OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGulnoza Mamarasulova
Asar nomiShahardan kelgan tashvish (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Gulnoza Mamarasulova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm30KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/25
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shahardan kelgan tashvish (hikoya)
Gulnoza Mamarasulova

O, yoz mazza-da! Doʻppingni osmonga otsang boʻsh qaytmaydi - olmamidi, oʻrikmidi ishqilib toʻlib tushadi. Qadrdon joyingda – qishloqning har joyiga moʻralab turadigan qalin tut shoxida yonboshlagancha atrofdagi uzun quloq gaplardan boxabar boʻlib, kamiga ogʻzinga kilkillab, oppoqqina qurtday yaltirayotgan tutlardan xovuchlab solib, bitta-bitta chaynab, rohatda yotaverasan. Birov mushugingni pish deb koʻrsinchi qani! Sabab boʻlmasa qaerdan ham ogʻiz juftlaydi. Ona tilidan yozishim kerak, husnihatimni toʻgʻirlashim zarur, degan oʻylar qaerda. Muallima yil boʻyi oʻzimni toshbaqaga, yozuvimni chumoliga oʻxshatishdan charchamadi. Toshbaqadek sekin husnixat toʻldirarmishman... ruchkam daftarda chumolidek har tomonga oʻrmalab ketaverarmish... Tavba, nima qilishga hayronsan! Shuncha harakat qildim oʻzgarishga. Tezroq yoza boshlasam, «bu senga ot oʻyini emas, sakrab-sakrab joy tashlab ketaverishga» degan gap qildi. Xoʻsh, shundan keyin nima qilishim kerak edi-a?!

Ayniqsa, hisob-kitob degan bosh ogʻrigʻiga yoʻqman-da. Anavi daraxtda nechta qush bor-u qanchasi uchib ketganligi toʻgʻrisidagi tashvishlarga bosh qotirish qayoqda! Lekin bobom bilan qoʻy boqib kelgandan soʻng, ularni qoʻrasiga birma-bir sanab, qamab tashlashga ustaman. Bobom ham alqab qoladilar. Oʻzimcha faxrlanib, mendan zoʻr matematik chiqsa kerak, deb oʻylab qolaman, garchi bunga u qadar xushim boʻlmasa-da.

Nimasini aytasiz, yozni yoqtirishimga yana bir sabab, bobom va ayniqsa onamlar meni urushmay qoʻyadilar. Nega desangiz, ta’til vaqtida meni koyishlariga bahona qolmaydi. Maktab vaqtida-ku daftarim-mi, oʻqish tezligimni-mi, ishqilib meni tekshirib turishadi. Keyin turgan gapki, suvga tushgan mushukdek boshimni uzo-oq egib turishimga toʻgʻri keladi. Bobomni nasihatlari mayli-kuya, onamniki men aytmay siz yeshitmang.
- Bu nabirangiz odam boʻlmaydi sira. Muallimasi uning dastidan meni maktabga chaqirgani-chaqirgan. E, seni yergina yutsin! Qachongacha shunday yurasan-a?
- Chaqirgani bilan baribir bormaysiz-ku, - deyman toʻngʻillab, xuddi har safar maqtabga qatnab qoyil qilgandek, gapirganlariga achchigʻim chiqib.
- Qarang, yana gap qaytarishga usta. Sendan boshqa tashvishim yoʻqmi meni, Sarvarga kim qaraydi seni poylab yuraversam, - deydi onam yoshiga yetib qolgan ukamni nazarda tutib. Rostdan ham u juda yigʻloqi, qoʻlingda lik-lik qoʻtarib turmasang chirqillayveradi. Menga ham dars tayyorlashga bermaydi shovqin qilaverib.

Keyin onam meni bir urishib boshladilarmi, toʻxtashlari qiyin. Gaplarini suv tegirmonning chelagiga oʻxshataman, har doim bir xil mazmunda. Xuddi tegirmon chelak bir xil vazifani bajarganidek – suvni oladi - toʻkadi, oladi – toʻkadi... Toki koʻchaga qochib kutulishim kerak yoki bobom jonimga oro kiradi. Mana koʻrasiz, hozir ham qoʻshni Hadicha xolaning men bilan bir sinfga boradigan oʻgʻli Samantoyni maqtaydi. U menga umuman yoqmaydi. Qiz bolaga oʻxshab, sochini oʻstiradimi-ey! Indamasa, ikkiga oʻrib oldiga tashlab qoʻysada. Uni sinfda hech kim yoqtirmaydi. Oʻzicha oyi bordek, oliftalik qilaverali. Futbol jamoamizga ham qoʻshmaganmiz. Chunki gʻirromlik qilib, yoʻq joydan oʻzicha janjal chiqarishga-chiqaradi-yu oʻzini bir chetga olib, suvdan quruq chiqib ketadi. Nohaqligini umuman tan olmaydi. Aslida partadoshi...
- Ana Xadichaning oʻgʻli Samanni qara, shunga qoʻshilib...

Ana aytmadimmi sizga «chelak» haqida.

Bobom esa boshqachalar - nasihatlariga qoʻshib, har safar har xil ertaklar aytib beradi. Keyin birgalikda xulosalar yasaymiz. Toʻgʻrisini aytsam ba’zan eski hikoyalar ham qaytalab turadi. Lekin boshidan eshitsam ham qulogʻimga moydek erib kiraveradi. Hattoki oʻzimga juda yoqadigan «Kenja polvon»ni aytib berishlarini qayta-qayta soʻrayveraman. Bobom esa bundan sira charchamaydilar. Agar bundan zerikib qolsalar, indamay xayolga beriladilar. Men esa oldilarida yarim chala oʻlgan qovoqaridek gʻingʻillab oʻtiraveraman. Ular jahl qilmaydilar-u lekin juda bezor qilib yuborgan paytlarimda meni yarim kechalari qoʻrqitib chiqadilar. Ayniqsa urushdagi voqealardan soʻzlagudek boʻlsami, yuzidagi ajinlarga qoʻshilib, bilinmay ketgan chandigʻi ham yaqqol boʻrtib chiqib, koʻzlarida sovuq alanga paydo boʻlgandek tuyuladi menga. Keyin tez-tez tuni bilan uxlolmay, alahsirab chiqadilar. Kimlarningdir ismilarini takrorlaydi, eng koʻp takrorlaydigani «Norqoʻzi». Menimcha bu amaki doʻstlari boʻlgan boʻlsa kerak. Doʻxtor qattiq tayinlagani uchun bu haqida soʻroqlamayman, oʻzlari ham negadir hech ogʻiz juftlamaydilar. Ularning pinjiga kirib yotishni azbaroyi yoqtirganimdan, bobomning har bir harakatlarini sezib turaman. Bunday paytlarda ular oʻrinlaridan sapchib turib ketadilar-da oqsab bosadigan chap oyogʻini dagʻ-dagʻ titrayotgan qoʻllari bilan uqalashga tushadilar, boshini changallaydilar. Oʻtgan yili doʻxtor menga, «bobongni asablari toliqqan, urushdagi hiqoyalardan aytib bering, deb dil xiralik qilaverma. Agar kechasi uxlolmasa, mana bu dorilardan bittadan bergin» deya qoʻlimga bir necha quti dori qoldirdi. Har doim doʻxtir aytganidek qilaman. Tokchadagi shiqirloq idishda turadigan xabdoridan qoʻliga tutsam, darrovgina ogʻzilariga solib, yonidagi choynakdagi sovuq choy bilan yutinadi. Shundan soʻng, yoki hovliga chiqadilar, yoki uzoq bir nuqtaga termulib yotadilar. Shu-shu oqshomlari Bobom bilan uxlayman. U kishi menga juda suyanib qolgan.

Menga kelsak, fe’lim bahor havosiga oʻxshaydi. Bobomning nasihatlari va onamning «chelak»lari jon-jonimdan oʻtgan kunlari uch-toʻrt soatlab dars tayyorlayman. Qiziqib ketgan vaqtlarda, muallima berganidan koʻproq «husnixat»ni toʻldirib tashlayman. Avvaliga, ustozimiz oʻrgatgandek qilib, bir tekisda moʻljalni olib nuqtalarni qoʻyib olaman. Soʻngra ustidan osongina siyohni yugurtirib chiqaman. Ilhomim kelib, misollarni ham shatirlatib yechib tashlayveraman. Har qalay, hisobchi boʻlaman, deb qoʻyganman-ku. Samanning dadasi ham hisobchi. Samanning aytishicha, buning uchun matematikadan yaxshi oʻqish kerak emish. Ammo dangasaligim bir tutsa bor-mi... garang qoʻydek qulogʻimga gap kirmaydi. Ayniqsa Samantoyning dadasi ish joyidan «koʻtarilib», Toshkentga qoʻchib ketdi-yu menga berdi Xudo! Axir onam meni tenglashtirib koyishlariga odam yoʻq-ku! Hammasidan ham quvonganim, Saman ketdi-yu sinfimizda eng yaxshi oʻqiydigan Maftun bilan partadosh boʻlishga muyassar boʻldim. Ich-ichimdan sezib turibman, hamma bolalarning menga xasadi kelsa kerak.

Shunday-kuya bir tomondan Saman ketib, zerikib qoldim. Uzun soch boʻlsayam, sherik edi-da. Urushib-talashib maktabga borib kelardik. Tavba, uning egnidagi oq koʻylagi na yirtilardi, na gʻijim boʻlardi. Har joim bir zayilda toza, silliq turardi. Meniki esa kun ora abgori chiqib, onam qargʻab qoladi. Toʻgʻrida, Samanni bolalar qoʻshavermaydi, eplab toʻp tepishga ham uquvi yoʻq. Bobomning ertaklaridagi ijobiy qahramonlarga taqlid qilishni yoqtirganim boismi, unga qoʻshilib qush ovlamayman. Saman esa ragatkasi bilan yoʻl-yoʻlakay ayamasdan kaptarmi, qargʻami, chumchuqmi urib tushiraveradi. «Itimga beraman, mazza qiladi» deydi qiyshanglab kulgancha yerda yarim jon tipirchilab yotgan beozorlarni bir tepib. Uning bunchalar beshavqatligidan uni yanada yomon koʻrib ketaman, qushni qoʻzlayotganida qoʻliga tarmashaman. Hattoki bir necha marta shuni dastidan jiqqa-musht boʻldik. Ragatkasini olib sindirib tashlagandim, koʻzidan oʻt chiqib ketayozdi. Shartta yoqamdan oldi. Ammo baribir meni hech qachon yengolmagan. Nima boʻlganda ham u bilan oʻtgan davrlarni tez-tez qoʻmsayman. Bir voqea doimo yodimda turadi. Balkim shu hodisa bizning doʻstligimizni mustahkamlagandir.

Kunlardan birida partadoshim Javlon oʻqishga maxsus qurilma bilan boshqariladigan mashina qoʻtarib keldi.Dadam oberdilar, deb obdon koʻz-koʻz qildi. Kel, biz ham oʻynab koʻraylik, deb soʻrasak qizgʻanchiqligi tutib bermadi. Itday irillab qoʻriqlagani bir tiyin boʻdi-yu oʻyinchoq shu kuni yoʻqolib qoldi. Javlon ne qilarini bilmay qoʻzini yoshini oqizardi. Oʻqituvchimiz hammani sumkasini bir-bir titib chiqdi, nasihat oʻqidi. Ammo topilmadi. Kimlar nima desa dedi-yu partadoshi boʻlganim uchun ayb menga kelib taqala boshladi. Tuppa-tuzuq oʻgʻriga chiqarishmoqchi edi sal qolsa. Agar Saman jonimga oro kirmaganida aybni menga agʻdarib qoʻyaqolishardi.Sinfda shovqin koʻtarilgan. Men esa quruq boʻxtonlardan karaxt boʻlib qolgandim. Xuddi shu mahal... Saman shartta oʻrnidan turib, «Rustam bunday ish qilmaydi. U mening doʻstim - oʻgʻri emas». Shu gapning oʻzi barchani shubhalardan forigʻ qilishga yetarli boʻldi. Keyin oʻyinchoq ham topilib, egasiga qaytarildi. Oʻsha kungi voqea, Samanning gaplari doimo qulogʻim tagida qaytalab turadi.

Bu yil toʻrtinchiga oʻtaman. Maktabimiz ham oʻzgardi. Xudo hoxlasa toʻrtinchi sinfni yangi maktabda oʻqiymiz. Eskisi koʻchamizga burilish joyida edi. Eh, Samanlarning shaharga koʻchib ketgani yomon boʻldida. Yangi maktabimizni bir koʻrganida voh-hooo, degan boʻlar edi. U ketib anchayin yolgʻizlanib qoldim. Uylari oldidan oʻtsam, xuddi u yugurib kelib qoladigandek, keyin u bilan soatlab qandaydir masala ustida tortishadigandek tuyuladi. Yoʻq, endi Saman kelsa boshqa gʻijillashmaymiz, urushmaymiz. Axir u meni doʻstim degandi. Doʻstlar esa inoq boʻlishlari kerak.....

* * *

Hali zavodning hidi ketib ulgurmagan sip-silliq parta va doskalarda odamning yozgan sayin yozging kelaverar ekan. Aytovur onamdan kamroq gap eshitadigan boʻldim. Chunki shimimni tez-tez ilib olib, tit-pitini chiqaradigan avvalgi maktabdagi nayzadek taxtasi chiqib turadigan stulim ham yoʻq endi.

Shularni xayol qilib, bogʻdan qoʻynimga toʻldirib chiqqan olmalarni bir-bir tishlab otib tugatdim. Bir-ikkitasi ortib qoldi ham. Toʻygan qoʻzidek hovli chetidagi, yarimi Samantoylarning uyiga qarab egilib turadigan qadrdon tut daraxtining ot egaridan qalinroq shohida bir oyogʻimni osiltirgancha yonboshladim.

Negadir bugun zerikarli kun boʻlayapti men uchun. Quyosh qizdirayapti. Qani yendi bir hovuzga borib miriqib choʻmilsam. Lekin choʻmilishga sherik yoʻqda. Qani yendi Saman boʻlganda ikkalamiz birga borarmidik... Mayli u qush ovlasayam, futbolga qoʻshilmasayam, menga baribir. Axir doʻstlar yaxshi-yu yomon kunida birga boʻlishi kerak, deydi muallimamiz. Saman kelsin, «ona tili»da u haqida, doʻstligimiz toʻgʻrisida insho yozib, olqishlar eshitganimni aytib beraman. Essiz U shaharda-da.... Atrof jimjit, har zamon musichalar kulu-kulu qilib qoʻyadi. Tirik jon borki, soya-salqinga kirib ketgan. Bir joyda yotaverib zerika boshladim. Bobom ham koʻrinmaydi shekilli, doim oʻtiradigan supachadagi joylari anchadan beri boʻsh turibdi.

Bir xilda oʻtiraverish jonimga tegib, yolgʻiz oʻzim uzoqqa tupurish oʻynay boshladim. Anchagina malakam bor bu borada. Lekin hozir negadir boshidagi ikkitasi bekor ketdi, oʻtirgan joyim balandligidanmi moʻljalni yaxshi ololmadim. Endigina navbatdagi «hujumga» tayyorlanib turgan edim hamki qoʻshni hovliga oppoq mashina kelib toʻxtadi. Negadir yuragim hapqirdi. Samanmasmikin?! ...

Mashinadan birinchi boʻlib tushgan Xadicha xolani darrov tanidim, qoʻlida chaqalogʻi ham bor. «Ha, Samantoy ukali boʻlibdi-da», xayolimdan shuni oʻtkazarkanman, mashinaning orqa eshigi ochilib, sobiq sinfdoshimning momiqday sochlari yaltiradi. Egniga allambalo kiyimlarni ilib olgan – eski desa eskiga oʻxshamaydi, yangi desa shimi kiyilaverganidan uvadasi chiqib ketganga oʻxshaydi. Uni koʻrishim bilan oldiga yugurgim keldi-yu oʻzimni toʻxtatdim. Enasi bilan koʻrishvolsin.

Xadicha xola uyga qarab yurgandi hamki, shovur-shuvurni eshitibmi, ichkaridan Samanning enasi, Laziz akasi va yangasi chiqib kelishdi.

Qishloqdaligida u enasining ortidan qolmasdi. Koʻchada bolalar uni «ena dum» deb, kalaka qilardi. Men ham ularga qoʻshilishga qoʻshilardim-u oʻzimdan choʻchib qoʻyardim. Chunki bobom qaerga bormasin, oʻzi bilan meni ergashtirib oladi.

Saman togʻora qoʻtarib uyga tomon yurdi. Uni koʻrmaganimga salkam ikki yil boʻlib qoʻyibdi. Shu vaqt oraligʻida uncha-muncha oʻzgaribdi – boʻyi choʻzilib qolibdi. Sochlari ham oʻshanday, alohida mehr bilan parvarish qilingan. Bizda soch qayda deysiz! Yoz kelishi bilan yarqillagan boshimizdan quyosh hijolat boʻlsa ajabmas.
- Boʻyingdan oʻrgilay, enang aylansin sendan, - Samanning peshonasi, yuzlaridan choʻpillatib oʻpdi enasi.
- Buvi, nega biznikiga bormaysiz? – yaltoqlandi u ham.
- E, bolam, shu issiqlarda Toshkent qayda-yu «dom» deganlariga bizning jon qayda deysan.

Oʻtirgan joyimdan ularning hovlisi kaftdek koʻrinib turadi. Chuvillashib hol-ahvol soʻrashib boʻlib, ichkariga kirishdi. Laziz akaning xotini qoʻlida meva-cheva solingan patnis koʻtargancha pirpirab yurdi.

Samanning chiqishini poylardim. U hadeganda chiqavermadi. Ichkaridan chaqaloqning yigʻisi eshitila boshladi hamki, Samantoyning qorasi koʻrindi. U mashinaga borib, ukasining kiyimlarini olib qaytayotgan mahal quvligim tutdi. Oʻrtogʻimni boya ortib qolgan olmalardan biri bilan koʻzladim. Olma uchib borib, shundoqqina oyogʻi tagiga tushgan Samanning kapalagi uchdi.
-Ha-ha-ha... – yoyilib kuldim.
-Sanmi? Oʻzimam oʻylagandim, hoynahoy san boʻlsang kerak deb.

U shunday dedi-yu ukasining yigʻisi eshitilib, shoshildi.

Pastga sakrab tushdim-u koʻchaga otildim. Chinor soyasida turgan mashinaning orqa tomonidagi yozuvni gʻijjalab oʻqidim «Ne-xi-a». Keyin jimjimador bezak berilgan gʻildiraklarini tomosha qilishga tushdim.
-Qoʻllingni tekkiza koʻrma!

Samanning kelganini sezmay qolibman.
-Nima boʻpti tekkizsam? – achchiqlandim, - avvallari sen ham osilarding-ku eshagimni olib chiqqanimda, -dedim men ham pesh qilib. Toʻgʻrida, nima men qizgʻanmaganman-ku...
-Bu sanga eshshak emas. Bilasanmi, oʻn mingta eshshagingni sotsang ham bunaqasini olomaysan, -dedi u oʻzicha kerilib.
- Olganda nima? – topgan gapim shu boʻldi.
- Adamla aytdila, agar maktabni «besh»ga bitirsam, buni manga berarkanla. Oʻzlari yangisini oladila...

Maqtanchoqqa maqtanishi uchun mavzu topildi. Aytmovdimmi shunaqa deb! Hali ham shu odati qolmabdi. Shaharda yaxshi oʻqish oʻrniga aynibdi - dovdirab, toʻgʻri gapirishni ham esdan chiqaribdi. Yana gapirishiga oʻlaymi?!
-Adabiyot mualliming yaxshi emas ekan, -dedim men unga ichim achib.
-San qattan bilasan? – soʻradi u birdan bu gapni ochganimdan hayratlanib.
-Ana, aytmadimmi, bilaman-da. She’r ham yotlamay qoʻyganing koʻrinib turibdi.
- Qattan bilarding san! – qoʻl siltadi u hech nimaga tushunmay.
- Bilaman dedimmi, bilaman! – gapimda qat’iy turib oldim.
- Samantoy bolam, kelaqol, osh pishdi, - enasining ovozi yangradi.
- Buvijon, hozir! – javob qaytardi nabira.

Ortidan kuzatib qolarkanman, sochi uzun boʻlishiga qaramay unga ham havasim keldi, ham achinib ketdim. Bechora, bu ketishda yaqinda uning gapiga hech kim tushunmay qoladi. Axir har doim ustozimiz «kitob – soʻzlash san’atini oʻrgatadi» deydi. Essiz, kam kitob oʻqiyapti ekan-da... Oʻzimcha buni har nega yoʻyib, xayol surib tursam, bobom koʻrindi. Negadir ular juda ham xorgʻin, yuzidagi chandigʻining izi ham koʻrinib turardi.
-Bobo-oo, keldingizmi? – tuproq yerni changitib oldilariga chopdim.
- Kechki salqin tushayapti, qoʻylarni chiqarish kerak. Yaylovga oʻtlatib kelamiz.

Shataloq otib, qoʻylar qamalgan qoʻraga yugurdim. Ochqolganidanmi, qoʻylar meni koʻrishi bilanoq, tayyor yemish koʻrgandek birvarakayiga ma’ray boshladi. Qoʻraning tamballab yopilgan eshigini ochar – ochmas oʻzlari shatirlab tashqariga chiqib, oʻrganishgan yoʻllaridan yugurib ketdi. Bobom ikkimiz jonivorlar ketidan ergashdik.

Ufq qizarib, qorongʻu tushar-tushmas ortga qaytdik. Bobom oldi eshikdan hovliga kirdi. Men esa qoʻylarni qoʻraga haydadim. Eshikni tamballab uy oldiga aylanib oʻtayotsam, Samanga duch keldim. Hanuz yasaniqli kiyimlari egnidan tushmagan olifta menga boshdan oyoq razm soldi-da, goʻyoki goʻng qoʻngʻizdan jirkangandek burnini jiyirdi. Sochi qirtishlab olingan boshimdagi qiyshayib qolgan doʻppimni toʻgʻriladim-da oʻzimni koʻrmaganga olib oʻtib ketdim. Meni koʻrib ataylab koʻchaga chiqib oldi maqtanchoq! Usti-boshimdan tortib, oyogʻimgacha oppoq chang edi. Harchand oʻzimni parvo qilmagandek tutgan boʻlsam-da, toʻgʻrisi birinchi marta ahvolimdan uyalib ketdim. Yoʻq, u olifta oʻz yoʻliga-kuya, uni oldida oʻzimni abgor his qilganim asabimga tegardi.

Hovliga kirsam supadagi beshikka belangan Sarvar chirqillayapti. Onam sigir sogʻishga chiqqan shekilli koʻrinmadi. Odatda bobom bu vaqtda nomoz oʻqiydi. Chaqaloqqa qarash oʻzimga qolibdi. Uyqusi ochilib ketgan Sarvarni ovutib, unga tomosha qoʻyishim orasida hamma dasturxon atrofiga yigʻildi. Issiqqina mastavaga pomidor-bodringni aralashtirib, urib yedim. Onam damlagan achchiqqina koʻk choy ustida dadam bilan bobom suhbatlashishdi.
-Bugun Koʻtarmaga borib keldim, - dedi bobom mungli ogʻir tovushda. Bir ozlik sukutdan keyin davom etdi. – Aliboy olamdan oʻtibdi.

Dadam ikki qoʻllab yuziga fotiha tortdi.
-Juda ochiqkoʻngil odam edilar, joylari jannatdan boʻlsin! Xabarsiz qolibmanda birga oʻtib kelardik.
-Ishning qizigʻida ishdan qoldirmay dedim.

Ali boboni eshitib, gʻalati boʻldim. Dadam aytganidek, juda yaxshi kishi edi. Uylariga borsam doim «barakalla ota oʻgʻil» deb, lip-lip qulogʻimdan tortardi. Tomorqasidagi chillakilardan uzib kelib, koʻlimga tutardi. Biznikiga ham tez-tez kelib turardilar. Faqat kallasini koʻtarolmay yotib qolgach, bobomning oʻzlari boradigan boʻlib qoldi. Bobomning aytishicha, ikkalovi azaldan tanish ekan. Urushda bitta joyda xizmat qilib kaytishgani, tengqurlaridan faqat Ali bobo qolganini bilardim. Yaqin doʻstini yoʻqotgan bobom bir kun ichida ancha soʻlib, qaddilari bukilib qolgandek tuyuldi. Joyimizga choʻzilganda ham ertak soʻzlamadilar. Ularni xafaligini bilib, kutib-kutib uxlab qolibman. Tushimga Samantoy kiribdi. Uning oppoq mashinasida ketayotganmishmiz. Bir vaqti, u menga qarab, «Bizni mashinada sanga nima bor? Oʻzingni eshagingda yuraver» deb, uchib ketayotgan mashinadan itarib yuboribdi.... Choʻchib uygʻonsam tushim ekan. Koʻnglim xotirjam boʻldi. Qaerdandir xir-xir tovush kelar, uyqum zoʻr berib koʻzimni ochishga erindim. Bobomga yaqinroq surilsam, ulardan issiq gupurib, dagʻ-dagʻ titrayapti. Tashqaridagi chiroqdan taralib turgan xira nur yogʻdusida peshonasidan reza-reza ter yaltiraydi. Ogʻir-ogʻir nafas olib, inqillab nimalarnidir pichirlar, chamamda yana «Norqoʻzi» deyayotgandi. Soʻngra «Qoooooch.... axir men oʻlishim kerak edi-ku.... nega oʻzingni tutib berding....» deya alahsirab, tipirchiladi. Qoʻrqqanimdan bobomni qattiq quchoqlab yigʻlab yubordim. Koʻylagi jiqqa hoʻl boʻlib ketibdi. Dori esimga tushib, tokchaga yugurdim. Koʻllariga choy bilan uzatdim.
-Boboooo, meni tashlab ketmaysiz-a.... – deya xoʻngrab yigʻlagancha oyoqlarini uqalashga tushdim. Bobom ham tinchlanib, oʻziga keldi. Keyin qanday uxlab qolganimni eslolmayman ham.

Tong yorishar-yorishmas uygʻonsam, bobom dalaga otlanayotgan ekan. Ularga ergashdim. Birgalikda bedazorga yoʻl oldik. Soʻqmoq yoʻl chetidagi baqateraklarga in qurib tashlagan chugʻur-chuqlar shovqin-suron qilib, kalla-i saxarlab allanimalarni vijirlar, bir-biriga gap bergisi kelmasdi. Chamasi ona qushlar toʻpolonchi polaponlariga ertak aytib berayapti. Ularga havasim kelganidan eski «dardim» qoʻzgʻaldi.
-Bobo, nega aynan «Kenja polvon»ning boshiga baxt qushi qoʻngan? – soʻrayman garchi javobini bobomdan qayta-qayta eshitgan boʻlsam ham.
- Chunki u, - boshlaydi bobom oq oralagan soqolini silab, -oʻta sofdil va rahmdil boʻlgan. Oʻz jonini xatarga qoʻyib boʻlsa ham insonlarga qoʻlidan kelgan yordamni ayamagan. – Baqateraklarga razm solib, yana davom etdi. – Hatto musichaga-da ozor bermagan, bolam.
-Bobo, oʻzi baxt qushi qaerda yashaydi?
-Inson qadami yetmagan olis-olis togʻlar ortidagi nurafshon oʻlkada, -deydi menga oʻxshab tez-tez yalqovligi tutib qoladigan eshshakni niqtab.

Uzoqlarda koʻkimtir rangda qad koʻtarib turgan togʻlarga tikilgancha, yana oʻsmoqchilayman.
-Oʻzi baxt qushini koʻrganmisiz, bobo? – deyman qiziqsinib.
- Albatta... – deydilar-u jimib qoladilar. Uzoq sukutdan keyin qoʻshib qoʻyadi, - baxt qushini uchratmaganimda bu kunlarni koʻrarmidim bolam – dedi bobom.

Quyosh avj pallasiga chiqib, badanni kuydira boshlagan mahal bedani aravaga ortib, qaytdik. Yana meni koʻrishi bilan ishtahalari ochilib, qoʻylar baralla ma’radi. Uzun oxirlarga keragicha bedani tashlab, qolganini yemishxonaga toʻkdik.

Qorin piyoz poʻstidek ingichkalashib ketdi-yov. Yuvindim-u soʻriga chiqa solib, qaymoqqa non boʻktirib yedim. Bobom ham qorinni toʻqlagach, odatdagidek onam damlagan achchiqqina choyni chartak qildi. Endi e’tibor bersam, taxta darvozamiz oldidagi kichikkina doʻnglikda traktor koʻrinmaydi. Demak dadam dalaga ketgan.

Daraxtga osilib, oʻzimning qadrdon joyimni egalladim. Qoʻshni hovliga moʻralasam, ayvonda Samanning enasi bilan Xadicha xola oʻtiribdi-yu Saman koʻrinmaydi. Gap poylash emas-kuya ena asta gapirgani bois, uniki eshitilmasa ham, lekin Xadicha xolaning diydiyosi bemalol eshitilib turardi.
-Bilmasam, nima qilishga ham hayronmiz. Uni uyga boylab qoʻyolmasak. Baribir maktabga boradi. Shifokorlar qattiq tayinladi. Bu ketishda oʻgʻlingiz ogʻir dardga yoʻliqadi. Tezda uni shahardan chetroqqa, tinch joylarga olib boringlar, degandi. Dadasining ham boshi qotib qolgan, «balki qishloqdagi maktabga qaytgani ma’qulmikan» deyayotgandi.

Samanning enasi nimalardir - dedi. Eshitilmadi. Zerikib ketdim.

Endigina uyqudan turgan Samantoy yuzini chayib, ayvonga chiqdi. «Buvi»sining oldida nonushta qildi. Keyin onasining qoʻlidan chaqaloqni oldi. Atrofga alanglagan edi menga koʻzi tushdi. «Akangqaragʻayni koʻrib qoʻysin, shuncha tepalikka chiqa olishimni» deya onamning hay-haylashiga parvo qilmay yanada balanroqqa oʻrmaladim. Menga olazarak tikilib turgan Samantoyga ataylabdan qaramadim. Enagalikdan zerikkach, bolani Xadicha xolaga tutqazib, chaqirdi.
-Rustam, pastga tush!
-Nega tusharkanman?! Kerak boʻlsa oʻzing chiq! – dedim men ham oʻjarligim tutib.
- Tusha qol oʻzing, oyim qoʻymaydila.
-«Oyim»mish! Undan koʻra «qoʻrqaman» deb toʻgʻrisini aytib qoʻyaver.

Qarasam haliyam koʻzlarini moʻltiratib tikilib turibdi. Ha, mayli, tushsam tushibman-da, qoʻrqoq.

Koʻchadagi chinor soyasida choʻkkaladik. Men tuproqqa har xil hayvonlar rasmini sola boshladim.
- Saman, yur eski maktabga borib kelamiz, - dedim oxiri taklif kiritib.
-E-e, nima qilamiz xarobada?
-Birga oʻqigan sinfimizni koʻramizda, buzilib ketgandir hoynahoy.

Ikkovlashim koʻcha boshidagi burilish tomonga chopqilladik. Qarovsiz itdek bechorahol maktabni koʻrib ichim achishdi. Derazalari sinib, devorlari qulab tushgan bino ichkarisiga yurar ekanmiz, Saman aksirdi.
- Buncha chang boʻlmasa, allergiyam bor, – dedi u burnini tortib qoʻyib. Gapiga tushunmadim-u ammo soʻragim ham kelmadi. Chunki keyin kuni boʻyi ustimdan kulib yuradi.
- Sen bilan shu sinfda oʻqiganmiz, - dedim uning yuziga qararkanman. Biroq umuman oʻzgarish koʻrmadim. Aksincha u beparvolik bilan hafsalamni pir qildi.
- Nima?.. shuni koʻrsatgani olib kelumiding?
- Sen ketgach bu joyda Maftun bilan men oʻtirdim, - dedim maqtanib.

Bu safar menga avvalgidek beparvo qaramadi. Ichida xasadi kelgan boʻlsa ham, hoynahoy yashirdi.
- Shahardagi partadoshim Maftundan oʻn marta chiroyli. Unga oʻxshab qizgʻonchiq emas. Hattoki soʻramasam ham darslarini koʻchirishga beradi.

Indamay qoldim. U esa gapidan zavqlanib davom etdi.
- Baribir shahar yaxshida! Tezroq qaytsak boʻlardi. Zeriksang, kompyuterxonaga borib, maza qilib oʻynaysan. Qishloqda qattan topasan....

Qishlogʻimizni qoralayotgani koʻnglimga tegdi-yu lekin... Aytgancha! Xayolimga kelgan fikrdan yuzim yorishdi.
- Saman, yur, senga yangi maktabimizni koʻrsatib kelaman, - dedim darrov suyunchi olishga shoshilmay.
- E, qoʻysangchi..... - dedi u choʻzilib.

- Yur degandan keyin yuraver!

Yangi maktab qishloq ichkarisida edi. Uyimizdan unchalik uzoq emas. Bir zumda yetib keldik. Ana, maktab hovlisida tinib-tinchimas direktorimiz turibdi. Bizni koʻrib, hayratlandi.
-Tinchlikmi ta’tilda? – soʻradi u.
- Kompyuterga keldik. Ustozimiz, yozda kelsalaring ham oʻrgataveraman, degandilar. Shunga...

Samantoy «shuni nega aytmading» degandek meni bir turtdi. Chopqillab ichkariga kirsak, xona ochiq ekan. Mendan yuqori sinf bolalari oʻz ishlari bilan mashgʻul oʻtirishibdi.
-Yashanglar! Oʻrganaman, deb kelibsanda-a Rustam? Ana oʻzingni «Olapar»ing, -dedi kulib ustoz oʻzinikidan ikkita keyingi kompyuterni koʻrsatib.

Hech nimaga tushunmagan Samantoy menga qaradi.
-Yur! – dedim oʻzimcha «mana, koʻrib qoʻy » qabilida kekkayib. Ha, bu temir matohga «Olapar» deb nom qoʻyib olganman. Kuchugimga oʻxshab, buni ham dumiga tegsangiz, lik-lik qilarkan-da. Hali umuman bu matohga teginib koʻrmagandim. Shunchaki bir-ikki marta qiziqib xonaga kirgandim. Ustoz hoxlaganingni tanlab olaver, deganiga, oʻzimcha bittasiga nom qoʻyib oldim.

Qoyil-e... Samantoyning adabiyot muallimi yaxshi boʻlmasa-da ushbu matohni ancha tushunarkan. Bir pastda «Olapar»im bilan apoq-chapoq boʻlib oldi.
-Oʻrtogʻing «Olapar»ingni tiliga tushunarkanmi? Tagʻin tishlab olmasin, - dedi ustoz Samannini tanishtirganimdan keyin. Dadasini tanigani uchun kompyuterni ishlatishga qoʻydi.

Saman menga «shu ham ish boʻldi-yu» nazarida qarab qoʻydi. Soʻngra «dum»chani likillatib allanimalarni ekranda paydo qildi. Avvaliga uning ustomonligiga ogʻzim ochilib, anqayib qoldim. Keyin esa uning hukmidagi askarning qilmishlari ichimga gʻulgʻula sola boshladi. Qanaqadir pala-pastqam joylarda kezib yurgan qop-qora niqobdagi jallodlar bir-birlariga toʻxtovsiz oʻq uzib, hamma joyni qonga botirdi. Huddi bizni maktabga oʻxshash, yoʻq, undan ham vahimali bino ichida sodir boʻlayotgandi. Qurollanib olgan kishilar tushunarsiz tilda sovuq ohangda allanimalar der, hoʻkizimiz quturganda boʻkiradigan tovushidan ham qoʻrqinchliroq edi. Avvaliga Saman boshqarib turgan askarga qarshi bir necha dushmanlar bor edi. U hammasini ayamay yer tishlatdi. Qoʻrqqanimdan koʻzimni yumib oldim. Saman esa tobora bundan zavqlanardi. Yana koʻzimni ochsam dushmanlar son-sanoqsiz. Ularga yakka oʻzi kurashayotgan Samanning ahvolini koʻrib qoʻrqib ketdim. Ranglari oqarib, terga botganiga qaramay, battar mukkasidan ketib, oʻq uzishda davom etardi.

Bobom aytgan urush voqealari koʻz oldimda gavdalandi. Bobom ham urush davrini eslasa shu koʻyga tushardilar... Xuddi oʻzim jang maydonga tushib qolgandek... hozir shu oʻqlardan biri meni ilib ketadigandek... «U meni doʻstim – oʻgʻri emas».... Alahsirayotgandek, yomon tush koʻrayotgandek hammasi aralashib ketdi.
-Ketamiz! – turtkiladim Samantoyni oxiri xushimga kelib. Hozir xuddi bobomga oʻxshab, unga ham bir nima boʻlishidan qoʻrqardim.
-Qoʻrqding-a?! Ha-ha-ha, quyonyurak ekansan-ku! Qoʻr-qooq! – dedi u sovuq iljayib qonga toʻlgan koʻzlari bilan. Keyin yana oʻyinda davom etdi.

Uni koʻrib yuragim ortiga tortib ketdi. Bir Xadicha xolaning, bir bobomning gaplari qulogʻim tagida shangʻillar, boshim gir aylanardi. Oʻzi uni qaerdan ham olib keldim. Qishloqni hadeb yomonlayverganiga, koʻrsatib qoʻyay degandim-da.
-Rangini qaranglar buni, ha-ha-ha! Holing shumidi?! Bu hali holvasi. Shaharda bundan zoʻrlari bor bilsang...

Nima?! Yana «shahar»laydi. Oʻrgildim shaharingdan! Shunaqa beshavqat qilib qoʻysa! Toshdan farqing qolmabdi oʻzi. Qanchalar oʻzgaribsan-a?! Qanchalar inoq edik, garchi buni bir-birimizga sezdirmasakda. Indolmadim. Nima deyishimni ham bilmayman. Koʻrganlarim koʻz oldimdan ketmaydi. Uni toʻxtatish uchun xushimni yigʻdim-u badani zir titrayotgan, koʻzlari ola-kula boʻlib, boshi stolga qadalgan oʻrtogʻimni koʻrib, dahshatdan qichqirib yubordim. U gʻijjalab nafas olar, rangi boʻzdek oqarib ketgandi. Oʻziga ogʻirlik qilayotgan qaltiroq qoʻllari yerga osilib turardi. Ogʻzi koʻpirib, ogʻir nafas chiqarardi.

-Saman!!! Darhol uydagilariga xabar ber! Ungacha oʻzim qarab turaman, - dedi boshimizda paydo boʻlgan ustoz lattani namlashga suv qidirib.

Men shamol tezligida uyga gʻizillar, yoʻl-yoʻlakay chirqillayotgan qushlarning sayrashi, baqateraklarning vahimali shitir-shitirlari, oyogʻimga chalishayotgan maysalarning suykalishi, tandirdan buriqsiyotgan qop-qora tutunlar, qoʻylarning ma’rashlari, musichalarning ku-kulashi-yu ariqning shildirashi qulogʻimga ayanchli ohangda oqib kirardi. Yuragim allanechuk gupillab urar, bu zamonning «urush»i oqibatida Samanga bir korihol boʻlishidan xavotir qilardim. Manzilga yetib keldim-u qoʻlida bolani allalayotgan Xadicha xolani uchratdim.
- Rustam, namuncha xovliqmasang, arvoh koʻrdingmi nimabalo? – dedi-yu xola oʻgʻlini soʻroqladi. – Samantoy qani? Birga emasmidinglar?
- U.... Saman....

Gapirolmay yigʻlab yubordim. Bunga sayin Xadicha xolaning rangi boʻzardi.
- Nima boʻldi axir? Gapiraqolsangchi... – dedi betoqatlanib.
- Saman hozir yangi maktabda.... Kompyuterga boruvdik, keyin... – ortiq davom ettirolmadim. Xadicha xola uyga otildi-yu bolani momoga tashlab, Samanning dadasi bilan mashinada joʻnab ketishdi.

* * *
Tuni bilan bobom boshimda oʻtirib chiqdi. Tinmay alahsirab, koʻnglim behuzur boʻlardi. Oʻyindagi manzaralar koʻz oldimga yopishib qolgan, xuddi yuzimga qon yuqlari chaplangandek, oʻzimdan ijirgʻanar edim. Koʻz oldimdan hammasi kino lentalaridek bir-bir oʻtar, hayollar girdobiga choʻkib borardim. Tushim bilan roʻyo aralash-quralash boʻlib ketgandi. Birgina narsa ming bitta tomirimgacha zirkiratardi.... Gʻala – gʻovur sinf... «U mening doʻstim – oʻgʻri emas».... oʻgʻri emas... emas... emas... doʻstim... doʻstim....