OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGulruh Odashboyeva
Asar nomiTilla belbogʻ (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Gulruh Odashboyeva
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/12/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tilla belbogʻ (hikoya)
Gulruh Odashboyeva

Har gal qishloqqa qadam bosganda yuragim xapqirib ketadi. Mana shu chang koʻcha, paxsa devorli pastqam uylar, ariqqa soch yoygan majnuntollar koʻzimga olovday boʻlib koʻrinadi. Dov-daraxt kiprikday tizilgan koʻcha boʻylab borar ekanman, devori nuragan, tomi koʻchgan xonadon yonidan oʻtganda bir xil boʻlib ketaman. Ogʻir bir yuk bosadi. Aslida koʻrimsiz bu uyning boshqa hovlilardan farqi yoʻq. Qishloqning bir xonadoni. Bir qarashda shunday, ammo u menga boshqacha ta’sir etadi. Koʻp falokatni yashirib yotgan lahadday boʻlib tuyuladi. Gap shundaki, bu hovlida juda gʻalati bir kampir yashagan. U odamlarga koʻpam aralashmas edi. Alamzada. Doim tund kayfiyatda. Men uning qovoq ochganini, kulgan-boqqanini bilmayman. U hatto bolalarga ham iliq soʻz aytmasdi. Qizigʻi, qachon qaramang, hovlida bir eski poʻstakni sudrab yurardi. Hatto koʻchada ham shu matohni qoʻlidan qoʻymasdi. Bir kuni buvimdan bu kampir, (biz uning ismini bilmasdik,) poʻstakka muncha yopishib olgan, deb soʻradim. Buvim biroz oʻylanib turgach, tin oldi, soʻng:

– Zax oʻtmasin, deydi-da, bolam, – dedi. – Koʻrmaysanmi, darvozasi oldida oʻtirgʻich ham yoʻq. Shuning uchun poʻstakni sudrab yuradi.

Buvimning gapi meni qoniqtirmadi. Ammo unga yana gap qotishga choʻchidim. Mahmadonalik qilmaslik uchun, hm-m deb qoʻya qoldim. Lekin bir kuni buvim «yorildi», menga oʻsha poʻstak bilan bogʻliq voqeani aytib berdi. Kampir erini urushga joʻnatgach, u omon-eson kelsin deb bir qoʻchqor boqqan. Eri urushdan qaytgach, oʻsha qoʻchqorni soʻyib, xudoyi qilgan. Shungacha u birovga bir chuqum osh bermagan, xonadoniga birovni chorlab chaqirmagan ekan. Jonliqning terisini esa kampir olib qoʻygan, shundan beri qaerga bormasin, oʻsha poʻstakni sudrab yurgani-yurgan...

Kampirning yolgʻiz qizi boʻlgan. U shaharga oʻqishga borib, institutga kira olmagan. Oriyat qilib qishloqqa qaytmagan. Ishga joylashgan. Soʻng qaysidir boyvachcha bilan don olishib, unga «osilib» olgan. Xullas, shunaqa gaplar. Aslida qizi ham odamlarga uncha yoqmasdi. Ayniqsa, oʻsha boyvachchaga tekkach, uning dimogʻi yanada koʻtarilib ketdi...

Bilmadim, u shahardan baxt topdimi yoki baxtsizlik, ochigʻi, bu hech kimni qiziqtirmasdi. Qishloqda birov uni yaxshi yoki yomon demaydi, muhokama qilmaydi, goʻyo bu mumkin emasdek...

Qishloq odamlari kampirni ham uncha xush koʻrmasdi. Nimagadir u haqda birov botinib gapirmasdi. Uzunquloq gap-soʻzga qaraganda, kampir vaqtida aktiv boʻlgan, oʻsha notinch zamonda uning chaquvi bilan qanchadan-qancha odamning yostigʻi qurigan.

Biz esimizni tanigan vaqtda eri olamdan oʻtgan edi. Qizi esa ahyon-ahyonda qishloqqa birrov kelib-ketardi. Aytishlaricha, kampirning yiqqan boyligi oʻziga yetarli. Keyinchalik men buni oʻz koʻzim bilan koʻrdim. Shunday boʻlmaganda, boshqalarga oʻxshab munkillagan kampirda boylik nima qilsin, deb yurar edim.

Dunyoda gʻalati odamlar boʻladi. Ularning yurish-turishiga qarab bir beva-bechora-da, deb oʻylaysan. Aslida esa...

Bir kuni oyim bir kosa oshni qoʻlimga tutqazib, qizim, shuni koʻcha boshidagi momoga olib borgin, deb qoldi.

– Voy, oyi, men undan qoʻrqaman! – dedim yuragim hapqirib.

– Nimaga qoʻrqasan? – hayron boʻldi oyim. – Uyam bir odam-da, nima, seni yeb qoʻyarmidi?

Oyim shunday deyishga dedi, ammo gap ohangidan oʻziyam oʻsha kampirdan hayiqishi sezildi. Men battar taysalladim. Oyim kampirga achindimi yoki gapi yerda qolishini istamadimi, qovogʻini solib: – Gapimni ikki qilma, – dedi. – Momo kasal, butun qishloq qarab turibmiz. Bemordan xabar olish savob boʻladi, qizim!..

Rosti men oʻsha uyga borishdan choʻchirdim. Ammo oyim qoʻyarda-qoʻymay qoʻlimga tugun tutqizdi va kampirnikiga yubordi. Yetib borgach, zoʻr bir taraddud bilan qarovsiz hovliga kirdim. Borib ayvon eshigini sekin itardim-da: – Momo, – deb ovoz berdim. Lekin sado boʻlmadi. Asta oyoq uchida yurib ayvonga kirdim. Dahliz eshigi qiya ochiq ekan. Kirsam, kampir saratonnning jaziramasiga qaramay, qalin koʻrpaga oʻranib yotibdi, hammayoq besaranjom.

– Momo, – dedim yana yuragim betlamay.

– Kim u? – dedi u zoʻrgʻa. – Kir-kiraver!

Kampir koʻzlarini qisib menga tikildi.

– Sizga ovqat opkelgandim. – Shunday deb tugunni uning bosh uchiga qoʻydim va ketishga chogʻlandim.

– Umringdan baraka top! – Kampir mungʻayib qaradi. – Kimning qizisan?

Men istar-istamas kimligimni aytdim.

– Ha, shunaqami? – Kampir gʻalati kuldi. Kulganda tishi yoʻq ogʻzi oʻraga oʻxshab ketdi. Qandaydir xunuk, yoqimsiz. Yuragim bezillab, qaytmoqchi boʻldim, shunda kampir, toʻxta, deb qoldi. Xuddi ertakdagi yalmogʻizning oldida turganday yuragim uvushib ketdi. Butun vujudimni qoʻrqinch hissi chulgʻab oldi.

– Kechadan beri choy ichganim yoʻq, – dedi u juda norozi boʻlib. – Qumgʻon qaynatib koʻk choy damlab ber! – Kampir ming azob bilan chap yonboshiga oʻngarildi.

U behol koʻrinsa-da, ovozi miltiqning oʻqidek edi. Shu bois, qoʻrsa-pisa, mayli, dedim-da, soʻzsiz aytganini qilishga kirishdim. Oʻchoq boshiga borib, qumgʻonni chayib, suv quydim. Qarasam, oʻt yoqish uchun gugurt yoʻq. Tandir boshida ham, oʻchoq atrofida ham...

Kampir uxlaganday yotsa-da, koʻzi ochiq edi.

– Momo, gugurt qolmaganmi? – deb soʻradim undan. U miq etmadi. – Gugurt yoʻqmi, deyman, momo?

U tush koʻrayotgan odamday sachrab ketdi.

– Gugurt deysanmi? Nega yoʻq boʻlsin. Gʻaladonga kir, tokchada qutisi bilan turibdi, – Keyin u yuzimga tikilib qaradi. – Ichim yonib ketayapti...

Men ichkari xonaga oʻtdim. Shunda hayron boʻlib qoldim. Uning yashirin boyliklari haqida koʻp eshitganman. Shuning uchunmi, kampirning uyi qimmatbaho buyumga toʻla, degan tasavvurda edim... Qayoqda, xona toʻla eski-tuski, ashqol-dashqol, hech kimga kerak boʻlmagan yaroqsiz buyumlar qalashib yotibdi. Toʻrdagi tokchada cheti singan toshoyna, devorga titilib ketgan gilam osilgan, almisoqdan qolgan xum va koʻzalar, chala-yarim toʻldirilgan qoplar, siniq idish-tovoq...

Buni boshiga uradimi u, deb oʻyladim.

Tokchadagi narsalar ichidan bir quti gugurt topdim. Kampirning bor-budini koʻzdan kechirayapman-u, odamlar ham aytaverar ekan-da, xayoliga kelgan gapni, tilla yoʻq-ku, deb oʻylayman ichimda. Hammasi eski-tuski. Biz uning tashlandiq narsalarni yigʻib-terib yurganini koʻrganmiz. Attorga sotib pul qilsa kerak-da, deb oʻylaganmiz. Hamma ashqol-dashqolni gʻaladonga yiqqan ekan-da! Nega? Nima uchun? Oʻylab oʻyimning oxiriga yetolmadim. Gugurtni olib, xonadan chiqsam, kampir eshikka tikilib yotibdi.

– Topdingmi? – dedi u. – Yonib ketayapman. Ammo tanim sovqotayapti...

Qumgʻonni qaynatib, choy damladim. Kampir qaltiragan qoʻli bilan piyolaga choy quymoqchi boʻldi. Bexosdan choy uning koʻksi aralash toʻkildi. Ammo u buni sezmadi. Oʻzim choy quyib unga ichirdim. Kampir koʻzlari yumuq holda bir piyola choy ichdi, bir nima deb pichirladi. Soʻng koʻzidan bir tomchi yosh dumalab ajin bosgan engagiga tushdi. «Yo tavba, bu kampir ham yigʻlar ekan-a?!». Hayratdan qotib qoldim. Kampir pichirlab: «Kimning bolasiman deding?» – deb soʻradi. Aytdim. U yalt etib menga qaradi. Birdan hushyor tortgani meni sergaklantirdi. Buvamning qamalib ketgani xayolimdan oʻtdi. «Nahot uni shu kampir qamatgan boʻlsa?» – deb oʻyladim. Yuragim orqaga tortib ketdi. Kampir inqillab bezovtalana boshladi. Yelkasidan ushlab chalqancha yotqizmoqchi boʻldim. U negadir bejo boʻlib, gʻalati qaradi, bir nima deb gʻudrandi. Oʻtirishga yordam ber, degandek boʻldi. Uning qoʻltigʻidan olib oʻtqizmoqchi boʻldim. Shunda qoʻlim qandaydir bir qattiq narsaga tegdi. Kutilmaganda kampir meni bor kuchi bilan siltab yubordi. Tap etib oʻtirib qoldim. U ham holsizlanib hansiradi.

– Buvang... – dedi u ogʻir-ogʻir nafas olib, soʻng belini paypasladi. – Sen bor-ket!

Bir seskandim. «Buvamni shu qamatgan boʻlsa-ya?..» Uni battar yomon koʻrib qolgan edim. Vujudimda gʻalati titroq, ammo bu qoʻrqinch emas, men undan qoʻrqmay qoʻygandim. Unga nisbatan koʻnglimda achinishmi, nafratmi, juda gʻalati hislar aralash-quralash boʻlib yotardi.

Keyin shartta oʻrnimdan turdim-da, eshikni ham, darvozani ham lang ochiq qoldirib, uyga qarab chopdim.

– Namuncha qopketding? Yana koʻchada oʻynab qoldingmi?

– Yoʻq, oyijon. Haligi, u choy damlab ber, deb qoldi. Qumgʻon qaynatib, choy damlab berdim.

– Voy, oʻzimning dastyor qizimdan aylanay, yaxshi qipsan, bolam!

– Oyijon, u kampir buvamni... Oyim jim deganday barmogʻini labiga bosdi.

Birozdan soʻng oʻzimga kelgach: – Odamlar bu kampirni katta boyligi bor, derdi. Hech qanaqa tilla buyumi ham, taqinchogʻi ham yoʻq ekan! – dedim oʻzimni chalgʻitishga urinib. – Men gʻaladonini kirib koʻrdim!

– Boyligi boʻlsa-boʻlmasa, senga nima? Jon qizim, qoʻy, yaxshi emas bunday gaplar...

Bari bir, kampirning boyligi haqidagi fikr xayolimdan ketmasdi. Ayniqsa, uning siltovi yuragimga ogʻir botgan edi.

Oʻsha haftaning oxirida qishlogʻimizga «Tez yordam» mashinasi keldi. U kampirning uyi oldida toʻxtadi. Biz koʻchada oʻynayotgan edik. Bir toʻda bola qiziqib, oʻzimizni hovliga urdik. Bir kun oldin qizi kelgan, hovli-eshikni tozalagan, ayvonga joy qilib, kampirni olib chiqqan ekan. Biz borsak, yuzidan nur yogʻilib turgan, nigohi oʻtkir doktor amaki kasalni koʻrayotgan ekan. U obdon koʻrgach, kampirga sinchidek qadalib qaradi. Keyin miyigʻida kuldi va uni yonboshlatib, koʻylagi ostiga qoʻl yubordi. Va ... u ham oʻsha qattiq narsani ushladi. Kampir bezovtalandi. Doktorni siltab tashlamoqchi boʻldi, lekin u kishi kampirning belidan belbogʻini yechib oldi. Kampir belboqqa tashlandi, akashak qoʻli bilan uni yulqib tortdi.

– Boʻldi, endi, momo! – dedi doktor juda vazmin ovozda. – Hayajonlanmang, sizga mumkin emas! Buni qizingizga bersangiz ham boʻladi! Sizga endi bu ortiq yuk! Yaxshisi, picha dam oling!

Nazarimda kampirning joni chiqib ketganday boʻldi. Qoʻli shilvirab tushdi, belbogʻning u tutgan uchi ochilib, tilla taqinchoqlar yerga sochildi. Hamma, voy-boʻ, deb yubordi. Doktor amaki kampirning qiziga yuzlanib: – Onangizning mushkuli oson boʻldi, ortiq bezovta qilmang, – dedi. U hech qanday dori-darmon yozib bermadi. Miyigʻida jilmaygancha bizga:

– Tomosha tugadi, – dedi. – Hamma uy-uyiga! – Soʻng oʻzi mashina tomon ketdi. Biz bolalar boʻlsa, bu sirli hodisani uydagilarga aytish uchun shoshildik.

– Oyijon, oyijon, aytgandim-ku, sizga, kampirning boyligi bor, deb. Belidagi belbogʻ toʻla oltinlar ekan. Men buni oʻz koʻzim bilan koʻrdim. Belbogʻga oʻrab, beliga boylab olgan ekan!

Kattalar bir-biriga ma’noli qarab qoʻyishdi.

– Yolgʻon aytish yaxshimas, qizim, – dedi oyim.

– Sizni aldamayapman. Ishonmasangiz, ana, bolalardan soʻrang. Ular ham koʻrishdi. Doktor amaki uning belidagi belbogʻni yechib olayotganidi, tilla taqinchoqlar sochilib ketdi. Keyin kampirning qizi ularni terib oldi.

Hademay bu mish-mish butun qishloqqa yoyildi.

Ertasi kuni kampir olamdan oʻtdi. Uni koʻmib kelgach, odamlar: «Tillaning kuchi bilan yurgan ekan-da!..» deb yurishdi. Oʻsha tilla qiziga ham buyurmadi. Uning bittayu bitta arzanda oʻgʻli bor edi. Aytishlaricha, oʻsha oʻgʻil ularni bittalab sotgan, nasha olib chekkan. Faqat bu emas, keyinchalik u ninaga «oʻtirib» qolgan va bor-budini sovurgan. Axiyri, qamalib ketgan. Hozir kampirning qizi qishloqqa kelmaydi. Tashlandiq hovli esa huvillab yotibdi. Odamlar uni bexosiyat deb biladimi, oʻzlarini chetga oladi...

Ha, aytmoqchi, yaqinda «Taynaya magiya» degan kitob qoʻlimga tushib qoldi. Unda tilsimlar izohi berilgan. Masalan, tumor odamni balodan asrar ekan. Poʻstak esa... Bilasizmi, bu kampirga oʻxshaganlar oldin Yaratganga shirk keltirar ekan, keyin qora niyat qilar ekan. Niyatga koʻra, kimda-kim qoʻchqorning goʻshtidan yesa, poʻstakka bandi boʻlib, uning egasiga moli, kerak boʻlsa, joni bilan qullik qilar ekan...

Men hikoya qilgan voqea shundaymi-yoʻqmi, bilmayman. Ammo oʻsha ishlardan soʻng bir haqiqatni anglab yetdim: odamzod qilmishini oq yoki qora chimmatga qanchalik oʻramasin, bir kun kelib oʻsha chimmat chok-chokidan soʻtilib ketadi. Va bunday vaqtda kishi oʻzi bilan oʻzi qoladi, uning dahshatidan qochib oʻzgalarga talpinadi. Ammo...

«Yoshlik» jurnalining 2011-yil, 6-sonidan olindi.