʻri, yurakni chetga surib, aql bilan qabul qilingan qaror deb hisoblayman! Tushlikdan keyin Opaning oldiga bordim. Stolni aylanib oʻtib, sertomir qoʻllariga yuzimni bosdim.
– Ertaga qishloqqa ketsam degandim...

Opa tushundi. Yuzlariga mamnunlik tabassumi yugurdi. Bolani enagaga qoldirib qishloqqa bordim. Oradan ozgina oʻtib sovchilar kelishdi. Toʻy ixchamgina boʻlib shaharda oʻtdi.

U farzandlik boʻlmaganligi sababli oilasi bilan ajrashgan, toʻgʻrirogʻi, ayolining oʻzi rozi-rizochilik bilan ketgan ekan. Men undan minnatdor edim. Yon-atrofdagilarning munosabatlarida oʻzgarishni sezar, borgan sari koʻnglimda unga nisbatan qarzdorlik hissi oshardi. U juda bosiq, mulohazali, iltifotli edi. Viloyatdagi eng qoʻli yengil jarroh hisoblanar, qabuliga navbatga yozilishardi. Hamma narsa yetarli, bir ayol orzu qilsa boʻladigan baxtga erishgan edim... Ammo bu faqat tashqaridan shunday edi. Aslida na yeyish, na ichishimda halovat bor edi. Botinimni soʻngi yoʻq bir qaygʻu kemirar, faqat qizalogʻimni bagʻrimga olganimdagina u bir oz chekinardi. Bu nedanligi yolgʻiz oʻzimga ayon, na uni tilga koʻchirib boʻlardi va na unutib. Men oʻzini koʻra-bila turib olovga urgan odam holida edim. Hamma narsani hisobga olgan ekanman-u, biroq hamma narsaning toʻlovi borligini oʻylamabman. Tunlar... tunlar shu qadar uzun boʻlardiki, uzun xiyonat tunlari edi ular...

* * *

Turmushimizning ikkinchi oyi edi shekilli. Qattiq uyqudan negadir choʻchib uygʻondim. Toʻlin oy nurlari deraza toʻrpardasi orasidan sizib kirib butun yotoqni ilohiy bir yogʻduga choʻmiltirardi. Shu yogʻdu quchogʻida, oppoq toʻshaklar orasida U... uxlardi. Qimir etmasdan uni kuzatdim. U... xayolim... orzuim... muhabbatim yonginamda uxlardi. Qop-qora sochlarining bir tutami peshonasiga tushib turar, nozik-nozik boshlanib oxirida yoʻlini yoʻqotib qoʻyadigan qoshlari bir oz chimirilgan, qirra burni choʻzinchoq yuziga yanayam salobat bagʻishlagan... Nafas olishi chuqur, zalvorli, yostigʻim ostiga choʻzilgan qoʻllari baquvvat. Yogʻdu chimildigʻida shu qadar begʻubor, yosh koʻrinardiki... Butun borligʻim bilan unga intildim.
– Baxtiyor!..

Lablarimdan uning ismi butun botiniy sogʻinchim bilan tashga koʻchdi. Ammo juda sekin koʻchdi. Baxtiyor... Hech narsani idrok qilmasdan titrayotgan qoʻllarimni unga choʻzdim. Barmoq uchlarim yuziga tegishi bilan u bir qimirlab qoʻydi. Keyin koʻzlarini ochdi. Men uning yonida choʻkkalagancha, qoʻllarim yuzida, qotib qoldim. U kulimsiradi. Qoʻllarimni olib lablariga bosdi, turish uchun oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Shunda... shunda... evoh... Uning qiyofasi hozir koʻrganimday emas, toʻlaroq, peshonasidagi sochlariga oq oralagan... Sapchib oʻzimni chetga oldim. Tungi xalatimni olib tashqariga otildim.
– Sadoqat...

Oh uning ovozi... Qaytishga jur’atim yetmadi. Hozirgina koʻrganim, bir lahzalik diydor roʻyo boʻlib chiqishini yuragim koʻtarolmasdi...

* * *

Qizalogʻimni qop-qora koʻzlari uchun Charos deb atagandim. U ikkovimizga qarab, endigina boʻrtib kelayotgan tishchalarini koʻrsatib kulganida barcha tashvishu charchoqni unutib u bilan ovora boʻlib qolardik. Ba’zan oftobli kunlarda uni aravachaga solib shaharchani aylangani chiqardik. Ammo bunday sayr uzoq davom etmas, kasalxonadan har doim biron ish chiqib uni chaqirtirib olishardi. Men bundan ogʻrinmasdim. Aksincha, yolgʻiz qolsam oʻzimni erkinroq sezar, goʻdak uyquga ketsa oʻz dunyomga shoʻngʻib vaqt qanday oʻtganini sezmasdim.

Oʻsha kun oftobli edi. Rangi zahil, ikki chekkasidagi suyaklari boʻrtib chiqqan, oʻrta yoshlardagi ozgʻin ayol biz oʻtirgan suyanchiqli oʻtirgʻichga choʻkdi. Uning butun koʻrinishi nafas yoʻllari kasalligidan dalolat berardi. U anchagacha oʻziga kelolmadi. Nihoyat peshonasiga qalqqan terlarini kaftlarining orqasi bilan sidirib bizga qaradi. Shu orada u tipirchilab bir joyda oʻtirishga unamayotgan qizaloqni olib anhor tomonga ketdi. Ularning orqasidan bir oz tikilib qolgan ayol:
– Siznikilarmi? – deb soʻradi va xoʻrsinib qoʻydi. – Baxtli boʻlinglar... Yolgʻizlik qursin!

Keyin... keyin men anchadan beri ta’rif berolmayotgan yoki topolmayotgan gapni oddiygina qilib aytdi-qoʻydi:
– Ota-bola bir-biriga quyib qoʻyganday oʻxshaydi-ya! Qiz bolaning otasiga shu qadar oʻxshashini endi koʻrishim.

Boshimda chaqin chaqqanday boʻldi. Ha, ular bir-biriga ikki tomchi suvdek oʻxshardi!

* * *

Turmush qurganimizga ancha boʻlganiga qaramay uning qishlogʻiga borishga hech imkon topilmagandi. Navroʻz arafasida singlisining toʻyi xabari keldi. Toʻydan bir kun oldin zoʻr-bazoʻr ishdan boʻshab yoʻlga chiqdik. Togʻli chegara tumanda turishar ekan. Ayni bahor boʻlgani uchun atrof harir libosga burkangan, goʻyo ikki dunyo jannati shu yerlarga koʻchganday edi. Tepada toʻxtab bu manzarani ancha tomosha qildik. Shu koʻyi faqat kechga yaqin qishloqqa kirib bordik. Choy-nondan keyin etagimda uxlab qolgan goʻdakni yotqizish uchun qaynonam koʻrsatgan xonaga oʻtdim. Xona ichma-tashli ikki boʻlmadan iborat edi. Zamonaviy usulda ta’mirlangan, jihozlar ham yangi, xuddi yangi kelin tushirish uchun moʻljallab yasatilganday... Ammo odam yashamayotgani koʻrinib turar, qandaydir sovuq edi. Goʻdak ustini yopish uchun biron nima izlab, ikkinchi boʻlma eshigiga bordim. Shunday pardani koʻtarishimni bilaman... Yuragim urishdan toʻxtab qolayozdi! Qarshimda butun boʻyi-basti bilan U turardi!!! Xuddi oʻshandagiday, kiyimlari ham oʻsha-oʻsha... baland boʻy, qop-qora, bir oz jingalak sochlar, qarashlari oʻtkir, magʻrur va goʻzal!

Qancha vaqt oʻtganini bilmayman, qandaydir ovozdan oʻzimga keldim.
– Ukam u, Baxtiyor! – koʻzlarini rasmdan uzmasdan izoh bera boshladi u. – Ikki yil oldin bedarak ketdi. U huquqshunos edi, jinoyat qidiruv boʻlimida ishlardi. Oxirgi uchrashganimizda afyun bilan bogʻliq bir ishning iziga tushganligiga shama qilgandi. Shu ish uni bizdan ayirdi chamasi... Onamiz hali ham daragi chiqishidan umidvor.

U qoʻlidagi sumkalarni divan chetiga qoʻydi. Unda har xil sovgʻa-salomlar, qizaloqning kiyimlari bor edi.
– Bu xonalar ketgunimizcha bizning ixtiyorimizda. Ukam tirik boʻlganida... siz allaqachon ovsinli boʻlgan boʻlardingiz!

* * *

Yarim tunda uning xonasida suratga bagʻrimni berdim. Surat xonaning deyarli yarmini egallagan, orqasida qishloq manzarasi, olisda togʻlar... Bu bagʻri qon boʻlgan onaning oxirgi tasallisi ekanligini angladim. Moyboʻyoqlar ustidan yuzlarini siladim... oh onajon! Qanchalar baxtli ekanligingizni oʻzingiz bilmaysiz-da! Nega deysizmi? Shu surat qarshisida turib yoʻqolgan yuragingizni yoʻqlab baralla yigʻlay olish imkoni... Sogʻinib yuragingiz qonga toʻlganida shu suratga qarab koʻzlaringiz moʻltiragani... Bagʻringizni har doim kuydirib turadigan olovni sovuq qabr tuprogʻiga bosib bir lahza boʻlsin sovutish... Bular menga nasib etmagan! Menda hatto uning birorta kichik rasmi ham yoʻq. Bu imkonlar menda yoʻq! Endi uning mana shu suratini koʻzlarimga muhrlab ketaman, xolos! Shugina...

* * *

Toʻy gʻala-gʻovuri bilan boʻlib menga hech kim e’tibor bermadi. Goh hush, goh behush yurib toʻyni ham oʻtkazdim. Qizni uzatishib bora olmadim. Qarindosh-urugʻ nazarimda yayrab-yashnab yurmaganim uchun xafa boʻlganday tuyuldi. Men esa tashvishlar tezroq tugashini sabrsizlik bilan kutardim. Hammasini oʻylab olishim, hech tasavvurimga sigʻdira olmayotgan taqdirning bu oʻyiniga biron tashbeh topishim zarur edi.

Katta yoʻlga chiqqach mashina tezligini oshirdi. Uni shoshirganim uchun oldinga intilib uzr soʻrashga chogʻlandim. Shunda oldingi koʻzgu orqali uning qarashini ilgʻadim. Vujudimni qaltiroq bosdi. Bu uning oʻsha kun telefonda gaplashib boʻlib menga oʻgirilgandagi gʻazabli qiyofa edi.

Fikrimdan qaytib boshimni oʻrindiq suyanchigʻiga tashladim. Yuragimni soʻngsiz bir xoʻrlik egalladi. Biron tirik jonga bu haqda ogʻiz ochib boʻlsaydi... Oʻkirib yubordim. U birdan mashinani chetga olib toʻxtatdi. Oldimdagi qizaloq chinqirib yigʻlay boshladi. U hech nima soʻramay, rul chambaragiga suyanib oʻtiraverdi. Bu sukut, bu qarash, bu bosiqlik... naqadar oʻxshash! Jazomi bu yo tuhfa?!...

Bir ozdan keyin choʻntagidan dori chiqarib uzatdi:
– Bu bordi-keldilar siz uchun emas...

Buni u shunchaki koʻngil uchun aytganligini, xayoli umuman boshqa yoqda ekanligini titrayotgan qoʻllaridan sezib qoldim.

* * *

Shu kunlarda kuch-quvvatim tugayotganini his qilayapman. Uni yoʻqotgach ich-ichimda nuray boshlagan nimadir oxirgi nuqtasiga yetayotir. Tibbiyotda bir necha xil nom bilan ataladigan bu dardning haqiqiy nomini bir oʻzim bilaman, bir OʻZIM...

Oxirgi kunlarda oʻtgan umrimni sarhisob qilishga urinib koʻrdim. Ammo... ammo hech nima topa olmadim. Xotiramda mixlangani... u bilan tanishib – yoʻqotgunimgacha boʻlgan ikki oy... yorugʻ, yogʻduli kunlar, xolos. Qolgani kutish... Qop-qora zulmat qoʻynida yuragingni bagʻringga bosgancha kutish... Borliq ham, yoʻqlik ham shunga mixlangan – KUTISH...

Ba’zan uyqu va uygʻoqlik orasida bolaligimga qaytaman. Eshonyopning loyqa suvlarida sochlari jamalak qizaloqlar bilan choʻmilayotgan boʻlaman... Goho opamning tandirdan endigina chiqargan choʻraklarining hidi dimogʻimni qitiqlaydi... Koʻzim ilinganida otam hassasining tovushidan uygʻonib ketaman va... azobimga yakun, sogʻinchimga diydor yaqinligini his qilaman.

Tongda uni tush koʻrib uygʻondim.

Oʻsha ilk bor uchrashgan bogʻimizda meni kutayotganmish. Oyoq ostida tillarang barglar shitirlaydi. Quloch yetmas daraxtning narigi tomonida undan-bunga yurib betoqatlanadi. Labining burchidagi sigaretasini besabr tortib-tortib qoʻyadi. Ustida oʻsha qorarang charm plash. Oʻzi ham oʻsha-oʻsha... yosh, navqiron, goʻzal... Bir payt daraxt yoniga yaqinlashib, unga suyandi. Uzun uh tortdi. Shunda... shunda dimogʻimga sigaret tutuni aralash nafasi urildi...

Men esa... daraxt tanasi bilan bir boʻlib ketguday unga qapishib, uning meni koʻrib qolmasligini Allohdan iltijo qildim. Yuragim qinidan chiqib ketguday tipirchilardi. Axir men tushimda ham shu holimcha – yuzlarimni ajin qoplagan, sochlarimda oq... evoh!!!

* * *
U avval bu uzuq-yuluq jumlalardan hech narsa anglamadi. Bir ozdan keyin esa yuragining bir cheti simillay boshladi. Satrlar orasidan sizib chiqayotgan bu ilohiy sogʻinch butun atrofni tutib ketguday edi. Undan esa bir qadrdon siymo isi kelardi...