OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGulnoza Mamarasulova
Asar nomiAyriliq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Gulnoza Mamarasulova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm20KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/25
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ayriliq (hikoya)
Gulnoza Mamarasulova

Choshgoh mahali.

Keng hovlining oʻrtasidagi baland oʻrik daraxti tagiga qurilgan supacha ustida ikki aka-uka qandaydir gap ustida tortishishardi.
- Nima?! ... Otamni oʻzi shunday deptimi-a? Yo tavba, tavba uylanarmikan?! Qariganida-ya... Bu nimasiydi endi? Yo , Xudo qishloqda shu gap yetishmayotuvdi, oʻzi. Ana sharmandalik, ye, qoʻysangchi yana hazil qilayotgan boʻlma, – deya oʻgʻil qoʻlidagi doʻppisini gʻijimladi.
- Hazil qisam, shunday hazil qilarmidim? Keyin otamning oʻzi aytipti, demadim hali. Menga qolsa shunday boʻlsin depmanmi-a? Oqsoqolning gapini eshitganimda ogʻzim ochilib qoldi, oʻziyam. Nima deb, javob berishniyam bilmay qoldim. Keyin, mayli maslahat qilaylikchi, deb qoʻya qoldim.

Shunday deyar ekan kenja, daraxtga suyanib oʻtirgancha kalishini yechib, ichiga toʻlgan tuproqni yerga urib qoqdi. Gohi-gohi peshonasidagi reza-reza terlarni boʻyniga doimiy tashlab yuradigan roʻmolga artib qoʻyar ekan, onasini esladi.

Bu roʻmol onasini eslatib turadi, onasidan yodgorlikday gap. Undan hanuz onasining isi kelib turadi.

Eh, qaniydi, onasini yana bir bor koʻrsa, bagʻriga bosh qoʻygancha, diydoriga toʻyarmidi?... Mana uch yildirki onasi yoʻq. Uch yildirki onasining uydagi, qishda paxta chigitlab, yozda ip yigirib oʻtiradigan joyi boʻm-boʻsh.

Kichik oʻgʻilning koʻzi sogʻinchdan yoshlandi. Lekin buni akasiga bildirmaslik uchun oʻrnidan turdi-da ketmonni yelkasiga tashlagancha , tushlik ham qilmay dalaga otlandi. Ketar chogʻi, oʻzi istamagan holda, «Oʻzing nima deysan, balki oqsoqol haqdir », dedi toʻngʻich.

Akasining bu gapi uning yuragini kuydirdi. Nimalardir demoqchi boʻldi-yu oʻzini toʻxtatdi, axir akasida ayb yoʻq-ku, umuman birovni ayblab oʻtiradigan payt emas.

Kencha bir nima demay dalaga ketdi.

Bepayon dala… Koshki shu dalalar onasini eslatmasa. Bu tuproq onasining mehnat teri bilan sugʻorilmaganmi axir?! Har bir yashil oʻt-oʻlanu giyohlar onasidan esdalik, uning bosgan izlaridan unib chiqqan.

Oʻgʻil ketmonni yerga bir-bir urib, chopar ekan koʻz oldida onasi , olis oʻtmishi gavdalanaverdi. Qoʻli ishga bormadi.

Bolalik davrlari….

Chuldiragancha onasining ortidan ergashishlari….

Kunning qizigʻida yurmasin, boshidan kun oʻtadi, deya onasi uni uyda qoldirar edi, enasining yonida. Oʻzi esa anchayin ulgʻayib qolgan bolalari bilan quyosh ayovsiz qizdirib turgan dalaga ketardi. Qani endi kenjatoy uyda indamay qolaversa, menam qolmayman, dalaga boraman, deya xarjasha qilishi olamni buzgudek, qari enasining xay-xaylashiga ham qaramay, aka-opalarining ortidan chopardi.

Eh, ona-ya ona, oʻgʻlini bu ishi uchun koyigani bilan, yelkasiga opichlagancha barcha dala ishlarini shu koʻyi bitirar edi. Bolasini opichlagancha, paxtayam terardi, chopigʻam chopardi.

Onasining joni toshdan qattiq boʻlganda, oʻziyam. Oʻshanda onaning qadriga yetmagan ekan. Oldingda oqqan suvning qadri yoʻq, deb shunga aytishgan. Oʻgʻilning hech yodidan ketmaydi; Bolaligida shoʻxlik qilib, onasini qattiq ranjitib qoʻygandi, akasi ikkalovi.

Ularnikidan ikki-uch uy narida Xolmurod bova turardi. Negadir yolgʻiz yashardi. Aytishlaricha, ancha yillar oldin uyiga oʻt tushib, kuyib kulga aylangan ekan. Xotini va bolalari yongʻinda vafot etishgan ekan. Faqatgina bovaning oʻzi tirik qolibdi. Haliyam oʻsha yongʻin tufayli kuygan yuzlarida izi qolgan.

Xullas, Xolmurod bovaning yakka oʻzi turadigan hovlisidagi uzum toklari qiyomat meva solgandi, oʻziyam. Qishloqdagi barcha uylar qatori bovaning hovlisiyam devor oʻrnida nomiga shoh-shabbalar bilan aylantirib chiqilgandi. Tabiiyki, marjonday tizilib turgan uzumlar shodasi oʻtgan-ketganning koʻzini olar edi. Ular faqat mazza qilib yeyish uchun yaratilgandi. Boshqa narsa uchun emas.

Xolmurod bova tok soyasidagi temir kravotida, bir otim nosni tili tagiga tashlab olib , kayf qilgancha uzumlarini qoʻriqlab yotardi. «Bova , uzum yeylik!» deya soʻrab kelgan bollar, enasining uch qoʻrgʻonini koʻrardi; yo yaxshilab kaltak yerdi, yo boʻralatib soʻkish eshitar edi. U yomon chol emasdi, faqat oʻlarmanday ziqna edi. – Shuncha uzumni nima qiladi, bekorga daydi qushlar choʻqib tashlagach, arilar xuzurini koʻradi. Undan koʻra , shu bolalarga bersa, savobi tegadi-ku qurmagʻur cholga, - deb qaygʻuradiganlar chiqardi qishloqdan. Bunday uzun-quloq gaplar bovaning qulogʻiga chalinib turardi albatta, lekin foydasi yoʻqda. Bovaning oʻzi aytmoqchi, «menga oʻziyam chepuxa, gapiyam».

Bir kuni Xolmurod bovaning uzumlariga rosa ishqi ketgan toʻngʻich va kenjatoy oʻgʻil bogʻga kelgan. Ularning niyati boshqa bollarnikiday yomonmas , oʻgʻirlik qilish niyati yoʻq edi. Bovadan bir-ikki bogʻ uzum soʻramoqchi edi, xolos. Ikkalovining uzum soʻrashga iymanibmi bir chekkada turishini koʻrib, notoʻgʻri tushungan chol yumshoqlik bilan: «Kelinglar , uzum beraymi, kelaveringlar! Ana toʻygunlayingcha yenglay! » , dedi chol ogʻzidagi nosini tupurishdan oldin. Ana Xudo berdi! Uning bunchalik saxiyligidan na quvonishni va na choʻchishini bilmagan bolalar , sekin kelib tortinibgina shoxga qoʻl choʻzgan edi hamki, bova ularni savalay ketibdi.

Keyin bolalarni onasining oldiga sudrab borgancha, «Oʻgʻrivachchalaringni yigʻishtirib ol! Tarbiyalash qoʻlingdan kelmasa, oʻzim tarbiyalab qoʻyaman, tufe-ey senlarga! » deya chirtilattib tupurdi va bolalarga qarab, «Baribir otangga tortibsanlarda, ming qilsayam, mol egasiga oʻxshamasa harom oʻlarkan », dedi zaxarxandalik bilan ortiga burilar ekan yana qoʻshib qoʻydi: «Otanga oʻxshamay oʻl-a!»

Avvaliga hech nimaga tushunmagan bolalar boya bovaning tuzogʻiga tushib qolganligini kechroq angladi.
- Choʻloq, - deya qichqirib yubordi toʻngʻich cholning ortidan, onasining bir ahvoldaligini koʻrib.

Bova boyagi gaplaridan bir yil oldin oʻgʻirlikda ayblanib, tuxmat bilan qamalib ketgan bolalaring otasini nazarda tutayotgandi. Ayniqsa begunoh farzandlarini «oʻgʻrivachcha» , deya haqoratlagani onaning jon-jonidan oʻtib ketdi.
- Uzum yegancha , zaxar yesalaring boʻlmasmidi, - deya zorlanib yigʻladi ona, oʻgʻillarini kaltak bilan siylab boʻlgach. Onaning soʻzlari oʻz manosida emas edi albatta, u buni oʻgʻillariga tilamaydi.

Alam oʻti aka-ukalarni jizgʻanak qilayotgandi. Buning davosi esa faqat intiqom. Shundagina alanga soʻnishi mumkin. Ular onasini qattiq ranjitib qoʻyishganini sezgandi. Lekin bogʻga yomon niyat bilan bormagandi-da ular. Bova, uzum bermayman, deganida, indamay qaytib kelaverishar edi. Xolmurod bova unday qilmadi-da.

Albatta , bu qilmishi uchun bolalar ham uni quruq qoʻymadi.

Anchayin shoʻx toʻngʻich , ukasi va koʻchadagi oʻrtoqlari bilan bovaning tazirini berib qoʻydi.

Reja boʻyicha, bolalardan biri , Xolmurod bovaning xovlisi bir burchagidan chaqira-chaqira qochdi. Hassasini sekin dukillatib, ovoz tomon kelgan tomonga yetib borguncha, bu yoqda tayyorlanib turgan bolalar toʻdasi uzumzorni talab ketishdi. Ular cholni bir-ikki shunday ovorai-sarson qilgach, urra qochishdi.

Toʻgʻrida, he yoʻq, be yoʻq moʻysafid odam, bolalarni urib-soʻkkani yetmaganday, onasini haqoratlagani nimasiydi ? ! Shu qurib ketgur uzumni deb, shundayam qiladimi odam ?!

Umr oʻtkinchi ekan. Xolmurod bova oʻtib ketgach, uzumlariga qaraydigan odami qolmadi. Bir – ikki yil rosa meva berdi, keyin qarov boʻlmagach qurib – qaqshab qoldi.

Bolalarning otasi qamoqdan qaytdi. Yana bir butun oila boʻlishdi. Qizlar boʻy yetgach uzatishdi, oʻgʻillarniyam uylashdi. Endi qarilik gashtini suraman deganida onasi ogʻir dardga chalinib qoldi. Kasallik shunchalik ildiz otib urgurgandiki, ona toʻshakka mixlandi.

Noumid shayton. Bolalarning otasi, farzandlar birgalikda uni olib bormagan shifoxonasi, koʻrsatmagan doʻxtiri qolmadi. Shifokorlarning koʻrsatgan karomati bilan onasining umri bir necha oylarga uzaydi xalos.
- Kasallik yillar davomida tomir otgan, onalaringning ahvoli ogʻirlashmagunga qadar bilmagansilar.Endi ancha kech qoldilaring, - deya qizlarni izillatgandi doʻxtir. Ularning otasiyam oʻshanda onasi bilan birday ozib-toʻzib ketgandi. U ayolini nihoyatda qadrlar edi. Shuni aniq sezib turardiki, ayolining shu koʻyga tushishiga oʻzi aybdor. Oilasiga yetarlicha gʻamxoʻrlik qila olmaganligi, turmadaligida ayoli bolalarga ham ota, ham ona boʻlib , dalada issiq-sovuq demay kuyib yonganlari , mana endi oʻz kuchini koʻrsatayotganligini anglar edi.

Olamga xira qorongʻulik pardasi yoyilgan mahal . Tabiat kuychilari chigirtka-yu baqalar tagʻin oʻz kuylarini goh baland, goho past tovushlarda, galma-gal, joʻr boʻlib kuylamoqda. Terak shoxlariga in qurgan bir toʻda chugʻurchuqlar galasi –yu ba’zan ovozi eshitilib qoladigan boyoʻgʻlida ularga joʻr boʻlmoqda. Podadan kaytayotgan mollar toʻdasi, qoʻy – qoʻzilar tinmay ma’rab, ular ham oʻzlarining borligini eslatib qoʻyayapti.

Xuddi shu mahal kencha oʻgʻil qishloqdoshlari kabi daladan qaytdi.

Odatdagiday keng hovli oʻrtasidagi katta soʻrida dasturxon toʻshalgan, toʻrdagi otasining joyi boʻsh edi. Demak hali masjiddan qaytmagan.

Kenja yuvinib kelgach, soʻri ustiga toʻshalgan atlas koʻrpaga choʻzildi. Shu yerda oʻynab oʻtirgan, endigina tili chiqqan qizi unga talpindi. U oʻrnidan turib qizini tizzasiga olgancha erkaladi.
- Asal qizim, dada degin, da-da. Keyin hoʻppa qilaman!
- Keldingmi ? – dedi koʻcha tarafdan kirib kelgan akasi soʻriga chiqar ekan. U yana nimadir demoqchi boʻldi-yu qizini oʻynatib oʻtirgan ukasining kayfiyatini buzilishidan hadiksirab indamadi.
- Xotin, - deya chaqirdi kenja , - qizimiz ishtonini hoʻllaganga oʻxshaydi. Almashtir!

Oʻchoq tarafda ovsini bilan kuymalanib yurgan juvon bir zumda yetib kelib, bolani olib ketdi.

Otasi masjiddan qaytdi. Oʻgʻillariga bir qarab qoʻydi-da mol-holdan xabar olish uchun molxonaga oʻtib ketdi.
- Sharofatnikidan kelayapman. Ertaga maslahatlashadigan boʻldik ularnikida, - deya ukasiga qarab gap boshladi toʻngʻich, - Hamma kelsin dedim.
- Opamlarnikiga borishdan oldin ... Balki , avval otam bilan gaplasharmiz-a ? – dedi kenja haliyam umid qilib, - Oqsoqol aytaveradi-da , otamning koʻnglini bilib oʻtiribdimi ? Kim biladi , balki otam rozi boʻlmas.
- Istimang yoʻqmi mabodo ? – dedi aka uning ustidan kulganday, - Nima deysan ? Ota sizga xotin, bizga ona kerakmi deysanmi-a? Undan keyin….
- Aka, men koʻnikishim qiyin onamning oʻrnida boshqani koʻrishga , tushunayapsizmi shuni ?

Aniqki, uning asablari qaqshayotgandi. Shuning uchun aka bir zum indamadi, ukasi oʻzini bosib olguncha.
- Toʻgʻri, menda kuyinayapman., - dedi aka sekin, xomush ovozda, - Onamni eslasam, yuragim pora-pora boʻladi. Singlimnikiga borish qaroriga kelguncha, keyin unikiga yetguncha nimalarni oʻylamadim deysan . Oʻylarimdan xulosa qildimki, biz faqat oʻzimizni oʻylayapmizmikan?
- Bu ishlarimizdan onam goʻrida tik turmasaydi....

Aka-uka shu koʻyi, to otasi ogʻilxonadan chiqkunga qadar suhbatlashib oʻtirishdi.

Tunov kuni kenja daladan qaytayotib, qishloq oqsoqolini uchratgandi.

«Otang qarib qoldi. Yonida issiq-sovugʻidan xabar olib turadigan suyanch kerak. Kelinlar baribir kelinda, kampirning oʻrnini bosolmaydi. Onangning oʻtganigayam mana qariyb ikki yil boʻldi. Sezgandirsana, otang shundan keyin oʻzini ancha oldirib qoʻydi. Avvalgi shashtiyam yoʻq . Shu desang oʻgʻlim, kampir olib berish, silarning ham farz, ham qarzlaring. Bilaman, otang nihoyatda oriyatli inson. Bu masalada oʻgʻillariga gap ochish u yoqda tursin, ogʻiz juftlashi dargumon. Shuning uchun akang bilan oʻzlaring bosh boʻlinglar, bu ishga. Otangni esa menga qoʻyib beringlar. Oʻzim gaplashaman « , - degan edi oqsoqol.

Hamma gap shu, farzanlarning yigʻilishiga sabab boʻlgan. Opa-singilu aka-ukalarning bari yigʻildi. Hol-axvol soʻrashib, mayda-chuyda haqidagi suhbatlardan keyin asosiy mavzu, bu yerga yigʻilishiga sabab boʻlgan masalaga , ya’ni maqsadga oʻtildi.
- Qishloq oqsoqoli bizga maslahat solgandi; «otangni uylantiringlar, bu farzandlarning otalar oldidagi farzidir» dedi . Yigʻilishdik, bunga nima deysilar.

Shunday deya masalani ochib berdi toʻngʻich oʻgʻil.

Gʻala-gʻovuridan quloq qomatga kelay deydigan davra birdaniga sovudi. Kayfiyat kengligida xiralik yoyildi. Hammaning koʻngli bir qur choʻqdi. Allaqachon kimlarningdir yuzida norozilik alomatlari sezila boshladi. Har qalay bu yangilik ularga xushxabar emasdi. Har qaysining boshida har xil oʻy. Kencha oʻgʻil esa hamon xomush , onasini eslardi. Balki onasi bunga rozidir… Balki…

Oydin oilada uchinchi farzand. Qizlar ichida yoshligidanoq shaddodi, shartaqisi edi. Yoshligidayam birov bilan tortishib qoldimi, beting-yuzing demay , hayoliga kelgan gapni qoʻyvoraverar edi. Aka-ukalari bilan tengma-teng olishardi. Shunday boʻlsada onasidan oʻlarday qoʻrqardi. Onasi qovogʻini bir uysa, tinchib qolardi. Uyni yalab – yulqashmi , non yopishmi, ovqat tayyorlashmi, hammasini baloday eplardi. Ishdan choʻchimas, dala ishidayam aka-opasidan , atrofdagilardan qolishmay ishlar edi. Oʻgʻil bola fe’li bor edi. Hozir esa Oydin anchayin bosiq , ammo bolaligidagi harakteridan saqlanib qolganlari bor.
- Otamning oʻzi bir nima demagandan keyin , qoʻyinglar shu ishni . Onamni goʻrida tik turgʻizmanglar! Men umuman qarshiman, boʻmagan gap , onamning oʻrniga qaerdagi ayol kelishi.

Oydin oʻylaganini shartta aytdi-qoʻydi. Unga ogʻir botgandi bu xabar, hamma qatori. U boshqalarning ichidagi gapni topib aytdi.

Oʻz xayollari bilan andarmon boʻlgan katta opa Sharofat dedi :
- Otamni men bilaman, deb oʻylardim. Otam onamni unutolmaydi. Bir ogʻiz oʻzi bilan gaplashish kerakmidi, a ?
- «Otangni menga qoʻyib beringlar «, dedida oqsoqol. Agar otam rad qilganda, oqsoqol «qoʻyaveringlar» derdi.

Keyin har kim har nima dedi. Lekin birovi, «mayli, rozimiz, otamga munosib kampir izlash kerak! » degan gap qilmadi. Qizlarning kenjasi esa shoʻrqilagani-shoʻrqillagan.
- Onam shoʻrlik tirik boʻlganlarida edi....Onaginam-a....

Joʻyali bir fikrga kelinmadi.

Faqat tong otgach hammasi hal boʻldi; barcha otasini uylantirishga roppa-rozi. Bu qarorga kelishlariga ham tuppa-tuzuk sababchi bor: tushida onasini koʻrib chiqqan kencha oʻgʻil.

«Saxarlab tush koʻribman. Onam, dilxira oʻtirganmish. Onamni biz xafa qilib qoʻydig-ov. - Bu ishlaring nimasi , nega oqsoqolning aytganini qilmaysan? – dedi onam. Ha, aniq esimda, shunday dedi. Yana allanimalar dedi-yu faqat xotiram pand berayaptida, lekin soʻzlaridan onam rozi edi – otamni uylantirishga ».

Aka-uka uyga qaytdi. Ularni kecha uyda koʻrmagan ota soʻradi:
- Ikkovlon boʻlib qaerga joʻnagandilaring?

Bir zumlik sukutdan soʻng, ularga tikilib turgan otasining yuziga qarolmay kencha gap boshladi.

Opamnikida .....

Nimadandir xavotirlangan aka darhol ukasiga oʻqraydi. Uning gapini shartta boʻlib:
- Ha, kechami... Sharofatnikida edik. Toʻy boshlamoqchi ekan, - deya dadillandi toʻngʻich. Yolgʻonni otasi sezib qoʻymasin uchun koʻzlarini olib qochib.
- Hmmm... Shundaymi, oʻgʻlini uylantirmoqchimi? Kap-katta yigit boʻp qoptida Sharofatning bollariyam... – dedi ota oppoq soqolini silagancha.

Oʻgʻillar bir-biriga manoli qarab qoʻyishdi.

Ularning endigi qiladigan ishi – otasiga munosib juvon izlash edi. Bu ishni oʻgʻillar xotinlariga ishonishdi. Hatto bunga yeng koʻp norozi boʻlib yurgan Oydinning oʻzi kelib bosh-qosh boʻldi, hammani lol qoldirib. U kelinlar bilan birga otasiga kampir topdi ham. Toʻyga tayyorgarlik boshlandi.

Uyda boʻlayotgan ortiqcha gʻimir-gʻimirlarni ota ham sezgandi albatta.Lekin u bilardiki, uning maslahatisiz oilada hech qanday toʻy-maraka oʻtkazilmaydi. Shuning uchun otaning koʻngli toʻq edi.

Otasining lom-mim demayotganligini oʻgʻillar oʻzlaricha nimalargadir yoʻyishdi; Oqsoqol aytgan ekanda. Shuning uchun hech nimani soʻramayapti otam.

Lekin bir kuni ....

«Kallai saharlab qassob nima qilib yuribdi!»

Molxonadan chiqib kelayotgan oʻgʻli bilan qassobni koʻrgan ota taajublandi. - Boʻrdoqi-ku boʻrdoqi, omma leken molni zoʻr boqibsilar.
- Toʻyni shuning oʻzi ta’minlaydimikan-a?
- Ta’minlash gapmi ortib qoladi, ortib. Koʻrasan goʻshi zoʻr, qurmagʻurning. Toʻydan keyinam mazza qilib, yeb yotishlaringa yetadi .

«Sharofatning toʻyi tezlashibdimikan-a? Oʻgʻillarim toʻyonaga xoʻkizni joʻnatishni yaxshi oʻylabti-ya , lekin soʻyib nima qiladi? Toʻyxonada soʻyilaversin-da. Menga nimaga maslahat solmaptikan buni ? »
- Mayli ukam, toʻydan bir kun oldin kechga soʻyamiz molni. Aytib kelaslar, kuni aniq boʻlsa, - deya qappaygan qorinli qassob lapanglagancha darvoza tomon yurdi.

Uni kuzatib qaytgan toʻngʻich haligacha supada oʻtirgan otasini koʻrmagandi.
- Oʻgʻlim, - deya oʻzi chaqirganidan soʻng otasining soʻridalini bildi va supachaga tomon yurdi.
- Toʻyni tezlatibsilarda-a, shunisiyam ma’qul. Boʻladigan ishning tezroq boʻlgani yaxshi.

Oʻgʻil otasining dabdurustdan aytgan bu gapidan angrayib qoldi. Nahotki otasi shunday deyapti... Demak oʻzi uylanishni istagan ekan. Toʻgʻridan – toʻgʻri bizga aytolmay, oqsoqol orqali istagini yetkazmoqchi boʻliptida...Onamni qanday koʻzi qiydi ekan-a ... Shoʻrlik onam-a...
- Choʻzganda nima qildik. Padarimizni uylantirish ham farzimiz, ham qarzimiz ekan. Shuni ado qilaylik deb....

Otaning boshiga gurzi tushganday, qalqib ketdi. U nima deyapti-yu oʻgʻli nimani aytayapti.
- Oʻgʻlim, nimalar deyapsan? Kimni uylantirmoqchisan.... Qanaqa toʻy?!

Toʻngʻich alam aralash kinoyali kuldi.
- Ota, gapni oʻzingiz boshlab, tagʻin mendan soʻraysiz-a. Undan koʻra qishloq oqsoqolidan soʻrang! Har qalay menikimasdir, Sizni toʻyingizda, sizni....

Otaning quloqlari shangʻillab ketdi. Oʻgʻlining soʻngi gaplari hamon qulogʻi ostida jaranglardi.
- Toʻy degin, toʻy.... Rahmat oʻgʻlim, ming rahmat...

Yuragida turgan sanchiq a’zoyi badanini qaqshatdi. Ogʻriqning zoʻridan ustuxonlarigacha zirqirab ketdi. U sudralgancha xonasi tomon yoʻl oldi. Tobora zilday ogʻirlashib borayotgan gavdasini zoʻrgʻa koʻtarardi. Goʻyo birov yelkasiga ogʻir yuk ortib qoʻyganday, oyoqlari qaltirar edi. Ming azob bilan xonasiga yetib kelgan cholning deyarli madori qolmagandi. Hali kelini yigʻib ulgurmagan joyiga qayta choʻzildi. Devorga osigʻlik turgan bir umrlik yoʻldoshining rasmiga sassiz tikildi. Koʻzlaridan tirqirab oqayotgan yosh yuzini yuvdi.
- Ketar ekansan, meni ham oʻzing bilan olib ketsang boʻlmasmidi, onasi ... quruqshagan lablari bexol shivirladi.

Yuragini huddi birov changallab azob berayotganday edi. Undagi bu hol ikkinchi marotaba sodir boʻlayotgandi. Bolalarning onasi vafot etgan kuni u shu holni boshdan kechirgandi.

Ogʻriq yanada kuchaydi. Yuragini changallab turgan qiynoq uni qoʻyib yuboray demasdi.

Shu payt.... Huddi shu payt....

Kimdir uni ohista turtganday boʻldi. Boyadan beri qiynayotgan ogʻriq taqqa toʻxtadi.
- Meni chaqirdingizmi?...
- Hayriyat, keldingmi... Faqat ketib qolma, ketsang meni ham olib ket. Bu safar ham yolgʻiz qoldirma....
- Axir oʻgʻillaringiz.....
- Ular endi oʻzlarini eplay oladi. Meni deb koʻp ovora boʻlishayapti... Ayniqsa toʻngʻichim menga koʻp kuyinadi. Ular Seni bilmaydida haliyam yonimga kelib turishingni.
- Ketdik... mening ham yolgʻiz ketgim kelmayapti!

Yurak urishdan taqqa toʻxtadi.

Farzandlarning dod-u faryodi butun qishloqni tutdi. Faqatgina toʻngʻich yigʻlamadi. Butun tanasi-yu ming bitta tomiri boʻylab yoyilgan iztirob iskanjasida qolgandi.

Lablari tinmay pichirlardi:»Ota, kechiring otajon!»

Azaga deyarli qishloqdoshlarning hammasi keldi. Faqat oqsoqol koʻrinmadi. Bir necha oy avval ziyoratga ketgan ekan.