OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHabib Temirov
Asar nomiErnazarning koʻzlari (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Habib Temirov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ernazarning koʻzlari (hikoya)
Habib Temirov

– Ketayapman, doʻstim, – dedi u ma’yus ovoz bilan.
– Qayoqqa?
– Qishlogʻimga...
– Butunlaymi?
– Butunlay...
Ernazar bilan dorilfununda birga oʻqiganmiz. Asli Barqut togʻlari bagʻridagi Tozasoy qishlogʻidan. Tugʻma iste’dod. Hali oʻqishga kirmayoq besh-olti tilni mukammal oʻrgangan. Chet tillar boʻlimida oʻqish asnosida yana uch-toʻrt tilni oʻrganib poliglot, ya’ni koʻp tillarni biluvchi yetuk mutaxassis boʻldi. Ayniqsa anglis, nemis tillarida bulbulday sayrar, Bayron, Hayne she’rlarini aslida oʻqib, magʻzi-ma’nosini tikkasiga tushuntirib ketaverardi. Oʻzi ham she’r yozar, a’lochi va buning ustiga togʻda oʻsgan emasmi, rangi toza, qaddi-qomati kelishgan – qizlarning joni edi.

Biz unga havas va hatto biroz hasad ham qilardik. Anglis adabiyotidan dars beruvchi Yulya Yurevna, degan bir gurji kampir uni «Garmonichniy bola», deganini ilib olib, «Ernazar garmonchi», deb masxara ham qilib yurdik. Holbuki, gurji onaxon uni «Har tomonlama takomillashgan bola», deb maqtagan ekan.

Mana shu «har tomonlama takomillashgan», bola aksiga olib oʻzining anchayin teskarisi boʻlgan bir qizga koʻngil qoʻydi.

Qizni goʻzal deb boʻlmasdi. Ammo qurgʻur qaeri bilandir

«Mona Liza» degan suvratdagi sohibjamolga oʻxshab ketardi. Ernazarning oʻzi aytgandi buni. Shundan soʻng Ernazar qaerdandir «Mona Liza»ning reproduktsiyasini topib, xonasiga, karavotining tepasiga osib qoʻydi. Men rasmga nazar solib, Ernazarning mahbubasi va suvratdagi qizning tabassumi aynan oʻxshash ekanligini angladim. Ammo besh yil oʻqib anglis tilida «Ay lav yu»dan nariga oʻtolmadi. Oʻqishni bir amallab bitirdi-yu, men tarjimonlik qiladigan «Inturist» mehmonxonasida kotiba boʻlib ishlay boshladi.

Ernazarni diplomni olar-olmas nomzodlik dissertatsiyasini yozishga kirishdi. Charlz Dikkensning kattakon toʻplamini oʻzbekchaga oʻgirdi. Shu orada «tumanli Albion» – Angliyaga ilmiy-ijodiy safarga ham borib keldi.

Ularning toʻyi «Inturist»ning muhtasham ziyofatxonasida boʻldi. Mazmunan xalqaro bu toʻyda Ernazarning Barqutdan kelgan togʻchi choʻpon qarindoshlari bilan bir qatorda Angliyada orttirilgan olim doʻstlari ham qatnashishdi. Biz toʻyxoʻrlar Shotland viskisiga Tozasoydan kelgan tandirkabobni gazak qilib, rosa yayradik.

Ernazar fan nomzodi boʻlganida birinchi oʻgʻli, dekan oʻrinbosari boʻlganida ikkinchisi, doktorlik dissertatsiyasini yoklaganida Kenjagul qizi tugʻildi. Soʻngra Ernazar fakultet dekanligiga tayinlandi. Xotini «Inturist»ning ma’muri boʻldi. Xullas. Ularning oilasini ma’lum ma’noda zamonaviy oʻzbek xonadoni, deyish mumkin edi. «Ma’lum ma’noda», deganimning sababi: Ernazar oʻgʻillari bilan anglischa, qizi bilan farangcha, xotini bilan oʻrischa va shahar markazidagi chiroyli hovlisiga onda-sonda keladigan qishloq qarindoshlari bilan oʻzbekcha gaplashardi.

Men esam «Inturist»da oddiy tarjimon edim. Shunga qaramay yakshanba kunlari Ernazarning Zarrinsuv daryosi boʻyidagi chorbogʻida u bilan shatranj oʻynardim va nuqul yutqazardim. Ernazar qurmagur shaxmatni ham zoʻr oʻynardi...

Keyin men xizmat safari bilan ikki-uch yilga xorijda boʻldim. Kuz oxirlashganda qaytib kelib, ish yuzasidan dorilfununga bordim va doʻstim Ernazarni soʻroqladim.

– Professorning sal toblari yoʻq edi, – dedi dekan kotibasi.

– Uydamikan?

– Uyda boʻlishlari kerak.

Qoʻngʻiroq qildim. Telefonni qizi oldi.

– Otam dachadalar, – dedi negadir siniq ovozda.

Kech kirib qolayotganiga qaramay oʻsha yoqqa yoʻl oldim. Borayotib xayolimdan «Kuzgi salqinda chorbogʻda nima qilib yuribdi», degan gap oʻtdi.

Eshik ochiq ekan. Kirib boraverdim. Ernazar ayvonchadagi kursida choponga oʻralganicha sargʻaygan bogʻga oʻychan tikilib oʻtirardi. Meni koʻrib quvonib ketdi. Quchoqlashib koʻrishdik.

Uning xayoli parishonroq edi. Men buni ilm ahliga xos odatiy holat, deb deyaqoldim. Koʻp oʻtmay yana xorijga joʻnab ketishimga toʻgʻri keldi. Oradan yana ikki yil oʻtdi. Keyingi uchrashuvimiz, boya aytganimday, nogahon, shahar chetidagi bekatda yuz berdi. Men qishloqdan qaytib kelayotgandim. U esa... ketayotgan ekan.

– Nega endi Ernazar, axir ilmiy ish, ijod?.. Yo... qishloqda, togʻlar bagʻrida toza havolardan nafas olib, ijodni davom ettirmoqchimisiz?

– Shunaqa boʻladi, shekilli, – dedi u va koʻzlarini mening nigohimdan olib qochdi.

– Oila tinchmi?

– Oila tinch. Ammo... biz keliningiz bilan xayrlashishga qaror qildik.

– Yoʻgʻ-e, yosh bir joyga borib, bolalar boʻy yetganda...

Men «Nimaga ajralayapsizlar», deb soʻramadim. Chunki men buning sababini sal-pal bilardim va shu topda bundan oʻzim ham oʻngʻaysizlanib turardim.

U ketdi. Men uning ortidan qarab. Ancha vaqt xayol surib qoldim. Noyob bir iste’dod xor boʻlayotganidan afsus chekdim...

Oʻsha lahzada hayajonlanib, mulohaza va xulosani bir qadar oshirib yuborganimni... oradan qariyb oʻn yil oʻtgandan soʻng angladim...

Bir kuni mehmonlarning navbatdagi guruhini Toshkentgacha kuzatib qoʻyishga toʻgʻri keldi. Bahorning oʻrtasi emasmi, tevarak-atrof yashnab yotibdi. Yoʻlda mehmonlar «tabiat qoʻynida» biroz dam olishni ixtiyor etib qolishdi. Usha lahzalarda biz gʻoyat koʻrkam va shinam «Mersedes» avtobusida Barqutsoy qishlogʻi yonidan oʻtib borayotgandik. Boshini qor qoplagan ulugʻvor Barqut togʻ yaqinginada, goʻyo qoʻl uzatsa yetgudek joyda edi.

Nogahon koʻnglimda shu qishloqqa birrov kirib», Ernazar doʻstimning holi ahvolidan ham xabar olib ketsam-chi, degan niyat tugʻildi. Qaytaga... xorijliklarni ham bir qoyil qoldirmaymi – uzoq bir qishloqda Ovrupo tillarining mukammal bilimdoni boʻlgan professor yashayotganini koʻrsatib...

Xullas, bu niyat bir zumda amalga oshdi. «Mersedes» chambaragini qishloq sari burdik.

Sharqirab oqayotgan soy boʻylab yuqoriladik. Soʻrabsurishtirsak, Ernazarning yangi uyi qishloqning eng tepasida ekan. Devor ortidan yongʻoqzor, sal naridan archazor boshlanib ketadi. Uyi odmigina. Oldi ayvonli, oʻrtada ikki xona, bir dahliz. Qanotda keng-moʻl – toʻqqiz bolorli mehmonxona. Mehmonxonada sarishtalik. Yaraqlagan baxmal koʻrpachalar. Poygak tomonda moʻ‘jaz televizor, videomagnitofon. Devorda... menga tanish oʻsha suvrat – «Mona Liza».

Mehmonlar amerikalik edi. Ular anglischaning York-Shir lahjasida qoyilmaqom qilib soʻzlayotgan Ernazarga qarab ogʻizlari ochilib qolishdi. Qariroq bir ayol – Ketrin xonim tarix, qadimshunoslik, adabiyot bobida Ernazar bilan ancha munozara yuritdi.

– Siz mening oʻgʻlim Samuilga oʻxshab ketar ekansiz, – dedi u. – Illinoysga borsangiz tanishtirib qoʻyardim.

Ernazar dasturxonga qayroqi bugʻdoy unidan qilinib, archa oʻtida yopilgan xushboʻy non, qoʻy qatigʻi, qimiz, tandir kabob qoʻydi. Kiyik oʻti solib damlangan antiqa choy bilan siyladi. Xotini – qishloqcha kiyingan xushroʻygina ayol – hovlidagi oʻchoqqa oʻt yoqib shoʻrva pishirishga kirishdi.

Bularning hammasi xorijlik mehmonlar uchun antiqa edi.

Men esa uning chehrasiga boqib huv oʻsha, oʻn yil oldin yodimda qolgan manzaraning izlarini izladim. Va... «topolmadim», desam nosamimiylik qilgan boʻlaman, albatta. Oʻsha noxush holatning asoratlari — bir qadar horgʻinliq, bir qadar soʻlgʻinlik hamon zohir edi uning yuzida. Ammo...

Ammo uning koʻzlari butunlay boshqacha edi. Men bu koʻzlarga boqib... toshlar uyumi orasidan nogahon bir juft gavhar topib olgandek boʻldim. Uning koʻzlari chaqnab, nur sochib turardi. Bu nur tufayli odmigina usti-boshi, bir oz keksaygan jismidagi toʻzgʻinlik ham unga allanechuk yarashgan, oʻziga xoslik kasb etgandi.

– Qalaysiz endi, doʻstim, – dedim men suhbatlar biroz siyraklashgach, – turmush qalay?

– Turmush – urunish, – dedi u kulimsirab. – Koʻrib turibsiz –

yashayapmiz. Ishlayapmiz.

– Qaerda? Maktabdami?

– Ha. Ingliz tilidan dars berayapman. Darsdan tashqari gumanitar fanlar boʻyicha qoʻshimcha mashgʻulotlar toʻgaragini ochdim. Oʻquvchilarimdan ikki bola respublika olimpiadasida gʻolib chiqib, Amerikaga borib keldi. Men tayyorlagan bolalarning aksariyati institutga kirib ketayapti. Ikkita sigirimiz bor. Sut-qatigʻini qishloq bogʻchasi bilan baham koʻrayapmiz. Oʻgʻillarim, qizim kelib ketishadi. Oʻshalarga berib yuboraman.

– Darvoqe, oʻgʻillaringiz...

– Ikkovi ham doʻxtir boʻlishgan. Qizim Toshkentda iqtisodiyot universitetida oʻqiyapti. Qishloqdan uylandim. Turmushimiz yaxshi. Faqat farzand boʻlmadi. Endi nasib etsa... nevaralardan birini olib tarbiya qilish niyatimiz bor. U bilan oʻzim shugʻullanaman, zoʻr bir olim qilib yetishtiraman...

Shu soʻzlarni aytar ekan, uning koʻzlaridagi nur yana ham kuchayib, yarqirab ketgandek boʻldi.

Biz Ernazar bilan xayr-xoʻsh qilib yoʻlga chiqqanimizda quyosh botay deb qolgandi. Bunday paytda togʻ qishloqlarining manzarasi juda boʻlakcha boʻladi.

Kichik-kichik ovullardagi tizim-tizim xonadonlar ulkan

moviy dengizda chayqalib turgan gʻuj qayiqlarni eslatdi menga. Huv narida balandlikda turgan moʻ‘jaz qoʻrgʻon – Ernazarning hovlisi ham bamisoli bir qayiq.

Bilmadim, nega fikrimga shunday muqoyasa keldi. Ehtimol men qachonlardir Ernazarni hayot ummonidagi toʻlqin tufayli kattakon bir kemadan tushib qolgan yoʻlovchi deb tasavvur etganman-u, uni bagʻriga olgan qishloq kulbasi xaloskor bir qayiq boʻlib koʻringandir.

Mayli, gap bunda emas. Muhimi men doʻstim Ernazarning sokin va masrur hayotini koʻrib unga yana havas qildim. «Men shunday qilaolarmidim», deb oʻyladim ham. Ammo bu savolimga javob bera olmadim.

Barqutsoydan uzoqlashar ekanmiz, atrof qorongʻilashib borar, mening tasavvurimda esa Ernazarning koʻzlari chaqnab turardi...

Bu voqea aslida uncha qiziq emas va ehtimol hikoya qilib oʻtirishga ham arzimasdi. Ammo...

Yaqinda men «Ernazar shaharga qaytib kelibdi», degan gapni eshitib qoldim. Uni qidirib topdim. Uzoq suhbatlashdim. Va... inson tabiati, fe’li hech qanday qolipga sigʻmasligini yana bir karra angladim. Mayli, bu yogʻi endi boshqa hikoya...