OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHabibullo Tursunmatov
Asar nomiUstoz (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Habibullo Tursunmatov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm21KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ustoz (hikoya)
Habibullo Tursunmatov

— Eldepeer! Toʻxta! Ma’rakadan qolgan xotinday zipillab qolding? Uchastkovoy senimas, meni chaqirgan.

Shu yerda tur. Kiray-chi, nima gap bor ekan?

It itoatkorlik bilan daha nozirining eshigi yoniga choʻzildi. Egasi eshikni bir-ikki taqillatdi-da, javob kutmay ichkariga kirdi.

Allanima yozayotgan nozir Salimjon yalt etib qaradi-da, baqraygancha oʻtiraverdi. Shu holatda indamay soʻrashgani qoʻl uzatdi.
— Oʻzingdan katta bilan soʻrashganda, oʻrningdan tur, ikkiqat xotinday yalpayib oʻtiravermay, — tanbeh berdi mehmon. – Yo keting kursiga yopishib qolganmi?

Nozir endi oʻziga kelgandek dik etib oʻrnidan turdi-da, quchoq ochib:
— Otaginam! Oʻrtoq polkovnik! Bormisiz shu olamda! – deya stol aylanib oʻtib, Poʻlat akani mahkam bagʻriga bosdi. Ertalab mahallangizdan yigʻi tovushi eshitilganday boʻluvdi, lop etib siz esimga tushsangizda! Goʻrga tirik ekansiz-e!
— Gapning qiligʻingdanam sovugʻ-a, vey,—dedi polkovnik nozirning quchogʻidan zoʻrgʻa qutilib. – Nima balo, enangni qornidan toʻgʻri muzga tushganmisan?
— Ha endi, issiq jon, bilib boʻladimi, otam, yoshingiz anchaga borib qoldi, — dedi Salimjon quvlik bilan iljayib. —Dakki berib turadigan ustozimdan ayrilib qoldimmi, deb qaygʻurib oʻtiruvdim-da .

Yayrab qoldim, deb hursand boʻlgandirsan?
— Yoʻgʻ-e, hursand boʻlib oʻlibmanmi, bizga baqiroq tuyaning bori yaxshi. Oʻlmang, umringiz uzoq boʻlsin, ammo qadrdonimizsiz, poʻk etib oyoq uzotvorsangiz, bexabar qolmaylik deyman, xolos.
— Boʻpti, oʻladigon boʻlsam, senga uch kun oldin xabar berib qoʻyaman.

Olapar xirillab hura boshladi.
— E-e, Eldepeer janoblariyam shu yerdamilar? — dedi nozir. –kiravermabdilar-da. Ichikib qolmanglar tagʻin bir-biringizga.
— Kirmaydi, postda turibdi,—dedi Poʻlat aka eshikka yurarkan. – Nima gap olapar?

It egasiga qarab dumini likillatdi-da, oʻn qadamcha narida bezrayib turgan pakana, qora, jikkak kishiga, katta idoralarga boʻlar-boʻlmas shikoyatlar yozavergan uchun «qoraqalam» laqabini olgan Qobiljonga irillab, oldingi oyoqlariga boshini qoʻyib yotarkan, esnadi.
— Ha, Noqobil, senmiding ? — dedi Poʻlat aka bir oz ijirgʻanib.
— Shu itingiz oʻlmadi, biz qutilmadik-da, — dedi Qobiljon jigʻibiyron boʻlib, qoʻrqib yaqinlasharkan. — Oʻzim xafsala qilib, biror toʻgʻram nonga zahar qoʻshib berib tinchitmasam boʻlmaydi shekilli.
— Oʻzingning turgan-bitganing zahar-ku, nima qilasan yana zahar qoʻshib, — kuldi Poʻlat aka. – Sening qoʻlingdan ovqat yeguday boʻlsa, til tortmay oʻlsa kerak jonivor... obbo, soʻrashamiz hammi?.. Keyingi paytlarda kunda-shunda boʻb qolding, Noqobilvoy, uchastkovoyga agentlikka yollandingmi deyman?
— Birinchidan, yulduzsiz polkovnik, men istagan joyimga boraman xohlagan yerimda turaman, sizga hisob berishim shartmas. Ikkinchidan, insonning ismini toʻgʻri ayting. Mening ismim – Qobilbek!

U zarda bilan tars-turs yurib, nozirning xonasiga kirib ketdi. Chamasi Salimjon derazadan Poʻlat akaning itini ergashtirib keta boshlaganini koʻrdi shekilli, yugurib chiqdi.
— Poʻlat aka, hali gapimiz tugagani yoʻgʻ-u, qayga ketyapsiz ? Qayting.
— Shunaqami? Qoraqalam bilan maxfiy gaplaring bor shekilli deb ketayotuvdim-da.
— Bir masalada sizning fikringiz kerak. Poʻlat aka, — gap boshladi Salimjon xonaga kirib oʻtirishgach. — Biz Qobil akam, boshqa aktivistlarimiz bilan birgalikda uchastkamizdagi shubxali qonunga xilof ravishda xatti-haraktlar sodir yetishi mumkin boʻlgan shaxslar roʻyxatini tuzib chiqqandik. Ularni nazoratga olib olib, kerak boʻlsa, tarbiyalash maqsadida.

Shuni siz ham koʻrib chiqsangiz-da, fikrlaringizni aytsangiz. Ehtimol roʻyxatga kirmay qolganlar bordir.

Nozir tortmadan besh-olti varaq qogʻoz olib, uzatdi.

Poʻlat aka roʻyxatni varaqlab koʻrarkan:
— Hoʻ-hoʻ!—dedi boshini chayqab, — qishloqning yarmini tirkab qoʻyibsanku-a? Shularning hammasi jinoyatchimi?
— Yoʻq, siz tushunmadingiz, — izoh berdi nozir. – Jinoyatchimas, ammo amaldagi qonun-qoidalarga xilof ravishda jinoiy xatti-harakatlar sodir etishi ehtimoli mavjud shaxslar.
— Vey, odam tushunadigon qilib oʻzbekcha gapirgin, jiyan, bir balolarni chuldiraysan, uqib boʻlmaydi.
— Nimasiga tushunmaysiz? — dedi Qobiljon zarda qilib, — Roʻyxatdagilarning lyuboyi jinoyat qilishi mumkin, demoqchi, jinoyat qilish moyil odamlar, demoqchi.
— Hammasi-ya?!
— Hammasi.
— Shularning ichida sen ham bormisan?
— Yoʻq. Men qonunlarni hurmat qilaman, ularga rioya qilib yashayman.
— Ie, vey, nomard, tuxmatlar yozib, noqonuniy ishlar qilganing uchun sudga tushganingda, oʻzim boʻgʻib olib borgandim-ku, esingdan chiqdimi?
— Ha endi ... U davrlar oʻtib ketdi, eski potoslarni kavlashtirmang.
— Mishigʻingni oqizib tavba-tazarru qilganingda, mahalla koʻy rahmi kelib, kafillikka olgan. Oʻzingni jazodan saqlab qolgan odamlarni qora roʻyxatga tirkatibsan-a!
— Kekirdagingizni choʻzavermang! Shop-shaloplarngizni osvolib, melisaman deb, boʻlar-boʻlmasga odamlarni qamayveradigon davringiz oʻtib ketgan! Hammasi shubxali shaxslar.
— Toʻqson ikkiga kirgan Komil buvayam-a?
— Yaramas chol! Gʻirt bezori! Yoshini hurmat qilib salom bersam, soʻkinadi. Koʻrishgani qoʻl uzatsam, teskari qaraydi. «olqindi» deb ot qoʻyvolibdi, qarang.

Poʻlat aka xo-xolab kulib yubordi. Salimjon ham iljaydi-yu, darrov jiddiylashdi.
— Daxanaki janglaring choʻzilib ketdi-ku, oʻrtoqlar, — dedi. — Bu yer janjalxona yemas.
— Xoʻp ana, toʻxtatdik. Qobilvoy bilan ishlaring bitdimi? Bitmagan boʻlsa, keyinga qoldir. Juda kerak boʻlsa, qora roʻyxatingni ertaga toʻldiraverasan... Men roʻyxat-poʻyxat qilib oʻtirmas edim. Uchastkamdagi odamlarning barini, kattayu kichigigacha besh barmogʻimdek bilardim.
— Xoʻp-xoʻp, oʻrtoq palkovnik, gapni qisqa qiling-da, maqsadga oʻting.
— Kulbangni berkit, birgalashib qishloqni aylanib kelamiz.
— Hozir-a? Kunduzi shartmikan?
— Shart.
— Obbo...Qobil aka, xafa boʻlmaysiz endi, oqsaqolning gapini ikki qilolmayman. Boshqa kelarsiz.
— Sen Qoraqalamning gaplariga ishonaverma, pand yeysan, — dedi Poʻlat aka Qobiljon ketgach, yoʻlga tushisharkan — Pashshadan fil yasashga oʻrganib qolgan. Xudoga shukur, qishlogʻimiz tinch. Menga qolsa, yoʻqot qora roʻyxatni.
— Itingiz koʻrinmaydi?
— Boya Normat puchuqning qanjigʻi koʻringanday boʻluvdi...
— Intizomli deb maqtardingiz?
— E, uka, bu yoqda oyimcha turganda intizom esiga kelarmidi.

Gudurdagi Mallavoyning novvosini daragi chiqdimi?
— Hozircha yoʻq. Qidiryabmiz. Chetdan kelganlarning ishi boʻlsa kerak. Begona gruzavoy mashinani koʻrishgan ekan oʻsha kuni kechqurun.
— Boʻlsa bordur ... lekin shu yerlik sherigi bordur, chetdan kelgan qaydan biladi kimning nimasi borligini ... toʻyga atab boqayotgan edi. Kambagʻalni tuyaning ustida it qopgani shu.
— Oʻzidayam ayb bor-da, aka odamlarga hayronman, hovlisining koʻcha tarafini ochiq, nari borsa gʻoʻzarayadan yuzpardaga chavra qilib qoʻyishadi. Molxonalariyam omonat.
— Gaping toʻgʻri. Qishloqilar sodda-da. Hammaniyam oʻzlariga oʻxshagan halol deb bilishadi.
— E, hozir halol odam qoptimi.
— Unday dema, besh qoʻl barobarmas. Qilvirdan koʻra toʻgʻri odamlar koʻp. Yomonlarni jilovlash sening vazifang. Halqning nonini halollab ye.
— Sizningcha, men ishlamasdan bekorga maosh olyapman ekan-da? Shunaqami?
— Darrov jirillama-da. Juda sust qimirlaysizlar. Mana, Mallavoyning molini olaylik: ikki xafta boʻldi, gapingning mazmunidan haliyam iziga tusholganlaring yoʻq. Vaqt jinoyatchi foydasiga ishlaydi.
— Nari borsa sobiq efreytorsiz-u, aql oʻrgatganingiz-oʻrgatgan,—dedi Salimjon jahli chiqib. — Oʻz aravangizni torting, nima qilasiz organning ishiga aralashib.
— Men aytdim-qoʻydim. Bosh deb qovoqni ilvolagan boʻlsang, keragini olasan, keraksizi qolaveradi.

Qishloq chetidagi hashar boʻlayotgan xonadonga kirishdi.
— Endi, nachalnik, yosh kelsa ishga, degan eskilar. Birpas qarashvoramiz-a? — dedi Poʻlat aka salom-alikdan soʻng Salimjonga. — Hoy, Sadirvoyning oʻgʻli, eski ustvoshlaringdan bormi? Salim akangga topib ber.
— Bor, bor, topamiz.

Salimjon uy yegasi uzatgan ish kiyimni irganibroq, istar-istamas olib, panaroqqa oʻtib, almashtirib keldi.
— Ikkovimiz sherik boʻlib loy tashimiz, xoʻpmi? — dedi Poʻlat aka chetroqda turgan zambilni ushlarkan. Soyada dam olayatgan oyoqlari loy yigit yugurib keldi.
— Siz qoʻying, otaxon, akamga men sherik boʻlaman.
— Ha, mayli, qani yigitlar! Chaqqon-chaqqon qimirlanglar! Kun yarim boʻlyapti, hali yarminiyam bitirmabsizlar, hoy, Sadirboy, bittagina oʻgʻling bor, shuncha uy turib yana qurilish boshlabsan-a?
— Oʻzbekning ishi shu-da, aka, yo uy qurishi kerak yo toʻy qilishi. Boʻlmasa, puli koʻpayib, hovliqib ketadi-da, qimor oʻynashga tushadi,—dedi devor urayotganlardan biri.
— Ha aytganday, Dolimboy, Qayum polvon qarzini toʻladimi? — soʻradi unga guvalak uzatayotgan yigit.
— Toʻladi, qoyil qoldim!
— Hammasini-ya? Ikki yuz mingni-ya?
— Hammasini! Alkash boʻlsayam soʻzining ustidan chiqadigan yigit ekan.
— Oʻsha kambagʻalni buncha chuv tushirmasalaring. Gardkam? Uyida yegani noni yoʻq. Bolalari qishni yirtiq kalishda chiqarishdi.
— Oʻzidan oʻtdi-da, bizga nima. Puli qolmasayam xiralik qilb turib oldi. Qoʻy aka, tushib qolasan, deganimizga quloq solmadi. Achchiq ustida «Boʻpti! Ot» devordim. «Yo pirim, madad qiling!« deb otuvdi, chamamda, piriyam mast boʻlib ichib olganmi, oshiga chiqqa tushib turibdi-yu!
— Qanday charchab qolmadingmi?— soʻradi Poʻlat aka qaytisharkan.
— E, Salimjon qavogʻi osilib qoʻl siltadi. — Rasvo qildingiz. Charchash ham mayli-yu, melisa vakili shumtirab loy tashib yursa, obroʻyi qoladimi? Bemani qiliqlaringiz bor-da.
— Mehnatning aybi yoʻq,oʻgʻlim. Qaytaga shunda obroʻying oshadi. Odamlar taniydi, hurmat qiladigon boʻladi. Elga aralashib yursang, Qobil qoraqalamga oʻxshaganlarning yetoviga yurib, har bir odamdan shubhalanib qora roʻyxat tuzib yurmaysan. Boya qimorbozlarning gapiga etibor berdingmi?
— Ha.
— Qayumni qattiq tekshirish kerak.
— Hisobga opqoʻydim.
— Ana koʻrdingmi, hasharga kelib ziyon koʻrganing yoʻq. Ehtimol biror jinoyatning uchini topib olarsan shu bahona.
— Koʻramiz.

Yon koʻchadan yugurib chiqqan oʻn olti-oʻn yetti yoshlardagi oʻsmir ularga urilib ketyozdi.
—Toʻxta, bola!—dedi Poʻlat aka uning qoʻlidan tutib.— Nima gap? Buncha hovliqasan?
— E, anavi bolalar uramiz deb quvib kelishyapti, — javob berdi oʻsmir hansirab, uning ortidan chopib kelib, oʻn besh qadamcha narida toʻxtagan oʻzi tengqur uch yigitchaga ishora qilib.
— Shunga qochib yuribsanmi? Obbo sharmanda-ey!
— Ular uch kishi-da, boʻlmasa-yu...
— Hoy, zoʻpidinlar! Qani, bu yoqqa keling-chi! — buyurdiPoʻlat aka zugʻum bilan. Oʻsmirlar hayiqishib,sekin yaqinlashishdi.
— Uch yigit bir kishiga tashlanishga uyalmaysanmi? He jipiriqlar!
— Mahallasiga toʻyga borsak buyam oʻrtoqlari bilan bizni uradi-da,— toʻngʻilladi gavdalirogʻi.
— Menga qara, mehmon bola, agar yakkama-yakka chiqsa, birortasiga kuching yetadimi? — soʻradi Poʻlat aka.
— Obbo joʻjaxoʻroz-ey. Hozir koʻramiz. Qani qaysi biring chiqasan?
— Ey, Poʻlat aka, nima qilyapsiz! — arlashdi Salimjon. — Bularni mushtlashtirmoqchimisiz? Darrov uy-uylaringa tarqalinglar-chi! Joʻna.
— Sen tek turib tur nachalnik, — dedi Poʻlat aka iljayib. — Nega bezrayib qolishding? Yurakliliging bormi oralaringda?

Boya gapirgan bola oldinga chiqdi.
— Hm. Kataroqqa oʻxshaysan-ku, sen xumpar. Ha mayli. Men sudyalik qilaman. Agar yiqilsang ,— Poʻlat aka shu yerlikni nuqidi, — hammang yengilgan hisoblanasan, ikkinchi bu yigitga, qaerda boʻlsayam yaqin yoʻlashmaysan, kelishdikmi?
— Xoʻp.
— Boshlanglar.

Ikki oʻsmir bir-biriga hezlanib, joʻjaxoʻrozlardek aylana boshladilar. Birinchi boʻlib mahalliy bola hujum boshladi. Ammo raqib chap bergani uchun munkib ketdi. Shu zahoti oʻzi gardaniga musht yeb choʻkkalab qoldi. Mehmon bola yepchil, chayirgina ekan, raqibi oʻziga kelguncha boʻlmay yelkasiga tepib yuz tuban yotqizdi.
— Boʻldi, yetarli!— dedi Poʻlat aka oʻrtaga tushib.— Barakalla.

U gʻolibning yelkasiga qoqib qoʻydi. Soʻng uch taqibchiga yuzlandi.
— Senlarni hamqishloqlaring deyishgayam uyalaman! Sharmanda qilidilaring.

Uch birday yigit bitta odamga dam qilishdan oldin boshlaringa roʻmol oʻrab olishgin. Qishloqdan oʻtib ketayotgan yoʻlovchi bolalarni koʻpchilik boʻlib urganlarning ilgariyam eshitgandim-u, ishonmagandim. Ota-onalaring tuppa-tuzuk odamlar-a!

Oʻsmirlar boshlarini yerdan koʻtarolmay ortlariga qaytib ketishdi.

— Bemani ish qildingiz! — dedi Salimjon yoʻlga tushishgach, qizishib.— Qaytarish oʻrniga urishtirib oʻtiribsiz-a! Tagʻin mening oldimda!
— Nima boʻpti? Oʻgʻil bola mushtlashishniyam bilishi kerak. Kichikligidan tengqurlari bilan urishib-talashib pishmasa, qanaqa yigit chiqadi undan? Armiyaga borsayam oʻzini himoya qilomay mishigʻini oqizib keladi.
— Sizga gap topib berish qiyin,—deb qoʻydi Salimjon qoʻl siltab.

* * *

Darvozani kimdir gumburlatib uch-toʻrt mushtladi. Soʻritok ostidagi soʻrichada sochsiz boshiga hoʻl roʻmolcha tashlab, qoʻsh yostiqqa yonboshlab, belbogʻi bilan yelpinib yotgan Poʻlat aka choʻchib tushdi.
— Hozir! — deb qichqirdi zarda bilan.

Tashqaridagi odam eshitmadimi, yana bir ikki mushtladi.
—Hu! Bas qil kim boʻlsang ham!

Poʻlat palkovnik orqasi yirtiq eski kalishni oyogʻiga ilib, yaktagining u yoq-bu yogʻipni toʻgʻrilab, darvozaga yuzlandi. Eshikni zarb bilan ochdi. Nozir Salimjonni koʻrib battar jahli chiqdi.
— Aytuvdim, biror qiligʻi sovuqdir deb. Oʻzlarimi? Ha yenangni qoʻshnogʻarasimi mening darvozam, tinmay daranglatasan?
— Kimsiz? — doʻq bilan soʻradi nozir qovogʻini uyib.
— A? Biron joyda yotib qolib jin-pin chalib ketdimi seni, bolam?
— Fuqoro! Savolga javob bering ! Eshmatovmisiz?
— Yoʻq katta yenangni eriman!
— Maynavozchilikni bas qiling!
— Ha hoʻp Eshmatovman! Xoʻsh?
— Sizga povestka bor.
— Povestka ?
— Ha, mana. Tilxatga qoʻl qoʻying-da, tez oldimga tushing! Soat oʻn birga yetkazib borishim kerak. Tez boʻling!
— Toʻxta,bola Pensioner odamga bekordan-bekor povestka joʻnatadigon enagʻar kim yekan? — dedi Poʻlat aka nozir tutqazgan qogʻozning orqa-oldini aylantirib koʻrarkan. — Koʻzoynaksiz koʻz olmaydi,savil ... Qani oʻzing oʻqi-chi.
— Xoʻp, eshiting. Fuqoro P. Eshmatovga. Siz bugun, yani oltinchi iyun kuni tuman ichki ishlar boʻlimiga yetib kelishingiz kerak. Kechikkan yoki kelishdan boʻyin tovlagan taqdiringizda, tegishli qonunlarga asosan jinoy javobgarlikka tortilasiz. Tuman ichki xizmat boʻlimi boshligʻi Z.Inomov. Tushunarlimi? Qani tez oldimga tushing. Oʻzim oborib tapshira qolay.
— Maynavozchilik qilayotgan boʻlmagin tagʻin, hoʻ bola.
— Fuqoro Eshmatov! Birinchidan, men emasman, tuman ichki ishlar xizmati vakiliman, ikkinchidan, men xizmat vakiliman, ikkinchidan, men xizmat vazifasini bajarayabman senlamang.
— Xoʻp boʻladi. Grajdanin nachalnik!— dedi Poʻlat aka gʻoz qotib.— Ruxsat eting, kiyinib chiqay.
— Toʻyga ketyapsizmi, yasanasiz? Noqonuniy ishlaringiz uchun javob bergani boryapsiz! Tez qimirlang, imillamang!
— Kallang bormi, bolam, axir nachalnikning oldida yirtiq kalishda sorpaychan boramanmi! «Polkovnik» kiyimini almashtirib chiqdi.
— Qoida boʻyicha naruchnik solib olib borishim kerak-ku: endi. Mayli, sobiq hamkasbim boʻlganingiz uchun kishanlamay qoʻya qolay-a? – dedi nozir mamnunligini yashirmay, — lekin qochishga urinsangiz, shartda otib tashlayman.

Odatda har gapga oʻrnida javobni qotiradigon Eshmatov militsiyaga kechagina kelgan bu yigitchaning poʻpisasini eshitmaganlikka olib qoʻya qoldi. Indamay mototsikl aravachasiga oʻtirdi.
— Oʻrtoq nachalnik nimaga chaqirtiydikin, bilmadingizmi, oʻrtoq uchastkavoy? — soʻradi soxta muloyimlik bilan.
— Nimaga boʻlardi, ustingizdan bir dunyo shikoyat tushgan fuqorolardan. Razborga chaqirgan-da.

Daha noziri eski mototsiklni ancha urinib zoʻrgʻa oʻtoldirdi. Boshliq xonasiga avval nozir kirdi. Bir zumdan keyin boʻshashibroq chiqdi-da:
— Kiring, Poʻlat togʻa, boshliq chaqiryabdi, — dedi qabulxonada kutib oʻtirgan hamrohiga.
— Oʻrtoq nachalnik, otstavkadagi yefreytor Eshmatov chaqiringizga binoan keldi! – dedi boshliq oʻrnidan turib, quchoq ochib unga peshvoz kelarkan.— Pensionerman deb uyda yotvolmang-da, unaqa. Chaqirmagunimizcha kelmaysiz ham?

U Poʻlat aka bilan qadrdonlarcha quchoqlashib koʻrishdi, qoʻltiqlab kelib, yumshoq kresloga oʻtqazdi. Choy quyib uzatdi.
— Oʻzingiz povestka joʻnatarsiz, deb odob saqlab oʻtiruvdik-da. Boshliq keyin kirib, eshik yonidagi stulda omonat oʻtirgan nozirga ajablanib, savolomuz boqdi.
— Poʻlat togʻaga jinday hazil qiluvdik povestka yozib, — dedi leytenant qizarib, — Uzr.
— Obbo sizlar-ey. Bunday qilmanglar, — xodimga tanbeh bergan boʻldi boshliq. — Shogirdlaringiz sizga bir oz erkalik qilishibdi–da. Koʻnglingizga olmang, Poʻlat aka, biz sizni juda hurmat qilamiz.
— Rahmat, uka, rahmat, mingga kiring, ilohim general boʻling.
— Sizni taklif qilishdan maqsad, avvalo sizni koʻrgimiz kelib, suhbatingizni sogʻinganmiz. Organda uzoq ishlab xoʻp chiniqqan, koʻpni koʻrgan odamsiz. Ayrim masalalarda sizdek faxriylarimizning tajribalaringiz, maslahat, yordamlaringizga muxtoj boʻlib qolamiz. Malol kelmas-a, aka?
— Yoʻq-yoʻq, bajonidil.
— Juda soz, raxmat, Bilasiz, mana shu yigitni sizning qishlogʻingizga daha noziri qilib yuborganimiz yaqinda. Bizning sohada yangi. Gʻayrati, intilishi yomonmas, lekin tajribasiz.
— Gʻoʻrlikka oʻr, – dedi Poʻlat aka nozirga koʻz qirini tashlab. —Xonasida oʻtirvolib qogʻoz titkilagani-titkilagan, qishloqni kam aylanadi.
— Tanqidingiz oʻrinli, — dedi boshliq.— Salimjonning xatosini toʻgʻri anglabsiz. Albatta, uchyot ishlari ham bekami-koʻst boʻlishi kerak. Bu borada Salimjon akkuratniy xodim, bu yaxshi. Ammo asosiy ishimiz odamlar bilan ishlash, biz doim odamlar orosida boʻlishimiz zarur. Sizni taklif qilishdan murod ham aslida, shu. Salimjonga oʻzingiz murabbiylik qilsangiz. Odamlar bilan ishlashda boy tajriba toʻplangan faxriyimizsiz.
— Albatta, — dedi Poʻlat aka taltayib,— organda yigirma besh yildan ortiq benuqson ishladik. Xudoga shukur. Mana, oʻzingiz achyotni gramata berib pensiyaga chiqardingiz, otangizga raxmat.
— Kam boʻlmang. Salimjonning yoniga kirib qishloqni boshqarishga yordamlashsangiz. Albatta, vaqti–vaqti bilan roʻzgʻor yumushlaridan boʻshaganda. Baholi qudrat maosh ham toʻlashimiz mumkin.
— Oylikning keragi yoʻq, pensiya tirikchilikka yetib turibdi. Yordam beraveraman.
— Juda soz. Oʻrtoq Amurov, — boshliq Salimjonga murojaat qildi.
— Poʻlat aka ancha yil uchastkavoy boʻlib ishlagan. Uchastkasi rayonda eng namunalilardan edi. Xalq unga bekorga «polkovnik» nomini bermagan. Bu kishida juda koʻp narsani oʻrganishingiz mumkin. Uqdingizmi?
— Xuddi shunday, — dedi Salimjon boʻshashibroq. – Ketishga ruxsat eting, oʻrtoq podpolkovnik.
— Ruxsat. Qabulxonada kutib turing, birga ketasizlar. Nozir bilan deyarli teng Poʻlat aka ham qoʻzgʻaldi.
— Yoʻqlaganingiz uchun rahmat, uka, — dedi boshliqning qoʻlini joʻshqin qisib.
— Salomat boʻling.

Boshliq Poʻlat akani qabulxonaga kuzatib chiqib, xayr –xoʻshlashib, ortiga qaytdi.

Qabulxonada qovogʻidan qor yogʻib oʻtirgan Salimjon boshliqning eshigi yopilishi bilan Poʻlat akaga qaramay tashqariga yoʻnaldi.

Ikkovlon bir-biriga qaramay, soʻz qotmay mototsikl yoniga borishdi. Nozir koʻp tixirlik bilan oʻt oladigan ulovini yurgʻizishga unnay ketdi.
— Bu deyman, oʻrtoq leytenant, xuddi katta otangni koʻmib koʻmib kelayotgandek motamsarosan-a? — dedi Poʻlat aka nozirning yelkasiga turtib. — Bunday qovogʻingni och-e, uka yurakni siqvording-ku!
— Nimaga xursand boʻlishim kerak?— toʻngʻilladi Salimjon. — Boshliq sizni sal tiyib qoʻyar desam, boʻynimga osib qoʻya qoldi.
— Endi, jigarim, dod desang ham, faryod desang ham chidaysan, jiloving mening qoʻlimda endi. Eshitding-a, nachalnikning gapini, seni tarbiyalishim kerak.

Salimjon allanima deb toʻngʻilladi, ammo oʻt olgan mototsiklning gurillashidan uqib boʻlmadi.