OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifGulruh Yormatova
Asar nomiTuman ortidagi manzillar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Gulruh Yormatova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/25
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 1-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tuman ortidagi manzillar (hikoya)
Gulruh Yormatova

Ayol hovli adogʻidagi omborga kirdi-da nima qilsamikin, degandek uzun-uzun yogʻoch xodalar ustiga pala-partish taxlab tashlangan biri yarimroq, biri toʻlaroq qoplarga alangladi. Soʻng qidirganini topdi shekilli, boʻgʻziga ola-bula ip bogʻlangan qopni inqillab-sinqillab pastga tushirdi. Qop tuproq yerga gup etib tushdi-yu, hammayoq changib ketdi. Ayolning roʻmolidan chiqib turgan jingalak sochlari va siyrak kipriklariga oppoq chang qoʻndi. Chang burniga ham kirdi shekilli, ayol qattiq aksirib yubordi. Shu payt eshikda kimdir paydo boʻldi-yu, shusiz ham nimqorongʻi ombor gʻira-shira boʻlib qoldi. Bundan norozilangan ayol burilib ortiga qaradi.
– Ha, senmiding? – dedi ostonada turgan yetti-sakkiz yoshlardagi oʻgʻlini koʻrib. – Qoch, soya qilma, – dedi soʻng uni jerkibroq.
– Nima qilayapsiz, aya? – dedi bola ichkariga kirib burchakka tiqilarkan.
– Bozorga opchiqaman.

Bolaning koʻzlari yashnab ketdi. Demak, ayasi nimadir sotish uchun bozorga otlanayapti. Astoydil urinsa u ham borishi mumkin.
– Menam boray, – dedi u yalinchoq ovozda.
– Men oʻynagani ketayapman-da, sen quruq qolasan, – dedi ayolning bir oz jahli chiqib. – Mayiz sotib senga etikcha olib kelaman.
– Menam boraman, – qaysarlik qildi bolakay.
– Yoʻq, seni olib borolmayman. Bozorda adashib qolasan. Odam tiqilinch.

Haqiqatdan ham bugun yakshanba. Odam koʻpligidan bozorda yurib boʻlmaydi. Bola yetaklab yurishni-ku, aytmasa ham boʻladi. Shu bois oʻgʻliga bildirmay darvozadan chiqib ketishni moʻljallagandi. Ammo boʻlmadi. Onasi eshikka chiqsa chiqib, kirsa kirib yurgan oʻgʻli baribir sezib qoldi. Endi uni chalgʻitish dargumon. Shu bois xarxasha qilmasin, deya oʻzini qattiq jahli chiqqandek koʻrsatishga urinib, qovoq uyub oldi. Ammo onasining koʻngilchanligini bilgan bolaga bu chivin chaqqanchalik ham ta’sir qilmadi.
– Ayajo-on, – dedi yigʻlamoqqa shaylanib. Ayol oʻzini eshitmaganga olib, yerdagi qopning ogʻzini ochishga urindi. Ammo har qancha urinmasin, qattiq qilib tugulgan qopning ogʻzi ochilay demasdi.
– Hah, momongam qirq tugun qilgan ekanda, – dedi ipni tishi bilan yechishga urinib. Nihoyat, tugun yechildi. Ayol qopning ogʻzini ochib, qurt tushmabdimikin, degandek katta-katta qora mayizlarni kaftiga olib yoruqqa tutdi. Soʻng koʻngli toʻldi shekilli, lattadan tikilgan ikkita setkaga qopdagi mayizdan hovuchlab-hovuchlab sola boshladi. Nimadir qilib boʻlsa-da onasini koʻndirishga urinayotgan bolakay yugurib kelib, setkani ushlab turdi. Uning xatti-harakatidan ayolning kulgisi qistadi. Ha, ayyorcha, deb qoʻydi ichida mehri tovlanib.

Ona-bola ikkita setka koʻtarib, uydan chiqishganda ertalabdan buyon sim-sim yogʻayotgan yomgʻir birdan kuchayib, tunuka tomlarni taqirlata boshladi.
– Bekor ergashding-da, – dedi ayol bolasini koyib. – Yomgʻirda ivib ketasan endi.

Bola qadamini jadallatdi.
– Yuguraqol, – dedi onasi uning ust-boshi shalabbo boʻlishidan xavotirlanib. – Astanovkaga kirib tursang, egning hoʻl boʻlmaydi.

Bola shuni kutib turgandek, loyshang koʻcha boʻylab shataloq otgancha yugurib ketdi. Yomgʻirga boʻkkan tuproq yoʻl tizzagacha loy edi. Bolakayning orqasi yirtiq rezina etikchasidan sachrayotgan loy uning yelkalarigacha sachrab ketdi.
– Bekor yugur debman, – dedi ayol uning ortidan afsus bilan bosh chayqarkan. – Bu ahvolda shaharda qanday olib yuraman?

Harsillay-harsillay bekatga chiqib borsa, u yerda ham odam gavjum ekan. Birov oʻzidek setka koʻtarib olgan, yana birov qop orqalab turibdi. Hamma bozorga nimadir sotib, roʻzgʻorga ul-bul olib kelish ilinjida osmondan yomgʻir chelaklab quyayotgan boʻlsa-da yoʻlga otlangan. Ayol u yerdagilarga eshitilar-eshitilmas salom berib, bekatning bir burchagiga oʻtdi. Soʻng bekat ustidagi qiyshiq tarnovdan sharillab oqayotgan suvga qoʻlini tutib turgan oʻgʻlini imlab chaqirdi.
– Nima deysiz? – dedi bola sevimli mashgʻulotidan chalgʻitgani uchun onasidan norozi boʻlib. Ayol katta-katta gulli qizil choponi choʻntagidan roʻmolcha oldi-da, bolaning usti boshiga sachragan loyni arta boshladi. Shu payt uzoqdan qishloqda qatnaydigan sariq avtobusning tumshugʻi koʻrindi. Hamma gurr, etib bekatdan tashqariga chiqdi.
– Yugur, – dedi ayol shosha-pisha yerdagi setkani koʻtararkan oʻgʻlini hovliqtirib. Bola prujinadan otilgan koptokdek bekatdan otilib chiqdi. Shu hamono avtobusning asfalt yoʻlda chiyillab toʻxtagani eshitildi. Patak sochli shofyor qattiq soʻkindi.
– Kimning bolasi bu? – dedi soʻng shangʻillab. Ayolning dami ichiga tushib ketdi. Qishloqdoshlari oldida izza boʻlganidan ikki yuzi qip-qizarib ketdi.
– Bola-da, bola, – deyishdi avtobusga chiqishga urinayotgan qishloqdoshlari uning ahvoliga e’tibor bermay. Ayol turtina-surtina avtobusga chiqib oldi. Oyna oldidagi oʻrindiqqa oʻtirib olgan bola esa oʻzida yoʻq shod edi. Hozirgina avtobusning tagiga kirib ketishi mumkinligini ham esidan chiqarib yuborgandi.

Avtobus liq toʻla odam boʻlsa-da, har bekatda toʻxtab, kamida yetti-sakkizta odam urho-ur qilib unga chiqib olishardi. Kimdir shofyorni insofsizlikda, besh qoʻlini ogʻziga tiqqanlikda ayblasa, yana kimdir koʻra-bila turib oʻzini avtobusga urayotgan odamlarni yomonlardi.

Ertalab kun sovuqligidan qat-qat kiyinib olgan ayolning issiqdan nafasi qayta boshladi. Paxtali choponining tugmalarini yechib tashlagan boʻlsa-da baribir havo yetishmayotgandek edi.
– Aya, isib ketdim, – dedi oynaga yopishib qolgan oʻgʻli ham arang onasiga oʻgirilib.
– Birpas chidab tur, oʻgʻlim. Oz qoldi.

Avtobus bir soatdan koʻproq homilador xotindek asta-sekin oʻrmalay-oʻrmalay shaharga yetib keldi. Ikki tomondagi eshik sharaqlab ochilishi bilan hamma xuddi qamoqdan ozod boʻlgan mahbuslardek tapur-tupur qilib tashqariga intilishdi. Ayol ham sirgʻana-sirgʻana arang avtobusdan tushdi.
– Etagimdan mahkam ushlab ol. Adashib ketasan, – dedi oʻgʻliga. Soʻng ikkita setkasini koʻtargancha qiyshayib, bozor tomon yoʻl oldi. Ammo endi bozor darvozasiga yetgandi hamki, kimdir yengidan tortgandek boʻldi. Qoʻlidagi ogʻir yuk va bolasining etagidan tortqilashi ham ogʻirlik qilayotgan ayolga bu tortqilash oʻlganning ustiga tepgandek boʻlib, yonboshiga norozilanib qaradi. Qarasa baland boʻyli, shopmoʻylov bir kishi ekan.
– Ha? – dedi ayol hayron boʻlib.
– Nima olib kelayapsiz? – shopmoʻylov ayolning setkasiga ishora qildi.
– Mayiz, – dedi ayol nima ishingiz bor, degandek jahli chiqib.
– Qanaqa mayiz?

Ayol uning savoliga javob bermay oldinga intildi.
– Toʻxtang, toʻxtasangiz-chi, – dedi shopmoʻylov uning ortidan soyadek ergashib. – Savdomiz pishsa mayizingizni koʻtara olaman, axir.

Ayolning bir koʻngli toʻxtasammi, ham dedi, ammo erkakning olma-kesak terib turgan koʻzlaridan qoʻrqdi shekilli, yana oldinga talpindi. Lekin erkak ham shilimshiqlardan ekan. Gapira-gapira ayolning ortidan ergashdi:
– Bozorga olib kirsangiz joy puli toʻlaysiz – bir, taroziga pul berasiz – ikki. To maydalab sotguningizcha qorningiz ham ochadi, bolangiz ham chidamaydi. Obed qilasiz – uch. Qilgan foydangiz shu xarajatlar uchun ketadimi – ketadi.

Ayol taqqa toʻxtadi-da, qoʻlini uzib yuboray deb turgan setkasini yerga qoʻyib, chuqur nafas oldi.
– Nima qil, deysiz? – dedi soʻng erkakka oʻgirilib.
– Nima derdim, koʻtara bering, qutilingda.

Ayolning ikkilanayotganligini koʻrib, erkak engashgancha uning setkasini kovlashtira boshladi.
– Soyakimi? – dedi soʻng bir hovuch mayizni kaftida ezgʻilab, dumchasidan tozalarkan.
– Koʻrinib turibdi-ku.

Erkak ogʻzini katta ochdi-da, hovuchidagi mayizni xuddi nos otgandek ogʻziga soldi. Soʻng ta’mini bilmoqchi boʻlgandek uzoq kavshandi. Oʻzicha nimalarnidir chamaladi.
– Qancha deysiz? – dedi ayolga sinchkov nigohlarini tikib. Ayol ikkilandi.
– Bilmasam, – dedi yelkalarini qisib. – Bozorda qancha boʻlsa shu-da.
– Bozorni qoʻying, oʻzingizni moʻljalingizni ayting.
– Bu yil bozorga mayiz birinchi olib kelishim. Qanchaligini bilmasam. Shuning uchun bozorni koʻray devdim-da.

Shopmoʻylovning koʻzlari gʻalati yaltillab ketdi.
– Bozorda bu mayizingizni ming soʻmga ham olmaydi.
– Yoʻgʻ-e, shuncha arzonmi?
– Hali xabaringiz yoʻq-da, bu yil mayiz juda toʻkildi.

Ayol nima qilsamikin, degandek besaranjomlanib yon-atrofga olazarak boqdi.
– Bekor olib kelibman, – dedi soʻng eshitilar-eshitilmas. Va engashib yana setkasini koʻtarmoqchi boʻldi.
– Ha, nima qildingiz? – dedi shopmoʻylov setka bandidan tutib.
– Bozorga boray-chi.
– Iy, qoʻying shu bozorni. Men Toshkentga yuk olib ketaman. Shuning uchun narxini kelishsak bozordan mundayroq qilib berishim mumkin. Bolangizga rahmim kelayapti. Sovuqdan koʻkarib ketibdi bechora. Ust-boshi ham abgor ekan. Shunga biror narsa olib beraman, deb kelgansiz-da.
– Ha, shunday, – ayol burilib oʻgʻliga qaradi. Rostdan ham oʻgʻlining iyagi qaltirab turar, onasining uzoq ushlanib qolganligidan toqati-toq boʻlgan shekilli, qop-qora koʻzlari toʻla jiqqa yosh edi.
– Ey, opa, menam yetim oʻsganman, – ayolning ikkilanayotganligidan foydalangan erkak battar suhbatga qoʻr berdi. – Shuning uchun yetimlarni rahmini yegim keladi.

Uning gapidan ayol seskanib ketdi.
– Bolam yetim emas, – dedi keskin. Ammo ichida «qaerdan bilaqoldiykin qirilgur» deya oʻyladi. Toʻgʻri, eri tashlab ketgan boʻlsa-da, ammo oʻlgan emas. Lekin bolam baribir tirik yetim-da, deya hafsalasi pir boʻldi yana.
– Nima qildingiz, berasizmi? – dedi erkak boyagi gapidan mulzam boʻlganidan gapni boshqa yoqqa burib.
– Bilmasam.
– Ey, nimani bilasiz oʻzi? Erim bor deysiz, bor boʻlsa oʻzi kelmaydimi bozorga? Shunday ayolni koʻchaga chiqarib qoʻyadimi? – shopmoʻylov ayolni avrash uchun atay uning koʻnglini yumshatadigan gaplardan gapirdi. Axiyri ayol yon berdi. Shopmoʻylov qoʻnjidan uzunchoq tarozi chiqardi-da, ikki setka mayizni shart-shurt tortib, oʻzining qopiga joylay boshladi. Ayol hayron boʻldi. Mayizi moʻljalidan ancha kam edi.
– Menimcha notoʻgʻri tortdingiz-ov, – dedi bir oz ikkilanib.
– Nega? – hayron boʻldi erkak.
– Uyda palla taroziga tortganimda buncha emasdi-da.
– Palla tarozingiz anavi sayuz davridagi tarozidanmi?
– Ha, oʻsha-oʻsha, – dedi ayol hovliqib.

Erkakning yuzi yorishib ketdi.
– Ey, u yolgʻon tarozi-ku.
– Axir rossiyskiy tarozi aldamaydi deyishadi-ku.
– Oʻsha aldasin-da, opa. Rossiya bizni yetmish yil aldadi-ku, tarozisi aldamaydimi?
– Ha, shundaymi? – dedi ayol dami chiqqan koptokdek shalvirab. Ammo dili qattiq xijil boʻla boshladi. U to oʻylayman deguncha erkak arzimagan pulni qoʻliga tutqazdi-da, qopini orqalab koʻzdan gʻoyib boʻldi. Ayol pulni sanab koʻrdi. Changalidagi pul hech narsaga arzimasligidan yuragi zil ketdi. Oʻgʻliga qaradi. Oʻziga umidvor termilib turgan bolasining nigohlariga dosh berolmadi. Shuginaga etikcha olib beramanmi, devdim dedi yuragi sitilib. Negadir bolasining oldida oʻzini gunohkor sezdi.
– Yur, ketdik, – dedi unga titroq qoʻllarini choʻzib.

Oʻgʻlining muzdek kaftchasi diliga quvvat bagʻishlagandek boʻldi.
– Aya, shashlik oberasiz-a? – dedi bolakay irgʻishlab.
– Mayli, oʻgʻlim.
– Shaharam aylantirasiz-a?
– Ha.

Bozor darvozasidan kirisharkan bir-ikki kishi ona-bolaga boshdan-oyoq gʻalati qarab qoʻygandek boʻlishdi. Shundagina ayol ust-boshiga e’tibor berdi. Bolasiniyam, oʻziniyam oyogʻi toʻpigʻigacha loy edi. Ayol shosha-pisha bolasini sudrab boʻtana suv oqayotgan ariqcha oldiga olib bordi. Soʻng engashgancha kalishini va bolasining etikchasini hafsala bilan yuvdi. Sovuqdan barmoqlari qizarib ketdi. Kuf-kuflab qoʻlini isitgach yana yoʻlga tushishdi.

Ayol bolasining koʻngli uchun doʻkonlarni aylandi, unga boʻladigan etikchalarning narxini soʻradi. Qaysi etikchani ushlamasin, oʻgʻli aya shu boʻladi, shuni obberaqoling, derdi koʻzlari charaqlab. Ammo ayolning qoʻlidagi pulga bunday etikchalarning bir poyini ham bermasdi.
– Ha, qoʻshni? – dedi kimdir navbatdagi doʻkondan chiqib ketishayotganda yengidan tortib. Ayol ortiga burilib qoʻshnisi Xadichani koʻrdi. Yuzi yorishib u bilan koʻrishdi.
– Bozorga keluvdingizmi? – dedi qoʻshnisi.
– Ha, mayiz olib keluvdim.
– Necha puldan sotdingiz?
– Ming soʻmdan.
– Iya, nega? Qanaqa mayiz opkeluvdingiz?
– Soyaki.
– Nega arzon sotdingiz? Bozorda soyaki mayizlar besh-olti mingdan-ku.

Ayolning yuragi shuv etdi.
– Yoʻgʻ-e, – dedi arang shivirlab.
– Qaerda sotdingiz oʻzi?
– Bozor tashqarisida.
– Boplabsiz unda. Shuncha mehnatingizni koʻkka sovuribsiz.

Qoʻshnisi yana nimalar dedi, kimlarni qargʻadi – ayol bilmaydi. Quloqlari ostida faqat boyagi erkakning men ham yetim oʻsganman, yetimlarning rahmini yeb yuraman, degan soʻzlari tinmay jaranglardi.
– Yetimlarning rahmini emas, haqini yeb oʻrgangan ekan, – dedi ayolning lablari arang qimirlab.

– A? Bir nima dedingizmi? – dedi qoʻshnisi hayron boʻlib. Ayol unga bir muddat tikilib turdi-da, soʻng oʻgʻlining qoʻlidan changallagancha shitob bilan yurib ketdi. Yoʻlma-yoʻl ketarkan, yelkalari silkinib, koʻz yoshlari yuzini yuvib bordi. Uning yonida chopqillab ketayotgan bola esa onasining nega yigʻlayotganligini tushunmasdi.