OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHabibullo Haydar
Asar nomiQor egallagan kun (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Habibullo Haydar
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/08/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qor egallagan kun (hikoya)
Habibullo Haydar

Tong-la ayolimning hiqillashidan uygʻonib ketdim.

– Nima boʻldi?

– ...Onam... onam bechora qor tagida qoldilar.

Yigʻlayverib koʻzlari shishib ketibdi.

Deraza osha tashqariga nigoh tashladim. Ishkomlar va devor usti oqarib koʻrindi. Ikki qargʻa yongʻoq shoxida qoʻnishib oʻtiribdi. Qaynonam omonatini topshirganiga uch oy boʻldi. Dafnidan keyin birinchi marta qor yogʻishi. Ajabo, yaqin odaming¬ni qora yerga topshirish bir alam boʻlsa, oppoq qor ostida qolishi ming alam ekan-da!

Toʻrtkoʻz vahimali irillab, darvoza tomon chopdi. Yelkasi qora, qorni oq, qovogʻi ustida koʻzsimon oq qashqasi bor, uncha kelbatli boʻlmasa-da, badjahl itimiz birov bilan hadeganda chiqishib ketavermaydi. Ammo odam tanishiga qarab, har safar yoqa ushlaymiz. Yaxshi odamni biladi... yomonni ham. Aftidan darvozani qoqayotgan kimsa – itim suymaydigan eski tanishlarimdan yo biror begona.

Qoʻl-betimni sovuq suvda chayib, chaqirilmagan mehmonni qarshilashga oshiqdim. Yerni bir qarich chamasi qor qoplabdi. Uch-toʻrt qadam yurmasimdan kovushim qorga toʻldi. Ayolim qor ilk uchqunlaganda yigʻi boshlagan boʻlsa kerak, yoʻqsa bunchalar boʻgʻriqib ketmasdi.

Darvozaga yetgunimcha kovushim ichidagi qor eridi, oyogʻim jiqqa hoʻl boʻldi. Toshni surib, omonat darvozani ochdim. Roʻparadan oʻtgan koʻcha sadaf misol yaltillaydi. Koʻchada, nainki odam, izdan-da nishon yoʻq edi.

Sovuq va musaffo qor hidini ergashtirib uyga kirdim.

– Kim ekan?

– Hech kim.

O-o-o-o-o-o-o-v-m... O-o-o-o-o-o-o-v-m... O-o-o-o-o-o-o-v-m...

Masjid tarafdan azon tovushi keldi. Tahorat olib, bomdodga turdim. Ayolim uy ishlariga alahsib ketdi. Birin-ketin bolalar uygʻondi. Nonushtadan keyin ishga otlandim.

– Ketdim, peshin kelaman.

– Yaxshi borib keling.

Hamxonam Murod aka bilan u yoq, bu yoqdan suhbatlashib, ish vaqtini oʻtkazdim.

– Boʻpti aka, men uyga ketdim.

– Yaxshi kunlarda koʻrishaylik.

Koʻcha boʻylab yolgʻiz qaytdim. Yoʻlda zogʻ ham uchramadi. Orqa-oldimda yakkash oʻzimning izlarim.

– Yaxshi keldingizmi?

– Keldim. Nimang bor?

– Hozir.

Bolalar bilan ovqatlandik.

Shu payt darvoza gursilladi. It hurdi.

– Oʻzim qarayman.

Chiqdim. Itim yaltoqlanib dum oʻynatdi. Unga e’tibor qilmasdan darvozani ochdim. Koʻcha boʻm-boʻsh. Faqat oʻzim bosib kelgan izlar. Ularni ham qor koʻmay debdi.

– Kim taqillatibdi?

– Hech kim.

O-o-o-o-o-o-o-v-m... O-o-o-o-o-o-o-v-m... O-o-o-o-o-o-o-v-m...

Peshin azoni aytildi. Ibodatdan soʻng deraza boʻylab qor uchqunlarini sanay boshladim.

Bir...ikki...uch...toʻrt...besh...olti...etti...

Uxlab qolibman...

Tush koʻrdim...

Daraxtlari osmonni toʻsgan charogʻon bir bogʻ. Bir shoxda men avval koʻrmagan goʻzal qush gʻaroyib tovushda sayrayapti. Shu lahzada xayolimdan jannat degan oʻy oʻtdi. Quvonib ketdim. Bir vaqt haligi qush oppoq libosga oʻrangan qizga aylandi. Qiz menga ta’zim qildi, soʻng bogʻ oralab yoʻl boshladi. Unga ergashdim. Yam-yashil bir oʻtloqqa chiqdik va gul yaproqlari bilan oʻralgan bir chaylaga duch keldik. Ichkari kirdik. Oyoq ostiga toʻshalgan, koʻm-koʻk maysada oʻzimga oʻxshaydigan, ammo yoshi ulugʻroq, soqol-moʻylovli, boshiga oq doʻppi, egniga uzun oq koʻylak kiygan nuroniy kishi oʻtiribdi. Salom berdim. U alik oldi va menga: «Qoraxoʻja eshonbobo keldilar. Endi sen Nurxoʻja eshonboboni olib kelishing kerak.?»– dedi. Ma’qul ma’nosida bosh irgʻab yoʻlga tushdim. Oʻtloq oralab ancha yurib, zilol suvli daryoga yoʻliqdim. Qirgʻogʻida bir qayiq bogʻlangan. Qayiqqa chiqib, eshkak esha boshlovdimki, ortimdan ovoz eshitildi. Oʻgirilib qaradim-u, boyagi qizni koʻrdim. Tez chopganidan boshidagi roʻmoli sidirilib tushibdi. Qiyofasi tanishga oʻxshadi. Ha, ha, oʻsha – qiz... Hayron boʻldim. Yuragimda titroq turdi. Qiz esa hamon oshiqadi. Yugura-yugura: «Men bu yerda qolmayman, bu yerda qolmayman, Ibrohim paygʻambarimizga oʻxshagan yigit bilan ketaman», deb yigʻlaydi... Ortga qaytmadim. Oqim boʻylab eshkak eshdim...

– Turing, it huryapti. Birov kelganga oʻxshaydi.

Ayolim ovozidan uygʻonib ketdim. Darvoza gursillar, unga joʻr boʻlib it irillardi. Yoʻlakdagi izlarimdan nishon ham qolmabdi. Qor esa hamon elashda davom etyapti. Bora-bora musaffo qordan hovuchlab oldim-da, qoʻl-betimni yuvdim. Darvozada birov yoʻqligiga amin boʻlgach, uyga qaytdim.

– Kim kelibdi?

– Hech kim.

O-o-o-o-o-o-o-v-m... O-o-o-o-o-o-o-v-m... O-o-o-o-o-o-o-v-m...

Asr azoni aytildi...

Kichik oʻgʻlim savol berishni yaxshi koʻradi.

– Ota, qor qaerdan keladi?

– Yerdan-da, oʻgʻlim.

– Boʻlmasa, osmonga qanday chiqdi?

– Bugʻ boʻlib.

– Qanday bugʻ boʻladi?

– Aytgan soʻzlarimizdan.

– Soʻz bugʻmi, ota ?

– Yolgʻon qoʻshsang bugʻ-da.

– Yolgʻon soʻzimni bugʻlatadimi?

– ...

– Ota, nimaga yuzingizdan tikan oʻsib chiqqan?

– Qilgan gunohlarim uchun.

– Gunoh qanday qilinadi?

– ...

– Gunoh nima, ota?

– ...

– Ota!!!

– ...

Qizcham ukasiga joʻr boʻladi. Indamayman. Koʻrgan tushim ta’birini oʻylayman. Yuragim toʻrida bir nima gʻimirlaydi.

«Oʻtkan kunlar»ni oʻqishga tushdim... Darvoza gursilladi. It hurdi. Tagʻin kimsasiz koʻcha bilan yuzlashib qaytdim.

– Chaqirgan kim ekan?

– Hech kim.

O-o-o-o-o-o-o-v-m... O-o-o-o-o-o-o-v-m... O-o-o-o-o-o-o-v-m...

«Atrofdan shom azoni eshitiladir...» Asr tahorati bilan shomga yuzlandim.

Televizorda Yevropa shaharlarini koʻrsatishdi. Bir shaharda yigirma tonnali mashinani shamol koʻtarib ketibdi. Qisqa va loʻnda axborot. Qadimda tuyani shamol uchirsa, echkini osmonda koʻr deyishardi. Bir shaharni uch metr qor qoplabdi. Odamlari qingʻir-qiyshiq yoʻlakchalar ochib ishga qatnashayotgan ekan. Yana oʻgʻlimning savol xaltasi ochildi.

– Ota, ular yolgʻonchimi?

– ...

Yana darvoza gursilladi. It hurdi. Bu safar ayolim shitob oʻrnidan turdi.

– Men chiqa qolay.

– Qoʻrqmaysanmi? Bolalardan birovini olib chiq.

Bir ozdan soʻng kim bilandir soʻrashib kirib kelayotgan ayolimning oyoq tovushi eshitildi. Ovoz qoʻyib soʻradim:

– Kim ekan?

– Qishloqdan kelishibdi.

– Kim kelibdi, nima gap?

– Opangiz...Opangiz oʻtib qolibdilar...

O-o-o-o-o-o-o-v-m... O-o-o-o-o-o-o-v-m... O-o-o-o-o-o-o-v-m...

Soʻfi xufton azonini aytdi...

«Sharq yulduzi» jurnalining 4-sonidan olindi.