OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHabibullo Qodiriy
Asar nomiEski Toshkantda (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Habibullo Qodiriy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Шарқ юлдузи» журнали, 2010 йил, 1-сон
Hajm42KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/12
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Eski Toshkantda (qissa)
Habibullo Qodiriy

Muqaddima

– Qani dada, «Afgʻon kelini» hikoyangizni boshlang... – der edim, kayfi kelib turgan choqlarda, otamga. Yuz yoshlardan oshib qolgan otam esa koʻksini tutgan oppoq soqolini silab «heh-heh» deb kular, poʻstagi tagidan nosqovogʻini olib nos iskar va boshidan kechirgan uzun qissasini, ipidan-ignasigacha qoldirmay asta hikoya qilib berar edi:

– Bu voqea boshlangan kezlarda oʻris hali Toshkantga kelmagan edi. Ammo, el orasida: «Oʻris Oqmasjid[1] shahrini olipdi. Xudoyorxon Oqmasjidni qaytarib olish uchun Shodmonxoʻja Oʻroqni lashkarboshi tayinlab qoʻshin yuboripdi. Shodmon Oʻroq oʻris bilan urushishga yuraksinmay Qoʻqonga qaytib kelibdi. Xudoyor Shodmonni qoʻrqoqlikda ayblab: «Sen xotin ekansan, oʻris askarlari bilan urushmay qaytibsan», – deb uni boshiga roʻmol oʻratib, oldiga charx-dug qoʻyib sharmanda qilibdi...» – degan mish-mishlar duv tarqalib yurar edi. U vaqtlarda shahar hovlimiz Eski Joʻva mahallasida boʻlib, Xoʻja koʻchasida turar edik.

I - Joʻva mahallasi

Hech bir narsa dunyoga eski boʻlib kelmagan, har bir narsa ham avvaliga yangi boʻladi, keyin-keyin eskiydi va «eski» sifatini oladi. Shunga oʻxshash bizning hozirgi kundagi Eski joʻva ham har holda qachonlardir yangi, obod mahalla boʻlgan, keyin-keyin eskib Eski joʻva nomini olgan boʻlsa kerak... Binobarin, biz bundan yuz ellik yil burungi voqeani tasvirlamoqchi boʻlganimizdan, «yangi», «eski» sifatlarini qoʻyib, Joʻva deb yuritsak xato boʻlmas.

Joʻva mahallasi Toshkentning shimol qismida chorroh yoʻl ustida joylashgan. Agar oʻrtadagi keng maydon – Registonni markaz deyilsa, undan turli tomonlarga katta-kichik koʻchalar ketadi. Koʻcha betlari turli binolar bilan tutash oʻralgan, ayniqsa Boʻzsaroyi, Jome’ masjidi, Beglar-begi madrasasi, Xotin masjid va ular oraligʻiga joylashgan turli doʻkonlar, choyxonalar, novvoyxonalar, sartaroshxonalar Regis¬tonga bir xil koʻrkamlik, fayz berib turadi. Registonda erta-kech xalq qaynar, doʻkonlarda savdo qizir, ayniqsa qish-roʻza kunlarida kechalar sayilgoh-bozor shabga aylanib, yoz kezlari Janggoh suvi boʻyida dor oʻyini, maddohlik, masxaraboz-qiziqchilik oʻyinlari ham boʻlib turar edi.

Boʻz saroyi[2] doim atrof shahar-viloyatlar, uzoq mamlakatlardan kelgan savdogarlar, yurt kezar darveshlar, maddohlar bilan liq toʻla. Unda: qozoq, qirgʻiz, tojik, turkman, eron, afgʻon, hind, xitoy, uygʻur, qoraqalpoq, ozarbayjon, tatar, boshqird kabi millat kishilarini koʻrish mumkin.

Shu yil bahor erta keldi, yoqimli iliq shabada esib, oʻrik, shaftoli daraxtlari qiygʻos gullay boshladi.

Darvozasi janubga qaragan Boʻz saroyining oʻng tarafiga tirab qurilgan hujradek kichik bir doʻkonchada soch, soqol-murtlariga bir-yarim oq oralagan, baland boʻy, yoʻgʻon gavdali, choʻziqqa moyil bugʻdoy yuzli, oʻsiq qora qosh-koʻzli qirq yoshlardagi bir kishi koʻrpacha ustida chordana qurub savdo qilar edi. Doʻkon oldiga tortilgan chizimchalarga qator-qator osilgan rang-barang kalava ipaklar; qora, kulrang jun-tivit iplar va tevarakka kichik-kichik maxsus qopchiqlarda pay urib qator terib qoʻyilgan xushboʻy koʻk-pamil choylardan boqqolning nimalar bilan savdo qilishi koʻrinib turar edi. Kech tushib qolgani uchun koʻchada odam tovsilgan, baqqollar doʻkonlarini berkitish harakatida, ipakfurush boqqol esa koʻrpachasi tagidagi bugungi savdodan tushgan pullarni sanar, tillo tangasini chaqalardan ajratib choʻntagiga solar edi.

– Assalomu alaykum, Qodirboy!

– Vaalayk... E, Keling Murotali!

Qodirboy qoʻlidagi pullarini koʻrpachaga tashlab oʻrnidan qoʻzgʻoldi. Qoʻl uzatib koʻrishdi va doʻkon yoniga, yoʻl ustiga qoʻyilgan kursiga oʻtirishga taklif qildi. Fotiha oʻqilib hol-ahvol soʻrashdi:

– Uy-ichilar, oʻzlari salomatmilar?...

– Rahmat! – dedi, siyrak soqol-murtli, uzun qotma boʻyli, peshonasi chandiq, oq yuzli kishi.

– Oʻzlaridan soʻrasak ... Tinchmilar? Yangamiz sihat topib qoldilarmi, savdolar durustmi?

– Durust, rahmat, kunimiz bir navi oʻtib turibdi.

Qodirboy roʻmolga oʻrab qoʻyilgan choynakdan choy quyib uzatdi.

– Koʻrinmay qoldingiz, doʻstim, tinchmisiz?

– Shukur, – dedi Murotali va kuldi. - Toʻy boshlab yubordik, sizni xabarlagani keldim...

– E-e-e, muborak, muborak! Qutlugʻ boʻlsin. Qanday toʻy?

Qodirboy yuzida xursandchilik sezildi. Murotali choy xoʻpladi:

– Oʻgʻlimiz Muzaffar yigirmaga kiribdi... Uylantirib, shu vazifamizdan ham qutilib qoʻya qolaylik dedik...

– Juda soz oʻylabsiz-da. Savobli ish boshlabsiz, uyingizda dastyor koʻpayadi...

Murotali Qodirboy doʻsti farzandsizligini bilgani uchun soʻz ohangining farqiga bordi.

– Ezgulikni kechi yoʻq deydilar. Hali koʻp toʻy koʻramiz, oshnam.

Murotali soʻzni burdi:

– Uyingizga ham tayinlab chiqdik. Birisi kun chorshanbaga toʻy yuboramiz. Juma kuni nikoh. Oʻzingiz toʻyimizga bosh boʻlasiz, oʻrtoq. Bizning ham kimimiz bor...

– Albatta, albatta. Nasib qilsa...

– Xayr, endi men boray. Toʻyning tahlikasi koʻp boʻlar ekan, oshna. Bugun kuni bilan toʻyga xabar qilib horidim. Hali yana qancha ish oldinda.

Qodirboy oʻrnidan qoʻzgʻalgan Murotalini toʻxtatib, yonidan besh tillo chiqarib uzatdi:

– Manavi bizdan toʻyona, oshnam. Kam-koʻstingizga yaratarsiz...

– E-e. Sadagʻang ketay Qodirboy, siz hamisha meni uyaltirasiz-da. Toʻyning kam-koʻsti bitarmidi. Qoʻying, oshnam...

Murotali Qodirboyning qoʻlini qaytarmoqchi boʻldi. Biroq, doʻstining astoydil ra’yini sezib tillolarni oldi:

– Xayr, biz ham yaxshi kunlaringizga qaytaraylik. Rahmat, oshnam.

Murotali Qodirboyning eski doʻstlaridan biri edi. U bilan bir vaqtlar sarbozlik qilishgan. Qashgʻarga hokim qilib tayinlangan piskentlik Yoqubbekni birga kuzatib borishgan. Uzoq Qashgʻar safarining achchiq-chuchuklarini birga totishgan, qalbi pok, xoksor kishi edi. Murotali asli Qoratosh mahallalik boʻlib, uch-toʻrt yil burun Qodirboylar yashab turgan koʻchaning ichkarirogʻidan hovli olib koʻchib kelgan. Oʻzi Koʻkaldosh madrasasi tagida doʻkoncha ochib, egar chopar edi.

II

Qodirboy koʻcha eshikni ochib, yoʻlakdan kirdi. Qator loy tomli uylar bilan oʻralgan ichin-tashin hovlilar huvullar edi. Yoʻlak yonidagi otxonada turgan ot egasini sezib asta kishnab qoʻydi. Qodirboy toʻgʻri ichkari hovliga oʻtib, ayvonda koʻrpa-toʻshak qilib yotgan yoshgina, ozgʻin, rangsiz xotinidan hol soʻradi:

– Qalay? Yaxshimisan, Umri?

– Shukur.

Qodirboy boshqa soʻz aytmay, toʻnini yechib, ayvon qozigʻiga ildi. Otga suv berib, beda soldi. Qoʻlini yuvib, samovar kulini qoqdi. Suv toʻldirib, olov tashladi va oshxonaga kirib nimadandur xursand boʻlganday qaytib chiqdi:

– Ovqat pishirib qoʻyibsanmi, Umri?

– Ha, boya oyim kelgan edilar. Qaynatib ketdilar.

Qodirboy tahorat yangilab shom namozini oʻqishga tutindi.

Shunday... Hayot insonlarni hamisha ham tilaganlaricha siylayvermas ekan. Toʻti qush: «Hamma yogʻim toʻkis, oyogʻim pes», deb gʻam chekgandek, Qodirboy ham, yuqoridan bir qadar anglashilgandek, hamma yoqdan but boʻlsa-da, oila vajhidan qisilgan edi. U uch marta uylandi. Birinchi xotini shaharda tarqalgan vabomi, oʻlat kasalidan hali farzand koʻrmay vafot etdi. Ikkinchisi tugʻa olmay dunyodan oʻtdi. Mana, uchinchisi kelin boʻlib kelgandan buyon uzun ogʻriq kasal, ikki marta tuqqan boʻlsa ham bolalari chaqaloqligidayoq nobud boʻlgan. Qoʻsh-qavat hovlida er-xotin yashaydilar. Otasi hoji Muhammadboy va onasi Farogʻat bibi allaqachon dunyodan oʻtishgan. Akasi Toshmuhammadboy va singlisi Xayriniso boʻlsa uyli-joyli boʻlib chiqib ketishgan. Har zamonda bir xabar olsa oladilar, boʻlmasa oʻzlaridan ortmaydilar.

Namozdan soʻng Qodirboy dasturxon yozdi, choy damladi va ikki kosa shoʻrva suzib keltirib, kechlikka oʻtirdi.

– Non toʻgʻrab beraymi, Umri?

– Yoʻq, rahmat. Suvidan ichsam bas...

– Ovqatni durustroq yemasang sillang quriyveradi, bu yogʻi bahor... Tabibning dorisini ichyapsanmi?

– Ichyapman... Ha, aytgandek, Murotali oshnangiz, xotini Risolat xola bilan kelib toʻyga aytib ketishdi...

– Xabarim bor, hali Murotali doʻkonimga keldi, – deya Qodirboy boʻktirilgan nonlarni qoʻli bilan ilib-ilib yeb, parvosiz soʻradi: – Kim bilan qudalashibdi? Bildingmi, hali soʻrashni unutibman...

– Risolat xola kelganida oyim shu yerda edilar. Ular soʻradilar, – dedi Umri bibi va oʻylanib qoldi. – Oti... oti... Huv, men endi kelin boʻlib kelgan kezlarimda dorga osib oʻldirilgan kishi bor edi-ku?

– Dorga osilganlardan koʻpi bormi, gaping qiziq.

– Oʻzi sizning oshnangiz boʻlgan chogʻi, Tinchob mahallalik, xotini palakdoʻzlik qiladi...

– E-e-e , Egamberdi... Oʻshaning qizigami?

– Ha.

– Boʻlmasa, Murotali yaxshi joydan quda qilibdi. Ota-onasi yaxshi odamlar. Qizi ham aqlli, barno...

Umri bibi kulimsigancha shoʻrva hoʻplab, qoshlarini chimirdi.

– Qizini qaerdan bilasiz?..

– Bilaman-da. Otasi oshnam boʻlgandan keyin... Uylariga borganimda dasturxon yozgan, choy-non keltirgan, – dedi Qodirboy suyak tozalab. – Bu qiz hozir ham ba’zan-ba’zan doʻkonimga paranjida kelib turadi. Ipak xarid qiladi, hol-ahvol soʻrab turaman. Ismi Zuhro...

Erining batafsil javobi yoqmadimi yoki boshqa sababdanmi, Umri bibi qonsiz yuzini chetga oʻgirib qoʻlini artdi. Yarim-yorti qolgan kosa¬sini chetga surib, choynakdagi choyni qaytardi va quyib eriga uzatarkan, kulimsiradi:

– Yaxshi odamlar deysiz-u, dorga osishgan...

– Xoʻsh?

– Yaxshini dorga osishadimi?...

Umri bibi rashkchi edi. Qodirboy buni sezdi va yuzaki fikr yuritib tirnoq ostidan kir axtargan xotinidan achchiqlandi. Beixtiyor tozalagan suyagini tashlab xoʻrsindi.

– Qiziq gapirasan. Seningcha, hamma dorga osilganlar yomon, gunoh¬kori azim kishilar boʻlaverar ekan-da!.. Egamberdi nega oʻldirilganini bilasanmi?!...

– Men qayoqdan bilay.

– Bilmasang, nega yomonlaysan?

Umri bibi indamadi. Chunki, erining zapti tezligini bilar, agar yana bir ogʻiz ortiqcha soʻz desa, yonib ketishini tushunar edi... Xotini gap qaytarmay past kelishi Qodirboyni hovuridan tushurdi. U qoʻlini artib, kosalarni chetga olib qoʻydi va choy xoʻplagancha yostiqqa yonboshladi.

– Biz Murotali, Egamberdi uchov tengqur doʻst boʻlganmiz. Birgalashib sarbozlik qilishganmiz. Egamberdi juda halol yigit, Rais saroyida[3] choyxonachilik qilar edi, – dedi Qodirboy asta soʻz boshlab. – Bir kun saroyga qaerdandir bir qofila savdogarlar kelib qoʻnadi-da, uch-toʻrt kun turib, oʻz yoʻllariga joʻnab ketadi. Oʻrinlariga besh-oʻn kunlardan keyin yana boshqa savdogarlar kelib qoʻnadi-da, ulardan birisi Egam¬berdiga: «Bizning hujraga kirib koʻring, yomon bir hid kelyapti. Tagʻin biror narsa koʻmilgan boʻlmasin», deydi. Egamberdi kirsa, darhaqiqat hujrani bir badboʻy hid tutib ketgan. U yoq-bu yoqni tekshirib, namat-boʻyra taglarini koʻtarib, koʻzi uyning bir burchagidagi tuprogʻi boʻshalgan yerga tushadi. Shubhasi ortgan Egamberdi darrov chiqib, saroy xoʻjayiniga sirni aytadi. Koʻplashib kirib ma’lum yerni ochsalar, qopga solinib, yuzagina koʻmilgan jasad chiqadi...

Qoʻrboshi boshliq bu xabar Azizbekka (Bu voqea boʻlgan choqlarda Toshkent hokimi Azizbek edi) yetkazilib, uning buyrugʻi bilan necha-necha odamlar soʻroq-taftish qilinadi. Biroq, taftishlar hech qanday natija bermay, oʻlik ham, oʻldiruvchi ham kimlar ekanligi aniqlanmaydi. Azizbekka bu muhmal ishning natijasizligi arz qilinadi. Azizbek shu choqda biror narsadan gʻazablanib turgan boʻladimi, birorta gʻarazgoʻyning soʻziga ishonadimi yoki siyosat yuzasidanmi, bahorhol Egamberdining oʻzini qotillikda gumon qilib, dorga ostiradi... Ammo, keyinchalik ma’lum boʻladiki, bechora oshnam noxaq oʻldirilgan, qotillar butunlay boshqa kimsalar ekan.

Umri bibi yonboshlagan koʻyi erining hikoyasini anqayib tinglar edi. U koʻtarilib oʻtirib, eriga yana choy quyib uzatdi va asta soʻradi:

– Kimlar, nima uchun oʻldirgan ekan?

Qodirboy kamzulining koʻkrak choʻntagidan yogʻliq qogʻozga oʻralgan tish kavlagichlardan birini qoʻliga oldi va choy xoʻplab davom qildi:

– Egamberdi dorga osilib, oradan uch-toʻrt oy oʻtgandan keyin, bir kun, uch nafar musofir Azizbekka kelib arz qilishadi:

«Janob hokim, bizlar Buxoroi sharifdanmiz. Kasbimiz tujjorlikdur. Har yili Shamay shahriga safar qilib, oʻrislarga koʻplab qorakoʻl, jun, ipak, paxta kabi mollar sotib qaytamiz.

Bu yil ham biz toʻrt doʻst savdogar koʻklam kezi odatimizcha Buxorodan karvon bilan Shamayga safar qildik. Koʻzlagan yerimizga eson-omon yetib bordik va darhol savdoyi kelishib, birimiz mollarini sotdi. Ammo, uchimizning molimiz sotilmay, toʻxtalib qoldi. Chunki, biz Shamay shahriga yarmanka[4] vaqtidan ancha ilgari borib, oʻrisning bizga mijoz boʻlgan katta koʻposlari[5] hali ichki Oʻrisiyadan yetib kelmagan edi. Biz to mijozlar kelguncha oʻris shaharlarini tomosha qilmoqchi boʻldik. Biroq moli sotilib, oldi-berdisi bitgan boyagi sherigimiz Shamayda ortiq qolgisi kelmadi. «Zarur ishlarim bor», deb bizni kutmay, Buxoroga qaytishni jazm etdi. «Birga ketaylik», deb qilgan iltijolarimizga hech koʻnmagach, biz uni qaytishiga noiloj rozilik berdik va Chimkent shahriga ketayotgan qozoqlar karvoniga qoʻshib joʻnatdik.

Yarmanka oʻtib ishimiz bitdi. Ma’lum sherigimizdan biror oy chamasi keyin shahrimizga qaytdik. Biroq, Buxoroga yetib kelsak, mazkur sherigimiz hali kelmagan... Biz qarindoshlaridan soʻrasak, qarindoshlari bizdan soʻradilar... Qisqasi, shahrimizga salomat yetib kelishimiz quvonch emas, qaygʻuga aylandi.

Shunday boʻlsa-da, kelib qolar umidida yana bir muncha vaqt kutdik. Kelmadi. Sekin-sekin qarindosh-yoronlari haqli ravishda bizdan gumonsiray boshladilar... Chunki, biz sherigimizni yoʻlda qoldirib, safar rasmini buzgan edik... Shundan soʻng biz uchovlon maslahatlashib, oʻzimizni oqlash maqsadida Chimkent shahriga safar qildik. Mashaqqatli izlanishlardan keyin, mazkur qozoq karvonboshisini topdik va undan sherigimizning daragini soʻradik.

– Sherigingiz eson-omon biz bilan Chimkentga yetib kelgan va u bunda qandaydir hamshaharlarini uchratib, ular bilan birgalikda Buxoroga joʻnab ketgan edi. Men ularni Toshkentga borayotgan karvonga qoʻshib kuzatgan va xotirjam boʻlgan edim, – dedi u.

– Agar siz oʻsha birga ketgan hamshaharlarni koʻrsangiz taniysizmi? – deb soʻradik.

– Taniyman. Ular uch kishi edi, – dedi karvonboshi.

Biz qanday yomon ahvolda qolganimizni aytdik.

– Jon birodar, biz bilan birga Buxoroga boring. Oʻsha sizga ma’lum kishilarni tanib bering. Bizni gumondan xalos eting. Sizni rozi qilurmiz va salomat qaytishingizga kafil boʻlurmiz, – deya yolvordik.

Bechora qozoq doʻstimiz rahmi kelib, iltimosimizga rozi boʻldi. Birgalashib Buxoroga safar qildi. Biz, yoʻlakay maslahatlashib, ehtiyotdan qozoq doʻstimizni shaharga yashirincha kirishini ma’qul koʻrdik... Birimiz oldinroq Buxoroga bordik-da, Labihovuz roʻparasidan bir uy hozirlab, mehmonimizni shunda tushurdik. Uyning koʻcha tomonidan nazorat uchun maxfiy bir tuynuk-oyna ochib, qozoq doʻstimiz har kun undan kuzatib oʻtiradigan, ma’lum kimsalarni izlaydigan boʻldi...

Xullas, kuzatishning bir kuni mehmonimiz oynadan qarab turib, birdan:

– Ana, birisi hovuzdan suv ichayotir, qizil etiklik yosh yigit, – deb qoldi.

Biz asta chiqib yigit ortidan tushdik. U qaerda turishi, kimligini aniqladik. Shu yoʻsin, bir necha kun ichida mazkur kimsalarning uchovini ham bilib, darhaqiqat ular joʻn odamlar ekaniga ishondik. Bu sirni amirimizga arz qildik. Amir darhol ularni oldirib, zindonga soldi. Soʻroq-tergash, shohid-isbot qildi, qiynadi... Nihoyat, azobga bardosh berolmagan qotillarning birisi, pul-dunyo qastida sherigimizni Toshkant shahringizda oʻldirgan va Rais saroyi musofirxonasi hujralaridan birida qopga solib koʻmganligiga iqror boʻldi. Biz qotillar soʻzini tasdiqlash va chin boʻlsa jasadni oʻz qoʻlimiz bilan tuproqqa qoʻyish maqsadida shahringizga keldik. Amirimiz bu borada bizga yordam koʻrsatishingizni soʻrab, ushbu nomani siz janoblariga yoʻlladilar...

Qodirboy hikoyasini bitirib, tez-tez choyini icha boshladi. U xufton namozini oʻtash uchun masjidga hozirlanardi. Erini tinglab, tong ajablanib oʻtirgan Umri bibi asta soʻradi:

– Keyin nima boʻlibdi?

– Nima boʻlardi? Hokim «Odamingizni duoi-takbir qilib falon mozorga qoʻyganmiz», debdi xolos. Musofirlar ham nima qilsin, tilovot-qur'on qilib yurtlariga joʻnab ketishibdi...

– Hokim-chi, oʻylamay-netmay ikki orada bir gunohsizni oʻldirgani uchun pushaymon boʻlgandir?..

– Be-e, xotin, qiziq gapni aytasan-a, – Qodirboy ajablanganday xotiniga qaradi. – Nahotki Azizbekni bilmagan boʻlsang. U pushaymon boʻlishni biladigan insonmidi? Qip-qizil kallakesar, oʻz akasini ham oʻldirgan hokim edi-ku...

– Azizbek oʻz akasini oʻldirganmi?

– Azizbekning akasi ulamo kishi boʻlgan. Musulmonqul Azizbekni Chust shahriga hokim qilib tayinlagach, haligi akasi unga: «Uka, insofli boʻl, fuqaroga zulm qilma, Musulmonqulga oʻxshab qonxoʻr boʻlma!», – deb nasihat qiladi. Azizbek sen mening valiy ne’matimni «qonxoʻr»ga chiqarding deb, akasini oʻldiradi. Musulmonqul esa bu «sadoqat»ni eshitib Azizbekni yanada qadrlaydi va uni Toshkentga hokim qilib tayinlaydi. Ana undan keyin Azizbekning Toshkentda fuqaroga koʻrsatgan xilma-xil zulmini oʻzing yosh boʻlsang ham balki eshitgandirsan. Mal'un, hatto «gunohkor»larni chayon chaqdirib oʻldirishni ham oʻylab chiqardi-ya! Chayon yigʻish maqsadida xalqqa chayon soligʻini soldi. Bechora fuqaroning oʻshanda soliqni toʻldirish uchun eski paxsa devorlarini buzib, yiqitib chayon izlab yurganini koʻrsang... Hay, esiz-esiz koʻrgan kunlarimiz!.. Uning oldiga chaqirilgan kishi: «Albatta meni oʻldirsa kerak» deb, bola-chaqasi bilan xayrlashib, rozi-rizolik tilashib ketar edi-ya!

Qodirboy toʻxtalib birdan nimanidir xotirlaganday boʻldi:

–Azizbek bir vaqt mulla Isamuhammad nomli saqichmonlik bir kimsani nimagadir Oʻrdaga chaqirtiribdi. Mazkur kishi Oʻrdaga borsa ma’lum boʻliptiki, Azizbek uni emas, boshqa bir Isamuhammad nomli kishini chaqirgan ekan... Mulla Isamuhammad hokim changalidan eson-omon qutilganiga xursand boʻlib, uyiga qaytib keladi. Biroq, ikki-uch kundan keyin mulla Isamuhammad toʻsatdan vafot etadi. Chunki, bechoraning joni oʻsha chaqirilgandayoq koʻchib qolgan ekan-da... Ana, xotin, shunaqa odamdan pushaymon, tavba-tazarru kutish mumkinmi? Bunaqalarga odam oʻldirish qoʻy soʻyganday gap. Mana, oxiri nima boʻldi? «Zulmi kuchaygan podshohning umri qisqa boʻladi», deb mashoyixlar bekorga aytmagan. Oʻzi ham yulduz bermay jon berdi-ketdi... Kel, qoʻy, sen mushtipar yolgʻiz zang bosib yotganing uchun ozgina ovutay, deb bu gaplarni aytdim-da, qani endi sekin oʻrningdan tur. Men ayvonni yigʻishtirib, oʻrningni uyga kiritib berib, masjidga chiqaman. Havoning avzoyi buzuq, yomgʻir yogʻsa ham ehtimol, bunda sovuq qotasan. Men namozdan chiqib, Murotalining uyiga oʻtib qaytaman...

Tuhmat

Qodirboy Murotali doʻstining uyidan qaytib kelib uxladi. Erta bilan barvaqt uygʻonib, hayratda qoldi: osmon tiniq, ochiq. Ammo, tom boshida, hovlida tizza barobar qor yotardi. Deraza yaqinidagi bir tup yosh olmaning shoxlari egilib, uy devoriga suyanganday turar edi. Qodirboy beixtiyor attang, deb yubordi. «Oʻzi kecha havoning avzoyi buzuq edi-ya. Bu yil ham mevalar ofatga uchrar ekan-da», deb qoʻydi. U kiyinib hovliga chiqib, qor kechib borib otxonadan kurakni oldi. Uy-ayvon oldilarini kuradi, oshxona va yoʻlak tomonlarga yoʻl ochdi. Tahorat olib, bomdod namozini oʻtadi. Samovarga oʻt tashlab, otxona ot oziqlariga ham qaradi va oxiri eshik oldilarini ham kurab qoʻyish uchun koʻchaga chiqdi.

– Assalomu alaykoʻm. Hormang, amaki, – qorkurak qoʻltiqlagan oqish rangli chiroyli yigit Qodirboyga tavoze’landi.

– Vaalaykum assalom. Ha, mulla Muzaffar. Yoʻl boʻlsin, azonda, kurak koʻtarib?..

– Dalaga. Qoʻrgʻon tomlarini kurab kelmasam, bosib qoladi, bu qorda...

– Ukangni ham oldinga olaqolmabsan-da, yolgʻiz oʻzing xilvat dalaga?..

Muzaffar xalachoʻp bilan eshagini xixladi:

– Xavotir boʻlmang, amaki, dalalarda endi ishlagani chiqqanlar koʻpayib qolgan.

– Xayr, koʻp xayollama. Bilasana, uyingda ish koʻpligini, birisi kun toʻy...

Muzaffar Qodirboyga qayrilib beixtiyor kuldi va katta koʻcha tomon jadallab ketdi.

Qodirboy koʻcha qorlarini kurab boʻlib, ayvonga chiqarkan, «Men ham boqqa chiqib uy-ayvonlar qorini kurab kelsam boʻlardi. Bu qorlar erisa uylar ivib, darhaqiqat, tomlar tappa tashlab yuboradi», degan fikrni koʻnglidan kechirdi. Yana: «Zoraki, akamning bolalari bizning tomni ham kurab qaytsa. Bu yoqda Afgʻon savdogorlari bilan oldi-berdini bugun-erta tugatish kerak. Ular yurtlariga ketish harakatida» , deb qoʻshib qoʻydi.

Qodirboy choy hozirlab, Umri bibi bilan nonushta qilib boʻlgach, asta Joʻvaga doʻkon ochkani joʻnadi. U shu kunlarda juda ezilgan edi. Yolgʻiz uy, xotiniga qarovchi yoʻq, bahor kelib bogʻ ishlari qaynagan vaqt, bu yoqda doʻkon savdosi. Xullas, toʻqqiz toʻlgʻoq baravar kelgan vaqt... Yoʻlakay shu tashvishlarni oʻylab borib doʻkonini ocharkan, kimningdir shijoat bilan soʻzlaganini eshitib, orqasiga qaradi. Koʻchaning narigi betidagi Ashir bazzozning doʻkoni oldida ancha odam yogʻilgan. Oʻrtada uch-toʻrt nafar otliq yigitlar bilan shahar qoʻrboshisi Salohiddinbek ham koʻrinar edi. Qodirboy qiziqib bir oʻtkinchidan soʻradi :

– Nima gap u yerda?

– Ashir boyvachchaning doʻkoniga oʻgʻri tushibdi...

– Oʻgʻri!.. Ushlashibdimi?..

– Yoʻq.

Qodirboy ajablandi. Chunki, bunday hodisa juda siyrak sodir boʻlar edi. Doʻkonini ochar yerda yana qaytib yopib, sekin toʻdaga yaqinlashib bordi va yiroqdan Ashirning doʻkoniga nazar soldi. Darhaqiqat, doʻkon saho¬balar uyidek shib-shiydon, faqat u yer-bu yerda bitta-yarimta shohi matolar toʻkilib yotar edi. Doʻkon oldida esa beliga qilich taqib, qoʻlida qamchi oʻynayotgan qoʻrboshi yoshgina bir mullavachchani soʻroq qilardi, Ashir boʻlsa ular oldida ma’yus bosh egib turar edi.

– Xoʻsh, xoʻsh, ayt-chi? – der edi qoʻrboshi.

– Men kecha kechqurun bir oʻrtogʻimnikiga mehmon boʻlib borgan edim, unda uzoq soʻzlashib oʻtirdim va sahar choqlarida xayrlashib koʻchaga chiqdim. Koʻchada hech kim yoʻq, gupillatib qor yogʻmoqda edi. Kela turib, qop orqalab bir uyga kirib ketayotgan ikki kishiga yiroqdan koʻzim tushdi. Tagʻin bilmadim, ularmi, boshqami...

– Qaysi koʻchada?!

– Manavi koʻchada, – dedi mullavachcha, Qodirboylar koʻchasiga ishora qilib.

– Qaysi eshikka kirganlarini bilasanmi?

– Bilaman.

– Qani boshla, – dedi qoʻrboshi. Mullavachchani oldiga olib Qodirboylar koʻchasi tomon yurdi. Xaloyiq gurillab qoʻzgʻaldi. Qodirboy qarab turdi-da, negadir koʻngli gʻash tortib, ular ketidan asta bordi. Borarkan, oʻgʻrining kimligini oʻylab, turli mulohazalarni koʻnglidan kechirdi. Olomonni boshlab borayotgan mullavachchaning qaerlik ekan¬ligini bilmasa ham, Beglar-begi madrasasida yotib oʻqishini va shu koʻchaga qatnab yurishini bilar, shu sababli uning soʻzi haqiqat boʻlib chiqsa ehtimol», deb oʻylar edi. Mullavachcha Qodirboyning eshigidan oʻtib, ancha ichkariga yurdi va toʻgʻri borib Murotali eshigida toʻxtadi.

– Mana shu eshik...

Qodirboyning rangi birdan quv oʻchib, qaltirab ketdi, tanasi sovqotib, muzdak ter sezdi. «Nahotki u?!» dedi oʻziga.

Murotalining eshigi lang ochiq edi. Oʻsha kuni peshinda toʻy yuboriladigan boʻlgani uchun ichkarida besh-oʻnta urugʻ-aymoqlarining uymalashgani koʻrinadi. Murotalining oʻzi boʻlsa toʻnining ikki barini belbogʻiga qistirib olib, bolalarga bosh boʻlib, tomlardan tor hovlisiga kurab tushirilgan qor uyumlarini zambillab jarlikka chiqarib tashlamoqda edi. U eshigi oldida toʻxtagan olomonni koʻrib xayron boʻldi. Zambilni yerga qoʻyib, qoʻrboshiga qulluq qildi. Qoʻrboshi salomiga javob ham qilmadi. Yigitlaridan birini eshik oldida qoldirib, ichkariga kirdi. Xotinlarni yashirinishga buyurib, yigitlari bilan bir chekkadan uylarni tintishga boshladi.

Koʻchada yigʻilgan tomoshabin xalq ish qanday tugashini kutardi. Qodirboy boʻlsa tashqari hovlida bu tashrifdan qoʻrqib dagʻ-dagʻ titragan Murotali doʻstiga: «Xafa boʻlmang, oʻzingizni tuting, biron tushun¬movchilik boʻlgan-da», deb tasalli berib turardi. Qaysi uydandir bir ayolning uvvos solib yigʻlagan ovozi eshitildi...

Nihoyat, qoʻrboshi uylarni behuda axtara-axtara xafsalasi pir boʻldi shekilli, qamchisini buklab Murotali oldiga keldi. Endi undan nimanidir soʻramoqchi boʻlib turgan ham ediki, yoʻlakdagi somonxonani axtarayotgan yigit birdan qoʻrboshini chaqirib qoldi:

– Topildi! Mana bu yoqda ekan, taqsir!..

Bu gap Qodirboyni boshiga goʻyo bolta muxasi tushganday esankiratdi. Murotali shoʻrlik boʻlsa, hamon hech narsaga tushunmay, ovsar kishidak toʻrt tomonga anqayar edi. Qoʻrboshi shoshib somonxonaga ketdi. Boshqalar ham uning ortidan oldinma ketin borishdi.

Qoʻrboshi somonxonaga kirganida, yigit chilvir bilan ogʻzi bogʻlangan bir qopni somon tagidan tortib olmoqda edi... Qodirboy qopni koʻrib hayratga keldi, koʻruvchi koʻzlariga ishonmaganday boʻldi. Qoʻrboshi borib yigitga yordam berdi. Qopni tortib olishdi va ogʻzini ochdilar. Qop ipaklik gazlamalarga liq toʻla, tappa-taxt Ashir boyvachcha doʻkonidagi mollar edi.

Salohiddin qoʻrboshi qopni qayta bogʻlashga buyurub, Murotaliga: «Qoʻlga tushdingmi?» – deganday kinoyali qarash qildi. Masalaga endi tushunib yetgan Murotali bechoraning rangi toʻsatdan oqarib, peshona¬sidan duv ter quya boshladi.

– Yoʻq! Bu tuhmat! – dedi Murotali tovushini boricha xayqirib va birdan xoʻngrab yigʻlab yubordi.

– Oʻgʻrilikni qilishga qilib, tagʻin baland kelasanmi, muttaham?! – dedi qoʻrboshi. Uning katta koʻzlari yanada olayib, goʻyo kosasidan chi¬qayozdi, havoda aylangan qamchisi Murotalining boshiga sharaqlab tushdi...

Qamchi zarbidan esankiragan Murotali:

– Yo, Olloh, yo Olloh! – dedi-da, yerga oʻtirib oldi. Yuzini kaftlariga qoʻyib, xuddi oʻlimga chogʻlangan kishiday kalima ayta boshladi... Hovli tomondan uvvos solib yigʻlagan ayol va bolalar ovozi eshitildi...

Bir lahzada roʻy bergan bu foje’ hodisa Qodirboyni juda shoshirib qoʻydi. Uni bir jihatdan oshnasining ayanch ahvoli, el oldida barbod boʻlayotgan nomusi dahshatga solsa, ikkinchi yoqdan: «Nahotki, Murotali yoki Muzaffarlarning shunaqa «hunar»lari bor boʻlsa-a?» – degan shubha oʻylatar edi. Biroq, u oʻz shubhasiga sira ishonmas, orada qandaydir bir gʻaraz borligini sezar edi. Qanday boʻlmasin hozir gunoh guvoh-isbotlar bilan Murotalining boʻyniga qoʻyilgandi, uni himoya qilish ogʻir va hatto xavfli edi. Qodirboy doʻsti yonida quruq tomoshabin boʻlib turishni ep koʻrmay, koʻziga yosh olib indamay koʻchaga chiqib ketdi.

Koʻchada angʻ-tangʻ boʻlib turgan xalq Qodirboy ichkaridan chiqishi bilan: «Nima gap? Tinchlikmi? Somonxonadan topildimi?» – deb soʻroq¬qa tuta ketishdi. Qodirboy mujmal bosh qimirlatib olomon orqasiga shoshildi. Koʻp oʻtmay koʻchani jimlik bosib, eshikdan sarboz yigitlar, bir koʻzini qiyiq bilan bogʻlab qop orqalagan Murotali va keyinda magʻrur qadam bosib qoʻrboshi chiqdilar-da, Joʻva tomon yurdilar.

Qodirboy olomon ketida boʻshashib ma’yus borar edi. «Endi nima qilsam ekan? Murotalini qoʻrboshi changalidan qanday qutqarsam ekan?» – degan yuz xil fikrlar bir zum tinchlik bermas edi. Ammo boshiga hech bir durust fikr kelmas edi.

– Murotali aka bunaqa odam emas edi. Oʻgʻlining toʻyi kunisi oʻgʻrilik qilib, oʻlipti-da, – dedi kimdir jimlikni buzib.

– Xarajatga qiynalib qolgan boʻlsa, ajab emas.

– Menimcha, bu ishni oʻgʻli qilgan boʻlsa kerak.

– Ehtimol... Lekin Muzaffar ham unday yigitlardan emas.

– Boʻlmasa, shuncha molni somonxonasiga kim kelib yashiradi, jinmi?!

– Qani, olib borsinlar-chi, bek pochchamiz haqiqat qilar.

– Haqiqat... Haqiqat qaerda boʻladi? Dorga osadi, qoʻlini kesadi, sazoyi qiladi.

Ana, haqiqat!..

Olomonning biri olib, biri qoʻyib aytgan bu soʻzlar Qodirboy yuragini battarroq uvushtirib yubordi. Nahotki, bechorani haqiqat qilmay-netmay ossalar, kessalar?..

Joʻvaga chiqgach, qoʻrboshi otiga minib buyruq berdi:

– Qopdagi molni egasiga topshiringlar. Gunohkorni Oʻrdaga olib boringlar. Men oldinroq borib bekka arz qilib turaman, – dedi u va yoniga ikki yigitini olib Xadraga tomon yelib ketdi.

Qodirboy koʻcha boshida oʻylanib toʻxtadi. «Endi-ku, boʻlar ish boʻldi, Murotali xaqmi-noxaqmi biron jazo oladi. Uning ortidan quruq tomoshabin boʻlib yurishdan foyda yoʻq. Masalaning ikkinchi nozik tomonini oʻylash kerak. Bordi-ku, Murotali hokim oldida soddalik qilib yoki shoshib qolib, gunohni oʻgʻlining boʻyniga qoʻyib qoʻysa bormi, ish juda xunuk tugashi, gunohsiz yigitning hayoti barbod boʻlishi mum¬kin». Qodirboy fursatni boy bermay, Muzaffarni topmogʻi va ish bartaraf boʻlguncha uni koʻzdan qochirib turmogʻi zarur edi.

U uyiga burildi. Naridan-beri xotinidan xabar olgan boʻldi-da, ogʻilxonaga oʻtib otni egarladi. Xurjin koʻziga uch-toʻrtta non solib, qorkurakni qoʻltiqqa oldi. Otga minib yoʻlga tushdi. Jangoh suvidan oʻtib Xadraga, undan Qalandarxona orqali Chorsuga tushib, toʻgʻri Beshogʻoch darvozasiga yoʻl oldi. Chunki, Muzaffarlar dalasi Chilonzor mavzeida edi. Qodirboy yoʻlni tiklab borib, Muzaffar qarshisidan toʻsib chiqmoqchi edi.

Quyosh musaffo havoda jim-jim tovlanib yer yuzini qizitmoqqa, qor qatlamini asta eritmoqqa boshlagan edi. Tom boʻgʻotlardan osilib turgan qator sariq sumalaklar koʻchaga bir xil tus berib, issiqdan chirt-chirt uzilar, yoʻlaklarga tushar edi. Otliq yoki yayov borayotgan yoʻlovchilar esa, mavridsizroq tushgan qordan zorlanib bir-birlariga shikoyat¬lanishar edi.

– Avji mevalar gullaganda qor tushib, bola-chaqaning rizqini qiydi-da...

– Shukur qilish kerak. Hali bunisi xolva, – der edi eshakli uzun soqol qoʻygan keksa yoʻlovchi, yoshroq hamrohiga. – Bobomiz rahmatli qish chillasida tariq pishganini, yoz chillasida muzlagan Chirchiq daryosidan aravada oʻtganlarini hikoya qilar edilar... Ob-havo shunaqa qarorsiz boʻladi, zoʻrlanish yaramaydi...

Qodirboyning qulogʻi yoʻlovchilarning soʻzida, koʻzi Muzaffarning yoʻlida boʻlib borsa ham, xayoli boshqa andishalar bilan band edi: Muzaffarni uchratsa nima deyishini, bechoraning qay ahvolga tushishini tasavvur qilar edi. Haqiqatdan ham erta-indin uylanaman, deb yuragi shopirinib turgan yosh yigitga kutilmagan bu shum xabarni eshitish juda ogʻir edi. Ammo uni uchrata olmasa oqibati undan-da ogʻir boʻlishi mumkin edi. Chunki, Toshkent hokimi Qushdodhoh, boya olomonda aytilgandek, qattiqqoʻl – gunohkorni ortiqcha tekshirib, haqiqat qilib oʻtirmay, xohlagan buyrugʻini beraverar edi...

Qodirboy Qoʻshmozor, Chaqar, Guliston, Badalboy mahallalaridan oʻtib, Beshogʻoch darvozasiga yetdi. Biroq, Muzaffar hamon koʻrinmas edi. «Balki, u Qoratosh koʻchasi bilan qaytdimikan-a?..» deb xavotirlana boshladi.

Janubga qaratib qurilgan Beshogʻoch darbozasi lang ochiq. Qor tushib dala ishlari toʻxtagani uchun qatnovchilar oz edi. Uzun guppasi ustidan kalitlarini beliga bogʻlab olgan darvozabon hujrasi yoniga choʻnqayib oftobda kim bilandir soʻzlashib oʻtirar edi. Qodirboy koʻprikdan oʻtib, darvozabon bilan omonlashdi-da, shahar tashqarisiga chiqdi.

U vaqtlarda Beshogʻoch darvozasining sirt yon-erlari jar-jilgʻa tepalik yerlar boʻlib, bogʻot joylar ancha nari, Badalsoydan oʻtgandan soʻng boshlanar edi. Tevarakni bosib yotgan qor quyoshda jimirlab tovlanib koʻz nurini olar, onda-sonda shoxlari egilib turgan daraxtlar goʻyo ta’zim etganday koʻrinar edilar. Bora-bora Qodirboy koʻzlari qor uvalariga qarashdan toliy boshladi, otni yoʻlga qoʻyib koʻzlarini kaftlari bilan toʻsdi...

– Qodir amaki, yoʻl boʻlsin, buyoqqa?!.

Qodirboy koʻzlarini ochdi. Toʻnining bir uchini yelkasiga olib ushlagan Muzaffar kurak qoʻltiqlab, Badalsoydan chiqib kelar edi. Qodirboy otni toʻxtatdi. Muzaffar ham asta kelib toʻxtadi va savol nazari bilan qaradi. Qodirboy orqadan keluvchi bir yoʻlovchining oʻtib ketishini kutib jim qoldi. Keyin:

– Seni izlab kelyapman, – dedi.

– Xoʻsh?

– Bizning boqqa ikkov borib kelamiz.

– Nega?

– Zarur yumush chiqib qoldi. Tom kuraymiz, koʻmaklashasan.

Muzaffar bu muhmal taklifdan ajablandi va ikkilandi:

– Kechiksam, dadam koyimasmikinlar? Uyimizda toʻy...

– Koyimaydi. Dadangdan izm oldim. Yur.

Muzaffar qobil yigit edi, indamay yoʻlga tushdi. Bir oz orqaga qaytishdi-da, shaharga kirmay soʻl tomondagi Charx koʻchasiga burildilar va Komolon darvozasiga qarab yurdilar.

Charx koʻcha bogʻot yerlar, tip-tinch, kimsasiz huvullar, faqat chum¬chuqlar chirillashi, allaqaysi bogʻdan kimningdir qirt-qirt tom kura¬ganigina eshitilar edi. Havo ham endi ancha ilib, qorlar erimoqqa, yerlar shilip-shilip loy boʻlmoqqa boshlagan edi. Qodirboy koʻngilsiz xabarni koʻchada ochmaslikka qaror bergani uchun soʻzsiz, oʻychan borar edi. Ular Xoʻja alambardor qabristoni yonidan Komolon darvazasiga chiqib yana shaharga kirishdi va Qoʻrgʻon tagi bilan Samarqand darvozasi – Qodirboylar bogʻiga tomon burilishdi.

Muzaffar Qodirboyni oʻz otasidek hurmat qilar edi. Uning yolgʻizligini bildirmaslik uchun boʻsh choqlarida doim uy va bogʻ ishlariga qarashardi. U orqadan borarkan, bir narsadan bad oldimi yoki toʻgʻriliqchami, bahorhol, Samarqand darvazasiga yetganda dedi:

– Qodir amaki, agar bogʻda tom kurashdan boshqa yumushingiz boʻlmasa, siz shaharga ketavering. Oʻzim bajarib boraman...

Qodirboy goʻyo Muzaffar soʻzini eshitmaganday yoʻlda jim davom etdi.

Qor kecha-kecha boqqa yetib kelishdi. Qodirboy ichkariga kirib otni bogʻlarkan, Muzaffar darrov toʻnini yechib tomga chiqish harakatiga tushdi.

– Toʻxta, Muzaffar, – dedi Qodirboy. – Ozgina gaplashib olaylik, keyin kurayverasan.

Muzaffar ajablanib toʻxtadi:

– Qanday gap?

Qodirboy koʻcha eshikni beklab, ot ustidagi xurjunini ayvon labiga toʻshadi.

Yonma-yon oʻtirishdi.

– Ayt-chi, Muzaffar, – dedi Qodirboy, oldin uni bir sinab koʻr¬moqchi boʻlib. – Shu kechasi nima ishlar qilding?

– Nima ish qilardim?.. – dedi Muzaffar hayron boʻlib – Sizni kuzatgach, yotib uxladim.

– Toʻgʻrisini ayt, bola?

– Aytdim-ku, tinchlikmi oʻzi, amaki?

– Ashir bazzozning doʻkonini kim oʻgʻirladi?! – Toʻsatdan unga dagʻdagʻa qildi Qodir boy va pichogʻini shartta qinidan sugʻurdi: – Agar rostini aytmasang?...

Muzaffar kutilmagan bu dahshatdan tong ajabda qoldi. Tusi oʻzgarib, koʻzlari olalandi.

– Nimalar deyapsiz, amaki? – U yelkasini qisdi. – Azbaroyi xudo, bunday ishlardan xabarim yoʻq. Qasam ichaymi? Soʻzlang tezroq!

Qodirboy tikilib qaradi va bu ishda uning qoʻli yoʻqligiga ishondi. Pichogʻini qiniga solib, avval uni tinchlatish uchun picha nasihat qilgan boʻldi-da, birin-birin voqeani soʻzlay boshladi.

Bechora yigit tinglarkan, qay ahvolga tushganini aytish ogʻir edi. U soʻzni anqayib tinglab bordi, voqea ma’lum oʻrniga yetganda chidolmay lablarini tishlab-tishlab qonatib va boshlariga mushtlab-mushtlab yigʻlay boshladi. Qodirboy soʻzini tugatdi. Muzaffar toʻsatdan yigʻidan toʻxtab uzun uf tortdi-da, koʻzini bir nuqtaga qoʻyib, ancha vaqt jim qoldi. Soʻng birdan oʻrnidan turib toʻnini kiya boshladi.

– Xoʻsh, yoʻl boʻlsin?

– Shaharga

– Nima qilmoqchisan?

– Borib hokimga arz qilmoqchiman.

– Nima deb?

– Bu bizga tuhmat, haqiqat qiling deyman.

– Haqiqat qilish uchun, hokim sendan guvoh-isbot talab qilsa-chi?

– Guvoh-isbot yoʻq deyman.

– Gumondoring bormi desa-chi?

– Gumondorim ham yoʻq deyman.

– U holda hokim sening quruq soʻzingga ishonadimi?

– Ishonadimi, yoʻqmi, har holda, boʻhtonga boʻyin egkandan kirib arz qilgan ma’qul-da, amaki.

– Arz qilganing-ku ma’qul... – Ammo hokim oldidan omon-eson chiqishni ham oʻylab koʻr-da, bolam...

– Nega chiqmas ekanman?

– Yoshsan... Negaki, da’voingni isbot qila olmadingmi, demak, oʻgʻriliqni boʻyningga olgan hisoblanasan va hatto ehtimol jazoga otangdan koʻra koʻproq sen uchraysan. Chunki, otang ulgʻayib, oʻzini tutgan kishi, hokim ham, boshqalar ham undan koʻproq gumon qilmaslar. Ammo, sen-yigit, yoʻldan ozib bu ishni qilgan boʻlishing mumkin. Ayniqsa, erta-indin uylanmoqchisan...

– Uylanishning bunga nima daxli bor?

– Daxli shundaki, birov toʻy xarajatiga qiynalgan boʻlsalar, oʻgʻli oʻgʻirlagandir, deb oʻylashi, ikkinchi birovi esa, adovat-rashk yuzasidan toʻyni buzish uchun bu ishni qilgan boʻlishi va binobarin, aybni faqat sengagina yuklashga urunishi mumkin...

Muzaffar masalaning nozik tomonlarini tushunib yetib, serraygancha uzoq oʻylanib qoldi.

– Mayli, aybni menga yuklasinlar. Borib, otamni xalos qilaman, – dedi u va eshik tomonga yoʻl oldi.

– Toʻxta, oshiqma, – dedi Qodirboy keskin va oʻrnidan turdi. – Sen shunda qol. Men avval shaharga tushib azmoyish olay, ishning oxirini bilay. Shunga qarab borish- bormasligingni maslahati chiqar. Men kechgacha kelaman.

Muzaffar bosh chayqadi.

– Yoʻq... Boʻlmas, amaki. Agar hozir bormasam, qoʻrqib qochgan, aybni boʻynimga olgan boʻlib chiqaman...

Qodirboy Muzaffarni tinchitdi.

– Bu yogʻidan xotirjam boʻl, oʻgʻlim. Hokim xuzuriga borish zarurati boʻlsa, ertaga ertalab borsang ham boʻlaveradi. «Kecha qarindoshlarni toʻyga xabarlagani qishloqqa ketib edim, tunab qaytdim deysan, vassalom, – dedi Qodirboy va qoʻshib qoʻydi: – Kim bilsin, balki seni soʻramaslar, izlamaslar ham...

Muzaffar koʻzi jiqqa yosh, maslahatga chor-nochor koʻngandak boʻldi. Qodirboy xurjunidagi nonlarni olib ayvon labiga qoʻydi.

– Olam xadis, mabodo bugun kela olmasam, shiypon tagiga yigʻib qoʻyilgan xazonlar orasiga kirib, bir amallab tunaysan, – dedi Qodirboy va shitob bilan shaharga joʻnadi.

Toshkent shahri ma’muriy jihatdan Beshogʻoch, Koʻkcha, Sebzor va Shayxavantohur dahalariga boʻlingan. Tevaragi gir aylantirib sakkiz gaz yuksaklikdagi, qalin, bemalol ustida odam yuradigan paxsa devor bilan qoʻrgʻon qilib oʻralgan edi. Qoʻrgʻonning odim-odim yerlariga bahaybat-bahaybat oʻn ikkita darvoza qurilgan va bular: Qoʻqon, Qashgʻar, Labzak, Taxtapul, Qorasaroy, Sakbon, Chigʻatoy, Koʻkcha, Samarqand, Komolon, Beshogʻoch, Qaymos darvozalari deb atalar edi. Hokim oʻrdasi esa Qaymos va Qoʻqon darvozalari yaqinida joylashgan edi.

Oʻrda tevaragi keksa tol, qayragʻoch va boshqa anvoyi meva daraxtlar bilan koʻrkam, uzun-uzun yoʻlaklarga gʻisht va xarsanglar yotqizilgan edi. Janubga qaratib qurilgan murabba’ oʻrdaning old qismi taxminan ikki yuz gaz kenglikda boʻlib, oʻrtasida ravoq shaklida oʻyib ishlangan besh gaz qadli qoʻsh tavaqa darvoza, ikki burchagida esa oʻn-oʻn ikki gaz boʻyli minoralar qad koʻtarib turar edi. Minora, darvoza yonlari va peshtoqlarga ishlangan siyrak, sodda, tussiz koshinlarni hisobga olmaganda oʻrdaning tashqi koʻrinishi husnsiz, bir qarashdayoq eskirganligi sezilib turar edi.

Qodirboy shaharga qaytib kirib Samarqand darvoza koʻchasi, Chorsu orqali yana Qalandarxonaga yuzlandi. Vaqt peshinga yaqinlashgan edi. Hamma oʻz ish-tirikchiligi bilan ovora, goʻyo koʻchalar tinganday, hech bir voqea roʻy bermaganday koʻrinar edi. Qodirboy Qalandarxonaga yaqinlashib qayoqqa yursam ekan, deb oʻylanib toʻxtadi. Chunki, agar Murotali oshnasi soʻroq va hukmga hokim oʻrdasiga olib ketilgan boʻlsa, u toʻgʻriga, ya’ni Shayxavantahur mozori yoni bilan Qashqar darvozasi tomonga yurishi kerak edi.

Soʻngsoʻz Oʻrnida

Yangi yozayotgan «37-xonadon» kitobimga ma’lumot izlab, dadamning arxivlarini koʻzdan kechirishga toʻgʻri keldi. Ittifoqo, qoʻlyozmalari ichidan «Eski Toshkantda» (tarixiy qissa) asarlari chiqib qoldi. Qissani oʻqib chiqib dadamning: «Toshkant haqida bir narsa yozish niyatim bor. Bitsa, yozganlarimning eng zoʻri boʻlsa kerak», degan gaplari yodimga tushdi. Shunisi achiinarli ediki, qissa tuganlanmay eng qiziq joyda toʻxtab qolgan. Qoʻlyozma dastlab 1964 yilda yozilgan boʻlib, keyinchalik qayta ishlangan, yangitdan kengaytirilgan holda qogʻozga qoʻlda koʻchirilgan ekan. Qissada bundan ikki yuz yillar ilgari Toshkentda sodir boʻlgan voqealar tasvirlangan. e’tiborni tortadigan, arxivda yana bir necha varaqlarda oʻsha davrdagi xonlar, beklar va Toshkentning ruslar tomonidan ishgʻol qilinishi haqida alohida qisqacha ma’lumotlar ham uchraydi...

Menimcha dadam «Otam haqida» kitoblarini yozishga berilib ketib, mazkur qissalarini tugatishga ulgurmay qolgan boʻlsalar kerak. Buvamiz haqidagi «Soʻngi xotira»larini yozib boʻlganlarida esa, kasallanib umrlari poyoniga yetgan edi.

Biz dadamiz qalamiga mansub ushbu qissani shundayligicha siz, aziz jurnalxonlar hukmiga havola etishni lozim topdik. Qissadagi oʻziga xos badiiy ruh, garchi u tugallanmay qolgan esa-da, dilingizda yorugʻ bir zavq, ezgin bir kayfiyat uygʻotadi, degan umiddamiz.


  1. Oqmasjid – Qizil-Oʻrda shahri.
  2. Boʻzsaroy – hozirgi 1-bosmaxona oʻrni (muallif).
  3. Rais saroyi – hozirgi tabiat muzeyi oʻrnida boʻlgan (muallif).
  4. Yarmanka – yarmarka.
  5. Koʻpos – kupets, savdogar.