OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHabib Siddiq
Asar nomiHomiy qidiryapman (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Habib Siddiq
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Homiy qidiryapman (hajviya)
Habib Siddiq

Yangi ishga kelgan paytlarim edi. Bir ishni eplolmay qoluvdim ustamning jahli chiqib ketdi.
— Surat ekansan-ku, xumpar.
—Ha-ha, Surataliman, — dedim.
— A? …
— Chindan ham shunday. Ismim Suratali, familiyam Robiev.

Usta sal jahlidan tushib jilmaydi.
— Uncha muncha she’r ham yozib turaman, — dedim.
— Yoʻgʻ-e?... Taxallusing ham bordir.
— Boʻlmasachi!.. Taxallusim Sur Rob. Ismi sharifimni yuqorida aytdim-ku! Shundan qisqartirib ustozim qoʻyib berganlar.
— E-ha. Oʻzing ham ismi jismiga monand surgina yigitga oʻxshab turibsan.

Ustaning bu maqtovidan ancha taltayib ketdim. Bir ikkita she’rlarimdan oʻqib berdim.
— Balosan-ku, xumpar, — dedi usta. – Bu kitob-mitob chiqaray demayapsan-mi?

Oʻziyam shunaqa deb soʻraydigan odamni topolmay yuruvdim. Dardimni bir boshdan toʻkib soldim.

Aslida-ku, tuman gazitida qoʻshnimizning qoʻyi egiz qoʻzilagani haqidagi xabarim bosilib chiqqandayoq ancha mashhur boʻlib ketganman. Keyinchalik bir nechta teng tushlarimizning tugʻilgan kunlarida, toʻylarda she’rlar oʻqib qishlogʻimiz odamlari orasida ogʻizga tushdim. Hatto bitta she’rim viloyat gazetasida ham bosilgan. Oʻshanda rosa qiziq boʻlgan-da. Aytsam kulasiz. Sarlavhasini oʻzgartirib yuborishibdi. Satrlarimni ham andak tahrir qilishgan ekan. Oʻqidim. Tanish gaplarga oʻxshaydi, lekin qaerda koʻruvdimikin?.. Ie, xayolim qursin, tagida taxallusim turibdi-ku!.. She’r meniki ekanligini bilgach, xursandligimdan doʻppimni osmonga otganman. Ana shunda kitob chiqarsam, degan orzu koʻngilda paydo boʻldi. Ammo buning uchun homiy topishim kerak ekanligini ancha kech bildim. She’rlarimni maktabimiz direktorining kotibasiga mashinkalatib, kitob chiqaradiganlar meni koʻrganda shoshib qolishmasmikin degan hadik bilan oʻzimni sal siporoq tutib, nashriyotga kirib bordim.

Salom-alik va qisqagina tanishuvdan keyin bu yerdagi jovonlarda, stollarda, hatto polda ham taxlanib, chang bosib yotgan papkalarni koʻrib hayratga tushdim. Hammasi boʻlgʻusi kitoblarning qoʻlyozmasi emish. Toʻplamim ana shunday chang bosib yotmasligi uchun oldimda bitta yoʻl bor ekan. U ham boʻlsa birorta beli baquvvatroq homiy topish.
— Asaring bilan ishimiz yoʻq. Homiy topsang boʻldi. Badiiy saviyasi uchun mas’uliyatni ham olmaymiz. Bosib berish bizdan, — dedi xususiy nashriyot direktori. — Homiylarni topish boʻyicha esa ijodiy izlanib ishlashing kerak-da, jigar. Kecha gazetda bitta shoirni maqtab yozishibdi. «Izlanishlari oʻz samarasini berdi. Endi u muhlislardan koʻra homiylarni osonroq topyapti» deb. Bir amallab qitigʻini topasan-da endi. Bekordan bekorga kim ham senga bir narsa beradi. Birorta beli yoʻgʻonning etagiga yopishib, yengidan kirib yoqasidan chiqasan.

Ana shundan keyin belni bogʻlab harakatga tushdim. Homiy deganlari ham osongina topilavermas ekan. Borgan joylarimda mendek shoirning tashrifidan ortiqcha hayajonga tushib qolishmasin, degan fikr bilan oʻzimni siporoq tutishga harakat qilyapman. Kamtarlik yaxshi-da. Tumanimizning katta shoirlaridan biriman deb yurgan boʻlsam ham har borgan joyimda oʻzimni tanishtirishga toʻgʻri keldi. Tanishuvdan keyin esa boʻlgʻusi homiylarimga ijod namunalarimdan oʻqib tashlayverdim. Kim bilan gaplashayotganini bilib qoʻyishsin-da. She’rlarimni tinglab ba’zisi «Oʻ-hoʻ» deb yubordi, boshqasi indamay jilmayib basharamga qarab bosh chayqab qoʻydi. Hatto «ollo sabr-qanoat bersin, bu ham bir koʻrgilik-da», deydiganlar ham boʻldi. Shunga qaramasdan, astoydil izlagan albatta topadi, degan gapga amal qilib homiy izlash boʻyicha harakatimni boʻshashtirmadim.

Boʻrdoqichilik bazasidagi amakimga taklifim ma’qul tushmadi.
— Homiying nimasi? – dedi sal anqayibroq. – E-e, isponsoʻr deganida-a?... Xoʻsh, qancha pul kerak … Uch yuz ming?!. Ie, hazillashma-e, jiyan. Qoʻy, bunaqa gaplarni. Sening she’ringdan mening buqalarim semirib qolmaydi. Ular kitobingni oʻqishmaydi, men ham…Bundan tashqari senga kim qoʻyibdi kitob chiqarishni. Koʻrpangga qarab oyoq uzat. Oʻzi ahvoling nima-yu! Undan koʻra, avvalo, roʻzgʻoringni but qip qoʻy. Bechora xotining ham homiy qidirib ketib qolmasin tagʻin.

A’zoyi badanimdan ter chiqib ketdi.
— Xafa boʻlma, jiyan, — deb meni yupatgan boʻldi amakim. – Bu ahvolga tushgan bitta sen emas. Ana bittasi sigirlarni sun’iy urchitish boʻyicha ommabop kitob yozgan ekan, homiylik qilasiz deb tixirlik qilyapti. Yordam berolmayapman.

Ana shundan keyin togʻamga umid bogʻlab koʻrdim. U kishi qassoblarning kattasi. Mana, hayriyat kitob chiqarishning hamma harajatini boʻlmasa ham bir qismini koʻtaradigan boʻp turibdi. Lekin, ogohlantirib qoʻydi:
— Kitopingni shapaloqdek qilib bostirmagin-da. Katta parmatda bosishsin. Ja-a boʻlmasa goʻsht oʻrab sotvoramiz. Ana undan keyin kitobing ham, pichogʻing ham moy ostida boʻladi. Pistapurushlar bilan gaplashib koʻrish kerak. Ular ham anchadan buyon har xil kitob yozadurgʻonlar bilan ijodiy hamkorlik qilib turishadi.
— Kitobimda sizning xoʻjaligingiz odamlarining obrazini yaratganman. Homiylik qilmaysizmi? – dedim oʻzimiz yashaydigan hududdagi shirkat xoʻjaligining raisiga.
— Bilasanmi, uka, bu masalada hisobchimiz bilan bir gaplashib koʻrishing kerak.
— Kitopingni bizzi kalxoʻz haqida deysan-mi .. Materiallarni kim bergan?... Oʻsha faktlardan foydalanganing uchun xoʻjalik kassasiga pul toʻlashing kerak. Hozir hisoblab beraman…

Hisobchi koʻzoynagini taqib choʻtini yaqinroq suruvdi, sekin sirgʻalib qochib qoldim.
— Hali unga homiylik, hali bunga hayriya, deb xoʻjaliklarga koʻrsatma beraverish ham noqulay boʻlyapti, — dedi tuman hokimi muovini.— Bizda paxtachilik boʻyicha ixtisoslashgan xoʻjalik bor… bogʻdorchilik, chorvachilik boʻyicha ham bor. Qani endi, homiylik boʻyicha ham ixtisoslashgan xoʻjalik boʻlsa-yu, boshqalarga sargʻayib oʻtirmasang. Axir, oʻzlariga yeng boʻlolmayotganlar boshqaga yoqa boʻlarmidi?.. Oʻzi bu ketishda dunyo ikkiga — homiylar va homiytalablarga boʻlinib qolmasa deb qoʻrqaman.
— Ozgina kech qolibsan-da. Biz yaqinda bitta kitob chop etishga homiylik qildik, — deb afsuslandi yana bir tanishim. — Ilmiy ommabop asar emish. Nomiyam zoʻr: «Pashshaning gorizontal uchishining suv ombori toʻgʻoni mustahkamligiga ta’siri» degan.
— Qanaqa pashshaning? Xira pashshaningmi? — dedim ensam qotib.
— Qayoqdan bilaman? Xuddi men oʻqib koʻrganday soʻraysan-a?.. Ha, darvoqe oʻsha olim kecha yana qoʻngʻiroq qilibdi. Yoʻq ekanman, kotibam bilan gaplashibdi. Endi toʻgʻonning mustahkamligiga chivinning ta’siri haqida kitob yozayotgan emish.

Hafsalam pir boʻlib yurganimda yana bittasini tavsiya etishdi. Bu yogʻini soʻrasangiz bunisining gaplari hammasidan ham oʻtib tushdi:
— Homiy ham har xil boʻladi. Men nazariy homiylik qilishim, maslahat berishim mumkin. Keyin daromadning qancha foizi menga tegishini aytib qoʻysang boʻldi. Masalan, gazli suv doʻkoni ochsang boʻladi. Darchaning tagida oʻtirib «tanga, sanga, manga, pul, gul, tul» deb qofiyalab she’ringni toʻkib oʻtiraverasan. E-e, bu yerga ne-ne odamlar kelmaydi. Oynavand xonada oʻtirganing uchun ham basharang hammaga tanish boʻp ketadi. Ancha–muncha she’rlaringdan oʻqib oʻtirsang shu yerning oʻzidayoq mashhur boʻp ketishing hech gap emas. Aytishlaricha Oʻrisiyaning katta shaharlarida shoirlar yoʻl boʻyida oʻtirib she’r oʻqib ham ancha-muncha pul ishlab olisharmish. Baxting chopib kattaroq shoirlar kelib qolsa koʻzga tashlanib qolishing ham hech gap emas. Boshlanishiga oʻsha doʻkonni tebratib turasan. Ishing yurishib ketsa bilyardxonami, yana qanaqadir xona qip qoʻysak kitopingni chiqimi choʻt boʻmay qoladi.

Homiy qidirib yuguraverib surobim tortilib qoldi. Shuhrat pillapoyalaridan yuqori tomon oʻrmalashning yagona yoʻli homiy topish va kitob chiqarish ekan — chidamasdan ilojim yoʻq. Baxtim ochilib ketib kitobim chiqib qolsa barcha tanish-bilishlarga tarqatib chiqaman, deb turibman. Biznikidan borgan sovchilarni mulzam qilib quruq qaytargan Mahmud naynovning qizi Suxsuroyning eri Xolmat soʻtakka ham tagdor dastxat bilan bittasini beraman. Xotiniga olib borib koʻrsatadi-da. Ana oʻshanda bechora bilmasdan noz qilib qoʻyib menday mashhur shoirning xotini boʻlolmay qolganiga afsuslanib, paxmoq sochini changallab, bir umr armon bilan oʻtsa kerak.

Chiqmagan jondan umid deb harakatimni davom ettiryapman. Oʻziyam endi ishim yurishib ketadiganday boʻp turibdi.
— Mayli roziman. Faqat meni ham kitobingga soʻaptir qilasan, genaralini boʻlamiz? — dedi homiylikka navbatdagi nomzod.
— General emas, gonorar – qalam haqi degani.
— Shapaloqdek kitobiga falon ming soʻm general olishadi, deyishadi-ku.
— Unchalik emas. Bundan tashqari siz umringizda hech narsa yozmagan boʻlsangiz.
— Nega yozmay? Yozganman. Qolaversa oʻsha kitobi chiqqanlaringni hammasi ham oʻzi yozmagan. Bir joyda e’lon yozib qoʻyishganmish: «Hammualliflar guruhiga muallif kerak» deb.
— Mayli, — dedim oxiri boshqa yoʻl qolmaganligiga ishonch hosil qilib.— Sizni oʻzingiz aytganday «soʻaptir» qilaman. Taxallus ham topib qoʻydim.
— Qanday?

Aytdim. Ma’qul tushdi. Shundan beri oʻsha boshliqning ketidan chopaman. Taxallusini eshitganda iyib ketarmikin degan umidda eshigini asta chertib ichkari kiraman-u qoʻlimni koʻksimga qoʻyib deyman:
— Assalomu alaykoʻ-oʻm, Mavlono Homiy.

Ana… Homiy hazratlari jilmayib qarshi oldilar. Endi quyosh biz tomondan chiqadiganga oʻxshab turibdi. Doʻkonlarni kuzatib turavering…Peshtaxtada Mavlono Homiy va Sur Robning «Shilliqqurtning parvozi» kitobiga koʻzingiz tushsa, bilingki, bizning koʻchada bayram boshlangan boʻladi.