OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGulnoza Ernazarova
Asar nomiOlmalar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Gulnoza Ernazarova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/25
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 7-8-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Olmalar (hikoya)
Gulnoza Ernazarova

Gʻalati tush koʻrdi. Tushida rahmatli onasi sovuqdan junjikkancha mungʻayib eski hovlilarining darvozasi oldida qoʻlida bir parcha non, bermoqchi boʻlib itni chaqirardi: «Olapar, ma, bah, bah».

«Onam oʻlmagan ekan, qaytip kelipti» deya suyundi nimagadir. Yugurib borib quchoqlagisi keldi, lekin onasi roʻyxush bermagani uchun jur’at qilolmadi.

«Voy, sovuqda bunday turmang, shamollab qolasiz, oʻziz kasalmand boʻlsayiz, uyga kiring», deyarmish jonhalak.

«Yoʻoʻ-oʻq, ketaman?» – onasi allaqanday gʻamgin moʻltirab tisarildi, tisarila-tisarila Nozimaga qoʻlidagi nonni uzatdi:
– Ma, Olapar kelmadi, sen yeya qol.

Nimadandir noroziga oʻxshadi: «Dadang shahardan olib kelgan gaz oʻchogʻimni olib ketay, oʻshani berib yuboringlar» deganday boʻldimi-ey, keyin moʻrisidan qop-qora tutun burqsib chiqayotgan kulba tomon ketdi. Kimning kulbasi, bu nimaga ishora?

Ruhi ogʻir, dili xun boʻlib uygʻondi. Yuragi tez urardi. Tushini, onasining gaplarini ta’bir qilmoqqa urindi. Bir nuqtaga tikilgancha, biroq hech narsani koʻrmay, oʻylamay, karaxt alfozda ancha yotdi. Eri nimadir deb hazillashdi, egilib yuzidan oʻpdi, xotinining befarqligidan ajablandi: «Tuzukmisan?» dedi yelkasini silab.

Deyarli lom-mim demay erini ishga kuzatganida ham, maktabga ketayotgan qizini yoʻldan qaytarib, «engil kiyinipsan» deb koyigancha qalinroq kiyintirganda ham karaxtligi tarqalmagan, yod boʻlib ketgan yumushlarini ixtiyorsiz takrorlardi, xolos.

«Bechoragina onam-a, otam uylanganiga hech toqat qilolmayaptimikin, oʻn yil oʻtayotgan boʻlsayam koʻnmayaptimikan?!... Yoshgina ketgan onama».

Allaqachon ishga boradigan vaqti boʻlgan boʻlsa ham uy ichida maqsadsiz timirskilandi, oʻz xayolida ishga bormaslik uchun bahona qidirdi, joʻyali bahona topolmadi. Koʻzgu oldiga upa-ellik qilgani oʻtirar ekan, yana koʻrgan tushi yodiga tushdi. Ixtiyorsiz xalatining old tugmalarini ochib koʻkraklariga sinchiklab qaradi. Ularni joniga qasd qilishi mumkin boʻlgan zaharga toʻla qopchalardek, qoʻl tegizsa zahar tanasiga tarqashi mumkindek ehtiyot boʻlib paypaslab koʻrdi, hech qanday xunuk alomatni sezmay xotirjam boʻldi.

«Agar men ham xuddi onamday... uylanarmikan... Albatta uylanadi. Otam uylanganda, nega bu uylanmasin. Kimga uylanarkin? Ziyodagami? Eridan chiqib bunga tegadimi?! Hali ham uni yaxshi koʻrsa kerak, meni hech kim yaxshi koʻrmaydi, hech kimga keragim yoʻq... Jinni boʻlipman. Gʻirt jinniman. Kimga uylansa uylanavermaydimi, menga baribir emasmi keyin». Ogʻrindi. Xuddi birov oʻlasan deganday, bema’ni oʻylardan dili xira edi. Koʻchaga chiqib qishga ogʻushini ochayotgan shaharning yalangʻoch daraxtlari ustida qagʻillab aylanayotgan qargʻalarga qaradi: «Uch yuz yil, uch yuz yil-a?! Balki yuz yildir? Baribir ham qop-qora bir qush uchun juda koʻp» deb mingʻirlab qoʻydi. Avtobus bekatida sut va boʻlka non koʻtarib turgan, munkillab qolgan oʻris kampirning imillagan harakatlarini kuzatib turib yuragi battar gʻashlandi, toqatsizlikni va koʻnglini toʻldirib turgan qora quyqani chiqarib yubormoqchi boʻlganday chuqur xoʻrsindi, uzoq «uff» tortdi. Kampir esa: «ne speshi, nash toje pridyot, ne nervnichay» deya uni ovutgan boʻldi.

«Ha, shoshmaslik kerak, menga ham balki navbat kelib qolgandir, kim oldin, kim keyin, Xudo biladi. Koʻp-kamligining ham uncha ahamiyati yoʻq.»

Koʻz oldida yana boʻylari baland, sochlari, qosh-koʻzlari qop-qora, doim jilmayib turadigan navqiron onasi jonlandi, uni koʻrish, ovozini eshitish, vujudidan taralib turguvchi xushboʻy hidlaridan toʻyib nafas olish istagi jismini yoqib yubordi. Hatto sogʻinchdan soʻngaklari qaqshab ketgandek, joni boʻgʻziga tiqilgandek tuyuldi. Tomirlari titrab ketdi... birdan dilining oʻrtanishiga chidolmay yosh boladek hoʻngrab yigʻlagisi, chorasizlik tugunlarini koʻz yoshlari bilan yechgisi keldi. Onasi qazosidan koʻp oʻtmay qishloqqa borganida uzoq vaqt bemor yotganligidan devorlariga dorilar hidi singib ketgan, ogʻriqli tunlarning ingrogʻi, vidolashuv kunlarining qiynogʻi ufurib turgan hujraga kirib, onasidan qolgan tugunlarni titgan, koʻylaklarini topib hidlagan, sochlarining qadrdon hidlari anqib turgan bolishlarni bagʻriga bosib uvillagan: «Chidolmayapman, sogʻinayapman. Onamni sogʻinib ketayapman, koʻrgim kelayapti, hech chidolmayapman», – deya dod solgandi. Xolasi koʻzidan mildirab oqayotgan yoshlarni oq roʻmoli uchi bilan arta-arta: «Astagʻfurulloh, degin, sabr soʻragin, oʻlganni «sogʻindim» deyilmaydi, bezovta qilasan, faryod qilaversang chin dunyoda tinchimaydi» deb koyigandi.

Beixtiyor «astagʻfurulloh» deya shivirladi. Tirbandligidan yorilguday boʻlgan avtobusda bir pasda ezilib, gʻijimlandi. Baland boʻyli, kelishgan yigitning yelkasiga tiralib turarkan, dimogʻiga kelinchakli uydan keladigan isiriq, ohorli kiyimlar va qalampirmunchoqning aralash boʻyi urildi, yoshlikning hayotbaxsh nafasi xotirasini qitiqladi, eti yoqimli jimirladi. Hammasi xuddi kecha yuz berganday koʻz oldidan lip etib oʻtib ketdi. Tavba, u kelin boʻlgandi-yu, nazarida onasi uyalgan, allanechuk iymangan, toʻyga keluvchilardan tortingandaymi boʻlgandi. Qizi bilan anchagacha ochilib gaplashmagandiyam. Yigitdan tisarilmoqchi boʻlib atrofga qaradi, nigohi beixtiyor toʻlagina juvonning paltosi etagidan mahkam ushlab olgan qizchaga tushdi. Qizcha tinmay burnini tortadi. Juvonning qimirlash, demakki, dastroʻmolini sumkasidan olish imkoni yoʻq, qizi har burnini tortganida xijolatdan jahli chiqadi, «burningni tortishni bas qil» deganday xoʻmrayib qoʻyadi. Yillar orqaga qaytsayu, onangni etagidan ushlagan qizchaga aylanib qolsang, uning xoʻmrayishlariga beparvo burningni tortib ketaversang...

...Buncha tez oʻtdi, ulgura olmadim hatto ilgʻashga, qoʻllarim havoda muallaq qoldi, qildayin ilinjim yoʻq fursatni-da ushlashga. Dunyo, rostlaring yolgʻondir, yolgʻonlaring rost. Nega kiprigimni koʻtardim, nimani koʻrdim? Anglolmasman sira – nimaga keldim....

Kechikkanidan tajang boʻlib kirdi, issiq havo urildi yuziga. Eshik oldidagi xonadan shogird qizlarning kulgisi eshitildi. Toʻrdagi kichikroq xonada uch kishi: Oydin opa, Guli degan chevar birga ishlashadi.

Chok bosadigan mashinaning allaqaerini ustaga koʻrsatayotgan Oydin opa koʻzoynagining ustidan dum-dumaloq koʻzlarini xunuk goʻlaytirib Nozimaning salomiga xushlamaygina alik oldi. Paltosini yechib odatdagiday devorga mixlangan tosh oynaga qaradi, yuzi qarimsiqlashganday, eng soʻngi rusumda havas bilan tikkan, qomatiga yopishib turgan koʻylagi uniqib ketganday tuyuldi. Hafsalasiz kecha chala qolgan ishini olib u yer-bu yerini koʻklay boshladi. Ustani kuzatib qaytgan Oydin opa eshikdan kira solib bidirladi:
– Nima balo boʻlib kechikib yuripsiz? Kech kelib, erta ketasizlar, hozirgi yoshlarga ishlash yoqmaydi, biz ekanmiz-da oʻzimizni ayamagan, insofi yoʻgʻa bularni, xohlaganda kirib kelishaveradi. Yaxshiyam oʻzlaring uchun ishlaysizlar. Tartib boʻlishi kerakmi, axir?
– Shunday boʻp qoldi, – Nozima ham gʻoʻngʻilladi. Opa yana xunuk qaradi, nigohi Nozimaning koʻngliga botdi: «oshirib qoʻygan joyi bormi, oʻqrayadi.»
– Har kun nimadir boʻp qoladi. Ishga vaqtida kelmaysizlar-da, keyin plan katta, bajarish qiyin deysizlar, – javrardi opa, – mang, Gulining ikkita koʻylagining yengi qoʻndirilmagan ekan, hozir mijozi telefon qildi. Bugunga kerak ekan. – Opa koʻylaklarni Nozimaning oldiga itqitarkan, qoʻshimcha qildi: – U yogʻ-bu yogʻiniyam koʻrib qoʻying, yana biror kamchiligi boʻlsa qolib ketmasin.

Opaning asabiy qimirlayotgan ingichka lablari, qandaydir sovuq tusga kirgan raftoriga, soyasi ogʻir bulut kabi ustaxonada u yoqdan buyoqqa suzib yurishiga ogʻrinib qarab turdi va nima uchun koʻylaklar oʻzi tomonga lopillab uchib kelganiga avval tushunmadi, biroq soʻngi jumlalarni anglagani sayin miyasi yuzlab vertolyot bir vaqtda parraklarini aylantirib uchishga shaylangan aerodromga aylandi. Oʻzini bosishga harakat qilib tikuv mashinasi ustiga tushib beoʻxshov osilib qolgan koʻylaklarga tikildi, tikilgani sari mavhum gʻuvillash ostida gullar harakatga keldi, asta-sekin oʻz shaklini yoʻqotdi va oxiri bir-biriga chaplashib ketdi, ranglar allaqanday qoramtir, yashiltob boʻtqa tusiga kirdi va portladi:
– Erkatoyingiz yana ishga kelmadimi? – ovozi chiyillab chiqardi: – Men kechiksam boʻlmaydi, u haftada ikki marta ishga chiqmasa ham damingiz chiqmaydi-a?! Undan tili qisiq joyingiz boʻlsa bordir, meni tilim qisiq emas! Aytayotgan soʻzlari tomogʻiga tiqilib turgan yongʻoqdek alamzadalikka urilib toʻxtab qoladi, keyin titrab chiyillaydi, xuddi begona birovning ovoziday, vertolyotlarning gʻuvillashi aralashgan, shallaqilarcha. Shu ovoz oʻziniki ekaniga, shu gaplar oʻzidan chiqayotganiga hatto oʻzi ham hayron qoldi, Oydin opani-ku koʻzoynagi naq engagiga tushib ketdi. Aytilishi kerak boʻlmagan gaplar aytilgan, endi orqaga yoʻl yoʻq edi. Nimagadir shartta turdi-yu, koʻylaklarni opa tomonga siltab tashladi: – Men uning chalasini bitkazuvchi emasman! Andishaning otini qoʻrqoq qoʻymang!

Yarim soatlar chamasi ogʻir sukunat choʻkdi. Bu orada Oydin opa allaqanday dori ichdi shekilli, xonani achqimtir hid tutib ketdi, ikki-uch xoʻrsindi. Nozima hammasini bilib tursa ham boshini ishidan koʻtarmadi, onasi tengi ayolni xafa qilganiga pushaymon boʻldi, ammo oʻzini haq hisobladi, uzr soʻrashni nojoiz bildi. Hadeb chigil boʻlayotgan iplarni jahl bilan tortar ekan, dilidagi qorongʻulik quyuqlashayotganini, bir-ikki koʻngliga kelgan-u, biroq tiliga chiqmagan gaplarni aytib gʻazabini toʻkib solgani bilan yengil tortmaganini, aksincha, devordagi soat millari sukunat yuragiga tiqillab urilgani sari tomogʻidagi alamzadalik yongʻogʻi zaharday achchiq quyqani vujudiga tarqatayotganini , koʻksi kuyisha boshlaganini his qildi.

Tushlik ham qilishmadi, birga yermiz deb olib kelgan quymoqlarini ham sumkasidan chiqarmadi.

«Ishga kelsam, opa bilan hasratlashsam, dilimning xiraligi tarqaydi deb yuripman men ahmoq. Battar boʻldi. Oʻzi nima jin urdi meni? Bilaman-ku Gulining ahvolini, oʻynab yurmagandir... ikkita tirik yetimini boqaman deb oʻtga ham, suvga ham kiradi shoʻrlik... yoʻoʻq, nimaga hammaning rahmini yeyishim kerak, mening rahmimni kim yeydi? Jin urgan meni. Qanday jin ekan-a?... Shu yenglarni qoʻndirsam oʻlib qolarmidim, ishim ham kam edi. Opa bechoraning Guliga rahmi keladi, yosh jonini jabborga beradi deb achinadi, nega «tiling qisiq» dedim?... opa mungʻayganda onamga oʻxshab qolarkan... kechirim soʻrasammi... keyin yana yelkamga chiqib olishadi... esimni yebman, yelkamga chiqqanda nima qilishardi? Osmon buncha tund-a?...Yaxshiyam qizimni issiqroq kiyintirganim...» Hovliga chiqib bir pas izgʻirin sovuqda turdi, vujudini yondirayotgan allaqanday gʻalati, oʻziga ham tushuniksiz nimaningdir taftini achchiq sovuq bilan bosishni istadi.

Tanamni paypaslar noma’lum bir dard,
Sovuq harorati jonim kuydirar,
Kiprigimda titrar ozor otligʻ gard
Neni istashimni Xudoyim bilar...

Qaytib kirganida Oydin opa ketib boʻlgan, xonada hech kim yoʻq, boʻzraygan manikenlar ustida osilib turgan koʻylaklar, nimchalaru kamzullar va yana allanimabalolarning soyasi kech kuzning kul rang havosidan nimqorongʻulashgan xonaga oʻlik ruh berayotganday edi.

Yana tirband avtobus, charchagan chehralar, koʻzlarini yumib olgan, qulogʻiga telefon simini tiqqan talaba qizlar, sochlari qoʻqigan, paltosining tugmalarini qadamagan, uzun sharflarini iyaklari bilan aylantirib olgan hafsalasiz yigitchalar...

Uyiga yetmay bir bekat beridagi kichkina bozorcha oldida avtobusdan tushdi. Bir oz yurmoqchi, bahonada koʻkatlar, meva-cheva olmoqchi boʻldi.
– Olma olib keting, opa, – bozor darvozasi oldida turgan yuk mashinasi panasidan eskigina telpak kiygan, koʻzlari qisiq, sovuqdan yuzlari qip-qizil, oyoqlarini yerga tapillatib urayotgan yigit oʻtib borayotgan odamlarga xuddi olmalarini bepul berib yuboradigandek manzirat qilardi: – Aka, olma tekin boʻlib ketdi.

Nozima mashinaga yaqin bordi, oq, qizil, koʻkimtir boʻlib tovlanib turgan olmani ushladi, olma muzday edi.
– Qanchadan boʻldi?
– Opa, arzon, ikki ming, yangi yil oldi olib chiqmoqchi edim, besh mingdan kam boʻlmasdi, koʻrmaysizmi, dabdurustdan keliningizning mazasi boʻlmay qolsa deng.

Yigit gapira-gapira olmalardan birini pichoqchasi bilan tilimlab uzatdi: – Oling opajon, qarang, saralama olma, Oloyga olib borsam noinsoflar bir ming uch yuz oxiri deydi, suvga oqizganday berolmayman-ku, toʻgʻrimi?

Yigitning qaeridir ukasiga oʻxshab ketdi, yapaloq burnimi, jovdirab qarashimi? Bir boʻlak olmani tili ustiga qoʻydi, shimidi: shirin. Nozima indamay sumkasini kavladi, rostdan ham arzon, puli yetsa birdan oʻn kilo oladi, yangi yil bayramiga bir yarim oycha boru, balkonga qoʻysa turar. Karmonining choʻntaklariyu, avra-astarini agʻdarib oʻn toʻqqiz ming toʻrt yuz topdi, yigitcha yana bordir deganday karmonga umidvor qaradi.
– Hay, toʻqqiz kilo bera qoling, chiqmadi, bori-da, – dedi xijolatomuz.
– Yoʻgʻe, oʻn kilo beraman, opa, barakasini bersa boʻldi, qoʻlingiz yengil boʻlsin, tezroq hammasini sotay, – dedi shoshgancha qiyshaygan paqirni olmaga toʻldirar ekan.
– Ilohim xotiningiz ham sogʻayib ketsin, – dedi Nozima unga javoban.
– Aytganingiz kelsin. Bolalar yosh, – yigitning ovozi titrab ketdi, – sogʻayib ketsin.

Oʻn kilo hazilakam yuk emas ekan, oʻzini ancha pishiq deb yurgani bilan yigirma-oʻttiz qadam yurar-yurmas oʻpkasi ogʻziga tiqildi. Qattiq matodan tikib olgan toʻrxaltasini yerga qoʻyib atrofga javdirab qaradi: «hademay qorongʻu tushadi, bu yurishida qachon yetib boradi».
– Koʻtarishib boraymi opa?

Nozima oʻgirilib qaradi, bechorahol kiyingan oʻttiz besh yoshlar atrofidagi erkak turardi:
– Oʻzi qatta turasiz?.
– 12-kvartalda.
– Anchagina ekan, qancha berasiz?
– Rozi qilaman. Qanaqasiga ancha, besh yuz metr, uzoq emas, uygacha olib chiqasiz, uchinchi qavat. Erkak indamay sumkani koʻtarib ildamladi, uning ortidan ergashib borarkan, erkakning yuk ogʻirligidan yon tomonga mayishgan gavdasiga, eski shimiga va allaqachon sovuq tushgan boʻlsa ham oyogʻidagi chap tomoni yeyilib ketgan yozlik latta tuflisiga qaradi: «yomgʻir yogʻsa nima qilarkan?» Yoʻlni yaqin qilish uchun ikki uy orasidan kesib chiqayotganlarida qaerdandir, pod’ezd ayvonchalarining biridanmikan, yosh bolaning quvnoq ovozi eshitildi:
– Foti, adajonim kevottila, adajooonim... – ular tomonga yoʻlakni toʻldirib toʻrt yoshlar chamasidagi loʻppi bolakay oʻqday uchib kelardi, xazonlarni qoʻlidagi choʻpcha bilan titib yurgan qizaloq uning ketidan yugurdi: – Adajoonim. Bolalar maydonchasidagi olti-etti yoshlar chamasidagi bola halinchakdan tushib «men ham borsammi» deganday taraddudlanib turardi. Birinchi boʻlib yetib kelgan bolakay dadasi qoʻlidagi olma toʻla sumkani koʻrib quvonchdan sakradi va orqasiga qarab qichqirdi:
– Foti, adajonim olma olib keldi. Olma, urey, olma... Qizaloq ham kela solib dadasi qoʻlidagi sumkaga qaradi va chapak chalgancha u ham orqasiga qarab, maydonchada turgan bolaga suyunchilab baqirdi:
–Koʻp olma, rosa koʻp, urreey.

Aka ham olmadan quruq qolmaslik uchunmi, yoki ukalarining gapi chinligiga ishonch hosil qilish uchunmi, ular tomonga yugurdi. Erkak bolalari oldidan chiqishini kutmagan ekanmi, dovdiradi, xijolatdan nima qilarini bilmay tipirchiladi:
– Sovuqda nima qilib yuripsanlar, kech boʻldi, uyga kirlaring, oying qani? «Tez uyga kirlaring». Bolalar otalariga yordamlashmoqchi boʻlibmi uning qoʻlidagi sumkani olishga urinib tarmashgancha quvonchdan qichqirishardi, goʻyo bu olmalarni ular ming yildan buyon kutayotgan edilar. Juda gʻalati vaziyat edi, erkak ularni sumkadan nari itarmoqchi boʻlar, boʻsh qoʻli bilan qushlar galasini haydaganday havoni sermar va ayni paytda oldinga qarab yurishga behuda urinardi, bolalarining sumkani koʻtarib, otalari yukini yengil qilishdek ayricha xohish-istagidan yuk yana ham ogʻirlashgandi: Uyga bor baring, kirlaring uyga,– deb baqirib yubordi u oxiri vajohat bilan, bolalari yopishgan sumkani siltab tortarkan, qichqirdi.
– Yoʻqol, yoʻqole hammang.

Ovozi vahshiy hayvon oʻkirigiga oʻxshab ketdi, bolalar tosh qotishdi, butun dunyo jimib qoldi yoki Nozimaning quloqlari bitib qoldi, hech narsani eshitmay qoʻydi.
– Sardor, ukalaringni olib kel. Nozima ovoz egasini qidirdi: pod’ezd oldida qorni doʻppaygan ayol, rangi gezarganday (balki shom qorongʻusida shunday koʻringandir) turardi. Uning ranju norozilik singib ketgan chiyillagan ovozi Nozimaning koʻksiga kelib urildi, zarbidan yuragi qalqib ketdi. Nimagadir bolalar ham otalarining hayqirigʻi, onalarining chorlovidan keyingina ularga termilib turgan xolani payqashdi. Hamma bir-biriga tushunarsiz alfozda tikildi. Yana qoralik nuqsi ura boshlagan kul ranglar, bolalarning kichkina jussalari, yalangʻoch daraxtlarning sovuq koʻlankalari mayishib-qiyshayib bir-biriga aralashib quyqa tusiga kira boshladi, hozir portlaydi deb oʻyladi Nozima va ana shu falokatning oldini olmoqchiday beixtiyor erkak tomon intildi, unga muhim nimanidir aytmoqchi boʻldi, biroq oʻsha muhim nimaning nima ekanini hatto oʻzi ham bilmasdi. Xijolatdan qaddi bukilayozgan erkak unga sumkani tutqazmoqchi boʻlib uzatdi, u esa sumkani toʻldirib turgan olmalar tomon oriq va sovuqdan zahil rangga kirgan qoʻllarini uzatarkan:
– Qizimga ham olmalaringizdan bir-ikkita bering, maylimi – dedi va hayron erkak oʻziga kelmay turib bir necha dona olma oldi, lablari esa shivirladi:
– Bolalarni xafa qilmang, men roziman, keyin uzilib ketarsiz, hozir indamang, indamang.

Juda qat’iy, muhokamaga oʻrin qoldirmay aytdi bu gapni, har bir tovushga singib ketgan hukmfarmolikdan oʻzi ham hayratlandi. Erkak rozi boʻlganday siniq iljaydi, biroq lablari xuddi yigʻlayotgan odamning lablari kabi xunuk qiyshaydi. Ulardan uzoqlashar ekan, erkakning:
– Yuringlar uyga, – deganini eshitdi, – yuringlar, olma yeymiz.

Nozima koʻzidan issiq yosh oqayotganini sezdi, uni qoʻlidagi olma bilan artdi.