OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGulnoza Mamarasulova
Asar nomiPariroʻy (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Gulnoza Mamarasulova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm37KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Pariroʻy (hikoya)
Gulnoza Mamarasulova

Keyingi paytlari Abdulla kunlarining bir alfozda zerikarli oʻtayotganidan tez-tez noliydigan boʻlib qoldi. Har kuni ertalabdan ishga boradi, kech tushgach qaytadi. Shu bilan yana bir kuni oʻtadi-ketadi. Har kuni bir xil odamlar, bir xil ish, bir xil tanishlarni koʻraverib zada boʻlgan Abdulla «Endi hayotim shunday oʻtib ketaverar ekan-da», deya chuqur xoʻrsinib ham qoʻyadi.

Bank xodimlarining koʻpchiligining yurishiyam pul, turishiyam pul. Hatto tushlaridayam pulni koʻrishadi-yov. Xodimlarning ishdan boʻsh vaqtlaridagi gaplariyam faqat pul toʻgʻrisida boʻlib qolganda. Hisobchi qizning aytishicha, hatto tushlaridayam «mullajiring»ni sanab chiqarkan.

Abdulla esa umuman tushida pul koʻrmaydi. Hamkasblarning pul haqidagi suhbatlaridan ham toʻyib ketdi.

Abdulla ba’zida bu kasbni tanlaganidan afsuslanib ketadi. Ammo bankda ishlamaganida, boshqa qanday kasbning etagidan tutar edi – buni aqliga sigʻdirolmaydi.

Onasi esa soʻnggi kunlarda bir xil gapni qaytaravermoqda:
– Oʻgʻlim, qachon kelin topasan? Koʻnglingda boʻlsa ayt, sovchi qoʻyaylik. Agar yoqtirganing boʻlmasa, oʻzim topaman... Uylansang ham uylanasan, uylanmasang ham uylanasan! Qachongacha uy ishlari deb sudralib yuraman? Menga rahming kelmasa, oʻzingga.... – Sharofat xola koʻz yoshlarini artib, diydiyosida davom etadi: – Ana, qoʻshnimiz, oʻgʻli sen tenggi, allaqachon kelin tushirib, nevarali ham boʻldi. Men esa... Toʻrt kunlik umrim qoldimi, yoʻqmi...
– Oyi, qoʻysangiz-chi? Bu nima deganingiz? Bunday narsalarni oʻylamang, hali koʻp yashaysiz! Shoshib nima qildik. Bir kuni kelinli ham boʻlarsiz. Nevaralaringizdan qochib qutilishga joy topa olmay qolarsiz hali, – deya Abdulla hazil qilmoqchi boʻladi-yu, lekin oʻxshatolmaganini oʻzi ham sezadi.
– Doim shunday deb meni aldaysan. Qani endi nevaralarim oldimda chuvillashib yursa. Yoshing yigirma beshdan oshayapti, hali parvoying palak. Sen qatorilarning .... – Sharofat xola yana yigʻlamsiray boshlaydi.
– Boʻldi, boʻldi, oyi, bilaman, – deya Abdulla bu mavzuga nuqta qoʻymoqchi boʻldi bu safar. – Yana ozgina sabr qiling! Ishxonadan Qashqadaryoga yuborishayapti. Kelganimdan soʻng bu masalani hal qilamiz, faqat ungacha bu mavzuni qoʻzgʻamaysiz. Endi koʻnglingizni xotirjam qiling.

Sharofat xolaning yuzi biroz yorishdi.
– Oʻgʻlimdan aylanay! Sen nima desang shu. Qachon qaytasan? Ungacha toʻyga taraddudlik koʻrib turaman-da. Qani shunday paytlari otang yonimda tursa. Shu kunlaringni otang koʻrganidami... – Onaning koʻzlarida yosh yaltilladi.
– Yana yigʻlayapsizmi, oyi? Bor-yoʻgʻi uch haftada qaytaman. Yigʻi-sigʻini yigʻishtiring endi. «Xoʻp» desam ham yigʻlaysiz, «yoʻq» desam ham yigʻlaysiz-a?!

Sharofat xola allanechuk sergak tortib dedi:
– Boraman desang boshqa joy yoʻqmidi, bolam? – Shundan soʻng ona shosha-pisha kaftlarini juftlashtirdi: – Oy borib, omon qayt, bolam.

Abdulla mana shu tarzda toʻyiga rozilik berdi. Shundayam onasini oʻylagani uchungina «mayli» dedi. Oʻziga qolsa-ku, boʻydoq yuraverar edi.

Rozi boʻlishga-ku, boʻldi. Lekin endi nima qiladi, kimga uylanadi ? Bu savol Abdullaga yechimi topilmaydigan jumboqday tuyulardi. Shunday paytlari yigit oʻzini chalgʻitishga urinar edi: «Mayli, bir havo almashtirib kelaveray-chi, keyin bir gap boʻlar».

Xullas, Abdulla «Qaydasan, Qashqadaryo!» deya yoʻlga otlandi. Yoʻlning uzoqligini. «Yoʻl azobi – goʻr azobi» deb shunga aytishsa kerak-da. Abdulla erta saharda moʻjazgina mehmonxonaga borib joylashdi-yu, tarrakday qotib uxladi. Vaqt tushdan oshib, quyosh atrofni jizgʻanak qila boshlagan mahalgina erinibgina koʻzini ochdi. Shunda ham yaqin atrofda olamni boshga koʻtarayotgan qushlarning chugʻur-chugʻuridan uyqusi buzildi.

Abdulla oʻrnidan turib xonani koʻzdan kechirdi. Kecha e’tibor bermagan ekan. Unga mehmonxonaning ikkinchi qavatidan, tashqarini bemalol kuzatsa boʻladigan ochiq ayvoni bor xona ajratishibdi.

Yigit ayvonga chiqib tashqarini tomosha qilar ekan, tabiat chiroyidan dili yayradi. Charchogʻiyam unutildi. Chaman-chaman ochilib yotgan gullarning hidi dimogʻiga urildi. Shoxlariga marjonday tizilib, sap-sariq boʻlib pishgan oʻrik donalaridan terib yegisi keldi uning. Ammo birdaniga yuziga xomushlik pardasi tortildi. Oʻrik daraxti Abdullaga bolalik yillarini eslatib yuborgandi.

Hovlilarida bir tupdan oʻrik va olma daraxti boʻlardi. Oʻrik pishib yetilgach Abdulla daraxtning boʻyi yetgan joyigacha terib yer, dadasi ishdan kelishi bilan qoʻyarda-qoʻymay daraxt oldiga tortqilab borib, balandroq shoxlardagi oʻrik donalarini terib berishni soʻrardi. Onasi bilan tergani hisob emasdi. Negadir Abdullaga dadasi terib bergan oʻriklar shirinroq tuyilar edi. Bola buni onasiga aytishdan hech charchamasdi. Sharofat opa esa bunga javoban kulib qoʻyardi.

Eh, qaniydi, oʻsha damlar yana qaytib kelsa! Yana otasi terib bergan shirin oʻriklardan lazzatlanib yesa... Ming afsus... Abdullaning otasi allaqachon qaytib kelinmaydigan uzoq safarga ketgan. Onasi Abdullaga bolaligida shunday deya tushuntirgandi. Oʻsha oʻrik daraxti ham qaytib meva bermadi. Qurib tamom boʻlgach, oʻtinlikdan boshqa hech narsaga yaramay qoldi.

Abdulla shularni oʻylab, xonasiga kirdi. Har doimgiday oʻzini chalgʻitish uchun qoʻliga kitob oldi.

Baribir xayolini oʻsha bolalik davri xotiralari oʻgʻirlayverdi. Miyasiga oʻrnashib qolgan manzaralar koʻz oʻngidan birma-bir oʻtaverdi. Kitobning bir necha sahifasini oʻqib chiqqan boʻlsa-da, kallasiga hech nima kirmadi. Hammasi aralashib ketdi. Bularni oʻylamaslik uchun Abdulla yana uxlashga urindi. Koʻzini yumishi bilan yana oʻsha bolalik chogʻlari, qurigan oʻrik daraxti kino lentalariday koʻz oʻngida gavdalanaverdi. Abdulla shu alfozda yana uyquga ketdi.

Gʻalati tush koʻrdi. Oppoq koʻylakli farishtaday qiz... Abdulla allaqanday notanish koʻchada adashib qolib, oʻsha qizga roʻbaroʻ boʻldi. Jazirama kun issigʻida yolgʻiz oʻtirgan bu qizdan boʻlak koʻchada hech kim yoʻq emish. Bu yerlarda musofir ekanligini, adashib qolganligini aytib, yoʻlni koʻrsatib yuborishni iltimos qilmoqchi boʻlib turgan Abdullaning koʻzlari qizning nigohiga tushibdi-yu, gʻalati boʻlib ketibdi. Qizning tim qora, shahlo koʻzlari negadir ma’yus boqardi. Yigit aniq eslolmaydi-yu, lekin qizdan nimanidir soʻradi. Qiz endigina javob berishga ogʻiz juftlayotgan edi hamki, uni bir nechta odamlar chaqira boshladi. Qiz sarosimaga tushdi. Abdulla qizni chorlayotgan odamlar tomonga qaradi va hayratdan yoqasini ushladi. Qizni chaqirayotganlar orasida dadasi ham bor edi. Aniq-tiniq eslaydi, u dadasi edi. Dadasi tanib boʻlmas ahvolda edi. Yuzlari allaqanday sovuq, qora tusli kiyimlari eskirib ketgan. Abdulla yonidagi qizni ham unutib dadasi tomon talpindi. Biroq ota oʻgʻliga bir sovuq nazar soldi-da, ortiga oʻgirilib, keta boshladi. Tanimadi, ota oʻgʻlini tanimadi-ya?

Abdullaga rosa alam qildi. Boyagi qizdan buning sababini soʻrash uchun shoshib yoniga qaradi. Afsuski, jizgʻanak boʻlib yonayotgan koʻchada oʻzidan boʻlak hech kim yoʻq edi. Shu payt kimdir yelkasiga qoʻlini qoʻyganday boʻldi....

Choʻchib uygʻongan yigit bularning bari tush ekanligini bilib, ichida kalima qaytardi. Soʻng tushini boshidan eslay boshladi. Dadasi qizni nima deb chaqirdi? Pari... Parizod deganday boʻluvdi, shekilli. Ular bir zumda qaerga gʻoyib boʻlishdi? Dadasi nega uni tanimadi... Boshi gʻuvillayotgan Abdulla: «Oddiy tush-da, hech nimani anglatmaydi. Tushga nimalar kirmaydi...» deya oʻzini chalgʻitishga urindi.

Yigit qorni ochiqqanini sezib kiyindi-yu, pastga tushdi. Mehmonxonaning birinchi qavatidagi restoranga kirib, taom buyurtirdi. Negadir koʻz oʻngida ham oʻsha tushidagi qiz turardi. Bejirimgina oppoq koʻylagi oʻziga yarashgan qizning koʻzlari qandaydir sehrli edi. Tushidagi huriliqoni oʻylayverganidan boʻlsa kerak, Abdullaga xizmatdagi ofitsiant qiz ham oʻsha qizday tuyulib ketdi. Xayolga berilgan yigit taom keltirgan qizning bilagidan tutib:
– Meni tanidingizmi?! Sizni tushimda... – deya hayajon bilan gap boshlagan mahal birdan oʻziga keldi.

Yigitning bu qiligʻidan choʻchib ketgan qiz siltanib uning qoʻlidan chiqib ketdi va gʻalati mijozga bir oʻqrayib qarab qoʻygach, tez-tez yurgancha nari ketdi.

Xijolat chekkan Abdulla boshini changallab qoldi. Xijolatdan yer yorilmadi-yu, yerga kirib ketmadi.
– Uff, xayolga berilib... – gʻoʻldiradi u. – Bitta tush shuncha ta’sir qilayaptimi menga?

Uning ishtahasi boʻgʻildi. Peshonasida reza-reza ter yaltiradi. Ichi qizib ketganligi uchun muzday ichimlik buyurtirdi. Sharbatni boyagi qiz keltirdi.
– Kechirasiz, toʻgʻrisi oldingizda qattiq xijolatdaman. Sizni birovga oʻxshatib... – Abdulla gapini tugata olmay kalovlandi.
– Hechqisi yoʻq, xijolat chekmang! – deya jilmayib qoʻygan qiz yana shoshib ortiga qaytdi.

Sal yengil tortgan yigit mayin taralib turgan kuy sadolari ostida ovqatlana boshladi.

Abdulla yemakxonadan chiqqanida olamni quyuq qorongʻulik qoplagandi. Faqatgina tunchiroqlarning xira yogʻdularigina bu zulmat bagʻrini oʻyib oʻtgandi.

Abdulla biroz mehmonxona atrofida aylanib yurdi. Bugungi kun uning uchun ancha ogʻir kechdi. Ertaga ish boshlanadi. Uni yarim tunda kutib olib, mehmonxonaga keltirgan haydovchi ertalabdan uni ishxonaga olib boradi.

Abdulla xonasiga kirdi va ish uchun zarur hujjatlarni yana bir bor koʻzdan kechirdi. Keyin joyiga choʻzilgancha ancha vaqt xayol surib yotdi.

Yana bir nurafshon tong otdi. Abdulla nonushta qilib boʻlgach, allaqachon xizmat mashinasida kelib, uni kutib oʻtirgan haydovchining oldiga shoshildi.

Abdulla birinchi kundanoq ishga astoydil shoʻngʻib ketdi. Ishni odatga koʻra bank kirim-chiqimlarini tekshirishdan boshladi.

Abdulla uch kun mobaynida koʻplab hujjatlarni tekshirish, hisob-kitoblarni koʻzdan kechirish, katta-katta mablagʻlarning qaerga sarf qilinganligini aniqlash va boshqa shu kabi ishlar bilan astoydil shugʻullanib, bosh qashishga ham vaqt topolmadi. Tushida koʻrgan malaksiymo ham esidan chiqa boshlagandi. Lekin....

Ishga vaqtli otlangan Abdullaning kayfiyati bugun yaxshi. Kecha onasi bilan telefonda gaplashib, u kishining sogʻ-salomat va bardam ekanligini eshitib ancha xotirjam tortdi.

Mashina bir tekisda ketib borardi. Haydovchi bugun mashinani boshqa yoʻldan haydayotganligini oʻz xayollariga andarmon Abdulla sezmadi.
– Katta yoʻl yopib qoʻyilibdi, har doimgi yaqin yoʻldan emas, uzoqroq yoʻldan ketayapmiz. Shunga sal kechikishingiz mumkin, – dedi haydovchi sukunatni buzib.
– Hechqisi yoʻq. Ishga bemalol boraveramiz. Shunaqasiyam boʻlib turadi, – javob qildi Abdulla bamaylixotir.

Mashina chorrahaga yetganda biroz sekinlashdi-da, tor koʻchaga burildi. Past-baland uylar birin-ketin joylashgan koʻchaning gʻadir-budir yoʻlida mashina silkinib-silkinib qoʻyardi. Kutilmaganda Abdullaning yuragida tasvirlab boʻlmas ajib bir titroq tugʻildi.

Tanish koʻchalar, uylar... Qiziq, nega bunchalar tanish manzara? Kimsasiz tor koʻcha, pastakkina darvoza. Judayam tanish... Yigitning yuragi hapqirib ketdi.
– Toʻxtang! – deya baqirib yubordi u.

Haydovchi darhol tormozni bosdi. Mashinadan shoshib tushgan Abdulla yana oʻziga juda-juda tanish darvoza yonida paydo boʻldi. Bir muddat nima qilarini bilmay garangsidi. Nihoyat oʻzini qoʻlga oldi va diqqatini jamladi. «Bu uy oʻsha uy ekanligi aniq. Tushidagi koʻcha qanday boʻlsa bu yer ham shuning oʻzginasi. Nahotki tushining hayotda roʻyobga chiqishini koʻrayotgan boʻlsa...»

Yigitning yuragi bezovtalandi. U darvoza osha hovliga boʻyladi. Yuragi uni aldamadi. Abdulla hayratdan yoqasini ushlab qoldi. Tushimi yoki oʻngi?!Taxmini toʻgʻri chiqqanga oʻxshaydi. Bu tushidagi pariroʻy....

Qiz tobora yigitga, aniqrogʻi darvoza tomonga yaqinlasha bordi. Abdullaning qalbidagi titroq oyoq-qoʻllariga oʻtdi. Hushi boshidan uchdi. Mana, qiz uning yonginasida toʻxtadi.Oʻsha bejirimgina oppoq koʻylagida.... Ma’yus nigohlari... Qiz uyga bir qarab qoʻydi va yana yoʻlida davom etdi. Yigitning dimogʻiga xushboʻy hid urildi. Hatto bu hid ham unga juda tanish. Qiz yigitga bir martayam nazarini tashlamay oʻtib ketdi. Goʻyoki u yonida hech kim yoʻqday, hech zogʻni sezmayotganday edi. Qiz uzoqlasha boshladi. Abdulla uning ortidan tikilib qoldi.

Shu payt poytaxtdan kelgan taftishchining gʻalati qiligʻidan hayron boʻlgan haydovchi signal berdi. Shovqindan oʻziga kelgan Abdulla qizning gʻoyib boʻlganligini koʻrdiyu, uning ortidan chopdi. Chorrahaga yetgan yigit kech qolganligini tushunib, alamdan depsindi. Koʻchada oq koʻylakli qiz koʻrinmasdi.

Ming alam bilan mashinaga qaytgan Abdulla miq etmay oʻtiraverdi. Haydovchi tezlikni oshirdi.

Kun boʻyi Abdullaning qoʻli ishga bormadi. Uning xayolini endi tushidagina emas, oʻngida ham koʻrgan pariroʻy oʻgʻirlagandi. Dimogʻiga esa qizdan taralgan xushboʻy gul atri oʻrnashib qolgandi.

«U qayoqqa yoʻl olgan ekan? Nega uni toʻxtatmadim? Hech boʻlmaganda ismini soʻrab qolmadim...» Yigit shularni oʻylarkan, landavurligi uchun oʻzini oʻzi koyib oʻtkazdi kunini.

Ertaga albatta qiz bilan tanishib oladi. Lekin qanday qilib buni uddalaydi? Qizlarga qanday muomala qilishni ham bilmaydi-ku. Uni ilk bora tushida koʻrganligini, shundan beri halovatini yoʻqotganini aytadimi?!. Yoʻq, yoʻq, boʻlmaydi. Qiz bechora qoʻrqib ketmasin, tagʻin.

Afsuski, Abdullaning niyati tezda amalga oshavermadi. Qizning uyini poylayotganiga salkam bir hafta boʻlayapti hamki, u koʻrinmaydi.

Mana, bugun ham oʻsha tanish darvoza yonida qizni kutib oʻtiribdi. Yigitning ahvoli oʻzgacha. Goʻyoki ichida oʻt-olov yonayotganday oʻzini qoʻyarga joy topolmaydi.

Abdulla haydovchiga ham faqat shu koʻchadan yurishni tayinlaydi. Necha kundan beri Abdullaning shu koʻchaga oshiqayotganligining boisini bilolmay garang boʻlgan haydovchining gaplari uning qulogʻiga kirmaydi.

Abdulla faqat bir gapni qaytargani-qaytargan. Bu gapni har safar hayajon va alam bilan takrorlaydi:
– Anavi kuni... Birinchi marta bu koʻchadan yurganimizda mana shu uydan chiqib kelgan qiz boridi-ku... oq koʻylakda edi, – yigit xuddi shu mahal ham oʻsha qizni yana koʻrayotganday koʻzlari yonib, titrab-qaqshab gapirishda davom etardi: – Ha, ha, u bejirimgina oppoq koʻylakda edi. Koʻzlari ma’yus uning. Yonimda bir toʻxtab, keyin gʻoyib boʻlgandi... – Abdulla alam bilan koʻkragiga urardi. – Oʻshanda uning orqasidan yugurib yetolmadim... Agar siz oʻsha qizni koʻrib qolsangiz, darrov menga ayting. Xoʻpmi, albatta ayting!
– Jon deb aytardim-u, lekin birinchi kuniyam, keyinam hech qanday qizga koʻzim tushmagandi-ku. Oq koʻylakligi tugul boshqasigayam.... Bu aniq, adashishim mumkin emas. Menimcha, siz yanglishgansiz, koʻzingizga koʻringan boʻlsa kerak, – dedi haydovchi hayron boʻlganini yashirib oʻtirmasdan.

Lekin bu soʻzlar Abdullaning qulogʻiga kirmasdi. Boshi qotgan xaydovchi esa hammasini yana boshidan eslab koʻradi: «Toʻgʻri, bu kishi darvoza oldidan turib xovlini kuzatdi. Bir zum xayol surib turib qoldi, soʻng chorrahagacha yugurib ketdi. Men hammasini kuzatib turgandim. Biroq hech qanday qizga koʻzim tushmagan boʻlsa, qanday qilib uni tanib olaman?!»

Mana, bugun ham har doimgiday haydovchi aytmoqchi «zerikish maydonchasida» turishibdi. Bu yerda turaverishdan hech qanday samara yoʻqligini Abdulla ham yaxshi sezib turibdi. Lekin koʻngil qurgʻur... Bir tarafdan ish qolib ketayapti. Oʻsha kundan beri uning qoʻli ishgayam bormay qoldi.

Ertasigayam, indinigayam shu ahvol oʻzgaravermagach, axiyri Abdulla taqdirga tan berishga majbur boʻldi. Ishiga yana astoydil kirishdi. Barchasini butunlay unuta olmasa-da, har qalay yumushga shoʻngʻib ketganidan, safar muddati tamom boʻlganligini ham sezmay qolibdi.

Abdulla barcha ishlarni tugallab, zarur hujjatlarni taxt qilib qoʻygach, ketish taraddudiga tushdi. Faqat... Oʻsha qizni yana bir bora koʻrsaydi. Aqalli uning isminiyam bilmaydi-ya...

Abdulla umid bilan oʻsha tanish koʻchaga burildi. Bugun u ataylab yolgʻiz keldi. Uni har doimgidek shoshiradigan haydovchisi ham, qolib ketayotgan ishi ham yoʻq.

Dam olish kuni boʻlgani uchunmi, koʻchada birov koʻrinmaydi. Abdulla ancha kutdi. Zerikdi, issiqdan tomogʻi qaqrab ketdi. Peshonasida yaltirayotgan terlarni roʻmolchasiga artdi. U kutaverdi. Bir zum ham umidsizlikka tushmadi. Sabr-toqat uning yoʻldoshiga aylandi. Avvallari u bir qiz uchun devona boʻlishi mumkinligini aqliga sigʻdira olmagan boʻlardi ehtimol. Ammo uning hozirgi ahvoli devonanikidan farq qilmaydi. Aslini olganda, qizni tushida koʻrdimi yoki oʻngida?..

Ming xil oʻy-xayollar girdobida qolgan Abdullaning boshi sanchib ogʻriy boshladi. U bu koʻyga tushmasdan oldin muhabbatga shunday ta’rif berar edi: «Sevgi bu – ahmoqlik. Bundan boshqa narsa emas». Endi-chi? Haliyam shu fikrini oʻzgartirmadi. Faqat kayftiyatini oʻzgartirdi. Yana bir soʻzni urgʻu berib qoʻshib qoʻyadigan boʻldi: «Sevgi bu – shirin ahmoqlik. Bundan boshqa narsa emas».

Kun yarmidan oshdi. Koʻcha hamon sokin... Nogahon yigitning yuragi oʻsha ilk uchrashuv kunidagidek tipirchilay boshladi. Hozir nimadir sodir boʻladi. U atrofni kuzata boshladi. Mana, oʻsha kungi xushboʻy hid yana dimogʻiga urilganday boʻldi. Demak, qiz yaqinlashayapti.

Nihoyat darvozaning bir tabaqasi qiya ochildi. Qiz uning roʻparasida... Yigit qattiq hayajondan karaxt boʻlib qolgandi. Bu oʻsha qiz edi!

Qiz bu safar indamay oʻtib ketmadi. U Abdullaga xiyol jilmayib qarab qoʻydi. Oʻzini yoʻqotib qoʻygan yigitning tili kalimaga kelmasdi. Yana biroz shunday tursa, qiz ketib qoladi. Abdulla soqov boʻlib turaversa imkonini ikkinchi bor qoʻldan boy beradi. Shuning uchun nimadir deyishi kerak. Yigit qizni endi topganida yana yoʻqotishni istamadi va xayoliga kelgan birinchi gapni tiliga chiqardi:
– Men... Haligi, sizni birinchi marta tushimda... –

Abdulla kalovlanib, gapini yoʻqotib qoʻydi. Bu ahvolidan oʻzini oʻzi yomon koʻrib ketdi. Qiz bolagayam tanishayotganda shunday deydimi? Bu gapiga kim ishonardi? Birov eshitsayam ustidan kulishi tayin: «Rosa lofdan olar ekan. Tushlarida koʻrganmish...» deya. Lekin qiz uning ustidan kulmadi. Hatto ajablanmadi ham, buni tabiiy holday qabul qildi. Uning oʻrnida boshqa qiz boʻlsa bormi, yoki oʻxshatib issiqqina shapaloq bilan siylardi, yoki «Choʻpchagingni shamolga ayt!» deya ketib qolardi.

Abdulla bir amallab diqqatini bir joyga jamladi.
– Keling, tanishib olamiz. Ismim Abdulla. Toʻgʻrisini aytsam, bu yerda mehmonman. Ismingiz...

Qiz unga bir muddat soʻzsiz tikilib turgach, mayin ovozda qisqa javob qildi:
– Parizod...

Yigit uning javobidan ruhlanib ketdi.
– Oʻ-oʻ, chiroyli, kamyob ism ekan. Ismingiz jismingizga mos. Oʻzingiz ham malaklarga oʻxshaysiz, – dedi yigit oʻzining munosib gap topganligidan xushnud boʻlib.
– Shu uyda yashaysizmi? – deya Abdulla qiz chiqib kelgan hovliga imo qildi.

Parizod «ha» deganday bosh irgʻab qoʻydi. Lekin qiz negadir yana xomush tortib qolgandi. Uni sinchkovlik bilan kuzatayotgan Abdulla buni sezdi.

Ular sekin yoʻlga tushishdi. Yigit gapni yana oʻzi boshladi:
– Bu koʻchaga anchadan beri qatnayapman, sizni uchratish ilinjida. Biroq har safar sizni koʻrolmay qaytar edim. Lekin umidsizlikka tushmadim. Faqat sabr qildim. Va nihoyat mana bugun niyatimga yetdim.

Abdulla qizdan javob kutib, unga tikildi. Lekin Parizod indamadi. Yigit ham qayta bu haqda soʻramadi. Ular chorrahadan oʻngga burilib yana biroz yurishgach, tor jinkoʻchaga qayrilishdi. Yoʻlni boshlayotgan Parizod edi. Abdulla esa qaerga ketayotganligini bilmasdi, buning unga farqi ham yoʻq edi.

Parizod bir ogʻiz ham gapirmadi. Abdullaning savollariga ba’zida boshini irgʻab qoʻydi, ba’zida umuman javob bermadi. Shu alfozda jinkoʻcha ham oxirladi. Yigitning diqqatini tortgan narsa, yoʻlning u tomoni ovloq, qarovsiz joylar edi. Koʻngilga vahima soladigan qabristonga tutashib ketgan qir-adirlar atrofni egallagandi.

Nihoyat qizdan sado chiqdi:
– Shu yerda xayrlashamiz.

Parizodning qaerga ketayotganligi Abdullani qiziqtirgan boʻlsa-da, lekin ortiqcha savol bermadi. Shusiz ham qancha soʻroqlari javobsiz qolgani oʻziga ayon.
– Mayli, koʻrishguncha. Mening xizmat safarim muddati tugadi, ertaga qaytayapman. Yana diydor nasib etadi yoki yoʻqmi, xudo biladi! – dedi Abdulla hali dilida qolib ketgan soʻzlar alangasidan yuzi qizib.

Xayrlashuv onlari yetib kelgandi. Nigohlar bir zumga bir-biriga soʻzsiz termulishdi. Qizning armon daryosi tubiga choʻkkan ma’yus koʻzlari, unsiz, oʻtkir nigohlari soʻngi marta qarshisidagi toza sevgi bulogʻining yogʻdusidan oʻziga rang oldi. Yigit esa qalb qoʻriga yashiringan sandiqchani ochib bera olmagani, tuygʻularini oshkor qila olmagani uchun hozirdan pushaymon cheka boshladi. Xushboʻy gul atri havoda tarqaldi.

Birinchi va soʻnggi uchrashuv...

* * *

Abdulla safardan qaytgach, ancha vaqt oʻziga kelolmay yurdi. Tushidayam, oʻngidayam koʻz oldidan Parizodning boʻy-basti uzoqlashmas edi. Bu qandayin savdoki, hijron, armon ta’qibidan qutula olmasa.

Oʻgʻlining ancha oʻzgarib qolganligini ona sezgandi. Abdullaning tushida alahsirab bir qizning ismini aytganida, Sharofat opa gumonlari toʻgʻri chiqqaniga amin boʻlgandi. Onaning yuragini taka-puka qilgan narsa esa, oʻgʻlining roziligisiz bir qizga ogʻiz solib qoʻygani edi. Tezroq Abdullani har xil xayollaridan chalgʻitib, toʻyni boshlasa-ku, hammasi oʻrniga tushib ketardi.

Ona shoʻrlik oʻgʻlining yana aynib qolishidan, safardaligida birontasiga koʻngil bergan boʻlsa, oʻsha yoqlarga ketib qolishidan vahimada edi. Axir oʻgʻlining yurish-turishi, gap-soʻzlarida shunga ishora borday edi-da.
– Senga nima boʻldi? Safardan qaytsam toʻyni boshlaymiz deganding-ku. Nega yana meni yalintirasan, nimaga ikkilanib qolding? Darding boʻlsa ayt! – dedi axiyri ona yigʻlab-siqtab.
– Yoʻq, oʻzim shunchaki... sal keyinroq boʻlsa...

Sharofat opaning koʻngli sal taskin topdi. Har qalay onaizorni vahimaga solib qoʻyadigan gaplarni aytmadi.
– Va’da – va’da! Va’da berdingmi, ustidan chiqishing kerak. Endi erta-indin deb choʻzmaymiz. Yigitning gapi bitta boʻladi. Men allaqachon kelin topib qoʻyganman. Ishonchim komil, u senga yoqadi. Sen manavi qizni bir koʻrgin, – deya ona zipillab uydan bir qizning suratini olib chiqib, oʻgʻliga tutqazdi. – Shunday oqila, istarali, goʻzalki... Oyoq-qoʻliyam chaqqongina ekan. Oʻzinggam bir marta uchrashib koʻrgin. Men joyini aytaman, ertaga qoʻrishasizlar.

Yigit qoʻlidagi suratga qaramadi ham. U taqdirga tan bergandi. Parizod endi uning oʻylaridagi malak, oppoq orzularidagi tilak boʻlib qoladiganga oʻxshaydi. Qizning vasliga yetishmoqlik osmondagi oyga yetmoqlik kabi mushkul.

Abdulla uchrashuvga rozi boʻldi.

Onasi ta’riflagandan ham goʻzal bu qiz faqat sevish uchun yaratilgandi goʻyo. Ammo koʻngilga buyurib boʻlmas ekan. Tim qora uzun sochlarini oʻrib oldiga tashlab olgan bu goʻzal yonida turgan yigitning ayni daqiqalarda nelarni oʻylayotganligini bilganida edi...

Abdulla esa hozir faqatgina Parizodni koʻrishni istardi. Yonidagi qizga deyarli e’tibor bermasdi ham. Oppoq koʻylakli, xiyol jilmayib turgan Parizodgina koʻrinardi koʻziga. Abdullani mast qiluvchi oʻsha shirin gul atri....
– Yoʻq, uning oʻrnini hech kim bosolmaydi. Bu qiz Parizodga zarracha ham oʻxshamaydi. Zarracha ham.... – deya yigit ichida alam bilan takrorladi.

Qiz bechora esa zerikib ketdi. «Juda jiddiy yigit ekan. Qizlarga qanday gapirish kerakligini ham bilmasa kerak», degan oʻyga bordi u.

Abdulla uyiga qaytgach, koʻp oʻylandi. «Nima qilish kerak? Nima qilsa toʻgʻri boʻladi? Xudbinlik qilib, faqat oʻzini oʻylamayaptimi? Toʻyga rozilik bermasa, onasi va boyagi begunoh qizni ranjitib qoʻymaydimi? Lekin unda Parizod nima boʻladi? Usiz qanday yashaydi?..»

Abdulla aniq bir qarorga kelolmay qiynalib oʻtirgan mahal onasi uning xonasiga kirdi.
– Keldingmi. Qalay, qiz senga yoqdimi? Kelin tanlashda adashmadimmi ishqilib? – dedi ona oʻgʻlining tushkun kayfiyatda oʻtirganligi bois yuragini hovuchlab.
– Yoʻgʻ-e, siz aytganday yaxshi qiz, ammo...

Abdulla bosh barmogʻini miyasiga tiragancha oʻylanib qoldi. «Hozir onamga Parizodni aytsam-chi? Yoʻq, yoʻq, boʻlmaydi. Parizod bilan bir martagina gaplashdim. Uning xayolida nelar borligini bilmayman-ku. Boshqa birovga koʻngil qoʻygan boʻlsa... Agar... agar meni kutayotgan boʻlsa-chi...»

Nihoyat Abdulla bir qarorga keldi: onasiga bir bahonani topib aytadi-da, Qashqadaryoga borib keladi.
– Tinchlikmi, nega oʻylanib qolding? Senga biron yomon gap aytdimmi? – oʻgʻlining oʻyga tolganidan xavotirlandi ona.
– Oyi, sizga bir narsani aytmoqchiydim. Qashqadaryoga borganimda zarur narsalarim yodimdan koʻtarilib qolib ketibdi. Kecha kerak boʻlib qoldi. Izlab topolmadim, yaxshilab eslab koʻrsam men turgan mehmonxonada qolib ketgan ekan. Saharlab yana oʻsha yoqqa joʻnayman.

Sharofat xola uning gaplariga oʻzini ishonganday koʻrsatsa ham, aslida oʻgʻlining ne sababdan ketayotganligini taxmin qilib turibdi. Axir kechalari tinmay bir qizning ismini takrorlab alahsirab chiqqan oʻgʻlidan xavotirlanib tunlarni bedor ottirgan ona jigarbandining ahvolini juda yaxshi tushunib turibdi. U oʻgʻlining Qashqadaryoga ketishiga hecham toʻsqinlik qilmaydi. Ona oʻgʻlining sevib qolganligidan qoʻrqayotgani ham yoʻq, u faqat qachonlardir boshdan kechirgan azoblarining yana qaytalashidan qoʻrqadi. Ona oʻgʻlining oʻsha yoqlardan qaytmasligi, oʻzining yolgʻiz qolib ketishidan qoʻrqadi. Oʻsha hijronli tunlar, azoblar iskanjasidan endigina kutulganda-ya... Yaqindagina hammasini unutgandi. Bugun esa oʻgʻli oʻzi bilmagan holda onasining yarasini yangilab qoʻydi.

Sharofat xola birdan safarga otlanib qolgan oʻgʻliga e’tiroz bildirib oʻtirmadi. Lekin tuni bilan mijja qoqmay oʻylanib chiqdi. Baribir oʻgʻliga otasi haqidagi haqiqatni gapirib berishi kerak. Toki Abdulla otasining xatolarini takrorlamasin. Hozir hamma gapni aytishning ayni vaqti, keyin kech boʻlishi mumkin. Abdulla endi yosh bola emas.

Sharofat xolaning boshi loʻqillab ogʻriy boshladi. Oxiri ogʻriqqa chidolmay oʻrnidan turdi va bir piyola suv bilan dorini yutdi. Boshidagi ogʻriq biroz qoʻyganidan soʻng hovliga chiqdi.

Tong otishini intiqlik bilan kutayotgan Abdullaning koʻzlaridan uyqu qochgandi. U onasining uxlamaganligini hovlidagi shitir-shitir tovushdan taxminladi. Onasi supachaga borib oʻtirganini sezgan Abdulla ham joyidan sekin qoʻzgʻaldi va onasining yoniga bordi.
– Oʻgʻlim, sening yoʻlingga toʻgʻanoq boʻlmayman. Lekin ketishingdan oldin senga bir narsani gapirib berishim kerak. Endi yosh bola emassan, otangni tushunasan deb oʻylayman. Bugun sen otang haqidagi barcha haqiqatni bilishing kerak. Endi mening gaplarimga quloq sol, – deya Sharofat xola oʻz hikoyasini boshladi.

Oʻshanda men hali yoshgina, orzulari osmon kelinchak edim. Otang meni sevmasligini bilardim. Uning koʻnglidagi yorining ta’rifi, tarixi qulogʻimga chalingan edi. Lekin toʻyimizdan keyin hammasini unutib yuboradi degan xayol bilan unga turmushga chiqishga rozi boʻlgandim. Rahmatli qaynonam meni tanlagandi, oʻgʻli esa onasiga qarshilik koʻrsata olmasdi. Biroq men oʻylaganchalik otang u qizni osongina unuta qolmadi. Menga qaragisi ham kelmasdi. Men faqat sabr-toqat qilishdan oʻzga choram yoʻqligini yaxshi tushunardim. Shuning uchun men tufayli otang va qaynonam oʻrtasida boʻlib turadigan urush-janjallarga aralashmas edim. Qaynotam allaqachonlar rahmatli boʻlib ketgan ekanlar. Qaynonam otang yoqtirgan qizni oʻgʻliga olib bermay, meni kelin qildi. Sababi u qiz ancha uzoqda, Qashqadaryoda turarkan.

Toʻyimiz boʻlganiga endigina bir hafta boʻlgandi. Hali yangi uyga, oilaga koʻnika olmay qiynalib yurgan paytlarim. Xonamda koʻpincha yolgʻiz qolib ketardim. Toʻsatdan narigi xonadan ona-bolaning yana aytishayotganlari qulogʻimga chalindi. Ularning gaplaridan otang uydan ketmoqchi ekanligini ilgʻadim. Lekin indamay, bor dardimni ichimga yutib yotaverdim. Oʻshandagi ahvolimni bir koʻrsang edi. Yoshgina kelinchak uchun bu qanchalar dahshat, qanchalar ogʻir! Tuni bilan uxlolmadim. Tong saharlab tursam, otang qayoqqadir otlanayotgan ekan. Yuragim sezib turgandi, u hozir ketsa qaytmasligini. Lekin uni qanday olib qolishni oʻylab gangib qolgandim.
– Qaerga? – dedim oʻzimni hech nimadan bexabarday tutib.

Otang savolimni javobsiz qoldirib, yoʻlga tayyorgarlik koʻrishda davom etdi. Menga alam qilib ketgandi. Koʻzlarim yoshga toʻldi. Ortiq chidab turolmadim.
– Ketmang! Iltimos, meni tashlab ketmang! – dedim oʻzimni yigʻidan toʻxtata olmay. Dadang boʻshashib yerga choʻkkaladi. Men esa yolvorishda davom etdim: – Axir gunohim nima edi? Nahotki mening boshqalar kabi baxtli boʻlishga haqqim yoʻq? Nega shunday? Toʻgʻri, oʻzimdan ham ayb oʻtdi. Bu sizga turmushga chiqishga rozi boʻlganim edi. Nahotki shu gunoh boʻlsa? Aybim shumi? Men adashdim. Toʻydan keyin sizni oʻzgaradi, deb qattiq yanglishdim. Mening xatoim hammasini bila turib sizga turmushga chiqanim. Agar shuni xato deb sanasangiz, iltimos, ketishdan oldin mening javobimni berib keting.

Men adoi tamom boʻlgandim. Bu gapni aytish qanchalik ogʻir boʻlmasin, aytishga majbur edim. Oʻzimdan oʻtayotgani faqat oʻzimga ayon.

Shunda otangdan sado chiqdi.
– Men... oxirgi marta uni koʻrib kelishim kerak. U meni ortiq kutmasligi kerakligini aytib kelsam boʻldi. Qaytib kelaman. Faqat oxirgi marta menga imkon bersang bas! Sendan boshqa hech narsa soʻramayman.

Men otangning ketishiga qarshilik qilmadim. Otang va’dasida turdi. Qaytib keldi. Keyin sen tugʻilding. Baxtli hayotimiz endigina iziga tushib olgandi. Lekin taqdir beshafqat ekan. Otangni mashina urib ketdi. Qolgan umrimni seni tarbiyalab voyaga yetkazishga sarfladim. Otangning vafotidan keyin uning ilk sevgilisidan farzandi boʻlganligini eshitib, ancha xafa ham boʻldim. Buni menga qaynonam oʻlimi oldidan aytdi. U kishi oʻgʻlidan ajralganidan soʻng yotib qolgandi. Otangni ruhi bezovta boʻlmasin deya, uni kechirdim.

Mana endi sen hammasini bilasan. Otangni men kechirdim, sen ham gina saqlama. Oʻzingga keraklicha xulosa chiqarib olarsan...

Sharofat xola hikoyasini tamomladi va oʻyga tolgan oʻgʻlini yolgʻiz qoldirish uchun xonasiga yoʻl oldi...

* * *

Tong otdi. Abdulla onasidan duo olib, yoʻlga otlandi. U Parizodni shunchalik sogʻingandiki, qizning huzuriga shunchalik oshiqardiki, shamol misoli uchishga tayyor edi. Yoʻq, yoʻq, yigit shamoldan-da tezroq uchishga intilardi. Axir koʻngli sezib turibdi: qizni albatta topadi.

Abdullaning koʻz oldida oʻzining yoʻliga intizor qarab turgan qiz gavdalandi. Parizod darvoza oldida oʻsha tushidagidek qoʻllarini iyagiga tiragancha Abdullani kutib oʻtiribdi. Oppoq koʻylagida, xiyol jilmaygan. Atrofda esa undan taralayotgan shirin gul atri...

Abdulla entikib ketdi. Hayajondan boshi aylandi. Qani endi hoziroq Parizodning yonida boʻlib qolsa.
– Tezroq haydang! – deya haydovchidan tinmay iltimos qilardi yigit.

Mashina chorrahadan oʻsha tanish koʻchaga burildi. Kun yarmidan oshgan mahal Abdulla oʻzi oshiqqan manziliga yetib keldi.

Abdulla darvozaga yaqinlashar ekan, qoʻllari, oyoqlari hayajondan dagʻ-dagʻ qaltirardi. Qalbida esa allanechuk hislar gʻalayoni boshlandi. U shu alfozda nima qilarini bilmay turib qoldi. Oʻzini qoʻlga olib, qizning ismini aytib chaqirdi. Lekin bu hovlida birov yashashi gumon edi. Hovli umuman qarovsiz, tozalanmagan. Abdulla hovliga qadam qoʻydi, ammo ichkariga kirib borishga jur’at etolmadi. Shu alpozda biroz turgach, ortiga qaytmoqchi boʻlgandi hamki, qulogʻiga ingragan tovush chalinganday boʻldi. Abdulla shoshilib uy ichiga kirdi. Xonalardan birida sochlariga oq oralagan, koʻzlari kirtayib ich-ichiga botib ketgan, oʻzi juda ozgʻin ayol madorsiz choʻzilib yotardi.

Ayol yigitni koʻrishi bilan hoʻngrab yigʻlab yubordi. Abdulla uning ahvolini koʻrib choʻchib ketgan boʻlsa-da, buni sezdirmadi, tezda suv topib kelib, ayolning ogʻziga tutdi.

Suvni yutoqib ichgan ayolning quruqshagan lablariga biroz qizillik yugurdi. Abdulla ayolning koʻzlariga boqib hayron qoldi: xuddi Parizodning koʻzlariday. Yigit beixtiyor xayoliga kelgan gapni soʻrashdan oʻzini tiyib turolmadi:
– Siz Parizodning onasi emasmisiz? U hozir qaerda?

Ayol izillab yigʻlab yubordi. Yigitning yuragi allaqanday vahimadan bezovtalanib, tez-tez ura boshladi. Ayol javob berish oʻrniga faqat siqilib yigʻlar, lablari esa nimalarnidir pichirlardi. Bunga sayin Abdullaning xavotiri yuz chandon oshardi. Ular shu koʻyi ancha oʻtirishdi. Nihoyat ayol ancha oʻziga kelib, tinchlandi.

Ayolning koʻzlarida armon, afsus, alam kabi tuygʻular qorishib ketganligini anglash mushkul emasdi. Ayol chuqur nafas olgach, soʻzlay boshladi:
– Parizod mening yakka-yu yagona ovunchogʻim, butun borligʻim edi. Undan boshqa hech kimim yoʻq. Hozir esa yolgʻizman... Qancha harakat qilmayin, uni saqlab qololmadim. – Ayolning ovozi titrab ketdi. – Parizodim... Pariginam chin hurga, malakka aylandi.

Bu soʻzlarni eshitgan Abdulla es-hushini yoʻqotayotgan odamday angrayib qoldi.
– Hamma ayb oʻzimda, – deya ayol gapini davom ettirdi. – U tugʻma kasallik bilan dunyoga keldi. Uning koʻz oldimda soʻlib, tamom boʻlayotganini koʻrsam-da, tomoshabin boʻlishdan boshqa narsa qoʻlimdan kelmasligini bilib, oʻz-oʻzimdan nafratlanib ketardim. Pari oʻrtoqlariga qoʻshila olmas, ular kabi oʻynab-kula olmasdi. Pariginamning menga bildirmaslik uchun chekka-burchaklarda yigʻlab oʻtirganini koʻrsam yurak bagʻrim tilka-pora boʻlardi. Qani qoʻlimdan uni asrab qolish kelganida... Doʻxtirlar ham yordam bera olmadi. Parizodni bir tomondan otasiz oʻsayotgani, boshqa tomondan xasta yuragi qiynab tashladi. U ota mehriga zor oʻtdi...

Ayol shunday deya yostigʻi tagidan bir suratni olib unga tikildi. Soʻng yana qaytib joyiga koʻyayotganida surat uning madorsiz qoʻllaridan tushib ketdi. Abdulla darrov suratni qoʻliga oldi. Suratdan unga... otasi qarab turardi.
– Bu kishi sizga kim boʻladi ? – deya soʻradi Abdulla shosha-pisha suratdagi odamga ishora qilarkan.
– Parizodni bir umr kuttirgan otasi bu...

Abdulla gangib qoldi. Onasining gaplarini esladi: «Qaynonam otang yoqtirgan qizni oʻgʻliga olib bermay, meni kelin qildi... Otangning vafotidan keyin uning ilk sevgilisidan farzandi boʻlganligini eshitib, qanchalar xafa boʻlgandim...»

Abdulla iztirob bilan pichirladi:
– Nahotki Parizod mening singlim...

Ayol bosh irgʻab qoʻydi va gapida davom etdi:
– Qizim oʻlimini kutib yashadi. Tunlari ingrab, uxlolmay chiqardi-yu, lekin meni avaylab, sezdirmaslikka harakat qilardi. Qanchalik meni ayardi. Uni yolgʻiz ulgʻaytirdim. Ham ota, ham ona boʻldim. Biroq hech kim otaning oʻrnini bosa olmas ekan. Shoʻrlik qizim otasini bir marta ham koʻrmagan. Faqat uning mana shu suratiga tikilardi... Pariginam na ota mehriga, na hayotga toʻydi. Yashashni shunaqa istardiki...
– Qachon... Parizod qachon ketdi? – behol shivirlay oldi Abdulla.
– Vafotiga yaqindagina bir yildan oshdi...

Yigitning boshiga kimdir gurzi bilan urganday boʻldi. Badani muzlab ketdi...

«Taqdirdan qochib qutulib boʻlmaydi. Xayolga kelmagan ishlar sodir boʻladi bu hayotda. Bir yil boʻldi dedimi?.. Demak uni oʻngimda uchratganim... Bezovta ruhi kezib yurgan ekan-da... Tushimda otamni koʻrgandim. U kishi qizini olib ketish uchun kelgan ekan-da?! Otam bolaligimda faqat mening yonimda edi. Endi esa navbat singlimga keldi...»

Shunday oʻylar ogʻushida oʻylab boshi gʻovlab ketgan Abdulla koʻchaga chiqdi va qanday qilib oxirgi marta Parizod bilan xayrlashgan joyga kelib qolganini payqamadi. Yigit oʻshanda qizning qaerga borishi mumkinligini oʻylab boshi qotgandi. Yoʻlning u tomoni qabristonga tutashib ketgan qir-adirlar edi. Demak, Parizod abadiy joyiga qaytgan...

Abdulla endigina topgan singlisining qabrini ziyorat qilish uchun qabristonga kirdi. Uning dimogʻiga oʻsha xushboʻy, shirin gul atri urildi. Yuragi oʻsha tomonga talpindi. Abdulla qulf ochib gullab turgan qabrni, singlisining abadiy makon topgan joyini adashmay topdi. Oʻsha xushboʻy gul atri butun atrofga hidini yoygandi. Abdullaning koʻzlaridan tirqirab oqayotgan yoshlar qulf urib yashnayotgan gullar ustiga tushib, quyosh nurida ajib jilvalanar edi.

Abdulla ortiga qaytmoqda. Faqat bu safar yolgʻiz emas. Yonida ikkinchi onasi ham oʻtiribdi...